VIZUAL MNEMOTEXNIKALAR
Xasanova Ozoda Qurvonali qizi
Farg`ona politexnika instituti , assistent
Annotatsiya
Maqolada nemis tilini chet tili sifatida o`rgatish va o`rganishda vizual mnemotexnikadan foydalanish masalalari haqida fikr yuritilgan. Vizual mnemotexnikaning turlari ko`rsatib berilgan.
Kalit so`zlar
Mnemotexnika, nemis tili, vizual mnemotexnikalar, assotsatsiyali bog`lash, tasavvur, mental faktorlar, fantaziya, aloqadorlik, vizuallashtirish, grammatik qoida.
Avvallari ham chet tillarni o`rganish muhim bo`lgan bo`lsada, bugungi kunga kelib ularni o`rganishning ahamiyati yanada ortib bormoqda. Chet tillarni o`rganish har bir insonning hayotida muhim o`ringa ega bo`la boshladi. Bugungi kunga kelib farzandi chet tilini o`rganishini xoxlamaydigan ota-onalarni uchratish qiyin. O`zbekistonda ham kichik yoshdan boshlab chet tillarni o`rganish an’anaga aylana boshladi. Hozirda neyrolingvistika sohasida olib borilayotgan turli tadqiqotlar natijasi o`laroq, o`rganishning samarali hamda uzoq muddat xotirada saqlanuvchi ta’lim strategiyalari yaratilmoqda. “Uzoq muddatli” o`rganish metodi ba’zi tadqiqotchilar tomonidan o`rganilgan bo`lib, ularning ichida mnemotexnikaning katta ahamiyat kasb etishi ham ko`pchilikka sir emas. Lekin antik davrdan farqli ravishda mnemotexnikaning yangitdan kashf etilishi va uning mashhurligini ortib borishi aynan bugungi kundagi chet tili o`qitish metodikasida mnemotexnikaning ko`p o`rganilayotgan mavzuga aylanishiga sabab bo`lmoqda. Lekin shunga qaramasdan ko`pchilik chet tili o`qituvchilari hali ham o`zlarining eski metodlaridan voz kecha olmayaptilar.
Mnemotexnikalar chet tilini egallashda yaxshi natijalarga olib keluvchi yordamchi vosita hisoblanadi. Mnemotexnikani til o`rganishning barcha qismiga tadbiq etib bo`lmasada, uning so`z boyligii oshirishdagi va grammatikani o`rganishdagi ahamiyati diqqatga sazovardir. Quyida nemis tilini o`rganishda qo`llaniladigan vizual mnemotexnikalar haqida to`xtalib o`tiladi.
Mnemotexnikalarni yaratish uchun yettita mental omillar talab etiladi: fantaziya, hissiyot, mantiq, assotsatsiya, joylashish, transformatsiya va vizuallashitirish. Bu omillar yangi ma’lumotlarni yaxshiroq o`rganishga yordam beradi. Bu mental omillarni qo`llash natijasida an’anaviy darslarimiz samaraliroq bo`ladi. Darslar esa til o`rganuvchilarda ko`proq qoniqish hosil qiladigan darslarga aylanadi. Bundan tashqari xotirani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Kateřina Sojková[1] mnemotexnikalarning asosan to`rt turda bo`lishini qayd etadi:
- vizual mnemotexnikalar;
- akustik mnemotexnikalar;
- aralash mnemotexnikalar;
- harakatga asoslangan mnemotexnikalar.
Har bir tur esa o`z navbatida quyi texnikalardan tashkil topadi.
Lekin ularning ichida vizual mnemotexnikalar katta ahamiyat kasb etadi. Buning sababi til o`rganuvchilarning asosiy qismi vizualist bo`lishlaridadir. Bundan tashqari vizual mnemotexnikalar qolgan mnemotexnikalarga qaraganda qiziqarliroq hisoblanadi.
Vizual mnemotexnikalar asosan ikkila miya yarimsharidan foydalanishga undash uchun qo`llaniladi va ular ma’lumotlarni qabul qilishga ijobiy ta’sir ko`rsatadi. Insonning chap miya yarimshari til uchun, o`ng miya yarimshari esa fantaziya va tasvirlar uchun javob beradi. Ma’lumki, so`zlash jarayonida xotiradagi tasvirlar avtomatik ravishda faollashmaydi. Lekin agarda biror tasvirga yoki rasmga ko`zimiz tushsa, miyamizda biron narsani tasavvur qilsak, unga mos tushuncha avtomatik ravishda shu tasvir yoki tasavvurga assotsatsiya hosil qiladi. Bu fakt chet tili darslari uchun ahamiyatli va foydali hisoblanadi. Agar til o`rganuvchi gapirishi va shu bilan birga grammatik qoidalarga amal qilishi kerak bo`lsa, muammoga duch keladi. Shuning uchun ham grammatikadan foydalanib gapirganda so`zlar bilan o`rganilgan grammatik qoidalar til o`rganuvchilarga yordam bermaydi. Agar grammatik qoida turli tasvirlar, grafiklar yordamida o`rgatilsa, grammatik qoidadan foydalanib gapirilganda, ikkala miya yarimshari birdaniga ishlaydi va qiyinchiliklar bartaraf etiladi.
