10- mavzu. OLIMPIADA VA OLIMPIADA SARI YO’L. QADIMGI OLIMPIYA O’YINLARI.
Qadimgi Olimpiya o’yinlari. Qadimgi Yunonistonda Olimpiya o’yinlarining vujudga kelishi. Qadimgi olimpiya o’yinlari haqidagi afsonalar. Qadimgi olimpiya o’yinlarining dasturi va ularning хususiyatlari. Qadimgi Olimpiya o’yinlarining ijtimoiy- siyosiy, iqtisodiy, madaniy ahamiyati. Qadimgi yunon olimpiya o’yinlarining ta’qiqlanish sabablari.
Mustaqillik tufayli ma’naviy ruhiy poklanish, milliy qadriyatlarni tiklash, milliy an’analarga sadoqatli avlodni tarbiyalash va amaliyotga joriy etish kontseptsiyasi ishlab chiqildi, Vatan ravnaqini ta’minlab beruvchi milliy istiqlol g’oyasi shakllandi. O’zbek mentaliteti, milliy xarakter mazmunida yangi jihatlar tarkib topdi. Bu bevosita siyoisiy, iqtisodiy, ijtimoiy, huquqiy, ma’rifiy sohada tub yangilanishlarga ma’naviy asos bo’lib xizmat qildi.
O’zbekiston Respublikasida qabul qilingan “Ta’lim to’g’risi”dagi Qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, “Jismoniy tarbiya va sport to’g’risida”gi Qonuni asosida joriy etilgan ta’lim-tarbiyaviy tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy va madaniy omillar davlat siyosatida ustuvor yo’nalishga aylandi.
Jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy bilimlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, kelajakka ishonch bilan qaraydigan barkamol avlodni tarbiyalash asosiy vazifalar sifatida belgilandi. Bu yo‘nalishdagi ishlar talaba-yoshlarda zamonaviy dunyoqarash, ularning ongiga vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, o‘z Vataniga xizmat qilish kabi yuksak tuyg‘ularni kamol toptirishga qaratilgan.
Mavzuni o’rganish asosiy maqsadi – Qadimgi Olimpiya o’yinlari tarixini chuqur va atroflicha o’rganish orqali qadimgi Olimpiya o’yinlari ahamiyatini tushunish.
Nazariy mashg’ulotlar mazmunida fanning asosiy vazifalari –
§ Qadimgi Olimpiya o’yinlari xususiyatlarini tahlil qilish;
§ olimpiya sporti tarixi, jahon xalqlarining sport sohasidagi yutuqlari bilan tanishtirish;
§ olimpizmning insonparvarlik qadriyatlari ahamiyatini ifodalash;
Amaliy mashg’ulotlarda talabalar va mutaxassislardan - olimpizm tushunchalari va ularning mohiyatini bilish; olimpiya bilimlarini targ’ibot qilish vositalaridan foydalanish shakllarini o’rganish; mustaqil fikr yuritish, bilimlarga ijodiy yondoshish talab etiladi.
