Said Ahmadning “Ufq” romanini yoshlar hayotida tutgan o’rni
Annotatsiya: Ushbu maqolada o`sib kelayotgan yosh kelajak avlodni insonparvar, vatanni ulug`lash, uni asrash, ardoqlash, himoya qilishga undaguvchi vatanparvar shaxs sifatida kamol topishida, ota-ona oldidagi farzandlik burchining har vaqt, hamma yerda sharaf bilan bajarish, farzand katta yo kichik yoshda bo`lishidan qat`I nazar, ota-onasining hurmatini, hizmatini qilish, ular bergan oq sutni halollamoq, oilasiga, ota-onasiga, tug`ilib o`sgan, kindik qoni to`kilgam makon ya`ni Vataniga sadoqat ruhida tarbiyalash xususida munozarali qarashlar bayon qilingan.
Kalit so`zlar: Ikkinchi jahon urushi, fron va front orti, Vatan, Ikromjon, Jannat xola, Tursunboy, oriyat, isnod, or-nomus, orzu-umid, tarbiya.
Ona!Naqadar buyuk zot. Faqat uning farzand uchun kechalari bedor o`tkazgan, farzand kamoli uchun yelib yugurgan, oilasining tinch yashashi uchun har ishga tayyor, atrofdagilarga beminnat mehr bergan betakror zot. Ona! Bu so`z zamirida olam-olam ma`no mujassam. Uni qanchalar ta`rif qilsang, qalbing shunchalar yayraydi. Ne-ne shoirlar, yozuvchilar madhini kuylab she`rlar yozgan, qo`liga qalam tutgan shoir yoki adib borki, bu ulug` zotni vasf etgan. Negaki, ona murg`ak go`dakni, tol beshikka tayanib, tunlarini bedor o`tkazib, ming bir mashaqqat bilan o`stiradi, bor mehrini berib tarbiya qiladi. farzandi vujudiga kirgan tikan ona qalbiga og`riq beradi. Jigarbandi nogoh qoqilsa, ko`ngli qalqib ketadi. Qismat taqozasi bilan bolasi uzoqroqda yashasa, ko`zlari yo`lda, qo`llari duoda bo`ladi:Ollohim nuridiydamni o`zing panohingda asra !Farzandimning iqbolini baland qil! Ona oldidagi qarzdorlik tuyg`usi uni munosib darajada qadrlashga, e`zozlashga undaydi. Ijod ahlida esa, bu tuyg`u yuz chandon ziyodroq bo`lishi tabiiy.
O`zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmadning “Ufq” asarida buni yorqin ko`rishimiz mumkin. Said Ahmad “Ufq “ romanida xalqimiz hayotining kichik, biroq mazmun-mohiyati jihatdan juda dolzarb davr aks ettirilgan. Chunki xalqimiz urush arafasidagi, Ikkinchi jahon urushi va undan keying yillarda mislsiz fidoyilik, qahramonliklar ko`rsatdi. Uzunligi 270 km bo`lgan Katta Farg`ona kanalini qo`l kuchi bilan 45 kunda qazib bitkazilishi, to`qayzorlarni o`zlashtirish, cho`llashtirish ishlari kabilar misli ko`rilmagan jasorat. Urush yillarida xalqimizning front va front ortidagi og`ir mehnati, urushdan keying tiklanish davridagi chekkan zahmatlarining har bir kuni jasorat edi.
Bu ulkan ishlarning ortida qo`li qadoq jonli odamlar, ularning mashaqqatli hayoti, orzu-armonlari bor edi. Said Ahmad xuddi shu fidoiy insonlar hayotini, kechinmalarini qalamga olgan, romanning “Hijron kunlarida” kitobida berilgan “Qochoq”deb nomlangan parcha kitobxon uchun juda ta`sirli, og`ir, aniqrog`I uni o`qish kerak emas, balki his qilib uqish darkor. Aynan ushbu parchani 8-sinf darsligida berilishi maqsadga muofiq, o`sib kelayotgan yosh kelajak avlodni insonparvar, vatanni ulug`lash, uni asrash, ardoqlash, himoya qilishga undaguvchi vatanparvar shaxs sifatida kamol topishida turtki bo`ladi. Bundan tashqari yana bir ibratli tomoni shundaki, ota-ona oldidagi farzandlik burchining har vaqt, hamma yerda sharf bilan bajarish, farzand katta yo kichik yoshda bo`lishidan qat`I nazar, ota-onasining hurmatini, hizmatini qilish, ular bergan oq sutni halollamoq haqida ham yuksak tuyg`ular bayon etilgan.
