16-mavzu. O‘ZBEKISTONDA XOM ASHYO MANBAI VA UNI JOYLASHTIRISH
1. Sanoatda xom ashyo, uning xususiyatlari va turkumlanishi
2. Sanoat ishlab chiqarishning mineral xom ashyo manbai
3. Resurslar tejamkorligining strategiyasi va taktikasi.
1.Sanoatda xom ashyo, uning xususiyatlari va turkumlanishi
Qayta ishlovchi barcha sanoat tarmoqlarining ishlab chiqarish jarayonida qatnashuvchi elementlardan biri xom ashyodir, chunki xom ashyosiz hech qanday mahsulot ishlab chiqarish mumkin emas.
Xom ashyo deb, qazib olish yoki ishlab chiqarish uchun ma’lum darajada mehnat sarflangan va shu mehnat natijasida bir qadar o‘zgargan mehnat buyumiga aytiladi. Ishlab chiqarish jarayonida xom ashyo tayyor mahsulot yoki yarim fabrikat hosil qiladi. Natijada xom ashyoning to‘la qiymati tovar shaklini olgan yalpi mahsulotga o‘tadi.
Xom ashyo asosiy va yordamchi materiallarga bo‘linadi.
Asosiy xom ashyo tayyor mahsulotning moddiy asosini tashkil qiluvchi mehnat buyumidir. Tayyor mahsulot tarkibiga kiruvchi yoki asosiy xom ashyoni qayta ishlashga zarur sharoit yaratib beruvchi qolgan barcha mehnat buyumlari yordamchi materiallar deb ataladi.
Mehnat buyumlarining mahsulot ishlab chiqarishda qay tarzda qatnashishiga qarab ular ham xom ashyo (asosiy xom ashyo), ham yordamchi material bo‘lishi mumkin. Masalan, neft yoqilg‘I sifatida yordamchi material bo‘lsa, benzin yoki kerosin ishlab chiqarishda esa xoma shyodir.
Xom ashyo keng miqyosda iste’mol buyumlari hamda ishlab chiqarish mahsulotlari olish uchun ishlatiladigan tabiiy materiallardan iborat. U quyidagi talablarga javob berishi kerak:
-miqdori jihatidan yetarli bo‘lishi;
-qazib olish arzon va oson bo‘lishi;
-texnologik jarayonlar oson borishi kerak.
Har bir xom ashyo mehnat buyumidir, lekin har bir mehnat buyumi xom ashyo emas. Mehnat buyumi mehnat vositasi bilan ma’lum darajada o‘zgargandan keyingina xom ashyoga aylanadi. Yer ostidagi foydali qazilmalar, yovvoyi hayvonlar, daraxtlar va hokazolar xom ashyo bo‘lmay, balki potensial tabiiy boyliklardir.
Mehnat vositasi yordamida ovlangan hayvonlar, qazib olingan ma’danlar, kesilgan daraxtlar va boshqalar xom ashyo hisoblanadi.
Ishlab chiqarish jarayonida bir yoki bir necha bosqichda qayta ishlangan bo‘lsayu, lekin tayyor mahsulot sifatida iste’mol qilina olmasa, uchala mahsulot, ya’ni yarim fabrikat deb ataladi.
Xom ashyo resurslarini xom ashyodan farq qilmoq kerak. Xom ashyo resurslariga mamlakatdagi foydali qazilmalar konlari, o‘rmon maydonlari, uy hayvonlari va shu kabi tabiiy boyliklar kirsa, ular qazib chiqarilgan yoki ishlab chiqarish uchun mehnat sarflangandagina xom ashyoga aylanishi mumkin.
Xom ashyo ishlab chiqarish jarayonining asosiy elementi sifatida sanoat ishlab chiqarishiga va uning iqtisodiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Sanoatning qayta ishlovchi tarmoqlarida xom ashyo va yoqilg‘I xarajatlari ishlab chiqarishga sarflangan xarajatlar hajmida eng katta salmoqqa egadir. Shuning uchun sanoat korxonalari faoliyatining iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘p jihatdan tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun ketgan xom ashyo va yoqilg‘I xarajatlari darajasiga bog‘liq bo‘ladi. Sanoat mahsuloti tannarxida xom ashyo, yordamchi materiallar va yoqilg‘I xarajatlari butun sanoat bo‘yicha o‘rtacha 70 foizni tashkil etadi. Shuning uchun xom ashyoni tejab ishlatish sanoat mahsuloti tannarxini pasaytirishda, ishlab chiqarish quvvatlaridan yaxshi foydalanishda va ishchilar mehnatining unumdorligini oshirishda katta rol o‘ynaydi.