Olimpiya o’yinlari tarixini o’rganish manbalariga:
§ qadimgi Olimpiya o’yinlariga oid ash’yoviy yodgorliklar va arxeologik topilmalar;
§ olimpiya sportiga doir arxiv materiallari, ilmiy kitoblar va boshqa yozma manbalar;
§ olimpiya sportiga oid tasviriy san’at asarlari, badiiy kitoblar, xalq rivoyatlari va afsonalari, kino, foto, fonomateriallar;
§ turli mamlakatlarda sport rivojlanishi to’g’risidagi amaliy ma’lumotlar, yani sport yutuqlari, sport rekordlari;
Qadimgi Olimpiya o’yinlari
Qadimgi Gretsiyaning Olimpiya shahri Olimpiada o’yinlarining vatani hisoblanadi. Olimpiya shahri Peloponnes yarim orolining g’arbiy qismida joylashgan. Qadimgi yunonlar Olimpiya o’yinlarini buyuk xudolari - qudratli va dono Zevsga bag’ishlaganlar. Yunonlar oliy iloh Zevsni “yashin chaqnatuvchi”, “bulutlarni haydovchi”, beqiyos qudrat timsoli, “hayot baxsh etuvchi”, “xaloskor” ma’budi sifatida e’zozlaganlar. Miloddan avvalgi V asrda yunon me’mori Libon loyihasi asosida Olimpiya shahrida Zevs maqbarasi qurilgan. Bu yerda o’rnatilgan Zevsning juda katta, oltin va fil suyagidan yasalgan haykali dunyodagi etti mo’jizaning biri, deb tan olingan.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining tarixi to’rt davrdan iborat bo’lib, ular Qadimgi Gretsiyaning afsonaviy badiiy merosiga asoslanadi.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining birinchi davri – qahramonlik davri hisoblanib, rivoyatlarga ko’ra bu musobaqalarda ma’budlar, shohlar, afsonviy qahramonlar o’zaro kuch sinashganlar. Gomerning mashhur “Illiada” dostonida Qadimgi Gretsiyada Troya urushining buyuk qahramoni Axilles tashkil etgan o’yinlarda ot aravalardagi poygalarda Frakiya shohi Diomed, Miken shohi Menelay, Pilos shohi Nestor marraga birinchi bo’lib etib kelganlar. Gomer ularning musht jangida teng keladiganlar topilmagan Evrial, kurashda barcha raqiblarining kuragini yerga tekkizgan shoh Ayaks Telamanid, yugurishda Odissey, nayza uloqtirishda yunon qo’shinlari lashkarboshisi Agamemnon, kamon otishda Odisseyning eng sodiq xizmatkori Evmey va boshqa afsonaviy qahramonlarning fazilatlarini madh etgan.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining ikkinchi – afsonaviy davri Geraklga bag’ishlab tashkil etgan umumellin musobaqalari to’g’risidagi rivoyatlarga asoslangan.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining uchinchi – yarim afsonaviy davr miloddan avvalgi IX asrga to’g’ri kelib, bunda olimpiya o’yinlari Likurg va Ifit tomonidan tashkil etilganligi to’g’risidagi haqiqiy voqealar rivoyatlarda saqlanib kelgan.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining to’rtinchi – qadimgi olimpia o’yinlarining tarixiy davri. Miloddan avvalgi 776 yilda birinchi qadimgi olimpiya o’yinlari bo’lib o’tgan va olimpiya o’yinlari tog’risida yozma manbalar topilgan. Bu aniq ma’lumotlarga asoslangan sana Olimpiya o’yinlari vujudga kelgan yili, deb qabul qilingan.
Qadimgi olimpiya o’yinlari haqida juda ko’p afsonalar va rivoyatlar mavjud. Birinchi afsonada xudo Kronos o’g’illaridan birining qo’lidan halok bo’lishini bashorat qiluvchi tushga ishonib, yangi tug’ilgan farzandlarini yutib yuborishni boshlagan. Uning rafiqasi Reya navbatdagi yangi tug’ilgan farzand o’rniga yo’rgakka tosh o’rab, uni berahm otaga beradi. O’g’lini esa cho’ponga berib yuboradi, bola o’sib-ulg’ayadi, chaqmoq va momaqaldiroq xudosi qudratli Zevsga aylanadi. Zevs shavqatsiz otasini jangga chaqiradi va g’alaba qozonadi, shu orqali aka-singillarini qutqaradi, ular keyinchalik xudolarga aylanishadi. Zevs g’alaba sharafiga musobaqalar o’tkazishni buyurgan. Bu o’yinlar o’tkazilgan joy nomi bilan Olimpiya o’yinlari deb atalgan.
