SAVODXONLIK FANI.
Annotatsiya: Ushbu maqolada savodxonlik fani ya’ni – ona tili haqida so’z ketadi. Tub va yasama so’zlar, o’quvchilarda x va h harfli so’zlarni adashtirmay yozishlari uchun ularning yozma nutqiga bunday so’zlarni iloji boricha ko’proq olib kirishimiz kerakligi bayon etilgan.
Kalit so’zlar: ahil, totuv, inoq, ittifoq, kasb, vaqt, dam, payt, mushkul, sohil, daryo, ko’l, dengiz, ajoyib, antiqa, g’alati, zarar, nuqson, xalaqit, sof, toza, ozod, erkin.
Ona tili – milliy savodxonlik fanidir. Chunki biz o’quvchilarga bu fanni mukammmal o’qitish orqali ularning savodxonligiga erishishimiz mumkin. Ona tili fanini o’qitish mobaynida biz pedagoglar o’quvchilarga ona tilimizning tarixi, tilimizdagi so’zlarning xilma-xilligi, ularning yasalishi, tilshunosligimizning bo’limlari, so’zlarning boyish manbalari haqida ma’lumot berish bilan bir qatorda eng muhim bo’lgan jihat – imloviy savodxonligiga ham alohida e’tibor beramiz. Ona tili darsliklarida berilgan mavzulardagi qoidalarning deyarli barchasida ham imloviy savodxonlikka ham alohida e’tibor berilgan. Bu esa o’quvchi egallagan nazariy bilimlarini amaliyotga tatbiq etishiga yordam beradi. Shunday bo’lsa-da, ba’zan o’quvchilarning yozma nazorat ishlari: diktant, bayon, insho, tuzgan matnlarida bir qancha imloviy xatolar uchrab turadi. Ayniqsa, o’quvchilarda x va h harflari qatnashgan so’zlarni yozayotganlarida ikkilanishlari, o’ylanib qolishlari va hatto bu harflarning o’rnini almashtirib qo’yishlari achinarli holdir. Bunday holat biz pedagoglarni o’quvchilar yozma savodxonligi ustida yana-da ko’proq ishlashga, bunday so’zlarning to’g’ri yozilishini o’quvchilarga oson yo’llar bilantushuntirishga undaydi. Men bu borada o’z tavsiyalarim bilan o’rtoqlashmoqchiman.
Tilimizda x va h harflari qatnashgan so’zlar juda ko’p uchraydi. Bu so’zlarni qanday yozilishini alohida lug’at tarzida o’quvchilarga to’la-to’kis yodlatib chiqish amri mahol. Bu so’zlarni kerakli mavzularda o’z o’rnida ko’proq qo’llab imlosi tushuntirib ketilsa, o’quvchilar oson o’zlashtiradi.
Masalan x va h harflari bo’yicha 5-sinf “Ona tili” fanining o’quv rejasida “X, x va H,h harflari” mavzusiga bir o’quv soati ajratilgan, xolos. O’quvchi bu bir soat dars davomida barcha x va h harflari bilan yoziladigan barcha so’zlar haqida to’liq ma’lumotga ega bo’lolmaydi. Shunday ekan, bu mavzuni keyingi mavzularda tizimli ravishda o’rgatib borish o’quvchiga ancha yengillik bo’lardi. Masalan, shu darslikda “Paronimlar” mavzusini o’tishda x va h harflari qatnashgan so’zlarning izohi ko’proq berilishi ham yaxshi natija beradi. Masalan:
Ahil – totuv, inoq ittifoq,
Ahl – biror soha, kasb yoki ma’lum doiradagi kishilar
Mahal – vaqt, dam, payt
Mahol – amalga oshirish qiyin, mushkul
Sohil – daryo, ko’l, dengiz kabilar qirg’og’I, cheti
Sohir – ajoyib, antiqa, g’alati
Xalal – zarar, nuqson, xalaqit
Halol – sof, toza
Xalos – ozod, erkin
Xolos – faqat, faqatgina
Xam - egilgan, bukilgan
Ham – gap yoki gap bo’laklarini bog’laydigan, bog’lovchi yoki ko’makchi o’rnida keladigan so’z
Xat – yozilgan narsa maktub kabilar
Had – chegara, me’yor
Xiyol –sal, salgina, bir oz
Xayol – o’y, fikr
Hayal – qisqa vaqt, fursat, on
Xiyla – ancha, anchagina, ko’pgina
Hiyla – nayrang, firib
Xil-xil – xilma-xil, rang-barang
Hil-hil – ortiqcha ravishda pishib yetigan, keragidan ortiqcha pishgan; yumshoq.
