O’zbek tilidagi ayrim leksemalarda semantik maydonning o’zgarishi
Annotatsiya: Ushbu maqolada o’zbek tili lug’at sistemasining rivojida semantik taraqqiyotiga doir ma’lumotlar berilgan. Bunda tilimizning turli davrlariga oid yozma yodgorliklar leksikasi va hozirgi o’zbek adabiy tilining lug’at tarkibi qiyoslangan.
Kalit so’zlar: ijtimoiy hodisa, tarixiy taraqqiyot, lug’at tarkibi, ma’no kengayishi, ma’no toraayishi, semantika, lug’at sistemasi, lug’aviy birlik, ma’no, ko’chma ma’no, turdosh ot, atoqli ot, semantik maydon.
Аннотация: В статье представлена информация о семантическом развитии словарной системы узбекского языка. Сопоставляется лексика письменных памятников разных периодов нашего языка и лексическая структура современного узбекского литературного языка.
Ключевые слова: социальный феномен, историческое развитие, словарная структура, расширение значения, семантическое сужение, семантика, словарная система, лексическое единство, значение, переносимое значение, родственное лошадь, знаменитая лошадь, смысловое поле.
Annotation: This article provides information on the semantic development of the Uzbek language dictionary system. It compares the lexicon of written monuments of different periods of our language and the lexical structure of the modern Uzbek literary language.
Keywords: social phenomenon, historical development, vocabulary structure, meaning expansion, semantic narrowing, semantics, dictionary system, lexical unity, meaning, portable meaning, cognate horse, famous horse, semantic field.
O’zbek tilining turli davrlarida yaratilgan yozma yodgorliklar, ilmiy va badiiy asarlar filologik tadqiqot uchun eng asosiy manba vazifasini bajaradi, chunki har bir yozma yodgorlikda shu yodgorlik yuzaga kelgan davr tili o’z aksini topadi.
So’z tafakkurimizdagi narsa-hodisalar, belgi va xususiyatlar hamda tushunchalarni ifodalovchi, ularni nomlovchi vositadir. So’z inson uchun zarur bo’lgan eng muhim narsa ekan, u insonlarning bir-birlarini tushunishga xizmat qiluvchi eng asosiy aloqa qurolidir.
O’rt - o’t, yong’in ma’nosida qo’llangan. Bu so’zda tarixiy taraqqiyot davrida asos tarkibida tovush tushishi yuz bergan va bu holat barqarorlashgan va quyidagicha: o’rt = o’t. Hozirgi o’rtamoq so’zi ham mana shu o’t so’zi bilan qadimgi turkiy tilda asosdosh hisoblangan. O’rtamoq - o’t olmoq, yonmoq, lekin bu so’z bugungi kunda yasama hisoblanmaydi. Mazkur so’z bugungi kunda ruhiy qiynalmoq ma’nosida ham qo’llanadi. Demak, ushbu so’zda ma’no ham kengaygan.
Semantik taraqqiyot jarayonida faqat yangi ma’noning (ma’nolarining) yuzaga kelishi emas, bor bo’lgan ma’noning, ma’lum sabab bilan yo’q bo’lishi ham qonuniy hol, lekin, bari bir, birinchi fakt, ya’ni yangi ma’no va ma’nolarning paydo bo’lishi taraqqiyotni belgilovchi hodisa hisoblanadi.
Ma’noning torayishida keng doiradagi voqelikni atovchi so’z tor doiradagi voqelikni atash uchun xizmat qiladi. Masalan, turdosh otning atoqli otga aylanishi: po’lat - Po’lat, o’lmas - O’lmas kabi. Bunda ham yangi ma’no yuzaga kelmaydi, balki so’zning ilgari anglatgan ma’nolar hajmi nisbatan torayadi.
