ONA TILI – MILLATNING RUHI.
Annotatsiya: Ushbu maqolada ona tili – millatning ruhi ekanligi, oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilgani va ona tili bo’lmish o’zbek tilining tarixi, rivojlanish jarayonlari va uni o’qitishning afzalliklari yoritib berilgan.
Kalit so’zlar: ona tili, til, dastur, mustaqil davlat, turkum, adabiy til, og’zaki ijod, qadimgi xalq, o’zbekcha so’zlar, alifbo, til bayrami.
Аннотация: В этой статье объясняется, что родной язык является душой нации, что узбекскому языку присвоен статус государственного, и что освещаются история, процессы развития и преимущества обучения родному языку, узбекскому языку.
Ключевые слова: родной язык, язык, программа, независимое государство, категория, литературный язык, устное творчество, древние люди, узбекские слова, алфавит, языковой праздник.
Annotation: This article explains that the mother tongue is the soul of the nation, that Uzbek has been given the status of the state language, and that the history, development processes, and advantages of teaching the mother tongue, the Uzbek language, are highlighted.
Keywords: native language, language, program, independent state, category, literary language, oral creation, ancient people, Uzbek words, alphabet, language holiday.
Ona tili – millatning ruhidir. Til – davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish – millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi[1].
O’zbek tili (O’zbekcha yoki Turkiy O’zbekcha) — Oltoy tillari oilasining turkiy tillar turkumiga kiruvchi tildir. Ushbu til O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq davlat tili hisoblanadi. Davlat tili haqidagi Qonun 1989-yil 21-oktabrda qabul qilingan. 1995-yil 21-dekabrda takomillashtirildi.
O’zbek adabiy tili tarixi quyidagi davrlarni o’z ichiga oladi:
Miloddan oldingi davrlardan to X asrlargacha bo’lgan davr. Bu davrdagi til fanda qadimgi turkiy til deb yuritiladi. Qadimgi xalq og’zaki ijodi namunalari, O’rxun-Enasoy yodgorliklari (VI-VII asrlar) shu tilda yaratilgan.
XI-XIV asrlarda amalda bo’lgan til eski turkiy til deb ataladi. Mahmud Qoshg’ariyning «Devonu-lug’atit-turk» («Turk tillari devoni»), Yusuf Xos Hojibning «Qutadg’u bilig» («Saodatga yo’llovchi bilim»), Ahmad Yugnakiyning «Hibatul haqoyiq» («Haqiqatlar armug’oni»), Xorazmiyning «Muhabbatnoma», Rabg’uziyning «Qissai Rabg’uziy» asarlari shu tilda yaratilgan.
XV asrdan XIX asrning ikkinchi yarmigacha qo‘llangan til eski o‘zbek adabiy tili deb nomlangan. Atoyi, Sakkokiy, Sayfi Saroyi, Lutfiy, Alisher Navoiy, Bobur, Mashrab, Turdi, Maxmur, Gulxaniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy va boshqa ko’plab ijodkorlarning asarlari shu tilda yaratilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmidan hozirgi davrgacha ishlatib kelayotgan til hozirgi o’zbek adabiy tili deb ataladi. «Turkiston viloyati gazeti» nashr qilina boshlagan vaqtdan (1870-yildan) eʼtiboran to hozirgi kungacha yaratilgan barcha asarlar hozirgi o’zbek adabiy tilining namunalari hisoblanadi.
O’zbek tili XI asrdan boshlab mustaqil til sifatida shakllana boshladi va XIII asrda eski o’zbek adabiy tili shakllanib bo’ldi. Eski o’zbek tilining rivoji buyuk Alisher Navoiyning nomi bilan bog’liqdir. U eski o’zbek tilining keng imkoniyatlaridan foydalangan holda ajoyib asarlar yaratibgina qolmasdan, bu tilni ilmiy jihatdan chuqur tadqiq qiluvchi „Muhokamat-ul-lug’atayn“ nomli yirik ilmiy asar ham yozdi va unda o’zbek tilining boshqa tillardan hech kam emasligini ishonarli misollar bilan isbotlab berdi.
Hozirgi oʻzbek adabiy tilining lugʻat tarkibi asosan, 5 manba negizida tashkil topgan :
1. umum turkiy so‘zlar.
2. oʻzbekcha soʻzlar.
3. fors-tojikcha soʻzlar.
4. arabcha soʻzlar.
5. ruscha soʻzlar.