Xol – badanda tug’ma ravishda bo’ladigan qora bo’rtma, nuqta, chiqiq
Hol – hol-ahvol – holat, vaziyat
Xo’rlik – xo’r so’zidan belgi oti
Hurlik – hur so’zidan belgi oti
Shox – butoq, shox-shabba
Shoh – podshoh, hokim
Halak – nihoyatda charchagan, qiynalgan azoblangan
Halok – halok bo’lmoq, o’lmoq, nobud bo’lmoq
“Ma’nodosh so’zlar” mavzusi bo’yicha:
Ahvol, holat, hol
Beixtiyor, ixtiyorsiz, bexosdan, bilmasdan
Yashirin, maxfiy, pinhon, xufiya
“Juft so’zlar” mavzusi bo’yicha:
Ahd-paymon, mehr-muhabbat, huzur-halovat, xotin-xalaj, xatti-harakat, xavf-xatar, hazil-mutoiba, xat-xabar, xilma-xil, bahs-munozara
“Zid ma’noli so’zlar” mavzusi bo’yicha:
Saxiy-baxil, halol-harom, xafa-xursand, alohida-birga, g’am-anduh, oqil-ahmoq, do’zax- jannat, zehnli- zehnsiz, haq-nohaq, obod- xarob, soxta-chin.
6-sinf Ona tili darsligida esa “Tub va yasama so’zlar” mavzusi berilgan. Ushbu mavzu mustahkamlash qismida asosida x va h harflari mavjud bo’lgan yozma nutqimizda faol ishlatiladigan baxt, gunoh, zahmat, xoh, hasham, rahm, yaxshi, xalq kabi so’zlardan asosdosh so’zlar yasash topshirig’i berilishi bilan ham ularning imlosi tushuntirib ketilsa bo’ladi.
6-sinf Ona tili fanining “Atoqli otlar va uning turlari” mavzusini o’tishda mustaqil topshiriq sifatida x va h harflari qatnashgan shahar, davlat, meva nomlarini kim ko’p yozish topshirig’ini berish orqali ham bunday so’zlarning imlosiyaxshiroq o’zlashtiriladi. Masalan:
Shahar va davlatlar: Xorazm, Hindiston, Xitoy, Dehli, Surxondaryo…
Mevalar: behi, xurmo, olxo’ri…
Yuqori sinflarda bu an’anani davom ettirishning eng qulay yo’li – nazorat ishi darslaridir. Yozma nazorat ishlari (diktant, bayon, insho) olingandan so’ng keyingi darsda nazorat ishi tahlili o’tkaziladi. Bu darsda ham x va h harfli so’zlarning imlosi haqida ishlashning qulay payti desam xato bo’lmaydi. Bunda o’zini o’zi baholash metodidan foydalanish mumkin. O’qituvchi bu darsda o’quvchilarning nazorat ishi matnlaridagi xatolar ustida ishlab bo’lgandan so’ng so’zlashuv uslubida nofaol, badiiy uslubda faol qo’llanadigan x va h harfli so’zlarni aytadi. O’quvchilar uni yozib bo’lganlaridan so’ng ekranda bu so’zlarning yozilishi ko’rsatiladi. O’quvchilar daftarlariga yozilgan so’zlarni ekrandan ko’rib o’zlari tekshiradi va baholarini o’zlari qo’yadi. Masalan: xarxasha, hoynahoy, hihilamoq, haytovur, hijjalamoq, hayhotday, hayfsan, hayhaylamoq, hassos, havoyi, xaxolamoq, xiradmand, xarjlamoq, paxmoq… kabi.
Xulosa o’rnida shuni aytishim mumkinki, o’quvchilarda x va h harfli so’zlarni adashtirmay yozishlari uchun ularning yozma nutqiga bunday so’zlarni iloji boricha ko’proq olib kirishimiz kerak. Buyuk pedagog aytganidek: “Takrorlash – bilimning onasidir”.
O’quvchilarning yozma nutqida bunday so’zlarni takrorlayversak, bu so’zlarni ular o’qib oladi. O’qitishdan asosiy maqsadimiz ham o’qitishdir. O’quvchi olgan nazariy bilimlarini amaliyotda qo’llay olmasa uni uqqan deya olmaymiz. Shuningdek oliy ta’lim muassasalarining kirish imtihonlari – test bloklari qatoriga ona tili fanidan yozma diktant olish taklifini kiritgan bo’lar edim.
Qachonki insonga talab qo’yilsagina shu talabni amalga oshirish uchun qunt bilan harakat qiladi. Shu usul bilan ham o’quvchilarning, qolaversa, bo’lajak kadrlarning yozma savodxonligini oshirgan bo’lar edik. Negaki, oliy ma’lumotli kadrlarning yozma savodxon bo’lishlari davr talabidir.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:
1. Umarova X. Qiziqarli gramatika.Toshkent 2002
2. Usmonova K. Adabiy ta’limda ilg’or pedagogik texnologiyalar.Toshkent2004
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.