EZGULIKDAN SO`YLAR
Оценка 4.9

EZGULIKDAN SO`YLAR

Оценка 4.9
docx
21.02.2021
EZGULIKDAN SO`YLAR
EZGULIKDAN SO`YLAR .docx

EZGULIKDAN SO`YLAR “HAYRAT UL - ABROR”

 

O`rmonova Dilfuzaxon Mamasaliyevna

PIIMA tasarrufidagi Andijon shahar

Muhammad Yusuf nomli ijod

maktabining ona tili va adabiyoti fani o’qituvchi

 

Annotatsiya: Ushbu maqolada Alisher Navoiyning tafakkur va tahayyurga chorlovchi, tasavvufiy - irfoniy tushunchalarga limmo-lim “Xamsa”sining birinchi dostoni “Hayrat ul-abror” haqida fikr yuritilgan. Xususan, oltinchi - “Adab haqinda” maqolotida qalamga olingan tavoze’ va hayo, uning inson hayotidagi mavqeyi, hayo va iymon, tavoze’ shartlari va o`rni, shoirning bu mavzularni yoritishga qo`llagan lisoniy birliklar va she’riy san’atlar rang-barangligi e’tirof etilgan.

Kalit so`zlar: tavoze’, takalluf, hayo, iymon, tavoze’ shartlari va o`rni, kamtarlik, karam -sahovat, qanoat, kibr, manmanlik, joh, arjumand, talmeh, tamsil, kitobat.

 

WORDS FROM KINDNESS "HAYRAT UL - ABROR"

Annotation: This article discusses the first epic of "Khamsa" "Hayrat ul-abror" by Alisher Navoi, which is full of mystical and mystical concepts. In particular, in the sixth article "On Adab" humility and modesty, its place in human life, modesty and faith, the conditions and place of humility, the linguistic units and poetic arts used by the poet to cover these topics. diversity is recognized.

Keywords: humility, humility, modesty, faith, conditions and place of humility, humility, generosity, contentment, pride, arrogance, joh, argument, talmeh, fable, book.

 

СЛОВА ОТ ДОБРОСТИ "АЙРАТ УЛ - АБРОР"

Аннотация: В статье рассматривается первая эпопея Алишера Навои «Хамса» «Хайрат уль-аброр», наполненная мистическими и мистическими концепциями. В частности, в шестой статье «Об Адабе» смирение и скромность, его место в человеческой жизни, скромность и вера, условия и место смирения, языковые единицы и поэтические искусства, используемые поэтом для освещения этих тем. .

Ключевые слова: смирение, смирение, скромность, вера, условия и место смирения, смирение, щедрость, удовлетворенность, гордость, высокомерие, ио, аргумент, талме, басня, книга.

 

Ummon tubiga sho`ng`igan g`avvos mo`jizaviy dunyoga duch keladi. Alisher Navoiy asarlarini ham ma’nolar mavj urgan ummonga o`xshatish mumkin. Garchand shoir ijodi asrlar mobaynida she`riyat shaydolari, olim-u fuzalolar tomonidan o`rganilayotgan bo`lsa ham, bizni hayratga soluvchi mo`jizakor sir- sinoatlar, kashf etilmagan qirralari hadsiz, hisobsiz.

Tafakkur va idrokka “g`avg`o “ soluvchi, dunyo charxi kabi tinmay shoshayotgan, nafs va iymon sarhadida sarosar qalblarni bir oz to`xtab, mushohada etishga chorlovchi, tasavvufiy-irfoniy tushunchalarga limo-lim, besh asrdan buyon dunyoni hayratga g`arq etgan, Jomiy ta’rifi bilan aytganda,”yuz xazinadan yaxshi, jodu nafaslilar og`zini muhrlagan, falakdan ofarinlar yog`ilgan, forsiy nazm tuzuvchilarni rom etgan ’’Xamsa’’ning birinchi dostoni “Hayrat ul abror’’dir.