Umumturkiy soʻzlar koʻpchilik turkiy tillarda hozir ham ishlatiladigan barcha turkiy tillar uchun umumiy boʻlgan koʻpgina soʻzlar borki ular azaldan turkiy qabilalar tilida mavjud edi, ular hozir ham ishlatiladi. Masalan: kishi, ot, qoʻl, oyoq…
Oʻzbekcha soʻzlar oʻzbek tili sharoitida, oʻzbek tili yoki boshqa til elementlari yordamida koʻpgina soʻzlar yaratilgan. Masalan: ishxona, soʻroq, ulfatchilik, bogʻdorchilik…
Fors tillaridan oʻzlashgan soʻzlar hozirgi oʻzbek tilida tubandagi kabi soʻzlar bor. Ular dasturxon, chiroq, parda, marvarid, marjon…
Arab tilidan oʻzlashgan soʻzlar. Arab soʻzlari oʻzbek tiliga VII-VIII asrlardan boshlab kiradi. Bu hol arablarning shu davrda Oʻrta Osiyoni jabt etishlari bilan bogʻliq. Hozirgi oʻzbek tilida arab tilidan kirgan quyidagi kabi soʻzlar mavjud: kasb, mehnat, hayvon, ittifoq, millat… Arab soʻzlari birinchidan kitob, madrasa, din, davlat tuzimi orqali kirgan. Ikkinchidan Eroni tillar orqali kirgan. Uni masalan arab soʻzlariga tojikcha morfemalar qoʻshib yasalgan. Masalan: darxaqiqat, mansabdor, mulkdor, baquvvat… kabi soʻzlardan bilsa boʻladi.
Rus tilidan oʻzlashgan soʻzlar. Oʻzbek milliy tilining shakillanishi va rivojlanishida rus millatining tili gʻoyat katta rol oʻynaydi. Rus xalqi bilan oʻzbek xalqi orasidagi yaqin aloqa, ayniqsa ruslarning iqtisodiy va madaniy taʼsiri rus tilidan ruscha va yevropa tillariga oid soʻzlarning oʻzbek tiliga kirishiga sabab boʻlgan. Rus tilidan oʻzlashgan soʻzlar: fabrika, gimnaziya, doktor, shapka…
Tarixda oʻzbek tilini yozish uchun koʻp alifbolardan qoʻllanilgan. 1928-yilgacha savodli kishilar oʻzbek tilini arab yozuvida yozishgan. 1928-yildan 1940-yilgacha oʻzbek tili lotin yozuvida yozilgan. 1940-yil Iosif Stalinning buyrugʻi bilan majburan kirill yozuviga oʻtilgan. 1992-yilgacha oʻzbek tili shu yozuvda yozilgan. 1993-yil Oʻzbekiston rasman lotin yozuvini yana qaytadan kirgizdi. Hozirda Oʻzbekistonda taʼlim joylarida lotin yozuvidan qoʻllaniladi. Shunday boʻlsa ham yoshi kattalar va Oʻzbekiston tashqarisida yashaydigan oʻzbeklar hali ham kirill yozuvidan qoʻllanishadi.
Arab yozuvi: – Oʻzbekistonda 1929-yilgacha arab yozuvidan foydalanilgan. 1920-yillarning oʻrtalaridan Oʻzbekistonda arab yozuviga keng hujum boshlandi. Arab yozuvi qoloqligimizning, savodsizligimizning, dindorligimizning sababchisi deb eʼlon qilindi. 19291930 oʻquv yilidan Oʻzbekiston lotin yozuviga oʻtdi va biz oʻzbek xalqining asrlar davomida yaratilib kelingan hamda chop etilgan ilmiy, badiiy va falsafiy adabiyotdan uzilib qoldik.
Yanalif – 1929-yildan boshlab arab yozuvidan yangi lotin vozuviga (yanalif) oʻtilgan. U 1940-yilgacha ishlatilgan.
Kirill yozuvi – 1940-yilda Oʻzbekistonda kirill yozuviga oʻtildi. Buning natijasida 1929-1940-yillar oraligʻida chop etilgan ilmiy, badiiy, pedagogik, oʻquv adabiyotlardan uzilib qoldik.
1940-yildan 1991-yilgacha oʻrta hisob bilan oʻzbek tilida 50 ming nomda 50 million nusxada kitoblar chop etilganini (bunga shu yillari nashr etilgan jurnal, gazetalar kirmaydi) hisobga olsak, biz yana lotin yozuviga oʻtishda qanchadan-qancha adabiyotdan yiroqlashishimiz mumkinligi ayon boʻladi.
Lotin yozuviga koʻchish – lekin, dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari (ularni sanab oʻtirishning hojati yoʻq) lotin yozuvidan foydalanadilar. Shuning uchun ham hozirgi eng zamonaviy texnika, tabiiy fanlar yoki ijtimoiy tadqiqotlar haqidagi adabiyotlar shu yozuv asosida yoritiladi. BMT, YuNESKO va boshqa xalqaro tashkilotlarning xabar qilishlaricha, yangi texnika, texnologiya va fanga tegishli adabiyotlarning 80 foizi lotin yozuvida chop etilar ekan.
Demak, Oʻzbekistonni dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatoriga qoʻshilishi uchun lotin yozuviga oʻtish maqsadga muvofiqdir bo’lgnligini yna bir-bor ta’kidlayman.
