O’rta asrlarda jismoniy tarbiya va sport (V – XVII asrlar)

  • doc
  • 18.09.2022
Публикация на сайте для учителей

Публикация педагогических разработок

Бесплатное участие. Свидетельство автора сразу.
Мгновенные 10 документов в портфолио.

Иконка файла материала Ma'ruza 2.doc

2- mavzu. O’rta asrlarda jismoniy tarbiya va sport

(V – XVII asrlar)

 

O’rta asrlarda chet el mamlakatlarida jismoniy tarbiyaning rivojlanish xususiyatlari (V–XVII asrlar). Yevropa davlatlarida feodallar, dehqonlar va shaharliklarning jismoniy tarbiyasi. Ritsarlarni tarbiyalash tizimi. Gumanistlarning jismoniy tarbiya to’g’risidagi fikrlari. Osiyo, Amerika va Afrika mamlakatlarida o’rta asrlarda jismoniy tarbiya.

O’rta asr davri V-XVII asrlarga to’g’ri keladi. Bu davrda feodal tuzumi G'arbiy va Sharqiy Yevropa, Osiyo hamda Shimoliy Afrikada vujudga kelib,  rivojlanib borgan. Markaziy Amerika, Avstraliya qit’alari, Osiyoning shimoliy viloyatlarida esa bu davrda ibtidoiy jamoa tuzumi yoki ilk quldorchilik tuzumi davom etgan. O’rta asrlar Osiyo, Yevropa mamlakatlari va Afrikaning bir qancha mamlakatlarning asosiy ko’pchiligi feodal ishlab chiqarish usuli hukmronlik qilgan davr edi. G’arbiy hamda Sharqiy Yevropaning, Hindi-Xitoyning ko’pgina davlatlari Arab davlatlari, Turkiya, Yaponiya va boshqa davlatlar vujudga kelgan, Xitoy, Hindiston, Eron, O'rta Osiyo xududlarida ilgari paydo bo'lgan davlatlar ham rivojlandi.

III-IV asrlarda Xitoyda, III-VII asrlarda Hindiston, Old va O’rta Osiyo mamlakatlarida, Shimoliy Afrika va Yevropada feodal munosabatlar vujudga kelgan. Ba’zi bir xalqlar quldorlik tuzumini chetlab, ibtidoiy jamoa tuzumidan feodal munosabatlarga o’tganlar.

O’rta asrlar jamiyatining asosiy tarkibini feodallar va dehqonlar tashkil etgan. Feodalizm davrida yer zodagon feodallarning mulki hisoblangan. Mehnat qurolllari, mollar, xo’jalik imoratlari hukmron feodallarda ham, bevosita ishlab chiqaruvchilar - dehqonlarda ham, hunarmandlarda ham bor edi. Ular o’rtasida butun o’rta asrlar davomida qattiq sinfiy kurash olib borilgan. Bu kurash o'sha davrdagi ijtimoiy taraqqiyotning barcha sohalariga, shu jumladan, feodallar va xalq ommasining jismoniy tarbiyasiga ham hal qiluvchi ta’sir qilgan edi. Cherkov feodal jamiyatining g'oyat reaksion kuchi bolib, xalq ijodiga, fanga qarshi kurash olib borgan. U antik madaniyat qoldiqlarini yo’q qilishga harakat qildan. Cherkov xalqning jismoniy kamolotga, tomoshalarga intilishini majusiylikning, antik diniy urf-odatlarning ko’rinishi deb bilgan. Cherkov oddiy xalqning jismoniy tarbiya, jismoniy mashqlar va harakatli o’yinlar bilan shug’ullanishiga qarshi bo’lgan. Ilk o’rta asr davrida cherkov feodallarning jismoniy tarbiyasiga ham salbiy munosabatda bo’lgan. Biroq salb yurishllari davrida ritsarlarning harbiy-jismoniy tayyorgarligiga bo’lgan o’z munosabatini o’zgartirgan. Bu vaqtlarda cherkov feodal aslzodalarining jismoniy tarbiyasini qoralamadi va hatto bu tarbiyani ruhoniylar hamda monaxlar jamiyatiga olib kirdi. Cherkov xudoga va feodal tartiblarining mustahkamligiga bo’lgan e’tiqodni faqat butlar yordamida emas, balki qilich yordamida ham kiritishni quvvatlagan edi.

Feodallar jismoniy mashqlar bilan shug’ullanib, o'zlarini bosqinchilik urushlariga va dehqonlarning qo’zg’olonlarini bostirishga tayyorlab borganlar. Urush olib borishning yangi usuli va yangi harbiy-jismoniy tarbiya vositalari va usullarida ayrim o’zgarishlar sodir bo’lgan. Ritsarlarning butun tarbiyasi harbiy-jismoniy tayyorgarlikdan iborat edi. Ritsarlik turnirlari o'sha vaqtlarda o’ziga xos ko’ngil ochish vositasi emas, balki shu bilan ayni bir vaqtda, ritsarlarning harbiy-jismoniy jihatdan tayyorgarligini namoyish etuvchi ko’rik, ot, nayza va qilichni ishlatish mahoratiga doir musobaqa edi.

G’arbiy Yevropa shaharlarining aholilari feodal ritsarlardan mustaqil bo'lib olishga harakat qildilar. Ular qo’llariga qurol tutgan holda kurashib, o’z erkinligini olishlari lozim edi. Bu esa ularni shaharlar atrofida devorlar qurishga va handaqlar qazishga, qorovullik xizmatini o’tashga va harbiy jismoniy tayyorgarlik bilan shug’ullanishga majbur qilgan.

Shaharliklar orasida yugurish, sakrash, tosh uloqtirish, og’irlikni bir joydan ikkinchi joyga ko’chirish, qilichbozlik, yoydan o’q otish, kurash va to’p o’ynash kabi jismoniy mashqlar keng tarqalgan. Ular bu mashqlar yuzasidan uyushtiriladigan musobaqalarni bayram kunlari o’tkazgan. Shaharliklar tomonidan qilichbozlik va o’q otish birodarlik uyushmalari tashkil etilgan. Shaharliklar va dehqonlar o’rtasida o’tkaziladigan xalq jismoniy tarbiyasi xalq an’analari asosida amalga oshirilgan.

Dastlabki vaqtlarda bu davlatlarda barcha mehnatkashlar harbiy xizmatni o’tashga majbur bo’lgan erkin yer egalaridan iborat edi. Ular qirol yoki harbiy boshliq chaqirig’i bilan qurollangan holda yetib kelishlari va harbiy yurishlarda qatnashish uchun tayyor bo’lishlari kerak edi. Lekin harbiy ta’lim yaxshi tashkil etilmagan, chunki aholini harbiy va jismoniy jihatdan tayyorlashning uyushgan harbiy ta’lim tizimi shakllanmagan edi. Dehqonlar uchun harbiy jismoniy tarbiya faqat jangovar faoliyat uchungina emas, balki mehnat faoliyati uchun ham zarur bo’lgan. Bu davrda jismoniy tarbiyaning sinfiy xarakteri birinchi navbatda jismoniy tarbiyadan foydalanish maqsadlarida namoyon bo’lgan. Dehqonlar jismoniy tarbiyadan mehnat va jangovar faoliyatga tayyorlash vositalaridan biri sifatida, yuqori martabaga erishgan feodal aslzodalar esa o’z qudratini mustahkamlash vositasi sifatida foydalanganlar. Feodal aslzodalar o’zlarining harbiy jismoniy tarbiya tizimlarini yaratishda xalqning jismoniy mashqlar va o’yinlar sohasidagi ijodidan keng foydalanganlar.