“Xamsa “dostonlari zabardast adabiyotshunoslar Olim Sharaffutdinov,Oybek, Hamid Olimjon,Ye.E. Bertel`s, V. Zohidov, L. Qayumov, P.Shamsiyev, G’Karimov, S. Mutalllibov, A.RustamovS.Erkinov, N.Mallayev, A.Abdug’furov, S.Narzullayeva, B. Valixo’jayev,T. Ahmedov va boshqa olimlar tomonidan har taraflama tadqiq etilgan. Dostonning badiiy tasvir vositalari, lisoniy aspektlar, kompozitsion jihatlari, g`oyasi, asarda tasvirlangan turli- tuman insoniy fazilatlar atroflicha talqin etilgan.

“Hayrat ul – abror” didaktik xarakterga ega. Undagi maqolatlar “ bilki…”,”ey”kabi murojaat shakllarida boshlanadi. Odatda ”bilki”, ”ey“so`zlari ikkinchi shaxs-tinglovchiga qaratiladi . “Ey” undov so’zi,odatda, tinglovchining e’tiborini aytilayotgan fikrga yanada tortish, masala mohiyatiga diqqatni jalb qilish uchun qo`llanadi, pand- nasihat ruhiga mos keladi.

“Hayrat ul – abror”ning bir necha bobida (5- 10) Navoiy inson uchun zarur bo`lgan muhim sifatlar: karam- saxovat, adab, qanoat, vafo, ishq yo’li, rostlik haqida so`z yuritadi . ‘‘Adab haqinda’’ deb nomlangan oltinchi maqolatda adab (odob) uchun asosiy shartlardan biri tavozu’ ekanligi bayon etiladi.

“Tavozu’(arabcha)1 – xoksorlik, tavoze’li bo`lmoq. Axloq ilmida o`zini kamtar tutib, hech kimni obro` va e’tibor yuzasidan o`zidan kam deb deb bilmaslik tushuniladi. Tavozu’ning haqiqati –takabburlik va zaiflikning o`rtasida mutanosiblikni saqlamoqdir. Kibrga berilish qanchalik zararli bo`lsa, oyoqosti bo`lib ketishga yo`l berish, insoniylik sha’ni poymol etilishiga yo`l berish ham shunchalik xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Kimki tavozu’ xazinasi sohibi bo`lsa, unday kishi hamisha ichki farogatda yashaydi va xalq nazarida mahbub bo`ladi”.

Chunki tavozu’g`a xam o`ldi hilol,

Bo`ldi fuzunroq anga har kun kamol.

 

Yangi chiqqan oy-hilol egilib turadi, ya’ni tavoze’da. Mana shunday tavoze’li bo`lgani uchun ham uning kamoli kundan-kun ziyodalashib boradi. Fuzun arabcha so`z bo`lib ziyoda bo`lish,ko`p, ortiq ma’nolarini anglatadi. Hilol kundan kun to`lishib to`lin oyga aylanadi.Tavoze’li insonning elaro obro`- e’tiborining yuksalishi va hilolning to`lin oyga aylanishi tamsil san’atini yuzaga keltirmoqda.

Yog`a tavozu’ sifati berdi dast,

Qadri ila Mus’haf uza topti nishast.

                                

Arab alfavitidagi “yo” harfining yozilishiga e’tibor bersak,ي ning boshi egilib turadi. “Yo” harfi tavoze’ga rioya qildi, shuning uchun yuksak martabaga erishdi. Mus’haf - Qur’oni Karimda yozildi - qadr topdi,deyiladi. Bu baytda shoir kitobat san`ati orqali fikrini yorqin asoslaydi.

 Manbalarga murojaat qilsak, “yo” harfi Mus’hafda 25919 marta ishlatilgan va eng ko`p takrorlangan harflar sirasiga kiradi. Nuktadon shoir bu jihatni ham e’tiborga olgan holda, bu haqiqatni badiiy talqin etadi.

Charx tavozu’ uza to xam durur,

Tobi’yi amri boru olam durur.

 

 Charx-osmon tavoze’bilan boshini xam qilib turadi, shuning uchun olam uning amriga tobedir.Ya’ni gumbaz ko`rinishidagi osmon butun olamni o`z og`ushida ushlab turadi, bo`ysundiradi.

Elga sharaf bo`lmadi joh –u nasab,

Lek sharaf keldi hayo-yu adab.

