QAYSI BARMOG‘INGNI TISHLASANG…
Annotatsiya: Maqolada ajdodlarimizning tarbiya haqidagi ilmiy-nazariy qarashlari, tarbiyaning muhim omillari, hozirgi kundagi yosh avlod tarbiyasiga qaratilgan e’tibor xususida fikr-mulohazalar yuritilgan.
Kalit so’zlar: tarbiya, ma’rifatparvar ziyolilar, farzand tarbiyasi.
Annotation: The article discusses the scientific and theoretical views of our ancestors on education, the important factors of education, the attention paid to the education of today's young generation.
Keywords: upbringing, enlightened intellectuals, child rearing.
Аннотация: В статье рассматриваются научные и теоретические взгляды наших предков на образование, важные факторы образования, внимание, уделяемое образованию сегодняшнего молодого поколения.
Ключевые слова: воспитание, просвещенная интеллигенция, воспитание детей.
Ota-ona san’atkor, bola san’at asari, tarbiya jarayoni san’atning o‘zidir.
Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy “Tarbiya bizlar uchun yo hayot, yo momot, yo najot, yo halokat, yo sadoqat, yo falokat masalasidir.” deb bejiz aytmagan.
Xo‘sh, tarbiyaning nimasi hayotu, nimasi momot (ya’ni o‘lim). Yaxshi tarbiya ko‘rgan farzandi bor odam qariganda yosharadi, yomon farzandi bor odam esa yosh turib qariydi. Tarbiya ko‘rgan farzandlar ota–ona uchun suyanchiq, tarbiyasizlar esa bevaqt halok qiladi.
Tarbiyaning nimasi saodatu, nimasi falokat. Tarbiyali farzand qo‘lida saodat kaliti bo‘ladi. Qo‘lida saodat kaliti yo‘q farzand falokatning o‘zginasi. Noqobil farzand ortiqcha barmoqqa o‘xshaydi, kessang og‘riydi. Xalqimizda “Barmog‘ingni qaysinisini tishlasang ham og‘riydi”, - degan naql yuradi .Tarbiyali farzad ham, tarbiyasiz farzand ham barmog‘ingdek aziz.
Xo‘sh. Tarbiya o‘zi nima. Tarbiya “arabcha” so‘z bo‘lib, parvarish qilmoq, ta’lim bermoq, o‘rgatish, odob o‘rgatish, navozish, mehribonlik ko‘ksatish, ko‘z-quloq bo‘lish, himoya qilish kabi ma’nolarga ega.
Farzandni to‘g‘ri tarbiya qilish uchun avvalo uni kitob o‘qishga, to‘g‘ri muomala qilishga va to‘g‘ri fikrlashga o‘rgatish lozim. Yoshlikdan odat bo‘lib qolgan yuqoridagi xislatlar g‘isht qolibdan ko‘chgandan so‘ng kech bo‘ladi.
Tarbiya ona qornidan, so‘ng chiroyli aytilgan alladan boshlanadi. Tarbiya shunchalik nozik ishki, bunda birgina ota-ona emas, balki butun atrof–muhit, mahalla-ko‘y ishtirok etadi.
Turli xil kinofilmlar (u yaxshi bo‘lsa ham, yomon bo‘lsa ham), internet kefelar, turli mavzudagi kitoblar, bolaga ikki xil tarbiya beradi, ham yaxshi ham yomon. Turli yo‘llarga kirib ketayotgan qizlarimiz, oqimlar ostidan chiqa olmayotgan yigitlarimiz nazoratsiz qolish oqibati emasmi. Oilada yaxshi tarbiya berayapman deb, aksini qilib qo‘yayotgan ota–onalar ham yo‘q emas, chunki ularning gapi bashqacha-yu, ishi boshqacha. “Ustozni qilganini emas, aytganini qil” deydilar. Lekin, ko‘zga, quloqqa singib borayotgan tarbiya umumlashib bolada namoyon bo‘ladi. Buni muntazam nazorat qilish yana ota-ona zimmasiga tushadi.
Oila tarbiyasi–bu umumiy ijtimoiy tarbiya jarayonining shunday bosqichiki, u insonning keyinchalik butun umri davomida oladigan ma’rifat va hayot saboqlari uchun asos, zamin, poydevor vazifasini o‘taydi. Oila tarbiyasi ota-ona va farzandlar, shuningdek bir necha avlodga mansub shaxslarning o‘zaro qon-qarindoshchilik munosabatlari asosida quriluvchi o‘ziga xos betakror ma’naviy-ruhiy jarayondir.
Tarixdan bizga ma’lumki, jahon ilm-fani va madaniyatiga g‘oyat ulkan hissa qo‘shgan o‘rta osiyolik allomalar insonni qanday qilib baxtli hayot kechirish mumkinligi borasida izlanganlar, bu xususida odilona yo‘l topish uchun intilganlar. Ular o‘zlarining ana shu mazmunda yaratgan asarlarida ahloqli, odobli, bo‘lish totuv oila qurish baxt iqbolga eltuvchi ishonchli yo‘llardan ekanligi ko‘rsatib berishgan.
