NEMIS TILINI CHET TILI SIFATIDA O`RGATISHDA QO`LLANILADIGAN MNEMOTEXNIKANING TURLARI
Mnemotexnikalar chet tilini egallashda yaxshi natijalarga olib keluvchi yordamchi vosita hisoblanadi. Mnemotexnikani til o`rganishning barcha qismiga tadbiq etib bo`lmasada, uning so`z boyligii oshirishdagi va grammatikani o`rganishdagi ahamiyati diqqatga sazovardir. Quyida nemis tilini o`rganishda qanday mnemotexnikalardan foydalanish mumkinligi haqida to`xtalib o`tiladi.
Mnemotexnikalarni yaratish uchun yettita mental omillar talab etiladi: fantaziya, hissiyot, mantiq, assotsatsiya, joylashish, transformatsiya va vizuallashitirish. Bu omillar yangi ma’lumotlarni yaxshiroq o`rganishga yordam beradi. Bu mental omillarni qo`llash natijasida an’anaviy darslarimiz samaraliroq va til o`rganuvchilarda ko`proq qoniqish hosil qiladigan darslarga aylanadi. Bundan tashqari xotirani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Mnemotexnikaning avvallari faqat „loki“ texnikasidan foydalanilgan. Chet tilini o`rganishning bugungi kunida esa mnemotexnikalarning turlari kengaya boshladi. Quyida ularning har bir turiga alohida ta’rif berib o`tiladi:
Loki texnikasi
Bu mnemotexnika eng qadimgi texnika hisoblanib, Simonides davridayoq qo`llanilgan. Loki texnikasi tushunchasi lotinchadan olingan bo`lib, „locus“ so`zi “joy” yoki “o`rin” degan ma’noni bildiradi.
Bu texnika tushunchalarni ma’lum joylarga bog`lashga asoslanadi va u orqali ularning ketma-ketligini eslab qolish osonlashadi.
Bu texnikadan foydalanayotgan odam o`ziga tanish bo`lgan joyning tartibidan foydalanishi lozim. Bu masalan maktabga borish yo`li, biron xona yoki inson tanasi ham bo`lishi mumkin. Bu joylarga o`rganilayotgan tushuncha assotsatsiya qilinishi lozim. Agar keyinchalik tushunchaga murojaat qilish kerak bo`lsa, o`sha ma’lum joy haqida eslanadi. [1] “…eslab qolishingiz uchun kerak bo`lgan tartibda, o`zingizga ma’lum makonlarni (joylarni) tanlab chiqing, ularni hammasini yaxshilab o`rganing, uni o`rni-o`rni bilan yaxshilab eslab qolishingiz kerak. Tanlangan makon sizga juda yaxshi tanish bo`lishi maqsadga muvofiqdir.”[2] Zero, o`zimizga tanish bo`lmagan joyni tanlash ma’lumotlar tartibini ham eslab qolmaslikka olib kelishi tabiiy holdir.
