Kurbanov Abdulaziz Shaniyazovich
OLIY ASAB FAOLIYATI FIZIOLOGIYASI
Qarshi 2021
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY VA O‘RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
QARSHI DAVLAT UNIVERSITETI
Kurbanov Abdulaziz Shaniyazovich
OLIY ASAB FAOLIYATI FIZIOLOGIYASI
(uslubiy qo‘llanma)
Qarshi “Fan va ta’lim” 2021
КВК-51.2
К 92
Kurbanov A.Sh. Oliy asab faoliyati fiziologiyasi. Qarshi “Fan va ta’lim”, 2021. 64 bet
Ushbu uslubiy qo‘llanmada oliy asab faoliyati fiziologiyasiga bog‘liq ma’lumotlar keltirilgan.
Uslubiy qo‘llanmadan bakalavrlar, magistrantlar, shu sohada ilmiy izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar, magistrantlar va boshqa barcha qiziquvchilar foydalanishi mumkin.
Taqrizchilar:
Karimov Olim Rasulovich – Qarshi davlat universiteti Fiziologiya kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi.
Rahmatullayev Yorqin Shokirovich – Qarshi davlat universiteti Fiziologiya kafedrasi dotsenti, biologiya fanlari nomzodi.
Ushbu uslubiy qo‘llanma Qarshi davlat universiteti O‘quv-uslubiy kengashining 2021-yil 6-noyabrdagi 1B-bayonnomasi qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.
MUQADDIMA
Oliy nerv faoliyati fiziologiyasi odam va hayvonlar fiziologiyasi fanining tarkibiy qismiga kirib, u markaziy nerv tizimining bosh miya yarimsharlari, uning po‘stloq hamda po‘stloq ostki yadrolari faoliyati bilan bog‘liq barcha hayotiy jarayonlar, ularni boshqarish, turli-tuman ichki va tashqi muhit sharoitlariga moslashish bilan bog‘liq funksiyalarni o‘rganadigan sohasidir. Yana u xotira, nutq, tafakkur, ong kabi inson psixologiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan jarayonlarning neyrofiziologik va psixofiziologik qonuniyatlarini obyektiv o‘rganishda ilmiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu yo‘nalishga ilk bor asos solgan olimlar bo‘lib I.M.Sechenov, I.P.Pavlov, A.A.Uxtomskiylar hisoblanadi. Keyinchalik L.A.Orbeli, P.K.Anoxin, A.B.Kogan, L.G.Voronin, A.S.Batuyev va boshqalar oliy nerv faoliyatini universitet va institutlarda alohida darslik qilib o‘tilishini tashkil qildilar va amalga oshirdilar. Oliy nerv faoliyati bo‘lg‘usi biolog, tibbiyotchilardan tashqari yana psixologlar, faylasuflar, sotsiologlar tayyorlashda ham muhim ahamiyatga ega. Boshqacha aytganda, inson tabiatini tushunishda, uni turli-tuman tabiiy, ruhiy, ijtimoiy holatlarda vaziyatni to‘g‘ri va mukammal baholashda oliy nerv faoliyatiga tegishli fiziologik jarayonlarning mohiyatini bilish alohida o‘rin tutadi.
O‘quv uslubiy qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy texnika instituti kursantlari faoliyatini psixologik ta’minlash bo‘yicha oliy nerv faoliyati kursidan mashg‘ulotlar olib borishga mo‘ljallangan. U oldindan tuzib chiqilgan dastur asosida yozilgan bo‘lib, fanni o‘zlashtirib olishda qulay bo‘lishi uchun tegishli holda ketma-ket keladigan 11 ta mavzular tariqasida yoritilgan. Birinchi mavzu oliy nerv faoliyati haqida tushuncha, bu boradagi I.M.Sechenov va I.P.Pavlov ishlariga qaratilgan. Ikkinchi mavzu oliy nerv faoliyatining asosi hisoblangan shartli va shartsiz reflekslar nazariyasini tushunib olish va uni hayotga tadbiq qilishga bag‘ishlangan hamda instinklar haqida fikr yuritilgan. Uchinchi mavzu shartli refleks yuzaga kelishini ta’minlaydigan vaqtincha bog‘lanish va uning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan. To‘rtinchi mavzu miyada ta’sirotlar, voqea-hodisalarni analiz va sintez qilish fiziologiyasi, dinamik stereotip hamda dominanta masalalarini yoritishga yo‘llangan. Qo‘llanmaning beshinchi mavzusi birinchi va ikkinchi signallar tizimiga bag‘ishlangan bo‘lib, inson hayoti, kundalik turmushi va faoliyatida ong, nutq va fikrlashning mohiyati haqida batafsil gapirilgan. Oltinchi mavzuda nevrozlar, nevrasteniya, fobiya, gallyutsinatsiya, shizofreniyalar to‘g‘risida fikr yuritiladi. Qo‘llanmaning yettinchi mavzusida turli xil holatlarning, xususan, ovqatlanish, gormonlar, farmakologik moddalar, tashqi muhit omillarining oliy nerv faoliyatiga ta’siri haqida gap ketadi. Sakkizinchi mavzuda xotira, uning turlari, eslab qolish, unutish, hissiyot haqidagi psixofiziologik tushunchalarga oliy nerv faoliyati nuqtai nazaridan tushuncha berilgan. To‘qqizinchi mavzu uyqu, bedorlik va tush ko‘rish hamda gipnoz masalalariga bag‘ishlangan. O‘ninchi mavzuda oliy nerv faoliyatining turlari (tiplari) haqida tushuncha berilgan. Qo‘llanmada uchraydigan turli-tuman kamchiliklar uchun mualliflar o‘quvchilardan uzr so‘raydi va mazkur qo‘llanmani yanada mukammalroq bo‘lishi maqsadida bildirilgan fikrlar, istak va tilaklar hamda tuzatishlar uchun oldindan minatdorchilik bildiradi.
Mualliflar.
Oliy nerv faoliyati. Oliy nerv faoliyati haqida tushuncha, uning predmeti va metodlari. Ruhiy hodisalarning tabiati haqida I.M.Sechenov fikrlari va uning “Bosh miya reflekslari” asarining ahamiyati. I.M.Sechenov organizm va muhit birligi haqida. Nervizm ta’limoti. I.P.Pavlovning reflektor nazariyasi.
Oliy nerv faoliyati fiziologiyasi odam va hayvonlar fiziologiyasi fanining alohida bo‘limi bo‘lib, uning barcha funksiyalari Markaziy nerv tizimi, ayniqsa uning bosh miya katta yarimsharlari po‘stlog‘i, po‘stloq osti yadrolari va boshqa sohalarining bevosita ishtirokida amalga oshiriladi.
Oliy nerv faoliyati hayvonlarning murakkab, hulq-atvori hamda inson pisixologiyasiga tegishli bo‘lgan tafakkur, fikrlash faoliyatining mexanizmlarini materialistik asosda tajribalar o‘tkazish, kuzatish, zamonaviy elektrofiziologik, biokimyoviy, biofizikaviy, pisixofiziologik va boshqa metodlar yordamida o‘rganiladi.
Oliy nerv faoliyati fiziologiyasining predmetini miya psixik faoliyatini materialistik asosda o‘rganish va bu boradagi mavjud bilimlarni inson salomatligi, turli-tuman muhit sharoitlariga adekvat moslashtirish, zararli sress omillardan oqilona himoyalanish va yuqori darajada mehnat qilishga yo‘naltirish, hayvonlarda esa ular xulq-atvorini boshqarish, mahsuldorligini oshirish yo‘lida foydalanish tashkil qiladi.
Inson paydo bo‘lganidan hozirgi kunga kelib uning yashashi, taraqqiyoti va rivojlanishi uchun jismoniy va moddiy imkoniyatlar bilan birga ruhiy jihatdan mukammallashuvi, chiniqishiga ehtiyoj kuchayib ketdi. Tabiatning bisyor noma’lum sirlarini ochish, o‘zga sayyoralar, noma’lum okean tublarini o‘rganish, ulardan insoniyat uchun foydalanishda ruhiyatni keng ma’noda ishga solish taqozo qilinadi. Bunday faoliyatlar esa oliy nerv tizimi sirasidagi vazifalar hisoblanadi. Jismoniy kuch-quvvat, moddiy imkoniyatlar yordamida hayotda muvoffaqiyatlarga erishish bugungi kun talabiga javob bermay, bunda ruhiy dunyoqarashni kengaytirish, mukammallashtirish zarurati tug‘ilmoqda. Bu borada qilinadigan barcha sa’i-harakatlarda esa oliy nerv faoliyati fiziologiyasiga suyanib ish olib borish taqazo qilinadi.
Oliy nerv faoliyati odam va hayvonlarni tashqi muhitga moslashishini ta’minlaydigan reflektor jarayonlar yig‘indisidan iborat. Bunga dastavval nasldan-naslga o‘tadigan tug‘ma reaksiyalar yordamida erishiladi. Ular eng sodda shartsiz reflekslar hamda hayot davomida muhit sharoiti ta’sirida erishiladigan murakkab moslashish reaksiyalari, ya’ni instinktlardan iborat.
Moslashuv jarayonlarning yuqori darajada amalga oshishi esa yanada murakkab bo‘lgan va MNT, oliy nerv faoliyati ishtirokida yuz beradigan shartli reflekslar vositasida ro‘y beradi. Biz shartsiz, shartli reflekslar hamda instinkt haqida keyinroq batafsil to‘xtalamiz.
Oliy nerv faoliyatini o‘rganish metodlari. Oliy nerv faoliyati fiziologiyasini o‘rganish uzoq yillar davomida rivojlanmadi, chunki ko‘p yillar odam va hayvonlarda psixik faoliyatni faqat subyektiv yo‘l bilan ya’ni his-tuyg‘u, sezgi, taassurotlar yordamida tasavvur qilish mumkin xolos, degan tushuncha hukmron edi. Faqat rus olimi I.P.Pavlov tomonidan shartli reflekslar haqidagi ta’limot yaratilganidan keyin ushbu sohani obyektiv tadqiq qilish imkoniyatlari yuzaga keldi. Shundan keyin odam va hayvonlar umumiy psixologiyasi, ruhiy kechinmalarini materialistik asosda tekshirishga e’tibor berilib rivojlandi. Oliy nerv faoliyatining noma’lum qirralari ochila boshlandi, sihat-salomatlikning ruhiyat bilan bog‘liq jihatlari kuchli sress omillar sharoitlarida mehnat qilish qobilyatini saqlab qolish kabi masalalarga oydinlik kiritila boshlandi. Oliy nerv faoliyatini shartli reflekslar asosida obyektiv o‘rganish metodlaridan foydalanishda quyidagilarga e’tibor berish va amal qilish yaxshi natijalar beradi.
1. Shartli reflekslarni ontogenezda o‘rganish. Turli yoshdagi har xil hayvonlarda murakkab xulq atvorni o‘rganish bilan qanday xulq tug‘ma yoki hayot davomida yuzaga kelganini farqlash mumkin. Masalan, endi tug‘ilgan kuchuk bolasi uchun bir parcha go‘sht hech qanday reaksiya tug‘dirmaydi. Agar it bolasi bir necha bor go‘sht mazasini tatib ko‘rsa uni ko‘rishi bilan og‘zida so‘lak ajrala boshlaydi. Demak, go‘shtga nisbatan so‘lak ajralishi tug‘ma shartsiz refleks emas, balki hayot natijasida orttirilgan shartli refleks ekan.
2. Shartli reflekslarni filogenez sharoitida o‘rganish. Ushbu metodning xarakterli jihati shundaki, hayvonot dunyosining filogenezida shartli reflekslarni o‘rganish oliy nerv faoliyatining rivojlanishi, ya’ni past taraqqiy etgan vakillaridan odamgacha qanday o‘tganligini aniqlab olish mumkin. Masalan, shartli reflekslar hosil bo‘lish vaqtining umurtqasizlardan umurtqalilargacha deyarli o‘zgarmasdan, odamga kelib u keskin qisqarishi, buning natijasida inson bir vaqtda bir nechta axborotlarni bir-biriga bog‘lay olish va tahlil qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demak, oliy nerv faoliyati oddiylikdan (umurtqasizlardan) murakkablikka (umurtqalilir, sutemizuvchilar, odam) qarab rivojlanib borgan ekan.
3. Shartli reflekslarni ekologik o‘rganish. Muhit sharoitlarining xususiyatariga qarab organizmda tegishli o‘zgarishlar va shunga qarab oliy nerv faoliyatida moslanish holatini kuzatish mumkin. Masalan, asosiy yashash faoliyatini havoda uchib o‘tkazadigan kaptarlarda ko‘rish bilan bog‘liq reflektor reaksiyalar kuchli bo‘lsa, yer tagida kun kechiruvchi ko‘rsichqonlarda eshitish qobilyati bilan bog‘liq reflekslar rivojlangan bo‘ladi.
4. Miya yarim sharlari po‘stloq va po‘stloq ostki sohalarida qayt qilinadigan biopotensiallar parametrlarining shartli reflektor faoliyat turli bosqichlariga xos ravishda o‘zgarishiga qarab ushbu faoliyatning dastavval qayerda yuzaga kelishini va qanday rivojlanishini aniqlash mumkin. Odatda bunday o‘zgarishlar effektor reaksiyalardan oldin tegishli sohalarda shakllanadi. Masalan, yorug‘likka nisbatan reflekslarda miyaning ensa qismida, tovushga nisbatan esa chekka qismda tegishli impulslar faolligi qayd qilinadi.
5. Miya strukturalarini kuchsiz elektr toki bilan ta’sirlash. Ushbu usul miya sohalarining turli shartli reflekslar jarayonida ishtirok etishini refleks hosil bo‘lishining qaysi qismiga aloqador ekanligini, ta’sirot refleks amalga oshirilishida qanday o‘zgarishlar keltirib chiqarishini aniq ko‘rsatadi. Hozirgi zamon neyrofiziologiyasida ushbu usul shartli reflekslar bilan bog‘liq jarayonlarni keng ko‘lamda o‘rganish uchun muvaffaqiyatli qo‘llanilmoqda.
6. Shartli reflekslarga farmokologik ta’sir. Miyada qo‘zg‘alish jarayonini kuchaytiradigan modda-kofein ta’siriga qarab miya po‘stlog‘i nerv xujayralarining ish qobiliyatini baholash mumkin. Agar ular shartli reflektor jarayonlarni yuqori darajada boshqarib boradigan bo‘lsa, kofeinning ancha yuqori dozasida ham shartli reflekslar hosil bo‘lishi oson kechadi. Buning teskarisicha po‘stloq xujayralari past qobilyatli bo‘lsa kamgina kofein ham shartli refleks hosil bo‘lishining buzilishiga olib keladi. Chunki bunday nerv xujayralari kofein ta’siri bilan yuzaga keladigan qo‘shimcha qo‘zg‘alishlarni uddalay olmaydi.
7. Shartli reflektor jarayonlarni matematik modellashtirish. O‘z vaqtida I.P.Pavlov shartli reflekslarning noma’lum sirlarini ochishda shartsiz va shartli ta’sirlagichlarning bir-biri bilan aloqasini matematik modellashtirish yaqindan yordam beradi degan. Hozirgi kibernetikada oliy nerv faoliyatida turli-tuman ta’sirlagichlarni o‘zaro modellashtirish “sun’iy intellekt” yaratish masalalarida qo‘l kelishi mumkin, degan fikrlar mavjud.
Shartsiz va shartli reflekslar ta’limoti. Shartsiz reflekslar klassifikatsiyasi. Instiktlar, ularning o‘zgaruvchanligi.
Shartsiz reflekslar tug‘ma bo‘lib nasldan-naslga beriladi va ular genetik jihatdan dasturlangan bo‘ladi. Shartsiz reflekslar atamasi ilk bor I.P.Pavlov tomonidan ishlatilgan bo‘lib, organizmning har qanday ichki va tashqi ta’sirotlarga tegishli retseptorlar orqali javob reaksiyasi sifatida shakllanadi. Uning yuzaga kelishi reflektor yoy orqali sodir bo‘ladi. Oddiy shartsiz reflekslarga qo‘lga igna sanchilganda uni tortib olish himoya refleksi yoki kuchli yorug‘lik ta’sir qilganida ko‘z qorqchig‘ining torayishi, og‘izga ovqat tushishi bilan so‘lak ajrala boshlanishi kabi javob reaksiyalarini keltirish mumkin. Barcha shartsiz reflekslar tanadagi har xil somatik visseral va vegetativ jarayonlarni birlashtirib birinchidan organizm ichki muhitining doimiyligini saqlaydi va ikkinchidan uning tashqi muhit bilan o‘zaro bog‘lanishini ta’minlaydi. Shartsiz reflekslar onto va filogenez davomida markaziy nerv va endokrin tizmlarda bo‘ladigan o‘zgarishlar tufayli yoki boshqa ta’sirotlar, har xil fiziologik omillar ta’sir qilishi bilan o‘zgarib turadi . Masalan, emish harakatlari, qaysikim endi tug‘ilgan bolalarda ancha yaxshi rivojlangan bo‘lib katta bo‘lish bilan so‘nib ketadi. Yoki jinsiy reflekslar yosh bolalarda kuzatilmasdan jinsiy yetilish bilan paydo bo‘ladi. O‘z vaqtida I.P.Pavlov shartsiz reflekslar oliy nerv faoliyatining o‘rganilishida asqotadi, ular nihoyatda xilma-xil bo‘lib foydalanish uchun klasifikatsiyalash zarurligini uqtirib o‘tgan. Olim barcha shartsiz reflekslarni o‘z-o‘zini himoya qilish reflekslariga, ovqatlanish, himoyalanish, oriyentirovka bilan bog‘liq reflekslar va boshqalarga bo‘lgan.
Oliy nerv faoliyati fiziologiyasi tarixida shartsiz reflekslarni klassifikatsiyalash bo‘yicha ko‘pgina urinishlar bo‘lgan. Ularni guruhlash yoki klassifikatsiyalashda quyidagi uchta mezonga asoslanilgan, ya’ni:
Refleksni chaqiradigan ta’sirlagichlar xususiyatlariga qarab;
Ta’sirlagichlarning biologik ahamiyatiga qarab;
Ta’sirlagichlarning ayni jarayonda ishtirok etish tartibiga qarab.
Shu mezonlar asosida shartsiz reflekslar ikki katta guruhga, ya’ni saqlanish va himoyalanish reflekslariga bo‘lingan. Birinchi guruhga organizm ichki muhitini bir xil saqlash reflekslari kiradi, ular ovqatlanish va nafas olish reflekslari, qon bosimini bir xil saqlash reflekslari, qonda glyukoza miqdorini meyorda saqlash reflekslari, uyqu,jinsiy, bola tarbiyasi bilan bog‘liq reflekslar va boshqalar kiradi. Ikkinchisi, ya’ni himoyalanish reflekslariga organizmni yot va zararli omillardan himoyalovchi haddi-harakat reflekslari ( aksa urish, badanni qashilash va boshqalar), zararli va xavfli omillarni faol yo‘qotish (tajovvuz va hujum qilish), hamda passiv himoyalanish (chekinish, o‘zini tortib chetga chiqish) reflekslari kiradi. Himoyalanish reflekslarining yuqori ifodalanish holatlari jang maydonlarida yaqqol ko‘rinadi (hujumga yoki mudofaaga o‘tish reflekslari).
Keyinchalik I.P.Pavlov shartsiz reflekslarni uch guruhga bo‘ladi, ya’ni oddiy, murakkab va juda murakkab reflekslar. Shulardan yuqorida oddiy va murakkab shartsiz reflekslar haqida gapirib o‘tdik, endi juda murakkab shartsiz reflekslar yoki I.P.Pavlov ta’biri bilan aytganda instinkt haqida to‘xtalamiz.
Instinkt. Har bir organizmning yashashi uchun zarur bo‘lgan eng muhim narsalardan biri bu tashqi muhit sharoitiga moslashishdir, aks holda u muhit sharoitlarining o‘zgarib borishi bilan ( issiq yoki sovuq harorat, nafas olish havosi tarkibining o‘zgarishi, oziq-ovqat mahsulotlarining miqdori, sifati, ichimlik suvining kamligi va boshqalar) hayot kechira olmaydi.
I.P.Pavlov ta’kidlashicha moslashish jarayonlarining yuzaga kelishi uchun juda murakkab shartsiz refleks yoki instinkt muhim ahamiyatga ega. Instinkt maqsadga erishish yo‘lidagi haddi-harakatlarning nasldan-naslga beriladigan turiga kirib, ontogenetik rivojlanish jarayonida rivojlanadi. Bularga misol qilib ovqatlanish, taqlid qilish, ko‘payish kabi individual hayot davomida yuz beradigan reflektor jarayonlarni olish mumkin. Instinkt bir qaraganda oddiy shartli reflekslardan farq qilmaydi, lekin chuqurroq e’tibor berilsa unda bir nechta reflektor harakatlar yig‘indisi mavjud. Uning birinchi bosqichi organizmning ichki biologik ehtiyojidan kelib chiqadi. Bunday ehtiyojlar esa, masalan, ochlik, jinsiy qo‘zg‘alish, qo‘rqish o‘z navbatida ma’lum intilishni (motivatsiyani) yuzaga keltiradi, unga erishish uchun organizm doim bir xil bo‘lgan (steriotip) harakatlarni amalga oshiradi. Masalan jinsiy qo‘zg‘alish qarama-qarshi jinsdagi individlarni shu hissiyotni qondirish uchun doimiy tegishli harakatlarni amalga oshirishga undaydi (o‘zaro quchoqlashish, jinsiy a’zolarning bir-biri bilan qo‘shilishi va hakazo). Qo‘rqish alomatlari yurakning tez urishi, qon bosimining ko‘tarilishi kabi visseral refleksni kuchaytirib individ yo qochishga yo tajavuz qilishga o‘tadi. Instinktning kelib chiqishida bosh miyaning gipotalamus gippokamp, bodomsimon tana kabi sohalari hamda ichki sekretsiya bezlari muhim rol o‘ynaydi. Bundan tashqari tashqi muhit omillari ham instinkt reflektor faoliyatida o‘z o‘rniga ega. Qushlarda in qurish va bola ochish bilan bog‘liq haddi-harakatlar kunlarning uzayishi va havoning isishi bilan boshlanadi. Insondagi istinktiv reaksiyalar shu bilan xarakterlanadiki, ular ong nazoratiga bo‘yso‘nadi va shu bois o‘zgarib turadi. Yuqoridagilar bilan bir qatorda aytish joizki tashqi muhitning tez-tez o‘zgarib turishiga to‘liq moslashish uchun faqat oddiy shartsiz reflekslar va instinkt yetarli emas.