Bu rasmlar mnemotexnik qoidalarga mos tushishi lozim, ya’ni ular iloji boricha interaktiv, jonli, rangli, emotsiyali tasvirlangan bo`lishi kerak. Oddiygina rasmlardan foydalanish yaxshi samara bermasligi mumkin, lekin agar tasvir yaxshi, barcha mnemotexnik talablarga javob beradigan bo`lsa, 2-3 sekundda uni xotiraga joylash mumkin bo`ladi.
Mnemotexnikalarning ichida eng keng tarqalgani aynan vizuallashtirish bo`lib, u asosan chet tili darslarida yangi so`zlarni o`rganish uchun qo`llaniladi. Lekin grammatik mavzularni vizuallashtirish ham ancha yaxshi samara beradi. Nemis tilida “Das Bild sagt mehr als 1000 Wörter!”[2] (Rasm mingta so`zdan ko`ra ko`proq narsani aytadi.) degan jumla aynan vizuallashtirishning mazmun-mohiyatini ochib beradi. O`zbeklarda ham “Ming marta eshitgandan bir marta ko`rgan yaxshi“ degan maqolni qo`llanilishi bejiz emas. Yuqorida keltirilgan jumla va maqolning mazmuni shundan iboratki, tasvir inson miyasida verbal ma’lumotga qaraganda uzoqroq saqlanadi va uning qayta yodga tushishi juda oson kechadi. Barcha nemis tilini chet tili sifatida o`rgatishga qaratilgan darsliklarda vizuallashtirish juda muhim rol o`ynaydi. Ular til o`rganish jarayoni faol kechishini ta’minlaydi. Ammo albatta rasmlarni to`g`ri tushunish kerak bo`ladi. Mnemotexnikalar tarixida rasmlardan uzoq davrlardan buyon foydalanib kelinadi. Vizuallashtirish texnikasidan foydalanishda til o`rgatuvchidan ham, til o`rganuvchidan kuchli fantaziyaga, tasavvurga ega bo`lish talab etiladi. Inson o`rganayotgan narsasini qanchalik yaxshi tasavvur qilsa, shunchalik yaxshi eslab qoladi. Vizuallashtirish nafaqat vizualist til o`rganuvchilarga, balki qolgan tip vakillariga ham birdek yordam berishi mumkin. Vizuallashtirish tasvirlar, grafikalar, diagrammalar, jadvallar va rangli qalamlar yordamida belgilash yordamida ham yuzaga chiqarilishi mumkin.
Vizuallashtirish murakkab bo`lmay, sodda va qiziqarli bo`lishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Chunki til o`rganuvchilarning, umuman insonlarning diqqatini uzoq muddat ushlab turish qiyin masala hisoblanadi. Agar biron ma’lumotni vizuallashtirish kerak bo`lsa quyidagilarga alohida e’tibor qaratish kerak bo`ladi.
- vizuallashtirishda maksimal uch xil rangdan foydalanish;
- aloqadorlikni unga mos rang va shakl bilan bog`lash (masalan mujskoy rodga mansub so`zlar uchun ko`k, jenskiy roddagi so`zlar uchun qizil rangdagi ruchka yoki qalamdan foydalanish kabi);
- asosiy ma’lumotlarga alohida urg`u berish;
- a’lo darajadagi tasvirlardan foydalanmaslik;
- tasvirlarning noodatiy bo`lishi;
- qisqartmalardan foydalanmaslik va boshqalar.
Vizuallashtirishning yana bir muhim tomoni tasavvur bo`lib, masalan “kochen/pishirmoq” so`zini eslab qolish uchun, oshxonada ovqat tayyorlayotganingizni tasavvur qilish lozim bo`ladi. So`zni lug`at daftarga yozish jarayonida unga mos rasmni chizib ketish ham yaxshi samara beradi.
So`zlarni ostiga rangli qalam yoki ruchka, markerlar orqali chizib ketish ham vizuallashtirishning bir turi hisoblanadi. Masalan matnni o`rganish jarayonida notanish so`zlarni alohida rangda belgilab ketish, keying safar faqat shu so`zlarning o`zi bilangina ishlash, o`rganish jarayonini tezlashtiradi. Til o`rganuvchilarda odatda qizil, ko`k, qora va yashil rangdagi ruchkalar bo`lishi mumkin. Shuni e’tiborga olgan holda, dars jarayonida ham shu ranglarga urg`u berish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Masalan Dativ ko`makchilari faqat ko`k rangli ruchkada yozish, Akkusativ ko`makchilarini faqat qizil rangli ruchkada yozish singari.