21-oktabr O`zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun. Til insonlarning o’zaro aloqa vositasi bo’lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne'matidir. Millatlarni millatlardan ajratib turuvchi asosiy belgilardan biri ham tildir. Dunyoda har bir xalqning o’z tili uning bebaho boyligi, iftixori, najoti hisoblanadi. Hikmatli so’zlar, she'ru dostonlar, qo’shiqlar avvalo biror bir millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o’z nufuzi, obro’siga ega bo’ladi. Har bir xalqqa o’z tili aziz va ardoqli. Sho’rolar davrida rus tili Ittifoq tili sifatida rivojlantirildi. U jahon tillari darajasiga ko’tarildi. Ayniqsa, ko’p ming asrlik tarixga ega bo’lgan turkiy xalqlar ham o’z ona tillari dunyodagi hech bir xalqning tilidan kam emasligini yoqlab chiqdilar. Bu yo’ldagi sun'iy to’siqlarni pisand etmadilar. Mustaqillik arafasida oilaviy va bozor tili darajasiga tushib qolgan o’zbek tiliga davlat tili maqomini berish haqidagi taklif va kurashlar samarasiz ketmadi. O’zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Davlat hujjatlari, davriy nashrlar, darsliklar ona tilimizda yozila boshlandi. Bu xalqimiz ruhini ko’tardi. Sho’rolar davrida ham o’zbek tilini tiklashga, uni Davlat tiliga aylantirishga intilish kuchli bo’lgan. Xususan, ona tiliga bag’ishlangan turli tadbirlar o’tkazishga harakat qilingan bunday tadbirlar ayniqsa, mustaqillik arafasida tez-tez o’tkazila boshlangan.1988 yil matbuotda yangi bayram - «Til bayrami» haqida ma'lumotlar paydo bo’la boshlagan. Bunday bayram Rossiya Federasiyasi, Ukraina, Boltiq bo’yi va Kavkaz orti respublikalarida va mamlakatimiz poytaxtida ham o’tkazilgani haqida gazetalarda maqolalar bosilgan. Bu bayramlarning asosiy maqsadi - ona tilini e’zozlash, ona tili bilan birga boshqa tillarni ham chuqurroq o’rganishga da'vat qilish bo’lgan. O’zbekistonda ilk bor «Til bayrami» 1988 yil 3 dekabrda Toshkentning talabalar shaharchasida ToshDUning o’zbek filologiyasi, tarix fakul’teti, shuningdek, politexnika instituti va boshqa o’quv yurti talabalari tomonidan o’tkazilgan. Talabalarning «O’zbek tili bayrami» deb nomlangan bu tadbiri ko’proq miting-namoyishga o’xshab ketardi. Davraga notiqlar chiqib, ular ona tuproq, ona yurt, xalq, til haqida so’zlab, she'rlar o’qib, ularni asrashga da'vat qilishdi. Yig’ilganlar «Til - xalq boyligi», «O’zbek tiliga davlat tili maqomi berilsin!», «Tilga hurmat - elga hurmat» kabi rang-barang shiorlarni ko’tarib olishgan edi. «Til bayrami»- da xonandalar xalqni, millatni, tilni ulug’lovchi qo’shiqlar kuylashdi. Yoshlarga alohida zavq-shavq baxsh etuvchi kichik kulguli sahna asarlari ijro etildi». 21-oktabrni o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kun sifatida nishonlab kelmoqdamiz. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining 1996-yil 10-sentabrdagi 311-qaroriga binoan «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kundan e'tiboran har yili «O’zbek tili kuni»ni o’tkazish, uning 0.4. bandida 21 oktyabr barcha o’quv yurtlarida har yili - o’zbek tili kuni sifatida nishonlanishi ta'kidlandi. Shular asosida 21-oktabr - milliy tilimiz bayrami sifatida rasmiy tarzda nishonlanadi.Har bir yildagi bayram turli shiorlar ostida o’tkaziladi. «Ona tilim - jonu dilim», «Tilga e'tibor - elga e'tibor», «Til - millat ko’zgusi» shular jumlasidandir. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi Akademiyasida til bayramini o’tkazish bo’yicha yaxshi tajriba to’plangan. Til bayramining mazmunli va qiziqarli o’tishi har bir o’quv yurti muallimlarining aql-zakovati, o’z kasbini qanchalik chuqur egallaganligiga bog’liq. Til bayramiga taniqli yozuvchi, shoirlar, tilshunos va adabiyotshunos olimlar taklif etiladi. Ular yoshlarga til bilish barcha muvaffaqiyatlarning garovi ekanligini, har bir inson avvalo o’z ona tilini, qolaversa boshqa tillarni sevib o’rganishlari zarurligini uqtirib o’tadi. Til bayramlarida til haqidagi hikmatli so’zlar, she’rlar, qo’shiqlar yangraydi. Shu kuni radio va televideniye orqali til bayramiga doir qiziqarli chiqishlar uyushtiriladi. Til bayrami insonni ona tiliga va o’z xalqiga bo’lgan mehr-muhabbatini jo’sh urdiruvchi betakror bayramdir. Til bayrami shuningdek xalqlar o’rtasida o’zaro totuvlik va do’stlik rishtalarini mustahkamlovchi muhim omildir.«Uchquduq ko’p millatli shahar, - deb yozadi «Xalq so’zi» gazetasi muxbiri A. Pirmatov, - bu yerda muomala madaniyatida davlat tili ustuvorligi yaqqol ko’zga tashlanadi. Yaqinda shahar madaniyat saroyida «O’zbek tilini o’rganish orqali o’quvchilarga konstitutsiyaviy bilim berish» mavzusida o’tkazilgan tadbir ham buni yana bir bor isbotladi. Tadbirda o’ttizdan ziyod millat va elat farzandlari huquqiy qomusimizni qanchalik bilishlarini o’zbek tilida ifodalashdi. Jonli tildagi savol- javoblar, o’tkir zehnlilar bellashuvi, huquqshunoslar va til mutaxassislari tomonidan yuqori baholandi. Bu tadbir shaharda til bayramiga aylanib ketdi. Davlat tili o’z nomi bilan davlatning ramziy belgisiga aylanishiga hamma guvoh bo’ldi» Toshkent Davlat yuridik institutida «Davlat tili to’g’risida»gi qonunning 12 yilligiga bag’ishlangan «Yuksak huquqiy madaniyat - komillik belgisi» mavzuida tadbir bo’lib o’tdi. Unda ona tilimizning huquqiy bilimlarni ifodalashdagi imkoniyatlari naqadar kengligi, go’zal va boyligi haqida so’z boradi. O’zbekiston xalq yozuvchisi O’tkir Hoshimov, adabiyotshunos A. Rasulov, shoir va tarjimon Yo’ldosh Parda bo’lg’usi huquqshunoslarga tilimizni puxta o’rganish fazilatlari haqida so’zlab berdilar. Xullas, til bayramining imkoniyatlari bitmas-tuganmasdir.