1) Shartli reflekslar. Odam va hayvonlarning o‘zgaruvchan hayot sharoitlariga to‘liq moslashishi uchun tadrijiy ( evolyutsion) rivojlanish mobaynida shartli reflekslar paydo bo‘lgan. Shartli reflekslar shartsizlaridan farq qilib tug‘ma bo‘lmaydi, nasldan naslga berilmaydi. Ular hayot jarayonida yuzaga keladi. Aytib o‘tganimizdek itda so‘lak ajralish shartsiz refleksi ovqat og‘izga tushganidan keyin javob reaksiyasi sifatida ro‘y beradi. Itga ovqat berish boshqa ta’sirlagich bilan , masalan, qo‘ng‘iroq tovushi bilan bir necha bor birgalikda amal qilinsa, shundan keyin faqat qo‘ng‘iroq tovushining o‘zi (ovqat berilmasdan ) hayvonda so‘lak ajralishini yuzaga keltiradi. Mana shu shartli signal berilishiga javoban hosil bo‘ladigan shartli refleks bo‘ladi. Barcha shartli reflekslarda markaziy nerv tizimining yuqori sohalari-miya po‘stlog‘ining ishtirok etishi shart. Shartli reflekslar aytganimizdek hayot davomida hosil bo‘ladi va yo‘qoladi. U shartli signal berilganidan keyin unga javob ko‘rinishidagi javob reaksiyasini ya’ni shartsiz reflektor faoliyatni yuzaga kelishi bo‘lib hisoblanadi. Shuning uchun shartli refleks vositasida turli tuman havflarning oldi olinadi, o‘ljani qo‘lga kiritish uchun tegishli haddi- harakatlar amalga oshiriladi. Hujum boshlanishi uchun otilgan raketa shartli signal, unga javoban barcha harakatlar ( o‘rindan turish, qurolni jangovor holatga qo‘yib chopish va boshqalar) shartsiz effektor faoliyat. Ikkalasi birgalikda muhim shartli refleksni tashkil qiladi. Shunga asoslanib aytish mumkinki shartli refleks har bir jonzotda uning hayoti davomida o‘zlashtirib olgan tizimli reaksiyasidir.
2) Shartli reflekslar hosil bo‘lishida o‘ziga xos qoidalar mavjud bo‘lib, quyida shular haqida to‘xtalamiz.
3) Shartli refleks hosil bo‘lishi uchun shartli signal (masalan, qo‘ng‘iroq tovushi ), shartsiz signal (ovqat) bilan bog‘langan holda takroran berilishi kerak.
4) Shartli signal shartsiz signaldan oldinroq (o‘rtacha 20-25 soniya) berilishi lozim. Ularni o‘rnini almashtirib shartli refleks yuzaga keltirib bo‘lmaydi.
5) Shartli signalning biologik ahamiyati shartsiz signalnikidan kamroq bo‘lishi kerak.
6) Markaziy nerv tizimining faol bo‘lishi shartli refleks hosil bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
7) Shartli refleks hosil bo‘lishida yarimsharlarning po‘stloq sohasi boshqa ta’sirotlardan tamoman xoli bo‘lishi kerak. Xususan tajriba qo‘yilayotganda siydik pufagining peshobga, to‘g‘ri ichagining najasga to‘lishidan miyadagi siyish va defekatsiya (axlat ajratish) markazlariga to‘xtovsiz afferent impulslar borib hayvon bezovta bo‘ladi, diqqati bo‘linadi, kutilayotgan shartli refleks natijalari maqsadga muvofiq bo‘lmaydi. Ikkinchi bir misol tajribaga olingan hayvon juda och yoki to‘ygan bo‘lsa ham ovqatlanish bilan bog‘liq shartli reflekslar sodir bo‘lishi juda qiyinlashadi yoki umuman amalga oshmaydi.
Shartli reflekslar klassifikatsiyasi. Shartli reflekslarni klassifikatsiyalash dastavval shartsiz qitiqlagichlarning biologik ahamiyatiga bog‘liq. Bu talabga ko‘ra ular hayotiy (ovqatlanish, himoyalanish va boshqalar), zooijtimoiy (jinsiy, o‘z hududini himoya qilish) hamda o‘z-o‘zini rivojlantirish (tadqiqot, taqlid qilish, o‘yinlar o‘ynash) reflekslarga farqlanadi. Yana shartli reflekslar organizm faoliyatiga ko‘ra ikki guruhga ajratiladi: harakat va vegetativ reflekslar. Harakat shartli reflekslari asosida qator asbob-uskunalarni ishlatishni talab qiladigan reflekslar yotadi. Vegetativ shartli reflekslarga tipik misol so‘lak ajralish refleksidir. Signallarni qabul qiluvchi retseptorlarga qarab shartli reflekslarni ekstroretseptiv, interoretseptiv va proprioretseptiv reflekslarga ajratish mumkin. Bularning birinchisiga ko‘z, quloq,teri, og‘iz, burun bo‘shlig‘i retseptorlari orqali ta’sirotlarni qabul qilib hosil qilinadigan shartli reflekslarni kiritish mumkin. Ikkinchisiga ichki a’zolar, qon tomirlari retseptorlarini qo‘zg‘atuvchi signallar bilan bog‘liq reflekslar, uchinchisiga muskul, pay va bo‘g‘imdagi retseptorlarni ta’sirlanishi bilan yuzaga keladigan shartli reflekslar kiradi.
Yana ularning tabiatiga qarab tabiiy va sun’iy reflekslar bir-biridan farqlanadi. Tabiiy shartli ovqatlanish reflekslari ovqatning tabiiy hidi, rangi, tashqi ko‘rinishiga ko‘ra hosil bo‘lsa, sun’iylariga ovqatni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qo‘ng‘iroq, yorug‘lik va boshqa signallarga asosan yuzaga keltirilgan reflekslarni kiritish mumkin. Bundan tashqari shartli reflekslarni birinchi, ikkinchi, uchinchi va yuqori tartibli shartli reflekslarga ajratish mumkin. Qachonki sodda shartsiz refleks asosida shartli refleks yuzaga keltirilgan bo‘lsa bunday reflekslarni birinchi tartibli shartli reflekslar deyiladi. Qo‘ng‘iroq tovushiga nisbatan hosil qilingan so‘lak ajralish refleksi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Oldin hosil qilingan shartli refleks negizida yana bir shartli refleks hosil qilish mumkin, bunday refleks ikkinchi tartibli shartli refleks deyiladi. Oldingi misolimizdagi qo‘ng‘iroq chalinishini it terisini qashlab qo‘yish amali bilan qo‘shib bajaramiz va bunday kompleks qitiqlashni bir necha bor takrorlaymiz. Shundan keyin faqat teri qashlash signalining o‘zi ( qachonki u shartli signalga aylanib bo‘ldi) so‘lak ajralishiga ya’ni ikkinchi tartibli shartli refleks hosil bo‘lishiga olib keldi. Shu yo‘l bilan uchinchi tartibli va yuqori tartibli shartli reflekslar hosil qilish mumkin. Yuqori tartibli shartli reflekslar asosan hayot davomida odamda yuz beradi va bu jarayon kishilarda chuqur fikr yuritish imkoniyatini tug‘diradi.
Vaqtincha bog‘lanish shartli refleks hosil bo‘lishining asosiy mexanizmi ekanligi. Shartli reflekslarning tormozlanishi.
Shartli reflektor ta’limotining asoschisi I.P.Pavlov har qanday shartli refleks hosil bo‘lishida miyaning tegishli po‘stloq va po‘stloq osti qismlaridagi shartsiz va shartli signallar markazlari orasida vaqtincha bog‘lanish yuzaga kelishi kerak va bunday bog‘liqlik shartli refleks hosil bo‘lishining asosiy mexanizmidir deb izohlaydi. Ushbu bog‘lanishni vaqtincha deyilishiga sabab u shartli refleks ko‘p marta shartsiz signalsiz takrorlanavergandan keyin yo‘qolib ketadi yoki so‘nadi. Bu jarayonni so‘lak ajralish shartli refleksi misolida ko‘rib chiqaylik. Ushbu refleks chaqirilishida miyada bir yo‘la ikkita shartsiz refleks o‘chog‘i paydo bo‘ladi, birinchisi qo‘ng‘iroq tovushiga nisbatan hayvon qulog‘ini dikkaytiradi, boshini tovush chiqqan tomonga buradi. Ikkinchisi ovqat ta’siriga nisbatan bevosita so‘lak ajralishi (ularning har ikkalasi ham shartsiz qitiqlagichlar qo‘zg‘alishidan hosil bo‘ladi). Qo‘ng‘iroq chalinishi bilan ovqat berilishi davom etaversa qo‘ng‘iroq tovushiga ko‘ra miyada hosil bo‘lgan qo‘zg‘alish ikkinchi signal, ya’ni ovqat shartsiz signaliga ko‘ra yuzaga kelgan markazgacha (irradiatsiya qonuniga asosan) yetib boradi va ikkinchi markaz ishini ovqatsiz ham qo‘zg‘ata oladi yoki shartli refleks hosil bo‘ladi. Demak ko‘rib o‘tilgan markazlar orasida vaqtincha bog‘lanish paydo bo‘ladi. Agar vaqti-vaqti bilan (tajribalarning boshi yoki oxirida) qo‘ng‘iroq chalinishiga mos holda ovqat ham berilib borilsa refleks davom etaveradi, vaqtincha bog‘lanish o‘chmaydi. Agar yuqorida aytganimizdek faqat qo‘ng‘iroq chalinaverib ovqat berilmasa ya’ni shartli refleks qayta-qayta takrorlanaversa, bir necha takrorlanishdan keyin bog‘lanish so‘nadi, refleks yuzaga kelmay qo‘yadi. Aytish joyizki, hozirga qadar vaqtincha bog‘lanishning ko‘rinib turadigan aniq qismlari, elementlari qo‘lga kiritilmagan, bir guruh olimlar uning hosil bo‘lishini maxsus oqsil malekulalariga bog‘lasa, boshqalari bu unda asosiy rolni sinapslar yoki glial xujayralar o‘ynaydi deb taxmin qiladilar.
Shartli reflekslarning tormozlanishi. Shartli reflekslar aytib o‘tganimizdek hayot kechirish jarayonida hosil bo‘lib, o‘zgarib, yo‘qolib ham turadi. U miya funksiyalari ichida ancha nozik bo‘lganligi bois turli-tuman tashqi va ichki ta’sirotlar sababli o‘zgaradi, ba’zan tormozlanishi ham mumkin. Masalan, tajriba boshlanishidan oldin it biror narsadan bezovtalansa, aytaylik qovug‘i to‘lib ketsa, oyog‘i yoki dumi favqulotda biror narsa orasida (eshik yopilishida) qolib kuchli og‘riq paydo bo‘lsa yaxshi kuzatiladigan so‘lak ajralish refleksi darhol tormozlanadi. Bunday tormozlanishni shartli refleksga yot bo‘lgan tashqi ta’sirot chaqirganligi uchun uni tashqi tormozlanish deyiladi. Agar refleks chaqiruvchi signal nihoyatda kuchli ta’sirotga ega bo‘lsa, masalan, oddiy elektr qo‘ng‘irog‘i o‘rniga sirenaga o‘xshash kuchli signal ishlatilsa refleks hosil bo‘lmaydi, u tormozlanadi. Bunday tormozlanishni shartli refleksning chegaradan tashqari tormozlanishi deyiladi. Bu holatni I.P.Pavlov nerv hujayralarining nihoyatda kuchli shartli signal ta’sirida nerv xujayralarining ishdan chiqib qolmasligi uchun tormozlanish holatiga o‘tib o‘z-o‘zini himoya qilishi deb tushuntiradi. Yuqorida ko‘rib o‘tilgan shartli refleks tormozlanishining har ikkala turi ham nerv tizimining tug‘ma xususiyatlariga bog‘liq, ya’ni qaysidir hayvonda bunday tormozlanish darhol, boshqasida ta’sirot kuchiga qarab vaqt o‘tishi bilan hosil bo‘ladi. Shuning uchun ularni tashqi tormozlanish deb ham yuritishadi. Bunday tormozlanish halaqit beradigan signallarni ilk bor qo‘llanilishidanoq hosil bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida shunday shartli tormozlanishlar ham borki, ularni hasil qilish kerak. Bunday tormozlanishni I.P.Pavlov shartli (yoki ichki) tormozlanish deb atadi. Bunday tormozlanish to‘rt turga bo‘linadi, ya’ni so‘nish tormozlanishi, farqlash tormozlanishi (differensirovka), shartli tormoz va kechikish tormozlanishlari.
So‘nish tormozlanishi yuzaga kelishi uchun shartli refleks tez-tez qayta-qayta amalga oshirilishi kerak (shartsiz signalisiz faqat shartli signal berilib). Shunda olinayotgan shartli refleks natijalari tobora kuchsizlanib boraveradi, oxiri to‘xtaydi yoki so‘nadi. Shundan so‘ng shartli signal bir necha kun qo‘llanilmasa so‘ngan shartli refleks qayta tiklanishi mumkin. Bunday tormozlanishning yuzaga kelmasligi uchun shartli refleksni vaqti-vaqti bilan (har ikki, uch kun davomida) har ikkala signalni birga bog‘lab amalga oshirib turish kerak. So‘nish tormozlanishi muhim biologik ahamiyatga ega, agar shartli signal shartsiz signal bilan mustahkamlanmasa bunday shartli refleks so‘nib ketadi. Organizm uchun ahamiyati bo‘lmagan turli-tuman (oldin o‘rganilgan) reflekslar vaqti kelib yo‘qoladi, organizm ulardan holi bo‘ladi, yangilari uchun esa yo‘l ochiladi.
Farqlash tormozlanishi shartli tormozlanish turlari ichida biologik ahamiyati jihatidan hayot davomida muhim ahamiyat kasb etadiganlaridan biri bo‘lib uning mohiyati tashqi muhitdan beriladigan bir-biriga o‘xshash signallarni farqlash. Masalan, tovush signaliga (1000 gs) hayvonda mustahkam so‘lak ajralish refleksi hosil qilindi deylik. Endi beriladigan shartli signal tonini 900 gs yoki 1250 gs o‘zgartirsak ham refleks hosil bo‘ladi. Lekin tajriba davomida keyingi ikkita signalni ovqat bilan mustahkamlamadik deylik. Shunda o‘sha signallarga bir necha bor shartli refleks hosil bo‘lib keyin yo‘qoladi, ya’ni ularning ovqat bilan mustahkamlanmaganini farqiga borgan hayvon refleks hosil qilmaydi, reflektor faoliyatida tormozlanish paydo bo‘ladi. Mana shunday tormozlanishni farqlash tormozlanishi yoki differensirovkali tormozlanish deyiladi. 900, 1000, 1250 gs tonli signallar bir-biriga o‘xshash bo‘ladi, lekin e’tibor berib quloq solinsa bunday tovushlar ingichka, yo‘g‘onligi bilan bir-biridan farq qiladi. Miya po‘stlog‘ida ana shu farqni sezish farqlash tormozlanishini hosil qiladi. Tovushga nisbatan sezgirlik mushuklarda ancha yuqori, ular yuqorida keltirilgan tonlardan tashqari yanada bir-biriga juda yaqin signallarning farqiga boradi. Bu hol hayvon hayotida ham odam hayotida ham asqotadi, xavfli tovush signallarini payqash yashovchanlikni va raqibga qarshi qilingan hatti harakatlarda asqotadi. Shunday qilib har qanday farqlash miya po‘stlrg‘ida sodir bo‘ladigan differensirovkali tormozlanish tufayli yuzaga kelar ekan.
Shartli tormoz asosiy shartli signalga, masalan, qo‘ng‘iroq tovushiga, yana bir befarq signal qo‘shib berilsa (metronom tovushi) va bu ikki qo‘shaloq shartli signallar ovqat bilan mustahkamlanmasa, ularga nisbatan dastlab yuzaga kelgan refleks asta-sekin yo‘qoladi. Buning asosiy sababchisi qo‘shimcha berilgan shartli signaldir (ayni misolimizda metronom tovush). Qo‘shimcha signalsiz berilgan qo‘ng‘iroq tovushi esa shartli refleks chaqiraveradi. Demak asosiy shartli signalga yana bir signal qo‘shilsa u musbat signallik ahamiyatini yo‘qotadi. Buning ham hayotda ahamiyati katta, asosiy signalga qo‘shib berilgan har qanday shunga o‘xshash signallarni farqlash tez-tez uchrab turadi. Farqlash tormozlanish bilan shartli tormoz hayotda shartli reflekslarni aniq maqsadga muvofiq bo‘lishini ta’minlaydi.
Kechikish tormozlanishi ko‘pincha shartli signalning qancha vaqt davom etishiga bog‘liq. Masalan, qo‘ng‘iroq tovushiga nisbatan mustahkam so‘lak ajralish shartli refleksi hosil qilingan hayvonda, agar shartli signal uch daqiqadan ko‘proq vaqt berilib tursa, dastlabki tajribalarda signal boshlanishi bilan so‘lak ajralish yuzaga keladi. Keyingi tajribalarda esa signal berilishining dastlabki soniyalarida refleks kuzatilmaydi ( so‘lak ajratilmaydi). Signal chalinishi tugashi bilan so‘lak ajralishi yuzaga keladi. Demak ayni misolda shartli signalning boshlanishidan tamom bo‘lgunicha ketgan vaqt oralig‘ida tormozlanish ya’ni kechikish tormozlanishi kuzatiladi. Bunday tormozlanishning ma’lum biologik ahamiyati bor. Masalan, ko‘r sichqonning inidan chiqishini kutib turgan mushuk u ko‘rinmaguncha sabr bilan, qimirlamasdan kutib turadi (kechikish tormozlanishi), garchan mushuk ko‘r sichqonning yer tagidan chiqayotganligini uning hidi va harakatiga qarab bilsa ham. Shartli signalni mushuk qabul qilsa ham o‘lja inidan chiqmagunicha behuda so‘lak ajratmaydi, harakat qilmaydi va energiya sarflamaydi, tejamkorlik qiladi.
Ta’sirotlarning analiz va sintezi. Katta yarimsharlarda analiz va sintez. Dinamik stereotip. Harakat stereotipining avtomatlashuvi va dezavtomatlashuvi.
Miyaning aniqrog‘i oliy nerv faoliyatining barcha funksiyalari tashqaridan va ichkaridan beriladigan xilma-xil ta’sirotlarni yig‘ib, to‘plab analiz (tahlil) qilish hamda ularni sinchiklab o‘rganib tegishli qarorga kelish yoki sintez qilishdan iborat. Analiz va sintez qilish orqali hayvonlar tashqi muhitga oriyentirovka qiladi, xavf-xatardan saqlanadi, kerakli oziq-ovqat manbalaridan bahramand bo‘ladi. Odam esa oliy nerv faoliyatining ushbu xususiyati bois voqe’likni obyektiv tushunib yetadi, baholaydi, rejalashtiradi, tegishli maqsadga erishish yo‘lida haddi-harakatlar qiladi. Analiz va sintez hodisalari hayvonlarda ham, odamlarda ham doim bir-biriga bog‘liq. Ushbu uzviylik har qanday shartli refleksga tegishli bo‘lib, dastlab unchalik aniq bo‘lmagan reflektor faoliyat oydinlashib, mukammallashib boradi. Oddiydan murakkablikka intilgan ushbu jarayonga dastlab generalizatsiyalanish, keyin spetsiyalizatsiyalanish holatlari tufayli amalga oshiriladi.
Generalizatsiyalanish hodisasini ushbu oddiy tajribada kuzatish mumkin. Itning oldingi oyog‘i uchidan keyingi oyoq barmoqlarigacha terini qashlaydigan yetti dona moslama (kasalka) ta’sirlagichlar mahkamlab chiqiladi va ularning faqat bittasigina musbat ya’ni shartli refleks chaqiradi, qolganlari esa shartsiz qitiqlagich bilan mustahkamlanmaydi. Shunga qaramasdan dastlabki tajribalarda kasalkalarning qaysi biri ishga tushirilmasin shartli refleks hosil bo‘laveradi. Bu narsa shartli signalning ta’siri miya po‘stlog‘ida keng tarqalishini va unga olinadigan javob reaksiyasining bir-biriga o‘xshash har bir kasalkadan tarqalgan ta’sirotga nisbatan bo‘lishini ya’ni generalizatsiyalanishini ko‘rsatadi. Generalizatsiyalanish hodisasini miya po‘stlog‘ida yuz beradigan nerv jarayonlarining (masalan, qo‘zg‘aluvchanlikning) irradiatsiyalanishi ya’ni keng tarqalishi bilan tushuntirish mumkin. Generalizatsiyalanishning muhim biologik ahamiyati bo‘lib, u tufayli har bir qo‘zg‘alish bosh miyada keng yoyiladi va har tomonlama analiz qilish uchun po‘stloqdagi markazlar ishini umumlashtiradi.
