10-SINF. O’ZBEKISTON TARIXI
(1917–1991-yillar)
Haq olinur, berilmas.
M. Behbudiy
1917-yili Turkistonda muhim siyosiy o’zgarishlar yuz berdi. Mintaqa xalqlari mustamlakachilikning 50 yillik zulmiga qarshi milliy-ozodlik kurashini avj oldirib yubordilar. Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar Qori, Ubaydullaxo’ja Asadullaxo’jayev (Ubaydulla Xo’jayev), Mustafo Cho’qayev, Ahmad Zakiy, Validiy To’g’on kabi jadid taraqqiyparvarlari Turkistonga muxtoriyat maqomi berish uchun kurashdilar va siyosiy jarayonlarga faol aralashdilar. O’lka xalqlarining dastlabki ijtimoiy-siyosiy jamiyati — «Sho’roi Islomiya» tuzilib, u muxtoriyatchilik harakatining tepasida turdi. Bu paytda Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududida Yosh buxoroliklar va Yosh xivaliklar partiyasi a’zolari demokratik islohotlar o’tkazish uchun o’z faoliyatlarini kuchaytirdilar. Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo’jayev, Polvonniyoz hoji Yusupov ularning rahbarlari edi. Afsuski, 1917-yil noyabrda tashkil topgan Turkiston Muxtoriyati hukumati xalqimiz tarixidagi dastlabki demokratik hukumat bo’ldi, oradan ko’p o’tmay u mustabid sovet tuzumi va bosqinchi qizil askarlar tomonidan qonga botirildi. Hukumat faoliyat ko’rsatgan Qo’qon shahri vayron qilindi, tinch aholi qirg’inga duchor etildi. 1918-yil fevral oyida dastlab Qo’qon atroflarida boshlangan istiqlolchilik harakati tez orada butun Turkiston mintaqasiga tarqaldi. Farg’ona vodiysida Kichik va Katta Ergash, Madaminbek, Shermuhammadbek, Islom Pahlavon, Yormat Maxsum, Buxoroda Ibrohimbek, Anvar Poshsho, Mulla Abdulqahhor, Xorazmda Junaidxon kabi qo’rboshilar harakatga qo’mondonlik qilishdi.
Qariyb 75 yil davom etgan mustabid sovet tuzumi yillarida xalqimiz yuragida doimo bosqinchilarga nisbatan nafrat va qahr-g’azab jo’sh urdi.
Sovet tuzumiga qarshi kurash goh oshkora, goh pinhona shaklda davom etib, 1991-yil 31-avgustda vulqon kabi portladi. Yovuzlik imperiyasi bo’lgan qizil saltanat — SSSR quladi. O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining e’lon qilinishi o’tmishi kamida uch ming yilga borib taqaladigan o’zbek xalqi va davlatchiligi tarixida muhim voqea bo’ldi.
Xalqimizning 125 yillik orzusi ushaldi, u o’z mustaqil milliy davlatchiligini qayta tikladi. O’zbekiston mustamlakachilik zanjirini uloqtirib tashlab, mustaqil taraqqiyot yo’lini tanladi. O’zbekiston Respublikasi mustaqillikning dastlabki yillaridayoq jahon hamjamiyati davlatlari qatoridan o’z munosib o’rnini egalladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov haqli ravishda ta’kidlaganidek «Bu yillar tarixi — bu bizning tariximiz, xalq tarixidir. Tarixdan esa voz kechib bo’lmaydi».
25-MAVZU: O’ZBEKISTON XALQINING 1917—1924-YILLARDA
MUSTAQILLIK UCHUN KURASHI. RESPUBLIKANING TUZILISHI
25.1. Turkistonda istiqlol uchun kurashning g’oyaviy asoslari
Turkiston jadidlarining milliy manfaat uchun kurashish g’oyasi va mafkurasi to’g’risida. Jadidlarning milliy g’oyasida quyidagi ikki masala asosiy maqsad qilib qo’yilgan edi: a) xalqimizni dunyoning ma’rifatli millatlari darajasiga ko’tarish; b) Turkistonda milliy-demokratik davlat qurish.
Ota yurt — Turkistonga nisbatan cheksiz mehr-muhabbat tuyg’usi, uning kelajagi haqida o’ylar, Vatanning taraqqiyot yo’llari rejasini tuzish, Sharq va G’apb an’analarini birlashtirish jadidlarni bu yo’lga undagan muhim omillar hisoblanadi. Turkistondagi milliy harakatning asoschisi Mahmudxo’ja Behbudiy «Oyna» jurnalida quyidagicha yozgan edi: «qabilasining ismini va yetti otasining otini bilmayturg’onlarni «qulmarquq» derlar». Bu so’z keyinchalik mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov tomonidan «manqurt» nomi bilan qayta kashf etildi.
Behbudiy, Fitrat, Cho’lpon, Munavvar qori va boshqa taraqqiyparvar ziyolilarning asarlarida milliy g’oyaning asosiy bo’g’ini — Turkistondagi barcha mahalliy xalqlarini birlashtirish g’oyasi qizil ip bo’lib o’tganligini ko’ramiz. Bu holni Behbudiy quyidagicha ko’rsatgan edi: «Agarda biz Turkiston musulmonlari xohlasakki, din va millatimizni ittifoq etib, bugundan islohotga, ittifoqqa qadam qo’ysak ziyoli va taraqqiyparvarlarimiz, boy va ulamolarimiz birlashib, din va millat, vatan rivoji uchun xizmat etsak shunda biz boshqalarga qaram bo’lmaymiz».
Milliy taraqqiyparvarlar g’oyasining muhim tarkibiy qismlaridan yana biri tarixiy ongni rivojlantirish, tarixdan saboq chiqarish bo’lgan. Abdurauf Fitrat 1917-yilda bu haqda shunday yozgan edi: «Tarix millatlarning o’tmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini o’rganaturg’on ilmdir».
Turkistonning bu ilg’or ziyolilari Turkistondagi idora usuli, boshqaruv shakllari, davlatchilik nazariyasi va amaliyoti bilan faol shug’ullandilar. Yosh buxoroliklar, Yosh xivaliklar partiyalari, «Sho’roi Islomiya», «Sho’roi Ulamo», «Turon» va boshqa jamiyatlarning dasturlarida davlatchilik masalalariga alohida e’tibor berilgan edi. Bu jadidchilikning allaqachon ma’rifatdan siyosatga tomon yo’l tutganligini bildiribgina qolmasdan, balki jamiyatni tubdan o’zgartirish, yurtimizda mustaqillikka erishish uchun kurash boshlanganligini ham anglatar edi.
Istiqlol uchun kurash milliy g’oya asosi. 1917-yildagi voqealar jarayoni, «Rusiyada bosh ko’targan yangi bir balo — bolshevik balosi» (Fitrat) kuchlar nisbatini butunlay o’zgartirib yubordi. Mahmudxo’ja Behbudiy tomonidan o’rtaga tashlangan «Haq olinur, berilmas!» shiori butun millatning jangovar chaqirig’iga aylandi. Mustaqillik va ozodlik uchun, Turkistonda muxtoriyat o’rnatish uchun parlament yo’li orqali kurashgan Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklar tomonidan qonga botirildi. Turkistonda kommunistik mafkuraga tayangan mustabid sovet rejimi qaror topdi.
Bolsheviklar tomonidan nafaqat Rossiyada, balki uning «chekka o’lkasi» hisoblangan Turkistonda ham mustabid tuzum o’rnatildi. Sovet rejimi o’nlab xalqlar ustidan o’z hukmronligini zo’ravonlik yo’li bilan joriy qildi. Biroq milliy mafkura va milliy g’oya yurtimizda sovet tuzumi davrida ham o’lmadi, u yashashda davom etdi. Kommunistlar xalqimiz yuragidan, uning qalbi va tafakkuridan mustaqillik tushunchasini, milliy g’oya va milliy birlik haqidagi fikrlarni butunlay ildizi bilan sug’urib tashlashga intildi. Bosqinchilar o’z rejalarini amalga oshirish uchun qanchalik intilmasinlar, ular bunga uzoq vaqt muvaffaq bo’la olmadilar. Xalqimizning milliy g’oya va mafkuraga sadoqati Turkiston mintaqasida mustabid sovet rejimi va bosqinchi qizil armiyaga qarshi qaratilgan istiqlolchilik harakatida ayniqsa yaqqol namoyon bo’ldi. Sovet rejimi davrida qariyb 20 yil davom etgan bu harakat noto’g’ri talqin qilinib, unga «bosmachilik» deb tamg’a bosildi. Aslini olganda bu harakat ishtirokchilarining qahramonliklari, ulardagi Vatanga nisbatan bo’lgan jo’shqin mehr-muhabbat tuyg’usi, vatanparvarlik o’z xalqining taqdiri uchun qayg’urish kabi xislatlar bir buyuk g’oya — butun Turkistonning milliy istiqloli va mustaqilligi uchun kurash g’oyasida mujassamlashgan edi. Bu g’oya uchun qizil armiya qo’shinlari bilan bo’lgan janglarda Turkistonning yuz minglab o’g’lonlari qahramonona kurashdilar.
Afsuski, uzoq davom etgan kurashlardan so’ng Turkistondagi istiqlolchilik harakati mag’lubiyatga uchradi. Kommunistik mafkura milliy g’oyaga qarshi kurashda vaqtincha bo’lsa-da, muvaffaqiyatga erishdi. Buxoro va Xorazm Xalq Respublikalari hukumatlarining boshliqlari (Fayzulla Xo’jayev, Polvonniyoz Yusupov va boshq.) tomonidan o’tkazilayotgan milliy murosa va kelishuvchilik siyosati ham bolshevik rahbarlarning kuchli tazyiqlari natijasida o’zgartirildi. Kremldan yuborilgan Turkkomissiya, Turkbyuro, O’rta Osiyo byurosi kabi turli komissiya va partiya tashkilotlari amalda mintaqaning mutloq hukmdori bo’lishga intildilar va keyincha bunga muvaffaq ham bo’ldilar. Mustabid sovet rejimi tomonidan 20–30-yillarda O’zbekistonda o’tkazilgan dahshatli qatag’on millat gullarini, fidoyi va vatanparvar bobolarimizni vahshiyona qirib tashladi. Tarixan halokatga mahkum bo’lgan sovet rejimi mudhish qatag’on siyosatini keyinchalik ham izchil ravishda davom ettirdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimov ta’kidlaganidek, «Modomiki, o’z tarixini bilgan, undan ruhiy quvvat oladigan xalqni yengib bo’lmas ekan, biz tariximizni tiklashimiz, xalqimizni, millatimizni ana shu tarix bilan qurollantirishimiz zarur. Tarix bilan qurollantirish, yana bir bor qurollantirish zarur».
25.2. 1917-yilda O’zbekiston hududida ijtimoiy
va iqtisodiy ahvol.
Rossiyada 1917-yil voqealari va uning Turkistonga ta’siri
O’zbekiston hududida ma’muriy-boshqaruv tizimlari. Hozirgi O’zbekiston yerlari 1917-yilda Rossiya imperiyasining Turkiston o’lkasi, shuningdek, Buxoro amirligi hamda Xiva xonligi tarkibida bo’lgan. Turkiston o’lkasi Sirdaryo, Farg’ona, Samarqand viloyatlaridaga uyezdlar hamda volostlarning katta qismida, Buxoro amirligining markaziy va g’arbiy qismlarida, Xorazm vohasida aholining ko’pchiligini o’zbeklar tashkil qilgan. Bu yerlarda tarixan turli ma’muriy va siyosiy tizimlar tarkib topib kelgan.
Buxoro amirligi va Xorazmda hokimiyat va ma’muriy boshqaruv an’anaviy bo’lib, Buxoroda amir, Xivada xon hukmronlik qilardi.
Buxoro ma’muriy jihatdan bekliklarga, bekliklar esa amloklarga bo’lingan. Mamlakat poytaxti atrofidagi hududlar tumanlarga bo’linib, ularni amir nomidan qushbegi boshqargan. Beklar, qozilar, raislar, tumanlardagi amlokdorlar amir tomonidan tayinlangan. Yigirmadan ortiq bekliklardagi amlokdorlar va boshqa amaldorlarni bekning o’zi tayinlar edi. Mamlakatda budjet yo’q bo’lib, bojxona va soliqlardan kelgan mablag’lar amir xazinasiga tushardi. Beklar, qozilar o’z daromadlarining bir qismini har yili amirga tortiq qilish uchun sarflar edilar. Mamlakatda yotqizilgan qariyb 600 km. temiryo’l bo’yida Rossiya tasarrufida bo’lgan 20 ga yaqin rus shahar va qarorgohlari bor edi.
Xiva xonligi 20 ta beklik va viloyatlarga bo’lingan. Bundan tashqari Beshariq, va Qiyot-Qo’ng’irot noibliklari va xonning o’ziga qarashli yerlar (Xiva shahri) ham bor edi. Qushbegi va devonbegilar oliy mansabdor kishilar hisoblanganlar. Qo’shinga yasavulboshi qo’mondonlik qilgan. Iqtisodiy-savdo aloqalari karvon yo’llari va Amudaryo suv vositalari orqali amalga oshirilgan.
Xalq ommasining etnik va ijtimoiy tarkibi. Turkistonning Sirdaryo, Farg’ona Samarqand viloyatlarida aholi soni 5,5 mln. kishini tashkil etgan. Ularning 80 foizdan ko’prog’i qishloq joylarida, qolgan qismi shaharlarda yashagan. Buxoro amirligining aholisi 2,5 mln. dan ortiq, Xiva xonligi aholisi 500—550 ming kishi bo’lgan. Bu ikki mamlakatda qishloq aholisi ko’pchilikni tashkil qilardi.
O’zbekiston hududida yerli aholining asosiy qismini o’zbeklar tashkil qilgan. Bu yerda, shuningdek, tojiklar, qozoqlar, qoraqalpoqlar, turkmanlar, ruslar hamda chegaradosh yurtlardan kelgan turli millat vakillari ham yashardilar. Bunday sharoit uzoq davom etib kelgan mustamlakachilik siyosatining oqibati edi. Xiva xonligida o’zbeklar aholining 64% i, turkmanlar 27% ini tashkil qilganlar, shuningdek, aholi tarkibiga qozoqlar, qoraqalpoqlar kirganlar. 1917-yilga kelganda Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona viloyatlarida 330 ta rus qarorgohi bo’lib, ulardagi xo’jaliklar soni 16257 tani tashkil qilardi.
O’lka aholisining ijtimoiy tarkibida dehqonlar va hunarmandlar ko’pchilikni tashkil qilgan, ulardan keyingi o’rinlarda savdo-tijorat ahli, ziyolilar, ishchilar, ruhoniylar, ma’muriy idoralar xodimlari, madrasa talabalari turganlar. Dehqonlar uch toifaga — yirik xo’jaliklar egalari, o’rta hollar va kambag’al batraklar toifalariga mansub edilar. Masalan, 10 desyatinadan ortiq yeri bo’lgan baquvvat dehqonlar Samarqand viloyati va Toshkent uyezdida dehqonlar umumiy sonining 7% ini, Farg’ona viloyatida esa 2,4% ini tashkil qilganlar. Eng ko’p sonli o’rtahol va kambag’al dehqonlar bo’lgan.
Turkiston o’lkasining uch viloyatida 81241 nafar, Xiva xonligida 20 ming atrofida, Buxoro amirligida undan qariyb ikki baravar ko’p hunarmandlar faoliyat ko’rsatgan. Kasblariga qarab hunarmandlar guruhlar (sexlar)ga mansub bo’lib, har bir guruhni oqsoqol idora qilgan. Yollanma ishchilar soni Turkistonda 60 ming kishi atrofida bo’lib, Buxoro amirligida 3 mingga yaqin, Xiva xonligida 2 mingga yaqini yashar edi. Sanoat korxonalarida band bo’lgan ishchilar tarkibida o’zbeklar soni ancha ko’p, shuningdek, tojiklar va qirg’izlar ham bor edi. Ishchilar Turkistonning yirik shaharlarida, shuningdek, Yangi Buxoro (Kogon), Qiziltepa, Chorjo’y, Xivada joylashganlar.
Savdo-tijorat ahli, tadbirkor sarmoyadorlar, boshqaruv mahkamalarining xodimlari, ruhoniylar, ziyolilar ham ko’p ming kishilik jamoani tashkil qilganlar. Chunonchi, Farg’ona viloyatidagi 160 ta paxta tozalash zavodidan 110 tasi, Samarqand viloyatidagi 37 zavoddan 27 tasi yerli millatlar vakillari qo’lida edi.
Iqtisodiy munosabatlar, xo’jalik faoliyati. 1917-yili Turkiston o’lkasida 270 ta paxta tozalash zavodi bo’lib, ulardagi ishchilar soni 10849 kishini tashkil qilardi. Bularning ko’pchiligi Farg’ona viloyatida edi. Shuningdek, o’lkada tog’ sanoati, pillakashlik, ko’nchilik, spirtli ichimliklar va pivo, sovun, cho’yan eritish korxonalari, g’isht zavodlari — jami 300 ga yaqin korxonalar bo’lgan.
Qishloq aholisi paxtachilik, pillachilik, bog’dorchilik, chorvachilik bilan shug’ullangan. Buxoroning qorako’l terilari jahonda mashhur bo’lgan. Turkistonning uchta viloyatida paxta maydoni 466 ming desyatinaga borib yetdi, buning eng ko’pi — 226 ming desyatina yer Farg’ona viloyatiga to’g’ri keldi.
Turkistonda hunarmandchilik keng yoyilgan joylar Toshkent, Samarqand, Andijon, Qo’qon, Namangan, Marg’ilon shaharlari, Chust va boshqa aholi yashaydigan markazlar edi. O’lkada, umuman, O’zbekiston hududida hunarmandchilik an’analari uzoq vaqtlardan davom etib kelgan, bunda ishlab chiqarilgan ko’pgina hunarmandchilik buyumlari sifat va ko’rinish jihatidan san’at asarlari darajasida bo’lgan. Shuning uchun qator mahsulotlar, chunonchi, Chust qilich, xanjar, pichoqlari, Marg’ilon atlaslari, tilla baldoq va taqinchoqlar, zardo’zlik buyumlari chet ellarga olib ketilgan, ajnabiy tujjorlar uchun xaridorgir bo’lib kelgan.
O’zbekistonning ichki savdosi, uning tarkibiy qismlari o’rtasida iqtisodiy aloqalar ham avj oldi. Bunda temiryo’lning ahamiyati tobora kuchaydi. Farg’ona vodiysida to’qilgan turli xil matolar, xususan, xonatlas, yasalgan asil pichoqlar, tikilgan do’ppilar chiroyi va sifati bilan ajralib turardi. Buxoro yagona zardo’zlik markazi bo’lib dong taratdi.
Chet davlatlar bilan iqtisodiy aloqalar jarayonida O’zbekiston hududiga yangi mollar, ya’ni gazlamalar, metall, tikuv mashinalari, shuningdek, yog’och-taxta, g’alla keltirish yo’lga qo’yildi. O’zbekiston savdogarlari Eron, Afg’oniston, Qashg’ar, Hindiston va boshqa davlatlar bilan aloqa qilganlar.
Ammo chor Rossiyasining mustamlakachilik siyosati oqibatida O’zbekistonda yetishtirilgan xomashyolarni asosan rus savdogar va sanoatchilari olib ketar edilar. Turkistonga g’alla, temir buyumlar esa Rossiyadan keltirilardi. Jahon urushining ta’siri natijasida Rossiya bilan aloqalar ancha qisqardi, bu esa muayyan qiyinchiliklar tug’dirdi.
Rossiyada 1917-yil voqealari. Rossiyaning birinchi Jahon urushi (1914–1918)da qatnashishi, frontlardagi mag’lubiyatlar jiddiy xo’jalik qiyinchiliklari, ijtimoiy-siyosiy inqiroz va tub o’zgarishlarga olib keldi. Imperiyaning urushga jiddiy tayyorgarligi bo’lmagani sababli oziq-ovqat va boshqa zaxiralar tez orada tugadi. Ishlab chiqarish qisqardi. Katta yer maydonlari ekilmasdan qoldi. Soliqlar oshib bordi. Shahar aholisi, ishchilar oziq-ovqat yetishmasligidan qiynaldilar. Ish tashlashlar, dehqonlar g’alayonlari tobora kuchaydi. 1916-yil qo’zg’oloni ham urushdan, mustamlakachilik zulmidan norozilik ko’rinishi edi. Frontdagi mag’lubiyatlar va mamlakatdagi inqirozga podsho hukumati va boshqaruv tizimi aybdor qilindi. Faqat «pastdagilar» emas, balki «yuqoridagilar» ham o’zgarishlar muqarrar ekanini tushundilar. Petrograd, Moskva, ko’plab sanoat rayonlarini ommaviy ish tashlashlar qopladi. Podsho, uning vazirlari layoqatsizlik ko’rsatdilar. Bunday sharoitda IV Davlat dumasi deputatlari ahvolni o’zgartirishga kirishdilar. Fevral oyi oxiridagi voqealar natijasida Nikolay II taxtdan voz kechdi. Podsho hokimiyati tugadi.
Mamlakatda 2 ta hokimiyat — qo’sh hokimiyatchilik paydo bo’ldi: IV Davlat dumasi deputatlari Muvaqqat hukumat tuzdilar, shuningdek, ishchi, soldat, dehqon deputatlari Sovetlari tuzildi. Bunday hol 1917-yil oktabr oyi oxirlarigacha davom etdi. Muvaqqat hukumat demokratik erkinliklarni joriy etishni e’lon qildi. Biroq mamlakatdagi inqiroz shunchalik og’ir ediki, noroziliklar kuchayib bordi. Ayniqsa, urushni davom ettirish siyosati aholi g’azabini qo’zg’atdi. Urushdan odamlar azob chekmoqda edilar. Bunday ahvoldan foydalanib, 1917-yil 25-oktabrda (yangi sana bilan 7-noyabr) bolsheviklar, mensheviklar va «so’l» eserlar bilan birga davlat To’ntarishini amalga oshirdilar va hokimiyatni qo’lga oldilar.
Jahon urushi qiyinchiliklari, Rossiyadagi 1917-yil voqealari Turkiston, umuman, O’rta Osiyo xalqlari hayotiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi.
Bolsheviklarning Toshkentda hokimiyatni egallashi. O’lkada yuz bergan oziq-ovqat tanqisligidan bolsheviklar foydalanib, 1917-yil kuzida Sovetlar hokimiyatni qo’lga olish masalasini ilgari surdilar. Ular ishchi va soldatlar boshdan kechirgan qiyinchiliklar, noroziliklarni o’z manfaatlariga qaratib bordilar. Bolsheviklarga boshqa so’l guruhlar, harbiy asirlar, frontdagi kommunistlar qo’shildilar.
Oktabr oyining ikkinchi yarmida Toshkentda norozilik yig’ilishlari va mitinglar avj olib ketdi. Petrogradda qurolli to’ntarish ro’y bergani, Muvaqqat hukumat ag’darilgani, hokimiyatni bolsheviklar qo’lga olgani to’g’risidagi xabar Toshkentga yetib keldi. Turkiston bolsheviklari rahbarlik qilgan Toshkent soveti ishchi va soldatlarni qo’zg’olon ko’tarishga da’vat qildilar. Lekin general Korovichenkoga sodiq qolgan qismlar bunga qarshilik ko’rsatdilar. 1917-yil 28-oktabrda Toshkentning yangi shaharida qurolli to’qnashuvlar avj oldi. Qo’zg’olonchilar general qismlaridan ustun keldilar. 1-noyabrda Toshkent harbiy qal’asi taslim bo’ldi, shu kun qurolli qo’zg’olon g’alaba qozondi, deb e’lon qilindi.
1917-yil 15-noyabrda ish boshlagan o’lka ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining III qurultoyi tortishuvlar oqibatida hukumat — Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Sovetini tuzdi, unda 8 ta o’rin so’l eserlarga, 7 o’rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berildi. Biroq faqat yevropaliklardan iborat hukumat tuzildi. Turkiston XKS raisi lavozimini kasbi chizmachi bo’lgan bolshevik F. Kolesov egalladi, harbiy komissar qilib izvoshchi Parfilev, boshqa komissarlik lavozimiga o’rtamiyona yurist va shunga o’xshaganlar tayinlandilar. Hukumat a’zolari qatoriga tub aholi vakillaridan kiritilmadi. 1917-yil kuzda o’lkadagi so’l bolshevistik doiralar, ular tuzgan hukumat, bir tomondan kolonial-shovinistik, ikkinchi tomondan esa inqilobiy-sinfiylik siyosati va bu boradagi amaliy ishlarni boshlab yubordi.
25.3. Turkiston Muxtoriyati – tub yerli xalqlar davlatchiligi tarixida yangi bosqich
Turkistonda muxtoriyat uchun kurash. 1917-yil boshlarida Petrogradda bo’lib o’tgan voqealar ta’siri ostida Turkistonda yangi jamiyat kurtaklarini shakllantirish uchun harakat boshlanib ketdi. Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida o’lka muxtoriyati masalasi asosiy masala bo’lib qoldi. Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g’oyasi nafaqat demokratik ziyolilar orasida, hatto oddiy odamlar o’rtasida ham ancha ommalashgan edi.
1917-yilning mart-aprel oylari o’lkaning siyosiy uyg’onishida burilish davri bo’ldi. Turkiston jadidlari, milliy ziyolilar va islom ulamolarining yetakchilari bo’lgan Mahmudxo’ja Behbudiy (1875—1919), Munavvar qori Abdurashidxon o’g’li (1878—1931), Ubaydulla Xo’jayev (1882—1938), Abdurauf Fitrat (1886—1938), Fayzulla Xo’jayev (1896—1938), Mustafo Cho’qayev (1890–1941), Muhammadjon Tinishboyev (1879–1939), Sherali Lapin (1868—1919), Ahmad Zakiy Validiy To’g’on (1890—1970), Obidjon Mahmudov (1858—1936), Toshpo’latbek Norbo’tabekovlar o’lkada yangi tashkil qilingan «Sho’roi Islomiya» (1917-yil, mart), «Sho’roi Ulamo» (1917-yil, iyun), «Turon» jamiyatlari va «Turk Adami Markaziyat (Federalistlar) firqasi» (1917-yil, iyul), «Ittifoqi muslimin» (1917-yil, sentabr) siyosiy partiyalarining tuzilishida muhim rol o’ynadilar.
Jadidchilik 1917-yilda ma’rifatchilik harakatidan siyosiy harakat darajasiga allaqachon ko’tarilgan edi. O’sha 1917-yilning o’zida to’rt marta Butunturkiston musulmonlari qurultoyi o’tkazildi. 1917-yil 16–23-aprelda Toshkentda bo’lgan I qurultoyda demokratik Rossiya tarkibida Turkiston Muxtoriyatini tashkil etish g’oyasi olg’a surildi. Bu g’oya Turkiston xalqlarining o’z milliy davlatchiligini tiklash yo’lidagi dastlabki qadami edi.
Butunturkiston musulmonlar I qurultoyining so’nggi majlisida Markaziy rahbar organ — Turkiston o’lka musulmonlari kengashi (Kraymussovet) tashkil etilishi haqida qaror qabul qilindi. Uni tuzishdan asosiy maqsad milliy-ozodlik harakatiga tashkiliy va markazlashtirilgan xususiyat kasb etish uchun bir-biri bilan tarqoq aloqada bo’lgan jamiyat, qo’mita va ittifoqlarni birlashtirish edi. Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashiga Mustafo Cho’qayev rais, Zakiy Validiy bosh kotib, Munavvar qori, Behbudiy, O. Mahmudov, U. Xo’jayev, T. Norbo’tabekov, Islom Shoahmedov va boshqalar a’zo qilib saylandi. Munavvar qori va Sadriddinxon afandi boshchiligida Toshkent qo’mitasi tuzildi. Shuningdek, Behbudiy rahbarligida Samarqand va Nosirxon To’ra yetakchiligida Farg’ona bo’limi ham tashkil topdi. Markaziy Sho’roning organi sifatida «Najot» (muharriri — Munavvar Qori), keyinchalik «Kengash» (muharriri — Validiy va Munavvar qori) gazetalari chiqa boshladi.
Asr boshidan buyon davom etayotgan «jadid-qadim» nizolari demokratik harakat saflarida parchalanish yuz berishiga olib keldi. Ma’lumki, 1917-yil 13-martda Toshkentda «Sho’roi Islomiya» tashkil topgan edi. Aksariyati jadidlardan iborat bu tashkilot a’zolari Turkiston mustaqilligi uchun kurash olib bordilar. 1917-yil iyun oyida Munavvar qori boshchiligidagi «Sho’roi Islomiya»dan «Sho’roi Ulamo» ajralib chiqdi. Sherali Lapin uning Toshkent sho’basiga asos soldi. Oradan ko’p vaqt o’tmay Qo’qon shahrida ham «Sho’roi Ulamo» jamiyati tuzildi. Lekin ikki jamiyat o’rtasida g’oyaviy kelishmovchiliklar mavjud bo’lib, ular bir-biri bilan kelisha olmasdilar. Chunki «Sho’roi Ulamo» jamiyati o’z dasturida islom dinining an’anaviy asoslari bo’yicha ish ko’rishini ma’lum qilsa-da, aslida Lapin boshchiligidagi Toshkent ulamochilari avval rus monarxiyasi, so’ngra bolshevizm g’oyalari bilan o’z harakatlarini muvofiqlashtirishga behuda urindilar. «Sho’roi Ulamo» jamiyati o’z maqsadlari targ’iboti uchun «Al-Izoh» jurnalini chiqara boshladi (muharriri — Abdumalik hoji Nabiyev). Har ikki jamiyat o’rtasidagi g’oyaviy kurashni o’sha davr voqealarining shohidi bo’lgan M. Cho’qayev keyinchalik shunday xotirlaydi: «Ulamo Jamiyati» va «Sho’roi Islomiya» o’rtasidagi kelishmovchilik bizning umumiy kurashimizni zaiflashtirmoqda va ishlarimizni chuvalashtirmoqda edi. Ikkinchi tarafdan, «Ulamo Jamiyati»ning siyosiy programmasi milliy harakatimizning ochiq dushmanlariga bizga qarshi qurol bermoqda edi».
1917-yil 10-sentabrda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining II qurultoyi ochildi. «Sho’roi Islomiya» tashabbusi bilan chaqarilgan ushbu qurultoy hokimiyatni ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlariga berishga qarshi chiqdi. Ushbu qurultoyda qabul qilingan rezolyutsiyalarda milliy demokratiya o’zi tutadigan yo’lning muhim asoslarini birinchi marta qat’iy qilib aytdi: hukumat demokratik siyosat yurgizadigan bo’lsa, ana shundagina musulmonlar bu hukumatda ishtirok etadilar. Ikkinchi qurultoyda faqat Milliy Markaz — Turkiston musulmonlari Markaziy Kengashi mintaqadagi tub yerli aholi manfaatlarini himoya qilishi mumkin, degan fikr qat’iy qilib qo’yildi.
