AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)
Оценка 4.9

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

Оценка 4.9
docx
03.12.2019
AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)
O2.docx

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

 

Bayatova Mukarramxon Nu’manovna – O’zbekiston, Yangiqo’rg’on tumani

12-maktab ona tili va adabiyot fani o’qituvchisi

 

Jahon adabiyotida Chingiz Aytmatov ijodi oʻziga xos oʻrin tutadi. Uning qissa va romanlari qirgʻiz adabiyotini dunyoga tanitdi va oʻziga xos yangilik sifatida Gʻarbu Sharqning millionlab kitobxonlari muhabbatini qozondi. Chingiz Aytmatov bu davrda jahonning eng mashhur adiblaridan biriga aylandi. Dastlabki asarlaridan biri “Jamila”ni Lui Aragon “Dunyodagi eng goʻzal muhabbat qissasi” deb atagan. Chingiz Aytmatov ijodi toʻgʻrisida soʻz ketsa, albatta, ushbu taʼrifni keltirish anʼana tusini olgan.

Chingiz Aytmatov asarlari insonni ulugʻlashi, uning zahmatkashligi, yaratuvchanligini sharaflashi bilan eʼtiborni tortadi. Asosiy qahramonlari – oddiy odamlar. Jamila, Doniyor, Tanaboy, Bola, Moʻmin chol. Adib ana shu oddiy odamlarning turmush tarzini koʻrsatib, umuminsoniy, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar toʻgʻrisida soʻz yuritadi. “Asrga tatigulik kun” qahramonlari Edigey, Abutolib, “Qiyomat”da Avdiy, Boʻston. Ular nafaqat qirgʻiz, qozoqlarning, balki barcha millatlarning adabiy timsolidir. Chingiz Aytmatov qahramonlarining mashaqqatli umr yoʻlini, quvonchu iztiroblarini koʻrsatish orqali kishilarning inson sifatida oʻz-oʻzini anglashi gʻoyat murakkab jarayon ekanini gavdalantiradi va insoniyat ming yillardan beri maʼnaviy jihatdan ulgʻaydimi yoki yoʻqmi, degan muammo toʻgʻrisida mushohada yuritishga undaydi. Mutolaa jarayonida fan-texnika yuksak taraqqiy etgan axborot asrida ham odamzot ajdodlarni azoblagan, qirgʻin-barot urushlarni keltirib chiqargan shuhratparastlik, boylikka oʻchlik, hokimiyatparastlik kabi zararli illatlardan xalos boʻlolmagani, xudbinlik, manfaatparastlik kishilarning qon-qoniga singib ketgani, barcha zamonlardagi muammolar ana shu davosiz maʼnaviy-ruhiy kasallikdan kelib chiqayotgani toʻgʻrisida oʻylab qoladi. Adibning “Oq kema”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Oxirzamon nishonalari”, “Togʻlar qulayotgan zamon” (“Abadiy qalliq”) asarlarida hozirgi davrda umuminsoniy ahamiyatga ega dolzarb ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-axloqiy muammolarga eʼtibor qaratiladi. Ularda mavjud hayot murakkabliklari turli miqyoslarda koʻrsatiladi. Sanʼatkor insoniyatning bugungi ahvoli, kelajagi toʻgʻrisida mushohada yuritar ekan, oʻzi anglagan haqiqatlarga diqqatni jalb etish maqsadida afsona, rivoyatlarga murojaat etadi, har bir kishining hayoti butun koinot bilan chambarchas bogʻliqligi, insoniyat tabiat uchun masʼul va javobgar ekanligini taʼkidlaydi. Qissa, romanlarning syujetiga singib ketgan ushbu afsonalarda bugungi kun kishilari uchun saboq, ibrat boʻladigan haqiqatlar mavjud.

Olam paydo boʻlishi, tabiat hodisalari, insoniyatning ilk ibtidosi toʻgʻrisidagi xayoliy toʻqimalar “mif” (asotir) deyiladi. Afsona va mif nimani anglatishi solishtirilsa, ular mazmun-mohiyatiga koʻra oʻzaro oʻxshash tushuncha ekanligi ayonlashadi. “Qadimgi miflar” deganda “qadimgi afsonalar” nazarda tutiladi. “Prometey toʻgʻrisida mif” “Prometey toʻgʻrisida afsona” deyilishi xato hisoblanmaydi.

