Mnemotexnika va uning rivojlanish tarixi
Xasanova O.Q. (FarPI o`qituvchisi)
Xolto`rayev K. (FarPI talabasi)
Mnemotexnika so`zi grekcha „mnémóē“(xotira va eslash) va „téchnē“ (san’at) so`zlaridan olingan bo`lib, xotirani san’at darajasiga ko`tarish ma’nosini beradi. Mnemotexnika tushunchasi greklarning xotira ilohasi Mnemosyne nomidan olingan. Sh.Rahmonov va I.Sattiboyevlar o`zlarining “So`z yodlash sirlari” nomli kitoblarida mnemonikaga “…o`xshashlik va bog`liqlik asosida xotira hajmiga kengaytirish va kerakli ma’lumotlarni eslab qolish uchun ishlab chiqilgan maxsus uslublar to`plamidir. Bunda yangi noma’lum bo`lgan tushunchalar inson ongida allaqachon ma’lum bo`lgan ma’lumotlar bilan bog`lanadi va natijada yangi ma’lumotni eslab qolish osonlashadi.” [1] deb ta’rif beradilar.
Mnemotexnikalar eslash va yodda saqlash uchun yordamchi vositalar hisoblanib, o`rganilayotgan yoki o`rganilgan ma’lumotlarni xotirada uzoq saqlash hamda o`rganilayotgan narsani tezroq yodga tushirishga yordam beradi. Mnemotexnikalar o`rganilishi lozim bo`lgan ma‘lumotlarni xotiramizda mavjud bo`lgan ma’lumotlarimizga assotsatsiya qilish, oddiy so`zlarga aylantirish yoki rasmlar, eslab qolish usullari yordamida tez yodga tushirish texnikasidir.[2]
Xotira san’atining o`ylab topilishi miloddan avvalgi 556-468-yillarga borib taqaladi. Ushbu davrda xotira san’ati haqidagi ma’lumotlar notiq Cicero va lirik shoir Simonides von Keosning qarashlarida paydo bo`ladi. Cicero o`zining mnemonikaga bag`ishlangan asarida bu texnikani joy va rasmlar bilan bog`lab tasvirlaydi. Simonides esa o`z texnikasining asosi sifatida narsalar hamda g`oyalarni unga bog`liq bo`lgan hudud va joylar bilan bog`lash orqali xotirada saqlashni tushuntiradi. Xatto Simonidesning “Loci” metodi bilan bog`laydigan anekdot ham mavjud bo`lib, anekdotda Simonidesning bayramona kechki ovqatga taklif qilingani, lekin bazmning fojiyaviy yakun topgani haqida gap boradi. Bayram kechasi barcha mehmonlarni uy qulab bosib qoladi, ularni ichida faqat Simonidesgagina tirik qolish nasib etadi. Keyinchalik Simonides o`lganlarning o`tirgan joylarini ko`z oldiga keltiradi. Chunki u barchaning qayerda o`tirganini eslab qolgan bo`ladi. Shundan so`ng uning qarashlari natijasida mnemotexnikada „Loci“ metodi yuzaga keladi. „Loci“ so`zi grekcha „lokation“ so`zidan olingan bo`lib, „joylashish“ degan ma’noni bildiradi. Bu xotira san’ati antik davr Rim notiqligiga tegishli bo`lib, chunki bu davrda Rimda notiqlik san’ati juda rivojlangan edi. Notiqlar esa xotiralarini kuchaytirishga muhtoj edilar.[3]
Simonidesdan so`ng mnemotexnikaga murojaat qilgan antik davr olimlari qatoriga Hippias (mil.av. 5 asr) va Aristotel(mil.av. 384-322 yillar)larni misol qilib keltirish mumkin. Rimda notiqlik gullagan davrini bevosita mnemotexnikaning ham gullagan davri deb ko`rsatish mumkin. Mnemotexnika notiqlik san’ati darslari doirasida o`rgatilgan va ko`pincha sud nutqlarida qo`llanilgan. Keyinchalik mnemotexnika unutila borgan.