1917-yil 17—20-sentabrda Toshkentda bo’lib o’tgan Turkiston va Qozog’iston musulmonlarining qurultoyi «ulamochilar» bilan «sho’roi islomchilar» o’rtasidagi uzoq va qiziq bahslarga qaramay, nihoyat, kelishish va murosa yo’lini topdi. Qurultoyda «Sho’roi Islomiya», «Sho’roi Ulamo», «Turon» va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yo’li bilan butun Turkiston mintaqasi uchun umumiy bo’lgan «Ittifoqi muslimin» degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi.
Qurultoy ishidagi asosiy masala Turkiston o’lkasining bo’lajak siyosiy tuzumini belgilash edi. O’sha paytda Toshkentda nashr qilingan «Ulug’ Turkiston» gazetasida yozilishicha, «Qurultoy Mulla Muhammadxo’ja eshon va Mulla Siddiqxo’ja eshonlarning boshqaruv shakli haqidagi nutqlarini tinglab, duoyu ijobat ila Turkiston Muxtoriyatini tayin etishga jazm qildi». Qurultoy muxtoriyatga «Turkiston Federativ Respublikasi» degan nomni qo’yib, parlament respublikasi asosida tuzilajak bo’lgusi davlat tuzumining bosh tamoyil va me’yorlarini belgilab berdi.
Turkiston muxtoriyati hukumatining tashkil topishi va uning faoliyati. Siyosiy partiyalar tuzilishi, ular tomonidan dasturiy hujjatlar qabul qilinishi Turkistonda milliy harakatning keng quloch yoyganidan dalolat berar edi. Biroq, Petrograddagi oktabr to’ntarishi oqibatida 1917-yil oktabr-noyabr oylarida Turkiston o’lkasida, xususan, Toshkent va Qo’qonda yuz bergan voqealar milliy-ozodlik harakatini butunlay boshqa yo’nalishdan ketishga majbur qildi.
1917-yil 26–28-noyabrda (yangi hisob bilan 9–11-dekabrda) Qo’qon shahrida Turkiston o’lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi bo’lib o’tdi. Qurultoy ishining butun tafsilotlari o’sha davr gazetalariga tarix uchun muhrlab qo’yilgan.
Qurultoyda 1917-yil 27-noyabr (yangi hisob bilan 10-dekabr) kuni kechqurun qabul qilingan qarorda shunday deyiladi: «Turkistonda yashab turgan turli millatga mansub aholi Rossiya inqilobi da’vat etgan xalqlarning o’z huquqlarini o’zlari belgilash xususidagi irodasini namoyon etib, Turkistonni Federativ Rossiya Respublikasi. tarkibida hududiy jihatdan muxtor deb e’lon qiladi, shu bilan birga muxtoriyatning qaror topish shakllarini Ta’sis majlisiga havola etadi». Qurultoy Turkistonda yashab turgan milliy ozchilik huquqlarining muttasil himoya qilinishini tantanali ravishda e’lon qildi.
28-noyabr (11-dekabr)da tarkib topayotgan mazkur davlatning nomi aniqlanib, Turkiston Muxtoriyati deb ataladigan bo’ldi. Qurultoy o’sha kungi yig’ilishda Butunrossiya Ta’sis majlisi chaqirilgunga qadar hokimiyat Turkiston Muvaqqat Kengashi va Turkiston Xalq (Millat) Majlisi qo’lida bo’lishi kerak, deb qaror qabul qildi.
Qurultoyda Turkiston Muvaqqat Kengashi a’zolaridan 8 kishidan iborat tarkibda Turkiston Muxtoriyati hukumati tuzildi. Hukumatning Bosh vaziri hamda ichki ishlar vaziri etib Muhammadjon Tinishboyev saylandi. Islom Sulton o’g’li Shoahmedov — Bosh vazir o’rinbosari, Mustafo Cho’qayev — tashqi ishlar vaziri, Ubaydulla Xo’jayev — harbiy vazir, Hidoyatbek Yurg’uli Agayev — yer va suv boyliklari vaziri, Obidjon Mahmudov — oziq-ovqat vaziri, Abdurahmon O’rozayev — ichki ishlar vazirining o’rinbosari, Solomon Abramovich Gersfeld — moliya vaziri lavozimlarini egallashdi. Hukumat tarkibida keyinchalik ayrim o’zgarishlar yuz berdi. M. Cho’qayev Bosh vazir lavozimini bajarishga kirishdi. Vazirlardan uch kishi oliy ma’lumotli huquqshunos, ikki kishi o’rtacha malakali huquqshunos ekanligi Muxtoriyat hukumati a’zolari bilim darajasining naqadar yuqori ekanidan dalolat beradi.
Qurultoy tugagach, 1-dekabrda Turkiston Muxtoriyatining Muvaqqat hukumati a’zolari (8 kishi) imzolagan maxsus Murojaatnoma e’lon qilindi. Ushbu Murojaatnomada Turkistondagi barcha aholi irqi, millati, dini, jinsi, yoshi va siyosiy e’tiqodlaridan qat’iy nazar, yakdillik va hamjihatlikka da’vat etilgan edi.
Oradan ko’p o’tmay Millat Majlisi tomonidan tasdiqlangan qonunlar e’lon qilindi, shuningdek, yangi hukumat mamlakat Konstitutsiyasini tayyorlash uchun taniqli huquqshunoslarni jalb qildi. «El bayrog’i», «Birlik tug’i», «Svobodniy Turkestan», «Izvestiya Vremennogo Pravitelstva Avtonomnogo Turkestana» kabi hukumat gazetalari o’zbek, qozoq va rus tillarida nashr qilina boshlandi. Avval chiqayotgan «Ulug’ Turkiston» gazetasi ham o’z sahifalarida Muxtoriyat hukumati faoliyatiga alohida o’rin bera boshladi. Nashr ishlarini yaxshilash uchun O. Mahmudovning bosmaxonasi hukumat ixtiyoriga o’tdi. Muxtoriyat hukumati milliy qo’shinni tashkil qilishga kirishdi. 1918-yil boshida bu qo’shin saflarida bir mingdan ortiq askar bo’lgan. Harbiy vazir Ubaydulla Xo’jayev ishtirokida o’tkazilgan ko’rik-parad vaqtida askarlar soni 2000 kishiga yetgan. Bundan tashqari Qo’qonda taxminan shuncha mirshablar bor edi. Hukumat iqtisodiy sohada 30 million so’m miqdorida ichki zayom chiqarishni yo’lga qo’ydi. Turkiston aholisiga Orenburg orqali g’alla keltirish muammosini hal qilish uchun ham amaliy qadamlar tashladi.
Turkiston muxtoriyatiga jamoatchilikning munosabati. Muxtoriyatning tarixiy ahamiyati. Turkiston Muxtoriyati hukumati qisqa muddat ichida xalq o’rtasida katta e’tibor qozondi. Yangi hukumat faoliyati faqat Qo’qonda yoxud Farg’ona vodiysida emas, balki butun Turkiston mintaqasida yashayotgan tub yerli xalqdar tomonidan qo’llab-quvvatlandi. Fitrat, Cho’lpon, Hamza Muxtoriyat hukumatini alqab, o’tli she’rlar bitishdi. Fitrat Muxtoriyat e’lon qilingan 27-noyabr (10-dekabr) tunini «Milliy Laylatul qadrimiz» deb atadi. Alloma Fitratning bu so’zlarida olam-olam ma’no mujassamlashgan.
Turkiston o’lkasining turli shahar va qishloqlarida muxtoriyatni olqishlab, ko’p ming kishilik namoyishlar bo’lib o’tdi. 1-dekabrda Namangan uyezdida 100 ming kishi qatnashgan namoyish bo’ldi. O’sha davrda chiqqan gazetalarning yozishicha, namoyish qatnashchilarining bayroqlarida «Yashasin Muxtoriyatli Turkiston va uning hukumati!» deb yozilgan so’zlar hilpirab turardi.
Samarqandda bo’lib o’tgan viloyat soveti syezdida yig’ilganlar Turkiston Muxtoriyatiga qo’shilishga qaror qildilar va Millat Majlisi tarkibiga 5 vakil sayladilar.
«Ulug’ Turkiston» gazetasining yozishicha, 1917-yil 6-dekabrda Toshkentda 60 ming kishi ishtirok qilgan miting o’tkazildi. Munavvar qori rahbarligida uyushtirilgan bu miting qatnashchilari Muxtor Turkiston hukumatini bir ovozdan ma’qulladilar va Turkistonda endi ushbu muvaqqat hukumatdan boshqa hech qanday hukumatni tan olmaslikka qaror qilganliklarini e’lon qildilar.
Turkiston xalqining muxtoriyat uchun olib borgan kurashida 1917-yil 13-dekabrda bo’lib o’tgan fojiali voqealar muhim o’rin tutadi. O’sha kuni Toshkentda eski shahar aholisi «Muxtor Turkiston uchun!» shiorlari ostida tinch bayram namoyishini o’tkazdilar. Ammo Toshkent sovetidagi bolsheviklar shaharda qurolli kuch bilan tartib o’rnatishga buyruq berdilar. Oqibatda tinch namoyish qatnashchilari pulemyotdan o’qqa tutildi, eski shaharlik 16 kishi ana shu to’qnashuv qurboni bo’ldi.
Lekin o’lkadagi bolshevikcha rejimning bunday tazyiqlariga qaramay, Muxtoriyat hukumatini qo’llab-quvvatlash davom etaverdi. Turkiston Muxtoriyatiga munosabat masalasi 1917-yil 26–30-dekabrda (1918-yil 8–12-yanvarda) Qo’qon shahrida bo’lib o’tgan yerli ishchi, askar va dehqon deputatlari I favqulodda qurultoyining diqqat markazida bo’ldi.
Qurultoy ochilishini Turkiston o’lka harbiy Sho’rosi rahbari Orif Klivleyev qutladi. Muvaqqat Millat Majlisi nomidan Islom Shoahmedov va boshqalar ham qurultoyni tabrikladilar. Faqat bolsheviklar partiyasining vakili, o’lka mehnat komissari P. Poltoratskiy qurultoyda dag’dag’ali ohangda so’zlab, xalqimiz tarixidagi ilk demokratik hukumatni «boylar muxtoriyati» deb tuhmat qildi. «Biz kambag’allar muxtoriyatiga qarshi emasmiz», deb Poltoratskiy munofiqlik qildi. Qurultoy vakillarining ko’pchiligi Poltoratskiyning bunday ig’vo va aldovlariga uchmadilar. 30-dekabrda Turkiston Muxtoriyati hukumatini qo’llab-quvvatlash, shuningdek, Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Sovetiga ishonchsizlik bildirish to’g’risida rezolyutsiya qabul qilindiki, bu hol qurultoy qatnashchilari siyosiy ongining yetuklik darajasidan nishona edi. Rezolyutsiyada quyidagi fikr alohida ta’kidlanardi:
«1) Turkiston o’lkasi Xalq Komissarlari Soveti barcha aholi, ayniqsa, musulmonlar xohish-istaklarining ifodachisi emasligini;
2) Turkiston o’lkasi xalqlari irodasi ikki qurultoyda muxtoriyat e’lon qilinganda ifodalanganligini;
3) Turkistonda yagona hukumat organi butun musulmonlarning qurultoyida tashkil topgan va musulmon ishchi, askar va dehqonlarning qurultoyida to’ldirilgan Turkiston Muxtoriyati hukumati ekanligini e’tiborga olish».
Turkiston muxtoriyatining tor-mor qilinishi. Qo’qondagi ommaviy qirg’inlar. Muxtor hukumatning xalq orasidagi obro’-e’tibori va nufuzi bolsheviklarni tashvishga solib qo’ydi. 1918-yil 19–26-yanvar (1–8-fevral)da Toshkentda bo’lgan Turkiston o’lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining favqulodda IV qurultoyida muxtoriyat masalasi asosiy o’rinda turdi. Qurultoyda bolsheviklar fraksiyasi tomonidan so’zga chiqqan Toshkent sovetining raisi I. Tobolin surbetlarcha shunday dedi: «Muxtoriyatni hayotga tatbiq etish uchun hali vaqt erta. Chunki biz bu ishni amalga oshirsak muxtoriyatning birinchi sharti sifatida rus qo’shinlari o’lkadan chiqib ketishi kerak bo’ladi». Qurultoy Turkiston Muxtoriyati hukumati va uning a’zolarini qonundan tashqari holatda deb, hukumat a’zolarini qamoqqa olish to’g’risida qaror chiqardi. Bolsheviklar bu qabih va mudhish «hukm»ni amalga oshirishga zudlik bilan kirishdilar.
Atigi uch kun o’tgach, 30-yanvar (12-fevral)da Turkiston XKS Muxtoriyat hukumatini tugatish uchun harbiy harakatlarni boshladi. Turkiston bolsheviklari buning uchun qizil askarlardan tashqari armanlarning «Dashnoqsutyun» partiyasi a’zolaridan tuzilgan qurolli to’dalardan ham keng foydalandi. 30-yanvar kechqurun Skobelev (hozirgi Farg’ona) shahridan Qo’qonga dastlabki qizil askar otryadlari to’p va pulemyotlar bilan yetib keldi. Bu otryadning komandiri K. Osipov edi. 31-yanvar (13-fevral) ertalab Andijondan va sal keyinroq Perovskdan ham qizil askarlar yetib keldilar. «Ulug’ Turkiston» gazetasida yozilishicha, 31-yanvar tushdan keyin jang harakatlari boshlandi. 15-fevral (eski hisob bilan 2-fevral)da esa shaharda yong’inlar bo’ldi.
Dastlabki jangda Muxtoriyatning milliy qo’shinidan tashqari Qo’qonlik aholi vakillari ham qatnashdi. Asosan bolta, cho’kich, tayoq ko’targan xaloyiqning soni 10 ming kishiga yetdi. Shunga qaramay, qurolsiz bu kishilar qizil askarlarning Qo’qon shahriga hujumini uch kun davomida mardonavor qaytardilar.
Shu kunlarda Muxtoriyat hukumati ichida ham ziddiyatlar kuchaydi. Hukumat a’zolarining bir qismi Qo’qon yangi shahar bolsheviklari yuborgan ultimatum asosida ular bilan muzokarani davom ettirishni yoqlab chiqdi. Aslida muzokaralar dastlab qon to’kilishi oldini olish maqsadida 30-yanvar (12-fevral)da boshlangan bo’lib, muxtoriyatchilar bolsheviklarga o’z talablarini bayon qilishgan edi. Ammo Qo’qon revkomi (inqilobiy qo’mitasi) qonuniy hukumatning qal’ani bo’shatib qo’yish haqidagi adolatli talabiga rozi bo’lmagach, u o’z-o’zidan to’xtab qoldi. 17-fevralda bolsheviklar o’z talablari asosida qayta muzokara boshlashni taklif qildilar. Tabiiyki, ularning Muxtoriyat hukumati rahbarlarini sovetlarga topshirish kabi shovinistik talablarini Muxtoriyat hukumati rad qildi. 18-fevralda bolsheviklar Muxtoriyat hukumati sovet hokimiyatini tan olishi va unga bo’ysunishi, milliy qo’shinni tarqatib yuborishi kerak degan yangi talablar qo’ydilar. Bu safar ham ularga rad javobi berildi. Shu orada muxtoriyatchilar qatorlarida parokandalik yuz berdi. Baxtga qarshi o’sha 18-fevralda M.Cho’qayev hukumati ulamochilarning tazyiqi bilan iste’foga chiqdi. Vazirlarning ba’zilari Qo’qonni tark etishga majbur bo’ldi. Hukumatning boshqa a’zolari esa bolsheviklar tomonidan keyinchalik qo’lga olindi.
Qo’qon shahar mirshablari boshlig’i Ergash (Kichik Ergash) 18-fevraldan boshlab amalda Muxtoriyat hukumatining rahbariga aylandi. Turkiston o’lkasi harbiy komissari Ye.Perfilev boshchiligidagi piyoda, otliq va artilleriya qismlaridan iborat 11 eshelon Qo’qonga keldi. Qizil askarlar shaharda bosqinlar uyushtirib, uni talon-toroj qilishga kirishdilar. Shahar ustiga uch kun davomida to’plardan yondiruvchi snaryadlar otildi. Muxtoriyat qo’shinining tirik qolgan qismi shahardan chiqib ketdi. Turkiston Muxtoriyati hukumati bolsheviklarning qonli hujumlari oqibatida ag’darib tashlandi. Ammo Qo’qon va uning atroflaridagi tinch aholini talash, o’ldirish avjga chiqdi. Faqat Qo’qonning o’zida uch kun davomida 10 ming kishi o’ldirildi. Sobiq xonlik poytaxti bo’lgan Qo’qon shahri butkul vayronaga aylantirildi.
«Ulug’ Turkiston» gazetasi chuqur qayg’u bilan xabar berganidek, «20 (7)-fevral Ho’qand (Qo’qon) tarixining eng dahshatli kuni edi. Armanilar ayricha faoliyat ko’rsatganlar...» Gazetadagi ushbu maqola «Ho’qand hozir o’liklar shahri» degan dahshatli ibora bilan tugaydi.
Nihoyat, 1918-yil 22 (9)-fevralda Qo’qon shahridagi Rus-Osiyo banki binosida bolsheviklar tomonidan tayyorlangan «Tinchlik shartnomasi» imzolandi. Ushbu shartnomaning ikkinchi moddasida: «Aholi o’lka Xalq Komissarlari Soveti hokimiyati va barcha mahalliy sovet tashkilotlarini tan oladi», deb yozilgan edi. Ha, o’qqa tutilgan, o’ldirilgan, talangan va tahqir etilgan Qo’qonliklarning tirik qolgan qismi sovet hokimiyatini tan olishga majbur bo’ldi.
Turkiston Muxtoriyati hukumati atigi 72 kun umr ko’rgan bo’lsa ham, u erksevar xalqimizni milliy mustaqillik va istiqlol uchun kurashga da’vat etdi. Vatan tuyg’usidek muqaddas tuyg’u qalbining to’ridan joy olgan Turkiston munavvarlarining muxtoriyat uchun olib borgan kurashlari izsiz ketmadi. 1918-yilning erta bahorida avval Farg’ona vodiysida, so’ngra butun Turkistonda istiqlolchilik harakati boshlandi.
25.4. Turkistonda o’rnatilgan sovet rejimi va bolshevistik diktaturaning mohiyati
Turkistonda sovet rejimining o’ziga xos xususiyatlari. Turkiston Xalq Komissarlari Soveti o’zining tuzilishi va boshqaruv apparatlari jihatidan mutlaqo farqli hukumat edi. Turkiston XKS tarkibiga kirgan 15 ta komissarlik o’lkaning boshqaruv ishlarini butunlay qamrab olgan. O’lkada o’rnatilgan sovet boshqaruv tizimining o’ziga xos va farqli tomoni shundaki, u tashkil topgan zahotiyoq Rossiyadagi markaziy hukumat — bolsheviklarni tan oldi.
1917-yil 23-noyabrida Turkiston o’lkasidagi yangi hukumat aholiga qilgan murojaatida o’zining maqsadlarini yashirib o’tirmadi. Murojaatda quyidagi fikrga alohida urg’u berilgan edi: «Xalq Komissarlari Soveti markaziy hokimiyatning barcha dekretlarini og’ishmay amalga oshiradi va o’z faoliyatida butun Rossiya sovetlar syezdining qarorlariga amal qiladi. Bu topshiriqlarni bajarish yo’lidagi har qanday qarshilik sovetlar tomonidan keskin choralar ko’rish bilan kutib olinadi».
Demak, Turkiston XKS o’z faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab sovet siyosatini amalga oshirishga, Turkiston o’lkasida sovet rejimini mustahkamlashga jon-jahdi bilan kirishdi.
O’lkaning sovetcha andozadagi avtonomiya asosida boshqarilishi va Turkiston sovet respublikasining tuzilishi. Markazdagi bolsheviklar hukumati Turkistonda sovetcha andozadagi avtonomiya o’rnatishga qattiq kirishdi. Bu ishni bajarish uchun Moskvadan ko’plab partiya va sovet xodimlari Turkiston o’lkasiga yuborildi. Leninning buyrug’i bilan bolshevik P. A. Kobozev Turkistonning Favqulodda komissari qilib jo’natildi. 1918-yil 10-apreldan boshlab u Turkiston o’lkasining amaldagi xo’jayiniga aylanib, butun hokimiyatni o’z qo’lida saqlashga harakat qildi.
1918-yil 20-aprel–1-mayda Toshkentda Turkiston sovetlarining V syezdi bo’lib o’tdi. Unda qatnashgan 300 ga yaqin delegatdan atigi 50 tasi mahalliy millat vakillari edl. Syezd delegatlari Lenin va Stalinning ko’rsatmasi asosida 30-aprelda Rossiya Sovet Federatsiyasi tarkibida Turkiston Sovet Respublikasi (TSR)ni tuzish to’g’risida qaror qabul qilishdi. Qarorda «Turkiston sovet respublikasi avtonom tarzda boshqariladi, Rossiya Sovet Feredatsiyasi markaziy hukumatini tan oladi va o’z faoliyatini u bilan muvofiqlashtiradi», deb yozilgan edi.
Syezd respublikaning qonun chiqaruvchi oliy organi — 36 kishidan iborat (18 tadan bolshevik va so’l eserlar kirgan) Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti (MIK)ni sayladi. Turkiston MIK raisi qilib favqulodda komissar P. Kobozev, hamrais qilib A. Solkin saylandi. Mahalliy millat vakillaridan 4 kishi: S.Jo’raboyev, S. Yusupov, Sh. Ostonboyev, S. Azimboyev birinchi marta MIK a’zoligiga saylandi. Shuningdek, Turkiston XKS tarkibiga 16 kishi (9 bolshevik va 7 so’l eser) kiritildi. S. Tursunxo’jayev (sog’liqni saqlash komissari) va S. Ashurxo’jayev (miliiy ishlar komissari) tub millatlarning dastlabki vakillari sifatida hukumat tarkibiga kirishdi. Shuningdek, tatarlardan I. Gabitov ichki ishlar va H. Ibrohimov adliya komissari qilib saylandi.
1918-yil 17–25-iyunda Toshkentda bo’lib o’tgan Turkiston bolsheviklarining o’lka konferensiyasi Turkiston kommunistlar (bolsheviklar) partiyasining 1-syezdi deb nomlandi. Unda o’lkadagi kommunistik guruhlar ilk marta tashkiliy jihatdan rasmiylashib, Turkiston kompartiyasiga (RKP(b) tarkibida) birlashdilar. Kommunistlarning miqdori 2000 kishidan oshmas edi. Syezdda I.Tobolin raisligida 7 kishidan iborat Markaziy Komitet saylandi, uning tarkibiga mahalliy kommunistlardan Nizomiddin Xo’jayev ham kiritildi.
«Temir qonun», «po’latdek kuchli intizom», «diktatorlik vakolatlari» kabi sinfiy xislatlarni o’zida jamlagan Turkiston Kompartiyasi RKP(b) ga bo’ysunar edi. Markaz bolsheviklari bergan har qanday topshiriq so’zsiz ijro qilinishi oqibatida Turkiston mintaqasini Rossiyaga siyosiy va iqtisodiy qaramligi mustahkam asosda yo’lga qo’yildi.
Turkiston bolsheviklarining anjumanida qabul qilingan qarorlar o’lkaning keyingi taqdirida o’ta salbiy rol o’ynadi. Masalan, Turkiston Muxtoriyati hukumatini tor-mor qilishda faol qatnashgan arman dashnoqlari partiyasining yo’lboshchisi syezdda iliq kutib olindi. Tobolinning aytishicha, ular og’ir vaziyatlarda «Dashnoqsutyun» partiyasining yordamiga suyanishgan edi.
Shunday qilib, sovetlarning V syezdi Turkistonni Rossiya tarkibidagi o’lka sifatida e’lon qilib, davlat boshqaruvi va xalq xo’jaligi sohasidagi siyosatini markazdagi bolsheviklar hukumati belgilashini «qonuniy akt» bilan muhrlagan bo’lsa, o’lka bolsheviklarining I syezdi ham Rossiyaning partiyaviy, g’oyaviy va nazariy hukmronligini tan olib, shimoldagi bu davlat qo’l ostida bo’lishni yoqlab chiqdilar.
Milliy rahbar xodimlarning faoliyati. 1918-yilning ikkinchi yarmida Turkistondagi sovet hokimiyati, aslini aytganda, qil ustida turib qoldi. Farg’ona vodiysida boshlangan istiqlolchilik harakati butun Turkistonni qamrab olgan edi. Lekin bolsheviklar tashviqoti ro’y berayotgan hodisalarning asl mohiyatini o’lka aholisiga buzib ko’rsatardi. Oqibatda mahalliy aholining bir qismi sovet hokimiyatini mustahkamlash uchun bo’layotgan kurashga tortildi. Sovet rejimi milliy o’lkalarda o’z siyosatini amalga oshiruvchi ijrochilarga muhtoj bo’lgan.
Tub aholining aksariyat qismi bolsheviklar va sovet tuzumini tan olmas edi. Bu holat sovet tuzumining kelajagi uchun jiddiy xavf tug’dirgan. Shuning uchun bolsheviklar tub aholi vakillaridan bir qismini 1918-yil bahoridan boshlab hokimiyat organlarida ishlashlariga yo’l qo’yib, ularga qisman yon berdilar. Milliy rahbar xodimlar dastavval yangi tuzumning g’oyalaridan o’z xalqlari baxt-saodati yo’lida foydalanishga urindilar. Ular bu g’oyalarni Turkistonning o’ziga xos xususiyatlariga moslashtirishga harakat qilgan edilar.
1919-yil mart oyida Turor Risqulov (1894–1938) raisligida Turkiston o’lkasi Musulmonlar byurosi (a’zolari — Nizomiddin Xo’jayev, Abdulqodir Muhitdinov, Y. Ibrohimov, Yusuf Aliyev, Afandizoda va boshqalar) tuzildi. Musulmonlar byurosi zimmasiga tub aholi o’rtasida ish olib borishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Musbyuroga «Ishtirokiyun» (hozirgi «O’zbekiston ovozi») gazetasiga muharrirlik qilish vazifasi ham topshirildi.
Musulmonlar byurosi atigi 10 oy davom etgan faoliyati davrida o’lka miqyosida musulmon kommunistik tashkilotlari faoliyatini yo’lga qo’yishga, katta tashkiliy ishlarni amalga oshirishga erishdi. U Turkistondagi tub xalqlarning manfaatlarini himoya qilishga qattiq kirishgan edi.
Turkistonda bolshevistik diktatura va uning mohiyati. Turkiston respublikasidagi bolshevistik rahbariyat o’rtasida hokimiyat uchun o’zaro kurash qizib ketdi. Guruhbozliklar, mojarolar va janjallar avjga chiqdi. 1918-yil oktabr oyida F.Kolesov, I. Tobolin, A. Solkin va boshqa eski kommunistlar o’z vazifalaridan chetlashtirildi.
1918-yil oktabrda bo’lib o’tgan sovetlarning favqulodda VI syezdida RSFSR Konstitutsiyasi asosida Turkiston respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Konstitutsiyaga ko’ra, mudofaa, tashqi aloqalar, pochta-telegraf, dengiz ishlari, temiryo’llar, bojxona, savdo-sotiq, sanoat va moliya masalalari kabi davlatchilikning muhim shakllari Rossiya federal hukumati boshqaruvida qoldirildi.
Shunday qilib, Turkistondagi siyosiy hukmronlik, birinchidan, o’lkada sovetcha andozadagi avtonomiyaning o’rnatilishi bilan yo’lga qo’yilgan bo’lsa, bu jarayonning ikkinchi bosqichi, davlat boshqaruvi asosiy funksiyalarining federal hukumatga topshirilishi konstitutsiya yo’li bilan «qonuniy» rasmiylashtirilishi bo’ldi.
1919-yil 19-yanvarda harbiy komissar K. Osipov boshchiligida isyon ko’tarildi. Ular 14 komissarni otib tashlashdi. K. Osipovning xalqqa qilgan murojaatida ko’plab va’dalar berganligiga qaramay, tub aholi betaraf qoldi. Biroq isyon tezda Toshkent temiryo’l ustaxonalari ishchilari va boshqa kuchlar tomonidan bostirildi. Osipov Farg’ona vodiysiga qochib ketdi. To’ntarishga bo’lgan urinish yangi qatag’on va terror usullarining paydo bo’lishiga olib keldi.
O’lka bolsheviklari 1919-yil mart oyi boshida so’l eserlarni hukumatdan siqib chiqardilar. Turkiston MIK va XKS tarkibi nuqul kommunistlardan iborat qilib tuzildi.
Markaz bolsheviklari Turkistonning siyosiy va iqtisodiy qaramligini huquqiy yo’l bilan «qonuniy» mustahkamlagach, o’lkani boshqarish uchun Markaz manfaatlarining so’zsiz ijrochisi bo’lgan o’z emissarlarini jo’nata boshladi. Turkiston bilan Markaz vaqtinchalik bog’lanib turgan qisqa muddat ichida (1929-yil yanvar–aprel) Kreml hukumati bu yerga ana shunday emissarlarlar yuborishni muntazam yo’lga qo’ydi.
1919-yil 12-fevralda RKP(b) MK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bilan shug’ullanuvchi alohida muvaqqat komissiyasi (raisi — Sh.Z Eliava) tuzildi.
Komissiya a’zolaridan P. Kobozev boshchiligidagi bir guruh xodimlar 4-mart kuni Toshkentga yetib kelishdi. Kobozev sovetlarning favqulodda VII syezdida (1919-yil mart) shunday da’vo qilgan edi: «RSFSR hukumatining qabul qilgan har bir qonuni MIK tomonidan Turkistonda so’zsiz amalga oshirilishi shart».
Markazdan kelgan bolsheviklar bilan Turkistondagi sovet amaldorlari o’rtasida hokimiyat uchun kurash qaytadan avj olib ketdi. Bu holat, xususan, sovetlarning VIII syezdida (1919-yil 6-sentabr–3-oktabr) yaqqol namoyon bo’ldi. A. Kabozev boshchiligidagi Turkiston MIK raisi bilan Markaz vakili P. Kobozev o’rtasida hokimiyat uchun bo’lgan kurashda Kobozev zo’rg’a g’olib chiqdi. Tub xalqlarga nisbatan shovinistik munosabatini oshkora namoyish qilgan A. Kazakov va o’rinbosari Uspenskiy, ularning hamtovoqlari o’z lavozimlaridan olib tashlandi. A. Kobozev Turkiston MIKning yangi raisi I. Apinga mustamlakachilik siyosatini o’ta noziklik bilan yuritish, tub xalqlarning manfaatlariga oshkora qarshi chiqmaslik xususida ko’rsatmalar berdi.