Material ko‘p sarflanadigan tarmoqlarda xom ashyo va materiallardan oqilona foydalanish mahsulot tannarxini pasaytirishning asosiy manbaidir. Mashina va uskunalarning unumli ishlashi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun vaqtning sarflanish darajasi xom ashyo sifati va uning turiga bog‘liq.
Xom ashyolar xilma-xil bo‘lib, ular quyidagi turlarga bo‘linadilar:
-sanoat xom ashyosi;
-qishloq xo‘jaligi xom ashyosi.
Sanoat xom ashyosi turli belgilariga ko‘ra quyidagicha turkumlanadi:
-kelib chiqishiga ko‘ra - tabiiy va sun’iy;
-agregat holatiga ko‘ra - qattiq, suyuq hamda gazsimon; -kimyoviy tarkibiga ko‘ra – organik va anorganik; -ishlatilishiga ko‘ra – ozuqa bop va texnik.
Qishloq xo‘jaligi xom ashyosi ikki turga - o‘simliklardan olinadigan xom ashyolar va hayvonlardan olinadigan xom ashyolarga bo‘linadi.
Yer ostidan qazib olinadigan mineral birikmalar mineral xom ashyolar deyiladi. Ular uch turga bo‘linadi: a) rudali; b) rudasiz; v) yonuvchi mineral xom ashyolar. Bu minerallarning ko‘pi qattiq holda bo‘ladi. Suyuq mineral boyliklarga faqat neft hamda tuz eritmalari, gaz holdagisiga esa tabiiy gaz kiradi.
Rudali mineral xom ashyolar foydali jinslar bo‘lib, metallar olish uchun asosiy manbadir.
Rudasiz mineral xom ashyolar ham tog‘ jinslaridir. Ular metall olish uchun ishlatilmaydi. Bunday mineral xom ashyolar kimyoviy qayta ishlanmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq xo‘jaligida yoki metalsiz ishlab chiqarishda xom ashyo sifatida ishlatiladi. Rudasiz minerallar shartli ravishda quyidagi turlarga bo‘linadi:
-qurilish materiallari -to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki fizik-kimyoviy qayta
ishlangandan so‘ng qurilishishlarida ishlatiladigan mineral xoma shyo;
-industriya xom ashyolari-kimyoviy qayta ishlanmasdan sanoatning turli tarmoqlarida ishlatiladigan xom ashyo;
-kimyoviy mineral xom ashyolar-kimyoviy qayta ishlash uchun ishlatiladigan minerallar;
-qimmatbaho va rudasiz minerallar-tabiiy holda yoki mexanik qayta ishlangandan so‘ng bezak uchun ishlatiladigan minerallar.
Yonuvchi mineral xom ashyolar yoqilg‘I sifatida ishlatiladigan foydali qazilma boyliklardir. Bularga tosh ko‘mir va qo‘ng‘ir ko‘mir, torf, yonuvchi slanetslar, neft hamda tabiiy yonuvchi gazlar kiradi. Yonuvchi gazlar, neft va ko‘mir eng arzon hamda foydalanish uchun qulay yoqilg‘igina bo‘lmay, balki kimyo sanoatida qimmatbaho xom ashyo hamdir.
O‘simlik va hayvonot xom ashyolariga yog‘och, zig‘ir, kanop, yog‘lar, o‘simlik moylari, hayvonot terilari va shunga o‘xshashlar kiradi. Bular xalq xo‘jaligida ishlatilishiga ko‘ra, ozuqabop va texnik xom ashyolarga bo‘linadi. Ozuqabop xomashyolarga ozuqa sifatida ishlatiladigan birikmalar- o‘rmonchilik, baliqchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari kiradi.
O‘simlik va hayvonlardan olinadigan texnik xom ashyolarga yuqorida ko‘rsatilgan xalq xo‘jaligi tarmoqlarining oziq uchun yaramaydigan mahsulotlari kiradi. Ularni mexanik va kimyoviy qayta ishlab, ulardan turmushda va sanoat ishlab chiqarishida ishlatiladigan xom ashyolar olinadi.
Bunday xom ashyo turlarini kimyoviy qayta ishlab, turli mahsulotlar olish mumkin. Manbalari ko‘pligi, amaliy jihatdan bitmas-tuganmas zahiraga egaligi ular asosida ko‘pgina yangi kimyoviy korxonalar tashkil etishga imkon beradi.