Jahon adabiyoti tarixi va zamonaviy adabiy jarayonga nazar tashlansa, unda afsona, rivoyat, miflar alohida oʻrin tutgani ayon boʻladi. “Iliada”, “Odisseya” qadimgi yunon afsonalariga asoslansa, “Ramayana”, “Mahobhorat” hind, “Shohnoma” fors, “Alpomish”, “Manas”, “Qoʻrqut ota kitobi” turkiy xalqlar afsona, rivoyatlari zaminida yaratilgan.

Afsona, rivoyat, ertaklarda xalq hayoti, kishilarning orzu-armonlari va muayyan haqiqatlar aks etadi. Shu boisdan “afsona – tarixning asrandi qizi” deyiladi. XX asrda afsona, rivoyatlar sanʼat va adabiyot uchun mislsiz manba ekani yanada ayonlashdi. Insonning ichki olami, qalb jumbogʻini ochishda rivoyat, afsonalarning asosiy omilga aylangani, asarlarning eng qiziqarli, yodda qoladigan jihati aynan afsona, rivoyatlar bilan bogʻliq ekani kishini hayratga soladi. Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Togʻlar qulayotgan zamon (“Abadiy qalliq”) tilga olinganida ulardagi afsonalar esga tushadi. Aniqrogʻi, ushbu afsonalar mazkur asarlarining mazmun-mohiyatiga singdirib yuborilgan. Bugungi kun kishilari taqdiri asos qilib olingan ayni asarlarda afsona, rivoyatlar syujetning muhim tarmogʻiga aylanib, uqubat, iztirobga toʻla hozirgi hayot xususida oʻylantiradi.

Chingiz Aytmatov asarlari markazida oddiy odamlar turadi. Adib kundalik turmushda duch kelayotgan muammolarini koʻrsatish orqali bugungi kunning dolzarb masalalariga eʼtibor qaratadi. Ushbu muammolar barcha kishilarga birday daxldor ekanligini taʼkidlaydi. “Oq kema” qissasini “Shoxdor ona bugʻu”, “Asrga tatigulik kun” romanini “Nayman ona”, “Raymali ogʻa…” va “Chingizxoning oq buluti” afsonalarisiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Ayni afsonalar asarda bugungi kun kishilari hayotini koʻrsatishda zaruriy unsurga aylangan. Tomas Mann, Gabriel Markes ijodida ham rivoyat va afsonalar insonning murakkab ruhiy-maʼnaviy olamini ifodalashda oʻziga xos vosita vazifasini bajaradi va asarning badiiy toʻqimasida muhim oʻrin egallaydi.

“Oq kema” qissasi “Uning ikki ertagi boʻlardi. Biri oʻziniki boʻlib, uni hech kim bilmasdi. Ikkinchisini esa bobosi soʻzlab bergandi. Keyin birortasi ham qolmadi. Gap shu xususda” deb boshlanadi. “Oq kema”da hayot murakkabliklari, inson va tabiat, inson va jamiyat munosabatlari, ezgulik va yovuzlik kurashi yuksak mahorat bilan tasvirlanadi va bu muammolar xususida teran falsafiy mushohada yuritiladi. Qissaning asosiy qahramonlari: bola, uning bobosi Moʻmin, oʻrmon xoʻjaligi boshligʻi Oʻrazqul va uning xotini. Adib ularning oʻziga xos xarakterini ochish orqali mehr-muhabbat va zulm-zoʻrlik, xokisorlik va yovuzlik kurashini yoritadi.