Turkiston o’t-olov ichida
yonayotgan bir paytda — 1919-yil 8-oktabrda V. I. Lenin buyrug’i bilan butun
Rossiya MIK va RSFSR XKSning Turkiston ishlari bo’yicha komissiyasi — Turkkomissiya
(raisi — Sh. Z. Eliava) tuzildi. 1919-yil 4-noyabrda Eliava, V. Kuybishev,
F. Goloshchekin,
Ya.Rudzutakdan iborat tarkibdagi Turkkomissiya Toshkentga yetib keldi. M.
Frunze va G.Bokiy keyinchalik bu yerga kelishdi. Turkkomissiya amalda
mintaqadagi barcha partiya, sovet, xo’jalik va harbiy tashkilotlarga rahbarlik
qilib, Markazdagi bolshevikcha siyosatni qat’iy ravishda amalga oshirishga
kirishdi. Turkkomissiyaning tazyiqi bilan 1920-yil yanvar oyining oxirida
Musbyuro o’z faoliyatini to’xtatdi.
25.5. Turkistonda boshqaruv tizimining
tuzilishi va iqtisodiyot sohalaridagi
o’zgarishlar
Bolshevikcha boshqaruv ma’muriy tizimning tashkil qilinishi. 1918-yil bahor — yozidan Turkiston avtonom sovet respublikasi e’lon qilinishi bilan hukumat tuzildi, qator komissarliklar, jumladan, ichki ishlar, yer ishlari, maorif, millatlar ishlari komissarliklari barpo qilindi. Sovet hokimiyati dushmanlari bilan kurash olib boruvchi ChK (Chrezvichaynaya komissiya — Favqulodda komissiya) o’z faoliyatini amalga oshira boshladi. Siyosiy vaziyat keskinlashishi munosabati bilan tribunallar, siyosiy bo’limlar, uchliklar ham tuzilib, faoliyat ko’rsatdilar. Xo’jalikni boshqaruvchi idoralar tashkil etildi.
Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand viloyat boshqaruv idoralari, komissarliklar, boshqa markaziy ma’muriy idoralarning bo’limlari barpo qilindi, shuningdek, uyezdlar va volostlar ma’muriyatlari tashkil etildi. Aholi ijtimoiy hayoti tartib-intizomini yo’lga qo’yish tadbirlari joriy etib borildi.
Qator muddat davomida sovet boshqaruvi, uning siyosati barcha joylarni qamrab ololmay keldi. Asosan shaharlar va atroflardagi joylar bu jarayonga tortildi. Markazlardan olislardagi joylarda esa vaqti-vaqti bilan sovet hokimiyati amaldorlari qurolli kuch hamrohligida paydo bo’lib, oziq-ovqat, yem-xashak, otlar, boshqa dehqonchilik mahsulotlarini yig’ib olib qaytganlar.
Turkiston o’lkasi, viloyatlar va mahalliy ishchi, soldat sovetlariga saylovlar o’tkazilib, ularning qurultoylarida turli masalalar muhokama qilingan. Umumturkiston sovetlarining 12 ta qurultoyi o’tgan. O’lka bolsheviklari siyosiy muxoliflarini chetlashtirgandan so’ng Turkiston sovetlarining so’nggi oltita VII—XII qurultoylari muttasil ular rahbarligida o’tdi. Sovetlar qurultoyidan oldin o’lka bolsheviklarining qurultoyi o’tkazilib, muhim siyosiy ko’rsatmalar tasdiqlab olingach, sovetlar qurultoyiga ko’rsatma sifatida tavsiya etilgan. Turkiston kompartiyasining sakkiz qurultoyi bo’lib o’tdi.
Sovetlar hukmronligi boshlanishi bilan vaqf mulklarining davlat ixtiyoriga olinishi e’lon qilindi. 1918—1920-yillarda ko’plab joylarda bu narsa amalga oshirildi. 1919-yil iyun oyida qoziliklar yopildi. Bular milliy an’analarga hujumning bir qismi edi va xalq ommasining noroziligiga sabab bo’ldi.
1919-yil kuzida Rossiya markazidan kelgan Turkkomissiya favqulodda va cheklanmagan, siyosiy-partiyaviy hamda davlat hokimiyati vakolatlarini amalga oshirdi. U Turkiston Kompartiyasi MK Turkiston MIK va XKS ustidan qattiq nazorat o’rnatdi, lozim topganda ularni tarqatib yubordi, tarkibini o’zgartirdi. Ichki va tashqi siyosat, iqtisodiyot, armiya, kadrlar masalasini o’z qo’liga olib markazlashtirdi. Rossiyadan yuborilgan moddiy resurslar, harbiy qismlar, bolshevik kadrlar Turkkomissiya ixtiyoriga kelar edi.
Turkiston kompartiyasi a’zolarining soni kam bo’lib, tez-tez o’zgarib turardi. Masalan, 1920-yil oxirida 58 mingga yaqin a’zo bo’lsa, partiya faoliyatining oxirgi yili — 1924-yil o’rtalarida uning qatorlarida 6 ming a’zo bor edi. Chunki kommunistlar xalq o’rtasida obro’-e’tiborga ega emasdilar.
Moliya, sanoat tarmoqlari, transport, hunarmandchilikdagi o’zgarishlar. Sanoat bo’yicha sanoat, savdo, qishloq xo’jaligi va boshqa komissarliklar tuzilib, ish olib bordi. Turkiston respublikasining xalq xo’jaligi soveti (1918-yil aprel) uning joylardagi tashkilotlari xo’jalik faoliyatiga rahbarlik qildilar. Tadbirkorlik bilan shug’ullanib kelgan jamiyatlar tarqatib yuborildi, xususiy mulk egalari «Tekinxo’rlar» deb e’lon qilinib, fuqarolik huquqlaridan mahrum qilindi. Buning ustiga ularga tez-tez kontributsiyalar (tovon, jarima) solindi, ular majburiy mehnatga jalb qilindilar.
Xususiy mulk yo’q qilinib, egasiz qolgan iqtisodiyot shiddat bilan talon-toroj bo’ldi. 1917-yilda o’lkada 326 ta paxta tozalash, yog’-sovun zavodlari bor edi. Ularning soni qisqarib borib, 1918-yilda 69 taga,1919-yilda 43 taga, 1920-yilga kelib esa 37 taga tushib qoldi. Paxta yog’i, sovun ishlab chiqarish, toshko’mir va neft qazib olish nihoyat darajada pasayib ketdi. Temiryo’lda ishlagan parovozlar, vayron bo’lgan vagonlar soni tez ortib bordi.
1917-yilda Turkistonda 91242 hunarmand bo’lib, ulardan 52796 tasi shaharlarda, 28445 tasi qishloqlarda faoliyat ko’rsatgan. Farg’ona, Samarqand viloyatlari, Toshkent shahri va atrofida 31353 ta hunarmandchilik korxonalari bo’lib, ular hunarmandlarning xususiy mulki bo’lgan. Ular davlat mulki deb e’lon qilindi. Hunarmandchilik ustidan qattiq nazorat o’rnatildi, mahsulotlar hokimiyat tomonidan taqsimlanadigan bo’ldi.
Iqtisodiy qiyinchiliklarni bartaraf qilish uchun Turkiston XKS pul emissiyasiga zo’r berish yo’lini tanladi. 1918-yil yoziga kelganda pul-moliya tangligi pulning o’ta qadrsizlanishiga olib keldi. O’lka hukumati o’z pul qiymati — Turkiston bonlarni1 chiqara boshladi, ba’zi joylarda o’z kredit biletlari chiqarildi.
Ishchilarning moddiy ta’minoti buzildi, ishlab turgan korxonalarga ishchilar yetishmay qoldi. 1919-yil yozidan 16 yoshdan 55 yoshgacha bo’lgan aholi yalpi majburiy mehnatga tortildi. 1920-yilda paxta tozalash sanoati, so’ngra irrigatsiya tarmoqlari ishchilari harbiy holatga ko’chirildilar.
Qishloq xo’jaligiga nisbatan siyosat va o’tkazilgan chora-tadbirlar. Turkiston aholisining 80 foizdan ortig’ini dehqonlar tashkil qilardi. Shuning uchun yer-suv (agrar) munosabatlari va ular bilan bog’liq bo’lgan sanoat uchun xomashyo, oziq-ovqat muammolari jiddiy ahamiyat kasb etdi. Rossiyada oktabr to’ntarishi kuniyoq pomeshchik (yirik) yer egaligini yo’q qilish to’g’risida dekret e’lon qilindi, yerlar qashshoq dehqonlarga taqsimlab berildi. Bu tadbirni Turkistonda ham o’tkazmoqchi bo’ldilar. Lekin bu yerda sharoit, ya’ni dehqonlar ommasining urf-odati, kayfiyati boshqacha edi. Lekin sovet hokimiyati qishloqda o’z ta’sirini o’tkazishga qaror qildi.
1917-yil 9-dekabrda Turkiston XKS yerni sotish va sotib olishni man qiluvchi, yerni ijaraga berishni cheklovchi qaror qabul qildi. Ammo u qog’ozda qoldi. 1918-yil boshidan XKS hamda yer ishlari komissarligi o’zi mehnat qilmagan egalar ixtiyoridagi bog’ va uzumzorlarni natsionalizatsiya qilish hamda bunday shaxslarning yer-suvi, uy-joy sharoitlari, qoramollarini ro’yxatga olish to’g’risida buyruq va ko’rsatma chiqardi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun yer-suv komitetlari tuzilib, ular tarkibiga kambag’al dehqonlar, batraklar kiritilishi ko’zda tutildi. 1918-yil avgustida Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida 74 ta volost yer-suv komitetlari ish ko’rgan. Yil oxirida bular kambag’allar komiteti (kombedi) va kambag’allar uyushmasi (soyuzi bednoti) deb ataldi.
Lekin yirik dehqonlar yer egaligini surunkali tugatishga qaratilgan harakatlar natija bermadi. Dehqonlar ommasi bunga qat’iy qarshi chiqdi. 1918-yil 11-yanvarda Qo’yliqda Toshkent uyezdi vakillarining qurultoyi bo’ldi, unda 586 vakil qatnashdi. Qurultoy sovet hokimiyatiga, yer-suv komitetlarining tuzilishiga qarshi chiqdi, inqilobiy agrar tadbirlarni rad etdi. Shu yil sentabr oyida Farg’ona viloyatining Vodil qishlog’ida to’plangan dehqonlar majlislari kambag’allar uyushmasini tuzish, yer maydonlarini natsionalizatsiya qilishga qarshi chiqdilar. Bu hol Asaka volostida, boshqa joylarda ham bo’ldi. Tuzilgan yer-suv komitetlari esa inqilobiy choralarni amalga oshirmas edi.
Agrar tadbirlar asosan o’lkadagi yevropalik mulkdorlar va dehqonlarga nisbatan amalga oshirildi. 1918-yil boshida ko’pchilik imeniye (yevropacha agrar majmua)lar, bog’lar va yirik xo’jaliklar natsionalizatsiya qilindi. Faqat natsionalizatsiya qilingan bog’lar va uzumzorlar maydoni 13.361 desyatinadan iborat edi.
Bolsheviklar hokimiyatining buzg’unchilik tadbirlarini tobora avj oldirishi, ziroatchilikni talash, buning ustiga jahon urushi zulmi Turkiston qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazdi. Chunonchi, 1915-yilda Turkistonda 3,5 mln. (bundan 2,4 mln. sug’oriladigan) desyatina ekin maydoni bo’lgan. Biroq u 1917-yil oxiriga kelib yarmiga, 1918-yilda uchdan ikki qismga qisqargan. O’lkaning uchta o’zbek viloyatlarida 1917-yilda 8440 ming bosh qoramol bo’lsa, 1920 yilda ular 3440 ming boshni tashkil qildi. Paxtachilikdagi inqiroz surunkali tus oldi. 1915-yili 542 ming desyatina yerda paxta yetishtirilib, uning yalpi hosili 831 ming tonnani tashkil etgan bo’lsa, 1921-yili bu raqamlar 76 ming desyatina va 15 ming tonnani tashkil etdi. Yung, pilla yetishtirish va qishloq xo’jaligining boshqa sohalarida ham mahsulot hajmi pasayib ketdi.
25.6. Xorazmda milliy-demokratik harakat.
Xon hokimiyatining ag’darilishi
Xorazmda 1917-yildagi islohotchilik harakati: natijalari va mohiyati. Yosh xivaliklar partiyasi ommaning barcha tabaqalari istak-manfaatlarini ifoda qilib, o’z faoliyatini kengaytirib bordi. Uning saflarida ziyolilar, hunarmandlar, savdo-tijorat doiralarining vakillari, bir qator ruhoniylar, ilg’or yoshlar to’plangan edi. Polvonniyoz Yusupov (1861–1936), Bobooxun Salimov (1874-1929), Husaynbek Matmurodov va boshqalar ommaga rus podshosi ag’darilishining mohiyatini, unda Davlat dumasining rolini, Muvaqqat hukumat tuzilishi mohiyatlarini tushuntirib, Xorazm xalqi oldida turgan vazifalar to’g’risida gapirdilar. Xalq ommasini islohotlar, ijobiy o’zgarishlar g’oyalari asosida uyushtirishga intildilar.
1917-yil fevralida Xiva xoni Asfandiyorxon davolanishga ketgan edi. Xorazmda tartibni saqlab turishni Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti amalga oshirdi. Xivada va Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l)da rus armiyasining garnizonlari joylashgan edi. Shuningdek, Toshkentdan general Mirbadalov qo’mondonligi ostidagi harbiy otryad ham Xivaga yetib keldi. Yosh xivaliklar xon poytaxtga qaytgan zahoti u bilan muloqotga tayyorgarlik ko’rdilar. Katta miting o’tkazish va xon oldiga vakillar yuborish rejalashtirildi.
16 kishidan iborat delegatsiya saylandi, unga turli tabaqa vakillari kiritildi. Xon oldiga qo’yilajak talablar ishlab chiqildi. Ular Majlis (parlament)ni tashkil qilish, o’ta reaksion amaldorlar (ministrlar)ni qamoqda olish, Yosh xivaliklardan yangi hukumatni tuzish, soliqlar tizimini tartibga solish, qator boshqa ijobiy o’zgarishlarni amalga oshirishdan iborat edi.
1917-yil 4-aprelda devonbegi hovlisi oldida ko’p ming kishilik miting bo’lib o’tdi. Shu kuni rus soldatlari Muvaqqat hukumatga sodiqlikka qasamyod qildilar. Miting qatnashchilari soldatlarni tabrikladilar va Nurullaboy saroyi tomon yo’l oldilar.
Polvonniyoz Yusupov, Muhammadyorboy va Husaynbek boshchiligidagi delegatsiya a’zolari xon oldiga kirib, islohotlar o’tkazish talablarini bayon qildilar. Xon xalq harakatining keng quloch yozganidan qo’rqib ketdi. U talablarni qondirishga rozilik berdi. Mamlakatning ko’zga ko’ringan arboblari, ular qatori Yosh xivaliklar manifest matnini ishlab chiqdilar va u 5 aprelda tantanali sharoitda e’lon qilindi. Xon Majlisni chaqirishga va boshqa islohotlarni o’tkazishga rozilik bildirdi. U reaksion, xalqda ko’p jabr-zulm o’tkazgan amaldorlar Ibrohimxo’ja, Ashur mahram, Ota mahram, Ro’zi Muhammad mahram, Shohnazarboy Yasavulboshini qamadi. Ular o’rniga Yosh xivaliklardan yangi odamlar tayinlandi. Mahkamai adliya deb atalgan Majlisga saylovlar o’tkazildi, deputatlar soni 49 kishidan iborat bo’ldi. Manifestda ko’rsatilishicha, bu organ islohotlar o’tkazilishini nazorat qilishi kerak edi. 1917-yil 26-aprelda Majlis ish boshladi. Unda Majlis raisi qilib Bobooxun Salimov, hukumat raisi qilib Husaynbek Matmurodov saylandilar.
Xonlikda vaziyatning keskinlashib borishi. Asfandiyorxon, uning atrofidagi reaksion amaldorlar progressiv o’zgarishlar, ayniqsa, xon hokimiyatining cheklanishini istamadilar. Yosh xivaliklar hamda Majlisga qarshi doiralar o’z kuchlarini to’play boshladilar va qarshi harakatga kirishdilar. 1917-yil may oyi boshida Bobooxun Salimov boshchiligidagi Majlis delegatsiyasi Turkiston Komiteti bilan aloqa o’rnatish uchun Toshkentga jo’naydi. Shu paytda Asfandiyorxon Yosh xivaliklarga qarshi fitna uyushtiradi. Hukumat raisi Matmurodov va yana 16 kishi qamoqqa olinib, shariatga zid ish ko’rganlikda ayblanadilar. Majlis tarkibi yangilanadi, unga xon amaldorlari va reaksion ruhoniylar kiritiladi.
Yosh xivaliklar hukumati faoliyatining dastlabki bosqichi (1917-yil 26-apreldan iyun o’rtalarigacha) shu bilan yakunlandi. Asfandiyorxon o’z mavqeini mustahkamladi, demokratik o’zgarishlar jarayoniga to’siqlar qo’yildi, xon manifestida aytilgan islohotlar bekor qilindi. Majlis keyinchalik xonga yon bosib, faoliyati bo’shashib ketishiga qaramasdan 1917-yil noyabr oyi oxirlarida xon Majlisni tarqatib yubordi. Yosh xivaliklar hukumatining ishi ham to’xtatib qo’yildi.
Asfandiyorxon Rossiya Muvaqqat hukumati, uning Turkistondagi vakillari bilan aloqa o’rnatishga intildi. Boshqaruvni yo’lga qo’yish uchun polkovnik Zaysev Muvaqqat hukumatning Xorazmdagi harbiy komissari etib tayinlandi. U mamlakatdagi va Amudaryo bo’limidagi rus harbiy qismlari qo’mondoni ham bo’ldi. Zaysev sentabr oyi boshida katta harbiy otryad bilan Xivaga keldi.
Shu vaqtning o’zida turkman yovmutlarining sardori Junaidxon (1857—1938) Xorazmga keldi. U 1916-yil qo’zg’oloni bostirilgandan so’ng Afg’onistonga o’tib ketgan edi. Junaidxon qisqa vaqt ichida o’z qo’l ostiga bir yarim ming qurolli otliqlarni to’pladi. 1917-yil oktabr voqealari Xorazm mustaqilligi uchun ham xavf tug’dirdi.
Bolshevistik tajovuzkorlikning kuchayishi. Xonning ag’darilishi. Respublikaning tuzilishi. Shu sababli mamlakat kuchlarini birlashtirish uchun harakat boshlandi. 1918-yil yanvar oyida Junaidxon mamlakat qurolli kuchlari qo’mondoni etib tayinlandi. Amudaryo bo’limi (markazi Petro-Aleksandrovsk — To’rtko’l) Turkiston general-gubernatorligi tarkibiga kirgan. Fevral inqilobidan keyin To’rtko’lda ham sovetlar tuzildi va faoliyatini boshladi. Bundagi so’l-ekstremistik guruhlar sovetlarga rahbarlikni qo’lga olish bilan qanoatlanmasdan, bu yerdan butun Xorazmga tahdid sola boshladilar.
Ma’lumki, oktabr to’ntarishi oqibatida tuzilgan sovet hokimiyati Sharq xalqlari, jumladan, Buxoro va Xorazm hududlari dahlsiz, podsho hokimiyati tuzgan mustamlakachilik bitimlari bekor qilindi, deb e’lon qildi. Chorizm Amudaryoning o’ng qirg’og’i (To’rtko’l)ni Xorazmdan tortib olib, Turkiston general-gubernatorligiga qo’shgan edi. Xiva xoni To’rtko’l va uning atrofidagi yerlarni qaytarib berishni Turkiston bolshevistik rahbariyatidan talab qildi. Bunday talabni qo’yishga yana sabab shu ediki, To’rtko’l inqilobiy kuchlari Amudaryo so’l qirg’og’i yerlariga tahdidni kuchaytirib yubordilar. Xonga qarshi siyosiy muxoliflarni inqilobiy fitnachilik zo’ravonlik ishlari doirasiga torta boshladilar. Ham Xiva xoni, ham TASR hukumati To’rtko’l (undagi harbiy istehkom, kemalar to’xtash joyi — pristan)ning muhim siyosiy-strategik ahamiyatini tushunar edilar va yon berishni istamadilar.
To’rtko’ldagi harbiy garnizon, shuningdek, sovetlardagi siyosiy unsurlar ichida kelishmovchiliklar va ziddiyatlar tobora kuchayib bordi. Xiva aholisi ham rus armiyasining mamlakatda turishiga norozilik bildirdi. Shu sababli Zaysev ikkita piyodalar otryadini To’rtko’lga ko’chirdi.
1918—1919-yillarda Xorazmning iqtisodiy ahvoli og’irlashib, xalq ommasining moddiy qiyinchiliklari ortib bordi. Matbuotda ocharchilikning kuchaygani haqida xabar qilinadi. Asfandiyorxon hukmronligidan xalq ommasigina emas, amaldorlar va turkman qabilalari boshliqlari ham norozi edilar. 1918-yil 30-oktabrda saroy fitnasi oqibatida Asfandiyorxon o’ldirildi. Uning katta akasi Said Abdulla xon deb e’lon qilindi, hukumat boshlig’i Davlatmurod mahram bo’ldi. Yangi xon davlat ishlari bilan shug’ullanmas edi. Hokimiyat Junaidxon qo’lida markazlashdi.
1918-yil 25-noyabrda Junaidxon qo’shinlari Amudaryodan o’tib, To’rtko’lni olmoqchi bo’ldi va uni qamal qildi. Ammo Chorjo’ydan «Toshkent» paroxodida harbiy kuch yordamga yetib keldi va hujum natijasiz chiqdi.
Xorazmga qarshi fitna-xurujlarni to’xtatish uchun Junaidxon 1919-yil aprelida sovet hokimiyati vakillariga murojaat qildi. 9-aprelda Xiva yaqinidagi Taxtada bitim imzolandi. Unda, chunonchi, sovet hukumati (Rossiya) Xorazm aholisining mustaqilligini tan oladi, deyilgan edi.
Ammo Xorazmga qarshi tajovuzkorliklar to’xtamadi. To’rtko’l, o’ng qirg’oqning boshqa joylarida xonga qarshi muxolifatchilardan drujinalar tuzildi, ular qurol bilan ta’minlandilar. 1919-yil 19-avgustda katta kommunistik otryad Chorjo’ydan To’rtko’lga yetib keldi. Shuningdek, qator bolshevistik tashkilotchi va targ’ibotchilar ham yuborildi.
1919-yil kuzidan amaliy tajovuz boshlandi. Bolsheviklar Xorazm xalqi inqilob uchun yetildi, hatto mamlakatda qo’zg’olonlar boshlandi degan bahonada, go’yo ularga yordamga tayyor ekanliklarini e’lon qildilar. 1919-yil 21-noyabrda Turkfront harbiy inqilobiy soveti o’z vakili Skalovni yubordi. 28- va 30-noyabr kunlari To’rtko’lga qo’shimcha harbiy qismlar yetib keldi.
Tajovuzkorlik harakatlari 1919-yil dekabrida boshlandi. 22-dekabrda shimoliy otryad, 24-dekabrda janubiy otryad Amudaryoni kechib o’tib, shahar va qishloqlarni ishg’ol qildi. 1920-yil 20-yanvarigacha shimoliy otryad Xo’jayli, Ko’hna Urganch, Porsu, Ilyali, Toshhovuzni egalladi, janubiy otryad 20-yanvarda Taxtani, 1-fevradda Xivani ishg’ol qildi.
1920-yil 2-fevralda Said Abdullaxon taxtdan voz kechdi, butun hokimiyat muvaqqat inqilobiy hukumat qo’liga o’tdi.
25.7. Buxoro amirligida islohotlar uchun
kurash. Ajnabiy tajovuzkorlik.
amir hokimiyatining ag’darilishi
Islohotlar uchun kurashning amaliy bosqichi. Rossiyada podsho hokimiyatining ag’darilishi Buxoro amirligida ham ba’zi o’zgarishlar uchun turtki bo’ldi. Amir Said Olimxonning e’tirof etishicha, Muvaqqat hukumat Buxoro mustaqilligi tiklanganligini tan oldi. Bu haqda kelishuv imzolandi. Amir hukumati Afg’oniston va boshqa yerlar bilan aloqa o’rnatdi. Rossiya-Buxoro aloqalarida ham o’zgarishlar bo’ldi. Buxoroda ish olib borgan siyosiy agent Rossiya hukumati rezidenti deb atala boshlandi. Shuningdek, Buxoro amirligi hududidagi rus posyolkalarida ham ishchi va soldat sovetlari paydo bo’ldi, posyolkalarda siyosiy beqarorlik kelib chiqdi. Bu hol Buxorodagi muhitga ham birmuncha ta’sir ko’rsatdi. Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy muhit o’zgara boshladi. Hukmron tabaqaning, amir, amaldorlarning cheklanmagan va nazoratsiz boylik orttirishlari, sivilizatsiya muhim ko’rinishlarining bo’lmagani, keng xalq ommasining haq-huquqsizligi asosli ravishda noroziliklar keltirib chiqardi. Buning natijasida hamda jadid Yosh buxoroliklar, ilg’or doiralar faoliyati oqibatida jamiyatda tub o’zgarishlarning amalga oshishi yetilib qoldi.
Buxoroning ichki siyosiy hayoti 1917-yil bahorida yangi pallaga kirdi. Islohotlar, o’zgarishlar zarurligi aniq bo’lib qoldi. Islohotlar o’tkazish g’oyasiga bo’lgan munosabatda mamlakat doiralari asosan ikki oqim — liberal-demokratik va konservativ oqimlarga bo’lingan edi. Birinchi oqim Yosh buxoroliklar va ularga yaqin demokratik doiralarda tashkil topdi. Ular islohotlar dasturini ishlab chiqishga kirishib, ilg’or g’oyalar va ularni amalga oshirish yo’llari ustida keng fikr almashmoqda edilar. Endi ular islohotlarni amalga oshirishni talab qilib chiqdilar. Bu talablar shu qadar ta’sirchan ediki, amir va Rossiya rezidenti bu jarayon o’zanida ish ko’rishga majbur bo’ldilar. Lekin ular islohotlar masalasidan o’z maqsadlari uchun foydalanmoqchi edilar.
Yosh buxoroliklar tashkiloti Rossiya rezidenti A. Miller bilan aloqa bog’lab, fikr almashdi, Muvaqqat hukumatdan madad kutdi. Amir va qushbegi ham yangi Rossiyani o’z ittifoqchisi deb qaradilar. Ammo qozikalon Burhoniddin (Mirzo Urganjiy), rais Nizomiddinxo’ja va ularning tarafdorlari har qanday o’zgarishlarga qarshi chiqdilar. Amir qozikalon va raisni amalidan bo’shatdi, ularning o’rniga mo’tadil kayfiyatdagi Sharifjon mahdum (Sadr Ziyo) va Abdusamadxo’jani tayinladi.
1917-yil 7-aprelda Buxoro Arkining katta binosida amaldorlar, ruhoniylar, Rossiya vakillari, Buxoro va Turkiston jamoatchiligi vakillari yig’inida, shuningdek, Olimxon ishtirokida amir farmoni (manifesti) e’lon qilindi. Poytaxtda obro’li arboblardan iborat mahkamani tuzish, amaldorlar, ularning daromadlari ustidan nazorat o’rnatish, soliqlar tizimini tartibga solish, davlat budjetini joriy qilish, sanoat, tijorat, ma’rifat rivojlanishi uchun qayg’urish va’da qilindi.
Amir manifestining e’lon qilinishi 8-aprelda demokratik va konservativ lagerlarning ko’chaga chiqishiga sabab bo’ldi. Demokratik doiralar amir manifesti mamlakatda tinch yo’l bilan progressiv o’zgarishlarni amalga oshirish uchun dastlabki qadam, deb qaradilar. Shukrona namoyishi o’tkazishga qaror qilindi. «Yashasin islohot!», degan yalovlar ko’tarildi. Bir necha yuz kishi shahar markazi — passajdan Govkushon va Xiyobon orqali Registonga yurish boshladi. Namoyishchilar boshida F. Xo’jayev, Abdulvohid Burbonov (Munzim), Otaxo’jayev, Mirbobo, Yusufzoda va boshqa faollar bordilar. Bir necha joyda qisqa mitinglar bo’ldi, namoyishchilarga yangi-yangi guruhlar kelib qo’shildi. Namoyishchilar ko’tarinki kayfiyatda edilar. Shu kuni konservatorlar va mutaassib guruhlar Registonda to’planib, islohotga, yangiliklarga qarshi jangarilik va murosasizlik kayfiyatlarini izhor etdilar. Ba’zi amaldorlarga nisbatan, islohot tarafdorlariga qarata dushmanona dag’dag’alar, hayqiriqlar qildilar. Ularning jazavasi soat sayin kuchayib bordi. Bunday murakkab vaziyatda ikki lagerning to’qnashuvi noxush oqibatlar keltirishi mumkin edi. Demokratik kayfiyatdagi namoyishchilar boshliqlari Registonga borish niyatidan qaytdilar, namoyishchilarni tarqalib ketishga da’vat etdilar. Tadbir oxirigacha yetkazilmagan bo’lsa-da, u Buxoro amirligi demokratik o’zgarishlar, islohotlar uchun yetilmaganligini yaqqol ko’rsatdi.
8-aprel voqealarining yakuni shu bo’ldiki, hukumatda konservativ kuchlar yana ustunlikka erishdilar. Dovdirab qolgan amir qozikalon Sharifjon mahdumni lavozimidan bo’shatdi, g’azablangan mutaassiblar rais Abdusamadxo’jani olomon qilib o’ldirdilar, qushbegi Nasrullobek buyrug’i bilan shoir Sadriddin Ayniy, Yosh buxoroliklar Mirbobo, Mirzo Nazrullo 75—150 darra urib jazolandilar. Islohotchilik harakatining bu bosqichi mana shunday noxushlik bilan yakunlandi.
Vaziyatning keskinlashib borishi. 1918-yil mart oyi voqealari. Vaziyat jiddiylashib bordi. Dovdirab qolgan amir oqibatda natijada mutaassib konservatorlarga yon bosdi. Islohotlar amalga oshirilmadi. Yosh buxoroliklar Yangi Buxoro (Kogon), Chorjo’y, Karki, Termizga ko’chib borib namoyishlar, majlislar o’tkazdilar, o’z faoliyatlarini davom ettirdilar.