Umuman, ilm-fan, texnika va texnologiyaning nihoyatda tezlik bilan rivojlanishi yangidan-yangi materiallarni, shuningdek, yangi xom ashyo materiallarini qidirib topish masalasini dolzarblashtirmoqda. Bu masala asosan olti yo‘l bilan amalga oshiriladi:
-iloji boricha arzon xom ashyolarni qidirib topish va ishlatish;
-xom ashyodan kompleks foydalanish;
-konsentrlangan xom ashyo va mahsulotlar ishlatish;
-juda toza mahsulotlar ishlatish;
-texnika maqsadlari uchun ishlatiladigan ozuqabop xom ashyolarni noozuqabop xom ashyo bilan almashtirish;
-iloji boricha mahalliy xom ashyolardan foydalanish.
Hozirgi vaqtda kimyo va kimyoviy texnologiya yutuqlari muhim texnika xo‘jalik mahsulotlarini noozuqabop xom ashyolardan olishga imkon beradi. Bunday xom ashyolar sifatida tosh-ko‘mir, torf, slanets, neft, tabiiy gaz, yog‘och, o‘simlik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining chiqindilari ishlatilmoqda. Masalan, sovun yuvuvchi mahsulotlar, izolyatorlar ishlab chiqarishda, to‘qimachilik sanoatida, rezina mahsulotlari ishlab chiqarishda, charm sanoatida, korroziyaga qarshi kurashishda, betonlarni suv o‘tkazmaydigan qilishda, metallarni silliqlashda, qirqishda sovutgichlar sifatida har yili bir necha ming tonnalab qimmatbaho ozuqabop moylar ishlatiladi.
Sanoatning ko‘pgina tarmoqlarida keng miqyosda ishlatiladigan etilspirti ishlab chiqarish uchun ham juda ko‘p miqdorda yuqori sifatli don va kartoshka ishlatiladi. Un, kraxmal, sut kabi mahsulotlardan texnik maqsadlar uchun foydalaniladi. Masalan, kazein-oqsil modda sutda bo‘ladi, kazein yelim ishlab chiqarishda, qog‘oz va charm sanoatida bo‘yoqchilikda hamda muqovalar qilishda asosiy mahsulot sifatida ishlatiladi. Bu maqsadda kazein ishlab chiqarish uchun har yili bir necha yuz ming tonna yog‘sizlangan sut sarflanadi.
Kraxmal to‘qimachilik sanoatida, rezina va kimyo sanoatida, gugurt sanoatida,elektrodlar olishda keng qo‘llaniladi. Hozir sanoatda kraxmal poliakrilamid hamda tsellyulozaning suvda eruvchan efirlari-karboksil metil tsellyuloza (KMK) bilan muvafaqqiyatli almashtirilgan. Shu bilan birga KMK ko‘p miqdorda kraxmal o‘rnida to‘qimachilik, qog‘oz va gugurt sanoatlarida esa ozuqabop un o‘rnida ishlatilmoqda.
Hozir etilendan va yog‘ochdan olinayotgan sintetik etil spirt tarkibi va sifati jihatidan ozuqabop xom ashyolardan olinadigan etil spirtdan farq qilmaydi va ancha arzon hisoblanadi. Shuning uchun xalq xo‘jaligining ko‘p tarmoqlarida bunday etil spirt ko‘p ishlatilmoqda. Shuningdek, gaz va neftni qayta ishlash mahsulotlaridan sirka kislota, glitserin va yog‘lar ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotlarni bu yo‘l bilan ishlab chiqarishda ko‘p miqdorda ozuqabop xom ashyolar tejab qolinadi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tannarxi birmuncha arzonlashadi.
Sanoatni yanada rivojlantirish, texnika taraqqiyoti sur’atlarini jadallashtirish va sanoat mahsulotlarining turlarini ko‘paytirish vazifalari sun’iy materiallar ishlab chiqarishni intensiv rivojlantirishni taqozo etadi.
Sun’iy materiallar ishlab chiqarish va ularni sanoatda qo‘llash quyidagi hollarda iqtisodiy samarali hisoblanadi:
a) sun’iy material yagona xom ashyo bo‘lgan tarmoqda ishlab chiqarishning
jadal sur’atlari bilan va keng ko‘lamda rivojlantirishga;
b) qayta ishlovchi tarmoqlar texnika bazasining mukammallashuviga;
v) iste’molchi tarmoqlar mahsulotining sifatini yaxshilashga va assortimentni
kengaytirishga;
g) qayta ishlash tarmoqlarida texnologik jarayonlarni jadallashtirishga va
uskunalarni mukammallashtirishga;
d) tayyor sanoat mahsuloti ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xarajatlarni
kamaytirishga sabab bo‘lsa;
s) sun’iy materiallardan ishlab chiqariladigan mahsulot tannarxini kamaytirsa.