Yana boshqa afsonaga ko’ra o’yinlarni Zevsning o’g’li Gerakl tashkil qilgan. Olimpiya o’yinlari Geraklning eng shavkatli g’alabalaridan biriga bag’ishlangan. Gerakl yugurish masofasini belgilab bergan va u 600 ta oyoq qadamiga (192m 27sm) to’g’ri kelgan. Qadimgi Gretsiyada bu o’lchov «stadiy» deb yuritilgan, shundan «stadion» so’zi kelib chiqqan. Ko’p yillar davomida yugurish bo’yicha g’olib aynan shu masofada aniqlangan.
Olimpiya o’yinlari Zevsning nevarasi Pelops tomonidan tashkil qilingan degan afsona ham bor. Podshoh Enomayning juda go’zal qizi bo’lgan. Enomay o’z kuyovining qo’lidan halok bo’lishini tushida ko’rgan va bunga ishonib, qizini qo’lini so’rab kelgan yigitlarga shart qo’yib, ular bilan ot aravada poyga o’ynagan. Poygada mag’lub bo’lgan yigitlarni o’limga hukm qilgan.
Pelops Enomayning qiziga o’n to’rtinchi kuyov edi. Oldingi o’n uchta kuyov ot aravada poyga o’ynashda Enomay qo’lidan halok bo’lgan edi. Enomayning qizi Gippodamiya Pelops bilan birga Enomay ot aravasining boshqaruvchisi Mirtilosni g’ildiraklarni ushlab turuvchi bronzali ushlagichni mumlisiga almashtirib qo’yishga ko’ndirishadi. Poyga paytida g’ildiraklar chiqib ketadi va Enomay halok bo’ladi. Xudolarga minnatdorchilik bildirib, Pelops Olimpiya o’yinlarini ta’sis etadi va ot aravada poyga asosiy musobaqalardan biriga aylangan.
Qadimgi Olimpiya o’yinlari doimiy ravishda har 4 yilda bir marta kabisa yilida o’tkazilgan. Yunon rivoyatlari va ko’plab afsonalarida kabisa yili ofat keltiruvchi yil, deb ifodalangan. Shuning uchun qadimgi davrda yunonlar kabisa yilida xudolardan rahm-shavqat so’rab, ular sharafiga bayramlar uyushtirganlar va qurbonliklar qilganlar. Yozma manbalarga ko’ra bu bayramlarning boshlanishi ikki yunon davlati – Elida va Sparta davlatlari o’rtasida tinchlik o’rnatilishi bilan bog’langan.
Olimpiya shahrida maxsus hay’at har to’rt yilda bir marta olimpiya o’yinlari tantanali ochiladigan sanani belgilab bergan. An’anaga binoan, bu sana yozda quyosh eng yuksak cho’qqisiga ko’tarilib, osmonda to’lin oy paydo bo’ladigan birinchi kun bo’lgan.
“Olimpiada” atamasi ikki olimpiya o’yinlari oralig’idagi to’rt yil – 1447 kunni bildirgan. Yunonlar uchun bu taqvim sitsiliyalik tarixchi Timey tomonidan miloddan avvalgi 264 yilda kiritilgan.
O’yinlar o’tkaziladigan vaqtda Qadimgi Gretsiyada muqaddas tinchlik “ekexeyriya” e’lon qilingan va 3 oy davom etgan. Maxsus jarchilar muqaddas tinchlik kuchga kirganini hammaga ma’lum qilib chiqqanlar. Muqaddas tinchlik davrida, ya’ni ellinlar taqvimi bo’yicha ikki apolloniy va perfiniy oylarida har qanday jangovar harakatlar to’xtatilgan. Bu qat’iy qonunni buzganlarga ma’budlar tomonidan kulfat yog’dirilishi haqidagi har bir yunonga ma’lum bo’lgan aqida dahshati eng urishqoq elatlarni ham to’xtatgan. Bu davrda Olimpiya shahriga qurol-yarog’ bilan kirish taqiqlangan. Polis hukmronlari olimpiya o’yinlari paytida musobaqa ishtirokchilari, murabbiylar va barcha tomoshabinlarning xavfsizligini kafolatlagan.