Bundan 27 yil muqaddam o‘zbek tiliga
davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma'noda olamshumul voqea
bo‘lgan edi. Chunki, Beruniy, Ibn Sino, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Alisher
Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni
yetishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk
qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat
maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi.
Ona tilimiz – o‘zbek tiliga 1989 yil 21 oktabrda davlat tili maqomi berildi. Bu
mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi.
Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham
tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.
Shuni ta'kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lgan edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi. “Davlat tili haqida”gi qonun ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Olimlar va mutaxassislar tomonidan ilm-fan va turli sohalarga oid ensiklopediya va lug‘atlar, darslik va o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Mumtoz adabiyotimiz namunalari, sakson mingdan ziyod so‘z va so‘z birikmasini, fan, texnika, sanoat, madaniyat va boshqa sohalarga oid atamalarni, shevalarda qo‘llaniladigan so‘zlarni o‘z ichiga olgan besh jildlik “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bu borada amalga oshirilgan ishlarning eng muhimlaridandir.
Til – millat qiyofasining bir bo‘lagi. Dunyodagi barcha xalqlar o‘zining milliy rasmiy tiliga ega deb aytolmaymiz. Chunki bu xalqning milliy mustaqilligi bilan bog‘liq. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, bugungi kunda har ikki xaftada bitta til yo‘qolib bormoqda. Bu o‘z navbatida o‘sha tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YuNeSKO vakillarining so‘zlariga qaraganda, qachonlardir odamlar so‘zlashadigan tillarning soni 7 mingdan 8 mingtagacha yetgan bo‘lsa, bugungi kunda sayyoramizda 6 mingta til mavjud bo‘lib, ularning 90 foizi yo‘qolib ketish arafasida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ayrilayotgan kam sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarda so‘zlovchi aholining ayrimlari yozuvga ega bo‘lsa, ayrimlari bundan bebahradir. Masalan, Afrika tillarida so‘zlashuvchi aholining 80 foizi xamon o‘z yozuvlariga ega emas. Minglab tillardan ta'lim tizimida foydalanishning imkoniyati yo‘q. Internetdan foydalana olmaydigan tillar haqida-ku aytmasa ham bo‘ladi. Chunki yangi texnologiyalarning rivojlanishi tufayli ayrim xalqlar o‘z tillaridan ko‘ra zamonaviy tillardan foydalanishga majbur bo‘lmoqda. Bugun Internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, avvallari ham tillar paydo bo‘lgan, muammolada bo‘lib, ma'lum vaqtdan so‘ng yo‘q bo‘lib ketgan. Lekin hozirgidek tillarning jadallik bilan yo‘qolishi tarixda kuzatilmagan. Yo‘qolib ketish havfida bo‘lgan tillarning saqlab qolish yo‘lida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning asosiy maqsadi ham madaniyatlar va tillar xilma-xilligini ta'minlashdan iboratdir. Chunki aynan til tufayli xalq va elatlarning madaniyati, urf-odatlari saqlanib qoladi, sayyoramizda yashayotgan xalqlarning o‘tmishi va madaniyati hurmat qilinadi. Tilshunoslar yo‘qolib ketish arafasida turgan tillarni saqlab qolishning imkoniyatlari hozircha qo‘ldan boy berilmaganini aytishadi. Tillarni saqlab qolish uchun esa, BMT ekspertlarining fikricha, bu tillardan ta'lim tizimida keng foydalanishni yo‘lga qo‘yish kerak.
Til – millatning ma'naviy boyligidir. Til nafaqat muammola vositasi – balki xalqning madaniyati, urf-odati, uning turmush tarzi, tarixidir. Turli xalqlarning tillariga xurmat esa o‘z navbatida o‘zaro tushunishni, muloqotlarga imkoniyat yaratadi. Tillarni saqlanib qolishi uchun esa bu tillarni qo‘llab-quvvatlash zarurdir. Aynan til tufayli insoniyat u yoki bu xalqqa mansubligidan faxrlanib yashaydi. Barcha tillarni tan olish va xurmat qilish tinchlikning birdan bir kafolatidir. Shu sababli ham xar bir xalq o‘z tili saqlanib qolishi uchun harakat qiladi.