Rus posyolkalarida siyosiy boshboshdoqlik va iqtisodiy tanglik avj olib bordi. Amir manifestining e’lon qilinishiga kelgan Samarqand soveti delegatsiyasi a’zosi Mahmudxo’ja Behbudiy va yana 1-2 musulmon a’zolar marosim o’tgandan so’ng Samarqandga jo’nab ketdilar. Delegatsiyaning boshqa a’zolari esa jo’nab ketishdan bosh tortdilar, bir necha kun davomida Samarqand soveti bilan Yangi Buxoro soveti vakillari o’rtasida to’qnashuvlar bo’ldi.
1917-yil oktabr to’ntarishi natijasida ekstremistik buzg’unchi unsurlar posyolkalarda hokimiyatni qo’lga oldilar. Harbiy qismlar, qizil gvardiyachilar soni ko’paytirildi. Bu jiddiy o’zgarishlar mamlakat aholisi hayotiga va Yosh buxoroliklar kayfiyatiga salbiy ta’sir ko’rsata boshladi. Rus posyolkalaridagi garnizonlarning askarlari oziq-ovqat va yem-xashakni Buxoro tumanlari aholisidan tortib olishga kirishdilar. Turli xil qog’oz pullarning qiymati qolmagani natijasida yerli aholi o’z mahsulotlarini bu pullarga sotishni istamadi, soldatlar esa ba’zi joylarda zo’rlik bilan tortib olishgacha bordilar. Chunonchi, 1917-yil 9-oktabrda xabar qilinadiki, «Termizda rus askarlari bilan bozorda savdo qilgan buxoroliklar o’rtasida to’qnashuv yuz berdi, buxoroliklardan o’ldirilganlar bor». Bunday hollar 1918-yilning qish va bahorida jiddiy tus oldi.
Mana shunday vaziyatda 1918-yil 1-martda Turkiston XKS raisi F. Kolesov boshchiligidagi harbiy eshelon Yangi Buxoro (Kogon)ga keldi. Yosh buxoroliklarning F. Xo’jayev, Abdurauf Fitrat, Otaxo’jayev, Abdulvohid Burhonov, qori Yo’ldosh Po’latov, Fazliddin Mahsumdan iborat rahbar qo’mitasi Kolesov bilan uchrashdi. Kolesov sharoit bilan tanishib chiqmay, Yosh buxoroliklarning kayfiyatini ham hisobga olmasdan Buxoroga harbiy kuch bilan hamla qilishga qaror qoldi.
Bu vaqtga kelib Fitrat Yosh buxoroliklar tashkilotining takomillashgan dasturini ishlab chiqqan va bu dastur tashkilot tomonidan qabul qilingan edi. Unda dehqonchilik va qishloq xo’jaligi, soliqlar, shuningdek, harbiy tizim, ichki ishlar, sud, yo’llar, yer osti boyliklari, tashqi siyosat, maorif, vaqf masalalari batafsil ko’rilib ularni sivilizatsiya ruhi va mazmunida yechish taklif qilingan. Bu dastur ham islohotlarni tinch osoyishta muhitda amalga oshirishni ko’zda tutgan. Unda aholi barcha qatlamlarining manfaatlari himoya ostiga olingan.
Yosh buxoroliklar xunrezlikning oldini olishga intilib, amir nomiga ultimatum (talabnoma) yubordilar. Unda islohot dasturi tamoyillari bayon qilingan edi. Lekin voqealar davomi o’zgacha kechdi. Amirdan javobni kutmasdan Kolesov buyrug’i bilan qo’shin, zambaraklar, jami qurol-aslahalar eshelondan tushirilib, hujumga tayyorlandi. Bu qon to’kilishi xavfini tug’dirdi. Amir hukumati darhol ultimatum talablariga roziligini bildirdi. Amirning islohot o’tkazish to’g’risidagi ikkinchi farmonini tayyorlashga kirishildi, ammo 2 martda Buxoroga hujum boshlandi.
Amir hukumati muzokara olib borish bilan birga o’z kuchlarini ham harakatga keltirdi. G’azavotga safarbar qilinganlar Chorjo’ydan Karmanagacha bo’lgan temiryo’lni buzdilar, tajovuzkor qo’shinga har tomonlama hujum qildilar. Kolesov qo’shini qurshovda qoldi, o’q-dorisi tugadi, ahvoli og’irlashdi. Shu kuni — 2 martda amirning ikkinchi farmoni Yangi Buxoro (Kogon)ga yetkazildi. Yosh buxoroliklar qo’mitasi hujumni to’xtatishni talab qiladi. Kolesov amirga xat yozib, muzokaralar boshlashni suradi. Muzokaralar bir necha kun davom etdi. 1918-yil 25-martda Qiziltepa bitimi imzolandi. Kolesovning tajovuzkorligi sharmandalarcha barbod bo’ldi.
1918–1920-yillarda Buxorodagi ijtimoiy-siyosiy ahvol. Amirlikning mahv etilishi. Amirning 2-martdagi farmonida birinchi farmonning hayotga tatbiq etilmaganiga «ba’zi bir amaldorlarning ig’vogarligi» sabab qilib ko’rsatilgan, «hur fikrli kishilar»dan ijroiya komitet ta’sis etilajagi, «erkinlik dushmanlari»ning chetlashtirilishi, aholi uchun og’ir bo’lgan soliqlar — amlok va aminonaning bekor qilinishi, yangicha soliqlarning joriy qilinishi e’tirof etilgan edi. Ammo qurolli to’qnashuv oqibatida boshqa masalalar ustuvorlik qildi.
Buxoroda, amirlikning boshqa joylarida siyosiy vaziyat tubdan o’zgardi. Ijtimoiy va siyosiy hayot jarayoni o’zanidan chiqib ketdi. Yosh buxoroliklar quvg’ini, ularni hibsga olish, qatl qilishlar sodir bo’ldi. Jami 3 mingga yaqin kishi qatl etildi. Yosh buxoroliklar Samarqand, Toshkent va boshqa joylarga muhojirlikka ketdilar.
Fitrat, F. Xo’jayev va boshqalar milliy harakatda faol qatnashdilar, Buxoroda islohotlar o’tkazish borasidagi faoliyatni davom ettirdilar. Fitratning bunday faoliyati 1917-yil bahorida boshlangan edi. 1-apreldan Samarqandda chiqa boshlagan «Hurriyat» gazetasining 28–87-sonlariga Fitrat muharrirlik qildi. Kolesov voqealaridan so’ng Fitrat Toshkentda yashadi, «Chig’atoy gurungi» adabiy-ma’rifiy to’garagining tashkilotchilaridan va faol a’zolaridan biri bo’ldi. Fitrat o’z maqola va asarlarida milliy davlatchilik vatanparvarlik g’oyalarini tarannum etdi. F. Xo’jayev Yosh buxoroliklar g’oyalari ruhidagi dasturiy hujjat — maromnomani tuzdi va nashr etdi, «Uchqun» gazetasining chiqishini tashkil qildi.
1918—1920-yillarda Yosh buxoroliklar dasturlari, siyosiy qarashlari, taktikasida Buxoroda islohotlar o’tkazish uchun kuch, zo’rlik ishlatish zarur bo’lib qolgani tan olindi, ikkinchi tomondan, aholining diniy e’tiqodi e’tirof etildi. Shuningdek, bolshevistik proletar diktaturasi, mulkdorlarni ekspropriatsiya qilish aqidalariga yon berilmadi.
Buxoro hukumatining tashqi siyosatida, iqtisodiy aloqalarida o’zgarishlar sodir bo’ldi. Rossiya — Turkiston qog’oz pullari ko’payib ketdi, ularning qiymati deyarli qolmadi. Natijada aholi rus posyolkalari, temiryo’l bekatlarida bu pullarga mol, oziq-ovqat sotmay qo’ydilar. Turkiston hukumatiga mol ayirboshlash taklif qilindi. Lekin Buxoro paxtasi evaziga beriladigan paxta yog’i, guruch Turkistonda yetarlicha yo’q edi, savdo bo’lmadi. Shu vaqtning o’zida Buxoro bilan Angliya o’rtasida savdo birmuncha jonlandi. Jumladan, 1918-yilda inglizlar Buxoro bozorlarida 1 mln. pud paxta, 1 mln. dona qorako’l teri, 200 ming pud jun, 150 ming pud xom ipakni xarid qildilar. Bu aloqalar 1919 va 1920-yilda ham davom etdi. Masalan, faqat 1919-yil bahorida ingliz savdogarlari 400 toy qorako’l terini xarid qilib olib ketdilar.
Buxoro bilan Rossiya davlatlari o’rtasidagi munosabatlar murakkab kechdi. Yangi rus hukumati chorizmning mustamlaka bitimlari bekor qilinadi, deb e’lon qilishi bilan Buxoro hukumati Samarqand va Jizzax ularning atrofidagi yerlarini qaytarib berish masalasini qo’ydi. Lekin RSFSR hukumati bunga rozi bo’lmadi, aksincha, Buxoroni o’z ta’sir doirasiga olish choralarini ko’rdi.
1920-yil bahorida amir Turkkomissiya a’zolari Eliava va Frunzeni qabul qilib, muzokaralar olib bordi. Savdogarlarning vakillari Rossiyada qolib ketgan mollar taqdirini hal qilish uchun Buxorodan jo’nab ketdilar. Lekin RSFSR — Buxoro munosabatlari yomonlashib bordi. Moskvaning ma’qullashi oqibatida Buxoro amirligiga qarshi dushmanlik kampaniyasi kengaytirildi va ashaddiy tus oldi. Qo’pol ravishda Buxoroning ichki siyosiy tuzumini qurol bilan o’zgartirish choralari ko’rildi. Frunze, Kuybishev o’z niyat maqsadlarini ochiq-oydin gapirdilar. Amir hokimiyatiga muxolif kuchlar bolsheviklarga yordam so’rab murojaat ham qildilar.
1920-yil avgust oyi oxirlarida Turkiston fronti qo’mondoni Frunze buyrug’i bilan Buxoro hududlarida juda katta harbiy kuchlar, zambaraklar, bronepoyezd, aeroplanlar jangovar holatga keltirildi. 29-avgustga o’tar kechasi ko’p tomonlama tajovuzkorlik harakati boshlab yuborildi. Asosiy kuchlar poytaxt Buxoroga hujum qildilar. Qo’shinlar tinch aholi boshiga shiddatli o’q yog’dirdilar. Shahar vayron, ko’pgina odamlar qurbon bo’ldi. Buxoro shahrida yong’in avj oldi.
Amir Olimxon poytaxtni tashlab chekindi, u Buxoroning sharqiy qismi tomon yo’l oldi. 1920-yil 2-sentabr kuni tajovuzkor kuchlar Buxoroni egalladilar. Amir hokimiyati ag’darildi.
25.8. Turkiston xalqlarining milliy davlatchilik yo’lidagi harakatlari va muqobil jarayonlar
Davlatchilik muammosi va ijtimoiy hayot jarayonlari. Xalq ommasidan qator siyosatchi davlat arboblari yetishib chiqdi. Turor Risqulov Turkiston MIK raisi, keyinchalik Turkiston XKS raisi, Nazir To’raqulov (1892—1939) Turkiston Kompartiyasi MK kotibi, Qayg’usiz Otaboyev (1887—1937) Turkiston XKS raisi, so’ngra Buxoro respublikasi nozirlar sho’rosi rais muovini, Abdulla Rahimboyev (1896—1938) Turkiston MIK raisi, Inomjon Xidiraliyev (1891—1929) Turkiston MIK raisi, O’zbekiston yer ishlari komissari lavozimlariga ko’tarilib, xalq ommasi manfaatlari uchun xizmatlarini ayamadilar. Sovet hokimiyati bilan hamkorlik qilgan yerli xalq vakillari ijtimoiy adolat, erkinlik shiorlariga ishondilar. Zo’ravonliklar, xalqni talashga barham berishga bel bog’ladilar va bu yo’lda kurash olib bordilar.
Rossiyada qurg’oqchilik va ocharchilik bo’ldi. Turkiston aholisi oziq-ovqat xayriya yordamini yubordi, o’lkaga kelgan 160 ming qochoq ochlarni qabul qildi, ularni o’limdan qutqardi. Turkistonning o’zida ham oziq-ovqat yetishmas, xo’jalik og’ir ahvolda edi.
Turkiston bolsheviklari Markaz hokimiyatining madadiga tayanib o’lka aholisining ijtimoiy davlatchilik faoliyati oldini olish, so’ndirish choralarini ko’rib bordilar.
Tub yerlik xodimlar, jumladan, yuqori lavozimlardagi arboblar faoliyati qattiq nazorat qilindi. Ular asossiz ravishda almashtirib turildi, ishlariga to’siqlar qo’yildi. O’lkaning tobeligini kuchaytirish uchun Markazdan bolshevik kadrlar yuborildi, 1920—1932-yillarda Turkistonga 1400 ta yevropalik bolshevik keldi. Bularning ko’pchiligi eng yuqori lavozimlarni egalladilar.
Xalq ommasi manfaatlari, milliy qadriyatlarni himoya qilish tadbirlari. Bolshevik rahbarlar mahalliy sharoit hamda aholi vakillari fikr-mulohazalarini nazar-pisand qilmasdan ish yuritdilar. Natijada o’lkada ahvol og’irlashib bordi. Aholi, uning vakillari buning oldini olish uchun jiddiy harakat qildilar. Turkiston XKS raisi Q. Otaboyev katta yig’inda kelgindi yevropaliklar mahalliy sharoitni, yerli xalq tilini bilmaydi, shuning uchun o’lkaga foydali ish qilmayapti, deb ochiq gapirdi. T. Risqulov Turkiston XKS raisi qilib tayinlanayotganda yerli xalqlar qobiliyatli kadrlarini, ishga faol jalb qilish shartini qo’ydi.
O’lkada diktaturani amalga oshirgan Turkkomissiya, uning a’zolari Peters, G. Safarov va boshqalar jiddiy norozilikka sababchi bo’ldilar. Avj olib ketgan g’oyaviy-siyosiy kurashning sabablarini xolisona tahlil qilish, to’g’ri qaror va ko’rsatmalar qabul qilish o’rniga Markaz rahbarlari o’lkada amalga oshirilgan shovinistik yo’nalishni ma’qulladilar. O’lka rahbar idoralarining faoliyati yanada chalkashdi va izdan chiqdi. Iqtisodiy xo’jalik inqiroziga siyosiy inqiroz ham qo’shildi. Bolshevik rahbar doiralar muayyan choralar ko’rishga majbur bo’ldi. Olib borilgan jiddiy kurash natijasida «siyosiy yon berishlar» deb atalgan tadbirlar amalga oshirildi: islom diniga hujum, vaqflarni yo’q qilish, machit-madrasalar, eski maktablarning yopilishi to’xtatildi, qoziliklar tiklandi va hokazo.
Markaz Turkkomissiyadan tashqari o’lkada hukmronlik qiluvchi organ sifatida RKP(b) Turkiston byurosi (Turkbyuro)ni ham tashkil qildi. Tez orada bu byuro O’rta Osiyo byurosiga aylantirildi. Turkiston bolsheviklari homiyligi va amaliy yordami bilan tuzilgan Xorazm, Buxoro Kompartiyalari O’rta Osiyo byurosi tarkibiga kiritilib, uning ko’rsatmalari bo’yicha ish olib bordilar.
Turkiston MIK raisi etib tayinlangan A. Rahimboyev o’lkada asosiy maqsad «ochlik va mustamlakachilikka qarshi kurash bo’lishi kerak, shundan keyingina o’z boylarimizga qarshi kurashmog’imiz lozim», degan fikrni ilgari surdi.
Turkiston mustaqilligi uchun kurash va muqobil qarshilik choralari. Yerli xalqlar, milliy rahbarlari Turkiston milliy davlatchiligiga erishish uchun jiddiy kurash olib bordilar. 1920-yilda u yana keskin tus oldi. Mustaqillik harakatining oldini olish, Turkistonni Markazga batamom qaram qilish maqsadida mart oyida «Turkiston avtonomiyasi to’g’risida nizom» tayyorlandi. Turkkomissiya undan kelib chiqib TSRning yangi Konstitutsiyasi loyihasini ishlab chiqdi. Bu hujjatlarda Turkiston tashqi aloqalar olib borish, o’z armiyasiga ega bo’lish, temiryo’l, pochta, xalq xo’jaligini mustaqil boshqarish huquqlaridan mahrum etildi. Bular, shuningdek, soliqlar ta’sis etish, o’lka budjetini tuzish, sud ishlari, qonunlarga o’zgarishlar kiritish, amnistiya berish RSFSR tasarrufiga o’tishi belgilandi. Yerli rahbarlar bularga Turkiston xalqlari mustaqilligining batamom yo’q qilinishi, deb qarab, qat’iy qarshi chiqdilar. TSRni Turkiston respublikasi deb o’zgartirish masalasini ilgari surdilar hamda yerli xalqlar mazmunidagi Turkistonni boshqarish Nizomi, Turkiston respublikasi Konstitutsiyasi loyihalarini tayyorladilar. Milliy davlatchilik mustaqillik g’oyalari nufuzli yig’inlarda, shuningdek, keng jamoatchilik tomonidan qizg’in ma’qullandi. O’lka yerli xalqlari o’zini idora qilib, taraqqiyot sari borolmaydi, ularga Rossiya rahbarlik qilishi kerak degan shovinistik g’oyalarga qarama-qarshi mintaqa xalqlarining mushtarakligi, mustaqil davlatchilik an’analari, imkoniyatlari ta’kidlandi. 1920-yil 1-martda bo’lgan yig’inda Turkiston MIK raisi T. Risqulov yevropalik Turkkomissiya a’zolariga qarata, yerli xalq o’zini-o’zi idora qilishni istaydi, kelgindilar rahbarligini rad qiladi, deb ta’kidladi.
G’oyaviy-siyosiy kurash keskinlashdi. Turkkomissiya yerli rahbarlar loyihalarini muhokama qilishga yo’l qo’ymadi. Bundan norozi bo’lib, may oyida T. Risqulov, S. Tursunxo’jayev, N. Xo’jayevlar Markazda mintaqa xalqlari davlatchiligi, mustaqilligini asoslash, himoya qilishga harakat qildilar. Hay’at shu bilan birga Turkkomissiyani tugatish, Turkfront RVS (inqilobiy harbiy kengash) huquqlarini cheklash, qizil armiya qismlarini Turkistondan chiqarish yoki qurolsizlantirishni qat’iy talab qildi. Shuningdek, tashqi aloqalar, tashqi savdo va harbiy masalalarni RSFSR tasarrufidan Turkiston MIK tasarrufiga o’tkazish masalalari qo’yildi.
Kompartiya va RSFSR rahbariyati
Turkiston vakillari loyihalarini qat’iy rad etdi. Milliy rahbarlar sinfiy
pozitsiyalardan chekinishda, milliy burjuaziya manfaatlari tomonga og’machilikda
ayblandi.
T. Risqulov Turkiston MIK raisligidan bo’shatildi, qator boshqa rahbarlar ham
ishdan chetlashtirildi. Turkistonda inqilobiy rejimni yanada kuchaytirish choralari
ko’rildi.
Kurash natijasiz qolmadi. Keyinchalik Turkkomissiya tugatildi, norozilik tug’dirgan bolsheviklar chaqirib olindi, lekin boshqa mahkamalar tuzildi. Milliy davlatchilik mustaqil rivojlanishga qaratilgan Xorazm va Buxoro respublikalarining intilishlariga ham Markaz, bolsheviklar qarshi choralarni ko’rdilar. Respublikalarni RSFSRga tobe qilishga qaratilgan bitimlar tuzildi, siyosat amalga oshirildi. Bunda ham ulug’ davlatchilik xalq ommasi va milliy rahbarlarning noroziligini keltirib chiqardi.
RSFSR rahbariyati, bolsheviklar mintaqani siyosiy-ma’muriy qaramlikda tutish bilan birga, bundagi boyliklarga egalik qilishga asosiy e’tiborni qaratdilar. O’zbekiston hududining xomashyo boyliklarini talon-toroj qilishda davom etish ko’zda tutildi. Bosh mahkamalari Moskvada joylashgan glavxlopkom (paxtachilik qo’mitasi), shelkotrest (pillachilik tresti) va shu kabi tashkilotlar tashkil qilindi. 1923-yilda O’rta Osiyo iqtisodiy Kengashi (SredazEKOSO) tuzildi, uning 1-konferensiyasi 1923-yil 5-martda o’tkazildi. Rasman uchta respublika iqtisodiyotining hamkorlik yo’lida birlashuvi e’lon qilindi. Amalda esa mintaqa xo’jaligi ustidan Markaz nazorati o’rnatilishi, boyliklariga amaliy egalik qilish yo’li ochildi.
25.9. Asriy xo’jalik jarayonlarining buzilishi va iqtisodiy inqiroz
O’zbekiston aholisining ijtimoiy tarkibi hamda xo’jalik faoliyati. O’zbek dehqonlari xo’jalik salohiyati nuqtai nazaridan uch guruhga bo’linardi: badavlat dehqonlar, o’rta salohiyatli dehqonlar hamda kambag’allar. Sovet hokimiyati davridagi ba’zi o’zgarishlarni hisobga olmaganda, bu holat 20-yillar oxirigacha davom etib keldi. Turkistonning uchta o’zbek viloyatlaridagi dehqon xo’jaliklarining uchdan ikki qismiga yaqini ikkinchi guruhga molik bo’lgan. Buxoro davlatining markazi va g’arbiy qismlarida hamda Xorazmning voha qismida ham manzara umuman olganda shunday edi. Iqtisodiy jihatdan mustaqil xo’jaliklarning o’rta hisobda 2 desyatina sug’oriladigan yeri, ish hayvonlari va boshqa mehnat vositalari bo’lgan. Dehqonlar tomonidan ekilib, hosil yig’ib olingan yerlar ijtimoiy, shuningdek, iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lib kelgan.
Farg’ona va Sirdaryo viloyatlaridagi mahalliy to’qimachilik do’konlarini 1913-yilda 1100 kosib ishlatib turgan bo’lsa, 1920-yilda ularning soni 2280 kishiga yetdi. To’la bo’lmagan ma’lumotlarga qaraganda, 1920-yilda Turkistonda 150 ming (1917-yilgacha 91241 o’rniga) hunarmand bo’lib, ulardan ko’nchilar 8680, etik va mahsido’zlar 24030, ip yigiruvchilar 20150, to’qimachilar 62150, temirchilar 7470 kishini tashkil qilgan. Ko’plab sanoat korxonalari to’xtab qolishi oqibatida ishsizlar soni ko’paygan, ularning ham bir qismi kosibchilik bilan shug’ullangan.
Turkistonning Sirdaryo, Samarqand, Farg’ona viloyatlarida qariyb 400 ta rus posyolkalari bo’lib, undagi aholi 100 ming kishi atrofida edi. Ularni rus krestyanlari, temiryo’l ishchilari, baliqchilar tashkil qilardi. Shuningdek, o’zbek shaharlarining yangi shahar qismlarida ham rus ishchilari, turli xizmatchilar yashagan.
1920-yilda Rossiyaning ko’p guberniyalarida qurg’oqchilik bo’lishi natijasida Turkistonga 60 mingdan ko’p ochlar keldi. Mamlakatning Yevropa qismidan keluvchilar oqimi to’xtovsiz davom etdi.
Xalq xo’jaligidagi vayronagarchilik, iqtisodiyotning izdan chiqishi. Turkistonda 1920-yilga kelib qator dekretlar chiqarilib, oziq-ovqat razvyorstkasi joriy qilindi, ya’ni oziq-ovqatga davlat monopoliyasi asosida xo’jaliklardan ortiqcha g’alla va boshqa mahsulotlar majburan tortib olinadigan bo’ldi. Amalda esa soldatlar va qurollangan ishchilar (oziq-ovqat otryadlari) xo’jaliklardagi jamiki g’alla va boshqa mahsulotlarni zo’rlik bilan olib keta boshladilar, hatto urug’likka qoldirilganlari ham talab ketildi. Shahar bilan qishloq o’rtasida natural mol almashish va’da qilinganiga qaramasdan, dehqon xo’jaliklari hech qanday sanoat mollari olmadi. «Harbiy kommunizm» nomini olgan bu siyosat asosida shahar va tumanlarda voyaga yetgan va 55 yoshgacha bo’lgan mehnat bilan band bo’lmagan har bir fuqaro majburiy ravishda mehnatga jalb qilindi.
Razvyorstka o’lkadagi rus krestyanlariga nisbatan ham amalga oshirildi, ularning noroziliklari, qarshiliklari ba’zida jiddiy tus oldi. Shunda ular quloqlar, sovet hokimiyati dushmanlari, krestyanlar posyolkalari esa «quloqlar posyolkalari» deb qoralandi. 1920-yil yozida Markazda ularga qat’iy choralar ko’rish belgilandi. 1921—1922-yillarda krestyanlarning yerlari natsionalizatsiya qilindi, bu tadbir yer reformasi (islohoti) deb ataldi. Uning asosiy rayoni Yettisuv viloyati bo’ldi, turkrespublika bo’yicha davlat yer fondiga olingan 230 ming desyatina yerdan 26 ming desyatinasi o’troq dehqonlarga berildi.
Sovet hokimiyati dehqonlar qarshiligini sindirish maqsadida ular orasida nizo va dushmanlikni keltirib chiqarmoqchi bo’ldi. 1920-yilda bo’lib o’tgan o’lka sovetlarining IX qurultoyi boy va quloq xo’jaliklarni yo’q qilish, qishloqda sinfiy tabaqalanishni avj oldirish to’g’risida qaror qabul qildi.
Oziq-ovqat razvyorstkasi, «harbiy kommunizm» Turkistonda normal xo’jalik aloqalarini buzdi, xo’jalik faoliyatining bosh obyektiv qonuniyati bo’lgan moddiy manfaatdorlik tamoyilini yo’qqa chiqardi.
Aholi moddiy turmush darajasining yomonlashib borishi. Qahatchilik zarbalarini butun aholi seza boshladi. Achinarli ahvol Farg’ona viloyatida vujudga keldi. To’rt yil davomida Farg’ona viloyati aholisining soni to’rtdan bir qismga kamaydi. Bunday kamayish o’lkaning boshqa viloyatlarida ham ma’lum darajada ro’y berdi va keyingi qator yillarda davom etib bordi. 1920-yillar o’rtasiga kelib Farg’ona va Samarqand viloyatlaridagi dehqon xo’jaliklari soni 1917-yildagi 613506 tadan 372000 taga qisqardi. Sirdaryo viloyatini ham qo’shib olganda bu uch viloyat hududida aholi soni 3 mln. emas, 2 mln. 76 ming kishini tashkil qildi.
25.10. Turkistonda ocharchilik va uning oqibatlari
Ocharchilikning kelib chiqish sabablari va uning bosqichlari. 1917-yil qurg’oqchil bo’lib, g’alla hosili yaxshi bo’lmadi. O’sha yili Turkiston o’lkasi bo’yicha 52,50 mln. pud g’alla yetishtirildi. Holbuki, o’lka aholisining faqat jon saqlashi uchun kamida 110 mln. pud bug’doy kerak edi.
1917-yil qishida Turkistonda ocharchilik boshlandi. Turkiston Muxtoriyati hukumati Kavkazdan Orenburg orqali Turkistonga g’alla keltirishga harakat qilganligi ma’lum. Biroq Toshkentda zo’ravonlik bilan hokimiyatni bolsheviklar hukumatining rahbarlari nafaqat boshqaruvda, balki iqtisodiy sohada ham qo’pol jinoyatlarga yo’l qo’yishdi. Ana shunday jinoyatlardan biri 1918-yil 6-fevralda Turkiston XKS raisi F. Kolesov imzolagan paxta tolasi va xom paxtani musodara qilish to’g’risidagi dekret edi. Mazkur dekretga ko’ra, qisqa vaqt ichida zavodlarga topshirilgan 3,4 mln. pud paxta tolasi, 6 mln. pud xom paxta, 600000 pud paxta yog’i, 4 mln. pud chigit, 1,1 mln. pud kunjara sovet davlati ixtiyoriga tekin o’tdi. Dehqonlar zavodga topshirilgan paxtasi uchun ham, uyidan olib ketilgan paxta xomashyosi uchun ham loaqal past narxda bo’lsa-da, mutlaqo pul olishmadi. Bu hol, bir tomondan, paxtakor dehqonlarni junbushga keltirsa, ikkinchi tomondan, ocharchilikni kuchaytirib yubordi.
Turkistondagi ocharchilik bolshevikcha rejimning qattol siyosati natijasida 1918-yil boshlariga kelganda avj olib ketdi. Oziq-ovqat muammosi bu paytga kelib Turkiston respublikasidagi eng o’tkir muammolardan biriga aylangan edi. Bolsheviklar mahalliy aholi qo’lidagi g’alla va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini tortib olish uchun qat’iy choralarni belgilashdi. 1918-yil 9-mayda RSFSR da oziq-ovqat diktaturasi joriy qilindi. Bu masala Markazning o’zida ham qattiqqo’llik bilan amalga oshirildi. 15-iyunda Turkistonda uch kishidan iborat o’lka oziq-ovqat direktoriyasi tashkil qilindi.
Biroq direktoriya o’z faoliyati davomida katta xatolarga yo’l qo’ydi. Ochlikning yovuz changali kekirdakdan ushlab turgan paytda faqat rus aholisi oziq-ovqat bilan ta’minlandi. «Hokimiyatdan chetlashtirilgan musulmon aholisi nondan ham mahrum qilindi. Natijada ocharchilikdan qutula olmayotgan musulmon aholisi qirila boshladi. Ruslarni yangi shahari va unda kun ko’rayotgan sovet hokimiyati bilan mahalliy aholi o’rtasida o’tib bo’lmas devor paydo bo’ldi», — deb e’tirof qilishga majbur bo’lgan edi Turkbyuro raisining muovini G. Safarov.
Turkistonda ocharchilikning kuchayishi va uning oqibatlari. Bolshevistik rejim 1919-yil 4-iyunda «G’alla monopoliyasi to’g’risida, «Sinfiy non payogi to’g’risida», «Turkiston respublikasida oziq-ovqat siyosatini amalga oshirish yuzasidan oziq-ovqat komissariga favqulodda vakolatlar berish to’g’risida» kabi dekretlarni qabul qilishi bilan Turkistonda oziq-ovqat diktaturasini joriy qildi. G’alla monopoliyasi hech qanday tayyorgarliksiz joriy qilindi va shafqatsiz ravishda amalga oshirildi. Bu holat Turkistonda ocharchilikning nihoyatda kuchayishiga olib keldi.