Bola faqat bobosiga suyanadi. Bolaga, bobosining Shoxdor ona bugʻu haqidagi ertagi yoqadi. Bobosi oʻzini Shoxdor ona bugʻuning avlodi deb biladi. Bola Shoxdor ona bugʻu toʻgʻrisida bobosidan eshitgan ertakni portfeliga aytib beradi. Ushbu afsona xuddi ertak singari “bu juda qadimda boʻlib oʻtgan” deb boshlanadi. Unda ezgulik va yovuzlik kurashi naql qilinadi. Zoʻravonlik, shuhratparastlik, azal-azaldan kishilarni azoblab kelgani qirgʻizlarni qirgʻin qilgan dushmanlarning shafqatsizligi misolida gavdalantiriladi. “Oʻzga qabilaning soʻnggi odamigacha qirgan, molu mulkini tortib olgan kishi eng aqlli, uddaburon, botir sanalgan zamon”da kechgan xunrezliklar haqidagi bu afsona oʻzining butun dahshati bilan xayolni egallab oladi. Oʻshanda kishi qirgʻinbarot urushlar behad fojiali ekanini tasavvur qilib, odamlar yovuzlashganida naqadar tubanlashib ketishidan dahshatga tushadi. Dushmanlar qirgʻizlarning yer-suvi, boyliklarini egallash uchun ularni bitta ham qoldirmasdan oʻldirishadi. Lekin bir oʻgʻil va bir qiz bola dushmanlar hujum qilmasidan avval qoʻlsavat uchun poʻstloq shilishga ketgani bois omon qoladi-yu oʻrmondan chiqib, mislsiz fojianing ustidan chiqishadi. Dushmanlar “bu ikki bolani oʻrmonga olib borib, shunday qilginki, shu bilan qirgʻiz zoti tugasin, xayolga ham kelmasin, nomi abadiy oʻchsin” deb Choʻtir Baymoq kampirga topshirishadi. Kampir bolalarni tubsiz jarlikka itarib yuborishdan oldin: “O, muazzam Enasoy daryosi! Kel, endi ikki qum zarrasini – ikki odam bolasini oʻz bagʻringga olgin. Ularga Yer yuzida joy yoʻq…” deb murojaat qiladi. Asarning ayni oʻrinlari oʻquvchini hayajonga soladi. Shoxdor ona bugʻu haqidagi afsona bu jihatdan “Asrga tatigulik kun” romanidagi Nayman ona afsonasiga oʻxshaydi. Unda ham kishilar qadimdan bir-birining ustidan hukmronlik qilish uchun shafqatsizlikning turli usullarini oʻylab topishgani xususida soʻz ketadi. Mislsiz azobdan oʻlmay qolgan asir oxir-oqibat ismini, ota-onasini, butun kechmishini unutib, boshidagi teridan uni xalos qilgan kishini xoʻjayini bilib, har qanday hukmini soʻzsiz ijro etadigan holatga tushadi. Odamlar bir-birlarini ana shunday mute qul – manqurtga aylantirishni istashadi. Chingiz Aytmatov romanda manqurtlik turli shakllarda namoyon boʻlishi va u hamisha insoniyat uchun fojia ekanini oʻz onasini otib oʻldirgan Joʻlomon va otasining vafot etganiga qaygʻurmagan Sobitjon, kishilarni qiynash, azoblashdan huzur qiladigan Tansiqboyev xatti-harakatlarini koʻrsatish asosida gavdalantiradi.

Afsona, rivoyatlarda insonning paydo boʻlishi, hayoti bevosita tabiat bilan bogʻlanadi. Shoxdor ona bugʻu toʻgʻrisidagi afsonada ham bir qabilaning omon qolishiga tabiat, undagi oʻsimliklar, jonzotlar sababchi qilib qoʻrsatiladi. Shuning uchun tabiat onaga qiyoslanib, “ona tabiat” deyiladi. “Oq kema”dagi afsonada Shoxdor ona bugʻu tabiat timsolidir. Odamlar qanchalik zarar yetkazsa-da, tabiat odamlardan neʼmatlarini ayamaydi. Shoxdor ona bugʻu ham kishilar uning ikkita bolasini otib oʻldirishsa-da, odam bolalariga yaxshilik qiladi. U Choʻtir Baymoq kampirning ogohlantirishiga qaramasdan, qirgʻin qilingan qabilaning omon qolgan bolalarini uzoq joyga olib ketib, suti bilan boqib, kechalari bagʻriga bosib, isitib ulgʻaytiradi. Ular farzand koʻrganida oppoq qayindan yasalgan, bandida kumush qoʻngʻiroqcha jaranglab turgan beshik keltiradi. Shoxdor ona bugʻu Choʻtir Baymoq kampirga: “Odamlar egizlarimni oʻldirishdi, men oʻzimga bola izlab yuribman. Shu bola va qizchani ber. Men ularga ona, ular esa bolalarim boʻlishadi” deydi. Chingiz Aytmatov Shoxdor ona bugʻu timsolida tabiat va onalik bir-biriga bevosita bogʻliqligini shu tarzda koʻrsatadi.