Yodda saqlash uchun versiyalar
Bu mashhur mnemotexnika nemis tilida ko`pincha “Eselsbrücke” deb ham nomlanadi. Ularning yaratilishida qofiya hamda ritm asosiy omil hisoblanadi. Yodda saqlash uchun yaratilgan versiya akustik jihatdan qulay bo`lishi, uning tez yodga tushishida katta rol o`ynaydi. Bunday versiyalar bugungi kunda nemis tilini chet tili sifatida o`rganishda juda ko`p qo`llaniladi. Masalan “aduso” der Satz bleibt so! (tarjimasi: “aduso” gap o`zgarmasdan qoladi) yodda saqlash versiyasi aber, denn, und, sondern, oder bog`lovchilaridan keyin so`z tartibining o`zgarmasligini eslab qolish uchun xizmat qiladi. Ular so`z tartibiga ta’sir qilmaydigan bog`lovchilar hisoblanadi. Nemis tilida so`z tartibiga ta’sir qiluvchi va so`z tartibiga ta’sir qilmaydigan bog`lovchilar mavjud bo`lib, til o`rganuvchilar tomonidan ko`pincha aralashtirib yuboriladi. -chen und -lein machen alles klein (tarjimasi: -chen va –lein barcha narsalarni kichraytirar) yodda saqlash versiyasi esa bu qo`shimchalar yordamida kichraytirish so`zlarini yasalishini eslab qolish uchun yaratilgan. Bunday versiyalarni nafaqat chet tilida balki boshqa fanlarda ham qo`llash mumkin.[3]
Tanib olish so`zlari texnikasi
Bu mnemotexnika harflarga, sonlarga va fonetik yoki vizual o`xshashlikka asoslanadi. Nemis tilida „Schlüsselwortmethode“ nomi bilan mashhur, ya’ni „kalit so`z metodi“. Bu metodda chet tilidagi so`z til o`rganayotgan odamning tilidagi o`xshash qilib tartiblanadi. O`z vaqtida bu kalit so`zga mos assotsatsiya qilingan tasvir ham berilib, u so`zning tarjimasiga qaratilgan bo`ladi. Uning eng muhim tomoni chet tilidagi so`zning kalit so`z bilan akustik tomondan mos bo`lishi kerak, ayniqsa uning til o`rganuvchini o`zi tomonidan yaratilishi yodda saqlash uchun yanada kuchli vosita bo`lib xizmat qiladi.
Bu metodning samaradorligi o`rganilayotgan tilning til o`rganuvchining tili bilan o`xshash bo`lganida yanada yuqori bo`ladi. Masalan ingliz tilidagi „duck“ so`zi nemis tilidagi „Dach“ so`ziga bog`lanishi va tom ustida turgan o`rdak tasviri yordamida eslab qolinishi mumkin. Ingliz tilida bu borada bir qator amaliy ishlarni uchratishimiz mumkin.[4] A.Azamov o`zining yangi assotsatsiyali lug`atida ingliz tiligi 5000 ta so`zga xuddi shunday kalit so`zlar tuzib, ularni bir oy ichida o`rganish mumkin degan fikrni bildiradi. Lekin bu kitobda rasmli tasvirdan foydalanilmagan. Xususan ushbu lug`atda „read“ (o`qimoq) fe’liga Rim so`zi kalit so`z sifatida tanlanadi. Uni eslab qolish uchun “Rimda hammaning kitob o`qib o`tirganini tassavvur qilish” taklif etiladi.
Hikoya tuzish texnikasi
Bu mnemotexnika ko`pgina so`zlarni bir o`ylab topilgan hikoya orqali tasavvurda saqlashga xizmat qiladi[5]. Bu hikoyaning tarkibida barcha yod olinayotgan so`zlar ishtirok etadi. Masalan nemis tilidagi otlarni yod olish qolgan tillardagidan, xususan o`zbek tilidagi otlardan rod tushunchasi sababli farq qilishi barcha nemis tili o`rganuvchilariga ma’lum. Nemis tilida hikoya tuzish jarayonida faqat bir rodga mansub bo`lgan otlardan foydalanilsa, keyinchalik hikoyadagi barcha otlarning rodini ikkilanishsiz topish mumkin bo`ladi. Bu usulni turli grammatik mavzularga bog`lab ham yaxshi natijalarga erishish mumkin. Masalan nemis tilida Perfekt zamoni haben/sein yordamchi fe’llari va fe’lning Partizip II (sifatdosh II) shaklidan yasaladi. Gaplarning haben yoki sein fe’li bilan yasalishi fe’lning o`timli yoki o`timsiz fe’l ekanligiga bog`liq. Lekin ko`p til o`rganuvchilar ularning qaysi birini tanlash borasida ikkilanib qolishadi. Haben yoki sein yordamchi fe’li bilan qo`llaniladigan fe’llarni yodlash biroz murakkabroq yoki til o`rganuvchilar tomonidan tez unutib qo`yiladi. Bu muammoni ham hikoya tuzish texnikasi orqali hal qilish mumkin. Masalan birinchi tuzilgan hikoyada faqat haben yordamchi fe’li bilan qo`llaniladigan, ikkinchi hikoyada faqat sein yordamchi fe’li bilan qo`llaniladigan fe’llardan foydalanish bu texnikaning asosiy talabi hisoblanadi. Masalan quyidagi fe’llar nemis tilida sein yordamchi fe’li bilan qo`llaniladi:
gehen – ist gegangen wachsen – ist gewachsen
kommen – ist gekommen sterben – ist gestorben
ankommen – ist angekommen aufwachen – ist aufgewacht
fahren – ist gefahren schwimmen – ist geschwommen
sein – ist gewesen laufen – ist gelaufen
bleiben – ist geblieben werden – ist geworden
Bu fe’llar yordamida tuzilgan quyidagicha hikoyani o`qishimiz mumkin.