Lingvist olimlarning fikricha, yana 25 yildan so‘ng xozir muamolada bo‘lgan tillarning o‘ntasidan bittasi saqlanib qolar ekan.
Bugungi kunda dunyoda 6809 ta til mavjud bo‘lib, ularning teng yarmi sakkizta davlat – Meksika, Indoneziya, Kamerun, Braziliya, Hindiston, Xitoy, AQSh va Rossiya xissasiga to‘g‘ri keladi. Eng ko‘p tilli mamlakat sifatida Hindiston tan olinadi. Bu mamlakatda axoli 845 til va laxjada so‘zlashadi. Ikkinchi o‘rinda esa 600ta til va shevada so‘zlashuvchi Papua — Yangi Gvineya turadi. Sayyoramizda eng ko‘p aholi so‘zlashadigan til sifatida xitoy, ingliz va ispan tillari tan olingan. Birinchi o‘nlikka hindi, bengal, arab, portugal, nemets, rus va yapon tillari ham kiritilgan. Jaxon tillarining atigi 4 foizi Yevropa qitasiga to‘g‘ri kelsa-da, eng ko‘p so‘zlashuvchi tillarning teng yarmi “ko‘hna qita”da ekani ma'lum bo‘ldi. 341 million kishi ingliz tilini ona tili sifatida tan oladi, biroq yana 350 million kishi bu tilni ikkinchi ona tili sifatida ko‘rishini ma'lum qilgan. Taxlilchilar xitoy va ingliz tillari foydalanish bo‘yicha o‘z mavqeini oshirib borayotganini aytishadi. Vaziyatni o‘rganayotgan kuzatuvchilarning fikricha, foydalanuvchilar soni bo‘yicha ayni damda ingliz tili yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, XXI asr o‘rtalariga borib, xitoy tili asosiy til bo‘lib olishi mumkin.
Mavjud tillarining 90% ning har biridan 100.000 aholi foydalanadi. Mana shuning o‘ziyoq bu tillarning kelajagi qorong‘uligidan dalolat beradi. Bugungi kunda 357 tilda atigi 50 nafar kishi so‘zlashar ekan. 46 tildan esa atigi bir kishining foydalanishi aytiladi. Ularning o‘limi bilan bu tillar ham yo‘qoladi. Olimlarning fikricha, til yashab qolishi uchun undan kamida bir millon kishi so‘zlashishi kerak ekan. Biroq bunday tillar dunyoda atigi 250 tadir. O‘zbek tili ham mana shu 250taning ichida ekani quvonarli, albatta.
YuNeSKO tomonidan nashr qilinadigan «Yo‘qolib ketish xavfi arafasida turgan jahon tillari atlasi»da Yevropadagi 50ta, Tinch okeani mintaqasida esa 200ta til yo‘qolib ketish arafasida ekani ta'kidlanadi. Afrikadagi 1400ta tildan 600tasi kelajakda, 250tasi esa yaqin orada butunlay yo‘qolishi xaqida bong urilmoqda.
AQSh hududlariga yevrropaliklar qadam qo‘yganlarida bu mintaqada minglab tillar mavjud edi. Ayni damda shimoliy Amerika hindularning kamida 150ta tili saqlanib qolgan. Leyptsig universiteti xodimi Baltazar Bikelyaning so‘zlariga qaraganda, Kavkazda atigi 3-4 kishi so‘zlashuvchi tillar bor.
YuNeSKO xomiyligida Leyptsigda bo‘lib o‘tgan lingvistlarning xalqaro anjumanida kam sonli xalqlarning tillari yo‘qolib ketishiga globalizatsiya aybdor ekani aytildi. Biroq ayrim taxlilchilar, tillarning yo‘qolishiga globalizatsiyadan tashqari ayrim xukumatlar olib borayotgan siyosat xam aybdor ekanini eslatib o‘tishdi. Bu kabi vaziyat asosan Afrika mamlakatlarida uchramoqda.
Olimlar insoniyat tarixida 9000 mingdan ortiq til yo‘q bo‘lib ketganini aytishadi. Nafaqat bosib olingan xududlardagi xalqlarning tillari, balki fotihlarning tillari xam yo‘qolib ketgani tarixdan ma'lum. Bu borada qadimgi yunon, oromiy, lotin, sanskrit, vediy, assuriy, qadimgi fors tillarini misol sifatida keltirish mumkin. YuNeSKO mutaxassislari o‘lib va yo‘qolib borayotgan tillarni qutqarib qolish mumkinligini aytishadi. Misol tariqasida o‘tgan asrning 80 yillarida atigi 8 kishi so‘zlashgan Yaponiyaning Xokkaydo orolidagi ayn tilini keltirish mumkin. Bugungi kunda tiklangan bu tilda bir necha ming kishi gaplashmoqda. Ikki ming yil davomida o‘lik til xisoblanib kelingan ivrit tili xam qayta iste'molga kiritildi. Bugungi kunda ivrit tilida 9 million kishi suxbatlashadi.