“Qiyomat” romanida Iso alayhissalomning qatl qilinishi toʻgʻrisidagi rivoyatda qatl manzarasini osmonda bir qush kuzatib turgani taʼkidlanadi. Bu qushni Iso alayhissalom ham, uni qatl etishga hukm etgan prokurator Pontiy Pilat ham koʻradi. Pontiy Pilat Iso alahissalomga “Boshingda ajal qushi aylanyapti” deganida, u ohistalik bilan: “U hammamizning boshimizda aylanyapti” deydi. Qush soqchilar qurshovida qatl qilish uchun olib borilayotgan Iso ortidan oʻsha joyga borib, atrofni aylanib uchib yuradi. Pontiy Pilat bu holatdan taajjublanib, tashvishga tushadi.

Iso alayhissalomni qatl qilishga farmon bergan prokurator ham johil mustabid emas. Iso alayhissalom qatl qilinishini istamaydi, bunday farmon berishga botinmaydi. Pontiy Pilat u bilan inson mohiyati, feʼl-atvori, ertangi kuni toʻgʻrisida suhbatlashadi, bahs-munozarada hukmdorlarga xos takabburlik qilib, zugʻum oʻtkazmaydi.

Chingiz Aytmatov Pontiy Pilatni hamma odamlar kabi dunyoviy fikr yuritib, aksariyat kishilar singari oʻz soʻzini oʻtkazishga harakat qiladigan inson sifatida gavdalantiradi.

Iso (a. s.) munozara qilib, uni ahdidan qaytarmoqchi boʻlgan prokuratorga: “Bilib qoʻyki, Rim hukmdori, oxirat men tufayli emas, tabiiy ofatlar tufayli emas, odam bolalarining dushmanligidan keladi” deydi. Uning ushbu soʻzlarida Shoxdor ona bugʻu, Nayman ona afsonalari va Iso alayhisalom toʻgʻrisidagi rivoyatning mazmun-mohiyati mujassamlashadi.

Adib afsona, rivoyatlarni insoniyatning maʼnaviyatini koʻrsatadigan oʻziga xos koʻzguga aylantirib, bugungi kun kishilari bilan ularning ajdodlari oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik rishtalarini koʻrsatadi. Turkiy xalqlar folklorida kiyik goʻzallik, nafosat, mehribonlik ramzi sifatida taʼriflanadi. Kiyikning odamlardan jabr chekkani toʻgʻrisida rivoyatlar talaygina boʻlgani holda, hech bir ertak, afsonada bu jonzotning kishilarga jabr qilgani naql etilmagan. Chingiz Aytmatov shuning uchun ham bola va qizchaga bugʻu onalik qilganini koʻrsatgan. Shoxdor ona bugʻu toʻgʻrisidagi afsonada bugʻuning yosh bola va qizchani bagʻriga olishi har jihatdan asoslanadi. “Qiyomat” romanida ona boʻri Akbara ham kichkintoy Kenjashni koʻrganida bolalari esiga tushib, u bilan oʻynaydi, yuzini yalaydi. Kenjash u bilan oʻynay boshlaganida bolalaridan, jufti Toshchaynardan judo qilib, uni manzil-makonsiz qoldirgan odamlardan qasos olish istagi birdan soʻnadi. Asarda ona boʻri Akbaraning ushbu holati: “Boʻri oʻrnidan qimirlamay maʼyus koʻzlari bilan bolaga termilib yotar, shunda bola yana orqasiga qaytib, uning boshini silab-silab qoʻyar, Akbara esa uni yalab-yulqar, bu bolaga benihoya xush yoqardi. Boʻri yuragida yigʻilib qolgan barcha mehrini unga toʻkib solmoqchi, uning bola hidlarini koʻksini toʻldirib-toʻldirib iskamoqda. Bu bola mening qoya tagidagi uyamda yashasa qanday soz boʻlardi, degan oʻy oʻtdi boʻri kallasidan” deb tasvirlanadi.