Es war einmal in einem fernen Land ein König und eine Königin, die waren sehr verliebt. Eines Tages des Frühlings ist der König auf die Jagd gegangen, die Königin ist im Schloss geblieben. Da ist ein großes Gewitter mit viel Regen und Hagel gekommen und das Pferd vom König ist leider gestorben. Überall war Wasser, der kleine Fluss ist mit dem Regen gewachsen und ein großer Fluss geworden. Der arme König ist durch den Fluss geschwommen, dann durch den Wald gelaufen und danach mit einer Pferdekutsche gefahren. Am Ende ist er im Schloss angekommen, und er ist sehr müde gewesen, aber am nächsten Morgen ist er neben seiner schönen Königin aufgewacht.
Bu texnikadan til o`rganuvchilarni yozish ko`nikmlalarini shakllantirish uchun foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Lekin bu texnikadan til o`rganishning boshlang`ich bsqichida foydalanib bo`lmaydi. Sababi ularda hali uzun matnlar tuish uchun yetarli darajada so`z boyligi mavjud bo`lmaydi. Yuqoridagi o`xshash hikoyalar tuzilganda, dars uchun tuziladigan boshqa mashqlar ham qaysidir ma’noda shu hikoyalarni to`ldiruvchi mashqlarni o`ylab topish talab etiladi. Masalan hikoyani qayta aytib berish, bo`shliqlarni to`ldirish, hikoyani rasmda tasvirlash.
Akronim
Akronimlar ham til o`rganuvchilar orasida sevimli bo`lgan usul hisoblanadi. Ularning yasalishidagi asosiy holat o`rganilayotgan so`zlarning birinchi harflaridan yangi so`z yasagan holda ma’lumotlarni eslab qolishdan iborat. Masalan quyidagi BELAK akronimi yordamida nemis tilidagi daraxtlarni nomlarini tez yodga tushirish mumkin: Buche, Eiche, Linde, Ahorn, Kastanie. Nemis tilidagi ko`makchilarni esda saqlashda ham akronimlar samarali vosita sifatida xizmat qiladi. Masalan haanivüzu akronimi Dativ va Akkusativ kelishigida qo`llaniladigan ko`makchilarni bildiradi, ya’ni hinter, auf, an, neben, in, vor, über, zwischen, unter ko`makchilari.
Assotsatsiyali bog`lash texnikasi
Bu texnikada har bir tushunchaga mos tasvirni yaratish kifoya qiladi. So`ngra bu tasvir xotiramizdagi boshqa tushunchaga assotsatsiya qilinadi. Bu texnika yordamida bir qator tushunchalarni osonroq eslab qolish va ulardan keyinchalik oson foydalanish mumkin.
Bu texnika antik dardagi mnemotexnikadan ma’lum joyga bog`lanmagani bilan farq qiladi. Ammo barcha tushunchalar bir-biriga o`zaro bog`lanadi. Masalan tish cho`tkasi, gul, rakvina, televizor va bulut so`zlari quyidagicha assotsatsiya qilinishi mumkin: [6]
Rasm № 1.
Mind Mapping
Mind Mapping eng yangi mnemotexnikalardan hisoblanib, bu tushuncha fanga Buzan tomonidan kiritilgan. Uning yaratilishidan asosiy maqsad aslida ma’lumotlarni tayyorlashni yaxshilashga yordam beruvchi vosita yaratish edi.