O’rta asrlar davomida madaniyatning tarkibiy qismi sifatida jismoniy tarbiya va sport ham rivojlangan. Bir necha yuz yillar davomida katolik dini aqliy va jismoniy tarbiyaga salbiy ta’sir o’tkazib kelgan. Xristian dini ta’lim va tarbiya sohasida o’zining hukmronligini ustun qo’yib, bunda faqat ruhiyat va oxirat haqida ta’limot xalq ongiga singdirilgan. Dinning ta’siri natijasida maktablar va universitetlarda jismoniy tarbiyaga e’tibor berilmagan.

Ritsarlik tarbiya tizimi. Cherkov feodal tuzumiga yordam berish maqsadida ritsarlik katolisizmini keng tarqatgan. Salb yurishlaridagi ritsarlik faoliyatlarida jismoniy tayyorgarlikka ehtiyoj sezilib, ularni tayyorlashga e’tibor kuchaytirilgan hamda ritsarlik jismoniy tarbiya tizimi tashkil etilgan.

Ritsarlarni tarbiyalashda otda yurish, qilichbozlik, ov qilish, suzish, kamondan o’q otish, shaxmat o’yini, she’r aytish kabilardan foydalanilgan. Bo'lajak ritsarlar 7 yoshdan 14 yoshgacha obro’li feodal ayollar tarbiyasini olgan. Bolalar orasidan tanlab olingan 14 yoshga to’lganlar qurollarni ishlatish bo’yicha tayyorlangan. 21 yoshda esa ular bevosita ritsarlikka jalb qilingan. Ular har qanday xizmatni bajarishga tayyor bo'lishi uchun kuch va chidamlilikka erishish yo'lida jis­moniy mashqlar bilan shug'ullanganlar. Bunda o’yinlar va sport muhim o’rin tutgan. O’yinlar, harakatlar harbiy xususiyatga ega bo’lgan sport o’yinlari ichida fransuzcha «je de pom», inglizcha «sul», gollandcha «golf» o’yinlari ko’proq qo’llanilgan.

Harbiy tayyorgarlik mashqlarida shahar devorlariga hujum, qasr va qo’rg’onlarni o'rab olib, qamal qilish udumga kirgan. Buning uchun sun’iy joylar tayyorlangan. Sport turlari orasida qilichbozlik, otda yurish, kurash, nayza uloqtirish, bosqon irg'itish, uzunlikka sakrash, kamondan o’q otish, suzish kabi mashg'ulotlarga keng o’rin berilgan. Qilichbozlikni o’rgatishda shu sohadagi mutaxassis o’qituvchilar - feyxmestrlar taklif etilgan. Ritsarlarning ko’ngil ochish mashqlari asosan ov qilish, ya’ni burgut, lochin yoki it bilan o’ljani tutish, otda va piyoda yurib ov qilishdan iborat edi.

Ritsarlaring harbiy-jismoniy tayyorgarligini sinovdan o’tkazish uchun ritsarlar turnirini o’tkazishgan. Turnirlar ommaviy tusda va yakkama-yakka bellashuvlar ko’rinishida o’tkazilgan. Turnirlarni tashkil qi­lish, asosan, jangdagi g’alaba, ritsarning uylanishi, oilada o’g’il tug’ilishi, yirik feodalning tug’ilgan kuni va boshqa sabablar bilan bog’liq bo’lgan. Yakka bellashuvda ritsarlar «qirolga hayot, ayolga qalb baxsh etish va o'ziga shon-shuhrat keltirish» uchun qasamyod qilganlar.

 

5-rasm. Olimpiyada o’yinlarining ramziy tangalari

 

Turnirlarning o’tkazilishi ko’proq XIII asrga to’g’ri keladi va bunday turnirlar Germaniya, Angliya, Fransiya, Ispaniyada ko’proq tashkil etilgan. So’nggi turnirlar XV asr oxirlarida Germaniyada, XVI asr boshlarida Fransiyada o’tkazilgan. Bu davrda feodal munosabatlar keskin o’zgarib, ritsarlik tizimi susayib borgan. Ritsarlik tizimi barham topishining sabablaridan biri porox va o’q otar qurollarning kashf etilishi tufayli jismoniy tarbiyaga ehtiyoj kamayishida bo’lgan.

Feodallarni harbiy-jismoniy tarbiyalash manfaatparastlik maqsadi - tashqi bosqinchilik urushlari uchun, mamlakat ichidagi dehqonlar va hunarmandlarning ozodlik harakatlarini bostirish uchun jismoniy jihatdan kuchli harbiy ritsarlarni tayyorlashdan iborat bo’lgan. Bo’lajak ritsarlarni harbiy-jismoniy tarbiyalash ularning juda yoshlik chog’laridanoq, odatda, yirik feodallarning saroylarida boshlanar edi. Syuzerenlar qal’alari yosh ritsarlarning maktabi edi. Bu maktab tarbiyasi, garchi ma’lum darajada tartib va qoidalarga solingan bo’lsada, xususiy oilaviy xarakterda edi. Feodallar ritsarlikka bag’ishlangan tarbiyaning ikki majburiy bosqichini va bir ixtiyoriy bosqichini - oliy bosqichini o’tar edilar (5-rasm).

Ritsarlar tayyorlash tizimining dastlabki bosqichida oddiy feodalar o’zlarining 7 yoshlik o’g’illarini senyor (boy feodal) qal’asiga yuborganlar. Qal’ada bu bolalar paj xizmatini o’taganlar va bunda zodagon ayollarning tarbyasida bo’lganlar. Bu davrda ular kuchli va epchil bo’lish uchun maxsus o’qituvchilar yordamida kamalak otish, tosh va nayza uloqtirish, sakrash, yugurish, suzish va otda yurish kabi mashqlar o’rgatilgan. Ularga ov qilish, harbiy-jismoniy mashqlarni bajarish va ritsarlik odob qoidalari o’rgatilgan.

Pajlik yoshida hosil qilingan malaka va ko’nikmalar navbatdagi bosqichda, 14 yoshga yetgan pajlar qurolbardorlikka o’tkazilgan. Ritsarlar tayyorlash tizimining ikkinchi bosqichida qurolbardorlar mahsus o’qituvchilar rahbarligida asov otlarni minish, og’ir temir qalqonlar kiygan holda va ularsiz uzoq masofalarga chopish, xandaqlardan va devorlardan sakrab o’tish, qal’a devorlariga narvon bilan va narvonsiz chiqish, qurol bilan va qurolsiz suvda suzish, ov qilish, shaxmat o’ynash o’rgatilgan. Qurolbardorlikning oxirgi yillarida yoshlar qilichbozlik, nayza uloqtirish hamda to’la asbob-aslahalari bilan otda yurishni mashq qilganlar. Qurolbardorlarning umumiy jismoniy va harbiy tayyorgarligi mukammal darajaga etgandan keyin, ularga 21 yoshga kirganlarida ritsarlik unvoni berilgan.

Ritsarlik tayyorgarligi - jismoniy kamolotning uchinchi bosqichi - faqat yirik senyorlar uchun mo’ljallangan edi. Bu bosqichda guruh ta’limi emas, balki individual ta’lim ustun turar edi. Qal’alarga professional o’qituvchilar, qilichbozlik ustalari, eng mashhur kurashchilar va mutaxassislar taklif etilgan. Bunday tarbiya tizimi natijasida ritsarlar jismoniy jihatdan kuchli, epchil va matonatli kishilar bo’lib, ular harbiy harakatlarning asosiy usullaridan xabardor bo’lganlar. Dag’al jismoniy kuch ularning iftixori hisoblangan. Ular o’zlarining doirasida ritsarlik odob-qoidalari degan axloqqa amal qilganlar. Ritsarlarning ko’pchiligi uchun jismoniy mashq mashg’ulotlari ko’ngil ochish vositasiga aylangan yoki turnirda ishtirok etish vositasi sifatida xizmat qilgan.