Ocharchilikka qarshi kurash markaziy komissiyasi raisi T. Risqulov o’z tarjimayi holida yozganidek, «Haqiqatan ham ko’chalar, ariqlar va qishloqlarda o’layotgan millionlab yo’qsillar va bolalarni qutqarish kerak edi, o’sha vaqtdagi hokimiyat bunga panja orasidan qarardi (masalan, 1 mln. och kishi uchun hammasi bo’lib 50 mln. so’m pul ajratildi)». Qiyoslash uchun shu narsani keltirib o’tamizki, o’sha paytda bir buxanka nonning narxi 1000 so’m atrofida bo’lgan.
Farg’ona viloyati sovetlarining XIII syezdida viloyat inqilobiy qo’mitasi raisi vodiydagi ocharchilik to’g’risida to’xtalib, shunday degan edi: «1917—1918-yillardagi ocharchilik Farg’ona viloyati xo’jaligining vayron bo’lishida kuchli ta’sir ko’rsatdi... Faqat Qo’qon va Marg’ilon uyezdlarida ocharchilik oqibatida 1917—1923-yillarda 0,5 mln. odam o’ldi». Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, «Farg’ona vodiysida 1917—1923-yillarda ocharchilik natijasida 1 mln. kishi halok bo’lgan».
Turkiston respublikasidagi dahshatli ocharchilik uning boshqa viloyatlariga ham keng tarqaldi. Masalan, Samarqand viloyati Jizzax uyezdining 70 foiz aholisi ochlikdan qirilib ketdi. Boshqa uyezdlarda ham ahvol shunday fojiali edi. Samarqand uyezdining o’zida esa 70.000 odam ocharchilikdan o’lib ketdi.
T. Risqulov sal keyinchalik yozgan «Inqilob va Turkistonning tub aholisi» asarida o’sha davrda Turkistonda, xususan Farg’ona vodiysi va Yettisuvda avj olgan ocharchilikning butun dahshatlarini ko’rsatib beradi. Uning fikricha, o’lka butun aholisining teng yarmi, taxminan, 2,5 mln. kishi ochlikdan azob chekkan. Ocharchilik Turkistonda 1923-yilning oxirigacha davom etdi.
T. Risqulov Turkiston sovetlarining favqulodda VII syezdida butun bir millat yo’q bo’lib ketishi mumkinligi haqida gapirganda uning so’zlarida kuchli dard bor edi.
Ko’z ko’rib, quloq eshitmagan hodisalar haqida oziq-ovqat komissari V. Lapin tan olib, quyidagi fikrni yozgan edi: «Markaziy Rossiyadagi ocharchiliklar Turkistondagi dahshatlar oldida hech narsa emas».
Turkistondan Rossiyaga oziq-ovqat mahsulotlari va moddiy boyliklarning tashib ketilishi. Dahshatli ocharchilik va iqtisodiy inqirozni boshidan kechirayotgan Turkiston o’lkasidan Rossiya markaziga eng avvalo oziq-ovqat mahsulotlarini olib chiqib ketish tobora kuchaydi. Arxiv hujjatlarining dalolat berishicha, 1920-yilda tashib ketilayotgan g’alla mahsulotlari va boshqa oziq-ovqat turlarining miqdori 4,5 marta ko’paygan. Boshqa bir hujjatda yozilishicha, «1921—1922-yillarda Turkistondan Rossiyaga 4.400000 pud g’alla jo’natilgan». O’sha paytda don yetishtirishga ixtisoslashmagan Turkiston qishloq xo’jaligi uchun bu katta miqdordagi hosil hisoblangan. Chunki, Turkiston chorizm tomonidan bosib olingach, o’lkadagi bug’doyzorlar hisobidan paxta ekiladigan maydonlar kengaytirilgan bo’lib, g’alla Rossiyaning markaziy guberniyalaridan bu yerga tashib kelinardi. Ma’lumki, Turkistonda bolsheviklar hokimiyat tepasiga kelgach, Rossiyadagi fuqarolar urushi natijasida o’lkaga g’alla keltirish deyarli to’xtab qolgan edi.
1920-yil boshlariga kelganda g’alla
monopoliyasi siyosati bir qadar yumshatildi. Oziq-ovqat razvyorstkasi ko’rinishidagi
monopoliyani faqat ko’chirib keltirilgan krestyanlar yashaydigan rayonlarda o’tkazishga
qaror qilindi. Musulmonlar yashaydigan joylarda natura solig’i joriy qilindi.
Biroq oziq-ovqat tayyorlashdagi tabaqalashtirilgan bunday yondashuv uzoq
saqlanib qolmadi. Turkkomissiya a’zolari
V. Kuybishev va F. Goloshchyoginning tazyiqi bilan 1920-yil avgustda butun
Turkiston respublikasi hududida oziq-ovqat taqsimoti (prodrazvyorstka)ni joriy
etish to’g’risida qaror qabul qilindi. Oziq-ovqat razvyorstkasi aholini
ochiqdan-ochiq talashga aylanib, ijtimoiy keskinlikni kuchaytirib yubordi.
Oziq-ovqat to’plovchi otryadlar mahalliy xalqni qon qaqshatib, uning so’nggi
burda nonini ham tortib olishar edi.
Turkiston respublikasidagi oziq-ovqat to’plovchi otryadlar faqat 1920—1921-xo’jalik yilida mahalliy aholi qo’lidan 9.708.703 pud g’alla, 6.358.144 pud yem xashak, 1.606.210 pud go’sht va boshqa mahsulotlarni tortib olishdi. Tortib olingan oziq-ovqat mahsulotlari Rossiyaga jo’natilar edi.
Shunday qilib, Turkistonda g’alla monopoliyasi va oziq-ovqat razvyorstkasi natijasida mahalliy aholi qo’lidan:
1) 1918—19-yillarda zo’ravonlik va nomigagina tovar ayirboshlash yo’li bilan 4.500.000 pud;
2) 1919—20-yillarda tovar monopoliyasi va tovar ayirboshlash yo’li bilan 5.250.000 pud;
3) 1920—21-yillarda oziq-ovqat razvyorstkasi hisobidan 9.700.000 pud;
4) 1921—22-yillarda oziq-ovqat solig’i hisobidan 4.000.000 pud g’alla tortib olindi.
Xalq ocharchilikdan qirilayotgan bir mahalda Turkistondagi ayrim oziq-ovqat zaxiralari bolsheviklar tomonidan frontda harbiy maqsadlar uchun foydalanildi. Masalan, 1919-yilning birinchi yarmida faqat Zakaspiy frontida 198 sisterna o’simlik yog’i va 305 sisterna neft yonilg’i sifatida ishlatildi. Turkiston temiryo’llaridagi parovozlarda 53 sisterna o’simlik yog’i va 223 sisterna neft yoqildi. Ayrim zavod va korxonalarda 118 sisterna o’simlik yog’i va 156 sisterna neft ham yoqib yuborildi. Bu davrda aholi ehtiyojlari uchun atigi 63 sisterna o’simlik yog’i ajratildi.
Turkiston Xalq Xo’jaligi Markaziy Kengashi (XXMK)ning nashri bo’lgan «Turkiston xalq xo’jaligi» jurnalida o’simlik yog’ining frontga ishlatilishi to’g’risidagi quyidagicha yozilgan edi: «1920-yil fevral oyiga kelib, 600.000 pud o’simlik yog’i parovozlarda yonilg’i sifatida ishlatilgan». Ko’mir va o’tin yo’qligidan boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham (Turkistonda yuz minglab odamlar ocharchilikdan qirilayotgan bir paytda) yoqilg’i sifatida ishlatilar edi. Orol dengizi uchastkasida parovozlar quritilgan baliq yoqib yurgizilgan. Shuningdek, parovozlarga kunjara yoqishga urinib ko’rilgan.
Sovet rejimi davrida keyinchalik ham bir necha marta ocharchilik yuz berdi. 30-yillarning boshida Markaziy Rossiya, Volga bo’ylari va Qozog’istonda ocharchilik ayniqsa dahshatli bo’ldi. 1932—1933-yillarda ocharchilik O’zbekiston SSRga ham o’z ta’sirini ko’rsatdi. Parijda chiqadigan «Yosh Turkiston» jurnalining yozishicha, o’sha kunlarda respublika poytaxti Toshkent ko’chalarida ocharchilik natijasida o’lgan odamlarning jasadlarini uchratish mumkin edi. Ularning aksariyati qo’shni respublikalardan non qidirib, Toshkentga kelishgan edi. Afsuski, bu paytga kelib non shahri — Toshkentning o’zida ham non qolmagan edi...
Farg’ona vodiysidagi sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat, uning maqsadlari va mohiyati. Turkistonda sovet hokimiyati va bolshevikcha rejimga qarshi harakat 1918-yil fevral oyining so’ngi o’n kunligida boshlandi. Dastlabki guruhlarning tuzilishi Qo’qon atrofidagi Bachqir qishlog’ida boshlangan. Farg’ona vohasida bu davrda 3 yirik qurolli guruhlar sovetlarga qarshi kurash olib borgan. Ulardan eng yirigi Marg’ilonda, militsiyaning sobiq boshlig’i Muhammad Aminbek Ahmadbek o’g’li – Madaminbek (1892–1920) edi.
«O’z oldiga sovet hokimiyatini ag’darish va Farg’ona muxtoriyatini tiklash vazifasini qo’ygan Madaminbek ustomon siyosatchi va uddaburon tashkilotchi fazilatlariga ega edi», deb tan olinadi 1918-yilga oid arxiv hujjatlarining birida. Farg’ona vodiysida 1918-yilning o’rtalariga kelib taxminan yuzga yaqin guruhlar qizil armiya qismlariga qarshi kurash olib bordilar. Bu guruhlarda 15000 yigit bor edi. Bu harakat Qo’qon fojialaridan keyin boshlangan bo’lishiga qaramay, uning ildizlari chor Rossiyasi tomonidan Turkiston bosib olingan XIX asrning 60—70-yillariga borib taqaladi.
1918-yil fevralida Turkiston xalqlarining milliy hukumati yo’q qilinganida ularning milliy g’ururi ham yanchilgan edi.
Madaminbek Farg’ona fronti qo’shinlari qo’mondoni M. Safonov nomiga yo’llagan maktubida (1919-yil 11-mart) ular qanday maqsad yo’lida kurashayotganliklarini, bu harakatning mohiyati va «bosmachi» deb kimni aytish lozimligini yaqqol ko’rsatib berdi.
Harakatning mohiyatini sovet qo’mondonligi vakillari ham e’tirof etishga majbur bo’ldilar. Turkiston frontining qo’mondoni Frunze: «Bosmachilikka qarshi kurash tamoman yangi, ayrim xususiyati bo’lgan o’ziga xos dushman bilan kurash demakdir», deb yozgan edi.
Harakatning Turkiston siyosiy muhitida ta’siri. Turkiston XKS raisi Qayg’usiz Otaboyev Turkiston MIK 4-plenumida (1922-yil iyul) quyidagi haqiqatni oshkora ta’kidlashdan cho’chimadi: «...dastlabki davrlarda bosmachilik ruhida bo’lgan bu harakat endilikda siyosiy mazmun kasb etdi. Shuni ta’kidlash lozimki, 1919–1920-yillarga kelib Farg’onada qaroqchilik, bosmachilik emas, balki o’ziga xos xalq qo’zg’oloni vujudga keldi. Biz to’rt yil davomida bu harakatga hatto to’g’ri baho berishni ham bilmadik, u xalq qo’zg’oloni bo’lgani holda bosmachilik deb atadik».
Asosiy harakatlanuvchi kuch dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar, hunarmandlar edi. Turkiston respublikasi rahbarlaridan Turor Risqulovning e’tiroficha, harakatga «asosan dehqonlar va hunarmandlar kelib qo’shilardi». Ularning milliy tarkibi asosan tub joy aholisi — o’zbek, tojik, qirg’iz, qozoq, turkman, qoraqalpoq va uyg’urlardan iborat edi.
Turkiston ziyolilari va taraqqiyparvarlari — namanganlik Nosirxon to’ra Said Kamolxon to’ra o’g’li, toshkentlik muftiy Sadriddinxon Maxsum Sharifxo’ja qozi o’g’li, Turkiston MIK raisining sobiq o’rinbosari To’raqul Jonuzoqov, asli boshqirdistonlik Ahmad Zakiy Validiy va boshqalar bu harakatni qo’llab-quvvatladilar.
Zulm va istibdodga qarshi olib borilgan janglar. Farg’ona vodiysidagi istiqlolchilik harakati 1919-yil yozining oxiri va kuzida o’zining eng yuqori cho’qqisiga chiqdi. Madaminbek boshchiligidagi qo’shinlar safiga Jalolobodda turgan rus krestyanlar armiyasining qo’shilishi vodiyda sovet hokimiyatini ag’darish uchun real kuch edi. Sentabr oyining dastlabki kunlarida Madaminbek lashkarlari Jalolobod va O’sh shaharlarini egallashdi. Ular 13-sentabrda Eski Marg’ilon shahrini qizil bosqinchilardan ozod qildilar. Shu bilan birga vodiydagi eng yirik strategik shahar — Andijonni qamal qilishga kirishdilar. Madaminbek boshchiligidagi qo’shinning hujumi Farg’ona vodiysini larzaga keltirdi. 1919-yil 22-oktabrda Pomirning Ergashtom ovulida bo’lgan anjumanda Madaminbek boshchiligidagi Farg’ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga 16 yerli aholi va 8 rus vakili kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig’i bo’lish bilan birga, Oliy Bosh qo’mondon ham etib tayinlandi.
1919-yilning kech kuziga kelib Madaminbek qo’l ostida 3000 ga yaqin yigit qizil armiyaga qarshi istiqlol janglarini olib bordilar.
Madaminbek siymosida sarkardalik, davlat va siyosat arbobiga xos sifatlar uyg’unlashgan edi. U vodiydagi sovet hokimiyati organlariga muqobil ravishda o’z siyosiy boshqaruv usulini joriy qildi. «U bizning rahbarlik faoliyatimizda qo’yilgan xato va kamchiliklarimizdan ustalik bilan foydalanardi. Uning «boshqaruv apparati», o’zining tribunali, o’zining genshtabi bo’lgan; u qonunlar chiqargan», deb e’tirof etadi. Madaminbekka qarshi kurashgan dushmanlardan biri — qizil komissar Gramatovich.
Tarixchi Ra’no Rajabovaning yozishicha, qizil armiya qo’mondonligi, bolsheviklar bu kurashda jiddiy yutuqlarni qo’lga kirita olmaganliklari oqibatida Farg’ona vodiysining tinch aholisidan vahshiylarcha o’ch ola boshladi. Chunonchi, 1918-yilda qizil askarlar va dashnoqlar Chustda 1500 kishini qatl qildilar. 1918-yil oxiri — 1919-yil boshida bu kuchlar Bozorqo’rg’on, Qo’qon qishloq, So’zoq qishloqlariga bosqinchilik hujumlari uyushtirib, dehqonlarni qirg’in qildilar, mol-mulklarini taladilar, qishloqlarga o’t qo’ydilar.
1919-yil bahorida rus krestyanlari sovet hokimiyati siyosati, tinch aholining qirg’in qilinishidan norozi bo’lib, krestyanlarning Monstrov qo’mondonligi ostidagi armiyasi Madaminbek lashkarlari bilan qo’shildi. Qizil armiyaga qarshi janglar olib bordi.
Farg’ona vodiysiga bolsheviklar tomonidan qo’shimcha kuchlarning tashlanishi natijasida 1920-yil yanvar oyining o’rtalariga kelib jangovar tashabbus qizil armiya qo’liga o’tdi. Katta Ergash qo’rboshining qo’shini mag’lubiyatga uchragach (u 1921-yil dekabrda Xonoboddagi qarorgohida qizil askarlar bilan bo’lgan jangda o’ldirildi), Shermuhammadbek asosiy kuchlarini olib Oloy vohasiga chekindi. Madaminbek vaqtdan yutish uchun Farg’ona fronti qo’shinlari qo’mondonligiga yarash muzokaralari boshlashni taklif qildi. Natijada Madaminbek bilan 2-Turkiston o’qchi diviziyasining boshlig’i Veryovkin-Roxalskiy o’rtasida 1920-yil 6-martdan Farg’ona shahrida yarash bitimi imzolandi.
Shuni aytish kerakki, ko’pincha guruh boshliqlari o’zaro kelisholmasdi, ular orasida jipslik, hamjihatlik yo’q edi. Shuning uchun ham bu harakat mag’lubiyatga uchradi. Bir-birini qo’llab-quvvatlash o’rniga qo’rboshilar raqobatchilik psixologiyasidan chiqa olmadilar. Shu sababga ko’ra Madaminbek qon to’kishni to’xtatish maqsadida muzokaralar olib borish uchun qo’rboshilar bilan uchrashgandi. Shermuhammadbekning roziligi bilan Xolxo’ja eshon 1920-yil 14-mayda Qorovul qishlog’ida uni xiyonatkorona o’ldirdi. Madaminbek o’rtadan ko’tarilgach, ertasigayoq bolsheviklar qurolli harakatlarni kengaytirdilar. Ammo Turkiston xalqlarining sovetlarga qarshi janglari 1920-yilda va undan keyin ham davom etdi. Farg’ona vodiysi va Samarqand viloyatidagi kurashlar bilan bir qatorda, endilikda Buxoro va Xorazmda ham bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurash boshlandi.
1920-yilning yozi va kuzida o’zining yangi bosqichiga kirdi. Kurash yana ham shafqatsiz va murosasiz tus oldi. Turkiston MIK raisi Inomjon Xidiraliyevning keyinchalik yozishicha, «1920-yil sentabrda bosmachilarning soni 70000 kishiga yetdi va kuchli vahima uyg’otdi».
1921-yil 13-sentabrda Farg’ona vodiysida favqulodda holat e’lon qilindi. 1921-yil noyabrda Farg’ona viloyatida harbiy diktatura o’rnatildi va Turkfront harbiy inqilobiy kengashi a’zosi P.Baranov Farg’ona viloyatining harbiy boshlig’i qilib tayinlandi.
Turkkomissiya, keyinchalik Turkbyuro qizil qo’shinlar harakatini boshqarib, Markazga hisobot berib turdilar. Markaz harakat boshliqlariga nisbatan shafqatsiz jazo choralari qo’llash lozimligini qat’iy talab qildi.
Shermuhammadbek boshchiligida tuzilgan Turkiston muvaqqat hukumati 1922-yil oxirida tarqalib ketdi. Uning o’zi qator janglardan keyin 1922-yil dekabr oyining so’nggi kunlarida Buxoro respublikasi hududiga, 1923-yil bahorida esa Afg’oniston davlatiga o’tib ketdi.
Farg’ona vodiysida 1923—1924-yillarda kurashchilarning kichik-kichik guruhlari jang harakatlarini olib bordilar. Farg’onada ularning soni 1923-yilda 350—400 atrofida edi. Lekin ular kurashning mazkur bosqichida turli sabab va mahalliy shart-sharoitlar natijasida doim ham bir-birlari bilan kelishib ish ko’rmadilar.
Lekin uning rahbarlari hammasi ham progressiv fikr yurituvchi bo’lgan deyish mumkin emas. Ayrimlari (masalan, Madaminbek) dunyoviy taraqqiyotga intilgan davlat qurmoqchi bo’lsa, boshqalari (masalan Ibrohimbek) Buxoroga amir hokimiyatini qaytarish tarafdori edi. Ularning ayrimlari dunyoqarashlari tor, bir-biridan ustun bo’lishni xohlar edilar. Shuning uchun ham ular orasida jipslik, hamjihatlik yo’q edi.
Shu bilan birga sovet hokimiyati zo’ravonlik usuli bilan xalqni o’ziga og’dirolmaganligini tushunib, ayrim islohotlarga yo’l ochib berdi. Masalan, yangi iqtisodiy siyosatning (YIS—NEP) kiritilishi, vaqflarning qaytarilishi, eski maktablarning qaytadan ochilishi urushlardan charchagan xalqni chalg’itdi.
25.11. Iqtisodiy inqirozdan chiqish
tadbirlari. Yangi iqtisodiy siyosat va
uning natijalari
Iqtisod sohasidagi yangi chora-tadbirlar hamda siyosatning mazmun mohiyati. 1921-yil boshlarida qator muhokamalar natijasida iqtisodiyot sohasida bir qator ko’nikmalar e’lon qilindi, bu sovet mamlakatida yangi iqtisodiy siyosat (YIS) nomini oldi. Uning asosiy mazmun-mohiyati harbiy kommunizm siyosati, oziq-ovqat razvyorstkasi, dehqon mahsulotlarini tortib olishni yo’q qilish, soliqlar tizimini joriy etishdan iborat edi.
O’ta salbiy inqilobiy o’zgartirishlarni tanqidiy qayta qurish, ulardan voz kechish bozor munosabatlariga asoslangan yo’lning tiklanishini bildirmas edi, albatta. Hokimiyat batamom erkin rivojlanish jarayoniga yo’l ochish, iqtisodiyot ustidan siyosiy-partiyaviy nazorat va ta’sirni bo’shashtirib yuborishni xohlagan emas. Xalq xo’jaligida yetakchi tarmoqlar — yirik korxonalar, temiryo’l, tashqi savdo, Turkistonda paxtani qayta ishlash korxonalari — davlat tasarrufida saqlab qolinib, ularni tiklash, ishga solish rejalashtirildi. Boshqa tarmoqlarni vayrongarchilikdan qutqarish uchun shaxsiy sarmoyalarni jalb qilish, qishloqda va shaharda chakana tadbirkorlik, ijara, yollash-yollanish, savdo erkinligi e’lon qilindi. Xo’jalik faoliyati munosabatlarining soliqlar orqali boshqarish, qishloqda natural oziq-ovqat solig’ini joriy qilinishi ko’zda tutildi.
Turkistonda iqtisodiyotdagi kelishuvchilik jarayonlari. O’lkada yangi voqelik dastlab shaharlarda, ishlab chiqarish, tijorat sohalarida yuz berdi. 1921–1922-yillarda faqat Toshkentda 86 ta korxona, 2386 ta do’kon, shuningdek, bozorlar, karvonsaroylar, hammomlar, tomoshaxonalar va boshqalar davlat tasarrufiga olindi, ular qisqa vaqtda ishga tushirilib, xizmat ko’rsata boshladilar. Shirkatlar, birjalar tiklandi, yarmarkalar uyushtirildi.
Hunarmandchilik tez tiklandi. Turkistonda 1920-yilda 30 ming atrofida kosib qolgan bo’lsa, 1923-yilda ularning soni 110 mingga yetdi. Hunarmandlar aholining deyarli barcha ehtiyojlarini qondirar edilar. Hunarmandlar bozorga chiqarilgan poyafzalning 86%ini, oshlangan terining 76%ini, kiyim-kechak va bosh kiyimlarning 85%ini, idish-tovoqlarning 60%ini ishlab chiqardilar. Ko’pgina ro’zg’or buyumlari, dehqonchilikda zarur qurollar ham hunarmandchilik mahsulotlari edi.
Davlat iqtisodiyotni boshqarish tizimini yangi sharoitlarga moslashtirish choralarini ko’rdi. 1921-yil mart oyida Turkiston Iqtisodiy Kengashi (TurkEKOSO) tuzilib, mahalliy iqtisodiy kengashlar uning tasarrufiga o’tkazildi. Shuningdek, TurkEKOSO tarkibida Davlat Planlashtirish Komissiyasi (Gosplan) tuzildi.
Pul xo’jaligi jiddiy amaliy ifoda kasb etdi. 1921-yilda Turkiston bonlari muomaladan chiqarilib, umumfederal qog’oz pullari muomalaga kiritildi, lekin ular tez orada qadrsizlanib qoldi. 1922-yilda boshlangan pul islohoti (pul almashtirish) uch yil davom etdi. Oltin hisobidagi chervonlar, kumush va mis tangalar chiqarildi. Markaziy banklarning bo’limlari, Turkistonning o’z banklari tashkil etilib, faoliyat ko’rsatdi. Davlat daromadlari va xarajatlari hisobga olinib, budjet tuzishga kirishildi.
Davlat tasarrufida qoldirilgan korxonalarning xo’jalik hisobida faoliyat ko’rsatib, xarajatlarni daromaddan qoplay olganlari kreditlar bilan ta’minlandi, mahsulot chiqarish kengaytirildi. Bu jarayonda ba’zida ishchi, xizmatchilar soni qisqartirildi. Transport, sanoat tiklanib bordi. Elektrstansiyalar, tramvay ishga tushirildi, korxonalar, ijaraga olingan obyektlar aholi talablari uchun mahsulot chiqarib, xizmat qila boshladilar. Chunonchi, o’lka sanoat korxonalari mahsulotining umumiy hajmi 1923/24-xo’jalik yilida 1921-yildagiga nisbatan 1,7 marta o’sdi. Sanoat mahsulotlarining miqdori 1923-yildagi 5 mln. oltin so’mdan 1924 yilda 7 mln. 322 ming so’mga yetdi.
Dehqon xo’jaliklari va qishloq xo’jaligini tiklash, YIS tamoyillari. Qishloq xo’jaligini tiklash oziq-ovqat taqchilligini bartaraf qilish uchun oziq-ovqat solig’iga o’tildi. Bu dehqon xo’jaligini ko’tarish uchun yo’l ochdi. Soliqni to’lagandan so’ng ortiqcha mahsulotni bozorda sotish, xo’jalikka zarur narsalarni sotib olish imkoniyati tug’ildi. Dastlab o’lkada oziq-ovqat solig’i sakkizta natural soliqdan tarkib topdi. Bu chalkashlik va suiiste’mollarga sabab bo’ldi. Soliq tizimini takomillashtirish choralari ham ko’rildi.
1921-yilda ekin yerlari maydoni oldingi yilga nisbatan ancha kengaydi. Lekin chalkashlik hamon salbiy ta’sir ko’rsatardi. Oziq-ovqat solig’i 1921-yilda 76%ga, 1922-yilda qariyb 98%ga bajarildi. Yangi yengillik tug’dirgan tamoyillar dehqonlar o’rtasida keng targ’ib qilinmadi. Rahbarlikning ma’muriy usullarini qo’llash davom etdi. Chunonchi, 1921-yilning yozida irrigatsiya tarmog’i harbiylashtirildi. Dehqon xo’jaligi bu tarmoqda majburiyatni bajarish bilan birga, suv solig’ini to’lashi lozim edi.
Qishloq xo’jaligida moddiy yordam ko’rsatish uchun yagona oziq-ovqat solig’iga, keyinchalik natural shakldan pul bilan to’lashga o’tildi. 1923-yili Toshkentda qishloq xo’jalik banki ta’sis etildi. O’lkada irrigatsiyani tiklash uchun 1922/23-xo’jalik yiliga 5 mln. 850 ming oltin so’m, kelgusi yilga 4 mln. 800 ming va 1924/25-xo’jalik yiliga 6,5 mln. so’mga yaqin mablag’ ajratildi. Bu mablag’lar sug’oriladigan ekin maydonlarini qayta tiklash uchun dehqonlarga ularning uyushmalari orqali kreditga berildi.
Paxtachilikni tiklashga Rossiya markazi to’qimachilik korxonalari ayniqsa muhtoj edi. Markaz bunga alohida ahamiyat berdi. Bu ishni tashkil qilish uchun Markazda paxtachilik bosh boshqarmasi (glavxlopkom) ta’sis etildi, uning bo’limlari Turkistonda, boshqa joylarda ish ko’rdi. Turkistonga g’alla, boshqa mollar yuborila boshlandi. Paxta soliqdan ozod qilindi, uning xarid narxi oshirildi. Hatto paxta yetishtirgan boy dehqonlarga ham xlopkom homiylik qila boshladiki, bu hol o’lkadagi rahbar bolsheviklarning noroziligini uyg’otdi. 1923-yilda paxtaga davlat monopoliyasi bekor qilindi.
Qishloq xo’jaligi, xususan, paxtachilikni tiklash uchun shirkatchilik uyushmalari (kooperatsiya) shakllari tashkil qilindi, davlatbank mablag’lari shular orqali dehqon xo’jaliklariga kredit qilib beriladigan bo’ldi. Kooperatsiya turlari oldin ham bo’lgan, ammo sovet hokimiyati ularni burjuacha tashkilot deb tarqatib yuborgan edi. Yangi kooperativlar 1921-yilda tuzildi. Paxta tozalash zavodlari, paxtani xarid qilgan idoralar paxtakor dehqonlarni kooperativlarga uyushtirib, ularga hosilni terguncha kredit berib turganlar. Bularning soni 57 ta edi. Davlat keng miqyosda kreditlashni 1923-yil bahorida amalga oshirdi. Paxtakor kooperativlar va melioratsiya kooperativlari tuzildi. Paxtakor kooperativlar soni 1923-yil oxirida 417 tani, ularga a’zolar soni 66 ming xo’jalikni tashkil etdi. Ularning soni 1924-yilda 523 va 124 ming, 1925-yilda 723 va 270 ming xo’jalikka yetdi. Meliorativ kooperativlar soni 1923-yilda 7 ta, 1924-yilda 29 taga yetdi. Kreditdan foydalangan dehqon xo’jaliklari paxta maydonlarini kengaytirib bordilar.
Turkistonning uch viloyatida 1922-yilda paxta hosili 39 ming tonnani, 1923-yilda 111 ming va 1924-yilda 209 ming tonnani tashkil etdi. 1924-yilda ekin yerlarining umumiy maydoni Birinchi jahon urushidan oldingi hajmning 60%ini tashkil qildi. Qishloqda chorvachilik va boshqa tarmoqlar ham tiklana bordi.
Bozor munosabatlariga, xo’jalik faoliyatida moddiy manfaatdorlikka imkoniyatlarning tug’ilishi qiyinchiliklarni yenga boshladi. Ocharchilik chekindi. 1924-yilda Farg’ona vodiysi halokatli ahvoldan qutuldi.
Soliq sohasida kambag’al oilalarga imtiyozlar berildi. Soliqlarni asosan tadbirkorlar, tijoratchilar, o’rtahol va yirik dehqon xo’jaliklari, hunarmandlar to’lar edilar. 1922-yil may oyidan boshlab oziq-ovqat mahsulotlarining yakka shaxslar tomonidan o’lkadan tashqariga olib chiqib ketilishi taqiqlandi.
Qishloq xo’jaligida ish hayvonlarining yetishmasligi jiddiy muammo tug’dirdi. O’lkaga chetdan, ayniqsa, Xitoyning chegara oldi yerlaridan ho’kiz va otlar sotib olishga mablag’ (oltin, kumush pullar) ajratildi, sotib olingan qoramollarni chegaradan boj to’lamay olib kirishga ruxsat berildi. 1924-yilda Farg’ona vodiysiga 20 ming bosh qoramol keltirildi.