Mind Mappni yaratishda o`rtada bir mavzu yoki asosiy so`z turishi kerak bo`ladi. Bu o`rtadagi mavzu yoki so`zdan shoxlar tarqaydi va u shoxlarga mavzuni yorituvchi kalit so`zlar yoziladi. Bu tasvir ranglar, simvollar yoki rasmlar orqali ham yuzaga chiqishi mumkin. Ba’zi shoxlar ochiq qoldirilishi va keyinchalik unga bog`langan tushunchalar to`ldirilishi ham mumkin. Mind Mapp yaratish natijasida o`rgimchak to`riga o`xshash tasvir paydo bo`ladi va o`rganish jarayoni ko`rgazmalilik kasb etadi.
Nemis tili chet tili sifatida o`rgatiladigan darslarda Mind Mapp grammatik mavzuni yoki biron mavzuga oid bo`lgan so`zlarni eslab qolishda yaxshi samara berishi mumkin.[7]
Rasm № 2.
Vizuallashtirish prinsipi ham aynan Mind Mapp va assotsatsiyali bog`- lashda qo`llaniladi. Vizuallashtirish texnikasidan qolgan mnemotexnik vositalarni o`rniga ham foydalanish mumkin. Ularning barchasi til o`rganuvchilarning so`z boyligini oshirishga xizmat qiladi.
Guruhlashtirish
Mantiqli va tizimli guruhlashtirish ham til o`rganish jarayonining samaradorligini oshiruvchi omillardan biri hisoblanadi. Masalan so`zlar so`z turkumiga qarab (ot, sifat, so, fe’l, olmosh va ravish), mavzuga qarab, o`xshashligiga (masalan sinonimlar), qarama-qarshiligiga (antonimlar) qarab guruhlarga ajratilishi mumkin.
Vizuallashtirish
Mnemotexnikalarning ichida eng keng tarqalgani vizuallashtirish bo`lib, u asosan chet tili darslarida yangi so`zlarni o`rganish uchun qo`llaniladi. Lekin grammatik mavzularni vizuallashtirish ham ancha yaxshi samara beradi. Nemis tilida “Das Bild sagt mehr als 1000 Wörter!”[8] (tarjimasi: Rasm mingta so`zdan ko`ra ko`proq narsani aytadi.) degan jumla aynan vizuallashtirshning mazmun-mohiyatini ochib beradi. O`zbeklarda ham “Ming marta eshitgandan bir marta ko`rgan yaxshi“ degan maqolni qo`llanilishi bejiz emas. Yuqorida keltirilgan jumla va maqolning mazmuni shundan iboratki, tasvir inson miyasida verbal ma’lumotga qaraganda uzoqroq saqlanadi va uning qayta yodga tushishi juda oson hisoblanadi. Barcha nemis tilini chet tili sifatida o`rgatishga qaratilgan darsliklarda vizuallashtirish juda muhim rol o`ynaydi. Ular til o`rganish jarayoni faol kechishini ta’minlaydi. Ammo albatta rasmlarni to`g`ri tushunish kerak bo`ladi. Mnemotexnikalar tarixida rasmlardan uzoq davrlardan buyon foydalanib kelinadi. Vizuallashtirish texnikasidan foydalanishda til o`rgatuvchidan ham, til o`rganuvchidan kuchli fantaziyaga, tasavvurga ega bo`lish talab etiladi. Inson o`rganayotgan narsasini qanchalik yaxshi tasavvur qilsa, shunchalik yaxshi eslab qoladi. Vizuallashtirish nafaqat vizualist til o`rganuvchilarga, balki qolgan tip vakillariga ham birdek yordam berishi mumkin. Vizuallashtirish tasvirlar, grafikalar, diagrammalar, jadvallar va rangli qalamlar yordamida belgilash yordamida ham yuzaga chiqarilishi mumkin.