Ritsarlarning turnirlari ritsarlar harbiy sport musobaqalarining o’ziga xos shaklidan iborat edi. Ularda feodal aslzodalar harbiy-jismoniy tayyorgarligining yakuniy natijalari namoyish qilingan. Turnirlar ilk o’rta asr davrida vujudga kelgan. Ular Fransiya, Germaniya, Angliya, Chexiya, Polsha va Ispaniyada salb yurishlari davrida ayniqsa ravnaq topgan. Turnirlar o’z taraqqiyotida ikki bosqichni bosib o’tgan: birinchi bosqich - harbiy o’yinlar bo’lib, bunda turnirlar namunali ommaviy xarakterga ega bo’lgan va “buxurdlar” deb atalgan; ikkinchi bosqich ritsarlarning yakka olishuvi bo’lib, “jut” yoki “t’ost” deb atalgan.  

Ommaviy turnirlar “buxurdlar” keng katta maydonlarda o’tkazilgan va biror harbiy harakat manzarasini eslatgan. Keyinchalik ommaviy turnirlar cheklangan maydonda, ma’lum vaqt, qoida va tartibga asoslanib o’tkazilgan. So’ng ommaviy turnirlar jut yoki t’ost turnirlari shaklini olgan.

T’ost turnirlari XI asrda yakkama-yakka olishuvning ancha aniq shakli sifatida paydo bolgan. XIII asrda ular turnirning asosiy qismiga kiritilgan va ritsarlar doirasida juda keng tarqalgan. Poyga va nayza bilan harakat qilish jut yoki t'ostda – og’ir aslaxa bilan qurollangan ritsarlarning yakkama-yakka olishuvida asosiy mashqlardan edi. Belgilangan qoidaga muvofiq, chopib kelayotgan otning ustida turib, nayza zarbi bilan raqibini egar ustidan uchirib yuborish lozim edi. Turnirlar maxsus maydonlarda - poyga va boshqa musobaqalar maydonlarida o’tkazilgan. Dastlabki turnirlar vaqtida qal’a va shaharlar yaqinidagi atrofi o’ralmagan joylar ana shunday maydonlar vazifasini o’tagan. XI asrdan boshlab maxsus maydonlarning hajmi ma’lum bir tartibga solingan. XIV asrda turnir ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlash maqsadida maydonlar to’siqlar bilan to’sib qo’yiladigan; raqiblar ana shu to’siqlar bo’ylab bir-birlariga qarshi harakat qilganlar. Shunday yakkama-yakka olishuvlardagi jang san’ati uchi to’mtoq nayza bilan kuchli va aniq zarba berishdan iborat bo’lgan.

Qurollangan ikki guruhning olishuvidan iborat bo’lgan ommaviy turnirlar ancha jiddiy ahamiyatga ega edi. Otryadlar maydon chekkasidagi arqon bilan to'sib qo’yilgan joyda saf tortib tizilishar edi. Signalga muvofiq, arqon uzib tashlanar va guruhlar bir-biriga qarshi hujumga o’tar edilar. O’z shlemini yo’qotgan va otdan urib tushirilgan ritsarlar safdan chiqarilgan. Eng kam zarar ko’rgan guruh turnirda g’olib chiqqan. Turnirda alohida ajralgan ishtirokchilar xonimlar qolidan qimmatbaho mukofot va sovg’a olganlar.

XIV asrdan boshlab o’q otadigan qurol paydo bo’lishi bilan otliq ritsarlar va ritsarlik turnirlari tanazulga uchragan. Turnirlar feodal zodagonlar uchun tomoshalarga aylanib, kambag’allashgan kichik ritsarlar turnirlardan boyish va talash manbai sifatida foydalanganlar. O’yin va tamoshalar feodallarning, ayniqsa, ularning bolalarining harbiy-jismoniy tarbiyasida katta o’rin tutgan. O’g’il bolalar va yigitlar ixtiyorida yog’och otlar, arg’imchoqlar, shag’al toshlar bo’lgan. Bolalar va yigitlar uchun o’yinchoq qal’alar qurilgan va ularga hujum qilib, bosib olishni mashq qilganlar. Musabaqa o’yinlari feodallarning tarbiyasida katta ahamiyatga ega edi. Musobaqa o’yinlarini ikki guruhga: harbiy va sport guruhlariga ajratish mumkin.  

Feodallarning eng sevimli sport o’yini kichik koptok - hozirgi tennis koptogiga o’xshash koptok o’yini edi. Fransiyada bu o'yin «je de pom» deb atalgan. Bu o’yin uchun maxsus to’r, koptoklar, raketkalar tayyorlanib, maxsus bino «o’yin uyi» qurilgan. Katta to’p «sul» o’yini - futbol o’yinini eslatuvchi o’yin edi. Bu o’yin asosan xalq o’yini edi. Lekin qirol va uning atrofidagi aslzodalar undan hazar qilmas edilar.

Ritsarlik tarbiya tizimining barham topishi. Poroxning va o’q otadigan qurolning paydo bo’lishi qurolli kuchlar tarkibining tubdan o’zgarishiga olib kelgan. Piyoda askarlar va artilleriya og’ir qurollar bilan qurollangan otliq askarlarni siqib chiqardi va ritsarlarning harbiy jismoniy tayyorgarlik tizimining hammasini foydasiz qilib qo’ygan edi.

Lekin ritsarlar o’zlarini imtiyozli hisoblagan, ularning obro’yini saqlab turgan va boshqa sinflardan ajratib turgan narsalardan darhol voz kechmagan. Butun XV asr davomida hali turnirlar o’tkazib turildi, lekin endi kishilarning e’tibori turnir ishtirokchilarining mahorati va harbiy ta’limiga emas, balki kiyimlarining yaltirashiga hamda qurollarining chiroyligiga qaratilgan edi. 1487 yilda so’nggi umumgerman turniri, 1512 yili esa oxirgi mahalliy turnirlar bo’lib o’tgan. Jangchi ritsarni tarbiyalashning qattiq tizimi asta-sekin unutib borildi. Ritsarlik tarbiya tizimi o'rnida jentlmenlar tayyorlash tizimi vujudga kelgan.

Ritsarlik qal’alaridan shaharlarning iqtisodiy jihatdan ustunligi holida qimmatbaho o’q otuvchi qurollar zodagonlarning va unga tayanadigan qirol hokimiyatining mulki bo’lib qoldi. Zodagonlar boyligining o’sib borishi ularga yo’llanma qo’shinlar - landsknextlar saqlashga imkon berdi. Bular nayza, qilich va o’q otuvchi aslaha bilan qurollangan professional jangchilarning guruhlari edi. Landsknextlar o’q otadigan qurolni ishlatish usullarini egallash bilan bir qatorda boshqa qurolni ishlatish usulini ham o’rganganlar. Ular qurolsiz kurashish, suvda suzishni o’rganib, o’zlarida chidamlilik xususiyatlarini tarbiyalaganlar.

Landsknextlar qimmatga tushar edi, ular intizomsiz, jangda unchalik ishonchli emas, tinchlik davrlarida esa davlat uchun xavfli kishilar edi. Bu hol asta-sekin doimiy armiyaga o’tishga sabab bo’ldi: bu armiyaning oddiy ommasi shahar kambag’allari va yersiz dehqonlardan tarkib topgan.

Armiyaga olinganlarning hammasiga ta’lim berish ishiga qattiqqo’llik munosabatida bo’linar edi. Safda yurish tayyorgarligi va bir xil standart harakat va usullarni sinchiklab o’rganib borish jangchilarning individual xususiyatlarini yo’q qilar edi. Komandirlar tarkibi maxsus tashkil etilgan harbiy maktablarda ta’lim olar edi. Bu maktablarda otda yurish, qilichbozlik, pistoletdan o’q otish, suzish, ov qilish, raqs tushish, soldatlarni qo’pol mashq qildirish bilan shug’ullanar edilar.