Sun’iy materiallar ishlab chiqarish va qo‘llashning iqtisodiy samaradorligini aniqlashda vaqt omilini, ya’ni qisqa vaqt ichida kerakli miqdorda sanoat mahsuloti ishlab chiqarishga erishish mumkinligini e’tiborga olmoq lozim.
Bu o‘rinda ta’kidlash kerakki, sun’iy materiallar behad afzalliklarga ega, chunki tabiiy xom ashyo bo‘lgan paxta, jun, teri va boshqalarni ishlab chiqarishga oylab vaqt ketsa, sun’iy materiallarni ishlab chiqarishga atigi bir necha kun va soat kifoya qiladi.
Sun’iy materiallar ishlab chiqarishga tabiiy materiallarga nisbatan ancha kam ijtimoiy mehnat sarflanadi. Masalan, 1 tonna yuvilgan jun ishlab chiqarishga 7000 kishi/soat sarflansa, sintetik tolaga 225-1400 kishi/soat sarf etiladi.
Sun’iy materiallar sanoatning qo‘shimcha xom ashyo ba’zasi bo‘lib xizmat qiladi. Ular ishlab chiqarishda jarayonlarni kimyolashtirish, ayniqsa, organik sintezni rivojlantirish katta rol o‘ynaydi. Turli tarmoqlarda kimyoviy usullarni qo‘llash tabiatda ko‘p tarqalgan mahsulotlardan sifati tabiiy materiallarnikidan ancha ustun bo‘lgan juda ko‘p yangi tur sun’iy materiallar ishlab chiqarish imkonini beradi.
Zamonaviy texnika sintetik materiallarga turlicha talablar qo‘yadi. Ular o‘ziga xos qator afzalliklarga ega: uzoq vaqt o‘ta yuqori va o‘ta past haroratga, yuqori bosim va juda katta elektr kuchlanishlariga chidamli. Sun’iy materiallar ishlab chiqaruvchi tarmoqlar, shu jumladan sanoatni rivojlantirish va sanoat xom ashyo bazasini kengaytirishning asosiy vositalaridan biridir.
Sanoatni rivojlantirishda plastmassalar, sintetik kauchuk, sun’iy va sintetik tolalar, sun’iy charmlar va charm o‘rnini bosuvchi materiallar, sintetik yuvish vositalari va ozuqa xom ashyosi o‘rnini bosuvchi sun’iy materiallar muhim rol o‘ynamoqda.
Plastmassalar-keng nomenklaturaga ega bo‘lgan sun’iy polimer mahsulotlardir. Ular sifat jihatidan tabiiy materiallar bilan tenglashibgina qolmay, balki ko‘p hollarda ulardan ustunlik ham qiladi: o‘ta mustahkamlik,elektr o‘tkazmaslik,engillik, qattiqlik, egiluvchanlik, tiniqlik, korroziyaga, kislotaga, issiqlikka chidamlilik, kamediruvchanlik kabi sifatlarga ega va mexanik ishlashning turli usullariga engil moslashadi.
Mamlakatimiz plastmassalar ishlab chiqarish uchun keng xomashyo resurslariga ega, chunki plastmassalar uchun tabiiy va neft gazi, neftni qayta ishlash va kokso kimyo sanoati chiqindilari, yog‘ochni kimyoviy ishlash mahsulotlari, engil va oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligining turli xil chiqindilari xom ashyo bo‘lib xizmat qiladi.
Sun’iy va sintetik tolalar sanoatning xom ashyo bazasini kengaytirish bilan birga, turli texnik va kiyim-kechak gazlamalari,elektr izolyatsiya materiallari, kabellar va kanatlar, baliq tutish to‘rlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi.
Iqtisodiyotda charm o‘rnini bosuvchi sun’iy materiallar katta ahamiyatga ega. Poyabzal sanoatining o‘sish sur’atlarini amalga oshirish uchun tabiiy charm resurslari yetarli bo‘lmagan sharoitda bu juda ham muhim. Sun’iy charm va charm o‘rnini bosuvchi materiallardan poyabzalning ayrim bo‘laklarini ishlab chiqarish mumkin.
2.Sanoat ishlab chiqarishning mineral xom ashyo manbai
Mineral xom ashyo-konlardan qazib chiqariluvchi turli foydali qazilmalardir.