Sulh shu qadar muqaddas hisoblanganki, olimpiya o’yinlari o’tkazilgan bir necha yuzlab yillar davomida unga atigi ikki marotaba rioya etilmagan hol bo’lgan. Birinchisi, Filipp Makedonskiy lashkari askarlari olimpiya o’yinlariga ketayotganlarni yo’lda tunaganlar. Bosqinchilar nafaqat ularning pul va mollarini qaytarib berishga majbur qilinganlar, balki musobaqa tashkilotchilariga juda katta miqdorda jarima ham to’laganlar. Makedonskiy o’zining lashkarlari sulhni buzganliklari uchun olimpiya o’yinlari tashkilotchilaridan rasmiy kechirim ham so’rashga majbur bo’lgan. Ikkinchisi, miloddan avvalgi 420-yilda spartaliklar muqaddas sulh amal qilib turgan vaqtda Lepreya shahrini qamal qilganliklari uchun olimpiya kengashi tomonidan O’yinlar ishtirokchilari ro’yxatidan chiqarilgan.
Olimpiya o’yinlari dastlab bir kun bo’lgan va bayram o’tkazilgan kunlar “iyeromeniya” – “muqadas oy”, deb nomlangan. Bu bayram vujudga kelgan paytida diniy xarakterga ega bo’lgan, lekin uning asosiy mazmunini atletika musobaqalari tashkil etgan. Miloddan avvalgi V asrga kelib, qadimgi Olimpiya o’yinlari 5 kun davom etgan.
Birinchi kun. Qadimgi Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimi bo’lgan. Olimpiya bayramining boshlanishi to’rt marotaba karnay chalinishi bilan bildirilgan. Musobaqa ishtirokchilari, murabbiylar va hakamlar Zevs xudosiga qasamyod aytganlar.
Tantanali ochilish marosimi davomida jangchi tomonidan qatnashuvchi atletlarning ismi, kasbi, kelgan shahri e’lon qilingan. Olimpiadaning birinchi kunida xudolarga qurbonliklar keltirilgan.
Ikkinchi kun. Yoshlar o’rtasida yugurish, sakrash, disk va nayza uloqtirish, qo’l jangi bo’yicha musobaqalar o’tkazilgan.
Uchinchi kun. Olimpiadaning eng katta kuni – katta yoshli atletlarlar o’rtasida yugurish, sakrash, disk va nayza uloqtirish, kurash, qo’l jangi bo’yicha musobaqalar o’tkazilgan.
To’rtinchi kun. Eng nufuzli hisoblangan ot aravalarda poyga boyicha hamda qurol aslaha bilan yugurish musobaqalari o’tkazilgan.
Beshinchi kun. G’oliblar e’lon qilingan, taqdirlash marosimi bo’lgan. Qadimgi Olimpiya o’yinlarining g’oliblari olimpionik deb nomlangan va ular sharafiga qo’shiqlar aytilgan.
Qadimgi Olimpiya o’yinlarga ellanodik - hakamlar rahbarlik qilgan. Ellanodiklar Elida fuqarolari orasidan o’yinlar boshlanishidan bir yil oldin chek tashlash asosida 9 nafar kishidan 18 nafar kishigacha saylangan. Ellanodiklarning vazifasi musobaqalar joyini tayyorlash, musobaqa ishtirokchilarini tanlash, musobaqalarning borishini kuzatib turish va musobaqa g’oliblariga mukofotlar berishdan iborat bo’lgan.
Qadimgi Olimpiya o’yinlarining dasturi ko’p yillar mobaynida o’zgarmagan va musobaqalarning eng qadimgi turi 1 stadiyga (stadiodrom) yugurishdan iborat bo’lgan. Qadimgi 14-o’yinlardan boshlab musobaqalar dasturiga 2 stadiyga yugurish - diaulos, 15-olimpiada o’yinlaridan boshlab esa chidamliligini sinash uchun 24 stadiyga yugurish - dolixodrom kiritilgan.