Xususiy savdo bilan birga davlat savdosi ham olib borildi. Ammo davlat magazinlari, do’konlarida gazmol, kiyim, kerosin va boshqa mollarning narxi baland bo’lib, keng aholining ularni sotib olishga qurbi yetmay qoldi. Natijada 1923-yil kuziga kelib, bir tomondan, savdo inqirozi (mollarning sotilmay qolishi), ikkinchi tomondan esa qimmatchilikdan noroziliklar kelib chiqdi. Bu hol shunday jiddiy tus oldiki, hukumat tezda narxlarni tushirishga majbur bo’ldi.
20-yillarning o’rtalarigacha iqtisodiy liberallashuv, kelishuvchilikning tiklanishi bilan bir qatorda hokimiyat siyosatida sinfiylik va siyosatlashtirish tamoyillari ham ko’zga tashlandi.
25.12. Xorazm respublikasida ijtimoiy-siyosiy
jarayonlar
(1920–1924-yillar)
Respublikada hokimiyat tizimining shakllanishi. 1920-yil 1-fevralda xon taxtdan voz kechdi, l-fevralda yangi hokimiyat o’rnatilgani e’lon qilindi. Yosh xivaliklardan iborat muvaqqat hukumat eski, xon davridagi boshqaruv mahkamalarini tarqatib yuborish, yangi hokimiyat organlari, qonun-qoidalarni joriy qilishga kirishdi. Xalq nozirliklari tashkil etildi. Xon davri soliqlarini bekor qilish, sudlov, vaqf mulklari, pul muomalalari, yangi soliqlar to’g’risidagi bir qator dekretlar shoshilinch qabul qilindi.
26-aprel kuni xalq vakillarining Butunxorazm I qurultoyi Xorazm Xalq Sovet Respublikasi tuzilganini e’lon qildi, respublika hukumati — nozirlar soveti tayinlandi. Qurultoyda respublika Konstitutsiyasi tasdiqlandi. Hukumat raisi etib Yosh xivaliklardan Polvonniyoz hoji Yusupov, uning muovinlari qilib Jumaniyoz Sultonmurodov va turkman Qushmamedxon Sapiyev saylandilar.
Xorazm respublikasi Konstitutsiyasi I Butunxorazm xalq qurultoyida qabul qilingan bo’lsa ham, bu masala takror ko’rildi. III qurultoyda (1922-yil iyul) Konstitutsiya to’la-to’kis qabul qilindi, ammo IV qurultoy (1923-yil, oktabr) unga jiddiy o’zgartirishlar kiritdi. Bunda g’oyaviy-siyosiy kurashlar o’z aksini topdi. Konstitutsiyaning asosiy g’oyasi barcha fuqarolarning tengligi, jamiki boyliklar, yer-suv xalqniki kabi tamoyillardan iborat bo’ldi.
Hokimiyat xalq vakillari qatnashgan boshqaruv organlari tizimi shaklida tarkib topdi. Oliy hokimiyat xalq vakillari Butunxorazm qurultoyi edi, keyinchalik u sovetlar qurultoyi deb ataladigan bo’ldi. Ijroiya hokimiyati xalq nozirlari soveti, shuningdek, mahalliy tuzilmalar — mahalliy sovetlar edi. Joylardagi bir qator mansabdorlar, jumladan, oqsoqollar aholi tomonidan saylanadigan bo’ldi. Shahar beklari, mahalliy hokimlar lavozimlari bekor qilindi. Revkomlar (inqilobiy qo’mitalar) va hukumat tayinlaydigan 3—5 kishidan iborat xalq vakillari sovetlari tashkil etildi. Qozikalon o’z o’rnida qoldi, shu bilan birga oliy sud (qozilik kollegiyasi) joriy qilindi, joylarda qozilar o’rniga adliya mahkamalari tashkil etildi. Qozilar belgilangan maosh olishga ko’chirildi, chakana daromad olish man qilindi. Maorif va madaniyat nozirligi tarkibida vaqf mulklari boshqarmasi tuzildi.
Respublikada rus harbiylari va bolsheviklar tashkil qilgan tribunallar ham bo’lib, ularning ishi siyosiy yo’naltirilgan edi. Tribunallar xohlagan ishni o’z tasarrufiga olib ko’rar, inqilobiy qonunchilik asosida hukmlar chiqarar va ularni ijro etardi. 1921-yil oxiri — 1922-yil yozi davomida 32 ta ish ko’rilib, ularning 10 tasi bo’yicha oliy jazo chiqarildi. O’limga hukm etilganlar orasida hukumatning sobiq a’zolari ham bor edi. Qisqa vaqt ichida tribunallar yana 23 ish bo’yicha oliy jazolar chiqardi.
Qoziliklar, yangi adliya mahkamalari asosan shariat yuzasidan ish yurgizardilar.
Ma’muriy jihatdan respublika 4 viloyatga bo’lingan: Hazorasp, Urganch, Toshhovuz, Xo’jayli. Xiva, Shovot yerlari Xo’jayli viloyati tarkibiga kirgan. 1922-yilda turkman, qozoq, qoraqalpoq ma’muriy viloyatlarini tuzish haqida qaror qabul qilingan.
Hokimiyatni dastlab Yosh xivaliklar partiyasi boshqardi. Uning siyosiy yo’lini 1920-yil 8-aprelda qabul qilingan «Xiva inqilobiy partiyasi dasturi» hamda 30-aprelda qabul qilingan respublika Konstitutsiyasi belgiladi.
Yana bir siyosiy uyushma Xorazm kompartiyasi edi. U xon hokimiyati ag’darilgandan so’ng Turkiston bolsheviklari homiyligi ostida tashkil topdi, so’l-ekstremistik siyosatni o’tkazish vositasiga aylandi. Xorazm kompartiyasining I qurultoyi 1921-yil 10–11-dekabrda o’tib, uning a’zolari soni 1200 kishini tashkil qildi. RKP(b) tomonidan o’tkazilgan 1923-yilgi «chistka»da XKP a’zolarining 32%i partiyadan o’chirildi.
1921-yil martida Yosh xivalik P. Yusupov boshliq hukumatning ag’darilishi oqibatida hukumat tarkibida kompartiya a’zolari soni ko’paydi. Ammo hokimiyatning boshqa qismlarida Yosh xivaliklar va ularning g’oyalari ta’siri kuchli edi. Bu hol respublikadagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatning mazmun va mohiyatini belgilab bordi.
Respublikaning xo’jalik boshqaruv organlari tashkil topdi. Xorazm Iqtisodiy Kengashi (1923-yil) raisi Burxonov edi. 1924-yil bahorida respublika davlat plan komissiyasini tuzishga kirishildi. Bu organlar O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashiga bo’ysunar edi. Xorazm Iqtisodiy Kengashining tuzilishi va faoliyat ko’rsatishi Xorazm respublikasining Rossiyaga iqtisodiy qaramligini kuchaytirdi.
Hokimiyat tizimining cheklanmagan darajada kengayib borishi, shuningdek, siyosiy sabablar bilan o’zgartirilishi ham ko’zga tashlandi. Chunonchi, 1923-yil kuzida davlat apparati 10 marta qisqartirildi, «chistka»lar o’tkazildi.
Bolshevikcha zo’ravonlarga qarshi ommaviy noroziliklar, hatto g’alayonlar ko’tarildi. Chunonchi, 1920-yil yozida Xivada katta yig’in bo’ldi, unda qizil armiyani, bolsheviklarni mamlakatdan haydash, islom diniga qarshi unsurlarni jazolash qat’iyan talab qilindi. Bunga javoban yig’inda qatnashgan ruhoniy va oqsoqollardan 320 ga yaqin kishi qamoqqa olindi, ulardan bir qismi tergov va sudsiz otib tashlandi, qolganlar surgun qilindi.
Vaqf mulklariga munosabat hokimiyat organlari e’tiborida bo’ldi, bu orada kurashlar davom etdi. 1920-yilda vaqflarni umuman yo’q qilish haqida e’lon qilindi, biroq Xorazm sovetlarining II qurultoyi (1921-yil may) bu qarorni bekor qildi. Vaqf davlatdan ajratildi, fuqarolarning shaxsiy ishi deb qaror qilindi. Lekin IV qurultoy (1923-yil oktabr) vaqf yerlarini musodara etish haqida qaror chiqardi. Bu masala bolsheviklar tomonidan dastlab 1920-yilda ko’tarilganida katta norozilik bildirilgan edi. Nozirlar kengashi raisi P. Yusupov «vaqflar daxlsiz bo’lib, ulardan tushgan mablag’ shariatga, asosan machitlar, madrasalar va mullalarga xarajat qilinadi», deb qat’iy uqtirdi. Natijada P. Yusupov hukumatiga qarshi fitna uyushtirilib, u 1921-yil 10-martda ag’darildi. Uning bir necha a’zolari qamoqqa olindi, hokimiyat revkom qo’liga o’tdi. Bu voqea mintaqada qattiq qoralandi.
1920-yil sentabr oyida bolsheviklar, qizil armiya qo’mondonligi yana bir qabih xunrezlikni amalga oshirdi. Hukumat raisi muovini Qo’shmamedxon qo’mondonligi ostidagi turkman suvoriylari otryadi Junaidxon bilan aloqada gumon qilinib, hiyla yo’li bilan Xivaga chaqirib olindi va qo’qqisdan qurolsizlantirilib, 600 dan ortig’i otib tashlandi. Turkman aholisi ustiga jazo otryadlari tashlandi, mollar talandi, natijada ko’p xo’jaliklar Eron hududiga ko’chib ketdi. Qizil armiya qismlarining bu jinoyatlarini Turkkomissiya raisi ham tan oldi.
G’oyaviy-siyosiy kurash davom etdi. Xalq ommasi, uning ilg’or vakillari mustaqillik uchun, adolatsizlikka qarshi kurashni to’xtatmadilar. 1923-yil bahorida savdo-sanoat noziri Nurullayev RSFSRda muzokaralarda qat’iylik ko’rsatgani uchun Xorazmga chaqirilib, qamoqqa olindi. Rossiya rahbariyatining ko’rsatmalari asosida 1923-yil yoz-kuzida Xorazm respublikasida tub siyosiy to’ntarish amalga oshirildi. Respublika hukumati savdogarlar va ruhoniylar qo’lida, shu sababli u kambag’allarga zid ish ko’rgan, deb e’lon qilindi. Qator nozirlar qamoqqa olindi. Konstitutsiyaga jiddiy o’zgartirishlar kiritildi. Aholining bir necha qatlamlari fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi.
Buning natijasida aholi noroziligi jiddiy tus oldi, 1924-yil yanvarida katta g’alayon ko’tarildi. Xiva atrofida 15 mingdan ortiq olomon to’plandi. Qo’zg’olonchilar bolsheviklarni, qizil armiyani Xorazmdan haydashni, soliqlar borasida adolat o’rnatilishini, islom dinining tahqirlanishiga barham berilishini, gunohsiz qamalganlarning ozodlikka chiqarilishini talab qildilar. Xivaga yordamga kelgan qizil qo’shinlar tazyiqi bilan qo’zg’olonchilar tarqaldilar. Lekin 214 kishi qamoqdan ozod qilindi, dinni ta’qib qilishga chek qo’yildi, qishloq xo’jaligi solig’i 80 foizga qisqartirildi.
Xalq xo’jaligining ahvoli, aholining turmush darajasi. Respublika hukumatining faoliyati tashqi savdoni tartibga solish va jonlantirishga qaratildi. 1921-yil noyabrida tashqi savdo bilan shug’ullanish hukumat nazorati ostiga olindi. Paxta, jun, qorako’l teri, beda urug’i, g’allani tashqariga chiqarish taqiqlandi. Shu bilan birga, tashqi iqtisodiy-savdo aloqalarida mustamlakachilik ko’rinishlarining oldini olishga harakat qilindi. Butun Xorazm sovetlarining II qurultoyi Rossiya bilan savdo aloqalari teng asosda olib borilishi kerak, shundagina Xorazmda xo’jalikni ko’tarish mumkin, shu asnoda an’anaviy hamkorlar bilan «respublika tashqi savdosini» rivojlantirish lozim, deb uqtirgan edi. Respublika MIK 1922-yil martida «Bizning mamlakatimiz yana avvalgidek mustamlaka bo’lib qolmasligi uchun yetishtiriladigan xomashyo o’z mamlakatimizda ishlanadigan bo’lsin», degan masalani ilgari surdi. Bu ko’rsatmalarni amalga oshirish yo’lida amaliy qadamlar tashlandi.
Xalq xo’jaligi inqirozga yuz tutdi. 1922-yilga kelib sug’oriladigan ekin maydonlari uchdan ikkiga qisqardi va 150 ming desyatinani tashkil etdi. Paxta maydonlari esa 1916-yildagi 90 ming desyatinadan qariyb 4 ming desyatinaga tushib qoldi. 20-yillar boshida 14 ta paxta tozalash, yog’-sovun zavodlaridan atigi 3 tasi ishlar edi. Savdo-sotiq izdan chiqdi. Aholining moddiy ahvoli og’irlashdi, ba’zi joylarda ocharchilik yuz berdi.
Xorazmda sug’orish inshootlari O’rta Osiyoda eng rivojlangan darajada edi. Endi kanallar tozalanmay, botqoqlashib qoldi, tashlandiq bo’lib quridi. Urushdan oldin 1 tanob yerdan 40-50 pud paxta olingan bo’lsa, 1923-yilda hosil o’rtacha 20 pudni tashkil qildi. Paxtaga talab kamayib ketishi natijasida dehqonlar g’alla ekishga o’tdi. Dehqon xo’jaliklarining daromadi urushdan oldingi davrga nisbatan 1922-yilda qariyb to’rt marta qisqardi. 1922-yilda Xorazmda 64 ming ot va ho’kizlar yetishmas edi.
Qishloqda xon davridagi soliqlar bekor qilinishi bilan bir qator yangi soliqlar joriy qilindi. Ulardan dehqonlar uchun eng asosiysi oziq-ovqat solig’i va aroba solig’i bo’ldi. Bu dehqon xo’jaligiga putur yetkazardi. 1923-yilda yagona qishloq xo’jaligi solig’iga o’tildi. Yana aktsiz solig’i (importdan olingan) va muhr (gerboviy) to’lovlar ham joriy qilindi.
Hunarmandchilik (promisloviy) solig’iga 1923-yilda korxonalar, savdo va hunarmand-kosiblar tortilgan. Xo’jalik faoliyati bilan shug’ullangan shaxslar patent (ijozatnoma)ga haq to’laganlar, so’ngra olingan daromaddan to’laganlar. 1923-yil solig’i hajmi deyarli to’la-to’kis bajarildi. 1922-yilda paxta muomalasi tashqi savdo mahkamasi tasarrufidan o’tkazildi. Paxta urug’i pulsiz dehqonlarga tarqatildi, ssudalar berildi, soliqlardan ozod qilindi. Paxta maydonlari 1921-yilda 10 ming tanob edi. 1924/25-yilda 85 ming tanobga yetdi va shu davrda paxta hosili 100 ming puddan 800 ming pudga ko’tarildi. Umumiy ekin maydonlari urushdan oldingi darajaning 62%ini, hosildorlik 70—75%ini tashkil qildi.
1924-yilga kelib 6 ta paxta tozalash, 1 ta yog’ zavodi, 4 ta ko’n(teri) zavodi, 110 ta g’isht zavodi, tipografiya, elektrstansiya tiklandi, qog’oz zavodi, shisha zavodi qurildi. Sanoatda davlat sektori ustuvor mavqeni egalladi.
Mamlakatda mulkchilikning asosiy shakllari dehqon va hunarmandlar shaxsiy xo’jaliklari, o’rtacha korxona egalari hamda tijoratchi-savdogarlar mulklari, shuningdek, davlat mulklaridan iborat bo’ldi. Davlat mulki va kooperativ mulk tashkiliy pog’onada edi. 1922-yilda savdo oborotining 90%dan ortig’i shaxsiy kapital qo’lida bo’lgan.
Dehqon xo’jaliklarining yarmidan ko’pida 5 tanob atrofida yeri bor edi. (1923-yil noyabr), 85% aholining yer maydoni esa 10 tanobni tashkil qilardi. Yirik xo’jaliklar barcha xo’jaliklarning 20 dan 1 qismini tashkil etdi. 60 ming turkman va qozoq, qoraqalpoq xo’jaliklari ko’chmanchi chorvadorlar edi.
Musodara qilingan yerlar davlat yer fondini tashkil qilgan, ammo 3-4 yil davomida ularga ekin ekilib, xo’jalikka yetarli foyda bermagan. Bu agrar masalada aniq amaliy yo’ lning ishlanmaganligi natijasi edi.
25.13. Buxoro respublikasida hokimiyat tizimi.
G’oyaviy-siyosiy vaziyat va
xalq xo’jaligi (1920–1924-yillar)
Respublika tuzumi. Xalq hokimiyati faoliyati. 1920-yil sentabr oyi boshida Buxoro revkomi «mustaqil Buxoro sovet respublikasi» tuzilganini e’lon qildi. Hukumat, boshqa hokimiyat organlari tashkil etildi. 6 sentabrda ma’muriy tuzilish viloyat, kent va qishloqlardan iborat bo’lishi belgilandi. 27 beklik o’rniga respublika 15 viloyatga bo’lindi. Quyi hokimiyat bo’g’ini oqsoqolliklar bo’lgan. BXSR rasman mustaqil deb e’lon qilingan bo’lsa ham amalda Rossiyaga qaram edi. Respublikada yetishtirilgan paxta, ipak, qorako’l teri va boshqa xomashyo mahsulotlarini faqat Rossiyaga sotish mumkin edi. Chet ellarga mahsulot chiqarish huquqidan mahrum qilindi. BXSR o’z milliy armiyasiga, valyutasiga ega bo’lsada, ulardan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlari cheklangan edi.
Oldingi ma’murlar (beklar, qozilar, boshqa amaldorlar) hokimiyatdan chetlashtirildilar, ulardan ko’p qismi hibsga olindi, hatto otib tashlandi. Ba’zi mulozimlar respublika tartibini tan olish sharti bilan yangi hokimiyat tizimlariga xizmatga da’vat qilindilar. Yangi hokimiyatni tashkil qilish uchun 1920-yil 21–30-sentabr kunlari maxsus nazorat guruhi (komissiyasi) poytaxt atrofidagi 8 tumanni aylanib, aholi ishtirokida bir qator xodimlarni tayinladi. Muvaqqat organlar, revkom (inqilobiy komitet)lar ish ko’rib bordi. Yangi qoziliklar (xalq sudlari), maorif bo’limlari va boshqa tashkilotlar yuzaga keldi.
Respublika hukumati rais, uning muovinlari, nozirliklardan tashkil topdi. Rais Fayzulla Xo’jayev, Buxoro revkomi raisi Abdulqodir Muhitdinov 1892–1934), nozirlar Abdurauf Fitrat, Muhitdin Mansurov, Sattor Xo’jayev, Muxtor Saidjonov, Muinjon Aminov, Otaxo’jayev va boshqalar bo’lgan.
1920-yil 6–8-oktabr kunlari xalq vakillarining I Butunbuxoro qurultoyi bo’ldi. Unda hukumat tizimi va respublika oliy hokimiyati, Buxoro revkomi vakolatlari tasdiqlandi. Respublika nozirlar kengashining raisi Fayzulla Xo’jayev (1896—1938) Buxorodagi jadidchilik harakatida faol ishtirok etgan.
1921-yil sentabrida BXSRning Konstitutsiyasi qabul qilindi. Fuqarolar teng huquqligi, hurriyat e’lon qilindi. Xalq vakillarining II Butunbuxoro qurultoyida hokimiyatning oliy organi — Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) tuzildi. Uning birinchi raisi qilib Usmonxo’ja Po’latxo’jayev (Usmon Xo’ja, 1878—1968) saylandi. Keyinchalik Muinjon Aminov, Porso Xo’jayev MIK raislari bo’ldilar.
Buxoro respublikasi siyosiy tizimi boshida Yosh buxoroliklar partiyasi va kompartiyasi (BKP), keyinchalik boshqa ijtimoiy tashkilotlar faoliyat ko’rsatdilar, hokimiyatda ko’pchilik Yosh buxoroliklar edilar. Turkiston bolsheviklari ta’siri ostida Yosh buxoroliklar partiyasi BKP bilan qo’shildi, 1920-yil noyabr oyidan kompartiya yagona siyosiy partiya bo’lib qoldi. Ammo hokimiyat va boshqa sohalarda Yosh buxoroliklarning reja dasturi amaliyot asosi bo’lishda davom etdi. Rasman ko’p partiyaviylik tugatildi. BKP a’zolari soni 17 mingdan 1921-yil 1-yanvariga kelib 4 mingtaga tushdi, 1923-yil yozida 1248 ni tashkil qildi. Partiyada tez-tez «chistka»lar o’tkazildi.
Sobiq Yosh buxoroliklar — hukumat rahbarlari, nozirlar, xalq ommasi respublikaning demokratik yo’l bilan rivojlanishi, iqtisodiyot va madaniyatni tiklash, rivojlantirish uchun sa’y-harakatlar qildilar. Ammo dastlabki haftalar va oylarda bolsheviklar, qizil qo’shinlar qo’mondonligi aralashuvi bilan inqilobiy jazo organlari: tribunallar, ChK (favqulodda komissiya), shtablar qoshida siyosiy bo’limlar tashkil qilinib, shiddatli ish olib borildi, inqilobiy mazmundagi ayrim dekretlar, tadbirlar e’lon qilindi. Jumladan, 1920-yil 9-sentabrda «Yer to’g’risidagi dekret», 11-oktabrda oziq-ovqat razvyorstkasi to’g’risidagi dekretlar e’lon qilindi, tezkorlik bilan militsiya tashkil etildi, bir qator keraksiz sho’balar tuzilib, hokimiyat apparati bo’rttirib yuborildi, inqilobiy ekspropriatsiyalar o’tkazildi, islom dini, ruhoniylar, machit-madrasalarga qarshi, vaqflarni yo’q qilish choralari, siyosati o’tkazila boshladi.
1921-yil yozida, 1923-yilda sovetlarga saylovlar o’tkazildi. Sovetlarning III qurultoyida (1922-yil, avgust) respublikadagi siyosiy vaziyat, qizil armiya qismlariga munosabat muhokama qilindi, moliya, iqtisodiy, yer ishlari nozirliklari birlashtirilib, Respublika xalq xo’jaligi oliy kengashi tashkil qilindi. Shu yili respublikaning mehnat va mudofaa kengashi tuzildi, Buxoro Iqtisodiy Kengashi (BuxEKOSO), davlat reja qo’mitasi tashkil etildi, respublikaning budjeti tuzildi. Pul muomalasiga e’tibor qaratildi. Buxoro Iqtisodiy Kengashi, davlat reja qo’mitasi O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi rahbarligida, ko’rsatmalari asosida respublika iqtisodiyotini boshqardi. Bu tashkilotlarning tuzilishi respublikaning iqtisodiy mustaqilligini chekladi.
1923-yil yozi-kuzida tashqi kuchlar tazyiqi bilan hukumat tarkibi va mavqeida jiddiy o’zgartirishlar qilindi. Shuningdek, konstitutsiyaga ham o’zgartirishlar kiritildi. Siyosiy vaziyat o’zgarib ketdi. Respublikaning ma’muriy bo’linishi o’zgartirildi, 5 ta okrug (Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Turkman va Sharqiy Buxoro okruglari), 48 ta tuman va 195 ta kent tuzildi. Qishloqlarda oqsoqolliklar o’rniga sovetlar tuzishga kirishildi.
1924-yildan boshlab Buxoro respublikasi O’rta Osiyo hududiy qayta qurish jarayoniga tortildi.
G’oyaviy-siyosiy vaziyat. Buxoro respublikasida g’oyaviy-siyosiy hayot demokratik tamoyillarni joriy qilish, yangi ijtimoiy munosabatlarga o’tishga qaratildi. Yosh buxoroliklar tashkiloti rasman yo’q bo’lsa ham, hokimiyat organlaridagi milliy kadrlar, ziyolilar, aholining boshqa qatlamlari targ’ib qilingan islohotlar g’oyalariga amal qildilar. Shu bilan birga, mamlakatga Markazdan kelgan bolsheviklar, ular qo’llagan BKPdagi so’l inqilobiy unsurlar jamiyat hayotiga raxna soluvchi yo’lni tutdilar.
Bolshevik I. Sols Buxoro to’ntarishidan ikki kun o’tmasdan bunda ikkita asosiy vazifa — «yerlarni tortib olish», mulkdorlarning «iqtisodiy salohiyati ildizini qirqish» hamda «mullalarning g’oyaviy ta’siriga qarshi kurashish» deb ochiqdan-ochiq e’tirof etdi. Bolsheviklarning inqilobiy reja, sinfiy adovat, zo’rlikka asoslangan dasturiga Buxoro mamlakatiga kelgan barcha bolsheviklar, qizil qo’shinlar qo’mondonligi amal qila boshladi. Mamlakat va xalqning boyligi talandi. Qisqa vaqt ichida respublika hududida joylashgan Rossiya qo’shinlari 40 ming kishiga yetdi. Ular respublika bo’ylab garnizonlarga o’rnashdilar.
1920-yil sentabr-oktabr oylarida Buxoro, Chorjo’y va boshqa joylarda yuzlab avvalgi amaldorlar qatl qilindilar. Matbuotda «ommaviy qizil terror» o’tkazilishi haqida ochiq xabar qilindi. Ko’p hollarda tribunallar hukm chiqarib, ularni ijro etdilar. Bolsheviklar tazyiqi bilan keyingi yangi hokimiyat amaldorlari ham siyosiy qatag’on qilindilar. ChK xalqqa qarshi faoliyatini kengaytirishga intildi.
Yosh buxoroliklarning g’oyalari
va BKP siyosati o’rtasidagi jiddiy tafovut ijtimoiy vaziyatni keskinlashtirdi.
Buxoro rahbariyati 1921-yil mart oyida qator chet mamlakatlar hukumatlariga yo’llagan
murojaatnomasida «Buxoro xalqi... Yosh buxoroliklar ta’sirida uyg’ondi»,
deb ta’kidladi. BKPni
F. Xo’jayev «Sun’iy tuzilgan partiya», deb atadi. Rossiya va
Turkiston bolsheviklariga tayangan BKPning ayrim rahbarlari zudlik bilan
inqilobiy o’zgartirishlarni amalga oshirishni, chunonchi, yerlar, boyliklarni
musodara etishni, vaqflarni yo’q qilishni, islom diniga qat’iy hujum boshlashni
talab qildilar. 1920-yil oxiri — 1921-yil boshida o’tgan munozarada Buxoro to’ntarishi,
yangi hokimiyat mohiyatiga oid demokratik yo’l hamda so’l-ekstremistik
yondashuvlar to’qnashdi.
Buxoro respublikasining liberal-demokratik kayfiyatdagi rahbarlari o’z g’oyalarida qat’iy turdilar. Mamlakatda qizil qo’shinlar sonini 15 ming kishigacha kamaytirish, Rossiyaga berilgan oziq-ovqat, paxta va boshqa mollar evaziga narxi teng bo’lgan mollar yetkazib berish masalalari qo’yildi. BKPning qator so’l-ekstremistik rahbarlari lavozimlaridan bo’shatilib, chetga ketishga majbur bo’ldilar. «Yer to’g’risida»gi dekret bekor qilinib, ekspropriatsiyalar, razvyorstka, zo’rlik choralariga barham berildi.
Turkkomissiya raisining muovini G. Safarov BXSR ichki ishlariga qo’pol ravishda aralashishga intildi, rahbarlarni ochiq majlisda haqorat qildi. Unga qat’iy tanbeh berildi, RSFSR tashqi ishlar komissarligiga norozilik notasi yuborildi. So’llardan 31 kishi BKP saflaridan o’chirildi.
F. Xo’jayevning qat’iyati bilan Buxoro Chekasi tugatildi, tribunallar, siyosiy bo’limlar tomonidan fuqarolarni jazoga tortish to’xtatildi. Islom dini, machit-madrasalar xizmati, ruhoniylarning faoliyat erkinligi tiklandi, yangi qoziliklar ish boshladi. 1923-yil yozida BXSR qozilarining I qurultoyi bo’lib o’tdi. 65 ta qozilik hududida 528 kishi xizmat qilardi. Yangi sovet sudlari tashkil etildi.
Rossiyadagi bolshevistik rahbariyat, Turkkomissiya BXSRdagi muhitni va siyosiy kuchlar muvozanatini o’zgartirishga urindi. BKPdagi so’l og’machilikni tanqid qilish bilan birga, asosiy zarbani respublika hukumatiga qaratdilar. Bolshevistik namoyandalar tez-tez Buxoroga qatnay boshladilar. Ularning faol ishtiroki bilan nozirlar Fitrat, M. Saidjonov, M. Aminov, Otaxo’jayev, Sattorxo’jayev «burjua savdogarlari vakillari» deb lavozimlaridan bo’shatildilar. Mahalliy idoralarda ham «chistka»lar o’tkazildi, Buxoro viloyatida 56 kishi, Karki viloyatida 70 kishi ishdan chetlashtirildi, ularning ko’pchiligi javobgarlikka tortildi. Respublika markazi va g’arbidagi o’nta mahalliy ijroiya qo’mitalarning raislari ishdan olindi.
1923-yil oktabrida BXSR Konstitutsiyasiga muhim o’zgartishlar kiritildi. Aholining muayyan qismi fuqarolik huquqlaridan mahrum etildi. 1923-yil yozi va kuzida bo’lgan voqealar BXSRga chetdan kelib amalga oshirilgan davlat siyosiy to’ntarishi edi.
Ammo keyingi davrda ham aholining, respublika rahbarlarining sa’y-harakatlari fuqarolar totuvligi, ijtimoiy munosabatlarning barqaror kechishiga qaratildi. 1924-yil yozida F. Xo’jayev aholining qashshoqlashganini e’tirof etib, bundan qutulish tadbirlarini izchil amalga oshirish zarurligini uqtirdi. Turkistondan Q. Otaboyev va boshqalar Buxoroga yuborilib, rahbar lavozimlarga tayinlangan edilar. Hukumat raisi muovini Q. Otaboyev respublika iqtisodiyotini ko’tarish, jumladan, pul muomalasini sog’lomlashtirish, budjet masalalari bilan jiddiy shug’ullandi. BXSRning qo’shni mamlakatlar bilan o’zaro foydali aloqalarini davom ettirishga e’tiborni qaratdi.