Spetsiyalizatsiyalanish hodisasini tasavvur qilish uchun oldin aytib o‘tilgan tajribaga qaytamiz. It oyoqlariga o‘rnatilgan yettita kasalkadan aytganimizdek bittasi musbat ya’ni uning harakatga kelishi bilan so‘lak ajrala boshlaydi, qolganlari ham ishga tushganida boshida refleks sodir bo‘lib, ular mustahkamlanmaganligi bois bir necha tajribalardan keyin kamayib, kamayib oxiri yo‘qoladi. Haligi musbat signalga nisbatan olinadigan javob ancha aniq va mustahkam bo‘ladi yoki u spetsiyalizatsiyalanadi. Ushbu jarayonda bir biriga o‘xshash qator signallarning faqatgina musbati qolganlaridan ajratib olinadi va unga nisbatan javob reatsiyasi amalga oshiriladi. Bu hol o‘z o‘rnida ma’lum biologik ahamiyatga ega, unga ko‘ra chor-atrofdagi turli-tuman signallarning kerakligiga ahamiyat berish belgilangan haddi-harakatlarni aniq bajarishga olib keladi. Demak spetsiyalizatsiyalanish hayot davomida maqsadga muvofiq ish qilishga kishini undar ekan.
Spetsiyalizatsiyalanish jarayonining fiziologik mexanizmi differensirovkali tormozlanish bilan amalga oshiriladi. Tegishli bo‘limlarda ko‘rib o‘tganimizdek signallar o‘zlarining biologik ahamiyatiga ko‘ra bir-biridan farqlanadi, ya’ni differensirovka qilinadi (musbat, manfiy). Bu hol o‘z navbatida kishiga aniq haddi-harakatlarni bajarish imkoniyatini beradi, ya’ni oldin generalizatsiyalangan qo‘zg‘alish ma’lum vaqt o‘tishi bilan bir nuqtaga to‘planadi, ya’ni spetsiyalizatsiyalanadi. Shuni aytish joyizki, miya faoliyatida ma’lum tizim mavjud yoki uning ishlashida tizimlilikga amal qilinadi. Masalan, itda bir nechta shartli signallarga qator reflekslar hosil qilinib, ular aniq birin-ketinlik bilan berilsa shu tartibni hayvon o‘zlashtirib oladi. Masalan, oldin tovush keyin teri yuzasini qitiqlash, undan keyin elektr chirog‘i yog‘dusi doim bir xil tartibda qaytarilaverib tursa unga it shunchalik o‘rganib qoladiki, aytilgan tartib o‘zgartirilib tovush signali terini qitiqlash bilan o‘rin almashtirilsa hayvonda shartli reflekslar yaxshi chiqmaydi, xatoliklar paydo bo‘ladi. Agar oldingi tartib qayta tiklansa reflektor jarayon oldingisidek yaxshi natijalar bera boshlaydi.
Dinamik stereotip (yunoncha stereos-qat’iy, typos-ta’sir) ilk bor I.P.Pavlov tomonidan ixtiro qilingan. Uning mohiyati shundaki, inson va yuqori taraqqiy qilgan hayvonlar miyasi atrof-muhitdan ta’sir qilinadigan signallarning berilish tartibini o‘zlashtirib olar ekan. Masalan, shartli refleks chaqiruvchi qator signallar birin-ketin ta’sir qilib, har qaysisi o‘ziga xos javob reaksiyalari chaqirsa mana shu xolat reflektor jarayonda tegishli tizim sifatida qabul qilinadi. Mana shunday tizimlilik oliy nerv faoliyatida dinamik stereotip tamoyilida amalga oshiriladi. Odamning kundalik turmush tarzi aynan dinamik stereotip asosida shakllanadi amal qilib yashashga u ko‘nikadi, moslashadi. Dinamik stereotip barcha shartli reflektor jarayonlarga xos xususiyat. Unga amal qilish ma’lum tartib bilan yashashga, ishlashga undaydi. Ertalab uyqudan turgan odam hojatga borib badan tarbiya mashqlarini bajaradi, keyin yuvinib nonushtaga o‘tiradi. Shundan keyin ishga otlanadi, har kunlik qiladigan mehnati bilan shug‘ullanadi, soat 12-1230 larda tushlik qilib yana ishini davom ettiradi va taxminan soat 5-6 larda qaytib keladi. Bunday tartibda yashash 5-6 oy davom etsa, shu tizimga uning organizmi o‘rganib qoladi, orada oldingi hatti-harakatlarning birontasi ma’lum sababga ko‘ra amalga oshirilmasa nimadir yetishmagandek bo‘lib odam o‘zini boshqacha sezadi, bajariladigan ishga ham bu holat o‘z ta’sirini o‘tkazib ko‘ngildagidek natija olish buziladi. Bu narsani hamma ham sezadi, lekin ko‘pchilik e’tibor bermaydi. Ba’zan turli-tuman sharoitlar bois kundalik turmush tarzi tez-tez buzilsa ishda unum bo‘lmaydi, odam arzimagan narsalarga e’tibor berib asabiylashadi, ishdan qo‘li soviydi, tez charchaydi va hokozo.
Dinamik stereotip ko‘pincha avtomatik ravishda sodir bo‘ladi, bunda shartli qitiqlagichning ta’siridan ko‘ra uning boshqa ta’sirotlar orasidagi o‘rni muhim ahamiyatga ega. Dinamik stereotip har xil mehnat turlarini amalga oshirishda, sport musobaqalarida, o‘yinlarda muhim ahamiyat kasb etadi. Bulardan tashqari dinamik stereotip tufayli inson har xil tashqi muhit sharoitlariga moslashib boradi (masalan, sutka davomida yorug‘lik va qorong‘ilikning almashinuviga moslashish va boshqalar). Shuni ham aytish joizki keksa kishilarda ma’lum tartibdagi turmush tarzining o‘zgarishi, masalan nafaqaga chiqish bilan mehnat faoliyatidagi o‘zgarishlar, vaqt o‘tkazishga moslashish va boshqalarda ancha qiyinchiliklar tug‘diradi. Bunday odamlar nafaqaga chiqib ish yo‘qotganligiga qayg‘urmasdan turmush tarziga chuqur singib ketgan kun o‘tkazishning keskin o‘zgarganligidan kuchli bezovtalanadi, tinchi buziladi, hatto kasallikka uchrashi mumkin. Ushbu holatlarni dinamik stereotipning dezadaptatsiyalanishi deb baholash mumkin.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda dinamik stereotip quyidagi xususiyatlarga ham ega:
1. Stereotip xarakterini qabul qilgan harakatlar ancha yengil bajariladi. Masalan, ritmik xarakterda qadam tashlash tartibsiz yurishga qaraganda oson va unumli bo‘ladi. Har qanday harakatga odam qancha yaxshi moslashsa uni bajarish oson kechadi. Sportchi turnikda mashq bajarish qoidalariga qancha moslashsa shuncha osonlik va ko‘p kuch sarflamay shug‘ullana oladi. Qilich bilan mashq bajarish ham shunday harakat qilishga moslashishni talab qiladi, bunda sportchi qilichning harakat inersiyasiga qarab o‘z harakatini moslashtirishi lozim, shunda uning zarbi kuchayadi, raqibni mag‘lub qilishi osonlashadi.
2. Stereotip reaksiyalar qancha mustahkam bo‘lsa boshqa shunga o‘xshash faoliyatlarni o‘ziga moslashtiradi. Misol uchun o‘z o‘ljasini (masalan kiyikni) bug‘ib o‘ldirishga o‘rgangan yirtqich boshqa ov obyektlariga ham shunday hujum qiladi.
3. Ma’lum bir vaziyatda yuzaga kelgan stereotip reaksiyalar boshqa vaziyatga tushib qolinganida ham ishni bajarishda o‘rganilgan tartibni yoki shunga yaqin amallarni bajarishga undaydi. Masalan, odatdagi usullar bilan avtomabilni boshqarish stereotipi, mashina ruli o‘zgartirilsa ham (rul o‘rniga chap, o‘ng richaglar o‘rnatilsa) ba’zan odatdagi boshqaruv usulini (rulni aylanma harakati) qo‘llash harakatlari kuzatiladi.
Birinchi va ikkinchi signallar tizimi. Birinchi va ikkinchi signal tizimlari haqida I.P.Pavlov ta’limoti. Ularning biologik ahamiyati. So‘z-odam oliy nerv faoliyatining maxsus signali sifatida ekanligi. Ong, nutq, fikrlash fiziologiyasi.
Insonning oliy nerv faoliyati barcha hayvonlarnikidan o‘zidagi analiz (tahlil) va sintez qilish xususiyatlarining mukammalligi bilan farq qiladi. Bunga olib keladigan omil evolyutsion jarayonda miya po‘stlog‘i faoliyatining tobora rivojlanib borishi bo‘libgina qolmasdan, qaysikim ham hayvonlarga ham odamga tegishli, balkim tarixiy taraqqiyotda faqat insonning o‘zigagina xos bo‘lgan faoliyatlar mexanizmi ham asos bo‘lib xizmat qiladi. Hayvonot olamidan o‘zlashtirilgan va faqat insonga xos bunday xususiyatlarning yuzaga kelishi va rivojlanishida mehnat hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Mehnat qilish va uning tobora mukammallashib borishi yana shunday funksiyani vujudga keltiradiki, uning ta’sirida inson oliy nerv faoliyati hayvonlarda bo‘lmagan va bo‘lmaydigan darajada yuksaklikka erishdi. Bunday funksiyaga insoniyat dunyosida asos solindi va mehnat qiliash jarayonida u kishilarning hal qiluvchi fikr almashish vositasi bo‘lib xizmat qildi. Nutq va til orqali bo‘ladigan munosabatlar odamda oliy nerv faoliyatining tobora rivojlanishiga, misli ko‘rilmagan darajada taraqqiyotiga olib keldi. Bu haqida F.Engels o‘zining “Tabiat dialektikasi” asarida shunday yozadi: “Dastavval mehnat keyin aniq- ravshan nutq maymun miyasining asta-sekin inson miyasiga aylanishiga olib keldi”. Miyaning esa hayvonot dunyosida ham insoniyat olamida ham oliy nerv faoliyatining morfo-funksional tarkibi ekanligini biz yuqorida batafsil ta’riflab o‘tdik.
Odamda oliy nerv faoliyatining bunday o‘ziga xosligi unda ikkita ya’ni birinchi va ikkinchi signallar tizimi mavjudligidan kelib chiqadi. Ushbu tizimni ilk bor 1932 yilda ilmiy asoslab bergan olim I.P.Pavlov hisoblanadi. Birinchi signallar tizimi bu organizm bilan muhit orasida konkret (aniq) tashqi muhit ta’sirlagichlari bevosita retseptorlarga ta’sir etishi tufayli yuzaga keladigan o‘zaro aloqadir. Bu tizim hayvonot dunyosi uchun tashqi olamdan axborotlar olib turiladigan yakkayu-yagona vosita hisoblanadi.
Tashqi muhitdagi turli-tuman ta’sirlagichlar o‘zlarining fizikaviy va kimyoviy xususiyatlari (tovushi, rangi, shakli va boshqalar) bilan bo‘lajak hodisalar oldidan xabar beruvchi shartli signallar bo‘lib xizmat qiladi va shu jarayonlar orqali organizmni muhit sharoitiga moslashtirib boradi. Masalan, tinch yotgan ohu uchun yirtqichning qadam tovushlari himoyalanish (qochib qolish) refleksini chaqiradi va hakazo.
Birinchi signal tizimi orqali olinadigan axborotlar aniq bo‘lib ma’lum bir predmetlardan tarqaladi. Bu tizim orqali hosil bo‘ladigan shartli reflekslar yuqori taraqqiy etgan hayvonlarda yuzaga keladigan elementar tafakkurning fiziologik asosi bo‘lib hisoblanadi. Birinchi signal tizimi hayvonlar hamda inson uchun umumiy bo‘lib hisoblanadi. Lekin odamda uning ajralgan holda mavjud bo‘lishi tug‘ilgandan keyin yarim yil davom etadi. Shundan keyin tarbiya jarayonida oliy nerv faoliyatining ikkinchi signal tizimi, ya’ni unga tashqi dunyo bilan aloqa qilish va undagi turli-tuman o‘zgarishlarni fahmlash imkoniyatini beradigan signal tizimi shakllanadi. I.P.Pavlov ikkinchi signal tizimi inson oliy nerv faoliyatining hayvonot dunyosidan ajralib, misli ko‘rilmagan darajada rivojlanishiga olib keldi, deb ta’riflaydi. Ikkinchi signal tizimi tashqi dunyodagi barcha signallarning so‘z bilan ifodalanadigan oliy darajada qayd qilinishidir. U ko‘rgan, eshitgan, sezgan, hayolan tasavvur qilinadigan signallarning so‘z, gap, nutq bilan ifodalanishi bo‘lib, faqatgina insonga xos xususiyatdir. Insonda ikkinchi signal tizimining shakllanib yuzaga kelishida asosiy sabab mehnat qilish jarayonidagi ijtimoiy muhit hisoblanadi. Mehnat qilish tufayli muskullar, bo‘g‘imlar, paylar orqali miyaga ko‘tariladigan kinestetik impulslar oliy nerv faoliyatining insonda eng yuqori darajada mukammallashuviga olib kelgan asosiy omillardan biri bo‘lib xizmat qilgan. So‘z inson uchun boshqa tashqi muhit predmetlari kabi fiziologik ta’sirlovchi hisoblanadi. Shu bilan birga so‘z inson uchun bitta tovush yoki tovushlar yig‘indisidan iborat ta’sirlagich bo‘lib qolmasdan, u ma’lum mazmun sifatida qabul qilinadi. Masalan, “olov” so‘ziga nisbatan ancha mustahkam shartli refleks hosil qilindi deylik. Tajribalar davomida “olov” o‘rniga “alanga”, “cho‘g‘” so‘zlari shartli signal sifatida ishlatilganida ham shartli refleks yuzaga keladi. Chunki har uchchala so‘zning ham ma’nosi bir xil, qaysi biri qo‘llanilmasin issiq va yorug‘likka ega ta’sirlagich tushunchasi shakllandi. So‘z fiziologik ta’sirlagich sifatida boshqa aniq predmet -ta’sirlagichlardan qator xususiyatlari bilan ajralib turadi. Birinchidan, u ham birinchi ham ikkinchi signallar tizimi xos ta’sirlagichlarni umumlashtirish xususiyatiga ega. Masalan, “stol” so‘zi kishi hayoti davomida ko‘rgan, tasavvur qilgan stollarning barchasini eslatadi (ularning rangi, katta-kichikligi, bir to‘mbali, ikki to‘mbali, qanday materialdan yasalganligi va hakozo). Shunga ko‘ra ushbu so‘z eshituvchini aniq predmet haqidagi fikrdan mavhum (abstrakt) fikrlarga yo‘llaydi. U yoki bu stol nazarda tutilganligi uchun unga qo‘shimcha so‘z kiritish kerak, masalan, “qora stol” yoki “ikki to‘mbali stol” va boshqalar. Shularga ko‘ra ikkinchi signal tizimini ko‘p qamrovli, birinchi signal tizimidagi ta’sirlagichlarni umumlashtiruvchi, mavhum (abstrakt) tushunchalar hosil bo‘lishiga olib keluvchi tizim deb qarash kerak.
Ikkinchidan, ikkinchi signal tizimi birinchi signal tizimidan o‘zining juda keng ma’lumotga egaligi bilan ajralib turadi. Bunda so‘z orqali bildirilgan tushunchada boshqalarning va jamoatchilik fikri inobatga olinishi muhim. Bunday ma’lumotlar so‘z orqali yoki yozma holatda bo‘lishi mumkin. Masalan, sportchi o‘z mahoratini oshirishda bevosita o‘zining shug‘ullanishidan tashqari murabbiysi tomonidan so‘z orqali bildirilgan fikrlarga, boshqa sportchilarning bajaradigan amallariga (kino, fotoxronika) e’tibor berishi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ikkinchi signal tizimi insongagina xos bo‘lgan nutq va fikrlashning fiziologik asosi bo‘lib hisoblanadi. So‘z, gap eshitish va ko‘rish analizatorlari orqali markaziy nerv sistemasiga yetib kelib murakkab shartli reflekslar bo‘lmish yozma va og‘zaki nutqni shakllantiradi. Birinchi va ikkinchi signal tizimlari bir-biridan ajralmagan jarayonlardir. Insonning barcha tuyg‘ulari, idroki, tasavvuri so‘z yoki yozma so‘z ya’ni yozma nutq sifatida ikkinchi signal tizimi orqali ifodalanadi. Birinchi signal tizimi ikkinchi signal tizimisiz faollik ko‘rsatishini hali tili chiqmagan bolalarda kuzatish mumkin.
Ma’lumki, inson tanasi simmetriyalik xususiyatiga ega, unda ikkita qo‘l, ikkita oyoq, ikkita ko‘z, ikkita quloq bor. Odamning bosh miyasi ham bir-biriga juda o‘xshash ikkita yarimshardan iborat ekanligini bilamiz. Ularning har ikkalasida ham bir-biriga o‘xshash egatlar, pushtalar bor. Bundan tashqari har bir yarimsharda eshitish, ko‘rish va boshqa sezgi markazlari ham mavjud. Bu holatlar har bir yarim shar mustaqil bo‘lib faoliyat ko‘rsatadi, degan fikrga olib kelishi tabiiy. Lekin bunday mustaqillik faqat somatik faoliyatlarni boshqarishda kuzatilar ekan, masalan, chap yarimsharning motor qismi shikastlansa, tananing o‘ng tomonida harakatlar buziladi, o‘ng yarimshardagi shu soha shikastlanganida chap tomon harakatlari buziladi. Ikkinchi signal tizimi bilan bog‘liq faoliyatlarning yuzaga chiqishida ikkala yarimsharning hissasi bir xil emas ekan.
Hozirga qadar miya yarimsharlar po‘stlog‘ida ikkinchi signal tizimi markazlarining lokalizatsiyasi oxirigacha o‘rganilmagan. Uning amalga oshirilishida har ikkala yarimsharlardagi markazlar ishtirok etadi. Shu bilan bir qatorda zamonaviy elektrofiziologik, biofizikaviy, biokomyoviy usullar bilan o‘naqay odamlarda chap miya yarimsharlarlarining bu borada ustun turishi aniqlangan.
Rus olimi I.P.Pavlov tomonidan ochilgan va ilmiy asoslangan ikkinchi signal tizimi fiziologiya, psixologiya, filosofiya, lingvistika va tibbiyotning rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shdi. Insondagi ikkinchi signal tizimi unga aqlu-zakovatda misli ko‘rilmagan rivojlanish imkoniyatlarini berdi. So‘z, nutq har bir kishiga butun insoniyat erishgan hayotiy tajribalardan (barcha sohalarda) keng ko‘lamda foydalanish, o‘z bilimlarini kengaytirish hamda bir vaqtning o‘zida erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni boshqalar bilan ulashish, muhokama qilish imkoniyatlarini beradigan tizim. Yozma nutq bunday imkoniyatlarni yanada rivojlantirdi, beqiyos qildi.
I.P.Pavlov so‘zni “signallarning signali” deb ta’riflaydi va uning nihoyatda murakkabligini, faqat o‘zaro muloqot yo‘li bilan kelib chiqishini ushbu signallarning o‘z navbatida inson oliy nerv faoliyatini tobora takomillashuvidagi ahamiyatini ochib berdi. Shular bois inson, texnika, fan, san’at va ijtimoiy sohalarda yangidan yangi muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Olimning ikkinchi signal tizimi haqidagi ta’limoti uning oliy nerv faoliyati bo‘yicha yaratgan yangiliklarining eng nufuzli qismi deyish mumkin.
Ong inson miyasining mahsuli hisoblanadi. Psixologik nuqtai-nazardan ong faqat odamgagina tegishli bo‘lgan borliqning psixologik tasavvur qilinishidir. Ong-so‘z, matematik, badiiy asarlar bilan hosil qilingan bilimning boshqalarga berilish, uzatilish yoki jamiyat a’zolarining o‘ziga tegishli mulki bo‘lib hisoblanadi. U biron narsani tushunib yetish, fahmlash uni boshqalarga berish, yetkazish imkoniyatini bersa, fahmlamaslik bunday imkoniyatdan mahrum qiladi. Ongning paydo bo‘lishi o‘z navbatida uni boshqalarga berish usullaridan biri nutqni yuzaga keltiradi.
Ong tushunchasini ilk bor I.P.Pavlov fiziologik hodisa deb qaraydi va uni insonning oliy nerv faoliyati mahsuli deydi. I.P.Pavlovning o‘zi va undan keyin o‘tgan fiziologlarning ko‘pchiligi bu tushunchaning nihoyatda murakkabligini ta’kidlab, ong miya yarimsharlarining po‘stloq qismi, po‘stloq osti yadrolaridan aynan qaysi nuqtalari bilan bevosita bog‘liqligini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganligi bois sharhlab bera olmagan. Hozirgi paytda bu borada tadqiqotlar neyrofiziologik zamonaviy usullar yordamida davom ettirilmoqda. Lekin natijalar esa hamin qadar.
Tabiat va jamiyat hodisalarining miya tomonidan anglab yetilganlaridan anglab yetilmaganlari ko‘p desak xato qilmaymiz. Boshqacha aytganda ko‘p narsalarni tushunishga aqlu-zakovatimiz, ongimiz yetadi (bunga o‘qish, o‘rganish, fahmlash kabi chuqur va o‘ziga xos mehnat bilan erishiladi), lekin ongimiz yetmaydiganlari, biz idrok qila olmaydiganlari bundan bir necha barobar ko‘p desak bu ham haqiqat. Shuning uchun ham qancha ko‘proq bilish, anglash uchun harakat qilinsa, shuncha o‘rganilmagan narsalarning ko‘pligining shohidi bo‘lamiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak buyuk Sokrat (taxminan eramizdan avvalgi 399-470 yillar) “ Shuncha o‘qib-o‘rganib bitta narsani angladim (bildim), u ham bo‘lsa hech narsani bilmas ekanman” deb bejiz aytmagan. Bu yerda asosiy narsa dunyodagi, tabiat va jamiyatdagi voqea va hodisalarni anglab olish borasida bizdagi ong, aql-idrok tegishli taraqqiyot darajasiga yetmagani bo‘lsa kerak. Chunki ong miya mahsuli sifatida Homo sapiens paydo bo‘lishi bilan yuzaga keldi, keyin mehnat qilish, o‘zaro aloqalar vositasida oliy nerv faoliyati qonun qoidalariga mos ravishda rivojlandi, takomillashdi, aqlu-zakovat paydo bo‘ldi. Lekin u nihoyasiga yetdi deya olmaymiz, shuning uchun ilm-fanda yangiliklar, ixtirolar yaratilmoqda. Bunday yangilanish albatta ong bois jamiyat rivojlanishida ham sodir bo‘lmoqda.