Vizual mnemotexnikalarni quyidagi turlarga ajratish mumkin.
a) Vizual assotsatsiyalar – bu texnikada o`rganilayotgan tushuncha yoki mazmun va vizual assotsatsiyaning o`zaro bog`lanishi haqida gap boradi. Vizual assotsatsiyada faqat chizilgan rasm bilan emas, balki miyada tasavvur qilingan rasm bilan ham ikki yoki undan ortiq ma’lumotni birlashtirish mumkin bo`ladi. Masalan „Kerze/sham“, „Ball/to`p“, „Krokodil/timsoh“ va „Kirche/cherkov“ kabi so`zlarni eslab qolish uchun quyidagicha rasmdan foydalanish mumkin:
Rasm № 1
H.Shperber esa quyidagicha rasmni tavsiya qiladi[3]:
Rasm № 2
H.Shperber rasmda keltirilgan ma’lumotlarni yana ma’lum maxsus guruhlarga asoslangan holda qo`llash mumkinligini aytib, ushbu rasmda otlarning rodini eslab qolish uchun foydalanish mumkin. U tomonidan mujskoy rod uchun sher, jenskiy rod uchun raqqosa, sredniy rod uchun esa samolyot ramz qilib olingan. Yuqoridagi rasmda daraxt so`zini artiklini (der Baum) eslab qolish uchun daraxt ustida o`tirgan sher tasviridan foydalanilgan. Daraxt ustidan yog`ayotgan tuz yomg`iri (der Pfefferregen) esa der Baum so`zining ko`plikda umlaut olishini eslatib turishi uchun qo`llanilgan.
b) Assotsatsiyali bog`lash texnikasi bu – bir necha o`zaro bog`lanmagan tushunchalar qatorini yod olish kerak bo`lganida qo`llash mumkin bo`lga texnikadir. Bu texnikada tanlangan tasvir faqat barcha tushunchalar uchun qo`llanilmasdan, tasvirlar o`zaro bir-biri bilan yoki birin-ketin bog`lanib keladi. Buning natijasida tushunchalar zanjiri hosil qilinadi. Bu texnikaning asosi ham aynan zanjir hosil qiluvchi tushunchani o`ylab topishdan boshlanadi. Masalan H.Shperber die Zahnbürste/tish cho`tkasi, die Blume/gul, das Waschbecken/rakvina, der Fernseher/televizor va die Wolke/bulut so`zlarini bog`lash uchun quyidagi tasvirni qo`llash mumkinligini qayd etadi.[4]
Rasm № 3
c) Hikoyalar texnikasi. Bu texnikada bir qancha ma’lumotlarni hikoya sifatida eslab qolish asos bo`lib xizmat qiladi. Ko`pincha bu tushunchalar ro`yhati mantiqiy tartibga ega bo`lmaydi va hikoya ularni o`zaro mazmunan bog`lashga, ro`yhatdagi so`zlarni osonroq qolishga yordam beradi. Bu texnikada konkretlik tamoyili ham muhim rol o`ynaydi. Til o`rganuvchi bu hikoyani xayolida tasavvur qilishi lozim. Til o`rganuvchining shaxsan o`zi tomonidan o`ylab topilgan hikoyaning yodda saqlanish darajasi albatta yuqori bo`ladi. Bu texnikada ko`pincha hikoyani o`qish o`rniga eshitish ham tavsiya etiladi. Eshitish jarayonida ko`zlarni yumib olish va hikoyani shunchaki tasvirlar asosida tasavvur qilish ham mumkin.[5]
H.Shperber ushbu texnika uchun yuqoridagi tur uchun keltirilgan so`zlarni qo`llagan holda quyidagicha hikoya tuzish mumkinligini qayd etadi: „Das Telefon läutet und meine Schwester bittet mich darum, ihr sofort eine Zahnbürste zu kaufen; ich besorge sie und stelle bei meiner Rückkehr fest, dass sie mir als Dank einen Blumenstrauß vor meiner Haustür hinterlassen hat. Da ich keine Vase besitze, stecke ich die Blumen sofort ins Waschbecken“.[6]
d) Loki (makon) texnikasi
Bu mnemotexnika eng qadimgi texnika hisoblanib, Simonides davridayoq qo`llanilgan. Loki texnikasi tushunchasi lotinchadan olingan bo`lib, „locus“ so`zi “joy” yoki “o`rin” degan ma’noni bildiradi.