Xalq xo’jaligining ahvoli, iqtisodiy o’zgarishlar. Buxoro respublikasining xo’jaligi sezilarli zarar ko’rib, ziddiyatli ahvolni boshdan kechirdi. Mamlakat hududiga bir necha tomondan bostirib kirgan qo’shinlar ko’p yerlarni vayron qildilar, ayniqsa, poytaxt Buxoro vayron bo’ldi, uy-joy, imoratlarga o’t qo’yildi. Dehqonlarning, boshqa aholi tabaqalarining mol-mulki, g’alla-doni tortib olindi. Buxoro dehqonlariga yetkazilgan zarar shu qadar katta ediki, yangi hokimiyat 1920-yil sentabrida, to’ntarishdan ikki-uch hafta o’tar-o’tmas «harbiy qismlardan aholi ko’rgan zararni qoplashga» ko’rsatma berdi. Karki shahri va atrofida yashagan turkman aholiga nisbatan «qotilliklar sodir etilgan, ularning uy-joylari buzilgan va yonib ketgan» edi. Ularga ham hukumat noyabr oyida moddiy yordam yubordi.
Qizil qo’shinlar qo’mondonligi mamlakatning turli joylarida, chunonchi, Xatirchi, Qarshi va Shahrisabzda katta boylik mol-mulklarni qo’lga kiritdilar. Buxoroda Turkkomissiya vakillari buyrug’i bilan xalq mulki bo’lgan xazina oltin va javohirlari, boshqa qimmatbaho boyliklar bir nechta vagonlarga ortilib olib ketildi. Olingan o’ljalar respublikaga qaytarilmadi. Buxoro respublikasi hududidagi Rossiyaga qarashli zavodlar, boshqa ko’chmas mulklar BXSRga topshirildi. Ikki tomon o’rtasida iqtisodiy aloqalarni mol ayirboshlash shaklida olib borishga kelishildi. Chunki qog’oz pullar qadrsizlangan, Buxoro zarar ko’rgan edi.
Rossiya BXSR hududidagi temiryo’llarni o’z qo’lida saqladi. Turkkomissiya vakillari respublikada qator ekspropriatsiya va inqilobiy tadbirlarni amalga oshirishga kirishdilar. Hukumatni oziq-ovqat razvyorstkasini joriy qilish, ekin maydonlarini egalaridan tortib olish, vaqflarni yo’q qilishga undadilar. Savdogarlarning 132 tonna paxtasi, boshqa mollar musodara etilib, ularni Rossiyaga olib ketishga harakat qilindi. Ko’p minglik qizil qo’shinlarni oziq-ovqat, yem-xashak bilan ta’minlash aholi zimmasiga yuklandi. Rossiyaning qadrsizlangan qog’oz pullari muomalaga kiritildi. Tashqi savdoga davlat monopoliyasi joriy qilindi.
Respublika xalq xo’jaligi jiddiy qiyinchiliklarga uchradi. Aholi, ayniqsa, dehqonlar, respublika hukumati norozilik bildirdilar. 1920-yil kuzida nozir M.Mansurov RSFSR iqtisodiy aloqalarda tenglikka amal qilishi kerak deb qat’iy uqtirdi. F. Xo’jayev Rossiya tashqi savdo birlashmasini BXSRdan «hamma narsani olishga, ammo hech narsa bermaslikka qodir...», deb aybladi. Natijada 1922-yil bahorida BXSRga bir qator qurilish materiallari, kerosin, neft, temir mollar, qog’oz, daftar, gugurt, kalishlar olib kelindi.
Respublika hukumati xalq xo’jaligini tiklash choralarini ko’rdi. Bozor munosabatlariga amal qildi, eski soliqlar bekor qilindi. 1922-yil oxirida YaIS tamoyillariga o’tish munosabati bilan Buxoro davlat banki tashkil etildi, qo’shma aksionerlik jamiyatlari, 30 ta yirik savdo firmalari, mayda tijoratchilar, davlat savdo tashkiloti, matlubot jamiyati faoliyat ko’rsatdi. Respublika reja qo’mitasi, iqtisodiy kengashi tashkil etildi, budjet tuzishga kirishildi. Savdogarlarga olingan mollari evaziga 100 oltin so’m berildi.
Dehqonlarning g’alla-don maydonlari kengaytirildi. Paxta bosh komiteti idoralari paxtachilikni rag’batlantirish uchun 1923-yil boshida 100 ming pud chigit, 125,3 ming pud g’alla, qoramollar va inventarlarni kreditga tarqatdi. Qishloq xo’jalik solig’i joriy etildi, shu bilan birga maxsus yer solig’i (ushur) va chorvachilik solig’i (zakot) olinar edi. Ko’rilgan choralar xalq xo’jaligining jonlanishiga olib keldi. 1923-yilda sug’oriladigan yerlar maydoni to’ntarishdan oldingi darajaga yaqinlashib qoldi (92,3%ni tashkil etdi). Dehqon xo’jaliklari 425 mingtaga yetdi, ularning 300 mingtasi sug’oriladigan yerlarda, 125 mingtasi esa lalmi yerlarda joylashgan edi.
Hunarmandlar bozor talabining to’qqiz qismini ta’minlardilar. Temiryo’l, sanoat korxonalari tiklanib ishga tushirildi. Tashqi savdo kengaydi. 1923/24-xo’jalik yilida BXSR 10,5 mln. oltin so’m atrofida chetga mol eksport qildi, 7,5 mln. so’m hajmidagi mollar import qilindi.
1924-yil sentabrida respublika aholisi soni, rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, 2 mln. 600 mingga tushib qoldi. Shu yil may oyida F. Xo’jayev aholining turmush darajasi pasayganini e’tirof etdi. Hukumat raisining muovini Q. Otaboyev respublika xalq xo’jaligining o’ziga xos tomonlarini qayd etdi, ular budjet-pul muomalasini yo’lga qo’yishda inobatga olinishi lozim, deb ko’rsatdi.
Respublikalarning markazlari va joylarda hokimiyat idoralari, boshqarmalarini shakllantirish, ijobiy qonun-qoidalar faollik bilan qo’llab-quvvatlandi. Dastlabki 1,5-2 yil davrida liberal-demokratik progressiv Yosh xivaliklar, Yosh buxoroliklarning mavqei va ta’siri xalq ommasi kayfiyati bilan hamohang bo’ldi.
25.14. Buxoro va Xorazm respublikalaridagi qurolli kurashlar
Buxoro respublikasida tajovuzkorlarga qarshi qurolli kurash. Qizil armiyaga qarshi kurash olib borgan guruhlar, shahar va tumanlarda ko’tarilgan qo’zg’olonlar Buxoro respublikasining barcha — g’arbiy, markaziy, sharqiy qismlarida boshlanib, ommaviy tus oldi. 1920-yil avgust oyining oxirgi kunida poytaxt Buxorodan ketgan amir Olimxon Sharqiy Buxoroga kelib, katta kuchlar to’pladi, ularning soni 12 ming, keyinroq 25 ming kishiga yetdi, qizil qo’shinlarga qarshi janglar olib borildi. Ibrohimbek (1889—1932), Davlatmandbek va qator boshqa mujohidlar kurashga boshchilik qildilar. «Mujohid» so’zi arabcha bo’lib, e’tiqod uchun kurashuvchi ma’nosini bildiradi. Buxoroda qizil askarlarga qarshi kurashgan vatanparvarlar o’zlarini mujohid deb atashgan. Jiddiy zarbalarga javoban qizil armiya qo’mondonligi yangi-yangi qismlarni, ko’plab qurol-aslahalarni yetkazib kelib, ishga soldi. Ibrohimbek 1921-yil sentabrda bo’lgan Buxoro qo’rboshilarining qurultoyida «Islom lashkarboshisi» degan mo’tabar unvonga sazovor bo’ldi. «Ibrohimbek butun Sharqiy Buxorodagi markaziy siymodir», — deb tan olinadi o’sha davrga oid rasmiy hujjatlarning birida.
1921-yil boshida mag’lubiyatga uchragan amir Olimxon Afg’onistonga o’tib ketdi. Shu yilning oktabrida Turkiyaning sobiq harbiy vaziri Anvar Poshsho (1881—1922) Buxoro shahriga kelib, biroz muddatdan so’ng mamlakatning sharqiy qismiga jo’naydi va sovetlarga qarshi kuchlarga qo’shiladi. Anvar Poshshoning sa’y-harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan lashkar bunyod etildi va u turk zobitlari bilan mustahkamlandi, g’arbcha qo’mondonlik uslubi joriy qilindi. Anvar Posho 1922-yil yozida bo’lgan janglardan birida Baljuvon tepaliklarida qahramonlarcha shahid bo’ldi. Cho’lpon Anvar Poshsho xotirasiga bag’ishlab «Baljuvon» marsiyasini yozdi. «U o’zbek she’riyatida so’zdan yaralgan she’riy haykal» (Ibrohim Haqqul) bo’lib qoldi.
Mamlakatning markaziy va g’arbiy viloyatlarida ham kurash shiddatli tus oldi. 1920-yil kuzida Boysun, Denov, Sherobod, Sariosiyoda qurolli guruhlar tuzilib, istiqlol janglarini boshlab yubordilar. Dekabrda Qarshi, Shahrisabz, Yakkabog’, Kitob, Chiroqchida qo’zg’olonlar boshlandi, yangi hokimiyat, qizil askarlar garnizonlariga jiddiy talafotlar yetkazildi. Bu joylarga ham qo’shimcha qizil askar qismlari yuborildi.
Qisqa muddat davomida Mulla Abdulqahhor (1884–1924) boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar to’plandi va jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro, Karmana va Nurotadagi o’nlab qo’rboshi guruhlari faoliyat ko’rsatdi. Bir hujjatda yozilishicha, uning qo’l ostida Buxoroning g’arbiy qismida 20 ta qo’rboshi birlashgan. O’rmon Polvon, Metan Polvon, Hayit Amin, Oston qorovulbegi (Ostoncha), Said Mansur, Murod Meshkob, Azimxo’ja, Tosh Murdasho’y, Hamro Polvon kabi sardorlar uning eng nufuzli qo’rboshilari sanalgan. Metan Polvon va Naim Polvon Mulla Abdulqahhorning tug’ishgan ukalari bo’lib, dushmanga nisbatan shafqatsizligi bilan nom chiqargan edilar. Ular asosan G’ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari va Nurotada o’z faoliyatlarini kuchaytirdilar.
Mujohidlarning katta armiyasi 1922-yil mart oyining boshida poytaxt Buxoro shahriga yurish qildi. Ular qizil askarlar bilan shahar atrofida bo’lgan ikki kunlik shiddatli janglardan so’ng Buxoro shahrining katta bir qismini egalladilar va bir necha soat mobaynida o’z qo’llarida tutib turdilar. So’ngra shahar atrofidagi Bahovuddin Naqshband ziyoratgohini bosqinchilardan tozaladilar. Ammo zudlik bilan yetib kelgan ko’p sonli qizil askarlar (ular orasida Budyonniyning otliq qo’shini ham bor edi) bilan bo’lgan jangda ular Buxoroi Sharif va Bahovuddin ziyoratgohidan katta qurbonlar berib chekinishga majbur bo’ldilar.
Buxorodagi istiqlolchilarga qarshi kurash qizil armiya va uning qo’mondonligidan katta kuch-g’ayrat talab qildi. Moskva, Toshkent, Buxoroda 1923-yil may-iyun oylarida o’tkazilgan oliy darajadagi bir qator rasmiy anjumanlarda bu masala eng dolzarb muammo sifatida kun tartibida turdi.
Moskva hukumati butun Turkistondagi istiqlolchilik harakatini tugatish uchun barcha vositalarni ishga soldi. Angliyalik tadqiqotchi Glenda Frezerning yozishicha, «Sovet qo’mondonligi Buxoro respublikasida 1923-yil bahor-kuz fasllarida bo’lgan janglarga 100000 kishilik ulkan armiyasini tashladi. 1923-yil noyabr oyida mujohidlar Buxoro va Samarqandda o’zlarining so’nggi yirik hujumlarini boshladilar...»
Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o’rtasida 1924-yil yozi va kuzida G’ijduvon tumanining G’ishti va Kattag’amxo’r qishloqlarida, Nurota tog’larida, Shofirkon tumaniga tutash Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog’iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to’qnashuvlar bo’ldi. Kuchlar teng bo’lmagan ushbu janglarda g’arbiy Buxoro vatanparvarlarining yetakchisi mag’lubiyatga uchradi. G’arbiy Buxorodagi qo’rboshi guruhlariga sezilarli zarba berildi. Mulla Abdulqahhor qo’rboshi Qizilqum cho’llarida qizil askarlar bilan bo’lgan to’qnashuvlarning birida 1924-yilning oxirida halok bo’ldi.
Qizil armiyaga qarshi harakatning mohiyati va natijalari. Buxoro respublikasidagi qizil armiya qismlariga qarshi qariyb 5 yil davomida shiddatli jang harakatlarini olib bordilar. Bu kurashda buxoroliklar o’z kuchlari va ichki imkoniyatlariga tayanib, jahondagi eng qudratli harbiy davlatning tish-tirnog’igacha qurollangan armiyasiga qarshi tura oldilar. Bu harakat 1924-yilning oxirigacha hozirgi Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo viloyatlarida davom etdi. Buxoro vatanparvarlaridan ko’plari o’z yurtlarining mustaqilligi va ozodligi uchun bo’lgan janglarda qurbon bo’ldilar. Ammo hozirgi Surxondaryo viloyati va Tojikiston respublikasi hududida vatanparvarlar yana o’n yil (1925—1935) davomida hayot-mamot janglarini olib bordilar.
Buxoro mamlakati hududlaridagi qurolli istiqlolchilik harakati qizil armiya va bolsheviklarning tajovuzkorligi, zo’ravonligi va talonchiligiga qarshi qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mujohidlarning asosiy maqsadi qizil qo’shinlarni haydab yuborish, milliy qadriyatlar, asriy e’tiqod va urf-odatlarning poymol qilinishi, xo’rlanishiga barham berish edi. Shu maqsadlar yo’lida kurash olib borish uchun Buxoro respublikasi rahbarlaridan Usmonxo’ja Po’latxo’jayev, Muhiddin Mahsum Xo’jayev, Ali Rizo Afandi, Abdulhamid Oripov, Qulmuhamedov va boshqalar qo’zg’olonchilar saflariga borib qo’shildilar.
Buxorodagi harakatning
Turkistondan, xususan, Farg’ona vodiysidagi istiqlolchilik harakatidan farq
qiladigan asosiy tomoni shundan iboratki, bu yerdagi vatanparvarlar ikki
jabhada turib kurash olib bordilar. Bir guruh qo’rboshilar
(Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor va boshqalar) amirlik tuzumi tarafdorlari bo’lib,
ular faqat qizil armiyaga emas, yosh Buxoro hukumatiga ham qarshi kurash olib
bordilar. Bu qo’rboshilar amir hokimiyatini qayta tiklash g’oyasini ilgari
surib, sobiq amir Said Olimxondan yo’l-yo’riq olib turdilar. Lekin amir
hokimiyati o’z vaqtida xalq noroziligini oshirgan, mamlakat taraqqiyotiga to’sqinlik
qilgan edi. Ikkinchi guruh qo’rboshilar (Anvar Poshsho,
Davlatmandbek, Jabborbek, Doniyolbek va boshqalar) milliy istiqlol g’oyalariga
sodiq bo’lib, ular muqaddas Buxoro tuprog’idan qizil askarlarning chiqib
ketishi, Buxoro respublikasi mustaqilligi amalda qaror topishi uchun
kurashdilar.
F. Xo’jayev boshliq Buxoro Xalq Reepublikasi hukumati bu vatanparvarlar bilan
yashirin aloqa o’rnatib, ularning faoliyatini birlashtirishga, unga siyosiy tus
berishga intildi. Shu sababli ular safiga Buxoro respublikasining ko’plab
rahbarlari borib qo’shildilarki, bu arboblarning aksariyati kechagi jadidlar va
Yosh buxoroliklar edilar.
Afsuski, F. Xo’jayev boshchiligidagi Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvar kuchlar (sobiq Yosh buxorolik jadidlar) bilan muxolifatdagi qurolli mujohid guruhlar yo’lboshchilari o’rtasida kelishuv amalga oshmadi. Agar bunday kelishuv amalga oshganida, bu Turkiston xalqlari milliy-ozodlik harakati tarixida keskin burilish yasashi mumkin edi. Holbuki, har ikki tomon ham milliy birlik, tinchlik va murosaga intilardi. Har ikki tomonning ham pirovard maqsadi Turkistonni yaxlit va mustaqil davlat holida ko’rish edi. Ammo bu niyatni totalitar rejim sharoitida amalga oshishi mumkin bo’lmadi.
Xorazmda jang harakatlarining boshlanishi va kengayib borishi. Xorazmda bolsheviklar, qizil armiya kuchlariga qarshi, ozodlik va mustaqillik uchun qurolli kurash 1919-yil yozida boshlanib ketdi. Tajovuzkor kuchlar Petro-Aleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l)ni Xorazmga qarshi hujum bazasiga aylantira boshladilar. Chorjo’ydan Amudaryo orqali harbiy kuchlar keltirildi. Xorazmning o’ng qirg’oq hududi o’tgan asrning 70-yillarida podsho Rossiyasi tomonidan bosib olinib, harbiy istehkomga aylantirilgan edi. Xorazm sovet hokimiyatidan Petro-Aleksandrovskni qaytarib berishni talab qildi, ammo rad javobini oldi. Aksincha, qizil qo’shinlar shu istehkomdan Xorazm vohasiga bostirib kirib, xon hokimiyatini ag’darib tashlashda foydalanadilar.
Xorazm respublikasida 1920-yil bahoridan boshlab misli ko’rilmagan talonchilik va zo’rliklarga qarshi ommaviy qurolli ozodlik kurashlari boshlandi. Bunga, ayniqsa, 1920-yilda qizil askarlar tomonidan Urganch aholisi, ulamolari norozilik yig’inining qonli bostirilishi, Qo’shmamedxon boshchiligidagi turkman yigitlarining o’ldirilishi, turkman aholisi ustiga jazo otryadlarining bostirib borishi, 1921-yil boshida Polvonniyoz hoji Yusupov hukumatining fitna yo’li bilan ag’darilishi, begunoh kishilarning qamalishi, o’ldirilishi, mol-mulkining talanishi sabab bo’ldi.
Qurolli kurashni turkman yovmut urug’ining boshlig’i Qurbon-Mamed Sardor — Junaidxon (1857—1938) guruhlari boshlab, qator yillar davom ettirdi. Uning qo’shini saflarida o’zbek, qoraqalpoq va qozoqlar ham ko’pchilik edi. O’zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madraimboy, Ota Mahsum, Sa’dulla bola, Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan, Ko’hna Urganch, Ilalli, Toshhovuz, Mang’it, Qo’shko’pir, Chimboy, Qo’ng’irot va To’rtko’lda harakat qilgan o’nlab sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarba berdi. Junaidxon boshchiligidagi armiya hujumga o’tib, Ko’hna Urganch, Xo’jayli, Ilalli va Taxtani qayta egalladi, ko’plab qizil askarlarni asir oldi.
1921-yil yozida Qo’ng’irotda qo’zg’olon ko’tarildi. Bunday ommaviy ko’tarilishlar tez-tez takrorlanib turdi. Rasmiy axborotlarda respublika hududida, qumlar orasida «kaltamanlar va bosmachilar sonining o’sishi», ularning kuch to’plab jangga kirganlari qayd etilgan. Qishloq va shaharlarning aholisi ularga xayrixohlik bildirgan. 1922–1923-yillarda olib borilgan jangovar harakatlar qizil armiya qo’mondonligini tang ahvolga solibgina qolmay, balki respublikadagi siyosiy muhitga ham jiddiy ta’sir qildi.
Yerli aholi sirasidan bo’lgan qator arboblar qasoskorlar safiga borib qo’shildilar, ular orasida Xorazm MIK raisi Ota Mahsumov, tashqi ishlar noziri Mulla Niyozni tilga olish joiz.
1922-yil aprel oyida vatanparvarlar Porsu shahri va uning atrofini qizil askarlardan ozod qildilar. Ko’hna Urganch atrofidagi qishloqdarda shiddatli janglar bo’ldi. 1923-yil qishida Pitnak, Hazorasp, Bog’ot, Xonqa tumanlarida dehqonlarning qo’zg’olonlari boshlanib ketdi. Qo’zg’olonchilar sovet tashkilotlarini tugatdilar, qizil askarlarga qarshi hujumni kengaytirdilar.
Qasoskorlar harakatining shiddatli o’sib borishiga xunrezlikning kuchayishi, 1923-yil yozidan aholi qator qatlamlariga nisbatan ko’rilgan siyosiy-iqtisodiy tazyiq choralari, ko’plab kishilarning bolsheviklar tomonidan qamoqqa olinishi va otib tashlanishi sabab bo’ldi. Xorazm respublikasida sotsialistik tadbirlarning amalga oshirilishi respublika markazida ommaviy noroziliklarni keltirib chiqardi. Xiva atrofida 1924-yil yanvarida 10—15 ming qo’zg’olonchi to’planib, shaharni qamal qilishi, jiddiy talablarni ilgari surishi voqealarning cho’qqisi bo’ldi. Qo’zg’olonchilarning bir qismi shahar ichiga bostirib kirib, ko’cha janglarini olib bordi. 26-yanvar kuni kechqurun bo’lgan muhoraba janglari ayniqsa shiddatli kechdi.
Harakatning mag’lubiyati. Qo’mondonlik yangidan-yangi harbiy qismlarni, to’plar, aeroplanlarni Xorazmga keltirib, qasoskorlarga qarshi jangga tashladi. Ular orasida Rossiyadagi fuqarolar urushida qatnashgan, jangovar tajribaga ega bo’linmalar, chunonchi, mashhur Budyonniy qo’mondonligi ostidagi sara otliq qo’shin ham bor edi.
Bolsheviklar, qizil armiya qo’mondonligi harakat rahbarlari bilan hech qanday muzokaraga kirishmay, ularni faqat qurol kuchi bilan bostirish rejasiga amal qilib bordilar. Shuningdek, harbiy munofiqlik aholidan o’ch olishni ham keng qo’lladilar. Respublikada «bosmachilikka qarshi kurash uchun favqulodda uchlik (troyka)» tuzilib (1922-yil oxiri), «bosmachilar» va ularga yordam berishda shubha qilingan yuzlab kishilar oliy jazoga hukm qilindilar va 24 soat ichida otib tashlandilar. Shuningdek, turkman qabilalari boshliqlari o’rtasida kelishmovchilik va adovat keltirib chiqarildi, turkmanlar va o’zbeklarni qarama-qarshi qo’yishga urinildi. Respublikada turli millatlar o’rtasidagi munosabatlar murakkablashib, jiddiy tus oldi.
Ammo hiyla-nayranglar kutilgan natijani bermadi. Qurolli kuch asosiy vositaga aylandi. Chunonchi, Xiva atrofida bo’lgan 1924-yil boshlaridagi qo’zg’olonni bostirish uchun 4-Aktyubinsk 82-Turkiston otliq polki va aviayeskadrilya, To’rtko’ldan qo’shimcha qizil askar qismlari tashlandi. Bu kuchlar tazyiqi ostida qo’zg’olonchilar Xiva qamalini to’xtatib, chekinishga majbur bo’ldilar. Aeroplanlardan qumlarga chekinganlarni shafqatsizlarcha o’qqa tutdilar, vatanparvarlar ashaddiy qirg’in qilindi. Junaidxonning piri bo’lgan Og’ajon eshon, boshqa qator sardorlar asir olindi.
Xorazmda vatanparvarlar harakati ayrim guruhlar tomonidan 1935-yilgacha davom ettirildi. Buxoro, Xorazm respublikalari, umuman, O’zbekiston hududidagi milliy istiqlol uchun kurashlar tarixiga yakun yasar ekanmiz, ularni keng xalq ommasi, birinchi navbatda dehqonlar qahr-g’azabi, noroziligining yuksak darajaga ko’tarilganligi ifodasi deb e’tirof etishimizga to’g’ri keladi. O’zbekiston XKS raisi F. Xo’jayev 1927-yilda bu harakatga baho berib, u «shiddatli siyosiy, sovetlarga qarshi xususiyat kasb etdi va butun O’rta Osiyoning mavjud uch respublikasi — Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqonlar aholisining deyarli ommaviy harakatiga aylandi...», deb ta’kidladi.
harakatga aloqador bo’lgan umumiy xususiyat bu bosqinchi qizil armiyani, bolsheviklarni Vatanimiz hududlaridan olib chiqib ketish talabi edi. Bu talab butun harakat tomonidan ilgari surildi. Keyingi maqsadlarga kelganda ko’pchilik qo’rboshilar, rahnamolar Buxoro va Xorazm mamlakatlarida 1920-yilgacha bo’lgan eski boshqaruv va hokimiyatni tiklashni ko’zladilar.
25.15. O’zbekistonda madaniyat, ma’naviyat va
milliylik uchun kurash.
O’zbekistonda 1917–1924-yillardagi ma’naviy-madaniy muhitning xususiyatlari
Hozirgi O’zbekiston hududida Podsho hokimiyatining ag’darilishi natijasida madaniy hayot va ma’naviyat sohalarida murakkab, ziddiyatli jarayonlar kechdi. Oldingi qariyb ellik yillik mustamlakachilik siyosatiga qaramasdan xalq ommasi o’z madaniyati, urf-odatlarini saqlab, himoya qilib kelgan. Ko’p asrlik o’zbek milliy madaniyati, qadriyatlari qatori yangi shakllar qaror topdi. Xalq farzandlari maktab va madrasalarda ta’lim olardilar, qo’shimcha yangi usul maktablari, rus-tuzem maktablari, gimnaziyalar faoliyat ko’rsatardi. Gazeta va jurnallar, kutubxonalar, turli milliy jamiyatlar, ziyolilar ma’rifatchilikni rivojlantirdilar. Ko’tarilgan jadidchilik harakati ma’rifatchilik va islohotchilik harakatlarini kengaytirib yubordi. Jadidchilik 1917-yilga kelib ijtimoiy va demokratik harakat darajasiga ko’tarildi. Xalq ma’naviyati asos-mohiyatini islom dinining poklantiruvchi tarbiyaviy aqidalari, milliy urf-odatlarimizning sermazmun va insonparvarlik sifatlari tashkil qildi.
Ammo O’zbekiston hududida ma’naviyat va madaniyat 1917-yildan boshlab murakkab vaziyatni boshdan kechirdi, jiddiy to’siqlar va buzg’unchiliklarga uchradi. Turkistonni qizil imperiya koloniyasiga aylantirishga kirishgan bolsheviklar siyosati va amaliyotini xalq ommasi, milliy ziyolilar qabul qilmadilar. Ma’naviyat va madaniyat sohalarida g’oyaviy-siyosiy kurash avj oldi. Xo’jalik vayronaligi va oziq-ovqat diktaturasi, yangi iqtisodiy siyosat va xomashyoga davlat monopoliyasi, ko’p sonli qizil armiya va davlat idoralari xodimlarining ta’minoti madaniyat, matbuot, maorif sohalarining moddiy ahvoli og’irlashuviga sabab bo’ldi. Bunday og’ir ahvol Turkiston madaniy hayotining 1924-yilgacha bo’lgan davriga xos edi.
Buxoro va Xorazmda 1917—1920-yillarda madaniyat, maorifning ilg’or zamonaviy shakllarini joriy qilish davom etgan islohotchilik harakatida katta o’rin egalladi. Shuningdek, demokratik o’zgarishlar xalq ma’naviyatini hisobga olib o’tkazilishi idrok etildi. Ammo Buxoroda 1917-yil bahorida konservativ, mutaassib kuchlarning jazavaga kelishi, ayniqsa, 1918-yil martida kolesovchilikning tajovuzkorligi oqibatida ma’rifatchilik jarayoniga, ilg’or madaniy kuchlarga jiddiy talafot yetkazildi. Jadid deb e’lon qilingan 3 mingga yaqin ilg’or ziyolilar, shular qatori M. Behbudiy ham qatl etildi. Xorazmda iqtisodiy ahvolning og’irlashuvi, ocharchilik madaniyat va maorifning ahvoliga salbiy ta’sir qildi. Shu bilan birga, xalq ommasining ma’rifatga, axloqiy kamolotga intilishi davom etdi. An’anaviy maktablar, madrasalar, madaniy-ma’rifiy vaqflar faoliyati, o’qimishli-ziyolilar, ijodkorlarning jamiyatdagi faxrli mavqei saqlanib qoldi.
Xorazm va Buxoro respublikalari sharoitida (1920—1924-yillar) milliy madaniyat va maorifni rivojlantirish, ularni zamonaviy sivilizatsiya shakllari hamda mazmuni bilan boyitib borish bilan yangi hokimiyat sho’balari shug’ullandi. Keng ko’lamda milliy ziyolilarni amaliy faoliyatga jalb qilish imkoniyatlari ko’zga tashlandi. Maorif, madaniyat sohalarida hukumat reja dasturlarini ishlab chiqish, ularni hayotga tatbiq etish bo’yicha dastlabki qadamlar tashlandi. Ammo bu respublikalarda ham madaniyat, e’tiqod, milliy qadriyatlarga bolshevikcha so’l-ekstremistik tazyiq o’tkazishga jiddiy urinishlar bo’ldi.
Turkistonda, Buxoro, Xorazm respublikalarida 20-yillarning birinchi yarmida bir butun madaniy-ma’rifiy ko’tarilish maydoni vujudga keldi. Shu asnoda xalq ommasi, milliy ziyolilar ishtirokidagi ma’naviy-madaniy jarayon, fikrlar, tajriba almashuvlari odatga aylanib bordi. Bolshevikcha aksilmilliy, umuminsoniy progressiv ma’rifatchilikka dushmanlik bosimlariga qaramasdan 1917—1924-yillarda O’zbekistonning hozirgi hududida madaniy-ma’rifiy turmush jabhalarida yangilanish — yangi shakllar va mazmun vujudga keldi, xalq ma’naviyatida o’z aksini topdi. Milliy ziyolilar, ruhoniylar, yerli rahbarlarning amaliy faoliyatlari borgan sari qattiq ta’qib ostiga olinib, xalq ma’naviyatini boyitish yo’lidagi harakat maydoni torayib bordi.
Xalq madaniy-ma’rifiy qadriyatlari uchun kurash. Xalq ommasi, uning barcha qatlamlari madaniyat va maorif sohalaridagi kolonizatorlik munosabatlariga qarshi kurash olib bordilar. Dehqonlar, hunarmandlar, butun aholi sovet hokimiyati tomonidan bolshevik doiralar ko’rsatmasi bilan amalga oshirilgan machitlar, madrasalar, vaqflarning buzilishiga qattiq qarshilik ko’rsatdilar, shu bilan birga maktablar, boshqa ma’rifiy maskanlar tashkil etishni jiddiy talab qildilar. 20-yillarning boshlaridan xalq ommasi bu sohalarga o’z moddiy hissasini qo’shib bordi, ikkinchi tomondan esa hokimiyatning milliy qadriyatlar va ma’naviyat borasidagi inqilobiy maqsadlaridan chekinishiga erishildi. Bu rasman «siyosiy yon berishlar» deb nomlandi.