Nutq. Biz yuqorida birinchi va ikkinchi signallar tizimiga ta’rif berib o‘tdik. Nutq aynan ikkinchi signal tizimi asosida vujudga kelib, oliy nerv faoliyatidagi murakkab refleksdir. Nutqqa doir reflekslar miyaning turli qismlari bilan bog‘liq. Masalan, uning peshona qismidagi egatlar harakat markazlari hisoblanib og‘zaki nutq (bevosita gapirish) paydo bo‘lishi uchun xizmat qiladi (bu sohani Brok markazi deyiladi). Miyaning chekka qismida nutqni eshitish markazi (Vernike markazi) joylashgan bo‘lib, u tashqi dunyodan keladigan barcha tovushlarni, shu jumladan nutqni ham qabul qiladi. Nutq mana shu markazlardan bioelektrik signallarning so‘z, gap, nutq hosil qiluvchi apparatlarga boradigan buyruq tufayli yuzaga keladi.
Nutqning fiziologik asosini nutq hosil bo‘lishi va nutqni qabul qilish tashkil qiladi. Buning uchun a’zolar yoki nutq apparati ishtirok etadi: hiqildoq (bo‘g‘iz), tomoq, og‘iz, burun, yumshoq tanglay va lablar. Bu a’zolar ishi bir-biriga qat’iy moslashtirilgan holda bo‘ladi va shu sababli nutq aniq va ravon yuzaga keladi (buni artikulyatsiya deyiladi). Ularning birontasida funksional yoki organik nuqson paydo bo‘lsa, masalan, til kesilsa, nutq umuman bo‘lmasligi, g‘uldirash, manqalik va boshqa holatlar yuzaga keladi.
Insonda nutq bilan bog‘liq barcha rivojlanishlar evolyutsion jarayon hisoblanadi. Aniq, burro va tushunarli nutqning yuzaga kelishida lablar hamda tilning o‘ziga xos va chaqqon harakat qilishi katta ahamiyatga ega. Bunday harakatchanlik inson taraqqiyotidagi qator anatomik o‘zgarishlar bilan qo‘lga kiritilgan. Pastki jag‘ning kengayishi va kaltalanishi, iyakning paydo bo‘lishi, qoziq tishlarning kalta bo‘lishi, og‘iz bo‘shlig‘ining til harakati uchun kattarishini shular jumlasiga kiritish mumkin. Bu o‘zgarishlar tufayli tovush yaxshi rezonans oladi. Insonda nutq apparati ikkiga bo‘linadi, ya’ni periferik va markaziy qismlar. Periferik qismga yuqorida aytib o‘tilgan nutq apparati a’zolari kirib, o‘pka va tegishli muskullar orqali yuzaga keltirilgan havo oqimi hiqildoqdagi tovush pardalarini harakatga keltiradi (tebrantiradi) va bu hol tovush to‘lqinlarini paydo qiladi. Tovush yoki nutq apparatining rivojlanishi o‘z o‘rnida eshitish a’zolari rivojlanishiga olib keladi. Markaziy qismga miyaning ma’lum sohalari kirib, ular ichida markaziy nutq apparati ham mavjud. Ushbu apparat tarkibiga miya po‘stlog‘i, po‘stloq osti yadrolar, uzunchoq miya hamda nafas olishga aloqador muskullarga (ko‘krak qafasi va artikulyatsion muskullar) boradigan nerv yo‘llari kiradi. Nutqning yuzaga kelishida hal qiluvchi rolni chap miya yarimsharlari po‘stlog‘i bajaradi (peshona, chakka, tepa, ensa). Uning chekka qismida nutq-eshitish oliy markazlari joylashgan va u o‘zga nutqni eshitish vazifasini bajaradi. Miyaning tepa nutq markazi eshitilgan tovushlarni tushunish uchun, ensa qismdagilari esa yozma nutqni qabul qiladi. Nutqning ritmi, tempi (sur’ati), ifodaliligini farqlashda po‘stloq osti yadrolar hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Nutq a’zolari va miya po‘stlog‘i bir-biri bilan ikki xil nerv yo‘llari orqali bog‘langan bo‘ladi. Markazdan qochuvchi yo‘l, u miya po‘stlog‘i bilan periferik (ovoz) nutq apparatlarini bir-biriga bog‘lab turadi. Ushbu nerv yo‘li nutq apparatlaridan miya po‘stlog‘i tomon yo‘naltirgan bo‘ladi.
Markazga intiluvchi nerv yo‘lining boshlanishi proprioretseptorlar (muskullar, pay va bug‘imlarda) va baroretseprorlarda joylashgan. Baroretseptorlar hiqildoqdagi havo bosimining o‘zgarishi bilan qo‘zg‘aladi. Bosh miya nervlaridan (miya sopidan boshlanadiganlari) uchlamchi, yuz, til-tomoq, adashgan, qo‘shimcha, til osti nerv yo‘llari markaziy nutq markazidan impulslarni periferik nutq markaziga yo‘llaydi.
Nutqning tezligi, kuchi, tembri erkaklarda bolalik paytidagi tovushning o‘zgarishi (yigitlikning boshlanishi) davriga kelib shakllanadi, xotin-qizlarda esa bu holat o‘smirlik davrining boshlanishiga to‘g‘ri keladi. Shundan keyin nutq va tovushning doimiyligi keksalik va qariyalik davrlarigacha saqlanib qoladi. Shuning uchun ham uzoq vaqt ko‘rmagan kishini tovushiga qarab tanib olish mumkin. So‘zlar bilan ifodalanadigan nutq uch shaklda bo‘ladi: akustik, optik va kinestezik. Akustik shakldagi nutq tovush signallari holida bo‘lib, u tarqalayotgan signallarni bo‘laklarga bo‘lish yo‘li bilan ma’lum nutqni yuzaga keltiradi. Nutqning kommunikativ funksiyasi aynan tovushning akustik shakli bilan amalga oshiriladi. Tovushning optik shakli harflarga qarab so‘zlarni talaffuz, analiz va sintez qilish imkoniyatini beradi. Ushbu shakl yana nutqning simvolik (ramziy) funksiyasini ham yaratadi. Kinestezik nutq shakli tovush paydo qiluvchi muskullar faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, u nafaqat tovush chiqarayotganda, balki biron fikr haqida o‘ylaganda ham tegishli muskullar tonusini yuqori holda saqlaydi. Shuning uchun ham odam o‘zi o‘ylagan fikriga mos holda gapiradi (do‘q, po‘pisa, yalinish, iltijo qilish va boshqalar).
Inson nutqi orqali ma’lum tushunchalarni berish, anglatishidan tashqari yana nutq so‘zlovchi haqida uning xarakteri, o‘ziga xos psixologik xususiyatlari kabi ma’lumotlarni ham tinglovchilarga beradi. Bunda nutq intonatsiyasi, so‘z boyligi, notiqlik san’ati, xulq-atvori muhim rol o‘ynaydi. Nutqning ushbu xususiyati kishining til pasporti deyiladi. Ushbu pasport ko‘rsatkichlari (jinsi, yoshi, tug‘ilgan joyi, millati, madaniyati, tarbiyalanganligi) kishi gapirganda, nutq so‘zlaganda tinglovchilarga uzatiladi. Odamning yozma nutqi ham uning nutq pasportiga tegishli bo‘ladi (husnixatga qarab odamni asabiy, turg‘un yoki boshqa xususiyatlari) haqida xulosa chiqarish mumkin. Nutqning fiziologik mexanizmi-yarimsharlar po‘stlog‘idagi ko‘plab nerv hujayralarining (yadrolarining) o‘zaro koordinatsialangan murakkab faoliyatidan iborat.
Fikrlash ham boshqa psixologik jarayonlar qatori miya funksiyasi hisoblanadi. Unga har ikkala signallar tizimi ishtirokida yuz beradigan miyaning murakkab taxminiy faoliyati deb qarash mumkin. Lekin ikkinchi signal tizimi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Nutq fikrlashning o‘ziga xos shakli hisoblanadi va u fikrlash bilan boshqariladi. O‘z navbatida nutq fikrlashni rivojlantiradi. Fikrlash nutq orqali boshqalarga yetkaziladi, shuning uchun fikrning mukammal bo‘lishida uni har tomonlama o‘ylab ko‘rishda nutq yaqindan yordam beradi. Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, fikrlash va nutq, so‘z bir-birini to‘liq takrorlaydigan jarayonlar emas. Masalan bir fikrni turli so‘zlar bilan ifodalash mumkin (sinonimlar), yoki bitta so‘z turli tushunchalarni, fikrlarni ifoda qilishi mumkin (omonimlar). Fikrlashning qanday shakllanishiga qabul qilingan nutqning tuzilishi ham ta’sir qiladi. bir ma’noni beradigan nutqni (so‘zni) har xil tuzilishga ega so‘z, gaplar bilan ifoda etib, har xil fikrni yuzaga keltirish mumkin. Masalan, rivoyat qilinishicha bir katta amaldor tushida og‘zidagi hamma tishlarini tushib ketganligidan havotirlangan holda (chunki tushda tish tushishi o‘limdan darak beradi, degan diniy tushuncha mavjud) barcha qo‘l ostidagi xizmatkorlarini to‘plab, menga bu tush ta’birini aytib beringlar deb talab qiladi. Shunda eshituvchilardan biri “bu tush barcha qarindosh-urug‘lar va bola-chaqangizning o‘lib ketishidan darak beradi” deydi. Bundan qo‘rqib ketgan amaldor sarosimaga tushib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi (bir fikrning yuzaga kelishi). Shunda boshqa bir eshituvchi “siz barcha qarindosh-urug‘ va bola-chaqangizdan ko‘p yashaysiz, mana shu narsa tushingizda aks etibdi” deydi. Bu gapni eshitgan amaldor o‘zini bosib “men eng uzoq yashash baxtiga erishar ekanman” deb mamnun bo‘ladi (ikkinchi fikrning yuzaga kelishi). Ko‘rinib turganidek aslida bir ma’noni anglatadigan ikki xil so‘z (nutq) bir-biriga qarama-qarshi ikki xil fikrlashni yuzaga keltirdi. Fikrlash miya po‘stlog‘i va po‘stloq osti yadrolari orasidagi har xil analizatorlarning vaqtincha bog‘lanishi tufayli yuzaga keladi. Bu haqda I.P.Pavlov o‘z vaqtida aytib o‘tgan, ya’ni miya yarimsharlar po‘stlog‘ini o‘ziga xos funksiyalari bilan ajralib turadigan aralash-quralash nerv markazlari (mozaikali) deb qarash kerak, lekin po‘stloq funksional jihatdan dinamik xususiyatga ham ega, ya’ni undagi markazlar orasida o‘zaro uyg‘unlik, umumiy bog‘lanish hayot davomida o‘zgarib turadi. I.P.Pavlov fikrlash dastlab tashqaridagi narsa predmetlar bilan hosil qilingan elementar assotsiatsiya, keyinchalik u assotsiatsiyalar zanjirlarga aylanadi deb tushuntiradi. Dastlabki elementar assotsiatsiya tashqi dunyo haqida haqiqiy tushuncha bermasligi, ba’zan esa notog‘ri xulosalarga olib kelishi mumkin. Faqat tashqi signallarning qayta-qayta takrorlanishi bilan hosil bo‘lgan vaqtincha bog‘lanishlar differensiallashib tashqi dunyo haqida (taassurot) fiziologik asos yaratiladi.
Oliy nerv faoliyatida patologik o‘zgarishlar. Nevrozlar, ularning paydo bo‘lish mexanizmlari. Eksperimental nevrozlar. Fobiyalar, gallyutsinatsiya va shizofreniya.
Tashqi muhit sharoitidagi turli-tuman o‘zgarishlar (to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuchli ta’sirotlar, zarbalar, yaralanish va boshqalar) oliy nerv faoliyatida qator o‘zgarishlar keltirib chiqaradi. Ular qisqa muddatli, doimiy, chuqur ba’zan esa qaytarilmas bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar ham organik (miya qismlarining bevosita shikastlanishi), ham funksional (faoliy) bo‘ladi. Har ikkalasi ham oliy nerv faoliyati bilan bog‘liq barcha hayotiy jarayonlarga (aqliy, jismoniy mehnat qilish, o‘zaro munosabat, yon-atrofdagi voqea-hodisalarga munosabat va boshqalar) ta’sir qiladi. I.P.Pavlov bo‘yicha nerv faoliyatidagi mana shunday funksional (faoliy) buzilishlarni nevrozlar deb ataladi. U o‘z hamkasblari, shogirdlari bilan itlarda tez-tez nevrozlar chaqirib (bunday nevrozlarni eksperimental nevrozlar deyiladi) ularning tabiatini o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar olib borgan. Tadqiqot natijalariga ko‘ra eksperimental nevrozlar markaziy nerv tizimida shartli reflekslarni chaqiruvchi qo‘zg‘alish yoki tormozlanish jarayonlarining nihoyatda kuchli bo‘lishi yoki ularning bir-biriga almashishi diqqat-e’tiborni zo‘riqtirganida yuzaga kelar ekan. Kuchli qo‘zg‘alish musbat signallarning kuchli va uzoq davom etishi tufayli sodir bo‘lsa, kuchli tormozlanish differensirovkali signallar parametrining o‘ta nozikligidan, bir-biriga yaqinligidan paydo bo‘lar ekan. Qo‘zg‘alish va tormozlanish almashinuvi tufayli yuzaga keladigan zo‘riqish ularning juda tez almashinuvi yoki ularning bir yo‘la birgalikda ta’sir etishi (to‘qnashuvi) natijasida kuzatiladi. Qo‘zg‘alishning haddan tashqari kuchayib ketishiga javoban nevroz holatiga yaqqol misol sobiq Leningrad (hozirgi Sankt-Peterburg) shahridagi eksperimental tibbiyot instituti yer to‘lasida suv toshqini bois uning to‘lib ketishi tajriba hayvonlarida (itlarda) juda mustahkam shartli reflekslarning darhol yo‘qolishiga olib kelgan. Keyinroq shu hayvonlarda qaytadan hosil qilingan shartli reflekslar suv oqishi shovqinini eshitish bilan darhol to‘xtab qolgan. Kuchli tormozlanishga nisbatan hosil bo‘ladigan nevrozga mushuklarda juda nozik differensirovkali signallarni farqlashga qaratilgan tajribalarda olindi (Kurbanov, 1970). Bu tajribalardagi nevrotik o‘zgarishlarni ham harakat faoliyatida ham miya elektroensefalogrammasida kuzatildi. Tajribalar 1000 gs (manfiy), 2000 gs (musbat) signallarga nisbatan mustahkam ovqatlanish shartli refleksi hosil qilinganidan keyin manfiy signalning davomiyligi va chastotasi o‘zgartirilaverdi (3soniyali signal 0,15 soniyagacha qisqartirildi, chastotasi esa 1850 gs ga o‘zgartirildi). Bunday signal davomiyligi va chastota o‘zgarishiga mushuklarda bir necha kunlab shartli reflekslar mustahkamlanib borildi. Qachonki eng qisqa (0,15 soniya) va yuqori chastotali (1850 gs) signallar mushuklar tomonidan o‘zlashtirilib olinganidan keyin (mustahkam shartli refleks hosil bo‘lganida) ularning xulq-atvori va miya elektroensefalogrammasida kuchli o‘zgarishlar kuzatildi. Hayvonlar juda betoqat bo‘lib, tanasidagi junlari tusha boshladi va elektroensefalogrammada tinch holatni ko‘rsatadigan ritmlar (α-ritm) juda kamayib, ritmlar desinxronizatsiyasi (past amplituda va yuqori chastotali ritmlar) kuchayib ketdi. Bu hol mushuklarda nozik differensirovkali signallarni farqlashda yuzaga kelgan funksional nevroz bo‘lib hisoblanadi.
Qo‘zg‘alish va tormozlanishning zo‘riqish darajasiga ko‘ra javob reaksiyalari har xil ya’ni, yengil, davolash, kuchli qo‘zg‘alish yoki kuchli tormozlanish xarakteriga ega bo‘lishi kuzatiladi. Masalan, qo‘zg‘alish kuchi unchalik bo‘lmaganida harakat javoblari biroz kuchaysa, kuchli bo‘lganida qisman tormozlanish kuzatiladi. Agar signallar o‘ta kuchli bo‘lsa eksperiment qo‘yiladigan hayvonlarda ish qilish qobiliyati keskin pasayib ketishi mumkin (chegaradan oshiq tormozlanish holati). Nevrozlarning kelib chiqishi hayvonning nerv tizimi tipiga (turlariga) bog‘liq, kuchsiz tiplarda nevrozlar tez yuzaga keladi. Yana nevrozlar organizmning umumiy funksional holatlariga bog‘liq, masalan, hayvon juda och, charchagan yoki bichilgan bo‘lsa eksperimental nevrozlar oson paydo bo‘ladi. Hayvonlarda eksperimental nevrozlar tabiatini har tomonlama o‘rganish inson organizmini ko‘pgina funksional buzilishlarni tushunish va ularni oldini olish (davolash) imkoniyatlarini yaratdi. Bunday holatlar kundalik turmushda ham kuzatiladi, nihoyatda asabiylashish natijasida ich ketishi, tez-tez siydik ajratish, kuchli terlash, qon bosimining ko‘tarilib ketishi va boshqalarga olib keladi. Odamlarda ham har xil kuchdagi nevrozlarning paydo bo‘lishi yarim sharlar po‘stloq hujayralarida funksional o‘zgarishlar tufayli bo‘ladi. Hayotdagi turli-tuman qiyinchiliklar, o‘zaro kelishmovchiliklar, ayniqsa u yoki bu ishlarni bajarishda o‘ta talabchanlik, odam o‘zi qilgan ishdan ko‘ngil to‘lmaslik, davomli ochlik, dam olmasdan davomli faoliyat ko‘rsatish va boshqalar nevroz, nevrozga yaqin holatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bunday holatlarga tushishda insonlar uchun hayvonlardan farqli o‘laroq nafaqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sirlanish, balki so‘z signallari ham muhim o‘rin tutadi, qaysikim, po‘stloq nerv markazlari ishini o‘ta qo‘zg‘atib yuborish mumkin.
Bunday noxushliklarning oldini olishda asosiy e’tiborni qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining zo‘riqishi bilan bog‘liq holatlarni bartaraf qilishga qaratmoq kerak.
Odamlarda quyidagi nevroz turlari farqlanadi: nevrosteniya, hayoldan ketmaydigan holatlar nevrozi, vasvasaga (jazavaga) tushish nevrozi hamda psixasteniya.
Nevrasteniya tormozlanish holatining zo‘riqib ketishi negizida hosil bo‘ladigan kishilarning o‘zini tuta olmasligi, e’tirozlarga chidamsizligi, arzimagan narsalarga baqirib-chaqirishi bilan xarakterlanadi. Bunday holga tushganlar keraksiz harakatlarni ko‘p qaytaradi (stol ustidagi predmetlarni qayta-qayta taxlash, o‘tirish holatlarini tez-tez o‘zgartirish, qog‘ozni hadeb buklayverish). Ularda vegetativ reaksiyalar ham ancha kuchaygan bo‘ladi, tez qizarib yoki oqarib ketadi, ko‘p terlaydi. Qo‘zg‘alish jarayoni kuchli bo‘lganligi uchun ular qiyinchilik bilan uyquga ketadi, tez-tez uyg‘onadi, aqliy va jismoniy ish qilishda tez charchab qoladi. Biron muhim ish bajarishda qat’iyatli bo‘lmaydi, qarorlar tez-tez o‘zgarib turadi.
Hayoldan ketmay qoladigan nevrozga chalinganlarda domiy ravishda hayolida biron ishni amalga oshirgan yoki oshirmaganiga shubha tug‘iladi (uydan chiqqanida dazmolni uzib eshikni quflaganligini qayta-qayta tekshiradi). Ularda ko‘pincha har xil qo‘rqinchli holatlar hukmronlik qiladi, buni fobiya deyiladi. Masalan bunday odam doim o‘lim sodir bo‘lishidan qo‘rqadi, ko‘chada ketayotganida mashina urib ketishidan qo‘rqadi, yo‘l chetidagi simyog‘ochni aylanib o‘tadi, ya’ni u yiqilib bosib qolmasligi uchun. Qorong‘ulikdan bir o‘zi qolishidan cho‘chib yuradi va hakazo.
Jazava va vasvasaga tushish, psixosteniya, nevroz holatlari faqat odamlargagina tegishli, chunki bunday paytlarda birinchi va ikkinchi signallar orasidagi meyoriy munosabatlar buziladi.