Turklar o’z xoqonlarining xotinini, malikani qatun-xatun deganlar. Asarda “payg’ambar” ma’nosida yalavach, savchi, oqitchi so’zlari qo’llangan. Yalavach asli “elchi” degani. O’rni bilan, u “tangrining elchisi, payg’ambar”ni ham bildiradi. Savchi – sav (“xabar, so’z”) dan yasalgan: Tangri-tag tangri yaratmish turuk Bilga qag’an sabim (Ko’kdek ulug’ tangri yaratgan turk [ya’ni jasur] Bilga xoqon so’zim, bunda sab - so’z degani) unvoni bilan boshlanadi. Savchi – “xabarchi, tangrining xabarchisi” degan ma’noni anglatadi. Hozir qo’llayotgan sovchi so’zimizda ham “xabarchi” ma’nosi bor, biroq u “quda-andalar orasida xabar yetkazuvchi” ma’nosidadir.
Yangi tug’ilgan bolani chaqalaq deyiladi. Chaqalaq so’zidagi chaqa – “mayda, kichik” ma’nosini beradi, -laq – kichraytirish, erkalash qo’shimchasi. Farzandni bala deyiladi: qiz bala – “qiz farzand”, o’g’il (<og’ul) bala – “o’g’il farzand”. Bola so’zining “o’g’il” ma’nosi ham bor. Hozirda chaqa so’zi yara-chaqa birikmasi tarkibida ham qo’llanadi mayda yara ma’nosida. Aslida chaqa so’zi ham “mayda pul” degan ma’noda bo’lib, choy-chaqa ham xuddi shu so’zdan kelib chiqqanligidan dalolat beradi. Lekin chaqa so’zi hozirda mustaqil sifat ma’nosida qo’llana olmaydi.
Tarig’ so’zi devonda bug’doy, umuman, ekin, urug’, dona ma’nolarida qo’llangan: ol tarig’ o’gitsadi – u bug’doy tuyishni istadi. Hozirgi o’zbek adabiy tilida mazkur so’z quyidagi ma’noda ishlatiladi: Tariq – boshoqdoshlar oilasiga mansub bir yillik g’alla o’simligi va uni oqlab sok qilinadigan mayda doni. Tariq sepmoq. … qir pastida tariq o’rayotgan bir to’da dehqonlarni ko’rishi bilan tabiatidagi bir damlik ravshanlik o’rnini yana diqqatbozlik egalladi. Tuyg’un. So’nggi sayohat. Demak, tarig’ so’zida tovush almashib, ma’no toraygan.
Puchuq – kesilgan, shikastlangan, pachoq narsa. Hamma narsaning yarmiga ham puchuq deyiladi. Puchuq yarmaq – yarim tanga. Hozirda bu so’z yassi, yopishgan yoki shikastlangan degan ma’nolarni bildirib, asosan, burunga nisbatan qo’llanadi. Rahimjon … juda xunuk edi: qip-qizil go’sht, puchuq burnida dog’lar, boshida tuk. A. Muxtor “Tug’ilish”.
Kezik – vaqt, ishda navbat ma’nosida eski turkiy til davrida qo’llangan bu so’z bugungi kunda kez shaklida vaqt ma’nosida ishlatiladi: yoshlik kezlari, yolg’iz qolgan kezlari. Kezi kelganda iborasi tarkibida “imkoniyat” ma’nosida qo’llanadi: kezi kelganda shuni aytib o’tish lozim kabi.
Demak, so’z ma’nosi o’zgaruvchanlik xususiyatiga ega bo’lib, til taraqqiyoti natijasida yuzaga keladi. Bunda so’z ma’nosi kengayadi yoki torayadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati:
1. Х. Абдураҳмонов, А.Рафиев, Д.Шодмонқулов. Ўзбек тилининг амалий граммматикаси. - Тошкент.: Ўқитувчи, 1992. 72-бет.
2. Sodiqov Q. Turkiy til tarixi. - Toshkent . 2009, 245- bet.
3. Mаҳмуд Кошғарий. Девону луғотит турк. I том. – Тошкент. 1963.
4. Ўзбек тилининг изоҳли луғати. – Тошкент: I, II, III, IV, V том: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2006.
Материалы на данной страницы взяты из открытых источников либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.