Dehqonlarning jismoniy tarbiyasi. G’arbiy Yevropa davlatlarida ozod dehqonlarning qullikka solinishi, ularni ekspluatatsiya qilishning kuchayishi va ularni harbiy ishda qatnashishdan chetlashtirilishi xalq ommasi jismoniy tarbiyasiga g’oyat darajada salbiy ta’sir ko'rsatgan. Dehqonlarda ishdan bo’sh vaqt ancha qisqarib, jismoniy mashqlar bilan shug’ullanish uchun zarur bo’lgan moddiy imkoniyatlar kamayib ketgan. Buning natijasida o’yinlar, raqslar va turli mashqlarni o’z ichiga olgan musobaqa turlari bilan nishonlanadigan ko’pgina eski xalq bayramlari unutildi. Biroq dehqonlar o’zlarining og’ir va huquqsiz ahvollariga qaramasdan, o’z muhitida ilgarigi davrlardagi an’anaviy jismoniy mashqlarni saqlab qolishga harakat qilganlar.

XIV-XV asrlardagi rasmlarda dehqonlarning otda chopishi, raqslari, ularning yugurishga, kurashga va langar cho’pga tirmashib chiqishga doir musobaqalari aks ettirilgan. Germaniyada yerga tashlab qo’yilgan shamshir atrofida raqsga tushish juda ommalashgan edi. Yevropaning shimoliy hududlarida, jumladan, Skandinaviyada chang’ida yurish va konki uchish ancha keng qollangan. Fransiyada to’p bilan o’ynaladigan oyinlar mashhur edi. «Sul» o’yinida ko’pincha aksari qishloqlarning aholisi ishtirok etgan.

Xalq hayotida saqlanib qolgan o’yin va mashqlar dehqonlarda mehnat qilish va feodallarga qarshi kurashish uchun zarur bo’lgan ma’naviy va jismoniy fazilatlarning tarbiyalanishiga imkon bergan.

Feodallarga qarshi chiqadigan xalq lashkarini tayyorlashda jismoniy mashqlar katta o’rin egallagan. Yomon qurollangan piyoda dehqonlar sovutga o’ralib olgan otliq ritsarlarga qarshi jang qilishga majbur bo’lganlar. G’alayonchilar, birinchi navbatda ritsarlarni otdan urib tushirar edilar. Buning uchun esa ular otliqlarni arqon bilan o’rar yoki otlarning oyog’ini jarohatlar edilar.  Piyoda ritsarlar beso’naqay  bo’lib, qo’zg’olonchilar ularni to’qmoq, gurzi va toshlar bilan urar edilar. Bu usullar ularga o'zlarining dushmaniga jiddiy talofat yetkazish imkonini bergan. Feodallar va din peshvolari jismoniy mashqlar va xalq o’yinlariga qarshi edi. Shunga qaramasdan, xalq qadimgi o’yin­lar va jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishni, an’anaviy bayram va marosimlarda ularni qo’llashni davom etgan.  

XIV asrda Shvetsariyada 16-18 yoshdagi osmirlar ortasida yugurish, sakrash, kurash, nayza uloqtirish, tayoqlarda qilichbozlik kabi mashq turlari boyicha mu­sobaqalar otkazilgan. Dehqonlar orasida kurash, tosh uloqtirish, yugur­ish, tayoqlar bilan qilichbozlik, konkida uchish, otda poyga, to’p bilan o’yin, chim ustida xokkey, chang’ida yurish kabi turlar keng tarqalgan.

XV asrda Yevropa davlatlarida dehqon va hunarmandlar katolik dini va feodallarga qarshi g’alayon va qo’zg’alonlarida jismoniy mashqlardan harbiy maqsadda samarali foydalanganlar.

Dehqonlarning mehnati feodal madaniyatining moddiy asosi edi. Feodallar, quldorlardan farqli ravishda dehqonlarning jismoniy mashqlar bilan shug’ullanishini rasman taqiqlamagan. Biroq tinkani qurituvchi kundalik mehnat dehqonlarning butun kuchini olar edi. Ularning tomoshalar, jismoniy mashqlar uchun vaqti ham, kuchi ham yetmas edi. Cherkov xalqning jismoniy mashqlariga qarshi chiqdi. Cherkov xalq orasida badan to’g’risida g’amxo’rlik qilishning gunoh ekanligi to’g’risidagi g’oyani tarqatib, o’zini tiyishni va tarki dunyo qilib hayot kechirishni targ’ib qilgan. Biroq dehqonlar o’zlarining muhitlarida qadimdan rivojlanib kelayotgan jismoniy mashq va o’yinlarni mehnat faoliyatiga, feodallarga qarshi kurashga tayyorlash, o’z qishloqlarini himoya qilish vositalaridan biri sifatida saqlab qolganlar.

Shaharliklarning jismoniy tarbiyasi. O’rta asrda shaharlarning ko’payishi (IX-XIV) xalq jismoniy madaniyati yangi shakllarining rivojlanishiga olib kelgan. Shahar hunarmandlari, mehnatkashlari shaharni himoya qilish maqsadida qilichbozlik va o’q otish bo’yicha «birodarlik» jamiyatini tuzganlar. Bunday faoliyatlar Fransiya, Italiya, Germaniya, Belgiya, Shvetsariya kabi davlatlarda namunali bo’lgan. Shu asosda turli xil o’yinlar va ko’ngilochar tadbirlar ham tashkil qilingan. Angliyaning maydonlari va keng ko’chalarida sul o’yini ommaviy ravishda o’tkazilib, tomoshabinlarni jalb etgan. Shahardagi ommaviy sayllarda akrobatika, kurash, musht­lashish kabi o’yin-mashqlar namoyish etilgan.

XV-XVI asrlarda shahar zodagonlari kichik doirada o’q otish va qilichbozlik bo’yicha tuzgan «birodarlik» jamiyatlari mustahkamlana borgan. Shahardagi boylar jismoniy mashqlar va o’yinlar o’tkazish uchun maxsus joylar, moslamalar qurilgan. Bunda asosan tennis, golf, kriketga katta e’tibor berilgan.

Shaharliklar shaharlarni talab kelgan va ularning savdosiga to’siq bo'lgan feodallarga qarshi kurashda o’zlarining qo’lida bo’lgan barcha vositalardan, jumladan jismoniy tarbiyadan ham foydalanganlar. Jismoniy tarbiyaning asosini xalq jismoniy mashqlari va o’yinlari tashkil etgan edi. Sex ishlab chiqarish uyushmalari ritsarlarning hujumi vaqtida piyoda askarlar guruhiga aylanib, shahar lashkarlarini tashkil etganlar va feodal otliq askarlariga qarshi kurash olib borganlar.

Keyinroq shaharlarda maxsus yoy otuvchilar hamda qilichbozlar va nayzabozlarning birlashmalari vujudga kelib, ular qardoshlik birlashmalari deb nom olgan. Qilichbozlar qardoshliklariga nayzabozlik, qilichbozlik va oybolta irg’itishga o’rgatilar va mashq qilingan edi. Bu yerda qurol bilan zarba berish va zarbani qaytarish usullari, qurolsiz otliq askarning qurolli otliq askarga qarshi kurash usullari o’rgatilgan. Qilichbozlar qardoshliklari ishtirok etishni xoxlagan barcha shaharliklar o’rtasida ochiq musobaqalar o’tkazar edi.