Jazava nevrozi birinchi signallar tizimi ikkinchisidan ustun bo‘lganida kuzatiladi. Yana ularda po‘stloq faoliyatidan po‘stloq osti sohalar faoliyati ustun bo‘ladi. Bunday nevrozga yo‘liqqanlar uchun birinchi signallar tizimi kuchli bo‘ladi, ularda kayfiyat juda tez o‘zgarib turadi, hayolida har xil holatlar juda kuchli o‘tadi, shu bois ularda o‘ziga xirs qo‘yish, o‘zgaruvchanlik, o‘zini barcha sohalarda yuqori qo‘yish, do‘q-po‘pisa qilish, o‘zgalarni koyish alomatlari tez-tez bo‘lib turadi. Yana ularda o‘zini-o‘zi ishontirish, o‘ziga ixlos qo‘yish kuchli bo‘ladi. O‘zini-o‘zi homilali bo‘lganiga ishongan ayolda (aslida homila bo‘lmagan), ko‘krak bezlari bo‘rtib chiqa boshlagan, hayz ko‘rish to‘xtagan va hakazo.
Psixosteniya nevrozida ikkinchi signal tizimi birinchisidan ustunlik qilganda yuzaga keladi. Ularda hissiyot, qiziqish, mayl kuchsiz, hayotning nima bilandir kamligidan, o‘zining sa’y-harakatlarida ishonchsizlik, doim voqea-hodisalarga shubha bilan qarash, gumonsirash holatlari ustunlik qiladi.
Nevrozlar bois kishilarda vegetativ reaksiyalar kuchli izdan chiqadi, ayrim hollarda yurak, oshqozon-ichak tizimi va boshqa ichki a’zolarda qattiq og‘riqlar paydo bo‘ladi, shuning uchun bunday nevrozlarni vegetativ nevrozlar deyiladi. Ularning sababi ichki a’zolar faoliyatini boshqarishda po‘stloq ishining buzilishi deb tushuntiriladi.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan funksional nevrozlar organik nevrozlardan tubdan farq qilib, yarimsharlar po‘stlog‘ining meyoriy ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratilsa, oldingi ish qobiliyati to‘liq tiklanib ketishi mumkin. Bu borada tegishli farmakologik preparatlardan, masalan brom-kofeli aralashmalarni psixiatr tavsiyasi bilan qabul qilish yaxshi natija beradi. Nevrozga chalingan odamlar uchun dastavval meyoriy ish sharoiti yaratish, nevroz sabablarini aniqlash lozim. Ularga so‘z bilan ta’sir etish (psixoterapiya), kasallikning asl sabablarini tushuntirish, ishontirish kerak.
Organik nevrozlar yarimsharlar po‘stlog‘ining bevosita zararlanishi (jarohatlar, infeksion kasalliklar va boshqalar) orqali vujudga keladi. Bunday paytlarda kishining xulq-atvorida keskin o‘zgarishlar ro‘y beradi va bu xil kasalliklar psixoz (psixik kasalliklar) deyiladi.
Fobiyalar, gallyutsinatsiyalar va shizofreniya.
Fobiyalar nevroz turlaridan hisoblanib, ularning asosida real va real bo‘lmagan xavf-xatarlardan qo‘rqish, hadiksirash, vahimaga tushish kabi psixofiziologik hissiyotlar yotadi. Fobiya yunoncha “fobos” so‘zidan olingan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida qo‘rqish, hurkish ma’nolarini anglatadi. Ushbu hissiyot fiziologiyasi va neyrokimyosini o‘rganish inson xulq-atvori biologik mexanizmlarini tushuntirishda yordam qiladi. Biologik evolyutsiya jarayonida qo‘rqish hissi ikkita asosiy javob reaksiyasiga ya’ni unga qarshi kurashish yoki qochib qutulishga-himoya refleksiga olib keladi. Qo‘rquv insonni doimiy diqqat-e’tiborda, tanglik, keskinlikda turishga olib keladi, ba’zan esa o‘z kuchiga ishonmaslik, o‘z imkoniyatlarini to‘liq safarbar qilmaslik, xatto tamoman ojizlik holatiga tushiradi, kasalliklar keltirib chiqaradi. Antropologlarning ta’kidlashicha, insonning shakllanishi bundan 40-50 ming yil oldin yakuniga yetgan. Shu davr ichida qo‘rquv tufayli inson yashab qolishi uchun asosiy faoliyatini muskullar ishi orqali kurashishga yoki qochib qolishga intilgan. Shuning uchun bunday moslashish muskullarni qon bilan yaxshi ta’minlashga yo‘llangan. Bu holatning fiziologik mexanizmini quyidagicha tasavvur qilish mumkin:
Birinchidan, qo‘rquv hissi insonda bor kuchini tana muskullari fobiyalarga safarbar qilishga qaratish uchun buyrak usti bezidan qonga ko‘proq adrenalin gormonini ajratadi. Buning natijasida muskullarning kislorod va oziq moddalari bilan ta’minlanishi yaxshilanadi. Teridagi zahira qon ham (u o‘rtacha umumiy qon miqdorining 10 % tashkil qiladi) muskullarga o‘tib u oqaradi. Shunday qon taqsimlanishi hazm a’zolarida ham kuzatiladi (me’dadagi qon muskullarga o‘tadi). Bunday hollarda teri yuzasidagi jun qoplamasining dikkayishi va “ayiq kasalligi” (kuchli ich ketishi) agressorni qo‘rqitishga yo‘llangan qo‘rquv reaksiyasidir (adrenalinning ko‘p miqdorda ajralishi hisobiga).
Ikkinchidan, qo‘rquv xavfli va nohush holatlarni yaxshi eslab qolish va ulardan kelajakda qutulish uchun og‘riq chaqirishi bilan mustahkamlanadi. Shuning uchun ham qo‘rquv tashqi dunyoni o‘ziga xos holda eslab qolish va undagi xavf-xatarlardan saqlanish uchun muhim omil deyish mumkin.
Uchinchidan, qo‘rquv hali tashqi xavf-xatardan omon qolish uchun qaror qabul qilishga ma’lumotlar yetarli bo‘lmaganida xulq-atvorda tegishli strategiya qabul qilishga yo‘llaydi. Bunda har kim qo‘shimcha har xil signallarga e’tibor berib najot qidiradi. Qo‘rquv jarayonining oliy nerv faoliyatiga ta’sir etish mexanizmlarini asoslashda akademik P.K.Anoxin ishlari diqqatga sazovor. Uning e’tirof etishicha, qo‘rqish bilan dastlab yarimsharlar po‘stlog‘idagi tegishli markazlar qo‘zg‘alib, miya retikulyar formatsiyasini faollaydi. Retikulyar formatsiya o‘z navbatida po‘stloq markazlarini nospetsifik yo‘l bilan qo‘zg‘atadi va tegishli haddi-harakatlar, somatik, visseral reaksiyalar yuzaga keladi.
Ba’zan juda kuchli qo‘rqish dominantlashganida boshqa sezgilarni tormozlaydi, kishi hushidan ketadi. Bu ham organizm ish qobiliyatini saqlab qolishdagi muhim chora-tadbir (himoya refleksi) hisoblanadi.
Quyida qo‘rquv tufayli organizmda yuz beradigan fiziologik o‘zgarishlarni keltirib o‘tamiz.
Yuqori qo‘zg‘alish tufayli ixtiyorsiz emotsional (hissiy) reaksiyalar (xavf-xatar) paydo bo‘ladi;
Yurak urishi tezlashib, qon bosimi ko‘tariladi, qonda shakar ko‘payadi (qarshi kurashish yoki qochib qolishga energiya berish uchun);
Me’da shirasida kislota ko‘payadi (ovqat tezroq hazm bo‘lib kuch-quvvat berish uchun);
Jarohat olganda o‘z vaqtida ko‘p qon yo‘qotmaslik uchun qonning ivish reaksiyasi kuchayadi;
Muskullarga boshqa a’zolarga nisbatan ko‘proq qon oqib boradi (quvvatni oshirish maqsadida);
Miyadagi muskullar faoliyatini boshqaradigan markazlar ishi kuchayadi;
Ko‘rish o‘tkirlashishi uchun ko‘z katta ochiladi, quloq ham dikkayib yaxshi eshitish choralari ko‘riladi. Dikkaygan quloq qalqoni tovush to‘lqinlarini ko‘proq to‘plab oladi. Bularning barchasi insonni faol jismoniy ishga yo‘llashga qaratilgan fiziologik chora-tadbirlar hisoblanadi.
Qo‘rquv fiziologiyasi haqida gap ketganda yana ikki narsaga e’tibor berish kerak. Birinchisi markaziy nerv tizimining ventramedial gipotalamus qismida shunday nerv markazlari aniqlanganki, ularga kiritilgan elektrodlar orqali kuchsiz tok yuborilsa hayvonda kuchli qo‘rquv hissi paydo bo‘ladi. Ikkinchisi bosh miyaning limbik sohasiga taalluqli bodomsimon tana (gippokampga yaqin joyda) buzib tashlansa bunday hayvonda umuman qo‘rquv hissi yo‘qolarkan.
Gallyutsinatsiya qattiq charchaganda, spirtli ichimliklar ko‘p iste’mol qilinganda qator psixonevrolik kasalliklarga chalinganda oliy nerv faoliyatining ko‘rsatkichlari buzilib, o‘zi yo‘q narsalarning hayolda gavdalanishi, ularni “ko‘rish”, “eshitish”, “hidini sezish”dan iborat psixofiziologik holat. Bunday “yolg‘ondakam” sezgilar kishining psixologik makonida (dunyoqarashida) aynan borga o‘xshab shakllanadi. Gallyutsinatsiya holati analizatorlarga mos ko‘rish, eshitish, teri sezgisi, hid sezgisi, ta’m bilish, vestibulyar, visseral, proprioretseptiv, kompleks gallyutsinatsiya turlariga bo‘linadi. Gallyutsinatsiyani o‘rganishda shunday holatlar ham qayd qilinganki, agar kishilarning har ikkala ko‘zini ham bog‘lab qo‘yib kuzatuv o‘tkazilsa ( 5 kun davomida ular shu holda yashaganlar) 13 kishidan 10 tasi ko‘rish bilan bog‘liq gallyutsinatsiya holatiga tushganligini qayd qilishgan. Odamlarda gallyutsinatsiyaning shizofrenik, psixofiziologik, psixobioximik va boshqa turlari uchraydi.
Gallyutsinatsiya holatining kelib chiqishida asosiy sabab miya yarimsharlari po‘stlog‘ida va po‘stloq osti yadrolarda yuzaga keladigan funksional va organik o‘zgarishlar ekanligini AQSH dagi Oregon universiteti olimlari tomonidan kalamushlar ustida o‘tkazilgan tajribalar tasdiqlaydi. Insonlarda gallyutsinatsiya holatiga olib keluvchi narkotiklar hayvonlarga berilganida ularning miya nerv to‘qimalari elektr faolligi hamda harakat bilan bog‘liq reflektor reaksiyalarida o‘ziga xos o‘xshashlik kuzatilgan.
Hayvonlarda (ayniqsa, yuqori sutemizuvchilarda) gallyutsinatsiya holati mavjudligi shartli reflektor reaksiyalarda (masalan, ovqatlanish shartli reflekslari) kuzatilgan. Itda mustahkam shartli refleks hosil qilinib tajribalar izma-iz o‘tkazilib borilgan. It stanokda turganida shartli signal (masalan tovush) berilmasa ham u tovush chiqadigan tomonga boshini burgan, keyin ovqat beriladigan kosachaga qaragan. Shunda so‘lak ajralishi sodir bo‘lgan va so‘lak miqdori signal berilganida ajralgan so‘lakdan kam bo‘lmagan. Bu tajribalardan shunday xulosa qilinganki, ayrim paytlari itga chalinmagan signal tovushi eshitilgandek bo‘lib so‘lak ajralgan. Bu holat eshitish gallyutsinatsiyasi bo‘lishi mumkin.
Shizofreniya psixik kasalliklardan hisoblanib, yunoncha “shizo”-parchalayman, “phren”-ong, aql, aqlni parchalayman ma’nosini beradi. Bunga yo‘liqqanlarda autizm ya’ni umumiy faollik yo‘qoladi, tashqi dunyodan ajralib, o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolish kuzatiladi. Ularda gallyutsinatsiya, alahsirash holatlari kuzatiladi. Hissiy reaksiyalar, fikrlash, ish qobiliyati keskin pasayib, yo‘qolib ketadi. Ushbu kasallik nisbatan yosh odamlarda (erkaklarda 20-28, xotin-qizlarda 26-32 yoshlarda) kuzatiladi. Keksalarda u qariyb uchramaydi. Kasallik ko‘pincha shahar aholisi o‘rtasida tarqalgan bo‘lib, antropologlar sivilizatsiya kasalligi deb ham hisoblanadi.
Kasallikning kelib chiqishi ma’lum darajada genetik omillarga, yoshlikdagi yashash sharoitlariga, sotsial va psixologik munosabatlarga, har xil stress omillarga bog‘liq bo‘ladi. Shu narsa ham aniqlanganki, embrionning dastlabki rivojlanish davridagi har xil noqulay omillar, infeksion kasalliklar, hamda tug‘ilish davri fasli ham muhim ekan. Masalan, shimoliy yarimsharda yashayotgan odamlar orasida qish va kuz oylarida tug‘ilganlarda ushbu holat ko‘proq uchrar ekan. Yoshlikda ma’naviy va jismoniy kamsitilgan, seksual zo‘rlangan, ertachi ota-onasidan judo bo‘lgan yoshlar orasida ushbu kasallikka moyillik ko‘p bo‘ladi. Yana bolani yoshlikda o‘ta erkin tarbiyalash, unga o‘ta mehribonlik qilish, u xohlagan narsalarning barchasini maksimal darajada amalga oshirish shizofrenik alomatlar kelib chiqishini rag‘batlantirar ekan.
Oliy nerv faoliyatining turli holatlarda o‘zgarishi
Odam oliy nerv faoliyati umuman nerv tizimiga ta’sir ko‘rsatuvchi har qanday ichki va tashqi omillarga juda sezgir bo‘ladi. Nerv tizimining ishi birinchi navbatda organizm ichki muhiti bilan yaqindan bog‘liq. Bu hol esa dastavval organizmning shuningdek miyaning ham oziq moddalar bilan qanday ta’minlanganligi bilan aniqlanadi. Oziq moddalarning miya to‘qimalariga yetkazib berilishi qon orqali bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan nerv tizimining qon bilan qanday ta’minlanishi bu borada juda muhim. Shuningdek organizm umumiy ichki muhitining holati (ishqoriy yoki kislotaliligi) hamda endokrin tizim ishi oliy nerv faoliyatida hal qiluvchi omillardan bo‘lib hisoblanadi.
Organizmning yashash sharoiti, turli-tuman ekologik omillar (issiq, sovuq harorat, atmosfera bosimi, nafas olish havosining tarkibi, mehnat qilish shart-sharoitlari va boshqalar), hamda dori-darmonlar markaziy nerv tizimi ishi oliy nerv faoliyatiga faol ta’sir qiladi.
Ovqatlanish omilining oliy nerv faoliyatiga ta’siri. Birinchi navbatda shu narsani qayd qilish lozimki, oliy nerv faoliyatiga oziq moddalarning yetishmasligi ham, ortiqchaligi ham sezilarli darajada ta’sir qiladi.
Ochlik ta’sirida miya po‘stlog‘idagi nerv markazlarining qo‘zg‘aluvchanligi oshib shartli refleks kuchayib ketadi. Masalan, tajribaga olinayotgan it och bo‘lsa, ovqatlanish bilan bog‘liq so‘lak ajralishi juda kuchayadi. Hayvonda ochlik davri davomli bo‘lganida esa yana o‘ziga xos paradoksal xususiyat yuzaga keladi, kuchli ta’sirlanishga kuchsiz javob (kam so‘lak ajraladi), kuchsiz signalga esa kuchli javob (ko‘p so‘lak ajraladi) qayd qilinadi. Bu holatni juda kuchli qo‘zg‘alishga nisbatan miyada yuzaga keladigan oshiqcha tormozlanish holati bilan tushuntirish mumkin, ya’ni miya po‘stlog‘ining kuchli qo‘zg‘alishga nisbatan javob berish imkoniyati (ishlash qobiliyati) kuchsizlanib ketadi.
Mana shunday davomli och qolish tufayli yuzaga kelgan oshiqcha tormozlanish boshqa har qanday reflekslarni ham kuchsizlantirib yuboradi, organizmni uyqu bosadi, differensirovkali tormozlanishlar juda pasayib ketadi, musbat va manfiy signallar farqi sezilmay qoladi va hakozo. Ko‘pincha differensirovkali signallarni farq qilish iste’mol qilinadigan ovqatlarda oqsil meyoridan juda kamayib ketganida sodir bo‘ladi. Qizig‘i shundaki ushbu holatda musbat signallarga nisbatan shartli refleks kuchsizlanmas ekan. Yana ovqatda oqsil ko‘paytirilganida differensirovkali signallarni sezish qaytadan kuchayar ekan.
Tajriba hayvonlari ovqatida uglevodlarning kamligi po‘stloq hujayralari qo‘zg‘aluvchanligini oshirsa yog‘larning yetishmasligi sezilarli o‘zgarishlarga olib kelmaydi. Ovqatdagi vitaminlarning kam bo‘lishi oliy nerv faoliyatiga asosiy oziq moddalariga nisbatan ancha kuchli ta’sir qiladi. Masalan, vitamin V1-ning taqchilligi po‘stloqdagi qo‘zg‘aluvchanlik, tormozlanish va bu ikkala nerv jarayonining almashinuv tezligini ham pasaytirib yuborar ekan. Natijada shartli reflekslar hosil bo‘lishi susayadi, agar bunday avitaminoz holati davom etaversa shartli refleks hosil bo‘lmasdan qolishi ham kuzatilgan. Keyinchalik ushbu vitamin taqchilligi yo‘qotilganidan keyin ham 1,5 oygacha shartli refleks hosil bo‘lishi yaxshilanmas ekan. Maymunlarda vitamin C ning yetishmasligi shartli refleks hosil bo‘lishini keskin pasaytiradi. Agar unga bo‘lgan kamchilik tuzatilsa meyoriy holat o‘z o‘rniga darhol qaytar ekan. Boshqa vitaminlarning yetishmasligi, masalan A, D vitaminlari, hayvonlarda umumiy tormozlanishni kuchaytirib, apatiya (loqaydlik) holatiga olib kelishi aniqlangan. Qon bilan ta’minlanish miyada yomonlashsa uning faoliyatiga darhol salbiy ta’sir qiladi. Agar it miyasiga qon olib boradigan qon tomirlari qisilib vaqtinchalik (6-8 daqiqa) anemazitsiya yuzaga keltirilishi 5-10 kun davomida barcha shartli reflekslarning tamoman yo‘qolishiga olib keladi. Bunday hol ayniqsa differensirovkali tormozlanishlarni kuchsizlantirib yuboradi. Itlarda miyaga boradigan qon tomirlaridan qon borishi bir necha minut davomida to‘xtatilsa ularda klinik o‘lim yuzaga kelib, ular “jonlantirilganidan” keyin ham oldin mustahkam hosil qilingan shartli reflekslar, ichki tormozlanish nihoyatda kuchsizlanib ketadi. Bir vaqtning o‘zida bunday hayvonlarda oshiqcha tormozlanib tez-tez sodir bo‘lib, hayvon ko‘pincha uyquda bo‘ladi. Odamlarda ma’lum holatlarda vujudga kelgan 5-7 daqiqali klinik o‘lim xotiraning keskin pasayib, nutq, aqliy qobiliyatning kuchli zararlanishiga olib keladi. Miyaning davomli ravishda qon bilan ta’minlanishi to‘xtatilishi uning faoliyatida qaytarilmas holatlarga olib kelishi mumkin.
Gormonlarning oliy nerv faoliyatiga ta’siri.
Ichki sekretsiya bezlaridan qonga sintez qilinadigan barcha gormonlar oliy nerv faoliyatiga sezilarli darajada ta’sir qiladi. Buyrak usti bezlari gormonlaridan adrenalin va kortizon po‘stloqdagi qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarini kuchaytiradi. Agar it qoniga kortizon (0,25 mg 1 kg tana massasiga) yuborilsa darhol shartli reflekslar, differensirovkali tormozlanish kuchayganligi qayd qilingan. Hayvon buyrak usti bezining po‘stloq qavatidan bir qismi eksterpatsiya qilinsa (kesib tashlansa) oldin hosil qilingan shartli reflekslar va ichki tormozlanishning kuchsizlanishi kuzatiladi. Bezning miyasimon qismi olib tashlanganida (adrenalin sintez qiladigan qismi) ichki tormozlanishning kuchsizlanganligi aniqlangan. Bunday eksterpatsiya natijasi turli nerv tizimi tipiga ega bo‘lgan hayvonlarda har xil bo‘ladi. Masalan kuchli barqaror tipdagi hayvonlarda shartli reflekslar kuchaysa, kuchli beqaror tipdagilarda oldin kuchayib keyin kuchsizlanib kelishi aniqlangan.
Jinsiy gormonlar oliy nerv faoliyatiga kuchli ta’sir qiladigan omillardan hisoblanadi, shu bois uning ko‘payishi ham, kamayishi ham yarimsharlar po‘stlog‘ida kuzatiladigan nerv jarayonlari uchun befarq emas. Masalan, urg‘ochi itda kuyikish va homiladorlik davrlarida aynan jinsiy gormonlarga bog‘liq bo‘lgan shartli reflekslarning kuchsizlanib ketishi, differensirovkali tormozlanishning buzilishi (rastormajivaniye) kuzatiladi. Shunisi xarakterliki, bunday paytlari urg‘ochi hayvonlarda vaqtga nisbatan shartli reflekslar qariyb yo‘qolib ketar ekan. Erkak hayvonlarda esa jinsiy gormonlar qonda ko‘payib ketganida qo‘zg‘alish jarayoni dastlab kuchayadi (shartli reflekslar), vaqt o‘tishi bilan kuchsizlanadi. Ayrim hayvonlarda, masalan tuyalarda, erkaklik jinsiy gormonlari qonda ko‘payganida (iliqish davrida) qo‘zg‘alish juda oshib ularda tajavvuzkorlik kuchayadi, ular sutkalab och bo‘lishga qaramasdan uzoq yo‘llar bosib o‘tadi, urg‘ochisini topishda hech qanday to‘siqni pisand qilmay buzib tashlaydi. Agar erkak hayvon, masalan itlarda bichilsa, jinsiy gormonlarning yo‘qligi bois po‘stloqda kuzatiladigan ham tormozlanishi, ham qo‘zg‘alish jarayonlari juda kuchsizlanib ketadi. Ko‘pincha bunday hayvonlarda oshiqcha tormozlanish holati yuz beradi.
