Sun'iy intellekt: ongli robotlar haqida.
Intellekt tushunchasi ta'rif uchun bag‘oyat qiyin tushunchalar sirasiga kiradi. Uzoq asrlar davomida insoniyatning eng zehni o‘tkir ilm peshvolari intellektning aynan nima ekanligi haqida muttasil ilmiy-falsafiy munozaralar yuritib kelishgan. Lekin bundayin ilmiy bahslar qanchalik darajada keskin yoki murakkab bo‘lmasin, ularda o‘ziga xos mutlaq yakdillik bor edi: intellekt - insongagina xos bo‘lgan oliy tushuncha o‘laroq qaralardi. Basharti, biror adabiy yoki fantastik asarda insondan o‘zga mavjudod yoki narsaning ong va tafakkur sohibi bo‘lishi, qisqacha aytganda - intellektga egaligi haqida gap borsa hamki, bu o‘z nomi bilan badiiy to‘qima yoki, fantastik uydirmadan nariga o‘tmagan. Suqrotdan boshlab, Eynshteyngacha bo‘lgan davrlarda hatto eng yuksak zakovatli olimlarda ham intellektning sun'iy bo‘lishi mumkinligi haqida jo‘yali jiddiy ilmiy fikrning o‘zi bo‘lgan emas...
Biroq, XX-asrning dastlabki choragidan boshlab vaziyat butunlay o‘zgardi. Aniqrog‘i, insoniyat o‘z xizmati uchun elektron hisoblash mashinalari - kompyuterlarni joriy qila boshlar ekan, intellekt masalasidagi bahslar ham yangi o‘zanga burildi. Insoniyat o‘z qo‘li bilan yaratilgan intellektual mashinalar - kompyuterlar, robotlar va boshqa shunga o‘xshash mexanik-elektronik tizimlar tomonidan muayyan intellektual salohiyat taqozo etuvchi masalalarni mustaqil hal etishi, o‘zi qaror qabul qilishi va vaziyatga qarab o‘z hatti-harakatlarini muvofiqlashtira olishi mumkinligi kabi intellektual "hislatlari" bilan yuzma-yuz keldi. o‘shanda ilk bora intellektning yasama shakli, ya'ni - sun'iy intellekt haqidagi bahslar o‘rtaga chiqqan edi. Keling, ushbu maqolada biz ham yana bir bora o‘sha muhim va qiziq masalaga - sun'iy intellekt masalasiga murojaat etib ko‘ramiz.
Avvalo "sun'iy intellekt" tushunchasining o‘zi haqida. "Sun'iy" so‘zining ma'nosi ayon: u kelib chiqishiga ko‘ra tabiiy bo‘lmagan narsani, ya'ni, inson qo‘li bilan yaratilgan narsalarni nazarda tutadi. "Intellekt" so‘zini esa bundayin oson ta'riflashning imkoni yo‘q. Lug‘atlarda uning ma'nosi juda xilma-xil beriladi. Masalan, intellektni "qaror qabul qila olish qobiliyati", "anglash qobiliyati" kabi qisqa va lo‘nda ta'riflaridan tashqari, "bilish, idrok qilish va tahlil asosida, hamda, yig‘ilgan tajriba hamda ko‘nikmalar vositasida yangi vaziyatlarga moslasha olish" kabi uzundan uzoq ta'riflari ham bor. Ilmiy atama holidagi "sun'iy intellekt" tushunchasi esa ilk bora 1956-yilda, Stenford universitetida o‘tkazilgan ilmiy anjumanda inglizcha "artificial intelligence" (AI) tarzida ilm-fanga taklif qilingan edi. Shundan buyon mazkur tushuncha ilmiy jamoatchilik orasida mustahkam o‘rnashib qoldi.