O‘zbekistonning yer qa’ri foydali qazilma turlariga juda boy. Hozirgacha saqlangan ko‘xna konlar va ularning qoldiqlari O‘zbekison hududida konchilik qadimdan rivojlanganidan dalolat beradi[1].
Hozirgi kungacha mamlakatda 3000 dan ortiq foydali qazilma koni aniqlangan bo‘lib, ularning 1100 tasi qazib olishga tayyor, xususan olganda, ularning 50 tasi asl, 41 tasi rangli, nodir radioaktiv va qora metallar, 187 tasi yoqilg‘i-energetika, 19 tasi kon-kimyo, 45 tasi konchilik xom ashyosi, shuningdek, qurilish materiallari, yer osti suvlari va boshqa foydali qazilma konlaridan iborat1.
O‘zbekiston yer osti boyliklari istiqboli juda ulkan. Respublika hududining faqat 20-25 % maydonida geologik qidiruv ishlari olib borilgan.
O‘zbekiston hududida sanoat ahamiyatiga ega 90 ga yaqin neft konlari ochilgan bo‘lib, ulardan 36 tasi neft, 24 tasi neft-gaz va gaz-neft, 26 tasi neft-gaz kondensat konlari toifasiga kiradi. Mamalakatdan neft va gaz Farg‘ona, Surxondaryo, Hisor, Buxoro, XIVa va Orol-Ustyurt regionlarida topilgan.
Asl metallarga oltin, kumush, ruteniy, radiy palladiy, osmiy, iridiy va platinalar kiradi. O‘zbekistonda shulardan faqat oltin va kumush toza holda qazib olinadi, boshqalari esa turli rudalardan ajratib olinadi.
Aniqlangan oltin zahiralari bo‘yicha O‘zbekiston jahonda to‘rtinchi, qazib olish darajasi bo‘yicha to‘qqizinchi o‘rinda turadi. Bu yerda oltinning 50 dan ortiq konlari qidirib topilgan. Uning asosiy zahiralari Markaziy Qizilqumdagi Muruntov oltin koni butun Yevro osiyo qit’asida ma’lum va mashhur. Uning rudasi tarkibida oltin miqdori yuqori hisoblanadi.
Keyingi yillarda Toshkent, Samarqand viloyatlarida yangi oltin ruda konlari qidirib topildi. O‘zbekistondagi hozirgacha qidirib topilgan oltin zahiralari 4 ming tonnadan oshadi.
Respublikada umuman olganda 26 ta kumush koni aniqlangan. Ular asosan
Qizil qum va Chotqol-Qurama tog‘lari hududlarida to‘plangan.
Rangli metallarning eng muhim turlari hisoblangan uran va mis zahiralari bo‘yicha O‘zbekiston jahonda yettinchi o‘rinni egallaydi. Uranning razvedka qilingan zahiralari aniqlangan, vulkonogen jinslarda topilgan bo‘lib, mezozoyning qum toshli tipiga mansub.
Uran bilan yo‘ldosh reniy, skandiy va boshqa metallar uchraydi. Shuningdek, mis, qo‘rg‘oshin, qalay, volfram va litiy kabi muhim strategik ahamiyatga ega nodir va rangli metallarning yirik konlari bor.
Respublikamizda har yili 90 ming tonnaga yaqin mis ishlab chiqariladi. Amaldagi ishlab turgan konlar misni yana 40-50 yil, qo‘rg‘oshin va qalayni 100 yil mobaynida ishlab chiqarishni ta’minlashga qodir.
Rangli metallar zahiralari asosan Olmaliq kon rayonida joylashgan. Qalmoqqir mis koni noyob hisoblanadi. Bu konning rudasini qayta ishlash mamalakatdagi eng yirik korxonalardan biri Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida amalga oshiriladi. Shuningdek, bu sanoat rayonida mis, molibden, oltin, kumush, reniy, tellur, selen va boshqa katta zahiralarga ega bo‘lgan Dalniy koni bor.
Mamlakat hududida 100 dan ortiq qo‘rg‘oshin va ruh konlari mavjud bo‘lib, ular asosan Olmaliqdagi Qo‘rg‘oshin kon, Jizzax viloyatidagi Uchquloch va Surxondaryo viloyatidagi Xondiza konlaridan olinadi. Bu konlarda yana yo‘ldosh metallar – mis, kumush, kamdiy, selen, oltin va indiy ham uchraydi. O‘zbekistonda molibdenli formatsiyalar ham bor. Chotqol-Quramatog‘lari vismutga boy. Janubiy Farg‘ona belbog‘ining o‘zidan 100 dan ortiq simob va 10 dan ortiq surma rudalanishlar aniqlangan.