Onaning mehri hamisha uning qahridan ustun keladi. Odamlarda ham, boshqa jonzotlarda ham kuzatiladigan ushbu gʻaroyib sir-sinoat xalq qoʻshiqlari, ertak, doston, afsona va rivoyatlarida madh etiladi. Shoxdor ona bugʻu, ona boʻri Akbaraning odam bolalariga mehribonlik koʻrsatishi zaminida avvalo ularning tabiatidagi onalik hissi yotadi. Chingiz Aytmatov afsona, rivoyatlardagi odamlar va jonzotlarning ayni jihatiga eʼtibor qaratish orqali onani ulugʻlaydi. U shoxdor ona bugʻu, ona boʻri Akbaraning alam-qaygʻusi, dardu iztirobi, mehrini qalamga olish asnosida barcha onalarning dardini koʻrsatadi. Onalar esa hamisha butun insoniyatning dardi, tashvishi bilan yashaydi.

Badiiy asarlar voqelikni xuddi oʻziday aniq, ravshan, ishonarli va taʼsirchan aks ettirgani bilan emas, balki inson qalbi, ruhiyati, ichki olami, uning “men”ini qanchalik teran tadqiq etganligi bilan ahamiyat kasb etadi. Chunki ayni shu xildagi asarlarda inson dunyosining murakkab sir-sinoatlari ochib koʻrsatiladi. Chingiz Aytmatov ham afsona va rivoyatlarni qissa va romanlari syujetiga singdirish asnosida bugungi kun kishilarining ziddiyatga toʻla ruhiy olamini tadqiq etishga intiladi. “Oq kema” qissasida Shoxdor ona bugʻu asrab olgan bola va qizchaning farzandlari dastlab bugʻularga tegishmagani, hech kim ularni hurkitmagani, oʻsha paytlarda kishilar bugʻuga duch kelgan joyda otdan tushib, unga yoʻl berishgani, oshiqlar sevganlarini oq bugʻuga qiyoslashgani taʼkidlanadi. Ammo bu udum bir boyning oʻgʻillari boshqalardan ustunligini koʻrsatib qoʻyish niyatida oʻlgan otasining qabriga bugʻu shoxini oʻrnatishganidan keyin boshqalar ham oʻsha boyning shuhratparast oʻgʻillariga taqlid qilib, marhumlar qabriga bugʻu shoxi oʻrnata boshlagani aytiladi.

Odamlar azaldan bir-birlarining boyligi, mansab-martabasiga qarab, muomala qilishadi. Koʻproq badavlat kishilarning yurish-turishi, gapirishi, turmush tarziga havas va taassub etishadi. Boylar esa boshqalardan ajralib turish, atrofdagilardan ustun ekanini koʻrsatishdan hech qachon tiyilmaydi. Muttasil davom etadigan bu jarayon oʻz-oʻzidan turli muammolarni tugʻdiradi. Odamlar tabiatdagi muvozanatga putur yetkazishi, firibgarlikni, bir-birini aldashni “aqllilik mezoni”ga aylantirishi ularning boylik toʻplashga ruju qoʻyishi, shon-shuhratga intilishidan kelib chiqadi. “Oq kema” qissasidagi Oʻrozqul bugʻu shoxini otasi qabriga oʻrnatgan boyvachchalarga oʻxshaydi. Afsonada boyvachchalarning ham, oʻgʻillariga katta meros qoldirgan boyning ham ismi aytilmaydi. Unda shuhratparast, maqtanchoq, zoʻravon kimsalarning timsoli shu tarzda umumlashtiriladi. Oʻrazqul boshqalardan ustun ekanligini namoyish etishdan lazzatlanadi. Buning uchun oʻzgalarga zoʻravonlik qilishdan ham tap tortmaydi. Barchaning oʻziga soʻzsiz itoat qilishi, hamma istaklari bajo keltirilishini istaydi. Oʻrazqul farzand tugʻmayotgani uchun xotinini aybdor sanab, doʻpposlaydi, qaynotasi Moʻmin cholni nazar-pisand qilmay, soʻkib tahqirlaydi. Oʻrazqul kishilarni mansab-martabasi, boyligiga qarab baholaydi. U Moʻmin cholga: “Muallimang oʻzi kim boʻlibdi? Besh yildan beri ustidan bitta palto tushmaydi. Faqat daftar bilan, sumka bilan koʻrasan. Doimo yoʻlda qoʻl koʻtarib, mashina kutgani kutgan” deydi.