 

Inson uchun uning nasabi,ya’ni kelib chiqishi yoki “joh”- mansabi sharaf bo`la olmaydi. Inson hayo va odob egasi bo`lsa, bu unga sharaf keltirishi tayin. Hadisi muborakda:” Hayo iymonning bir bo`lagidir” deyilishi bejiz emas. (Imom Muslim rivoyati) Navoiy hazratlarining mashhur shohbaytini yodga olamiz:

Kimki jahon ahlida inson erur,

Bilki nishoni anga iymon erur.

 

Ya’ni insoniylikning birinchi sharti iymon ekan, demak, hayo inson fe`l-atvorining gultoji ekanligi ayni haqiqatdir. Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: ”Hayo va iymon ikkisi egizakdir.Qachon ulardan biri ko`tarilsa, boshqasi ham ko`tariladi ”,-deyilgan .(Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan) . Islomda 77 sho’ba bo’lib, uning bittasi hayodir.

 Darhaqiqat, nasl- nasabi, mansabi yuqori bo`lgan ayrim odamlar hayo va iymonni unutadilar: turli razilliklar, jinoyat va yaramasliklarga qo`l uradi, elaro sharmanda bo`ladilar. Bu kabi holatlarga misollar tarix zarvaraqlarida ham, kundalik hayotimizda ham yetarlicha topiladi. Hayo va odob esa insonni ana shunday tubanliklardan asraydi.

Bo`lmas adabsiz kishilar arjumand,

Past etar ul xaylni charxi baland.

 

Odobsiz kishilar arjumand – el ichida aziz,qadrli,mo`tabar, shu bilan birga,yuqori mavqega, obro`- e’tiborga ega bo`lmaydilar,chunki charx,ya’ni dunyo unday odamlarni o`z o`rniga-pastga tushirib qo`yadi. Odobsiz kishilar boy, go`zal,o`z ishining ustasi bo`lsa ham, insonlar unday kishilarni malomat qiladi, ulardan qochadi. Ushbu baytda past va baland so`zlari tazod san`atini yuzaga keltirish bilan birga mazkur zidlik falsafiy xulosaga asos bo`lib, uni yorqin ifodalashga xizmat qilgan.

Tarki adabdin biri kulgu durur,

Kulgu adab tarkida belgi durur.

 

Odobdan uzoqlashishning biri kulgidir,Kulgi (sababsiz,me`yorsiz) insonning odob doirasidan chiqishga sabab bo`ladi.To`g‘ri, kulgi insonning kayfiyatini ko`taradi,ruhiyatini tetiklashtiradi.Lekin har narsaning me’yori bo`lgani ma`qul.

Qahqahadin kabk navo kelturib,

Boshga ul kulgu balo kelturib.

 

O`rinsiz kulgi kabki, ya’ni kaklikning boshiga balo keltirdi.(Lug`atlarda kabki ba’zi o`rinda kaklik, yana bir o`rinda yovvoyi o`rdak deb beriladi. Qamishzorlarda

 yashaydigan yovvoyi qush, parranda) Kabki baland ovoz bilan sayraganda ovchilarga o’zining qaerdaligini oshkor qilib qo‘yadi. Mana shunday sayrashi qahqahaga- me’yordan ortiq kulishga o‘xshatilyapti. Uning kulgisi (bevaqt sayrashi) boshiga xilma-xil balolar keltiradi,ya’ni ovchining domi-tuzog`iga tushadi.

G`uncha kulib bo`ldi ochilmog` anga,

Etdi ochilmog`da sochilmog` anga.

 

G`uncha kuldi, ya’ni ochildi. Ochildi-yu, gulbarglari sochilib, go`zalligidan ayrildi,qadri tushdi.Mumtoz adabiyotda gul ma’shuqa timsoli ekanligini eslasak,

yor odobsizligi, o`rinsiz kulgisi bilan nafosati va sirliligidan mosuvo bo`ldi.

 

Barqni kulgu yiqibon tog` aro,

Balki qilib yer quyi tuprog` aro.