Qadimgi 18-Olimpiya o’yinlardan boshlab dasturga pentatlon (beshkurash) bo’yicha musobaqalar kiritilgan.
Pentatlon – yugurish, sakrash, disk va nayza uloqtirish, kurash mashqlaridan iborat bo’lgan. 25-o’yinlarda – ot aravalarda poyga, 33-o’yinlarda – pankration (qo’l jangi va kurash) musobaqalari dasturga kiritilgan. Olimpiya shahrining sharqiy qismida o’sha davrlarda ot aravalar poygasi o’tkaziladigan ulkan gippodrom joylashgan va 730x336 metr kattalikda bo’lgan. Bundan tashqari, bu yerda xususiy sport maktabi - gimnaniya, uning o’rtasida 66x66 metr kattalikdagi palestra joylashgan. Gimnasiya yaqinida esa olimpiya o’yinlari paytida atletlar yashaydigan “olimpiya qishlog’i” ham bo’lgan.
Qadimgi olimpiya o’yinlariga faqat ozod yunon fuqarolari qatnashishi huquqiga ega bo’lganlar. O’yinlarga qullar, ayollar, bolalar, horijiylar, jinoyatchilar va qurollangan odamlar kiritilmagan. Miloddan avvalgi 632 yildan qadimgi 37-Olimpiya o’yinlardan boshlab o’yinlarida bolalar qatnashgan va ularning chiqishlari uchun alohida kun ajratilgan.
Qadimgi yunonlar Olimpiya o’yinlari qahramonlari nomlarini Alfey daryosi yaqinida o’rnatilgan marmar ustunlarga o’yib yozishgan. Birinchi Olimpiya o’yinlarining g’olibi Elida shahridan oshpaz Koroibos to’g’risida ana shu marmar ustundagi yozuvlardan ma’lum bo’lgan.
Qadimgi olimpiya o’yinlari ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega bo’lgan. Ular Qadimgi Gretsiyaning ko’pgina shaharlarini birlashuviga, quldorlarning o’zaro shartnomalar asosida tinchlik haqidagi kelishuvlariga, iqtisodiy jipslashuviga sabab bo’lgan. Olimpiya o’yinlari millatni birlashtiradigan va o’zaro totuvlikka xizmat qiladigan umumyunon bayram hisoblangan. Bu o’yinlar polis quldorlarining harbiy qudratini ham namoyish qilgan.
Olimpiya o’yinlari qadimdan eng e’zozlangan bayramlardan biri bo’lgan. Mashhur tarixchi Gerodot bu yerga Afinadan yayov kelgan. Matematik Pifagor umumellin sport musobaqalarida qo’l jangi bo’yicha g’olib bo’lgan. Gippokrat kuchli kurashchi va mohir chavandoz edi. Faylasuf Aflotun mashhur Istma o’yinlarida kurash bo’yicha musobaqalarda g’olib chiqqan. Olimpiadalarda dramaturglar Sofokl va Evripid, yozuvchi Lukian, notiq Demosfen, qadimgi yunon madaniyati va san’atining barcha ko’zga ko’ringan namoyandalari bevosita musobaqalar, tanlovlar ishtirokchilari, tomoshabin sifatida qatnashganlar.
Qadimgi Gretsiyada har yili Demetra yoki “Sog’lom farzand” tanlovlarini o’tkazish an’anasi kiritilgan edi. Mazkur ko’rikda eng sog’lom va ko’rkam bolalar aniqlanib, ularning onalari taqdirlangan.
Olimpiya o’yinlarining asosiy g’oyasi inson barkamolligi, aqliy va jismoniy yetukligini namoyishi bo’lgan. Shuning uchun ilk umumellin bayramlarida kuchlilik, chaqqonlik, epchillik bo’yicha musobaqalar musiqa, she’riyat tanlovlariga ulanib ketgan. Olimpiadalarda jismoniy go’zallikka aqliy salohiyat, musiqiy, badiiy, tasviriy iste’dod ruhi uyg’un bo’lgan. Olimpiya o’yinlari doirasida san’at, adabiyot, musiqa, me’morchilik bo’yicha tanlovlar o’tkazilgan.