Ayniqsa, ularning farzand tarbiyasi borasida qarashlari, o‘gitlari, pand–nasihatlari bugungi kunda ta’lim tizimida dasturulamal bo‘lib kelmoqda. Ularda o‘tmishimiz, tariximiz haqidagi purma’no hikmatlar mavjud. Zero, birinchi Prezidentimiz ham “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”, deya bejiz ta’kidlamagan.
Buyuk mutafakkirimiz Abu Nasr Farobiy jahon madaniyatiga katta hissa qo‘shgan qomusiy allomadir. U ta’lim–tarbiya haqida ko‘plab asarlar yozib qoldirgan. Farobiyning dunyoqarashi tabiiy va ijtimoiy fanlarning eng dolzarb muammolarini yechishga qaratilgan. U ulug‘ atematik, o‘tkir shifokor, buyuk tabiatshunos, atoqli faylasuf, musiqa nazariyasining taniqli namoyandasi, yuksak didli tarbiyachiva ko‘zga ko‘ringan axloqshunos ham edi. Uning fikricha, bilimlar insonni yaxshi axloqli, salobatli va aql-idrokli qiladi. Inson bilim olmay turib o‘zi ko‘zlagan maqsadiga erisha olmaydi. Yaxshi inson bo‘lishi uchun odamda imkoniyat bo‘lmog‘i zarurligi ko‘rsatiladi: ta’lim va tarbiya olish imkoniyati borligi tufayli ta’lim olish hamda to‘g‘ri tarbiya topish kerak. Bunda tarbiya–bu kishilar bilan muloqotda axloqiy qadr qimmatni va odobda amaliy faoliyatni yaratishga olib boradigan yo‘l, deb ta’riflanadi.
Farobiy yosh avlodni kamolotga yetkazishga u yashayotgan jamiyatdagi muhit, hayotiy tajriba, ta’lim-tarbiyaning ta’siri va bu ta’sir natijasida ular o‘zlaridagi ijobiy yeki salbiy xislat-fazilatlarni namoyon qilishlarini aytadi.
Insonlar tug‘ilganda kamolotli bo‘lib tug‘ilmaydi, ularning orasida aslida farq ham bo‘lmaydi, ularning xulqi, faoliyati, hayoti o‘xshash bo‘ladi, keyinchalik esa o‘zgaradi, ya’ni ijtimoiylashuv jarayonida jamiyatda odamlar ming yillardan beri amal qilib kelayotgan qadriyatlarni va ma’yorlarni qabul qiladilar. Ularga moslashadilar, voqealar va muhit ta’sirida yaxshi yoki yomon odatlarni o‘rganadilar, shu bois, odamlardagi xato va kamchilik, yutuq va muvaffaqiyatlar ularda jamiyatda keyinchalik shakllanadi.
Demak, ta’lim va tarbiya berish bir–biridan farq qiladi. Ta’lim so‘z bilan bir narsani uqtirish, o‘rganish bilan amalga oshiriladi hamda yoshlar nazariy bilimlarini shu ta’lim yordamida egallaydilar.
Tarbiya esa amaliy faoliyatda namoyon bo‘ladi, yoshlarda u ma’lum ish harakat, kasb–hunar, odob orqali singdiriladi. Ta’lim–tarbiya jarayonida nazariy bilim bilan amaliy harakat-odat malaka, faoliyat birlashib boradi.
Tarbiya haqida Shayx Sa’diy o‘zining “Guliston” asarida shunday deb yozadi. “Kimda kim yoshlikdan tarbiya olmasa, katta bo‘lgach baxtli bo‘la olmaydi, xo‘l novdani istagancha bukish mumkin, quruq novdani esa faqat olovda toblab to‘g‘rilash mumkin”.
Yashash jarayonida tarbiya–har bir insonning orttirgan saboqlari va intellektual salohiyatlarining ijobiy ko‘nikmasini o‘zgalarga berish jarayonidir.
So‘zimiz yakunida yana bobomiz Abdulla Avloniyning quyidagi fikrlarini keltirmoqchimiz. “Agar inson yaxshi tarbiya topib, buzuq xulqlardan saqlanib, go‘zal xulqlarga odatlanib katta bo‘lsa, har kim qoshida maqbul baxtiyor bir inson chiqar”.
Фойдаланилган адабиётлар:
1. Saparboyev I. Ona tili va adabiyoti fani bo‘yicha o‘quvchilarda tayanch kompetensiyalarni shakllantirish yuzasidan YO‘RIQNOMA. Toshkent – 2014-yil
2. Turg‘unov S.T, Daniyarov B.X, Umaraliyeva M.A, Shodmonova Sh.S, Turg‘unova Sh.M, Tojiboyeva H.M. O‘qituvchilarning kasbiy mahorat va kompetentliligini rivojlantirish. – Toshkent: Sano-standart, 2012-yil.
3. Б. Тухлиев. Адабиёт (мажмуа) Т. “Баёз” 2016
4. И. Хожалиев . Нутқ системасининг психолингвистик талқинига доир; Фарғона-2002
5. К. Йўлдош, М. Йўлдош. Бадиий таҳлил асарлари Т. “Камалак” – 2016.
6. Н. Каримов, Б. Назаров, У. Норматов, К. Йўлдашев. Адабиёт (11-синф учун дарслик ) Т. “Ўқитувчи” -2004.
Материалы на данной страницы взяты из открытых источников либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.