 

Chaqmoq kuldi, ya’ni osmonda yaltiradi. Yuksak osmonni makon tutgan chaqmoq o`rinsiz kulgisi tufayli tog`lararo quladi, quyi bo`ldi, tuproqqa singidi, xalqimiz ta’biri bilan aytganda, ‘‘yer bilan bitta bo`ldi.’’ Hayotda ba’zan noo`rin hazil qilgan yoki hazilda me’yordan oshganlar ham “yer bilan bitta” bo`ladilar, uyatdan yer chizadilar.Muqaddas kitoblarimizda ham ko`p kulgi qalbning halokatiga- o`lishiga sabab bo`lishi bot-bot ta’kidlangan.

Fikrimizcha, muallif uch toifa: kabki (kaklik), g`uncha, barq(chaqmoq) haqida fikr yuritishi bejiz emas.Bu jamiyatdagi uch toifa, ya’ni turli –tuman insonlardir. Demak, inson kaklikdek so`zamol, go`zal, g‘unchadek suyumli va nafis, chaqmoqdek haybatli bo`lsa ham, ularni bir xususiyat – o`rinsiz kulgi, ya’ni odobning tarki halokatga yetaklaydi.

 Navoiy ‘’Mahbub ul qulub’’(Ko’ngillarning sevgani) asarida ham kulgi mavzusiga e’tibor qaratdi: ’’Katta kishilar yoshlarni masxara va kulgi qilsa, ular qoshida o`zi shunchalar obro`siz va bachkana tuyuladi . Yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qarshisida uyatsiz va e’tiborsiz bo`ladi”.

Demak, inson jamiyatda o`z o`rni va mavqeyiga ega bo`lmoqchi ekan, har ishda me’yoriga amal qilishi zarur. Shu jumladan, tavozu’da ham me’yorga amal qilmoq kerak:

Har kishining tavrig`a loyiq kerak,

Surati holig`a muvofiq kerak.

Garchi adab sharti bag`oyat kerak

Har kishi tavrida rioyat kerak.

 

 Odob- axloq qoidalariga amal qilish qanchalar zarur bo`lsa,uning muayyan shartlariga amal qilmoq ham shunchalik muhimdir.Har kishiga muomala qilganda, uning senga nisbatan yoshi, obro`- mavqeyi, qandayligi e’tiborga olinishi kerak.

 

Sajda gado ollida ermas karam,

Bilki, karamdir anga bermak diram.

 

Muhtoj insonning oldida tavozu’o`rinsizdir. Unga ehson qilmoq (diram bermak) yaxsiroqdur. Muhtoj odamga ham go`zal odob bilan muomala qilish kerak,lekin uning hojati chiqarish foydaliroq, albatta.

 

Tifl uchun qo`pmoq emasdur adab,

Pirlar ul ishni demastur adab.

 

Bola uchun o`rnidan turish ham odob hisoblanmaydi.Ustozlar (pirlar) bunday ishni adabga nisbat bermaydilar.Bu holning sababi keying baytda ochiqlanadi:

 

Ul takabbur bo`lur-u sen yengil,

Bu ikki ish el nega qilay degil.

 

Bolalar (tifl) o`zlariga ko`rsatilayotgan ortiqcha takallufdan takabbur bo`lib qolishlari mumkin. Takabburlik - shaytoniy sifat .Shuning uchun el (odamlar) bu ikki ishni qoralaydilar.

Go`zal xulq- atvor ila muomala qilmoqqa loyiq insonlar kishining ahli ayoli va farzandlaridir:

Gar erur atfol-u iyoling sening,

Budir alarg`a dog`i holing sening.

Ulcha erur tiflg`a shoista ish,

Bilki kichiklikta erur parvarish

 

Bolalarni kickilikda odob-axloqqa o’rgatishda hikmat ko’p.

 

Qatrag`a chun tarbiyat etti sadaf,

El boshig`a chiqqucha topdi sharaf.

 

Ayonki, qum zarralari (qatra) chig`anoqda o’rnashadi. Ma’lum muddat o`tgach (tarbiya topgach), qum zarrasi sadafga aylanadi.Bu jarayon qanch uzoq davom etsa, sadafning qiymati (mavqeyi) shuncha yuqori bo`ladi.Eng go`zal sadaflar el boshiga (balki,podsho-yu beklar tojiga) bezak bo`ladi. Darhaqiqat, xalqimiz asrlar davomida ”Bola aziz,odobi undan aziz” aqidasiga doimo rioya qilib keladi.