Qadimda xalqlar o‘z turar joylaridan majburan ko‘chirilganlari bois ular boshqa mintaqalarda so‘zlashuvchi xalqlar bilan qorishib ketib, ularni tillarini o‘zlashtirishga majbur bo‘lgan. Lotin Amerikasidagi ayrim xalqlar esa alkogol va giyoxvand moddalar iste'moli tufayli yo‘q bo‘lib ketgan. Endilikda esa kichik bir xalq yoshlarining kelajagi porloq sifatida ko‘riladigan ikkinchi xalq tilidan foydalanishga urinayotgani bois tillar yo‘qolmoqda.
Qachonki bolalar o‘z ona tillarida o‘qishni to‘htatar ekan, o‘sha til yo‘qolib ketish arafasiga kelib qoladi. Tillarni saqlab qolish bu o‘sha xalqning madaniyati, urf-odati, rasm-rusumlarining saqlanib qolinishini anglatadi. Chunki, xalq taqdiri til taqdiri bilan bevosita bog‘liq. Til har bir millat madaniyatining o‘zagidir. Shu sababli ham tilning saqlanishi xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, ananalarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e'tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo‘shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak.
Shu o’rinda Prezident Shavkat Mirziyoyevning oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining oʻttiz yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi nutqini keltirib o’taman.
Qadrli
vatandoshlar! Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek
tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz
timsoli, bebaho maʼnaviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim oʻzbek tilining bor latofatini, jozibasi va taʼsir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi boʻlsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, oʻlmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qoʻshiqlariga quloq tutsin. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari va gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliqdir. Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga oʻz soʻzini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalarini, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdonalar yaratganlar. Oʻtmishda oʻlkamizni bosib olgan turli yovuz kuchlar bizni avvalo oʻz tilimizdan, tariximiz va madaniyatimizdan, dinu diyonatimizdan judo qilishga qayta-qayta urindilar. Ular el-yurtimiz boshiga qanday azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar solgani tarixdan yaxshi maʼlum.
Ammo jasur va matonatli xalqimiz har qanday ogʻir sinovlarda ham oʻz ozodligi va istiqloli uchun mardona kurashdi. Bu yoʻlda behisob qurbonlar berdi. Har qanday zulm va zoʻravonliklarga qaramasdan, oʻz ona tilini – milliy gʻururini saqlab qoldi. Nafaqat saqlab qoldi, balki uni har tomonlama rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi. Bu borada maʼnaviy jasorat va fidoyilik koʻrsatgan buyuk arboblarimiz, adib va olimlarimiz, ulamolarimiz, ulugʻ sanʼatkorlarimizning xotirasini bugun hurmat va ehtirom bilan yod etamiz.
Ushbu qutlugʻ ayyomni bayram qilar ekanmiz, avvalo, 1989-yil 21-oktyabr sanasini – “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunni eslashimiz oʻrinlidir. Yurtimizda mustabid tuzum hali oʻz hukmini oʻtkazib turgan gʻoyat ogʻir sharoitda xalqimizning taqdiri va kelajagini hal qiladigan bu qonunni qabul qilish biz uchun oson kechmagan edi. Qonun loyihasi ikki marta umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan edi. Uning atrofida qanday qizgʻin bahs va tortishuvlar boʻlib oʻtganini, oʻylaymanki, koʻpchilik yurtdoshlarimiz juda yaxshi eslaydi. Shaxsan men ham oʻshanda bu tarixiy jarayonlarning bevosita guvohi va ishtirokchisi boʻlganman. Bu muhim hujjatning qabul qilinishida fidoyi va vatanparvar ziyolilarimiz, keng jamoatchilikning qatʼiy shijoati hamda Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdugʻaniyevich Karimovning siyosiy irodasi katta oʻrin tutdi.
Oʻzbek tili davlat tili sifatida xalqimizni birlashtiradigan, jamiyatimizni ulugʻ maqsadlar sari safarbar etadigan qudratli kuch boʻlib maydonga chiqdi. Ayni vaqtda u Oʻzbekistonning davlat mustaqilligi sari qoʻyilgan birinchi dadil qadam edi. Bu qonun xalqimizning oʻz taqdirini oʻzi belgilash yoʻlidagi azmu qarorining yorqin namoyoni boʻldi. Oradan ikki yil oʻtib, Oʻzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi aynan ona tilimizda jahonga eʼlon qilindi. Mamlakatimizning Asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning oʻzbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada yuksaltirdi. Yurtimiz boʻylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yangrayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuygʻusini joʻsh urdiradi. Oʻzbek tili oʻtgan yillar davomida mamlakatimizdagi yuzdan ortiq millat va elat vakillarini oʻzaro bogʻlaydigan mehr-oqibat tiliga aylandi.
Bundan besh asr muqaddam hazrat Alisher Navoiy:
“Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam”, deb yozgan edi. Yaʼni, ul zot ona tili bayrogʻini baland koʻtarib, butun el-ulusni, yurtlarni shu bayroq ostida birlashtirdim, deb iftixor qilgan. Barchamizga yaxshi ayonki, ona tili – millat maʼnaviyatining mustahkam poydevoridir. Ulugʻ maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy taʼkidlaganidek, har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadigan oyinai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir.