Yoy otuvchilarning qardoshlik uyushmalarida shaharliklarga kamalak va kamondan, keyinchalik esa, XIV-XV asrlardan boshlab o’q otadigan quroldan otishga o’rgatilgan edi. Langarcho’p uchiga bog’langan qush ko’pincha nishon vazifasini bajargan. Yoy yoki kamon otish vaqtida masofa 125-150 qadamni tashkil etgan. O’q otadigan qurol paydo bo’lgan vaqtda otish masofasi ancha kam o’zgardi, chunki dastlabki miltiqlar hali takomillashmagan edi. Xalq bayramlari dasturiga qilichbozlik va o’q otish musobaqalaridan tashqari, odatda, yugurish, sakrash, kurash, poyga va eshkak eshish bo’yicha poyga qilishga doir musobaqalar ham kiritilgan edi.

 Qirollar o’zboshimcha mahalliy feodal ritsarlarga qarshi kurashda shahar lashkarining harbiy qudratiga tayangan va shuning uchun shaharliklarning harbiy-jismoniy tayyorgarkigini takomillashtirishda shaharlarni qo’llab-quvvatlar edi. Shaharlarda kamalak otish odatini rag’batlantirish yuzasidan qirollarning ko’p sonli farmoyishlari chiqarilgan edi. Qirollar shaharliklarni bevosita harbiy tayyorgarlikdan chalg’itadigan o’yinlarnigina ta’qiqlagan edilar. Shaharliklar hayotida to’p bilan o’ynaladigan turli xalq o’yinlari keng tarqalgan edi. Ingliz shaharlari ko’chalarida futbol o’ynalar edi. Fransiyada «kross» va «jo de pom» singari o’yinlar juda ommalashgan edi. Shaharlar katta bo’lmaguncha, barcha o’yinlar va musobaqalar shahardan tashqaridagi dala va yaylovlarda o’tkazilgan edi.

Biroq keyinchalik shaharlar o’sib, o’yinlar shahar ko’chalarida o’tkazila boshlandi. Shahar zodagonlari bu o’yinlarni ta’qiqlash uchun harakat  qilganar. Masalan, 1314 yil London savdogarlari iltimosi bilan ingliz qiroli Eduard II shahar ichida katta to’p bilan o’ynaladigan o’yinlarni tasodifiy tomoshabinlar, yo’lovchilar va hatto imoratlar uchun xavfli, deb ta’qiqlagan. «Jo de pom» o’yinidagi o’zgarishlar shahar sharoitlarining o’yinlar taraqqiy etishiga bo’lgan ta’sirini yaqqol ko’rsatadi. XIV asrgacha «jo de pom» o’yini hamma joyda: dalada, ritsarlik qal’alarida, shahar qal’alari yonida, cherkov maydonlarida va boshqa yerlarda o’ynalgan  edi. Keyin esa bu o’yin uchun atrofi yopilgan maxsus maydonlar qurilgan. Bu maydonlar ustiga to’r o’rnatilib, bu to’r ustidan to’pni ilgarigidek qo’l bilan emas, balki raketka yordamida qaytarib otish lozim edi. XIV asr oxirida Fransiyada bu o’yin uchun hatto maxsus binolar ham qurilgan. 

Angliyada futbol o’yini ham taxminan xuddi shunday taraqqiy etdi. Ilgarigi vaqtlarda bu o’yin dehqonlar o’yini edi. Hosil yig’ib olingandan keyin qo’shni qishloq dehqonlari hosili o’rib olingan dalalarda  to’p bilan o’ynar edilar. Shaharliklar markaziy bozor maydonida yoki ko’chalarda futbol o’ynar edilar. Bu esa ko’pincha tartibsizlikka, shahardagi harakatning buzilishiga olib kelgan edi. Shuning uchun o’ynaladigan joy va o’yinchilar sonini cheklovchi qoidalar yaratilgan.

O’rta asr shaharlarida akrobatlar va ayniqsa dorbozlarning chiqishlari juda ham ommalashgan edi. Ularning ko’pgina mashqlari, masalan, osilgan holatdan tiralib gavdani ko’tarish va turli-tuman aylanma harakatlar, keyinchalik langar cho’pga - turnikning timsoliga o’tkazilgan. Akrobatika mashqlaridan shaharliklar ichida keng ommalashgan turi piramida tuzish edi. Akrobatlar turli murakkab sakrashlarni ham bajarganlar.

 O’rta asr universitetlarining oquv dasturlarida jismoniy tarbiyaning yo’qligi talabalar orasida jismoniy mashqlarning tarqalishiga halaqit bermadi. Ko’pgina talabalar yoy otish va qilichbozlik uyushmalariga kirar edilar. Talabalar o’rtasida ko’pincha kurash va mushtlashish musobaqalari uyushtirilgan. Talabalarning klublarida qilichbozlik, yog’och otda chavandozlik qilish va akrabatika qilish mashqlari ham otkazilgan edi      (7-rasm).

Shahar aslzodalarining jismoniy tarbiyasi. So’nggi o’rta asr davrida shaharliklar ommasi bir-biridan keskin farq qiluvchi uch guruhdan: patritsiylar, byurgerlar va plebeylar qatlamidan iborat edi. Patritsiylar va byurgerlar shaharlarning xojayinlari bo’lgan. Shaharlarda aslzodalar jismoniy madaniyatining ravnaq topish jarayoni va keng xalq ommasi jismoniy tarbiyasining nisbatan tushkunligi sodir bo’lmoqda edi.

XV asrda o’qchi uyushmalar shahar patritsiylarining harbiy, sport va politsiya xizmatining markaziga aylangan edi. Patritsiylar kamondan va pistoletdan o’q otish uchun maxsus uylar qurib, shahar va shaharlararo otish musobaqalari o’tkazganlar. Qilichbozlar birodarliklari ham sex aslzodalarining tashkilotiga aylanib qoldi. Bu tashkilotlarga kirish uchun nafaqat qilichbozlik san’atidan sinovdan o’tish, balki shunga muvofiq mulkga ham ega bo’lish lozim edi.

XV asrning oxirlariga kelib otish va qilichbozlik mashg'ulotlari shahar aslzodalarining foydali va ko'ngilli tomoshalaridan biriga aylangan.

Shahar bayramlari professional darbozlar, pantomimlar, harakatli o'yinlar, raqslar bilan to’ldirib borilgan. Patritsiyan yoshlari raqslarga tushish, to’p o’ynash, otda yurish, ov qilish va usti yopiq hovuzlarda cho’milishga qiziqar edilar. Byurgerlar o’z imtiyozlarini himoya qilib, mehnatkashlarning qilichbozlik uyushmalari, qilichbozlar qardoshliklarida qatnashishlariga yo'l qo'ymas edilar.

O’rta asrlarda o’q otish qurollarining kashf etilishi ritsarlik tarbiya tizimi barham topishining muhim sabablaridan biridir. Endilikda shahar va qishloq aholisi o’rtasida jismoniy mashqlar turli xil o’yinlar bilan ommaviy shug’ullanish vaziyati yuzaga kelgan edi. Shahar va qishloqlarda o’ziga xos bo’lgan an’analar, bayramlar, katta ziyofatlar uyushtirib, kurash, mushtlashish va boshqa mashq va o’yinlarni tashkil etish keng rivojlangan.

 

 

 

 

 

Osiyo, Afrika va Amerika qit'alarida jismoniy tarbiya.

 

Osiyo, Amerika va Shimoliy Afrika mamalakatlarida qadimgi an’analarning uzoq saqlanishi bu hududlarda feodal tuzumi va jismoniy madaniyatning sekin rivojlanishiga sabab bo’lgan.

Osiyo mamlakatlari. Hindiston. O’rta asrlarda qadimgi jismoniy madaniyat tajribalari Hindistonda keng tarqalgan. Bunda kurash, kamondan o’q otish, yugurish, ot o’yinlaridan foydalanildi. Milliy raqslar bilan birgalikda xatxa-yoga, marosim o’yinlari va boshqa mashqlar ommalashgan.  