Bu texnika tushunchalarni ma’lum joylarga bog`lashga asoslanadi va u orqali ularning ketma-ketligini eslab qolish osonlashadi.
Bu texnikadan foydalanayotgan odam o`ziga tanish bo`lgan joyning tartibidan foydalanishi lozim. Bu masalan maktabga borish yo`li, biron xona yoki inson tanasi ham bo`lishi mumkin. Bu joylarga o`rganilayotgan tushuncha assotsatsiya qilinishi lozim. Agar keyinchalik tushunchaga murojaat qilish kerak bo`lsa, o`sha ma’lum joy haqida eslanadi. [7] “…eslab qolishingiz uchun kerak bo`lgan tartibda, o`zingizga ma’lum makonlarni (joylarni) tanlab chiqing, ularni hammasini yaxshilab o`rganing, uni o`rni-o`rni bilan yaxshilab eslab qolishingiz kerak. Tanlangan makon sizga juda yaxshi tanish bo`lishi maqsadga muvofiqdir.”[8] Zero, o`zimizga tanish bo`lmagan joyni tanlash ma’lumotlar tartibini ham eslab qolmaslikka olib kelishi tabiiy holdir.
e) Aloqadorlikni kashf etish yoki yaratish texnikasi
O`rganish jarayonida uchraydigan juda ko`p muammolar vizual aloqadorlik yordamida bartaraf etilishi mumkin. “…turli yozuv shakllari yoki ma’lum so`zga bog`lash yordamida ma’lumotlarni o`rganish yo`llarini izlash kerak.”[9]
Yuqoridagilardan kelib chiqib aytish mumkinki, vizual mnemotexnikalarni chet tilini o`rganish jarayoniga tadbiq etish til o`rganish samarasini oshishiga olib keluvchi yo`llardan biri hisoblanadi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1. H.Sperber. Mnemotechnik im Fremdsprachenerwerb. 1989. S.33
2. K. Sojkova. MNEMOTECHNISCHE HILFSMITTEL IM UNTERRICHT DER DEUTSCHEN SPRACHE AN DER МITTELSCHULE DIPLOMOVÁ PRÁCE. Plzeň 2013. S. 25-30
3. MAIER, Christian, WEBER, Marion, Superlearning znamená úspěch, Translation © Šárka Bobková, Talpress 1994, ISBN 80-85609-59-2. S. 22.
4. METZIG, Werner, SCHUSTER, Martin, Lernen zu lernen: Lernstrategien wirkungsvoll einsetzen, Veröffentlicht von Springer, 2005. ISBN 3540260307 S. 56-59
5. Nordkämper-Schleicher, U. (1998). Besser Behalten: Mnemotechniken beim Sprachenlernen am Beispiel "Deutsch als Fremdsprache" für Erwachsene. Dissertation. Pädagogische Hochschule Freiburg. S.85
6. Possin, W. (2003). Alles im Kopf: Mit Merktechniken zum Supergedächtnis. München: mvg Verlag.
7. Sh.Rahmonov,I.Sattiboyev. So`z yodlash sirlari. Istiqlol nuri. T.: 2015. 17 – bet.
Скачано с www.znanio.ru
[1] K. Sojkova. MNEMOTECHNISCHE HILFSMITTEL IM UNTERRICHT DER DEUTSCHEN SPRACHE AN DER МITTELSCHULE DIPLOMOVÁ PRÁCE. Plzeň 2013. S. 25-30
[2] MAIER, Christian, WEBER, Marion, Superlearning znamená úspěch, Translation © Šárka Bobková, Talpress 1994, ISBN 80-85609-59-2. S. 22.
[3] H.Sperber. Mnemotechnik im Fremdsprachenerwerb. 1989. S.176-177
[4] H.Sperber. Mnemotechnik im Fremdsprachenerwerb. 1989. S.32
[5] Possin, W. (2003). Alles im Kopf: Mit Merktechniken zum Supergedächtnis. München: mvg Verlag.
[6] H.Sperber. Mnemotechnik im Fremdsprachenerwerb. 1989. S.33
[7] METZIG, Werner, SCHUSTER, Martin, Lernen zu lernen: Lernstrategien wirkungsvoll einsetzen, Veröffentlicht von Springer, 2005. ISBN 3540260307 S. 56-59
[8] Sh.Rahmonov,I.Sattiboyev. So`z yodlash sirlari. Istiqlol nuri. T.: 2015. 17 – bet.
[9] Nordkämper-Schleicher, U. (1998). Besser Behalten: Mnemotechniken beim Sprachenlernen am Beispiel "Deutsch als Fremdsprache" für Erwachsene. Dissertation. Pädagogische Hochschule Freiburg. S.85
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.