Qalqonsimon bezdan sintez qilinadigan gormonlar masalan tiroksin it, qushlar qoniga oz miqdorda yuborilsa shartli refleksni kuchaytiradi, ko‘p miqdorda buning teskarisicha miyada qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining kuchsizlanishiga, oshiqcha tormozlanishga olib keladi. Ushbu bezning giperfunksiyasi (Bazedov kasalligida) hayvonda shartli reflekslar hosil bo‘lishini tezlashtiradi, vaqt o‘tishi bilan esa ular nazorat hayvonlarga qaraganda, tezroq yo‘qoladi ham. Bez funksiyasi kuchsizlanganida esa (meksidema kasalligi) po‘stloq nerv hujayralarida ish qobiliyatining pasayib ketishi bois shartli refleks hosil bo‘lishi qiyinlashadi. Itlarda bu bez olib tashlansa po‘stloq hujayralari juda kuchsiz faoliyat ko‘rsata boshlaydi. Gipofiz bezi gormonlarining oliy nerv faoliyatiga ta’siri oxirigacha o‘rganilmagan. Bez giperfunksiyasida po‘stloqdagi qo‘zg‘alish jarayoni nihoyatda kuchayib ketsa, gipofunksiyasida sezilarli darajada pasayadi.
Farmokologik moddalar ta’siri miya yarimsharlari po‘stlog‘iga ikki yo‘l bilan, ya’ni u yoki bu moddaning bevosita po‘stloq hujayralariga ta’siri va ularning po‘stloq ostki yadrolar faoliyatiga ta’sir qilishi bilan o‘rganiladi. Masalan, aminazin, brom, barbamil, geksenal, lyuminal, veronal, benaktizin kabi moddalar dastavval miya sopi retikulyar formatsiyasi va talamuga keyin yuqoriga ko‘tariluvchi yo‘llar bilan po‘stloq hujayralari faoliyatiga ta’sir etadi. Farmokologik moddalarning oliy nerv faoliyatiga ta’siri dastavval ularning dozasiga bog‘liq, masalan dori-darmonlar minimal miqdorda berilsa ular turiga qarab po‘stloq hujayralaridagi qo‘zg‘alish yoki tormozlanish jarayonlarining nisbatini kuchaytiradi yoki pasaytiradi. Ular dozasi oshirilganida esa ichki tormozlanish jarayonlari buziladi. Agar dorilar dozasi yanada kuchaytirilsa shartli reflekslar faoliyati butunlay izdan chiqadi.
Brom tibbiyot amaliyotida ko‘pincha natriy brom holatida qo‘llanilib, u asosan tinchlantiruvchi vosita sifatida ishlatiladi. Ushbu ta’sirot uning barcha ichki tormozlanish turlarini kuchaytirishi bilan ifodalanadi. Bu yerda ham moddaning ta’sir qiluvchi dozasi hal qiluvchi va bir vaqtning o‘zida nerv tizimi turi qancha kuchsiz bo‘lsa moddaning ta’sir kuchi shunchalik past bo‘ladi. Itlar uchun masalan, bromning har 1 kg tana massasiga 0,025-0,05 g yetarli. Uning ko‘pi esa tormozlanishni buzib yuboradi, ko‘pincha ichki tormozlanish kuchayib ketadi.
Kofeinning qo‘zg‘atuvchanlik xususiyati azal-azaldan ma’lum (choy, kofe va boshqalar iste’mol qilinganda). Kofeinning kuchli qo‘zg‘atuvchanlik xususiyati uning har 1 kg massasiga ko‘ra 0,03-0,5 g bo‘lganida yaqqol seziladi. Kofein miqdorining oshirib borilishi dastlab qo‘zg‘aluvchanlikni kuchaytiradi, keyin po‘stloq hujayralarining ish qobiliyati pasayadi (oshiqcha tormozlanish holatining yuzaga kelishi orqali).
Nikotin ta’siri haqida xalq orasida noto‘g‘ri tushunchalar shakllangan, go‘yoki tamaki tarkibidagi bu modda kishida ish qobiliyatini oshirar emish. Aslida esa hayvonlar ustida olib borilgan tajribalar uning oliy nerv faoliyatini buzilishini to‘liq isbotladi. Oz miqdordagi nikotin tormozlanishni kuchsizlantiradi, qo‘zg‘alishni esa kuchaytiradi. Ko‘p miqdordagi nikotin qo‘zg‘alish jarayonining ham pasayib ketishiga olib keladi. Oz miqdordagi nikotinning davomli ta’sir etishi miya po‘stlog‘idagi qo‘zg‘alishni pasaytirib yuboradi. Bir vaqtning o‘zida ichki tormozlanish kuchsizlanadi. Shuning uchun ham chekuvchida tamakining tugashi uning darhol jahlini chiqaradi, tez achchiqlanadigan bo‘lib qoladi. Bu holni tuzatish uchun, ya’ni o‘z holiga qaytarish uchun, u darhol chekishi kerak. Lekin bu hol vaqtinchalik tinchlanish, bora-bora ichki tormozlanishni kuchsizlantiradi, ya’ni tormozlanish kuchi qo‘zg‘alishnikidan pasayib ketadi. Bunday paytlari kishi o‘zini to‘xtatib turolmaydi, har qanday “qasam” larni ham unutib yana chekishni davom ettiradi (ayrim paytlari endi hech ham chekmayman deb sigaretlarini mijiqlab tashlagan kashanda ularni terib olib iflosligiga qaramasdan chekadi). Bu narsa chekuvchida kundan-kunga po‘stloq faoliyatining tobora kuchsizlanib borishidan dalolat beradi.
Alkogol yoki etil spirti oz miqdorda ham ichki tormozlanish jarayonini pasaytirib yuboradi (differensirovkali tormozlanish buziladi, shartli reflekslarning so‘nib borishi kuchsizlanadi, shartli reflekslar buziladi). Alkogol miqdorining oshishi tormozlanish jarayonlarini tamoman kuchsizlantirib, xushyorlik paytida qilinmaydigan ishlarni amalga oshirishga olib keladi, musbat shartli reflektor faoliyat kuchayadi (umrida sharob ichmagan yigitning gunohi kam deb ichib mast bo‘lganidan keyin zino ham qilishi, bolani ham o‘ldirishi haqidagi rivoyat). Ushbu holat alkogol ta’sirida qo‘zg‘aluvchanlik oshib kuch-qudrat ko‘payganligi sarob sifatida gavdalantirildi, aslida esa qo‘zg‘aluvchanlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshmasdan tormozlanishga nisbatan vaqtinchalik yuqori bo‘ladi xolos. Alkogol dozasi yanada kuchaytirilsa bora-bora qo‘zg‘alish jarayoni ham pasayadi, kishi qiladigan ishini nazorat qila olmaydi, po‘stloq hujayralari ishi juda kuchsizlanib oshiqcha tormozlanish paydo bo‘ladi, odam uyquga ketadi.
Uxlatuvchi va narkotik moddalar (geksenal, pentotal, barbamil, nembutal, veronal, lyuminal, bromural, magniy sulfat) tibbiyot amaliyotida og‘riqni qoldirish vositasi sifatida qo‘llaniladi. Ularning oliy nerv faoliyatiga ta’siri alkogolsifat, faqat qo‘zg‘alish jarayonini darhol pasaytiradi va oshiqcha tormozlanishni tezroq chaqiradi. Bu moddalar ta’siri ham (kuchli yoki kuchsiz ta’siri) nerv tizimi turlariga bog‘liq. Novakain ham og‘riqni pasaytiruvchi hisoblanadi, uning ta’siri boshqa shunga o‘xshash dorilardan davomliroq bo‘ladi.
Fenamin kam miqdorda (odam uchun 0,005-0,02 g) vaqtincha qo‘zg‘alish jarayonini kuchaytirib, ish qobiliyatini oshiradi, charchoqni sezdirmaydi. Ma’lum vaqt o‘tganidan keyin (bir necha soat) qo‘zg‘alish pasayadi, oshiqcha tormozlanish paydo bo‘ladi, oliy nerv faoliyati buziladi. Jenshen moddasining ta’siri ham fenaminga o‘xshaydi.
Tashqi muhit omillari, (ya’ni issiq yoki sovuq harorat, atmosfera bosimi, yorug‘lik, qorong‘ilik va boshqalar) oliy nerv faoliyatiga sezilarli va davomli ta’sir qiladi. Bunday omillar ichida Respublikamiz uchun xarakterlisi issiq havo haroratidir. Ushbu omilning organizm hayotiy funksiyalariga ta’siri butun dunyo olimlari shu jumladan O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘istonlik fiziologlar tomonidan o‘rganilgan (A.Y.Yunusov, O.S.Sodiqov, Z.T.Tursunov, K.R.Raximov, E.S. Mahmudov, U.Z.Qodirov, R.A.Ahmedov va boshqalar). Yuqori havo harorati miya po‘stlog‘ida qo‘zg‘alish jarayonini kuchsizlantiradi, uni va tormozlanish almashinuvini (harakatchanligini) susaytirib yuboradi. Olingan natijalarga ko‘ra shartli bunday tajribalarda refleks juda kuchsiz holatga kelib qolgan, farqlanishlar (differensirovkli tormozlanish) susayib ketgan va uzoq davom etgan. Yuqori haroratning organizmga davomli ta’siri oxir-oqibatda gomeastaz ko‘rsatkichlarini buzadi va qator xastaliklar keltirib chiqaradi. Bunday iqlim sharoitiga moslashish ancha qiyin kechadi. Aniqlanishicha, bitta tashqi omilga yaxshi moslashgan organizm (masalan jismoniy faoliyatga), issiq haroratli muhitga tezroq ko‘nikar ekan.
Xotira tushunchalari. Xotira va uning fiziologik mexanizmlari. Eslab qolish, unutish. Xotira tiplari. Harakat va hissiy xotira. Obrazli va timsoliy xotira. Hissiyot fiziologiyasi, hissiyot turlari.
Xotira markaziy nerv tizimining murakkab funksiyalaridan biri bo‘lib, u tufayli odam bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni, ko‘rgan, bilgan va eshitganlarini qisqa va davomli vaqt ichida esda saqlab qoladi. Odamni biron faoliyatga (yozish, yodlash, turli-tuman harakatlarni o‘zlashtirib olish, musiqani o‘rganish, har xil tovushlarni, ranglarni bir-biridan farqlash, narsa-predmetlarning joylashishini o‘zlashtirib olish va hokazo) o‘rgatish hamda shartli reflekslarning barcha turlari xotira bilan chambarchas bog‘liq.
Xotira bois inson har lahzada o‘tmishda bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarni eslaydi, ularni analiz va sintez qilish orqali ayni vaqtda va kelajakda amalga oshirilishi kerak bo‘ladigan xatti-harakatlarni rejalashtiradi.
Xotira mexanizmlarini o‘rganishda olib borilgan tadqiqotlarning natijalari o‘ziga yarasha, bu borada aniq va isbotlangan ma’lumotlar (bioximik, biofizik, genetik va boshqalar) juda kam. Faqat ayrim olimlarning fikriga ko‘ra nerv hujayralari tarkibidagi RNK va DNK larda hosil bo‘lgan konformatsion o‘zgarishlar, ular sintezlanishining kuchayishi va pasayishi xotira shakllanishini taqozo qilar ekan. Masalan, biron narsani o‘rganish jarayonida hayvonlar miyasida RNK sintezlanishi tezlashib kichik peptidlar miqdori oshadi. Yana xotira miya neyronlarining o‘zaro sinaptik aloqalari kuchayishi (sinapslar soni oshadi) natijasidir, degan fikr ham mavjud.
Xotiraning antogenistik rivojlanishi quyidagicha: bola bir yoshga borganida (bir yoshli bolalarda) uzoq muddatli xotira endi shakllana boshlaydi. Ikkinchi yosh boshlanishi bilan tashqi axborotlarning bir necha hafta saqlanishi qayd qilingan. Uch yoshlilarda u bir necha oygacha esda turadi, bola to‘rt yoshli bo‘lganida esa eshitgan ko‘rganlari bir yilgacha saqlanar ekan. Olti, yetti yoshli bolalarda ixtiyorsiz xotiradan tashqari ixtiyoriy xotirada saqlash imkoniyatlari yuzaga keladi, shu bois bu yoshga kelib bolalarning maktabda o‘qishi samarali bo‘ladi. Ushbu yoshdagi xotira ko‘pincha obrazli bo‘ladi va esda saqlab qolish jarayonida analizatorlar qancha ko‘p qatnashsa xotira shuncha mustahkam va uzoq muddatli bo‘ladi. Abstrakt xotira yuqori sinf o‘quvchilarida ancha kuchayadi. Xotirani mashq qilib kuchaytirish mumkin va bu hol 20-25 yoshlargacha samarali kechadi.
Xotira o‘zining neyrofiziologik xususiyatlariga ko‘ra uch turga bo‘linadi, ya’ni bevosita xotira, qisqa muddatli va uzoq muddatli xotiralar. Shundan bevosita xotira juda qisqa bo‘lib millisekundlar bilan o‘lchanadi. Masalan, poyezd yoki avtobusda ketayotganingizda ko‘ringan narsalar ko‘pi bilan 400-500 millisekundda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Ular orasida yaqqol ko‘rinadigan narsalar bo‘lmasa darhol esdan chiqib ketadi, xotirada qolishi juda kam holatlarda uchraydi. Qisqa muddatli xotira ko‘rgan, eshitgan narsalarning bir necha lahzadan (daqiqalardan) keyin esdan chiqib ketishidir. Odam bir marta namoyish qilinadigan narsalarni o‘rtacha 7±2 (sonlar, so‘zlar va boshqalar) tasini xotirada saqlanib qolishi mumkin. Agar kimgadir telefon qilish uchun uning nomerini qog‘ozdan o‘qib terishingizdan keyin ko‘pincha uni esdan chiqarib yuborasiz. Shu arafada nimadir diqqatingizni tortsa (masalan, eshikdan kimdir kirib kelsa) qog‘ozda ko‘rib yodingizda saqlagan haligi raqam darhol esingizdan chiqib ketadi. Qisqa muddatli xotira juda nozik bo‘lib, uni narkoz, gipoksiya holatlari yanada qisqartiradi. Elektrofiziolog olimlarning taxmin qilishicha qisqa muddatli xotira nerv hujayralarida ko‘rgan, eshitgan narsalarga nisbatan hosil bo‘lgan nerv impulslarining xalqasimon aylanib yurishi bo‘lishi mumkin. Qisqa muddatli xotiralarning ayrimlari ko‘pincha biologik ahamiyatiga ko‘ra uzoq muddatli xotiraga o‘tib kunlab, oylab va hatto bir umrga saqlanib qolishi mumkin. Ushbu holatlarning fiziologik mexanizmlari hozirgacha noma’lum. Bunda organizmning funksional holatlari (sog‘, kasal, asabiylashgan, charchagan va boshqalar) ham muhim ahamiyatga ega. Masalan, eshitgan, o‘qigan yoki ko‘rgan narsalaringiz kayfiyatingiz ko‘tarinki paytda hech narsa xalaqit qilmay turganida davomli xotirada yaxshi saqlanadi. Qisqa muddatli xotiraning hajmi juda oz bo‘lib, bir necha saqlanish birligini tashkil qiladi. Uzoq muddatli xotira hajmi juda keng, ba’zan cheksiz bo‘lishi mumkin va u katta saqlanish birliklariga ega. Til o‘rganishdagi alifbo, so‘zlar, grammatik qoidalar, murakkab matematik formulalar uzoq muddatli xotiraga tegishli bo‘lib murakkab shartli reflekslar majmuasidan iborat.
Qayd qilinganidek yarimsharlar po‘stlog‘ining turli sohalari tegishli sezgi a’zolarining markazlari hisoblanadi, masalan, ensa qism ko‘rish, chakka qism eshitish, peshona qism hissiyot, harakat markazlari bo‘lib hisoblanadi. Lekin har xil sezgi a’zolari orqali ya’ni ko‘rgan, eshitgan, hidini sezgan narsalar haqidagi xotira po‘stloqda keng tarqalgan holda bo‘ladi, ko‘rish orqali esda qolgan narsa nafaqat po‘stloqning ensa qismigagina bog‘liq bo‘lmasdan qolgan sohalar bilan ham aloqador bo‘ladi. Bu ham miya po‘stlog‘i shikastlangan bemorlarda kuzatilgan. Yana shunisi ham borki, po‘stloq hujayralari qancha ko‘p shikastlansa xotira shuncha ko‘p yo‘qolar ekan. Qisqa va uzoq muddatli xotiraning xususiyatlarini o‘rganish shunga olib keldiki, miyaning po‘stloq sohasidan boshqa qismlari ham, masalan po‘stloq ostki qismlari xotira jarayonlarida faol qatnashar ekan. Gippokampi olib tashlangan bemor uzoq muddatli xotirani saqlab qolib qisqa muddatlilarini yo‘qotar ekan. Shunday bemor bilan ancha gaplashib o‘tirilganidan keyin tashqariga chiqib birozdan keyin kirilsa u sizni birinchi ko‘rayotganligini aytgan. Xotira haqida neyrofiziologlardan I.S. Beritoshvili ta’limotiga ko‘ra obrazli, shartli reflektor, hissiy hamda so‘z-mantiq xotiralari farqlanadi. Obrazli xotira hayotiy ahamiyatli obe’ktlarni esda qoldirish bilan xarakterlansa, shartli reflektor xotira ma’lum qo‘zg‘alishga ko‘ra hosil bo‘lgan shartli refleksning ko‘p vaqtlardan keyin tasodifan qayta tiklanishini xarakterlaydi. Hissiy xotira boshdan kechirgan hissiyotlarni hayot davomida uchrab qolishi o‘sha paytda paydo bo‘lgan holatni, kechinmalarni qayta tiklanishi bilan xarakterlanadi. So‘z-mantiqiy xotira tashqi jism va hodisalarni hamda o‘z kechinma, xaddi-harakatlarini so‘zlar yordamida ifodalashdir.
Hissiyotlar. Dastavval shu narsani qayd qilish kerakki, hissiyot tushunchasiga hozirga qadar fiziologik nuqtai-nazardan ilmiy aniqlik kiritilmagan. Hissiyot odam va hayvonlarda tashqi yoki ichki ta’sirotlar natijasida mamnunlik, qoniqmaslik, rozilik, norozilikni yuzaga keltiruvchi subyektiv holat. Ushbu holatlar markaziy nerv tizimidagi ixtisoslashgan yoki emotsogen sohalar faoliyati bilan yuzaga keladi. Ulardan ayrimlari ijobiy hissiyotni paydo qiladi, u organizmga yoqib tushadi, bunday hissiyotni har bir subyekt saqlab qolishga, davom ettirishga intiladi. Ikkinchi bir xillari esa salbiy hissiyot tug‘dirish bilan bog‘liq, ularni subyekt yo‘qotishga harakat qiladi. Yoqimli va yoqimsiz hissiyotlar ularning biologik ahamiyatiga ko‘ra farqlanadi, shunga ko‘ra har bir subyekt birinchisini rivojlantirishga, ikkinchisini esa yo‘qotishga intilinadi. Insondagi hissiyotlar ijtimoiy asosga ega bo‘lib ular jamiyat qonun-qoidalariga, urf-odatlariga bog‘liq holda shakllanadi. Odam tegishli ehtiyojini qoniqtira olmasa unga har qanday yo‘l bilan bo‘lsada erishish payiga tushadi. Ijobiy hissiyot odamda mamnunlik, lazzatlanish, xursandchilik uyg‘otadi. Shuning uchun odam bunday holatlarni takrorlanishini istab tegishli haddi- harakatlar qilishga intiladi.
Hissiyotning yuzaga kelishida bir necha nazariyalar mavjud bo‘lib ulardan biri periferik nazariya. Unga ko‘ra ichki a’zolar va muskullar faoliyatining o‘zgarishi tegishli hissiyotni vujudga keltiradi. Ushbu nazariyaga asosan tub hissiyotlarni tushuntirish mumkin, lekin yuqori ijtimoiy hissiyotlarni tushunishda u ojizlik qiladi. Shuning uchun XX asrning 20-yillariga kelib markaziy yoki talamik nazariya yaratildi. Unga asosan periferiyadan keladigan afferent impulslar talamusga yetib borib uning faoliyatini o‘zgartiradi. Talamusda paydo bo‘lgan qo‘zg‘alish ikkita yo‘l bilan tarqaladi. Birinchi yo‘l to‘g‘ridan-to‘g‘ri miya po‘stlog‘iga ko‘tarilib subyektiv tuyg‘ular-qo‘rqish, g‘azablanish, quvonch kabi hissiyotlarni uyg‘otadi. Ikkinchi yo‘l bilan gipotalamusga yetib borib vegetativ o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi (yurak urishining tezlashishi, qon tomirlarining kengayishi yoki torayishi, nafas olishning o‘zgarishi va boshqalar). Talamik nazariyaning rivojlanishidan Peypis nazariyasi kelib chiqdi. Unga ko‘ra hissiyotning shakllanishida bosh miyaning limbik sohasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Gippokampda yuzaga kelgan hissiyot impulslari talamus orqali belbog‘ pushtaga o‘tadi va shu yo‘l bilan miya po‘stlog‘iga yetib boradi. Ushbu his-hayajon impulslari qayd qilingan tizimlar halqasida (Peypis halqasida) uzoq vaqt aylanib yurishi mumkin. Bilamizki, bosh miyaning limbik tizimiga talamusning oldingi yadrolari va biroz pastroqda joylashgan gipotalamus kiradi. Hissiyotni qo‘zg‘atuvchi vegetativ reaksiyalarni gipotalamusning ma’lum qismlari paydo qiladi (o‘rta miya yon qismida joylashgan bodomsimon yadro va u bilan yonma-yon turgan gippokamp ham limbik tizim hisoblanadi). Agar bodomsimon tana elektr toki bilan qitiqlansa (ta’sirlansa) qo‘rqish, tajovuz qilish, g‘azablanish hissiyotlari vujudga keladi. Ushbu tana gippokamp bilan qo‘shib olib tashlansa maymunlar yuvvosh va itoatkor bo‘lib qolishi tajribalarda ko‘rilgan. Hissiyotlar yana to‘rsimon (retikulyar) formatsiya va qora substansiyaga (po‘stloq osti yadrolaridan) ham bog‘liqligi aniqlangan. Katta yarimshar po‘stlog‘ining talamus bilan bog‘liq peshona sohalarining hissiyotga yaqindan aloqador ekanligini miyasining shu sohasi shikastlangan bemorlarda kuzatish mumkin. Ular yaralanishdan oldin mo‘min-musurmon, yoqimtoy kishilar bo‘lgan bo‘lsa, shikastlanish natijasida baqiroq, qo‘pol, jonsarak bo‘lib qolishadi.