Oʻrazqul mansabni boshqalarga hukmronlik qilish vositasi deb biladi. Kattaroq amaldor emasligi, ovloq bir joyda kichkina oʻrmon xoʻjaligi boshligʻi ekanligicha qolayotgani uni koʻp azoblaydi.

Moʻmin chol Oʻrazqul singari zoʻravonlarning adolatsizligi, zulmi haqida oʻylab eziladi. “Odamlar nega shunday boʻlib qolishar ekan-a? Sen unga yaxshilik qilasan, u senga yomonlik qaytaradi. Uyalmaydi ham, uyalishni xayoliga keltirmaydi ham. Xuddi shunday boʻlishi lozimdek hamisha oʻziniki toʻgʻri deb biladi. Faqat unga yaxshi boʻlsa, boʻlgani. Hamma uning atrofida girdikapalak boʻlishi kerak. Agar istamasang, majbur qiladi” deb iztirob chekadi. Oʻrazqul takabburligi, shuhratparastligi bilan qirgʻizlar qavmini qirgʻin qilib, Choʻtir Baymoq kampirga bola va qizchani oʻldirishni buyurgan xonga, Nayman onaning oʻgʻlini manqurtga aylantirgan zolimlarga oʻxshaydi.

“Asrga tatigulik kun” romanidagi Sobitjon xarakteri, dunyoqarashi jihatidan oʻz onasini otib oʻldirgan Joʻlomondan farq qilmaydi. Ularning biri – zamonaviy, ikkinchisi – oʻtmishdagi manqurt. Sobitjon urf-odat, qadriyatlarni nazar-pisand qilmaydi. Ularni odamlar oʻtmishda ermak uchun oʻylab topishgan, deydi. Otasi vafot etganidan qaygʻurmaydi. Marhumni uning vasiyatiga koʻra Ona Bayit qabristoniga eltib, dafn etishga qarshilik qiladi. “Uzoqdagi Ona Bayit qabristoniga olib borish shartmi? Oʻlgan odamga qayerga koʻmilishning nima ahamiyati bor?” deydi. Sobitjon yoshligidan ota-onasidan uzoqda boʻlgani, maktab-internatda oʻqib, shaharda yashab qolib ketgani tufayli yaqinlariga mehrsiz, urf-odat, taomillarga tushunmaydigan kimsaga aylanadi. “Idorada zarur ishlar qolib ketyapti, vaqt boʻlsa tigʻiz. Boshliqlarimiz qabristonning uzoq-yaqinligini surishtirib oʻtirmaydi, ishga falon kuni kelasan, boshqasini bilmayman, deydi. Boshliq nima boʻlganda ham boshliq, har holda, shaharning sharoiti boʻlak” deb oʻzini oqlaydi.