Xitoy. Dehqonlarning «sariq ro’mollilar» deb nom olgan qo’zg’olonlari III-V asrlarda davom etib kelgan. Hukmdorlar aholidan qurollarni yig'ib olgan va ularni ishlatishni taqiqlagan edi. Shu sababli xalq orasida qurolsiz jang usullari avjiga chiqqan. VI asrda Xitoy ushu gimnastikasi tez rivoj topdi. Bunda qo’l va oyoqlarni ishlatib jang qilish, kaft va uning qirralari bilan urish amalga oshirilgan. Min sulolasi hukmronligi davrida ushu keng rivojlangan edi. Unda 20 xildan ortiq qurollar va tayoqlar qo’llanilgan. Lekin o’q otish qurollarining paydo bo’lishi bu turlar taraqqiyotini ancha pasaytirgan edi. Shunga qaramasdan, ushu mashqlaridan davolash maqsadida foydalanish davom etgan. Xitoyda, shuningdek, ot ustida chavgon yugurish va hindlarga xos xatxa-yoga bo’yicha musobaqalar o’tkazilib turilgan.

Yaponiya. O’rta asrlarda Yaponiyada jismoniy madani­yatning rivojlanishi Samuraylar institutining tashkil etilishi bilan bevosita bog’liq bo’lgan. Samuraylar kichik yer egalarining harbiy-feodal tabaqasi bo’lib, ularning jismoniy tarbiya tizimi xilma-xil kurash turlari: sumo, jiu-jitsu va karate, kendo - bitta yoki ikkita qilich bilan jang qilish san’ati, noginata - nayza bilan kurashish, piyoda va otda yugurishda kamondan o’q otish, marosim bellashuvlar, turli xil to’p o'yinlari kabi mashqlardan iborat bo’lgan.

Markaziy Amerika xalqlarining jismoniy tarbiyasi. Yevropaliklar mustamlaka qilib olgan davrlargacha bu mintaqada inklar, mayya va atsteklar davlatlari mavjud bo’lgan. XII asrlarda bu mamlakatlarda ma'lum darajada jismoniy tarbiya tizimi mavjud bo’lgan. Bunda davlat miqyosida va oila sharoitida tarbiya berish amalga oshirilgan. Tashkil qilingan maktablarda o’yinlar va boshqa jismoniy mashqlar bilan shug'ullanishgan. Kamondan o’q otish, tayoqlarni uloqtirish, qilich va qalqon bilan kurash kabi harbiy-jismoniy tayyorgarlik amalga oshirilgan. Inklar va atsteklarda uzoq masofalarga yugurish hayotiy ehtiyoj bo'lib hisoblangan. Ko’pchilik o'yinlar va mashqlar bu xalqlarning diniy marosimlari, urf-odatlari bilan bog'liq bo'lgan. Shuningdek, qabilalararo o’yinlar, diniy bayramlar, tantanalar, atletik musobaqalar tashkil etilgan. Butun jismoniy tarbiya tizimi aborigen xalqlarning mehnat, harbiy va hayotiy turmushida katta o’rin tutgan. Yevropaliklarning bosqinchilik, talon-taroj qilish, o’ldirish, majburlash kabi harakatlari Amerika xalqlarining jismoniy madaniyat tizimi rivojlanishiga salbiy ta’sir etgan.

Afrika mintaqasidagi xalqlar. O’rta asrlarda Afrika xalqlari orasida mehnat, harbiy ishlar va ijtimoiy turmush orqali jismoniy madaniyat shakllari belgilangan. Jismoniy tarbiya oilada, ovchilar tomonidan qabilada va «xudo»lar uyida berilgan. Ko’pincha musobaqalashish shaklida amalga oshirilgan.

Bunda kamondan o’q otish va tayoqlarni mo’ljalga tekkizish, ustunga kim o’zarga tirmashib chiqish kabilar qo’llanilgan. Raqslar bilan birgalikda harbiy mashqlar qo’shib o’rgatilgan. Yoshlarni harbiy jihatdan tayyorlash maqsadida oilada yoki «xudo»larning uylarida qabila, urug’ boshliqlari rahbarligida turli xil an’anaviy marosimlar tashkil etilgan. Bunda kurash, nayza va lappak uloqtirishdan keng foydalanilgan. O’g’il va qizlarni tarbiyalash tizimida tamtam sadolari ostidagi an’anaviy raqslar, turli harakatli o’yinlar, akrobatik mashqlar asosiy vosita sifatida xizmat qilgan. An’anaviy marosimlarda kurash, chidamlilik, epchillik, jasurlikni tarbiyalovchi mashq turlaridan iborat musobaqalar tashkil etilgan. Bu, o’z navbatida, xalqlarning jipsligi, inoqligi, ahilligini ta’minlashga xizmat qilgan. Bosqinchilik va mustamlakachilik ta’yziqi Afrikada milliy jismoniy madaniyatining ancha susayishiga sabab bo’lgan.  

Gumanistlarning jismoniy tarbiya to’g’risida ta’limoti. XVI va XVII asrlarda G’arbiy Yevropa feodal ishlab chiqarish usuli hali hukmron edi. Bu davrda taraqqiy etishni boshlagan fan va texnika ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam berdi, texnika esa olimlar qo’liga juda ko’p sonli yangi faktlarni berib, bu faktlar fanni boyitdi va uni ilgari siljitdi. O’rta asrlarda dengizda suzish ehtiyoji natijasida kemasozlik taraqqiy etdi, ispanlar, gollandiyaliklar, inglizlar Shimoliy va Janubiy Amerikada ko’pgina geografik kashfiyotlar qildilar. Poroxning kashf etilishi o’q otadigan qurolning vujudga kelishiga sabab bo’ldi. Meditsina ham jadal sur’atlar bilan taraqqiy etib bordi. Tabiatshunoslik sohasida inson faoliyatini organishga doir kashfiyotlar qilingan. Leonardo da Vinchi (1452-1519) qushlarning uchishini kuzatib borib, uchuvchi apparatning tuzilishi to’g’risida o’z mulohazalrini bayon etgan. Leonardo da Vinchi odam gavdasining mutanosibligi va uning harakati mehanikasini o’rgangan.

Gumanistlar   o’rta asr ilohiy qarashlariga qarama-qarshi o’laroq, inson shaxsini ulug’ladilar, insonga, uning kuch va qobiliyatiga ishonch bilan qaradilar. Insonga bo’lgan qarashlardagi bunday o’zgarish odatda «gumanizm» (insonparvarlik) tushunchasi bilan anglatiladi. So’nggi o’rta asr davridagi gumanizm ikki asosiy manbadan: qadimgi xalqlar madaniyati va xalq ijodidan foydalangan. Xalq ijodidan kam foydalanilar edi, shuning uchun so’nggi o’rta asr davrining gumanizmi asosan qadimgi dunyoda yaratilgan qadriyatlarni tiklashdan iborat edi.

Gumanistlar o’rta asrdagi quruq pedagogikaga qarama-qarshi o’laroq, kishining faqat aqlinigina emas, balki tanasini ham tarbiyalashga qaratilgan yangi pedagogikani ilgari surganlar. Ular o’z hukmronligini o’rnatish, uzoq muddatli sayohatlar qilish, yangi yerlar kashf etish, bu yangi yerlarga ko’chib kelgan xalqlarni talash va bo’ysindirishga qodir bo’lgan uddaburon, jismoniy jihatdan yetuk insonlarni tarbiyalashni istaganlar. Feodalizm negizida ishlab chiqarish, savdoning o’sishi, shaharlarning kengayishi, kapitalistik munosabatlarning rivojlanishiga olib keldi. Geografik jihatdan kengayish natijasida markaziy davlatlar vujudga kela boshladi. Ishlab chiqarishning rivojlanishi tabiiy va pedagogik fanlarning taraqqiy etishini ta’minladi.