Shu maʼnoda dunyo hamjamiyatidan munosib oʻrin egallashni maqsad qilib qoʻygan har qaysi davlat avvalo oʻz xalqining milliy tili va madaniyatini asrab-avaylashga, rivojlantirishga intiladi. Mustaqillik yillarida ona tilimizni tom maʼnoda davlat tiliga aylantirish yoʻlida katta chora-tadbirlar amalga oshirildi. Shu oʻrinda bir fikrga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi kunda Yer yuzida 7 mingdan ziyod til mavjud boʻlsa, ularning faqat 200 ga yaqini davlat tili yoki rasmiy til maqomiga ega. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, oʻzbek tiliga davlat tili maqomini huquqiy jihatdan muhrlab bergan mazkur qonunning xalqimiz hayotidagi oʻrni va ahamiyati beqiyosdir.
Bu tarixiy voqeadan soʻng lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish haqida yana bir muhim qonun qabul qilindi. Hozirgi kunda oʻzbek tili davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda faol qoʻllanmoqda, xalqaro minbarlardan baralla yangramoqda. Davlatimiz tomonidan maʼnaviy hayotimizni yanada rivojlantirish, jumladan, taʼlim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha qabul qilingan oʻnlab farmon va qarorlar oʻzbek tili ravnaqiga bevosita xizmat qilmoqda. Bu haqda gapirganda, keyingi yillarda ona tilimizda faoliyat yuritadigan yuzlab bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv yurtlari, yangi gazeta va jurnallar, teleradio kanallar, nashriyotlar, madaniy-maʼrifiy muassasalar, kutubxonalar tashkil etilayotganini qayd etish lozim.
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda folklorshunoslik, dialektologiya, turkologiya, matnshunoslik kabi yoʻnalishlar ochildi. Bu borada yangi oʻquv dasturlari yaratilayotgani, darslik va qoʻllanmalar, risola va monografiyalar nashr etilayotgani, ilmiy anjumanlar, ommaviy axborot vositalarida oʻzbek tilining buguni va istiqboli haqida amaliy taklif va tashabbuslar bildirilayotgani gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Xabaringiz bor, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bogʻ hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinmoqda. Bu goʻzal maskanda barpo etilayotgan yodgorlik majmualari adabiyotimizning buyuk namoyandalari, oʻzbek tilining chinakam jonkuyarlari xotirasiga bagʻishlangani ayniqsa eʼtiborlidir. Ona tilimiz va milliy adabiyotimizni ulugʻlash, uning boy xazinasi, tarovati va nafosatini yosh avlodimizga yetkazish maqsadida yurtimizda atoqli shoir va adiblarimiz nomlaridagi ijod maktablarini tashkil etdik. Muhammad Rizo Ogahiy, Isʼhoqxon Ibrat, Abdulla Qodiriy, Hamid Olimjon va Zulfiya, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibroyim Yusupov, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktablarida eng avvalo oʻzbek tili va adabiyotini, badiiy ijod sirlarini chuqur oʻrganish uchun barcha sharoit yaratilmoqda.
Hozirgi vaqtda oʻzbek tilida soʻzlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi. Bu ona tilimizning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda xalqaro maydonda obroʻ-eʼtibori tobora yuksalib borayotgan Oʻzbekistonimizni dunyoga tarannum etishda ona tilimiz ham katta hissa qoʻshmoqda.
Oʻzbek tili Amerika Qoʻshma Shtatlari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Shvetsiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Turkiya, Afgʻoniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozogʻiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston kabi davlatlarning 60 ga yaqin universiteti va 100 dan ziyod maktabida oʻrganilmoqda. Oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borayotgan chet ellik olim va tadqiqotchilar soni yil sayin koʻpaymoqda.
Shu borada mamlakatimizning xorijdagi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari qoshida “Oʻzbek tilining doʻstlari” klublari tashkil etilayotganini biz har tomonlama qoʻllab-quvvatlaymiz. Fursatdan foydalanib, bugungi quvonchimizga sherik boʻlayotgan chet davlatlarning muhtaram elchilariga, xalqaro tashkilotlar vakillariga ularning yurtlarida oʻzbek tiliga koʻrsatilayotgan hurmat va eʼtibor uchun tashakkur izhor etaman. Ayniqsa, Oʻzbekistondagi xizmat faoliyati davomida oʻzbek tilini oʻrganib, faol muloqot qilayotgan xorijiy diplomatlarga alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman.
Sizlarga yaxshi maʼlum, yaqinda Oʻzbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo boʻldi. Bu, oʻz navbatida, nafaqat oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga, balki turkiy tillar, jumladan, oʻzbek tilining xalqaro maqomini yuksaltirishga xizmat qiladi. Kengash sammitida bildirgan tashabbuslarimiz, xususan, qardosh xalqlar adabiyotining eng sara namunalari mujassam boʻlgan yuz jildlik “Turkiy adabiyot xazinasi” kitoblar turkumini aʼzo davlatlarning ona tillarida nashr etish taklifimiz ijobiy qabul qilindi.