“Asrga tatigulik kun” ramonidagi Raymali ogʻa va Begimoy toʻgʻrisidagi rivoyat sevgi-muhabbat mavzusida boʻlsa-da, uning ham markazida xuddi Nayman ona, Shoxdor ona bugʻu afsonasidagi kabi ezgulik va yovuzlikning kurashi turadi. Ushbu rivoyatda johil kimsalar sevishganlarga qanchalik qarshilik koʻrsatishgani taʼsirchan naql qilinadi. Mazkur rivoyat muayyan darajada adibning “Jamila” qissasini yodga soladi. Qissada eri urushga ketgan Jamila urushdan qaytgan boshqa erkak – Doniyorni sevib qolgani hikoya qilinadi. Rivoyatda esa oʻn toʻqqiz yoshli Begimoy oltmishdan oshgan Raymali ogʻani yaxshi koʻrib qolishi bilan bogʻliq dramatik voqealar naql etiladi. Qissada Jamila va Doniyor birga ketadi. Oqin Raymali ogʻaga esa odamlar “aqldan ozgan” deb qaraydi. Ukasi Abdilxon uni bandi qilib, daraxtga bogʻlab tashlaydi. Ushbu rivoyatda Abdilxon zolimlik timsoli boʻlib koʻrinadi. Johil, zolimlarning boshqalardan farqli jihati shundaki, ular hech qachon haqiqatni tan olishmaydi, boshqalarning ham xohish-istagi, koʻngli borligiga eʼtibor qilishmaydi. Faqat oʻzlarining manfaatini oʻylashadi. Raymali ogʻaning ukasi Abdilxon, boshqalarni bemalol oyoq osti qilib ketadigan xudbin kimsalarning yorqin obrazidir. Raymali ogʻa qarindoshlaridan “Kuy quyilib kelsa, kuylamoqning nima aybi bor?” deb soʻraydi. Uning bu savollariga hech kim, urugʻ oqsoqollari ham javob berolmaydi.

“Chingizxoning oq buluti” qissasi asosida ham afsona turadi. Qissada afsona misolida shoʻro siyosati zoʻrlikka asoslanganiga ishora qilingan. Chingizxon toʻgʻrisidagi afsona roman syujetida alohida tarmoq boʻlsa-da, lekin asar umumiy ruhiga singishib ketgan. Adibning olam va odam toʻgʻrisidagi falsafiy mushohadalari roman syujetidagi barcha tarmoqlarni, jumladan, undagi afsona va rivoyatlarni yaxlit birlashtirgan. Nayman ona, Chingizxon afsonasi, Raymali ogʻa va Begimoy toʻgʻrisidagi rivoyat umumbashariy nuqtai nazaridan yoritilgan.

Chingiz Aytmatovning sanʼatkorligi shundaki, u asarlarida shafqatsiz, zolim kishilar obrazini faqat qora boʻyoqda koʻrsatmaydi. U bunday kishilarda ham ozgina boʻlsa-da, insoniy xususiyatlar mavjudligi, ular ham iztirob chekishi, yigʻlashini mahorat bilan ochib beradi. Behisob qon toʻkkan mustabidning koʻngil kechinmalari, armon, iztiroblari bilan tanishtirib, uning inson sifatidagi murakkab olamini koʻrsatadi. “Chingizxonning oq buluti” hajm jihatidan adib asarlaridagi eng katta afsona sanaladi. Shoxdor ona bugʻu, Nayman ona afsonalarida toʻqima qahramonlar obrazi yaratilgani holda, ushbu afsonada tarixiy shaxs – Chingizxon asosiy qahramon sifatida gavdalantirilgan.

“Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat” asarlarida hayot hodisalarini aks ettirish va inson dunyosini gavdalantirishda zamonaviy jahon adabiyotidagi ilgʻor tajribalar mujassamlashtirilgan. Bu mazkur asarlarning kompozitsiya va syujeti qurilishi, unda afsona va rivoyatlarning joylashtirilishi, qahramonlar xatti-harakati, kechinmalarining ular xotiralari bilan bogʻlanishi va eng asosiysi, turli xarakterdagi personajlarning ichki olamidagi ziddiyatlarga eʼtibor qaratilishida koʻrinadi.