Shoir shu o`rinda ota-onaning farzand oldidagi asosiy mas’uliyatlaridan bir nechtasini ta’kidlaydi:

Birisi qoymoqlik erur yaxshi ot -

Kim, desalar yetmagay andin uyot.

 

Farzandga ma’noli, go`zal ismlarni qo`ymoq kerakki, bola ismi tufayli uyalib qolmasin.Chunki ism insonning doimiy hamrohi, el-u yurt, tengdoshlari, yor-birodarlari uni shu ism bilan taniydilar.

 

Ismda ko`p keldi tafovut padid,

Biri Husayn o`ldi, birisi Yazid.

 

Ya’ni ismda tafovutlar ko`p bo`ldi, birining ismi Husayn bo`lsa, boshqa biriniki Yazid. Zukko kitobxon Navoiy talmeh san’atiga murojaat qilganini, baytda Ali roziyallohu anhuning o`g`li Husayn va uning qotili Yazidga ishora borligini tez ilg`aydi.

Bola tarbiyasidagi muhim jihatlardan yana biri ta’lim berish va adab o`rgatish uchun muallim topishdir.

Qilmoq erur biri muallim talab,

Qilg`ali ta’li manga ilm-u adab.

 

Yodingizda bo`lsa, shoir o`z asarlari qahramonlari : Farhod, Qays, Laylilarning saboq olish jarayonlarini maroq bilan mufassal tasvirlagan, chunki komillikka dastlabki qadam aynan muallim huzuridan boshlangay.

 

Itga taallumda chu bo`ldi kamol,

Sayd aning og’zidin o’ldi halol.

 

It ta’lim o`rganib shunday kamol topadiki, hatto og`zida keltirgan ovi halol bo`ladi.

Muallim hayotning barcha jabhalarini qamrab ta’lim berisi kerakki, toki bola halol va harom chegarasini ham aniq idrok etsin.

Bolani tarbiyalashda unga shafqat ko`rsatish, uni taqdirlab borish ham darkor, lekin bu xil ishlar: maqtash, mukofotlash haddidan oshib ketsa, faqat ziyon bo`ladi. Bolaga mehrni ham, jazo berishni ham me’yoridan oshirmaslik yaxshi odob uchun xizmat qiladi:

 

Garchi anga shafqat erur sudmand,

Yetkurur ifroti va lekin gazand.

Mehr ila zajriki tavaqqu’ durur,

Tiflg`a senddin bu tavozu’ durur.

 

Odobning eng muhim shartlaridan biri ota bilan ona ehtiromini bajo qilmoqdir. Bu ikki zotning xizmatlarini bir xil bajarish darkor.Zero, bu xizmatlarni imkon boricha qancha ko`p ado qilsang, shuncha oz. Boshingni ota qoshig`a fido aylab, jismingni ano boshig`a sadqa qilgil. Ikki jahoningga rohat istasang, ushbu ikki zotning rizoligini olgil. Tun-u kuningni yoritmoq uchun birini oy, birini quyosh deb anglagil. So'zlaridan salgina ham chetga chiqmay, nasihatlaridan bir qadam bo'lsin tashqari qadam qo'ymagin.2 Barcha xizmatlaring odob doirasida bo`lsin, qomatingni esa "adab" so'zidagi "dol" harfi kabi tutgil:

 

Bo`lsun adab birla bori xizmating,

Xam qil adab”dol”i kibi qomating.

 

Arab alfavitidagi “dol “harfining yozuvdagi ko`rinishi bukik, egik shakldadir.

Harf shaklining mana shu egiklik belgisi ko`chma ma’no hosil qilishda muhim vosita vazifasini bajaradi.Mumtoz o’zbek she`riyatida ”dol”orqali egik, bukik, notavon qomat tasviri ifodalanadi.Odatda, bunday qomat egalari g’am-tashvishli, dardli insonlar oshiqlardir. Navoiy hazratlari esa ana`naviylikdan yangilik sari qadam qo`ydi: kitobat san’atini yuzaga keltiruvchi ”dol” harfi orqali ota-ona xizmatiga shay turgan, ularga tavoze’ ko`rsatayotgan farzand qiyofasini yaratdi.