Ikromjon va Jannat xola Ollohdan tilab olgan yagona farzandi Tursunboyni ne-ne umid, ne-ne intizorlik bilan dunyoga kelturguncha , ne-ne mehnat, ne-ne mashaqqat bilan uni voyaga yetkazib, xalq xizmatiga topshirguncha ota-ona yuzlariga ajin, sochlariga oq tushadi.
Urush qahramoni Ikromjon Usmonov baxtiyor, yor- birodarlari oldida yuzi yorug` bo`ldi, Vatan uchun qilgan xizmatlari oliy mukofot bilan taqdirlandi. frontdan bir oyog`idan ajrab, qaytib keladi, ortidan unga berib ulgirilmagan ordeni tantanali topshirildi. Ayni paytda aytilgan qandaydir yaramas qochoq bola to`g`risidagi gapga parvo qilmadi. Qochoq bola yakkayu yagona farzandi, ko`zini oqu qarosi bo`lgan jigarbandi Tursunboy ekanligini bilganda esa Ikromjondan baxtsiz odam yo`q edi, qishloqda qanday bosh ko`tarib yurishlikni, ordeh taqishga haqqi yo`qligini, odamlar yuziga qanday qarashlikni, xotiniga nima deyishlikni…, badbaxt, nobakor, xoin, qochoq bolasi shu topda oldida bo`lsaydi, uni tilka-tilka qilib, bo`g`ib o`ldirishlikni jahl bilan o`ylardi. Ikromjon farzandidan voz kechgan, o`zini befarzand insonman deya ovuntirar , o`g`lining isnodiga chiday olmas edi, ta`lim-tarbiyadami qayerda adashganini o`ylar, ammo o`yining oxiri yo`q. Jannat xola ham yakka-yu yagona o`g`lini Vatan himoyasiga jo`natganidan xursand edi. ”O`g`limiz jang qilib, xalqimizni ozod, yurtimizni obod qiladi’deb orzulagan edi. Ammo, ammo… Ota –ona orzusi havodek uchib ketdi. Orzulari og`zida qoldi. Tursunboy urush qiyinchiliklariga dosh berolmay qochib ketdi, so`ngra qishloq chetidagi to`qayzorlarda berkinib yotdi. Buni mushtipar onadan boshqa hech kim bilmas edi. Bechora ona! Har kuni o`y-xayoli, hayoti to`qayzorda bo`lib qoldi. Otasidan yashirib ovqat tashir, boshqalar bilib qolishidan juda qo`rqar edi. Vijdon azobidan qiynalgan Jannat xola xastalanib, yotib qoldi. Xasta xolida ham o`g`lidan habar olishni to`xtatmas edi, o`g`liga sog`ligi yomonligini aytsa u beparvo edi, qo`lidan ovqatni olib hayvonlarcha yeyar edi. Tursunboy faqat ozini, qornini o`ylardi. To`qayzorlar orasida Tursunboy... mahalla-ko`y, qarindosh-urug` tobut ko`tarib borar, tobut boshida esa boshi egik ota shunda yuragi sezib turibdi tobut ichidagi mushfiqqina onasi Jannat xola edi. Qochoqni yuragini g`am-alam bosdi, chunki shunda u “Endi menga ovqat olib keladi”deya alam chekdi. O`shanda hamu o`zini o`yladi, onaizorga ozgina bo`lsa ham achinmadi. Nahotki, onasini so`nggi tuproqqa qo`yishga yaramasa, axir u farzandku, odam bolasiku! Yo`q, yo`q u odam bolasi emas, odam bolasi deya olmayman. Tursunboyni jonsiz, yuraksiz, vijdonsiz, zabonsiz, dilsiz, o`zidan badbo`y xid taratib, atrofdagilarni dilini, ko`nglini behuzur qilayotgan ko`lga o`xshataman.
Mana shunday dorilomon zamonda, serquyosh o`lkada, mustaqil yurtda yashashimiz uchun yurt ozodligini barcha narsadan ustun bilgan xalqning asl farzandlari kurash olib bordi. Achchiq alamlar bilan faryod chekkan onajonlarning ko`zyoshlari uchun va buyuk ajdodlarimizning pok ruhlari uchun ham Vatanimiz mustaqilligini ko`z qorachig`imizdek asrashimiz kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. S. Ahmad “Ufq”. T. Sharq nashriyoti. 2006
2. O`zbek adabiyoti. 8-sinf uchun darslik- majmua. T 2019
3. A. Navoiy. “Mahbub ul-qulub”. T. Sano nashriyoti 2018
4. I. A. Karimov “Yuksak ma`naviyat yengilmas kuch” Toshkent. Ma`naviyat. 2008
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.