Qadimgi olimpiya o’yinlarining ta’qiqlash sabablari xristian dinining vujudga kelishi bilan bog’liq bo’lgan. Rim imperatori Feodosiy I xristianlikni majburiy joriy etib, ko’p xudoliklar bayramlarini man etish to’g’risida farmon chiqargan. Muqaddas Olimpiya shahriga o’t qo’yib, yondirib yuborishga buyruq bergan. Qadimgi davrda jami 293 ta olimpiya o’yinlari o’tkazishgan. Olimpiya o’yinlari 12 asr davom etgan.
Qadimgi davrda olimpiya o’yinlarining jamiyatdagi o’rni va nufuzi juga yuqori bo’lib, ular Qadimgi Gretsiyaning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’lgan.
Qadimgi Gretsiya davlatlarida ta’lim-tarbiya tizimi barcha to’la huquqli fuqarolarga mo’ljallangan edi. Tarbiya tizimi harbiy-jismoniy tayyorgarlik bilan cheklanib qolmasdan, har tomonlama tarbiya bergan. Qadimgi yunonlar insonning barkamol rivojlanishi aqliy, ma’naviy, estetik va jismoniy tarbiyadan iborat bo’lishi kerak, deb hisoblaganlar.
Qadimgi Gretsiyada jismoniy mashqlarning ikki xil usuli bo’lgan: gimnastika - umumiy jismoniy tarbiya; agonistika – maxsus tayyorgarlik va musobaqalarda ishtirok etish. Agonistika (agon – musobaqa) gimnastik o’yinlar va musiqa musobaqalaridan (musiqa, raqs, she’riyat sohalari bo’yicha) iborat bo’lgan. Qadimgi davrda Nemey o’yinlari, Istma o’yinlari, Pifiya o’yinlari, Panafina o’yinlari kabi musobaqalar keng tarqalgan edi.
Nemey o’yilari Zevs xudosiga bag’ishlangan bo’lib, ilk bor milloddan avvalgi 573 yilda Argolida shahrida o’tkazilgan. Nemey o’yilari har ikki yilda bir marta – olimpiadaning ikkinchi yilida kuz faslida va to’rtinchi yilida - qishda o’tkazilgan. O’yilar dasturida yugurish, kurash, pentatlon va pankration bo’lgan. G’oliblar selderey barglari bilan taqdirlangan.
Pifiy o’yinlari Delfa shahrida Apollon xudosiga bag’ishlab o’tkazilgan. Apollon sozanda, raqqos xofizlar rahnamosi bo’lganligi uchun, dastlab o’yinlar dasturiga musiqa musobaqalari kiritilgan. Tarixiy ma’lumotlar asosida mil.av.586 yilda yunon shaharlari o’rtasidagi urushlar qurbonlari xotirasiga bag’ishlangan ot arava poygalari ilk bor o’tkazilganligi aniqlangan. Delfa shahridagi mahalliy bayramlar mil av.582 yildan boshlab umumyunon o’yinlarga aylangan. Pifiy o’yinlari g’oliblari Apollon xudosiga bag’ishlab ekilgan daraxtdan uzib olingan olmalar bilan taqdirlangan, keyinchalik esa lavr daraxti novdalaridan yasalgan gulchambar berilgan.
Istma o’yinlari dengiz xukmdori Poseydon xudosiga bag’ishlangan. Bu o’yinlar mil.av.572 yildan boshlab har ikki yilda bir marta – olimpiada yilining birinchi va uchinchi yillari – bahorda Korinf qurfasida o’tkazilgan. Istma o’yinlari dasturi yugurish, kurash, qo’l jangi, pentatlon, pankration, ot arava poygalari va ot poygalari bo’yica musobaqalardan iborat bo’lgan. Bundan tashqari musiqa dasturi bo’yicha nay va kifara cholg’u ijrochilarning chiqishlari namoyish qilingan. Korinf shahri boy va badavlat bo’lganligi sababli Istma bayramlari katta tantanalar bilan tashkil qilingan. Istma o’yinlari g’oliblari qarag’ay daraxti novdalaridan yasalgan gulchambar bilan taqdirlangan va she’rlarda sharaflangan. Mil.av.228 yildan boshlab O’yinlarda rimliklar ham ishtirok etgan.