Hissiyotlarning uyg‘onishiga tashqi ta’sirotlar yoki ehtiyojni qondirish yo‘lidagi xatti-harakatlar sabab bo‘ladi. Hissiyotlar kayfiyatni o‘zgartirishdan tashqari qator boshqa o‘zgarishlarga (qonda adrenalin ko‘payishi, yurak urishining tezlashishi, moddalar almashinuvining kuchayishi va boshqalar) ham olib keladi. His-hayajon kuchayganida birin-ketin ishga tushadigan muskullar birdaniga faollashadi, ularda charchash alomatlari kamayadi, har xil ta’sirotlarga sezgirlik oshadi. Buning bilan organizmning foydalanilmagan imkoniyatlari ochilishi kishiga kutilmagan kuch-g‘ayrat kelishi mumkin. Shunday paytlari bir tomondan kuchli ehtiyojning paydo bo‘lishi, ikkinchi tomondan esa unga erishish uchun zarur omillarning yetarli bo‘lmasligi ayrim hollarda hissiy zo‘riqishga olib kelishi mumkin. Bunday omillarni bilim, ko‘nikmalar, tajriba, energiya, vaqt tashkil qiladi. Ulardan birontasining yetishmasligi esa hissiy zo‘riqishga olib keladi. Ehtiyoj qancha yuqori bo‘lib, uni amalga oshirish imkoniyati shuncha past bo‘lsa hissiy zo‘riqish shunchalik kuchli bo‘ladi. Emotsiya odam va hayvonlardagi barcha nerv-psixologik faoliyatlar boshqarib boruvchi muhim mexanizm hisoblanadi. Odam va hayvonlar ham ochlik hissiyoti paydo bo‘lmasa organizmning oziq moddalariga bo‘lgan talabini qondirishga kirishmaydi. Masalan, ochlik hissiyoti yuzaga kelmasa individlar holdan toyib o‘lsa ham ovqatlanish yoki ovqat topib iste’mol qilishga harakat qilmaydi. Gipotalamusdagi ochlik hissiyotini paydo qiladigan yadrolar buzib tashlansa (hayvonda) oziq moddalar yetishmasligidan u o‘ladi, lekin ovqat yemaydi. Insonda ham bunday nuqtalar ma’lum sabablarga ko‘ra (jarohat, maxsus dori-darmon ta’siri va boshqalar) shikastlansa ochlik hissi yo‘qolib, u ovqat yemay qo‘yadi (holdan toyib halok bo‘ladi). Suvga nisbatan talab ham chanqoqlik hissiyoti paydo bo‘lgandagina suv ichish xatti-harakatini keltirib chiqaradi. Aks holda hayvon chanqab o‘lsada suv ichmaydi. Yana shu narsani ham ta’kidlash kerakki, ovqatga yoki suvga nisbatan qoniqish hissiyoti yuzaga kelmasa (bunday nerv markazlari gipotalamusning tegishli qismlarida mavjudligi elektrofiziologik tekshirishlarda aniqlangan) qancha ovqat yegan bilan yoki qancha suv ichgan bilan ochofatlik to‘xtatilmaydi, ko‘p miqdorda (ehtiyojdan tashqari) ovqat yeyiladi yoki suv ichiladi. Biologik nuqtai-nazardan hissiyotlar signal beruvchi va boshqaruvchi (regulyatsiya qiluvchi) turlarga bo‘linadi. Signal beruvchi hissiyotlar ta’sirotlarning foydaliligi yoki zararliligi haqida xabar beradi. Bunday hissiyot tufayli organizmda ta’sirotga nisbatan hali ta’sir etmasdanoq darhol javob reaksiyasi beriladi, xususan zararli ta’sirot haqidagi signalga nisbatan birdaniga yurakning tez urishi, qon depolaridan qonning tomirlarga ko‘p miqdorda chiqishi, adrenalin gormonining ko‘payishi va boshqa o‘zgarishlar kuzatilib organizm o‘zidagi kuch, bor imkoniyatlarni ishga solib o‘zini himoya qiladi.
Boshqaruvchi hissiyot ta’sirotning yoqimsiz yoki yoqimliligiga qarab tegishli hissiyot kechinmalarni chaqiradi. Masalan, yoqimsiz ta’sirot qo‘rquv, och qolish, chanqash kabi his-tuyg‘ularni uyg‘otsa, yoqimlilari huzur-halovat (qorin to‘yganda, jinsiy yaqinlik qilinganida va boshqalar) hissiyotini uyg‘otadi. Fiziologik nuqtai-nazardan hissiyotlar yana tuban va oliy turlarga bo‘linadi. Tuban hissiyotlar elementar hissiyotlar bo‘lib, uning o‘zi yana ikkiga bo‘linadi, ya’ni gomeostatik va instinktiv hissiyotlar. Gomeostatik hissiyotlar suv, ovqat topib organizm gomeostazini, holatini yaxshilashga (normallashtirishga) qaratilsa, instinktiv hissiyot jinsiy ehtiyojni qondirishga, o‘z jonini saqlashga harakat qilishga bog‘langan hissiyotlardir.
Oliy hissiyotlar faqat insonlarga xos bo‘lib, ular ijtimoiy talablarni (intellektual, estetik, odob-ahloq va boshqalar) qondirishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Oliy hissiyotlar ong rivojlanishi bilan yuzaga kelib tuban hissiyotlarni boshqarib, nazorat qilib, zarur bo‘lganida tormozlab turadi. Yana hissiyot stenik (faollashtiruvchi) va astenik (faolsizlantiruvchi) turlarga ham bo‘linadi. Davom etish muddati va ifodalanishiga ko‘ra hissiyotlar kayfiyat, ehtiros hamda jazava turlariga ham bo‘linadi. Bulardan tashqari hissiyotlar umuman olganda ijobiy va salbiy bo‘ladi. Ijobiy hissiyot kishiga ko‘tarinki ruh beradi, kayfiyati yaxshilanib jismoniy va aqliy mehnat qilish qobiliyati kuchayadi, tanasidagi barcha tizim va a’zolari yaxshi ishlaydi, hatto kasalliklar ham unutib yuborish kuzatiladi. Kishi bunday holatni uzoq vaqt ushlab turishga harakat qiladi, shunga intiladi. Salbiy hissiyot esa buning aksicha kishini oshiqcha bezovta qilib, tinchlik bermaydi, odam undan qochgisi qutilgisi keladi, qarshi kurashish yo‘llarini qidiradi. Ko‘pincha ichki a’zolar, xususan yurak-qon tomirlari, ichki sekretsiya bezlarining meyoriy holatlari buziladi (qon bosimi ko‘tariladi, oshqozon-ichaklar og‘riydi, ich ketadi va hakazo).
Unchalik kuchli bo‘lmagan ijobiy hissiyotlar ko‘pincha parasimpatik nerv tizimining qo‘zg‘alishi tufayli ro‘y bersa, salbiy hissiyotlar simpatik qo‘zg‘alishga javoban hosil bo‘ladi. Lekin hissiyotlar kuchli bo‘lganida har ikkala nerv tizimi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘ladi. Hayvonlarda o‘tkazilgan tajribalar shu narsani ko‘rsatdiki, gipotalamusning kaudal (dum) sohasi kuchli achchiqlanish hissiyotini yuzaga keltirar ekan. U buzib tashlansa yuvvosh hayvonlar ham tajovuzkor bo‘lib qoladi. Ko‘pgina neyrofiziolog olimlarning e’tirof etishicha (masalan, I. Peypets va boshqalar) turli hissiyotlarning nerv markazlari limbiko-gipotalamik tizimda joylashgan. Bunga asos gipotalamusning bosh miya qismlari bilan yaqindan bog‘liqligi bo‘lib hisoblanadi.
Xulosa o‘rnida shu narsani qayd qilish mumkinki hissiyotlar har bir organizmning turli-tuman muhit sharoitlariga moslashishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Bedorlik, uyqu va tush ko‘rish fiziologiyasi. Bedorlik va uyquning neyrofiziologik mexanizmlari. Tush ko‘rishning neyrofiziologik asoslari. Patologik uyqu, letargiya. Lunatizm. Gipnoz haqida tushuncha.
Organizmni tashqi muhit bilan bog‘lab turadigan, amalga oshiriladigan barcha xatti-harakatlarni boshqarib, nazorat qilib boradigan bosh miya ayniqsa uning po‘stloq qismi doimiy holda ishlamaydi, vaqti-vaqti bilan ish qobiliyatini tiklashi uchun u dam olishi kerak, boshqacha aytganda u faol holdan uyquga o‘tishi kerak. Ushbu holat barcha tirik mavjudotlar va odam uchun meyor hisoblanadi. Uyqu bois bosh miya o‘zining toliqqan analiz va sintez qilish qobiliyatini tiklab oladi.
Uyqu va u bilan bog‘liq bosh miya faoliyatidagi o‘zgarishlar qadim zamonlardan boshlab olim va mutafakkirlar e’tiborini tortib kelgan va uyquni kelib chiqishiga oid qator gipoteza va fikrlar bildirilgan (degidratatsion, gistologik, kimyoviy va boshqalar) va ular hozirga kelib asosan tarixiy ahamiyatga ega xolos.
Masalan R. Lejandr va A. Pyeronlarning gipotoksin uyqu nazariyasiga binoan bedorlik paytidagi moddalar almashinuvi natijasida qonda gipotoksinlar ko‘payib ular nerv hujayralari faoliyatini keskin pasaytirib yuboradi, ular o‘z faoliyatini to‘xtatib, inson uyquga ketishga majbur bo‘ladi va uyqu davomida bu zaharli moddalar organizmdan chiqarib yuboriladi. Shundan keyin organizm uyqudan bedorlik holatiga qaytadi, uyg‘onadi. Ushbu tushuncha itlarda olib borilgan tajribalar bilan to‘liq asoslandi (bir necha sutka davomida uxlamagan hayvon qoni boshqa itga o‘tkazilganida u darhol uxlab qolgan). Lekin ushbu nazariya akademik P.K. Anoxin laboratoriyasida olib borilgan tadqiqotlar bilan inkor qilindi. Tanasi bir-biri bilan yopishib tug‘ilgan qiz bolalarning biri uyqudalik payti ikkinchisi bedor va faol bo‘lgan (qon aylanishining har ikkala tana uchun umumiy bo‘lishi gipnotoksin ta’sirini yo‘qqa chiqardi). XX asrning 20-yillariga kelib bosh miyaning ichki qatlamlarida shunday nuqtalar topildiki, ularni ayrimlari elektr toki bilan ta’sirlanganida uyquga ketish, boshqalari ta’sirlanganida esa uyg‘onib ketish holatlari kuzatilgan. Shunga ko‘ra uyqu va bedorlik uchun maxsus nerv hujayralari to‘plamlari (yadrolari) mas’ul degan g‘oya paydo bo‘ldi. Lekin uyquning yuzaga kelishida eng asosiy nazariya bu I.P.Pavlov tomonidan yaratilgan tormozlanishning irradatsiyalanish nazariyasi hisoblanadi. Unga ko‘ra po‘stloq hujayralarida bedorlik paytida (ma’lum vaqtga kelib) qo‘zg‘alish jarayoni tormozlanish bilan almashinadi. Bu jarayon irradatsiyalanib butun po‘stloq bo‘ylab tarqaladi va miya ishchi holatdan uyquga ketadi. Bu holatda barcha sezgilar pasayadi, yurak urishi sekinlashadi, shartli reflekslar kuchsizlanadi, nafas olish, hazm a’zolari faoliyati pasayadi va hokazo. Uyqu paytida neyronlarda yuz beradigan tegishli metabolizm tufayli zarur kimyoviy va funksional holatlar tiklanadi. Natijada tormozlanish tarqalib bedorlik yuzaga keladi. Uyquga ketishda bir xil, unchalik kuchli bo‘lmagan, davomli ta’sirlagichlar (masalan, suvning shildirab oqishi, transport vositalarining bir tekisda davomli harakat qilishi, bolaga aytilgan alla kuylari, yoqimli kuylarning ijro etib turilishi va boshqalar) miya po‘stlog‘ining faqat ma’lum nuqtalari tomonidan qabul qilinadi. Bu hol o‘z o‘rnida ma’lum vaqtdan keyin tormozlanish paydo qiladi. Tormozlanish esa irradiatsiyalanib butun po‘stloqni qoplab oladi, kishi uyquga ketadi. Buni tabiatda tez-tez uchratish mumkin, kuchsiz shamolda daraxt barglarining shitirlashi, daryoda suvning bir xil tovush chiqarib oqishining uyquni keltirishi hech kimga sir emas.
Uyqu paytida markaziy nerv tizimining, jumladan miya po‘stlog‘ining umumiy faoliyati pasayadi, molekulyar tonusi va sezgirligi susayadi, shartsiz reflekslar kuchsizlanib, shartli reflekslar to‘liq tormozlanadi. Hozirgi paytda uyquning quyidagi turlari farqlanadi: ya’ni tabiiy fiziologik uyqu, faslga bog‘liq uyqu, gipnotik uyqu, narkotik uyqu, patologik uyqu.
Tabiiy fiziologik uyqu davriy (sutkalik) bo‘lib, odamlarda, hayvonlarda kuzatiladi. Odamdagi davriy uyqu hayot davomida o‘zgarib boradi. Sut emuvchi bolalarda u ko‘p fazali bo‘lib, o‘rtacha 13-17 soat davom etadi. Bola bir yoshga borganidan keyin u ikki fazali holatga o‘tadi (kechki, kunduzgi) va 13-15 soat davom etadi. 5-6 yoshli bolalarda monofazali uyquga o‘tiladi (8-12 soat davom etadigan). 12 yoshga borib uning davomiyligi 10 soat atrofida bo‘ladi. Katta odamlarda uyqu o‘rtacha 6,5-7,5 soat davomlilikka ega bo‘ladi. Faslga bog‘liq uyqu yashash sharoiti og‘ir bo‘lgan paytlarda organizm hayotini saqlab qolish maqsadida rivojlanadi (qish yoki yoz payti, oziq moddalar taqchilligi tufayli jon saqlash uchun harakat qilmay energiyani tejash maqsadida uyquga ketadigan hayvonlar- tushkanchik, kalamushlar, ayiqlar va boshqalar). Uyquning boshqa turlari (gipnotik, narkotik, patologik) nofiziologik ta’sirotlar natijasida rivojlanadi.
Gipnotik uyqu miya yarimsharlar po‘stlog‘ining to‘liq tormozlanmasligi bilan xarakterlanadi va shu bois odam tashqi dunyo bilan aloqani uzmay buyurilgan narsalarni (gipnozchi tomonidan) mohiyatiga to‘liq tushunmasdan amalga oshiradi. Po‘stloqdagi xatti-harakatlarni boshqarib boradigan markazlarning ko‘pchiligi tormozlangan, ozchiligi ishchi holatda bo‘lganligi uchun bajariladigan faoliyat ustidan kishi to‘liq nazorat qila olmaydi, unga ish buyuradigan odamga ixtiyorini berib qo‘yadi, ishonchi oshadi, aytganini bajaradi. Gipnotik uyqudan tibbiyotda turli xil psixik va somatik kasalliklarni davolashda foydalaniladi (gipnozchi bemorni gipnoz holatiga tushirib sen kasal emassan deb ishontiradi va unda sog‘ayish alomatlari ishonish yo‘li bilan yuzaga kela boshlaydi).
Narkotik uyqu turli narkotik moddalarning ta’siridan yuzaga keladi (efir, xloroform, har xil zaharlar). Bunday uyqu yana o‘zgaruvchan tok bilan ta’sir etilganida ham yuzaga keladi (elektronarkoz).
Patologik uyqu markaziy nerv tizimi turli qismlarining buzilishi tufayli ro‘y beradi. Odatda bunday uyqu juda davomli bo‘ladi. Ayrim hollarda patologik uyqu komotoz yoki subkomatoz ko‘rinishida kuzatilib, bemorni uyg‘otish qiyin kechadi. Bir necha oylab, yillab davom etadigan patologik uyqu ham bo‘ladi, uni letargik uyqu deyiladi. Bunday holga tushgan odamda barcha fiziologik funksiyalar juda susayib ketadi. Ba’zan letargik uyqudagi odam chor-atrofida bo‘lgan voqealarni sezishi mumkin, lekin ularga javob bera olmaydi. Bunday uyquga sabab kuchli stress reaksiyalarni boshdan kechirish (yaqin kishilarning vafot qilishi, bosh miyadan kuchli jarohat olish) bo‘lishi mumkin.
Uyquda miya bedorlik paytida unga oqib keladigan ma’lumotlar, signallar oqimidan holi bo‘lib, ba’zi bir yechimiga yetilmagan muammolarni hal qilishi mumkin. Shuning uchun uyquda odam bedorlik paytidagi voqea-hodisalarni, matematik formula va chizmalarni tush ko‘rish tarzida xayolidan o‘tkazadi. Ayrim paytlari uning yechimi ham topiladi. Chunki bedorlik paytida har xil boshqa tashqi ta’sirotlar (shovqin-suron, issiq-sovuq va boshqalar) e’tiborni bir nuqtaga to‘plash imkoniyatini bermaydi. Uyquda esa barcha ta’sirotlar to‘xtatilib shartsiz reflektor jarayonlar juda kuchsizlanib tushga kirgan vaziyatlar, shakllarni batafsil analiz qilish imkoniyati tug‘iladi. Shu yo‘l bilan bedorlikda hal bo‘lmagan ayrim matematik masalalar tushda yechiladi. Uyqu paytida barcha ko‘ndalang-targ‘il muskullar tonusi pasayib, nafas olish chastotasi va qon bosimi, tana harorati pasayadi, asosiy almshinuv 10-15 % kamayadi, qon tarkibidagi glyukoza va bilirubin pasayadi.
Bedorlikdan uyquga ketishda va undan uyg‘onishda ba’zi hollarda davriy holatlar kuzatiladi, ular gipnotik davrlar deyilib, ushbu holatda reflektor jarayon odatdagidan o‘zgaradi. Masalan, bedorlik davrida kuchli ta’sirlagichlar kuchli javob reaksiyasini chaqirsa quyidagi gipnotik holatlar kuzatiladi: I davr, tenglashtiruvchi davr, bunda kuchli va kuchsiz ta’sirlagichlarga bir xil shartli reflektor javob olinadi. II davr paradoksal davr, ya’ni kuchli ta’sirotga kuchsiz javob, kuchsiziga esa kuchli javob olinadi. III davr ultraparadoksal davr, bu kamroq kuzatiladigan holat. Bunda salbiy shartli ta’sirotlarga odatda kuzatilmaydigan shartli refleks paydo bo‘ladi. Musbat ta’sirlagich esa hech qanday shartli refleks chaqirmaydi. IV davr tormozlanish davri deyilib unda shartli ta’sirotga javob berilmaydi, ya’ni to‘liq uyquga ketish sodir bo‘ladi. Uyqudan uyg‘onish holatida esa yuqorida ko‘rib o‘tilgan gipnotik davrlar teskarisiga sodir bo‘ladi. Majburan chaqirilgan uyqusizlik deprivatsiya deyiladi, bunda markaziy nerv tizimi katta zarar ko‘rib oxiri o‘lim bilan tugaydi. Tajribada it bolalari majburan uxlatilmasa 5-10 sutkadan keyin o‘ladi. Katta itlar esa 10-12 sutkagacha chidashi mumkin. Bunday hollarda o‘lim bosh miya turli sohalariga qon quyilishi natijasida yuzaga keladi. Odamlarda uyqu deprivatsiyasining uchinchi kuniga kelib qonda shakar, leykotsitlar soni ko‘payib, ba’zi vitaminlar soni kamayib ketadi. Kishida emotsional barqarorlik pasayib, kayfiyat tushib ketadi, barcha xatti-harakatlarda ishonchsizlik, xotiraning pasayib ketishi, aqliy qobiliyatning keskin yomonlashuvi qayd qilinadi. Sakkizinchi kunga kelib aql-idrok buziladi, tashqi dunyo haqida obyektiv fikrlash yo‘qoladi.
XX asrning 30-yillariga kelib elektrofiziologik tadqiqotlar rivojlandi, buning natijasida bosh miya elektroensefalorafiyasiga asosan uyqu va bedorlik fiziologiyasini o‘rganishda yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Masalan, bedorlikdan uyquga o‘tishda elektroensefalogramma (EEG) ritmlarida aniq o‘zgarishlar ro‘y berar ekan va ularga qarab uyqu bosqichlari farqlandi.