Aytib o‘tganimizdek, sun'iy intellekt borasidagi jiddiy munozaralar ilk EHMlarning paydo bo‘lishi bilan ibtido oladi. Lekin yanada teranroq nazar tashlasak, intellektual masalalarni hal qilish vazifasini insondan boshqa obyetklarga yuklashga qaratilgan urinishlar ancha avvalroq - Paskal va Leybnitslar davridan boshlangan. Chunonchi Leybnits 1672 yilda mashhur golland olimi Gyugens huzurida mehmonda bo‘ladi va uning kun tartibining katta qismini, ilmiy tadqiqotlarning faqat matematik jihatiga tegishli bo‘lgan murakkab hisob-kitoblarni qo‘lda bajarish amaliyoti band qilayotganini ko‘radi. Leybnits Gyugensga achinish bilan shunday yozgan edi: "Bu shunday ajoyib odamlarga nomunosib holat; U boshqalarga, masalan, mashinaga ishonib topshirish mumkin bo‘lgan hisoblash ishlarini xuddi qullar kabi, o‘zi bajarmoqda...". E'tibor bering: Leybnits "qullar kabi" iborasini qo‘lladi. U uzundan-uzoq va hajman ulkan murakkab matematik hisoblash amallarini olimning qimmatli vaqtini band etmasdan, biror mashinaga topshirish mumkinligi va bu orqali olimning diqqat-salohiyatini ilm-fanning boshqa, yanada dolzarb masalalariga yo‘nalitirshga erishish kerakligini o‘ylab qolgan edi. Leybnits tez orada - 1694 yilda "arifometr" deb nomlangan o‘zining mexanik hisoblash mashinasini tayyorladi va uni ilm-fanga taqdim etdi.
Yuqoridagilardan tashqari, aksariyat iste’molchilarning robotlarga ishonch bildirmayotganligi SIning ommalashishiga halal berayotgan to‘siqlardan biridir. Odamlar o‘ziyurar mashina yoki samolyotlar xizmatini qabul qilishlari uchun biroz vaqt kerak, albatta. Biroq, zamonaviy texnologiya-lar qurshovida o‘sib-unayotgan yosh avlodda buning aksi bo‘lib, ularni bu jarayon u qadar havotirga solayotgani yo‘q.
Har qancha e’tiroz va tanqidlarga qaramay SI rivojlanishdan odamlarga yordam berishdan to‘xtamayapti. Ayniqsa, tibbiyotda uning ahamiyati tobora oshib bormoqda. Endilikda robotlar nisbatan murakkab jarrohlik amaliyotlarini ham uddasidan chiqishyapti. Robot-shifokorlarning tibbiyot hodimlari bilan o‘ziga xos hamkorligi samaradorlikni ancha oshirdi.
Medtronis kompaniyasi esa IBM bilan hamkorlikda qandli diabet kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun maxsus dastur ishlab chiqmoqda. Mazkur dasturiy ta’minot qon tarkibidagi qand miqdorining favqulodda tushib ketishini 3 soat avval aniqlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buning uchun shu kasallika chalingan 600 ta anonim bemorlarning tibbiy ma’lumotlari o‘rganib chiqildi. Bu endi odamlar o‘z salomatliklarini mobil qurilmalardagi maxsus dasturlar orqali muntazam nazorat qilib borish imkoniga ega bo‘lishadi deganidir.
Ko‘rib turganingizdek, SI ning hayotimizdagi o‘rni kundan-kunga chuqurlashib bormoqda. Ular insoniyatning yutug‘imi yoki mag‘lubiyati, degan savol ustidagi bahslar hali uzoq davom etadi. Eng muhimi, fantastik yozuvchi Ishoq Azimov ta’biri bilan aytganda, robotlarni yaratishda odamlarga zarar yetkazmaslik shior qilib olinishi kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati:
1. Ta’limda robotexnika va qo’shimcha darsliklar.
2. Ziyonet.uz
3. М.Aripov, B.Begatov va boshqalar"Axborot texnologiyalari"
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.