 

 Alisher Navoiy o’z asarlarida komil insonni tarannum etar ekan, avvalo, o’zi ham har jabhada purma’no hikmatlariga muvofiq umr kechirdi. ”Hayrat ul-abror”da ustozlar ining yuksak ta’riflarini yakunlar ekan, tavoze’-kamtarlik bilan yozadi:

 

Bo`lsa o`t-suv-u havo dilpazir,

Ul aro tufrog` ham erur noguzir.

Sarv-u gul-u lola xaridori bor,

Lek o`tinning dag`i bozori bor.

 

Ya’ni ustozlari ijodini olamning muhim to`rt unsuri: olov(o`t), suv, havoga,o`zini esa tuproqqa, ularning asarlarini adabiyot gulshanidagi sarv, gul, lolaga,o`z asarlarini o`tinga mengzaydi.

Alisher Navoiy asarlari shunday tuproqki,undan asrlar davomida ezgulik urug`lari: yaxshilik,odamiylik, kamtarlik, tavozu’, elparvarlik, adolat,karam-sahovat,adab, qanoat,vafo, rostlik kabi fazilatlar gurkirab o`sadi.Uning asarlari shunday o`tinki, gurillab yonganda qalblardagi qabohat, razolat, kibr,manmanlik kabi yaramasliklar- chirkinlarni yoqib,qimmatbaho ma’dan-oltinni garddan tozalagandek ko`ngilni soflaydi. Afsonaviy qaqnusdek “Haq va xalq” g`amida yongan, o`rtangan Alisher Navoiy asarlaridan bahra olgan minglab qaqnuschalar-el-u yurt fidoyilari - ezgulik yo`lida qo`llariga qalam tutadilar!

Xulosa qilib aytganda, yoshlarimiznini milliy, ma`naviy qadriyatlarga ehtirom ruhida tarbiyalashda Alisher Navoiy asarlarining o`rni beqiyosdir.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. Alisher Navoiy: qomusiy lug`at 1-2jildlar/ Mas`ul muharrir: Sh. Sirojiddinov.-T.:”Sharq”, 2016 (2-jild.Umumiy 536,m-170… )

2. Alisher Navoiy . Hayrat ul-abror.-T.:G`afur G`ulom,2020(Umumiy-384,m166-178)

3. Alisher Navoiy. Mukammal asarlar to`plami. 20 jildlik.7-jild. -T.: “Fan”,1991 (Umumiy 366,m137-146)

4. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug’ati.4jildlik.-T.:”Fan”,1983-1985 (Umumiy 784,m-603,620…)

 

 

 

 


 

EZGULIKDAN SO`YLAR “HAYRAT UL -

EZGULIKDAN SO`YLAR “HAYRAT UL -

Hayrat ul – abror” didaktik xarakterga ega

Hayrat ul – abror” didaktik xarakterga ega

Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan)

Imom Hokim va Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan)

Yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qarshisida uyatsiz va e’tiborsiz bo`ladi”

Yoshlar ham kattalarga nisbatan hazil va yengiltaklik qilsa, uning qarshisida uyatsiz va e’tiborsiz bo`ladi”

Farzandga ma’noli, go`zal ismlarni qo`ymoq kerakki, bola ismi tufayli uyalib qolmasin

Farzandga ma’noli, go`zal ismlarni qo`ymoq kerakki, bola ismi tufayli uyalib qolmasin

Alisher Navoiy o’z asarlarida komil insonni tarannum etar ekan, avvalo, o’zi ham har jabhada purma’no hikmatlariga muvofiq umr kechirdi

Alisher Navoiy o’z asarlarida komil insonni tarannum etar ekan, avvalo, o’zi ham har jabhada purma’no hikmatlariga muvofiq umr kechirdi
Материалы на данной страницы взяты из открытых истончиков либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.
21.02.2021