Vizuallashtirish murakkab bo`lmay, sodda va qiziqarli bo`lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Chunki til o`rganuvchilarning, umuman insonlarning diqqatini uzoq muddat ushlab turish qiyin masala hisoblanadi. Agar biron ma’lumotni vizuallashtirish kerak bo`lsa quyidagilarga alohida e’tibor qaratish kerak bo`ladi.
- vizuallashtirishda maksimal uch xil rangdan foydalanish;
- aloqadorlikni unga mos rang va shakl bilan bog`lash (masalan mujskoy rodga mansub so`zlar uchun ko`k, jenskiy roddagi so`zlar uchun qizil rangdagi ruchka yoki qalamdan foydalanish kabi);
- asosiy ma’lumotlarga alohida urg`u berish;
- a’lo darajadagi tasvirlardan foydalanmaslik;
- tasvirlarning noodatiy bo`lishi;
- qisqartmalardan foydlanmaslik va boshqalar.
Vizuallashtirshning yana bir muhim tomini tasavvur bo`lib, masalan “kochen” so`zini eslab qolish uchun, oshxonada ovqat tayyorlayotganingizni tasavvur qilish lozim bo`ladi. So`zni lug`at daftarga yozish jarayonida unga mos rasmni chizib ketish ham yaxshi samara beradi.
So`zlarni ostiga rangli qalam yoki ruchka, markerlar orqali chizib ketish ham vizuallashtirishning bir turi hisoblanadi. Masalan matnni o`rganish jarayonida notanish so`zlarni alohida rangda belgilab ketish, keying safar faqat shu so`zlarning o`zi bilangina ishlash o`rganish jarayonini tezlashtiradi. Til o`rganuvchilarda odatda qizil, ko`k, qora va yashil rangdagi ruchkalar bo`lishi mumkin. Shuni e’tiborga olgan holda, dars jarayonida ham shu ranglarga urg`u berish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Masalan Dativ ko`makchilari faqat ko`k rangli ruchkada yozish, Akkusativ ko`makchilarini qizil rangli ruchkada yozish singari.
Til o`rganuvchilar ma’lumotlarni turli sezgi organlari yoki his qilish kanallari orqali qabul qiladi: ko`zlar, quloqlar, hid, maza va faoliyat. Ularning barchasi o`zining alohida samaradorligiga ega bo`lib, uni quyidagi tasvirda yanada yaqqolroq ko`rishimiz mumkin:[9]
Rasm № 3.
Mnemotexnikalarning nemis tilini chet tili sifatida o`rganish darslariga olib kirilishi nafaqat dars jarayonining qiziqarli kechishini, balki til o`rganish jarayonining samaradorligiga ham yaxshi ta’sir o`tkazadi.
Скачано с www.znanio.ru
[1] METZIG, Werner, SCHUSTER, Martin, Lernen zu lernen: Lernstrategien wirkungsvoll einsetzen, Veröffentlicht von Springer, 2005. ISBN 3540260307 S. 56-59
[2] Sh.Rahmonov,I.Sattiboyev. So`z yodlash sirlari. Istiqlol nuri. T.: 2015. 17 – bet.
[3] Merkspruch[online].c 1999-2008, abgerufen am 2. 4. 2019 unter: <http://www.de.wikipedia.org/wiki/Merkspruch>
[4] A.Azamov. 5000 words in a month. Toshkent.2017. 416 bet.
[5] Sperber, Horst G. (1989): Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb – mit Schwerpunkt „Deutsch als Fremdsprache“. München: Iudicium Verlag. S.33-34
[6] Sperber, Horst G. (1989): Mnemotechniken im Fremdsprachenerwerb – mit Schwerpunkt „Deutsch als Fremdsprache“. München: Iudicium Verlag. S.32
[7] Krekeler in Wolff/ Tütken/ Liedtke, 1997, S.73 – 74
[8] MAIER, Christian, WEBER, Marion, Superlearning znamená úspěch, Translation © Šárka Bobková, Talpress 1994, ISBN 80-85609-59-2. S. 22.
[9] Beste Tipps zum Deutschlernen [online], 2008
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.