Hayot har bir kishining oldiga har daqiqada kutilmagan muammoni qoʻyadi. Shuning taʼsirida odamning kayfiyati, borliqqa, kishilarga munosabatida muttasil oʻzgarishlar roʻy beradi. Shu boisdan “insonning qalbi gʻoyatda nozik” deyiladi. Kishining qalbida ezgulik va yovuzlik hislari bir-biriga juda yaqin turadi. Ana shundan qalbda ziddiyatli kechinmalar kechadi. Inson har bir narsadan xavotir oladi, ikkilanadi, shubha, gumonga boradi. Odam aslida tabiatidagi ana shu jumboq bois azoblanadi. Chingiz Aytmatov turli xarakterdagi qahramonlar obrazini yaratishda ana shu haqiqatdan kelib chiqadi.

Adib barcha asarlarida inson dunyosiga turli rakurslardan qaraydi. U qissa, romanlarida oʻz manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyish istagi kishilar tabiatiga chuqur singib ketgani, hayotdagi barcha muammolar aynan shundan kelib chiqishini koʻrsatadi. Chunki har bir odam butun hayoti davomida oʻz manfaati sari intiladi. Lekin bu hech bir kishining qabihligini oqlash uchun asos boʻlolmaydi. Chunki har qanday qabihlik jinoyatdir. “Togʻlar qulayotgan zamon” (“Abadiy qalliq”) romanida tabiat ham odamlarning bir-biriga adovatidan aziyat chekishi tasvirlangan. Adibning soʻnggi asari boʻlib qolgan mazkur romanda “Abadiy qalliq” afsonasi naql qilinadi. Afsonada sevishganlar hasadchilar fitnasi tufayli bir-biridan ayrilgani haqida soʻz boradi. Fitnachilar toʻy kuni kelinni “sevgan yigiti bilan kechasi qochib ketdi” deb gap tarqatib, uni oʻgʻirlab ketishadi. Lekin daryodan oʻtishda fitnachilar halok boʻlib, qiz omon qoladi. U toʻy oʻtgan joyga qaytganida kuyovning togʻlarga bosh olib ketganini eshitib, oʻsha tomonga yoʻl oladi. Kuyovni ham, kelinni ham hech kim topolmaydi. Kuyov togʻlarga ketishidan oldin odamlarga: “Butkul odam zotini qargʻayman! Odam boʻlgandan koʻra hayvon boʻlganim yaxshi… Dunyoda bironta odamni koʻrgani koʻzim yoʻq va bundan buyon meni hech kim koʻrmaydi” deb aytadi.

Ushbu afsona asar syujetini yaxlit birlashtirib turadi. Adib afsona bilan bogʻliq sahifalarda oʻzini azoblagan alamli oʻylarni ifoda etadi.

“Oxirzamon nishonalari” romanida qahramon okean ustida ikkita quyosh paydo boʻlib, suvning chidab boʻlmaydigan darajada qaynab ketganini tush koʻrishi, bu falokatdan qutilish uchun kitlar oʻtkir uchburchak hosil qilgancha ufqqa qarab suzishi, u quturgan okeanda kitlar bilan yonma-yon suzib borarkan: “Okean qaynab ketadi va biz hammamiz nobud boʻlamiz!” deb baqirishi bayon etiladi.

Bu jonivorlar uchun eng dahshatlisi inson aqli yetmaydigan, payqamaydigan holat, yaʼni nosogʻ ijtimoiy muhitning, odamlar qilgan yovuzliklarning taʼsirida dunyoviy ruh muvozanatining buzilishi boʻlsa kerak. Aftidan, kitlar uchun eng dahshatlisi ana shu… Kitlar inson xulqidagi nopokliklarga, shafqatsiz va dahshatli yovuzliklarga chiday olmaydi… Qahramon tilidan aytilayotgan ayni soʻzlar aslida adibning azobli oʻylari, uning dardi, iztirobi ekani aniq anglashiladi.

Odam qanday fikrlasa, shu tarzda harakat qiladi. Kishi intilishi uning fikri, ichki oʻylarga muvofiq kechadi. Chingiz Aytmatov ham qahramonlari obrazida ayni haqiqatni gavdalantiradi.

 

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)

AFSONALARNING BADIIY TALQINI (CHINGIZ AYTMATOV IJODI)
Материалы на данной страницы взяты из открытых истончиков либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.
03.12.2019