Olimpiya o’yinlari – Qadimgi Gretsiyaning eng mashhur va eng ommaviy musobaqalari hisoblanib, alohida ahamiyatga ega bo’lgan. Olimpiya o’yinlari qadimdan eng e’zozlangan bayramlardan biri bo’lgan. Qadimgi yunonlar insonning barkamol rivojlanishi aqliy, ma’naviy, estetik va jismoniy tarbiyadan iborat bo’lishi kerak, deb hisoblaganlar. Qadimgi Olimpiya o’yinlarining asosiy va pirovard maqsadi ham shu bo’lgan.
Qadimgi Olimpiya o’yinlarining ijtimoiy-madaniy ahamiyati
Iqtisodiy ahamiyati |
Olimpiya shahri savdo sotiq markaziga aylangan va polislararo shartnomalar tuzilgan. |
Siyosiy ahamiyati |
Ekexeyriya tufayli polislar o’rtasidagi siyosiy munosabatlar yaxshilangan. |
Harbiy ahamiyati |
Qadimgi o’yinlarda davlatlar o’z harbiy qudrati va jangchilarning harbiy-jismoniy tayyorgarligini namoyish qilganlar. |
Madaniy ahamiyati |
O’yinlarning madaniy dasturida faylasuflar, matematik, tarixchi olimlar, shoyir va yozuvchilar o’z asarlari bilan qatnashganlar. |
Bir yarim ming yildan so’ng esa Olimpiya o’yinlarini yana qayta tiklash g’oyalari paydo bo’lgan. 1824 yilda lord Stankof Olimpiya shahrida arxeologik qazilmalarni olib bordgan va uning chizmasini tuzgan. Bu esa Olimpiya o’yinlarini tiklash g’oyasini rivojlantirishga turtki bo’lgan. zamonaviy Olimpiya o’yinlarining ham mafkuraviy g’oyasi asoslaridan biri inson barkamolligidir. Pyer de Kuberten tashabbusi bilan Olimpiya o’yinlari qayta tiklanib, zamonaviy Olimpiya o’yinlari doirasida ham san’at, adabiyot, musiqa, me’morchilik bo’yicha tanlovlar o’tkazilgan. Hozirgi davrda Olimpiya shahrida ma’buda Gera maqbarasi poyida Olimpiya o’yinlari mash’alasini yoqish an’anasi saqlanib qolingan.
“Qadimgi davrda Olimpiya o’yinlari har to’rt yilda 1000 yil davomida (miloddan avval 776 yil va milodiy 260 yillar oralig’ida) Elidaning Olimpiya shahrida o’tkazilgan. Ular bir necha uzilishlar bilan milodiy 393 yilda xristian imperatori Feodosiy ko’pxudolik dinining bayramlarini, jumladan Oyinlarni taqiqlab qo’yguncha davom etgan. Bu o’yinlar qadimgi Gretsiyada yagona bo’lmagan – u yerda Pifiya o’yinlari, Nemeya o’inlari va Istmiya o’yinlari hamda boshqa kichik tadbirlar o’tkazilgan, biroq Olimpiya o’yinlari eng asosiy va eng uzoq davom etgan. (Finli va Pleket, 1976 y.:13). Bu barcha o’yinlar muqaddas va diniy xarakatga ega bo’lgan, Apollon va Poseydon xudolariga, Olimpiya o’yinlari Zevs xudosiga bag’ishlangan. Ularni Zevs ehromi oldida o’rnatilgan Qadimgi dunyoning etti mo’jizalaridan biri bo’lgan, oltin, kumush va fil suyagidan yasalgan 40-funtli haykali poyonida o’tkazilgan. Musobaqa ishtirokchilari va hakamlar, haykal oldida turib, barcha o’rnatildan qoidalarga rioya qilishga qasamyod berganlar. Haykal oldida qurbonliklar keltirilgan va g’oliblarni taqdirlashgan. (Kidd, 1984 y.).