Respublika nodir metallarning eng muhim turi hisoblanadigan volframning 7 ta koni va 200 dan ziyod ruda belgilari mavjud yerlari aniqlangan. Volfram ob’ektlari Toshkent oldi, Samarqand va Qizilqum hududlarida to‘plangan.
Qorametallardan eng ko‘p tarqalganlari temir, titan, marganets, magniy, xrom va boshqalardir. Temirning bir necha konlari va ruda ko‘rinishlari aniqlangan. Ular orasida muhimi Qoraqalpog‘iston Respublikasida Tebin buloq titan-magniy koni hisoblanadi. Marganets konlari Zarafshon, Qora tepa, Lola buloq va boshqa joylarda mavjud. Magmatik xrom Qizilqumda, Farg‘onada, ayniqsa, Tomdi tovva Sulton
Uvaysda ko‘plab uchraydi.
O‘zbekistonda nometall xom ashyo-glaukonit, dalashpati, vallastonit, grafit, asbest, talk, talktoshi, abrazivlar, qimmatbaho va ishlov beriladigan toshlar konlari ko‘p. Vollastonitning 5 ga yaqin ko‘rinishi va konlari aniqlangan. Grafitning 30 dan ortiq ruda-rudalanishi va konlari ma’lum. Qimmatbaho va ishlov beriladigan toshlardan topaz, feruza, ametist, tog‘ xrustali, xalsedon, yashma, nefrit, lazurit, amazonit, rodonit, agalmatalit, marmar oniksi va boshqalarning ancha yirik zahiralari qayd etilgan.
Geologik tadqiqotlar natijasida Buxoro-Qarshi, Surxondaryo, Ustyurt va Farg‘ona artezian xavsazining yer osti suvlarida yod, brom, litiy, seziy, stransiy va boshqa sanoat Konsentratsiyalari aniqlangan. 2005 yildan boshlab Kruk konida yod olinmoqda.
O‘zbekiston xududida 500 dan ziyod g‘isht, sement, gips, ohak tosh, beton to‘ldiruvchiliklari va boshqa qurilish materiallari konlari razvedka qilingan va ulardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan.
Potensial resurslardan oqilona foydalanish va foydali qazilmalarni qazib olishning iqtisodiy samarali usullarini qo‘llash uchun konlar zahirasining miqdorini iqtisodiy jihatdan to‘g‘ri aniqlash va sanoat ko‘lamida ekspluatatsiya qilish navbatini belgilash alohida ahamiyatga ega.
Zahiralarni o‘rganish va aniqlash geologiya-qidiruv ishlari davlat rejasi asosida olib boriladi. Sanoatning mineral xomashyoga bo‘lgan talabini aniqlashda konlarning o‘rganilganlik darajasi muhim o‘rin tutadi.
Mineral xomashyo zahiralarni qidirish va sanoat ekspluatatsiyasiga tayyorlik darajalari bo‘yicha bir necha kategoriyalarga bo‘linadi.
Ular ma’lum bir davr uchun texnik – iqtisodiy jihatidan foydalanish mumkinligi darajasiga qarab balansdagi va balansdan tashqaridagi zahiralarga bo‘linadi.
Balansdagi zahiralarga sanoat talablariga va foydalanishning texnik shartlariga javob beruvchi va hozirgi kunda ularni qazib chiqarish iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lgan zahiralar kiradi. Balansdan tashqari, zahiralarga esa tarkibida foydali komponentlari, qazilmalar miqdori kam bo‘lgan yoki ekspluatatsiya sharoitlari og‘ir bo‘lgan, xomashyosini sanoat usullari bilan qayta ishlash hozircha mumkin bo‘lmagan zahiralar kiradi.
Korxona faoliyatini maqsadga muvofiq tashkil etish va rejalashtirish ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish va uni tashkil etishning turli norma va normativlarini tuzishga asoslanadi. Norma va normativlar asosida ishlab chiqarishga kerakli xomashyo va materiallar, jihoz va asbob-uskunalar miqdori aniqlanadi, ishlab chiqarish jarayonida xodimlar joylashtiriladi va ishlab chiqarish resurslarining ratsional zahiralari rejalashtiriladi. Mahsulot sifati bo‘yicha qo‘yiladigan shartlar ham normalarning bir turi hisoblanadi.