Uyquning birinchi bosqichida mudroqlanish kuzatiladi. Elektroensefalogrammada tinch ko‘z yumilgan holdagi alfa ritmlar (8-12 Gs) amplitudasi katta bo‘lmagan teta ritmlar (4-7 Gs) bilan almashinadi. Bu bosqichda vaqti-vaqti bilan teta ritmlar delta to‘lqinlarga (1-3 Gs) o‘tadi. Uyqu chuqurlashib borishi bilan uyquning ikkinchi bosqichi boshlanib 12-14 Gs li urchuqsimon, amplitudasi 20-40 mkV atrofidagi ritmlar yuzaga keladi. Bunday urchuqsimon to‘lqinlar 1-2 sek davomli bo‘lib, har 3-5 sek da takrorlanib turadi. Shundan keyin uyqu yanada chuqurlashishi elektroensefalogrammada past chastotali (1-2 Gs) va yuqori amplitudali ritmlar paydo bo‘lishi bilan xarakterlanadi va bu uyquning uchinchi bosqichi deyiladi. To‘rtinchi bosqichdagi uyqu ancha chuqur bo‘ladi, bunda EEG 1-0,5 Gs li past chastota va yuqori amplitudaligi (600 mkv) bilan xarakterlanadi. Mana shunday kuzatiladigan uyqu bosqichlari (bioelektrik faollikning pasayib borishi, amplitudaning kattalashishi) darhol o‘zgarib kuzatilayotgan kartina bedor odamning EEG sidan farq qilmay qoladi (yuqori chastotali va past amplitudali ritmlar paydo bo‘ladi). Buni uyquning beshinchi bosqichi ham deyiladi. Bu vaqtda uxlayotgan odamda ko‘z olmalari tez-tez harakat qila boshlaydi, muskullar tonusi pasayadi, yuzdagi mimika muskullari, qo‘l va oyoq uchlari kuchsiz qimirlay boshlaydi. Yana nafas olish notekislanib, qon bosimi ko‘tariladi. Bunday uyqu holatini ayrim mualliflar paradoksal uyqu deb yuritishadi. Paradoksal uyqu vaqtida (ko‘z olmalarining tez-tez harakat qilishi, muskul tonuslarining kuchsizlanishi) ko‘pchilik tekshiruvchilar 80-90% tush ko‘rganligini aytishadi. Shunisi ham diqqatga sazovorki bunday uyqu davrida tekshiriluvchi osonlikcha uyg‘onmaydi, qattiq uyquda bo‘ladi. Ko‘pgina tadqiqotlar uyquning mana shu beshinchi bosqichini tez uyqu, undan oldingilarini sekin uyqu bosqichlari deb ham yuritishadi. Uyquning tez va sekin bosqichlari davriy xarakterga ega bo‘lib, bir kechada 7,5 soat uxlagan odam (katta yoshli) 1,5-2 soatni tez uyquda, qolgan 5,5-6 soatni sekin uyquda o‘tkazadi. Sekin uyqu davrida (I-IV bosqichlar) barcha vegetativ holatlar susayadi-qorachiqlar torayadi, tomirlar kengayadi, ter ajralishi ko‘payadi, so‘lak ajralishi kamayadi, yurak-tomir, nafas, hazm ajratuv a’zolarining faoliyati kuchsizlanadi. Tez uyquda esa barcha vegetativ a’zolar faoliyati tezlashadi, buning sababi ko‘rilayotgan tush voqealarida odam o‘zini “ishtirok” ettirib aytilgan a’zolar faoliyatini kuchaytiradi. Sekin uyqu faqat odamlargagina xos xususiyat bo‘lib, uni kishilar uy-joy qurib o‘zining xavfsizligini ta’minlagandan keyin orttirgan. Sekin uyqu davrida ayrim odamlarda lunatizm (somnambulizm) uyqusirab yurish holati kuzatiladi. Ushbu holatda kishi o‘zi sezmagan ravishda o‘rnidan turadi, tashqarida daraxt va devorlar ustiga chiqib yuradi. Bunday uyqusirab yurish ko‘pincha bolalikda, ayrim hollarda katta odamlarda ham kuzatiladi va 30 sekunddan 30 minutgacha davom etadi. Lunatizmning asl sabablari hozirgacha aniq emas. Ba’zi olimlar uni kuchli stress omillar, qattiq fojia, davomli asabiylashib hayot kechirish natijasida kelib chiqadi desa, boshqalari uni genetik (irsiy) holatlarga bog‘laydi.
Uyquning biologik ahamiyati dastavval shu bilan xarakterlanadiki, ushbu holat miya yarimsharlar po‘stlog‘ini doimiy suratdagi faollik tufayli paydo bo‘ladigan charchoqlikdan himoya qiladi. Biz yuqorida majburiy uyqusizlikdan hayvonlarning, insonning ham oxir-oqibatda halok bo‘lishini gapirib o‘tdik. Uyquning davomliligi dastavval bedorlik davrida miya yarimsharlar po‘stlog‘ining qanchalik charchashi bilan belgilanadi, o‘ta charchash davomli uyquga olib keladi. Bedorlik paytida kishining ko‘rgani, bilgani, eshitgani, sezgani va boshqa ta’sirotlar (fikr yuritish, qayg‘urish, xursandchiligi va boshqalar) miya po‘stlog‘ida to‘planaverib uning ish qobiliyatini susaytirib uyquga olib keladi. Ushbu holatda po‘stloqda izi qolgan barcha ta’sirotlar saralanib ularning bir qismi uzoq muddatli xotiraga o‘tkaziladi, ba’zilari xayoldan chiqarib yuboriladi. Bu orada voqea-hodisalar tush ko‘rish sifatida namoyon bo‘ladi. Mana shunday saralash jarayonlar tugallanganidan keyin miya po‘stlog‘i ta’sirotlar izidan qutulib uyg‘onish yuz beradi. Shuni ham aytib o‘tish joizki hozirgi paytda qabul qilinadigan axborotlar, turli xil tashvishlar juda ko‘payib kishilar odatdagi meyordan kam uxlashadi. Uyquga to‘ymaslik esa bosh miya qobiliyatini pasayib ketishiga olib keladi, bu hol o‘z navbatida turli kasalliklarni yuzaga keltiradi, ish faoliyatining xavfsiz bo‘lishini ta’minlay olmaydi (avariya, hisob-kitobdagi xatoliklar va boshqalar). Bunday odamlar bedorlik davrida o‘ta asabiylashib ko‘pincha xastaliklar, ko‘ngilsiz holatlarga tushadi. Shuning uchun faol, foydali mehnat qilish, sog‘lom bo‘lishlik uchun har qanday sharoitda ham to‘yib uxlash zarur, uyqusizlikka bu o‘rinda jiddiy hayotiy muammo deb qarash kerak.
Oliy nerv faoliyatining tiplari (turlari), ularning neyrofiziologik xususiyatlari. Odam oliy nerv faoliyati tiplari haqida zamonaviy tushunchalar.
Hayotda odamlarning har qaysisi o‘ziga xos mijozlarga ega ekanligi qadim zamonlardan beri olimu- fuzalolarni qiziqtirib kelgan. Kimdir shoshqaloq, hovliqma bo‘lsa, boshqa birov vazmin shoshilmaydigan, mulohazali, har bir ishni o‘ylab bajaradigan, yana kimdir jahldor bo‘lsa, boshqasi hech narsaga qiziqmaydigan, lapashangligi bilan ajralib turadi. Ushbu holatni yuzaga kelishini qadimda “badan suyuqliklari”ning ya’ni, qon, limfa, o‘t, shilimshiqlarning o‘zaro nisbati bilan izohlaganlar. Xususan, Gippokrat badanda issiq qon ko‘p bo‘lsa, u serharakat, dadil bo‘ladi, ularni olim sangviniklar deb atagan. Badandagi sovuq shilimshiq moddalarning ko‘pligi odam sovuqqon va vazmin bo‘lishiga sabab bo‘lgan va ular flegmatiklar deb atalgan. Achchiq o‘t-safroning serobligi kishini jahldor, qiziqqon qilgan va ular xoleriklar deb yuritilgan. Badanda qora, buzilgan o‘t-safroning ko‘pligi kishini bo‘shang, o‘ziga ishonmaydigan qilgan va ular melanxoliklar deyilgan.
Odam va hayvonlarning oliy nerv faoliyati har bir individda o‘ziga xoslikka ega. Masalan, bir xil yoshdagi, bir xil tana massasiga ega bo‘lgan, bir xil jinsdagi, bir joyda o‘sib ulg‘aygan, bir kamerada, bir xil tajriba qo‘yuvchi odam ishtirokida, bir vaqtning o‘zida ikkita hayvonda hosil qilingan ovqatlanish shartli refleksi birida shartsiz va shartli signallarni birga qo‘shib berilishini 10 marta takrorlanganidan keyin yuzaga kelsa, ikkinchisiga 20-30 marotaba takrorlanishdan keyingina paydo bo‘ladi. Har ikkala hayvonda ushbu refleksni rosa mustahkamlab (shartli va shartsiz qitiqlagichlarni birgalikda haftalab takrorlanishi yo‘li bilan), keyin faqat shartli signalning o‘zi takrorlanaversa, hayvonlarning birida 3-4 marta shartli refleks yuzaga kelib keyin tormozlanish paydo bo‘lsa, ikkinchisida shartsiz signalning o‘zi 10-12 marta qaytarilsa ham shartli refleks kuzatilaveradi. Yana bir tajribada ikkita hayvonda 60 tebranishli (chastotali) shartli tovushga yaxshigina so‘lak ajratishni hosil qilib 120 tebranishli tovushga differensirovkali (farqlay olish) tormozlanishni hosil qilishga kirishilsa, bir hayvon 60 va 120 chastotali shartli signallarning qaysi biri musbat qaysi biri manfiyligini 20-30 takrorlashdan keyin bilib olsa, ikkinchisida bunday farqni o‘zlashtirib olish uchun musbat va manfiy signallarni 50-60 takrorlanishni talab qiladi. Bu yerda hamma gap hayvonlar oliy nerv faoliyatida nerv hujayralarida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining turlicha xususiuyatga ega (kuchi, barqarorligi, bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishi) ekanligida.
Odamlarda ham oliy nerv faoliyatining bunday xilma-xilligi tez-tez kuzatilib turiladi. Masalan, berilgan bir xil topshiriqlarni (matematik amallar bilan yodda qo‘shish, ko‘paytirish, bo‘lish) bir guruh talabalarning har qaysisi turli tezlikda yechishadi (kimdir darhol, kimdir ancha vaqtdan keyin va hakazo). Bu hol ular oliy nerv faoliyatining individual xususiyatlaridan kelib chiqadi. Demak har bir hayvonda, odamda oliy nerv faoliyati ko‘rsatkichlari ularni bir-biridan ajratib turadi. Tashqi tuzilishidan bir-biriga tamoman o‘xshash ikkita odam bo‘lmaganidek, kishilarning oliy nerv tizimida, funksional xususiyatlarida farqlar mavjud bo‘ladi. Mana shunday holatlar oliy nerv faoliyatini odam va hayvonlarda tiplarga yoki turlarga ajratib o‘rganish masalalarini yuzaga keltirdi. Oliy nerv faoliyatini tiplarga (turlarga) ajratishda I.P.Pavlov bo‘yicha nerv markazlarining asosiy xususiyati bo‘lgan qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlarining quyidagi uchta xususiyati, ya’ni kuchi, muvozanatlashganligi hamda harakatchanlanligi hisobga olinadi.
Birinchi turga mansub hayvonlarda qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari kuchli bo‘lib, qo‘zg‘alish tormozlanishdan ustun turadi. Ularda shartli refleksni hosil qilish oson kechadi, lekin ichki tormozlanish, ayniqsa, uning farqlash tormozlanish turini hosil qilish qiyin bo‘ladi. Ikkinchi turdagi itlarda shartli reflekslar tez hosil bo‘ladi, ichki tormozlanishning barcha xillari ham oson yuzaga keltiriladi. Miya po‘stlog‘idagi qo‘zg‘alish jarayonlari tormozlanish bilan qiyinchiliksiz amalga oshiriladi. Uchinchi turga mansub hayvonlarda mustahkam shartli reflekslar, mustahkam farqlash tormozlanishlari qiyinchiliksiz yuzaga keladi. Miya po‘stlog‘idagi qo‘zg‘alish yoki tormozlanish jarayonlari uzoq saqlanadi, sekin o‘tadi. Shu bois ularning bir-biriga almashishi qiyin kechadi. To‘rtinchi, ya’ni nimjon turga kiruvchi hayvonlarda po‘stloq ish qobiliyati ancha past bo‘ladi. Hosil qilingan shartli reflekslar mustahkam bo‘lmaydi, tezda tashqi tormozlanishga uchraydi. Yuqorida qayd qilingan oliy nerv faoliyatining hayvonlardagi to‘rtta turi I.P.Pavlov maktabida davomli o‘tkazilgan (itlarda) tajribalariga asoslangan. Odam va yuqori taraqqiy etgan sutemizuvchilarning oliy nerv faoliyatida morfofunksional o‘xshashliklar mavjudligi bois hayvonlarda aniqlangan turlar odamlarga ham yaqin degan mantiqiy xulosaga kelingan. Haqiqatdan ham odamdagi Gippokrat bayon etgan to‘rtta temperament turlari yuqorida ko‘rib o‘tilgan oliy nerv faoliyati turlariga mos kelar ekan. Chunonchi, birinchi ya’ni kuchli muvozanatlashmagan tur xolerik temperamentga to‘g‘ri keladi. Bunday odamlar hayotda qiziqqon, badjahl, har qanday voqea va hodisalarga qiziqib qoladigan, shoshma-shoshar bo‘lib, ko‘p o‘ylamay-netmay bir qarorga keladigan kishilardir.
Ikkinchi kuchli muvozanatlashgan harakatchan tur Gippokrat bo‘yicha sangvinik temperamentga mos tushadi. Sangviniklar odatda vazmin, o‘zini har qanday sharoitda ham tuta biladigan, serg‘ayrat odam bo‘lishadi. Ushbu temperament sohiblari qonun-qoidalarga, imtizomga rioya qiluvchilardir, yangicha sharoitga tez moslasha olishadi.
Uchinchi kuchli muvozanatlashgan va bir vaqtda kamharakat tur Gippokrat tomonidan qabul qilingan flegmatik xarakterli, temperamentlar hisoblanib, ularning xarakterida muvozanatlik ustun turadi. Bunday odamlar shoshmasdan ish boshlaydi, tirishqoq bo‘lishadi, oldiga qo‘ygan maqsadiga erishadi.
To‘rtinchi kuchsiz tur vakillari imirsilangan, g‘ayratsiz, iroda kuchi nihoyatda past bo‘ladi. Ko‘pincha ular o‘z oldiga qo‘ygan maqsadga erisha olmaydi.
Oliy nerv faoliyatining har xil turlariga mansub organizmlarda vegetativ jarayonlar ham o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lar ekan. Masalan, kuchli muvozanatlanmagan, qo‘zg‘alish holati tormozlanishdan ustun turgan odam va hayvonlarda vegetativ a’zolar funksiyasi buzilganidan keyin tiklanishi, oldingi holatiga kelishi ancha qiyin kechadi. Ikkinchi turga kiruvchilarda (kuchli muvozanatlashgan, harakatchan tur) aytilgan buzilishlar sharoit yaxshilanishi bilan tezda tuzaladi, ular tashqi muhit sharoitlariga yaxshi moslashadilar. Uchinchi, ya’ni kuchli muvozanatlangan, kamharakat turga mansub organizmlarda ham vegetativ faoliyatning buzilishi bilan bog‘liq jarayonlarning o‘z holiga qayta tiklanishi sekinlik bilan o‘tadi. Nihoyat, to‘rtinchi tur vakillarida vegetativ jarayonlarning o‘zi ancha bo‘shashgan, lohas bo‘lganligi bois har xil ichki va tashqi omillar ta’sirida tez buziladi va qayta tiklanish qiyin kechadi.
Badiiy tipga mansub odamlarda obrazli-emotsional fikrlash ancha kuchli bo‘ladi. Ular borliqni yorqin, har tomonlama to‘liq tasavvur qilishlari bilan boshqalardan ajralib turadi. Ushbu turdagi kishilar borliqni badiiy obrazlarda aynan o‘zi qanday bo‘lsa shunday ijro etadigan xususiyatlarga ega bo‘ladi. Bu turga rassomlar, yozuvchilar, musiqachilar, artistlar kiradi.
Fikrlovchi yoki tafakkurli turga asosan ikkinchi signal tizimi ustun bo‘lib, ular umumiy so‘z orqali fikrlaydilar, ko‘p narsalar haqida abstrakt (mavhum) tushunchaga ega bo‘ladilar. Ular borliqni chuqur anglab yetish, borliq haqida aniq ma’lumotlar berish qobiliyatiga ega bo‘ladilar (ilmiy hodimlar, olimlar, tadqiqotlar va shunga o‘xshash boshqa chuqur mushohada yuritadiganlar).
Bir vaqtning o‘zida shuni ham qayd qilish lozimki, barcha insonlarni aniq qilib u yoki bu turga mansub deyish qiyin, ular orasida har xil nerv tizimi xususiyatlaridan bir shingildan olganlari ham bo‘ladi. Bu masalalar oliy nerv faoliyatida kelajakda o‘rganilishi lozim bo‘lgan fiziologik muammolar sirasiga kiradi.
Oliy nerv faoliyatining turlari miya po‘stlog‘i, po‘stloq osti sohalaridagi nerv markazlariga qarashli asosiy xususiyatlarning (qo‘zg‘alish, tormozlanish) kuchi, ularning barqarorligi, harakatchanligi, o‘zaro uyg‘unlashuvidan yuzaga keladi. Lekin hozirga qadar ham ushbu xususiyatlar (qaysikim, tug‘ma holda yuzaga keladi) haqida, ularning yuzaga kelishidagi fiziologik, biokimyoviy, biofizikaviy, morfofunksional asoslari haqida ilmiy ma’lumotlar juda kam.
Lekin bola tug‘ilganida uning nerv tizimi, ayniqsa, oliy nerv faoliyati to‘liq shakllangan bo‘lmasdan, uning rivojlanishida genetik omillardan tashqari tashqi muhit sharoiti ham o‘z ta’sir kuchiga ega bo‘ladi. Mana shunday omillarning o‘zaro uyg‘unlashuvi va umumlashuvidan kishining xulq-atvori, xarakteri shakllanadi.
MUNDARIJA:
MUQADDIMA…………………………………………………………………………….4
Oliy nerv faoliyati. Oliy nerv faoliyati haqida tushuncha, uning predmeti va metodlari. Ruhiy hodisalarning tabiati haqida I.M.Sechenov fikrlari va uning “Bosh miya reflekslari” asarining ahamiyati. I.M.Sechenov organizm va muhit birligi haqida. Nervizm ta’limoti. I.P.Pavlovning reflektor nazariyasi…………………………………6
Shartsiz va shartli reflekslar ta’limoti. Shartsiz reflekslar klassifikatsiyasi. Instiktlar, ularning o‘zgaruvchanligi……………………………………………………9
Vaqtincha bog‘lanish shartli refleks hosil bo‘lishining asosiy mexanizmi ekanligi. Shartli reflekslarning tormozlanishi……………………………………………………14
Ta’sirotlarning analiz va sintezi. Katta yarimsharlarda analiz va sintez. Dinamik stereotip. Harakat stereotipining avtomatlashuvi va dezavtomatlashuvi………………18
Birinchi va ikkinchi signallar tizimi. Birinchi va ikkinchi signal tizimlari haqida I.P.Pavlov ta’limoti. Ularning biologik ahamiyati. So‘z-odam oliy nerv faoliyatining maxsus signali sifatida ekanligi. Ong, nutq, fikrlash fiziologiyasi…………………….22
Oliy nerv faoliyatida patologik o‘zgarishlar. Nevrozlar, ularning paydo bo‘lish mexanizmlari. Eksperimental nevrozlar. Fobiyalar, gallyutsinatsiya va shizofreniya…31
Oliy nerv faoliyatining turli holatlarda o‘zgarishi………………………………..39
Xotira tushunchalari. Xotira va uning fiziologik mexanizmlari. Eslab qolish, unutish. Xotira tiplari. Harakat va hissiy xotira. Obrazli va timsoliy xotira. Hissiyot fiziologiyasi, hissiyot turlari……………………………………………………………46
Bedorlik, uyqu va tush ko‘rish fiziologiyasi. Bedorlik va uyquning neyrofiziologik mexanizmlari. Tush ko‘rishning neyrofiziologik asoslari. Patologik uyqu, letargiya. Lunatizm. Gipnoz haqida tushuncha…………………………………………………53
Oliy nerv faoliyatining tiplari (turlari), ularning neyrofiziologik xususiyatlari. Odam oliy nerv faoliyati tiplari haqida zamonaviy tushunchalar………………………59
USLUBIY QO‘LLANMA
KURBANOV ADULAZIZ SHANIZOVICH
OLIY ASAB FAOLIYATI FIZIOLOGIYASI
(uslubiy qo‘llanma)
Muharrir: E. Jabborov
Texnik muharrir: J. Raxmatov
Musahhih: M. Primova
Nashriyot litsenziyasi AA № 0051. 28.10.2020 yil.
Terishga 06.12.2021 yilda berildi. Bosishga 11.12.2021 yilda ruxsat etildi.
Bichimi 64x84 1/16. Shartli bosma tabog‘i 4.
Ofset usulida chop etildi. Times New Roman garniturasi.
Ofset qog‘ozi. Nashr bosma tabog‘i 4. 36-shartnoma.
106-buyurtma, 100 nusxada. 64 bet. Erkin narxda.
“Fan va ta’lim” nashriyoti, 180103.
Qarshi shahri, Ko‘chabog‘ ko‘chasi, 17-uy.
Qarshi davlat universiteti
kichik bosmaxonasida bosildi
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.