O’yinlarga minglab tomoshabinlar kelgan. Dastlab 190 metrga yugurish musobaqalari o’tkazilgan, so’ng dastur kengaytirilib, ko’p sport turlari kiritilgan: yugurish, boks, pankration (qurolsiz qo’l jangi) va ko’pkurash (disk, nayza uloqtirish, sakrash, yugurish va kurash). Jamoaviy o’yinlar bo’lmagan. O’n to’qqizinchi asrda O’yinlar havaskor xarakterga ega bo’lmagan – qadimgi yunonlarda bunday kontseptsiya to’g’risida tushunchalar bo’lmagan. (Yang, 1984, 2004 yy.: XI). G’oliblarga ko’p mukofotlar berilgan. Pullik mukofotlar odatiy hisoblangan; Olimpiya o’yinlarida g’oliblik siyosat shohsupasiga chiqishga asos bo’lishi mumkin edi. Ekspertlar O’yinlardagi g’alaba uchun moddiy rag’batlantirish to’g’risida har xil fikrga ega. Asosiy mukofot sifatida zaytun gulchambari berilgan bo’lsa, uylariga qaytgandan so’ng g’olibar pul mukofotlari va imtiyozlar berilgan. (Хill, 1992:7).
Musobaqalar Qadimgi Gretsiyaning harbiy va jangovar tayyorgarligi sifatida vujudga kelgan. O’yinlar davomida urushlar to’xtatilgan va olimpiya tinchligi tamoyillariga rioya qilingan. Tinchlik tamoyili O’yinlar davomida boshqa davlatlarning Elidaga hujim qilish ta’qiqlangan. Muqaddas tinchlik urushlarni to’xtatmagan, biroq Olimpiya o’yilarini yovuz kuchlardan himoya qilgan.(Kidd, 1984 y.).
Yunon shahar-davlatlarning iqtisodiy va siyosiy tizimi qullik va patriarxal tuzumga asoslangan edi.Ular zodagon erkaklar guruhi tomonidan boshqarilgan. Ayollar siyosiy huquqlarga ega bo’lmagan. O’ynlarda faqat ozod erkaklar ishtirok etish mumkin bo’lgan, ayollar tomoshabin siftida ham kirish taqiqlangan. .(Kidd, 1984 y.). Ayollar musobaqalari Gera xudosiga bag’ishlab alohida tashkil qilingan”. [1]
© Adabiyotlar
1. Vardiashvili I. Afinadan Sidneyga qadar. Qarshi,“Nasaf”, 2004.
2. Niyozov I. Olimpiya sport o’yinlari. Uslubiy qo’llanma. T.: 2006.
3. Olimpiya bilimlari asoslari. O’quv qo’llanma. T.: “Sharq”, 2002.
4. Ernazarov E.Olimpiada–jahon sporti bayrami.Ilmiy-ommabop risola.T.:2008.
5. Eshnazarov J. Jismoniy madaniyat tarixi va boshqarish. Т.: 2008.
6. John Horne, Garry Whannel. Understanding the Olympics. Routledge. Taylor-Francis Group. London and New York. 2012. – 237 p.
7. Djalilova L.A. Jismoniy tarbiya va olimpiya harakati tarixi. Darslik. T: 2017.
[1] J.Хоrn, G. Yennel. Olimpiya o’yinlari kontsepsiyasi. II-qism, 4-bob. Olimpiya o’yilarini qayta tiklanishi. Tarixiy sharh. Taylor-Francis Group. London and New York. 2012. – 237 p.
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.