Sanoat ishlab chiqarishida xomashyo va materiallarni tejashning asosiy yo‘llari quyidagilardan iborat:
-mashina va mahsulotlar konstruksiyasini yaxshilash;
-yangi texnika va progressiv texnologiyani joriy etish;
-texnologik jarayonlarni yaxshilash;
-xomashyoni kompleks qayta ishlash usullarini rivojlantirish; -ishlab chiqarishni tashkil etishni yaxshilash.
Istiqlol va bozor iqtisodiyotiga kirib borish mamlakatning xomashyo resurslarini ko‘paytirishga va uning boyliklaridan oqilona foydalanishga keng yo‘l ochdi. Davlatning respublika sanoati xomashyo bazasi borasidagi xo‘jalik siyosati qayta ishlovchi sanoat tarmoqlarining yuqori sur’atlar bilan taraqqiy etishini ta’minlovchi xomashyo resurslarining jadallashtirilgan rivojlanishini ta’minlashdir.
Sanoat xomashyo bazasi rivojining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
- yangi xomashyo manbalarini aniqlash bo‘yicha geologik-qidiruv ishlarini kengaytirish;
- undiruvchi sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash;
- qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining sanoat uchun yetarli darajada mahsulot etishtirishini va uning tovardorlik qobiliyatini kuchaytirish;
- sun’iy materiallar va ular o‘rnini bosuvchi turli xil buyumlari yaratish va h.k.lar.
3. Resurslar tejamkorligi strategiyasi va taktikasi
Ma’lumki, har bir davlat va xo‘jalik yurituvchi sub’ekt uchun resurslar tekin emas. Ular o‘z maqsadlariga erishishda strategiya va taktikadan foydalanadilar. Bundan ko‘zlangan maqsad, ishlab chiqarish uchun sarflanadigan xomashyo xarajatlarini kamaytirish va shu orqali foydani ko‘paytirishdir. Izlanishlar qo‘llanilgan strategiya va taktikaning xomashyo xarajatlarini kamaytirishdagi so‘nggi bosqichi va muqobil yo‘li resurslar tejamkorligi ekanligini ko‘rsatmoqda.
Resurslarni tanlash muqobilligi undan foydalangan sohalarda quyidagi vazifalarni hal qiladi:
-xarajatlarning kamayishi va ishlab chiqarilgan mahsulot sifatining oshishi; -alohida tovarlar va mahsulotlar assortimenti bilan bozorga kirib borish va o‘z o‘rnini egallash;
-mahsulot sifatida aniq ustunlikka erishish;
-iqtisodiyotdagi kabi texnologiyada ham peshqadamlik mavqeining o‘sishiga intilish;
-dinamikani hisobga olgan holda mavjud resurslardan yaxshiroq foydalanish va xo‘jalik faoliyatidan foydaolish.
Muqobillik (bir-biriga zid ikki yo‘ldan birini – yo unisini, yo bunisini tanlab olish zaruriyati) shuningdek, resurslardan foydalanish strategiyasi va taktikasining tarkibiy qismi hisoblanib, ishlab chiqarishda iqtisodiy tejamkorlik va samaradorlik oshishiga olib keladi.
Modomiki, strategiya va taktika har qanday ishda, shuningdek, moddiy, moliyaviy va boshqa resurslardan foydalanishda birinchi navbatda, xodimlardan tegishli bilim va ish malakani, resurslardan foylanishda mas’ullikni, bozor iqtisodiyoti sharoiti shartlarini va fan-texnika yangiliklaridan voqiflikni, ilmiy tadqiqot va ularning yechimlarini teran anglashni talab qiladi.
Rejali iqtisodiyot sharoitida resurslar davlatga qarashli bo‘lib, ularni bepul va qaytarib olmaslik qoidasi asosida hududlarga, tarmoqlarga va korxonalarga taqsimlanardi. Bozor iqtisodiyoti sharoiti resurslarga va ulardan foydalanishga bo‘lgan talab kuchayayotganligi bois bunday vositalarni tejamkorlik bilan ishlatishni taqozo etmoqda.
Sobiq ittifoqda barcha resurslar davlat tomonidan bepul taqsimlanganligi uchun resurslar amaliyotda emas, balki hujjatlarda «tejalardi». Endilikda bu masala oldingidek, “yuqori”ning ko‘rsatmasi bilan emas, har bir xo‘jalik yurituvchi sub’ektning samaradorlikni oshirishga bo‘lgan qiziqishi asosida hal etilmoqda.