Vittorino da Feltre (1378-1446) Italiyada pedagogika sohasidagi dastlabki gumanistlardan biri bo’lgan. Hukmdorlar va saroy ahli bolalarini tarbiyalash uchun maktab yaratgan. Vittorino da Feltre Mantue hukmdori va zodagonlarning bolalarini tarbiyalab, saroyda yangi turdagi maktab yaratgan va uning rahbari bo’lgan. Uning maktabida o’quvchilarning bilimga qiziqishi, aqliy va jismoniy havasi har tomonlama rag’batlantirilar edi. Bunda aqliy va jismoniy tarbiyaga alohida e’tibor berilib, yalqovlarni ayovsiz jazolaganlar. Feltre bolalarni sof havoda o’ynatish, suvda suzish va turli jismoniy mashqlarni bajarishga odatlantirgan. O’quvchilarni erinchoqligi, beadabligi va manmanligi uchun jazolagan edi. Quruq yodlash o’rnini ko’rsatma ta’lim usulllari egallagan.

Vittorino da Feltre o’quvchilarning sog’ligi va jismony kamoloti to’g’risida ayniqsa ko’p g’amxo’rlik qilgan edi. Feltre o’quvchilarni sof havoda harakatli o’yinlar o’ynashga, suvda suzishga va jismoniy mashqlarni bajarishga odatlantirgan edi; bu esa o’quvchilarning jismoniy kuchini, epchilligini rivojlantirisga va chiroyli odob-axloqlarini tarbiyalashga yordam bergan. Uning maktabi o’quv rejasida o’yinlar, qilichbozlik, harbiy mashqlar, otda yurish va suvda suzish ko’zga ko’rinarli o’rinni egallagan edi.

Feltre o’quvchilarning axloqiy sifatlarini tarbiyalash to’g’risida ham gamxo’rlik qilib, ularda o’z qadrini bilish tuyg’usini, gigiyenaning elementar qoidalariga rioya qilish odatini va hokazolarni hosil qilar edi. Vittorino da Feltre maktabi oqsuyak ota-onalarning bolalarini tarbiyalash borasida ilgari tashlangan katta qadam edi

Fransua Rable (1483-1553) fransuz yozuvchisi, o’z asarlarini lotin tilida emas, o’z ona tili – fransuz tilida yaratgan. Uning «Gargantyua va Pantagryuel» romani xalq orasida sevib o’qilgan. Unda dunyoni ilmiy anglash g’oyasi olg’a surilgan. Fransua Rable o’z g’oyalarini qadimgi yozuvchilarning asarlaridan ko’ra, ko’proq xalq ijodidan olgan edi. O’z asarlarida Rable cherkov xodimlari, aslzoda hukmdorlar kundalik hayotini hajviy tarzda ifodalagan. Rim, Jeneva va Sorbonna bir necha bor uni la’natlagan va har xil yo’llar bilan ta’qib qilgan edi. O’sha vaqtlarda Rablening asarlariga bo’lgan talab katta edi.

Fransua Rablening «Gargantyua va Pantagryuel» nomli romani ikki oy ichida shunchalik ko’p nusxada tarqalgan ediki, hatto tavrot o’n yil ichida shunchalik tarqalmagan edi. Bu roman barcha tillarga tarjima qilingan bo’lib, hozirga qadar qayta-qayta nashr etilib kelmoqda. Rable: «O’g’il bolaning o’z murabbiylari rahbarligida ilohiy kitoblarni o’rganganidan ko’ra, umaman, o’qimagani ma’qul, chunki ularning fani bema'nilik, ularning bilimdonligi esa batamom uydirmadir»,- degan edi. Rable tarbiyada aniq tartib, ya’ni tozalik, ovqatlanish tartibi va jismoniy mashqlar bo’lishi shartligini ta’kidlagan.

Rable o’quvchilarni erkin fikrlashga va erkin harakat qilishga olib keladigan tarbiyani tavsiya qilgan. Rable tarbiya orqali inson shaxsining axloqiy, aqliy va jismoniy tomonlarini tarkib toptirishni istagan.

Rable butun tarbiya va ta’limni o’quvchilar uchun yoqimli ifodalashni tavsiya qilgan. Tarbiyalanuvchilar uchun tartib zarurligini, ularning maishiy hayoti uchun gigiyena zarurligini, jismoniy mashqlarning aqliy mashg’ulotlar va ovqatlanish tartibi bilan birga olib borish kerakligini talab qilgan. U badanni yuvib turishni, massaj qilishni, terlagandan so’ng kiyimni almashtirishni; mashqlarni va jismoniy kuch me’yorini asta-sekin murakkablashtirib borishni tavsiya qigan. Rable faqat qadimgi mashqlarni emas, balki o’sha vaqtlarda shaharliklar va dehqonlar o’rtasida odat bo’lgan jismoniy mashqlardan foydalanish bo’yicha tavsiyalar bergan.

Tarbiyalanuvchilar yugurish, sakrash va irg’itish; kamondan, eski og’ir miltiq va zambarakdan otish; ko’krak bilan, chalqanchasiga, yon bilan suzish va suvga sho’ng’ish; nayza, qilichbozlik, shamshir, rapira, oy bolta, xanjar bilan shug’ullanish; otda yurish, arqonga, daraxtlarga va qoyalarga tirmashib chiqish bilan shug’ullanish; yelkanli va eshkakli qayiqni boshqarish, ov qilish, kurash, shaxmat, yog’och otda gimnastika mashqlarini bajarish, gantellar yordamida mashq qilish; to’p o’ynash va raqs tushishlari lozim edi.

Rablening fikricha, uning hayoli bilan yaratilgan “Telem qal’asi” tarbiya muassasining namunasidir. Muassasaning nizomi: “Nimani xohlasang, shuni qil” degan tamoyildan iborat edi. Bu ishlab chiqarish tashkiloti emas, balki boylar uchun mo’ljallangan o’ziga xos o’quv-tarbiya muassasasi bo’lgan. Unda stadion, ippodrom, suzish uchun hovuz, uch pog’onali hammomlar, teatr, sayr qilish bog’i, to’p o'ynash uchun manejlar, otxonalar, lochin xizmati va itxona bor edi. Rable o’z davrining ilg’or g’oyalari bilan bab-baravar qadam tashlab, gumanizm g’oyalarining o’rnatilishi uchun ko'p xizmat qilgan.

Ieronim Merkurialis (1530-1606) mashhur italyan gumanisti gimnastikaga doir oltita kitob yozgan. Dastlabki uch kitobi jismoniy mashqlar tarixini yoritishga, qolgan uch kitobi esa jismoniy mashqlarni tibbiy jihatidan tahlil qilishga bag’ishlangan. Merkurialis tibbiyotni davolash tibbiyoti va saqlovchi tibbiyoti deb ikkiga ajratgan. Saqlovchi tibbiyotni buzuqchilikka va oziq-ovqat hamda sharobni ortiqcha iste’mol qilishga qarshi kurashga mo’ljalladi; bunday hollar zodagonlarning vakillariga muvofiq edi. Gimnastika va boshqa jismoniy mashqlarni davolovchi tibbiyot vositalari jumlasiga kiritgan.