XII asrga qadar mnemotexnika deyarli unutib yuborilgan edi. Uning qayta yuzaga kelishida noma’lum muallif tomonidan yozilgan “Ad Herennium” nomli asar alohida ahamiyatga ega hisoblanadi. Shu paytdan boshlab mnemonika yana notiqlikning bir qismi sifatida o`qitila boshlandi.
XV asrga kelib esa antik davrdagi mnemotexnika yana rivojlantirila boshlandi. Avvallari asosan “loki” metodidan foydalanilgan bo`lsa, bu davrga kelib uning yoniga assotsatsiyaga asoslangan yordamchi vositalar, hayvon yoki inson tanasidan foydalanish ham boshlandi. Harflar va sonlar bilan ma’lumotlarni bog`lash usullari paydo bo`la boshladi.
XVII asrdan keyin esa mnemotexnikaning mashhurligi yana pasaya boshladi. Faqatgina XX asrning ikkinchi yarmiga kelibgina, yana qayta yuzaga chiqa boshladi. Bu davrga kelib, mnemotexnikaning doirasi yanada kengaydi. Uning imkoniyatlari o`rganish psixologiyasi hamda miya tuzilishini o`rganish borasidagi tadqiqotlar doirasidan o`rin olib, avvalgidan ham qiziqroq darajaga ko`tarila boshlandi. Bugungi kunda esa mnemotexnikadan turli o`rganish jarayonlarida, ko`pincha katta hajmdagi va o`zaro bog`lanmagan ma’lumot va faktlarni eslab qolish uchun qo`llanilmoqda. Ayniqsa ularni chet tillarni o`rganishda yordamchi usul sifatida qo`llash doirasi kengayib bormoqda. “…mnemonika uslubi chet tillarni o`rganayotgan o`quvchilar uchun juda qo`l keladi. Zero, bugungi kunga kelib, o`quvchilarning oldida turgan eng katta muammolar – yangi so`zlarning yod olishning zerikarli ekanligi, katta miqdordagi so`zlarni qisqa muddat ichida yod olishga to`g`ri kelishi va allaqachon yodlangan so`zlarning xotirada uzoq muddat saqlanmasligidir.”[4]
Nemis tilidagi asarlar orasida H.Shperberning „Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb“ asari mashhur bo`lib, bu asarda ham mnemotexnikaning tarixi haqida shunga yaqin fikrlarni bildiradi: Mnemotexnikadan odatda siyosatchilar o`z nutqlarida, aktyorlar uzun monologlarida foydalanganlar. Aristotelning xabar berishicha, notiq va tragediya shoiri Teodektes mnemotexnikadan ko`p foydalangan. O`rta asrlarda Rim imperiyasi ikkiga bo`linib ketganidan keyin, mnemotexnika haqida umuman unutib yuborilgan. VIII asrda yana paydo bo`la boshladi, lekin o`rganish sohasiga kirib kelmadi. XII asrda mnemotexnikaning antik manbalari yana balqib chiqa boshladi. Aristotelning xotira nazariyasi Albertus magnus hamda uning shogirdi Tomas von Aquin tomonidan etik-diniy sohaga moslashtirildi. XV asrga kelib mnemotexnikalarni rasmlar, ta’na a’zolari va alifboni vizuallashtirish orqali qo`llana boshlandi. XVII asrdagi reformatsiyadan keyin yana bir bor yuqori bosqichga ko`tarildi, professorlar tomonidan keng o`rganila boshlandi. Buning sababi Bibliyani yod olishning oson yo`llarini yaratish edi.
Mnemotexnikalar tizimi antik davrdagidan hech qancha farq qilmasdi. XVIII – XIX asrlarda ulardan foydalanuvchilar doirasi juda tor edi. XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab mnemotexnikalar yana eslab qolishning sevimli vositalariga aylana boshladi va xotiraning empirik tadqiqotlarida asosiy prinsip, aniqlik hamda interaksiya sifatida ko`rsatiladi. Bugungi kunga kelib 2500 yoshdan oshdi va uning rivojlanishiga qaramasdan asosiy prinsiplari o`zgarmadi. Bugungi kunda mnemotexnikalarning qo`llanilishi tushunchani kodlashga aloqador bo`lib, o`rganilayotgan ma’lumot haqida yaxshiroq tasavvur qilishga olib keladi. Bu texnikani ayniqsa chet tilini o`rganish jarayoni ko`p yodlashni talab qiladigan hollarda taklif qilinadi.