Hozirgi sharoitda qaysi mahsulotni, qancha va kimga ishlab chiqarishgina emas, shu bilan birga bu mahsulotni ishlab chiqarishga qancha resurs va mablag‘ talab qilinishi ham ko‘pgina korxonalar uchun asosiy masalaga aylanmoqda. Bu har bir korxonani bir tomondan, talabni qondirish, ikkinchi tomondan esa, resurslar xarajatining kam chiqimli yo‘llarini axtarishga undaydi. Bulardan tashqari, har bir korxona uchun xarakterli bo‘lgan normalashtirish va resurslarning pulliligi ham aynan shuni taqazo etadi.
Xom ashyodan ratsional foydalanish sanoat xom ashyo bazasini kengaytirish va mustahkamlashning muhim manbaidir. Iqtisodiy nuqtai nazardan xom ashyodan maqsadga muvofiq va ratsional foydalanishda ko‘p jihatdan qayta ishlovchi sanoat tarmog‘I yoki korxona uchun xom ashyoni to‘g‘ri tanlash katta ahamiyatga ega.
Xom ashyo mahsulot xususiyatini va sifatli texnologik jarayonni tanlashga va uning progressivlik darajasiga, mashinalardan va vaqtdan foydalanish darajasiga, ishlab chiqarish tsiklining uzunligi va umuman ishlab chiqarishning barcha texnikiqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatadi.
Hozirgi paytda har bir sanoat tarmog‘ida bir necha turdagi xom ashyo qo‘llaniladi. Ayrim tarmoq uchun qaysi xom ashyoni tanlash maqsadga muvofiq ekanligini aniqlash uchun turli xom ashyolarni quyidagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha solishtirmoq zarur: solishtirma kapital xarajatlari; mehnat unumdorligi; mahsulot tannarxi; mahsulot sifati; mahalliy xom ashyodan maksimal foydalanish; kamyob bo‘lmagan xom ashyodan foydalanish; ishlatilmaydigan chiqindilardan foydalanish mumkinligi; sun’iy materiallardan foydalanish mumkinligi; xom ashyoning progressiv texnologiya talablariga javob berishi; xom ashyoning bo‘lg‘usi tayyor mahsulot sifat ko‘rsatkichlariga javob berishi; ma’lum davrda muayyan tarmoqda qo‘llashning iqtisodiyot nuqtai nazaridan maqsadga muvofiqligi; ayrim hududlarning o‘ziga xos xususiyatlari; ayrim tarmoqlardagi texnika taraqqiyoti va innavatsion faoliyat.
Xom ashyodan to‘liq va har tomonlama foydalanib, uning turli qismlaridan turli xil mahsulotlar olish uchun undan kompleks foydalanmoq kerak.
Xom ashyo resurslarini kengaytirish va tejashning yana bir yo‘li xom ashyo va materaillardan qayta foydalanishdir. Masalan, yedirilgan mashinalar, binolar va eski texnikalarning metall qismlari, qog‘oz materiallari va boshqalardan sanoatda qayta foydalanish mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida tasdiqlangan 2017 - 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida «yuqori texnologiyali qayta ishlash tarmoqlarini, eng avvalo, mahalliy xom ashyo resurslarini chuqur qayta ishlash asosida yuqori qo‘shimcha qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarishni jadal rivojlantirishga qaratilgan sifat jihatidan yangi bosqichga o‘tkazish orqali sanoatni yanada modernizatsiya va diversifikatsiya qilish» ga alohida muhim o‘rin berilgan[2].
Iqtisodiyot tizimining raqobatbardoshligini yanada oshirish, aholi farovonligini yuksaltirish, birinchi navbatda, xom ashyo, asosiy va yordamchi materiallar, elektr va energiya resurslaridan tejamli foydalanilishiga bog‘liqdir.
Nazorat va muhokama uchun savollar
1. Xom ashyo tushunchasi va uni guruhlashning qanday an’anaviy usullarini bilasiz?
2.O‘zbekiston sanoatining xom ashyo bazasi va uning rivoji qanday?
3.Sun’iy materiallar ishlab chiqarishning rivojini nimalarda ko‘rish mumkin?
4. Sanoat xom ashyosidan foydalanishning oqilona usullariga ta’rif bering?
[1] O'zbekiston milliy entsiklopediyasi, 12 – jild. – T.: Davlat ilmiy nashriyoti. 2006 yil. 17 - bet
[2] O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasi to‘g‘risida» gi Farmoni. 7 fevral 2017 yil. http://press-service.uz/uz/document/5482/.
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.