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida bugun mamlakatimizda yana bir muhim qadam qoʻydik. Men bugun “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdim. Unga binoan “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy oʻrni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21-oktyabr sanasi yurtimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Oʻylaymanki, oʻzbek tili bayramining mamlakatimiz va xalqaro miqyosda keng nishonlanishi xalqimizning milliy ruhi va gʻururini yuksaltirish bilan birga, davlat tilini hayotimizda toʻlaqonli joriy etishga xizmat qiladi. Ushbu farmonda ona tilimizning kelgusi taraqqiyotiga oid koʻplab masalalar qatorida Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma tashkil etilganini ham sizlarga maʼlum qilmoqchiman. Bu tuzilma davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi.
Ona tilimiz – milliy maʼnaviyatimizning bitmas-tuganmas bulogʻidir. Shunday ekan, unga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatish barchamizning nafaqat vazifamiz, balki muqaddas insoniy burchimizdir. Davlat tiliga boʻlgan doimiy eʼtibor va gʻamxoʻrlik mamlakatimizda bundan buyon ham izchil davom ettiriladi. Maʼlumki, Vatanimiz necha yuz yillar mobaynida buyuk sivilizatsiya va madaniyat markazlaridan biri boʻlgan. Qadimdan diyorimizda xalqimiz bilan birga turli millat vakillari yelkadosh, ahil va hamjihat boʻlib, tinch va osoyishta muhitda yashab keladilar. Oʻz tilini hurmat qilgan maʼrifatli el boshqalarning ona tiliga ham chuqur hurmat bilan qaraydi.
Dono xalqimiz “Til bilgan – el biladi” deydi. Bu borada buyuk bobolarimiz ibrat va namuna koʻrsatganlar. Xususan, Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Imom Buxoriy, Ahmad Fargʻoniy, Mahmud Zamaxshariy, Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimiz oʻnlab tillarni puxta bilganlari uchun ham jahon ilm-fanining yuksak choʻqqilarini zabt etganlar. Men bugun aziz bolalarimizga murojaat qilib, ulugʻ alloma, XX asr boshida olti tilli – oʻzbek, arab, fors, hind, turk va rus tillarida lugʻat tuzgan Isʼhoqxon Ibratning mana bu hikmatli soʻzlarini eslatmoqchiman: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.
Oʻylaymanki, bu soʻzlarga ortiqcha izohning hojati yoʻq. Ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirish boʻyicha oldimizda oʻta muhim va dolzarb vazifalar turibdi. Avvalo, bundan oʻttiz yil muqaddam qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni bugungi kun talablari nuqtayi nazaridan har tomonlama chuqur tahlil qilib, takomillashtirish zarurati sezilmoqda. Yana bir muhim vazifa fundamental tadqiqotlar, zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat, bank-moliya tizimi, yurisprudensiya, diplomatiya, harbiy ish, tibbiyot va boshqa tarmoqlarda davlat tilini toʻlaqonli qoʻllash bilan bogʻliq.
Shuningdek, oʻzbek tilining oʻziga xos xususiyatlari, shevalari, tarixiy taraqqiyoti, uning istiqboli bilan bogʻliq ilmiy tadqiqotlar samarasini oshirish, kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilashga erishmogʻimiz zarur. Bu ishlar uchun moliyaviy resurslar va mablagʻlarni aslo ayamasligimiz kerak. Oʻzining bebaho asarlari bilan ona tilimizning qadrini va qaddini tiklagan buyuk mutafakkir ajdodimiz Alisher Navoiy hayoti va ijodining mukammal ensiklopediyasini yaratish ham oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biridir.
Davlat tili masalasi milliy gʻoyamizning asosiy tamoyillaridan biri boʻlishi zarur. Yosh avlod qalbiga ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida taʼlimning barcha bosqichlarida oʻzbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz oʻzbek tilida ravon oʻqiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar boʻlib yetishsin. Biz xalqimizning taqdiri, ertangi kuni haqida oʻylar ekanmiz, eng avvalo, millatimizning asl fazilatlarini, goʻzal urf-odatlarimiz, betakror sanʼatimiz va adabiyotimizni, ona tilimizni koʻz qorachigʻiday saqlashimiz zarur.
Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga boʻlgan eʼtiborni mustaqillikka boʻlgan eʼtibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim. Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Muhtaram vatandoshlar!
Sizlarni va butun xalqimizni oʻzbek tili bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman. Oʻzbek tili – ona tilimizning nufuzi, obroʻ-eʼtibori yanada ziyoda boʻlsin!
Shunday bebaho boylik sohibi boʻlgan, uni hamisha asrab-avaylab kelayotgan aziz xalqimiz omon boʻlsin!
Foydalangan adabiyotlar ro’yhati:
1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005)
2. O’zbek xalq bayramlari. "Sharq”. T.2002
3. Xalq so’zi», 2001 yil, 25 oktyabr
4. https://uz.wikipedia.org/wiki/O’zbek_tili
5. https://alifbo.tech.blog
6. http://uza.uz/uz/politics/prezident-shavkat-mirziyoyevning-o-zbek-tiliga-davlat-tili-m-21-10-2019
Скачано с www.znanio.ru
[1] https://kun.uz/uz/35715601
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.