Mnemotexnikani yoritishdagi asosiy tushuncha xotira hisoblanadi. Nemis tadqiqotchisi H.Shperber mnemotexnika borasidagi turli nazariyalarni keltirib o`tadi.[5] U Platondan tortib Jon Lokke singari zamonaviy xotira tadqiqotchilariga bo`lgan olimlarning fikrini o`rganib chiqadi. Uning qayd etishicha, Jon Lokke xotirani “bizning g`oyalarimizni saqlovchisi” deb ta’riflaydi.
Bugungi kunda nemis tadqiqotchilari Shiffrin und Atkinsonlarning tadqiqotlari o`quv jarayonini tushunishda mnemotexnikaning katta ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlanadi. Ularning tadqiqotida xotiraning 3 turi haqida so`z boradi: ultra qisqa xotira, qisqa xotira hamda uzoq muddatli xotira.
Mnemotexnika yordamida o`rganilganda ikkala miya yarimshari ham faollashadi, chunki konkret va abstrakt (verbal) ma’lumotlar mnemonik “rasmlar”ga bog`langan bo`ladi. Shunga ko`ra assotsatsiyalar yuzaga keladi. Ularning yordamida avval saqlangan ma’lumotga tez murojaat qilish imkoniyati yuzaga keladi. Bunday assotsatsiyalarni yaratishning turli usullari mavjud.[6]
H.Shperberning yozishicha, “…ma’lumotlarni muvaffaqiyatli kodlash, bog`lash va qayta chaqirish uchun turli hal qiluvchi xususiyatlar mavjud. Bular avvalambor konkretlilik, o`zaro bog`liqlik, jonlilik, g`alatilik, rang, xissiyot, muallif tomonidan yaratilgan va avvaldan mavjud bo`lgan assotsatsiyalar, vizuallashtirish hamda verballashtirish hisoblanadi.”[7]
Mnemotexnikaning chet tilini o`rgatish jarayoniga kirib kelishi natijasida, cheksiz ma’lumotlarni eslab qolish bir qancha osonlashdi. Til o`rganish jarayonining samarasi oshdi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. Sperber, Horst G. (1989): Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb – mit Schwerpunkt „Deutsch als Fremdsprache“. München: Iudicium Verlag.
2. Jung, Lothar (2001): 99 Stichwörter zum Unterricht. Deutsch als Fremdsprache, Ismaning: Hueber.
Скачано с www.znanio.ru
[1] Sh.Rahmonov,I.Sattiboyev. So`z yodlash sirlari. Istiqlol nuri. T.: 2015. 9-bet
[2] Mnemotechnik[online], c 2018, abgerufen am 3. 10. 2018 unter: http://de.wikipedia.org/wiki/Mnemotechnik>
[3] YATES, Frances A. Gedächtnis und erinnern: Mnemonik von Aristoteles bis Shakespeare, Edition: 6, Akademie Verlag, 1999,405 S., ISBN 3050035307. S. 11-14
[4] Sh.Rahmonov,I.Sattiboyev. So`z yodlash sirlari. Istiqlol nuri. T.: 2015. 12-bet
[5] Sperber, Horst G. (1989): Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb – mit Schwerpunkt „Deutsch als Fremdsprache“. München: Iudicium Verlag. S. 59-61
[6] Jung, Lothar (2001): 99 Stichwörter zum Unterricht. Deutsch als Fremdsprache, Ismaning: Hueber. Unter: http://www.hueber.de/wiki-99-stichwoerter/index.php/Mnemotechniken (Stand: 13.10.2014)
[7] Sperber, Horst G. (1989): Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb – mit Schwerpunkt „Deutsch als Fremdsprache“. München: Iudicium Verlag. S.73-86
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.