Ieronim Merkurialis barcha mashqlarni haqiqiy (davolash), harbiy (hayotiy, zaruriy) va soxta (atletik) mashqlarga ajratgan edi. Merkurialis ayrim mashqlarning ahamiyatini baholab, ko’proq jismoniy kuch talab qiladigan mashqlarni salbiy tavsiflagan. U sog’lomlashtirish-gigiyena jihatdan foyda berishi mumkin bo’lgan mashqlarni bajarishni tavsiya qilgan. Merkurialis mushtlashishni inkor qilmagan, lekin yakkama-yakka mushtlashishni emas, balki kishining soyasi bilan mushtlashishni tavsiya qilgan, chunki kishining soyasi bilan mushtlashishi qattiq kuch ishlatishni talab qilmaydi. Merkurialis suvda suzishni emas, balki cho’milishni va baliq ovini tavsiya qilgan. U jismoniy tarbiyaning musobaqa usulini foydali deb hisoblamagan va sportni inkor qilgan. Uning bir vaqtlar katta e’tiborga sazovor bo’lgan gimnastika san’atini tiklash uchun harakat qilishi haqiqatga to’g’ri kelmaydi. Merkurialisning xizmati shundan iboratki, u davolash-profilaktika mashqlarini tiklagan va ularni tibbiyotning muhim vositalari sifatida himoya qilgan. U ko’p kuch sarf qiluvchi mashqlarni to’la inkor qilgan va asosan davolovchi jismoniy mashqlarni qo’llab-quvvatlagan. Ieronim Merkurialis cherkov arboblarining saroy shifokori, imperator Maksimilian II ning shifokori bo’lgan. U feodal aslzodalarning boshliqlariga ko’rsatgan xizmatlari uchun ritsarlik unvoni bilan taqdirlangan edi.

Barcha gumanistlarning progressivligi shundaki, ular o’rta asrning tarbiyasiga va tarkidunyochilik g’oyalariga qarshi faol kurashdilar, inson shaxsining erkin kamol topishini quvvatladilar va jismoniy tarbiyani umumiy tarbiya tizimining ajralmas bir qismi sifatida ilgari surdilar. Lekin gumanistlarining aksariyati xalq to’g’risida emas, balki jamiyatning bir to’da boshliqlari to’g’risida, xalqdan ajralgan va xalqni ekspluatatsiya qilgan kishilar haqida g’amxo’rlik qilganlar. Bu gumanistlar o’zlarining barcha g’ayratlarini cherkov obro’yiga qarshi kurashga qaratib, jamiyatning konservativ kuchiga aylanganlar. Xalqqa tayangan va xalq baxt-saodati yo’lida mehnat qilgan gumanistlarning ijodi esa so’nggi o’rta asr demokrat gumanistlarining ijodi sifatida bizning davrgacha yetib keldi.

 

TEST SAVOLLARI

 

Osiyo va Afrika xalqlarining jismoniy tarbiyasi qanday xarakterga ega bo`lgan?

a)   an’anaviy     b)  madaniy    c)   milliy       d)  atletik

Xitoyda VI asrda qanday mashqlar tez rivojlangan edi?

a)  ushu             b)  kunfu         c)  karate          d)  taekvondo

Hindistonda qanday jismoniy mashqlar keng tarqalgan edi?

a)   xatxa-yoga   b)   ushu         c)   sumo      d)  kendo

Ritsarlar nechta fazilatga ega bo`lishi shart edi?

a)  7            b)  8             c)  5               d)  10

Ritsarlarning ommaviy turnirlari qanday nomlangan?

a)   buxurd        b)   jut         c)   tyost       d)  jyo de pom

Feodallarning harbiy-jismoniy tayyorgarligi qanday shakllardan iborat?

a)  ritsarlar turniri             

b)  gladiatorlar jangi         

c)  pankration                  

d)  pentatlon.

Evropada shaharliklarning ilk birlashmalari qanday nomlangan?

a)  o`q otish va qilichbozlik birodarliklari    

b)  o`q otish va qilichbozlik maktablari    

c)  sport va o`q otish  birodarliklari      

d)  zodagonlar klublari

«Ritsarlarning fazilatlari» nimalardan iborat?

a)   otda yurish, qilichbozlik, suzish, ov qilish, kamondan o’q otish, shaxmat o`ynash, she’r to`qish.       

b)   qilichbozlik, kamondan o`q otish, kurash, harakatli o`yinlar.        

c)    kurash, nayzabozlik, suzish, otda yurish, tennis, shaxmat o`ynash.      

d)   suzish, yugurish, sakrash, ov qilish, harakatli o`yinlar, raqs tushish.

Ritsarlar tarbiya tizimi qanday xarakterga ega bo`lgan?

a)  harbiy-amaliy     b)  tarbiviy       c)  ommaviy      d)  kasbiy

Ritsarlarning yakkama- yakka turnirlari qanday nomlangan?

a)  jut, tyost      b)  buxurd     c)   jyo de pom       d)  kunfu

O`rta asrlar davrida tennis qanday nomlangan?

a)  jyo de pom    b)  laun-tennis     c)   jiu-jitsu     d)  sull.

Ritsarlar tarbiya tizimi qachon va nima sababdan barham topgan?

a)  XIV asrda, porox va o`q otar miltiqlar ixtiro qilinishi       

b)  XVI asrda, sport musobaqalari o`tkazilishi

c)  XVII asrda, sport turlari rivojlanishi            

d)  XIX asrda, fan va texnika rivojlanishi

Gumanizm so`zining ma’nosi nima?

a)  insonparvarlik     

b)  xalqparvarlik      

c)  vatanparvarlik     

d)  mehnatsevarlik

Gumanistik g’oyalar ilk bor qaysi davlatda shakllangan?

a)  Italiya             b) Fransiya         

c)  Angliya          d) Rossiya

Ieronim Merkurialis qanday mashqlarni inqor etgan?

a)  atletik             b)  harbiy      c)  davolash       d)  zaruriy

O`rta asr ilk gumanistlaridan biri kim bo`lgan?

a)   Vittorino da Feltre.       

b)   Jon Lokk          

c)   Jan Jak Russo               

d)   Tomas Arnold.

Fransua Rable qaysi asarida jismoniy tarbiya haqida yozgan

a)  «Buyuk didaktika»           

b)  «Gargantyua va Pantagryuel»         

c)   «Tarbiya to`g’risida fikrlar»         

d)  «Elementar gimnastika»

Iyeronim Merkurialis mashqlarni qanday guruhlarga ajratgan?

a)  haqiqiy, harbiy, soxta.            

b)  hayotiy, atletik, oddiy.            

c)  oddiy, zaruriy, sodda           

d)  oddiy, murakkab.

Iogann Genrix Pestalotstsi mashqlarni qanday guruhlarga ajratgan?

a)  elementar va murakkab.          

b)  murakkab             

c)   oddiy va og’ir             

d)  gimnastika.

Filantropin maktablarida o`quvchilar qanday guruhlarga bo`lingan?

a)  akademist, pedagogist, famulyant.        

b)  akademist, pedagogist             

c)   realist, kadet              

d)  famulyant, kadet, student

 

Jadvalni toldiring.

 

Orta asrlarda Yevropa mamlakatlarida jismoniy tarbiya

 

Ijtimoiy qatlamlar

Jismoniy tarbiya maqsadi

Jismoniy mashq turlari

Jismoniy tarbiya

vositalari

 

 

 

 

 

 

 

 

 

?

ü   O’rta asrlarda jismoniy madaniyat va sportning rivojlanishni qanday izohlaysiz?

ü   Ritsarlik tizimidagi turnirlarning maqsadi nima?

ü   Yevropa mamlakatlarida qilichbozlik va o’q otish jamiyatlari paydo bo’lishining sabablari nimadan iborat?

ü   Gumanistlar jismoniy tarbiya haqidagi mulohazalari nimalardan iborat bo’lgan?

ü   O’rta asrlarda o’tkazilgan bayramlar va an’anaviy marosimlarda qanday yangi sport turlari, jismoniy mashqlar, o’yinlar yuzaga kelgan?

 

Adabiyotlar

 

Eshnazarov J. Jismoniy madaniyat tarixi va boshqarish. Т.: 2008.

Djalilova L.A. Jismoniy tarbiya va sport tarixi. O’quv-uslubiy qo’llanma. T:2013.

Djalilova L.A. Jismoniy tarbiya va olimpiya harakati tarixi. Darslik. T: 2017.


Скачано с www.znanio.ru