Milliy ziyolilar va arboblarning faoliyati keng amaliy tus oldi, chuqur ijtimoiy-madaniy mazmun kasb etdi. Jadid ziyolilar, ijod ahli bo’lmish Munavvar qori, Behbudiy, Sadriddin Ayniy, Fitrat, Cho’lpon, A. Qodiriy, A. Avloniy, Hamza, G’ozi Yunus, Xurshid (Sh. Sharafitdinov) va boshqalar bilan bir qatorda XX asr bo’sag’asida tug’ilgan iste’dodli yoshlar Mashriq Yunusov (Elbek), Naim Said, Rafiq Mo’min, Mahmud Xodiyev (Botu), Bahrom Haydariy va boshqalar madaniyat, maorif sohalarida jonbozlik qildilar, ijtimoiy yo’naltirilgan ijod bilan shug’ullandilar.
Ziyolilar ijodiyoti bilan Turkistonda o’zbek tilida 1917-yilda 7 ta, 1918-yilda 33 ta, 1919-yilda 91 ta, 1920-yilda 118 ta turli kitoblar nashr etildi. Munavvar qori, Behbudiy maorif tizimini joriy qilish jabhasida o’lka miqyosida, Toshkent, Samarqand viloyatlarida samarali ishladilar. 1917-yil yozida Fitrat Samarqandga kelib, «Hurriyat» gazetasida Behbudiy bilan hamkorlik qildi, gazetaning 27-sonidan to oxirgi 87-sonigacha unga muharrir bo’ldi, dolzarb masalalarda maqolalar yozdi. 1918-yilda u Toshkentga keldi, o’qituvchilik qildi, ijtimoiy-ijodiy faoliyat bilan shug’ullandi. Fitrat boshchiligida ko’zga ko’ringan adib ziyolilar tuzgan madaniy-adabiy tashkilot «Chig’atoy gurungi» 1919–1921-yillarda qator ijobiy ishlarni amalga oshirdi. Ayniqsa, til masalalariga ahamiyat berildi. Elbek 1924-yilda o’zining yirik tilshunoslik tadqiqoti — «Lug’at va atamalar» asarini chiqardi. A. Qodiriy 1919-yilda «O’tgan kunlar» romanini boshladi va 1925-yilda yozib tugatdi. 1922-yilda chiqqan «O’zbek yosh shoirlari to’plami»dan ijtimoiy mazmundagi asarlar o’rin oldi.
Jiddiy to’siqlarga qaramasdan 1917—1924-yillarda O’zbekiston ijod ahli, ziyolilari qat’iy, chuqur mazmunli faoliyat ko’rsatdilar. Xorazmda Bekjon Rahmonov, boshqa fidoyi ziyolilar samarali madaniy faoliyat ko’rsatdilar. B. Rahmonov «madrasalar islohoti»ni qat’iy so’l inqilobiy tezlik bilan o’tkazishni inkor qildi. Maktablar, boshqa o’quv yurtlarini ochishga bosh bo’ldi, darsliklar yozdi. 1917-yildan Turkistonda, 1920-yildan esa Xorazm va Buxoro respublikalarida bolsheviklar xalq ommasining madaniyati, an’analari, ma’naviyatiga zid bo’lgan siyosat va chora-tadbirlarni o’tkazishga kirishdilar. O’tmish avlodlar yaratgan obidalar vayron qilindi.
Milliy madaniyat va ziyolilarga nisbatan o’tkazilgan qizil imperiyachilik tazyiqlari. 1917-yil noyabrida Turkistonda e’lon qilingan dinni davlatdan, maktabni dindan ajratish to’g’risidagi dekret, shu kabi qator boshqa ko’rsatmalar asosida machitlar va madrasalar yoppasiga yopila boshlandi, islom diniga, uning rahnamolariga kuchli tazyiq, haqorat, xo’rlashlar avj oldirildi. 20-yillar boshlarida xalq ommasining qahri-g’azabi oshishi natijasida vaqflar, qoziliklarning tugatilishi to’xtatilgan bo’lsa ham, sho’rolar hokimiyatining yerli aholi madaniyati, imon-e’tiqodiga dushmanlik siyosati o’zgarmadi.
Xorazm respublikasi tuzilishi bilan bolsheviklar, qizil armiya komandirlari xalq e’tiqodini haqorat qildilar. Madaniy obida bo’lgan xon saroyida soldatlar kazarmasi joylashdi, otlar bog’landi. Madrasalar yopildi, vaqf mulklari musodara qilindi, 15 yoshgacha bo’lgan bolalar va qizlar ro’yxatini tuzishga buyruq berildi. Buning natijasida 1920-yil iyunida Xivada Madrasa o’quvchilari, mudarrislar isyon ko’tardilar. 5—6 ming kishi qatnashgan qo’zg’olonni qizil askarlar bostirdi, bir qator e’tiborli ruhoniylar otib tashlandi.
Buxoro shahriga Frunzening qizil armiyasi hujum qilib, snaryadlar yog’dirganida madaniy-tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan Ark boshqa obidalar yong’inda qoldi, vayron bo’ldi. Mashhur Minorai kalon to’plardan nishonga olindi, unga jiddiy zarar yetkazildi. Poytaxtda, qator viloyat va tumanlarda machitlar, madrasalar buzildi, qo’shin otxonalariga aylantirildi. Rossiya emissari I. Sols Buxoro respublikasida ikkita vazifa bo’lib, ulardan bittasi «mullalarning g’oyaviy ta’siriga qarshi kurash», deb belgiladi. So’l guruhlar «eski maktablarga qarshi kurash»ni bayroq qilib ko’tardilar.
Sinfiylik va siyosatlashtirish Turkiston, Buxoro va Xorazmda zo’r berib o’tkazildi. O’zbek tilida, yerli aholi tillarida chiqa boshlagan gazeta, jurnallar ta’qib ostiga olingan, ular tez orada yopilgan, faoliyatini davom ettirganlari doimiy jiddiy nazorat ostiga olingan. Bosilgan materiallar mazmunini xalq manfaatlaridan uzoqlashtirish, odamlar ongini chalg’itish, zaharlashga harakat qilingan. Yangi ochilgan, ayniqsa, tuman, qishloqlardagi maktablarga mablag’ ajratilmagan. Rasmiy yig’inlarda takror «yerli aholi o’rtasida maorif ishini kengaytirishga» to’siqlar qo’yilgani aytilgan.
Madaniyat sohalariga sho’ro hokimiyati, so’l guruhlar tutgan yo’l o’ta salbiy ijtimoiy va g’oyaviy ta’sir ko’rsatdi. Bu hol ayniqsa, 1923-yil yozidan kuchayib, hokimiyat, siyosiy tashkilotlar bilan aholi, ziyolilar o’rtasidagi jiddiy g’oyaviy-siyosiy to’qnashuvlarni keltirib chiqardi.
25.16. O’quv yurtlari, matbuot, ma’rifat,
mutaxassislar tayyorlash
jarayonidagi ziddiyatli muammolar
Milliy maktab maorifni joriy qilish sa’y-harakatlari. Yosh avlodni o’qitish, buning uchun shart-sharoitlar yaratish xalq ommasi, uning ilg’or vakillari uchun dolzarb bo’lib kelgan. Ma’rifatparvar olim, pedagog, jamoat arbobi Abdulla Avloniy (1878—1934) maktab masalasi, ya’ni «tarbiya bizlar uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidur», deb ta’kidladi. Bu jami o’zbek ziyolilarining e’tiqodi, qarashi bo’ldi. Ular yangi maktablar ochish, o’quv-tarbiya ishlarini rivojlantirish, internatlar tuzib yetim bolalarni to’plash, muallim, tarbiyachilarni tayyorlash ishlariga faol kirishib ketdilar. M. Behbudiy maslakdoshlariga «Maorifga yordam etingiz... Maorifni Buxoro tuprog’iga joriy qilingizlar!», deb vasiyat qildi. 1919-yil bahorida uni amir jallodlari Qarshida qatl qildilar.
Xalq ta’limining iste’dodli tashkilotchilari Abdulqodir Shakuriy, Ismatulla Rahmatullayev, Is’hoqxon Ibrat, O. Dadaxo’jayev, Abdulla Mustaqov, Hodi Fayziyev, Ashurali Zohiriy, Sobirjon Rahimov, Shokirjon Raimiy, Munnavar Qori Niyoziy, Said Rizo Alizoda, To’xtanazar Shermuhamedov, Rafiq Mo’min va boshqalar katta pedagogik ish olib bordilar. Maktablar soni o’sdi. 1918-yil boshida 330 taga, 1920-yilda Farg’ona, Sirdaryo, Samarqand viloyatlarida 1405 taga yetdi. Tashkil bo’lgan maktablar, ayniqsa, qishloq joylarida va tumanlarida asosan 1—2 boshlang’ich sinflardan iborat edi. Keyinchalik yuqori sinflar paydo bo’lib bordi. Bunday tartibotdagi qizlar maktablari ham Toshkentda, Andijonda, Qo’qonda va boshqa joylarda birin-ketin ochildi. Ayol muallimlar Solihaxon Muhammadjonova, Muharrama Qodirova, Gulsum Kopayeva, Fotima Burnasheva, Zebiniso Razzoqova, Zaynab Sadriddinova, Maryam Sharipova va boshqalar dars-tarbiya ishlarini olib borganlar.
Keng doiradagi bilimdon ziyolilar qator maktablar faoliyatini namunali darajaga ko’tardilar. 20-yillar boshida Samarqandda Abdulqodir Shakuriy (1875—1943) mudirlik qilgan maktab, 1922-yilda Farg’ona shahrida Husanxon Niyoziy boshchiligida ochilgan ikkinchi bosqich maktab, qator boshqa maktablar shular jumlasidan edi.
Milliy, jadid maktablari uchun darsliklar, o’qish kitoblarini ziyolilarimiz asr boshidan yozib chiqarib keldilar. 1917-yildan maktablar sonining o’sishi, maorif ijtimoiy darajasining ko’tarilishi darsliklarga talabni oshirdi. Pedagog, olim, davlat arbobi Abdulla Avloniy 1917-yilda «Turkiy guliston yoxud axloq» tarbiyaviy-didaktik kitobini qayta nashr qildi, shuningdek, «Maktab gulistoni» o’qish kitobini, ikki jildlik «Adabiyot yoxud milliy she’rlar» kitoblarini yozdi va chop etdi. 1920-yildan Toshkentdagi o’lka bilim yurtida, so’ngra o’zbek xotin-qizlar bilim yurtida mudirlik qildi.
Fitrat 1917-yilda «O’quv» kitobini, 1919-yilda Sh. Rahimiy va Q. Ramazon bilan birga «Ona tili» darsligini, so’ngra «Imlo masalalari» kitobini yozib chiqardi. 1917-yildayoq Said Rizo Alizoda birinchi sinflar uchun «Birinchi yil» o’qitish dasturini ishlab chiqdi. Shokirjon Rahimiy 1919-yilda birinchi alifbo «Sovg’a», 1922-yilda «O’zbek alifbosi» darsliklarini, boshqa o’quv qo’llanmalarini chiqardi. 1918-yildan u Toshkentda maktab mudiri bo’lgan.
Buxoro va Xorazm respublikalarida ham maktablar, ta’lim-tarbiya maskanlari ochildi. Aholining bolalarni o’qitishga, ilm-ma’rifatga ishtiyoqi kuchayib borgan, bunday talablar katta yig’inlarda yangragan. Ammo xo’jalikning parokandaligi, sun’iy to’siqlar oqibatida 20-yillar boshida maktablar soni qisqardi, darsliklar yozish, nashr qilish to’xtadi. 1922-yilga kelib Turkistonda bolalarning 25 foizi maktablarga jalb qilingan edi. Buxoro respublikasida 1921-yilda 175 ta yangi maktab, 11 ming o’quvchi bor edi. Lekin 1924-yil o’rtalariga kelib maktablar 69, o’quvchilar 3563 tani tashkil qildi. Xorazmda 40 ta umumta’lim maktablari va internatlarda 2600 bola ta’lim-tarbiya oldi. O’zbekiston respublikasi tashkil bo’lganida turli bosqichdagi 1500 ta maktab bo’lib, ularda 116 ming o’quvchi o’qir edi.
Milliy ziyolilar, davlat arboblari gazeta, jurnallarning tarbiyaviy, ziyo tarqatuvchilik roliga jiddiy ahamiyat berdilar va sermazmun faoliyat ko’rsatdilar. 1918-yilda «Ishtirokiyun» (1922-yildan «Qizil bayroq», keyin «Turkiston» nomi bilan), «Mehnatkashlar o’qi», «Mehnatkashlar tovushi» (Samarqandda), «Farg’ona», «Yangi Farg’ona», «El bayrog’i», «Xalq», «Xalq qalqoni», «Yangi Sharq», «Erkinlik» nomli gazetalar, «Maorif va o’qituvchi», «Moliya axboroti», «Kasabachilik harakati» jurnallari chiqarildi. 1923-yildan chiqa boshlagan «Mushtum» hajviy jurnali keng ijtimoiy ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, «Mashrab» nomli jurnal ham chiqqan.
1918–1920-yillarda Turkistonda o’zbek tilida 11 ta gazeta chiqardi. 20-yillarda ham bu jarayon davom etdi. Yangi sharoitlarda o’zbek milliy matbuotchiligini rivojlantirishga ma’rifatchi darg’alar A. Avloniy, M. Behbudiy, Fitrat, Munavvar qori, A.Qodiriy, Cho’lpon, Ashurali Zohiriy, iste’dodli jurnalistlar G’ozi Yunusov, Elbek, Po’lat Soliyev, Mannon Ramziy va boshqalar katta hissa qo’shdilar.
Sovet tashkilotlari siyosiy aqidalarga tayanib matbuotga ta’qibni kuchaytirdilar. Ayrim gazetalar 2—3 oy faoliyat ko’rsatib ulgurmasdan yopilib, man qilinar edi. Gazetalar nomlarini o’zgartirib chiqarardi. Sof vijdonli jurnalistlar ta’qib ostiga olindilar, keyinchalik qatag’on qilindilar.
Yosh buxoroliklar 1919-yilda «Qutulish», 1920-yilda «Uchqun» gazetalari va «Tong» jurnalini chiqardilar. Jurnalda Fitrat, P. Soliyev, A. Mustafoyevning maqolalari e’lon qilingan. Respublika tuzilgach, «Buxoro axbori», «Ozod Buxoro» gazetalari ta’sis etildi. Buxoroda matbuotni tashkil qilishda Said Ahroriy, Cho’lpon katta xizmat ko’rsatdilar. Xorazmda «Xorazm xabarlari», «Qizil yoshlar ovozi», «Maorif» matbuot nashrlari yo’lga qo’yildi.
1925-yil boshida O’zbekistonda o’zbek tilida 17 nomdagi gazeta va jurnallar chiqqan. Toshkentda 7 ta bosmaxona ishlab turgan. Kutubxonalar, muzeylar soni ko’payib bordi. Toshkentning Eski Juva dahasida «Turon» kutubxonasi samarali faoliyat ko’rsatdi. Buxoro respublikasi hukumati maxsus komissiya ta’sis etdi, u nodir qo’lyozmalar, kitoblarni to’plash bilan shug’ullandi. 1921-yil dekabrida Minorai kalon yonidagi binoda davlat kutubxonasi tuzildi, kitoblar, qo’lyozmalar to’plandi. Respublikaning viloyatlarida ham kutubxonalar tashkil etildi. 1921-yilda ularning soni 13 taga yetdi. O’zbekiston tashkil bo’lganida markaziy va mahalliy kutubxonalar 152 tani tashkil etar edi.
Muzeylar tashkil qilishga kirishildi. 20-yillar o’rtasiga kelib 5 ta muzey bor edi. Ularda xalqimizning boy tarixi aks etgan osori-atiqalar qo’yilgan. Shu bilan birga, shaharlarning yevropacha qismlari (Yangi shaharlar)dagi kutubxonalar, muzeylar, boshqa tomosha joylaridan sovet hokimiyatining siyosiy maqsadlari uchun foydalanilgan, sinfiylik aqidalari targ’ib etilgan.
Buxoro respublikasi hukumati bezgakni davolash uchun qishloqlarga dorilarni pulsiz tarqatish haqida qaror chiqardi. Berlindan klinika jihozlarini sotib oldi, ular 1923-yil avgustda Buxoroga yetib keldi. Natijada 1924-yilda respublikada tropik kasalliklar instituti, 5 ta kasalxona, 2 ta ambulatoriya faoliyat ko’rsatgan.
Kadrlar tayyorlash masalasi. Tashkil bo’layotgan maorif tizimi, boshqa sohalar uchun o’qituvchilar, mutaxassislar tayyorlash choralari ko’rildi. Toshkentning Yangi shaharida 1918-yilda Turkiston davlat universiteti, sharqshunoslik instituti, konservatoriya, texnikumlar ochildi. 1920-yilda universitetga Rossiyadan pedagog professorlar, kitoblar, o’quv qurollari yetkazib kelindi. Bu maskanlar inqilobiy sinfiylik tamoyili bilan ishladi. Universitetning tayyorlov-ishchilar fakulteti (rabfak)da kambag’al tabaqaga mansub kishilar o’qigan. Yerli xalqlar vakillari ularga kam qatnagan.
Toshkentning Eski shaharida, Qo’qon va boshqa shaharlarda muallimlar tayyorlash kurslari, 1920-yildan 7 ta dorilmuallimin (inpros), bir nechta bilim yurtlari faoliyat ko’rsatdi. 1925-yilga kelib O’zbekiston qishloqlarida 2748 muallimlar ishlab turgan yoki 3-4 marta o’sgan.
1924-yilda Qo’qon bilim yurtini 13 ta yigit-qizlar bitirib chiqdi. Unda keyinchalik O’zbekiston Fanlar akademiyasining birinchi prezidenti Qori Niyoziy dars berdi, bitirganlardan akademiklar, yirik fan va madaniyat arboblari yetishib chiqdi.
Chet mamlakatlar bilan madaniy aloqalar, yoshlarning o’qib kelishlari XX asr boshlaridan kengayib bordi va keyinchalik ham davom etdi. Buxoro respublikasi hukumati tashabbus ko’rsatib, bu ishga tashkiliy tus berdi. 1922-yilda Turkiston, Buxoro va Xorazmdan 70 ga yaqin yoshlar Germaniyaga o’qishga jo’natildi. Buxoro respublikasi hukumati Berlinda yotoqxona uchun bino sotib oldi, o’quvchilarni moddiy ta’minlab turdi, ularning ahvoli, o’qishlaridan ogoh bo’ldi. Yoshlarimiz Germaniyaning turli o’quv yurtlarida muvaffaqiyat bilan o’qidilar, mutaxassislar bo’lib yetishdilar. Afsuski, o’z ona yurtiga qaytgan yigit-qizlarimiz mustabidlik qatag’oniga uchradi.
Sharq san’atining shoh asari «Shashmaqom», qator klassik kuy va g’azallar shu zaminda yaratilgan. Keng xalq ommasi san’atni tushungan va ardoqlagan. Samarqandlik hoji Abdulaziz Abdurasulov, toshkentlik To’ychi hofiz Toshmuhamedov, xorazmlik Matyoqub Xarratov, Matyusuf Xarratov, Matpano Xudoyberganov, Madrahim Yoqubov (Sheroziy), buxorolik Domla Halim Ibodov, Farg’ona vodiysidan Madumar hofiz, Shorahim Shoumarov, Mamatbuva hofiz, Abduqodir Naychi (Ismoilov) va boshqalar o’zbek klassik qo’shiqchilik san’atini tarannum qildilar. San’at truppalari, milliy teatrlar tuzildi va faoliyat ko’rsatdi.
Yangi san’at turlari doirasi kengaydi. M. Behbudiy, A. Qodiriy, Abdulla Avloniy, hoji Muinlar asos solgan o’zbek dramaturgiyasini Fitrat, Xurshid (Shamsiddin Sharofiddinov (1890—1960), G’ulom Zafariy va boshqalar davom ettirdilar. Fitrat 1920-yilda «Chin sevish» pyesasini yozdi, keyinchalik «Hind ixtilolchilari», «Abulfayzxon», «Shaytonning tangriga isyoni» dramalarini yaratdi. Xurshid 1918—1924-yillarda muallimlik qilish bilan birga «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» hamda boshqa dramalarini yozdi, ularda aytilgan «Girya», «Chorgoh», «Segoh», «Ushshoq», «Bayot», «Suvora», «Dugoh» qo’shiqlari o’zbek klassik qo’shiqlariga aylandi.
Milliy sahna san’ati sohasida yetuk aktyor va rejissyor Mannon Uyg’ur (1897—1955), teatr tanqidchisi, G’apb pyesalari tarjimoni Cho’lpon fidoyilik ko’rsatdilar. Kino san’ati rivojlandi. 20-yillar o’rtalarida O’zbekistonda 14 teatr (ularning ko’pchiligi milliy teatr), 19 kinoteatr faoliyat ko’rsatgan. 1924-yilda 24 nafar yosh o’zbek san’atkori Rossiyaga o’qishga jo’nab ketdi.
Madaniy-ma’rifiy qadriyatlar taqdiri. 1922-yilda Xorazm respublikasida 328 ming tanob vaqf ekin yerlari bo’lgan. Buxoro respublikasida 1924-yil boshlarida vaqf boshqarmasiga 248 ming tanob yer, 1500 ga yaqin do’konlar va saroylar, 200 ga yaqin uylar, bozorlar, hammomlar, tegirmonlar qaragan. O’zbekistonda 1924–1925-yillarda vaqf mablag’lari bilan 150 taga yaqin maktablar, internatlar va boshqa ta’lim-tarbiya muassasalari ta’minlangan.
Aholi to’lab turgan mablag’lar hisobidan 1923-yilda, masalan, Farg’ona viloyatida 310 sinfning xarajati qoplangan, ularda 10,5 ming bola o’qigan. Buxoro respublikasi hukumati qizil armiya vayron qilgan, zarar yetkazgan Minorai kalon zahmlarini, machitlar, boshqa obidalarni ta’mirlashga kirishdi. Shuningdek, 1924-yilda 48 ta maktab, 5 ta klub, 10 ta qizil choyxonani budjet mablag’laridan ta’minladi. 20 ta talabaga stipendiya tayinlandi. Qishloq muallimlarining maoshi aniq ko’rsatilib, to’lab turildi. Tijoratchilar ham maktab va maorifga moddiy ko’maklashdilar. O’zbekiston hududida 1917—1924-yillarda maorif, madaniyat va ma’naviyatda murakkab jarayonlar kechishi bilan bir qatorda, xalq ommasi maktab, ma’rifat va o’z milliy an’analari uchun qattiq kurash olib bordi.
25.17. Milliy hududiy chegaralash va O’zbekiston SSRning tuzilishi
Turkiston — mintaqa xalqlarining yagona makoni, umumiy vatani. Markaziy Osiyo, jumladan, Turkiston, Buxoro va Xorazm davlatlarining tub xalqlari necha asrlar davomida turmush tarzi va an’analari jihatidan bir-biriga yaqin bo’lib keldilar. Buxoro va Xorazm XX asr 20-yillarining boshiga qadar mustaqil davlatlar bo’lgan. Bu mintaqa yagona zamini, o’z xo’jaligi, an’analari, dini, madaniyatining mushtarakligi bilan ajralib turgan.
Milliy respublikalar va viloyatlar tuzishga ko’rsatma berilishi va uning siyosiy jihatdan asoslanishi. Tarixan tarkib topgan uchta davlatni tugatib turib, ularning o’rniga yangi davlatlar tuzish fikri o’lka va markazning yevropalik rahbar xodimlaridan chiqdi. 1920-yilning boshlaridayoq Turkiston ASRni bo’lib tashlash va milliy til belgisiga qarab muxtor (avtonom) respublikalar tuzish masalasi qo’yilgan edi. Bu g’oya Turkkomissiya raisi Ya. Rudzutak tashabbusi bilan 1920-yil 15-yanvarida qabul qilingan tezislarda aytiladi. Bu tezislar o’sha yilning iyun oyida RKP(b) Markaziy Komitetining «Partiyaning Turkistondagi vazifalari haqida» degan qarori loyihasiga kiritildi. Bu taklifni V. I. Lenin qo’llab-quvvatladi. Loyihaga bildirgan o’z mulohazalarida u Turkistonning «O’zbekiya, Qirgiziya, Turkmaniyaga» bo’lingan kartasini tuzish zarur deb ko’rsatdi. V. I. Lenin birmuncha keyinroq o’zi tayyorlagan boshqa bir loyihada o’z nuqtai nazarini o’zgartirib: «Respublikani (ya’ni Turkistonni) 3 qismga bo’lish oldindan hal qilib qo’yilmasin», deb uqtirdi. Turkistonning ma’muriy-hududiy kartasini qaytadan ko’rib chiqish bolsheviklarning qaytadan tuzish siyosatidan o’lkada norozilik kuchayib borgani, mustaqillik uchun harakat ko’lami kengayib kelayotgani, milliy masala yuzasidan Kavkazortida boshlangan kurash aks-sadosi va boshqa sabablarga ko’ra orqaga surilib turdi. 1921-yil boshiga kelib O’rta Osiyoda TSRdan tashqari Buxoro va Xorazmda Xalq Sovet respublikalari tuzilganligi ham muhim omil bo’ldi. Bu respublikalar tuzilganidan keyin ma’lum rahbarlar guruhi ularni ham hududiy qayta bichish doirasiga tortish rejalarini ilgari surdilar.
Pozitsiyalar va qarashlarning to’qnashuvi. Turkkomissiya va Ya. Rudzutak tezislariga qarama-qarshi o’laroq Turor Risqulov va bir guruh milliy yetakchilar 1920-yildayoq turkiyzabon xalqlar yagona bo’lib, ularning tarixiy ildizlari, dinlari, an’analari va madaniyati mushtarakdir, Turkistonni alohida qismlarga ajratib bo’lmaydi, degan g’oyani ilgari surdilar. Biroq bu fikrni bolshevikcha Markaz inkor etib, uni panturkizm, panislomizm, burjua millatchiligi deb baholadi.
1922-yili, va ayniqsa, 1923-yili yerli millatlar vakillarining bir qancha rahbar xodimlari O’rta Osiyoda amalga oshirilayotgan milliy siyosatdan qoniqmayotganliklarini ochiq-oydin ma’lum qila boshladilar. 1923-yil oxirida Turkiston xodimlarining bir guruhi Markazga xat bilan murojaat qilib, unda milliy nizolar o’lkada tugatilmasdan, ko’proq avj oldirilmoqda, deb qayd etdilar. Ushbu maktubda milliy yetakchilar mavjud bo’lgan ma’lum milliy-hududiy nizolarni tarixan tarkib topgan hududlar, aloqalar, davlat tuzumini keskin buzmasdan, har bir alohida respublika doirasida hal qilish zarur, degan fikrni ilgari surdilar. Ba’zi joylarda bu g’oya amaliy jihatdan yuzaga chiqarildi. 1923-yil oktabrida Buxoro respublikasida turkman va tojik viloyatlari tashkil etildi. Keyinchalik Xorazm respublikasida muxtor turkman va muxtor qirg’iz-qozoq- qoraqalpoq viloyatlarini tashkil etishga qaror qilindi. 1923-yil dekabrida Farg’ona vodiysi vakillari RSFSR tarkibida Farg’ona muxtor viloyati tashkil etish to’g’risida taklif bilan chiqdilar. Biroq bu fikrni o’lkadagi rahbar organlar, avvalo partiya organlari xato fikr deb rad etdi. Chegaralash g’oyasini ishlab chiqib, maromiga yetkazish yo’li va boshqa bir qancha takliflar ham olg’a surildi. Biroq Markaz va RKP(b) Markaziy Komiteti O’rta Osiyo byurosi yaxlit va ulkan mintaqada, avvalo uchta O’rta Osiyo respublikalari hududida yalpi hududiy chegaralash chora-tadbirlarini qat’iy ilgari surdilar.
1924-yilgi milliy-hududiy chegaralash. Osiyoni chegaralab bo’lish va milliy respublikalar tuzish g’oyasi 1924-yilda amalga oshirila boshlandi. Biroq bu masalaga doir ziddiyatlar ayni davrda ham davom etaverdi. Bu kampaniyada ishtirok etishdan bo’yin tovlashga ochiq-oydin intilish hollari takrorlanaverdi, yangi loyihalar taklif etildi. Lekin Markaz, O’rta Osiyo byurosi qattiq turib oldi.
Ammo O’rta Osiyo respublikalaridagi hukumat va partiya organlarining nuqtai nazarlari yakdil emas edi. Turkiy xalqlar bir-biriga yaqin, degan fikr o’rtaga qo’yilar, boshqa dalillar keltirilardi. 1924-yil fevralida Buxoro Kompartiyasi chegaralanish masalasini ko’rib chiqdi. Unda O’rta Osiyoning ma’muriy tuzilishi yuzasidan taklif etilayotgan, barcha turkiy xalqlarning ildizi birligini hisobga olmaydigan siyosat o’tmish istilochilari siyosati bilan aslida bir xil deb aytildi. O’rta Osiyo byurosi tezislardagi bu fikrlarni xato deb e’lon qilib, qattiq tanqid ostiga oldi. Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti va Turkiston kompartiyasining 10-martdagi birlashgan kengashida atoqli partiya xodimlari S. Xo’janov, S. Asfandiyorov, N. Paskutskiy O’rta Osiyodagi mavjud sovet respublikalari o’rnida O’rta Osiyo federatsiyasini tuzish to’g’risida taklif kiritdilar. Shu bilan birga S. Xo’janov Turkiston yagona, bir butun va uning yaxlitligini buzish maqsadga muvofiq emas, deb qo’shimcha qildi.
Xorazm rahbarlarida ham alohida fikrlar mavjud edi. 1924-yil martida ular respublika doirasida: turkmanlar, o’zbeklar, qirg’izlarning «sud ishlari... shariat bo’yicha olib boriladigan, milliy tillardagi... maktablari bo’lgan» muxtor viloyatlarini tuzishni taklif etdilar. 8-may kuni bir guruh Xorazm rahbarlari RKP(b) Markaziy Komitetiga «Xorazmda milliy masalani hal qilish to’g’risida maktub» yuborib, unda Xorazmni chegaralanishga qo’shmaslikni iltimos qildilar. Ular o’zlarining shu nuqtai nazarlarini respublikaning olisda joylashganligi, iqtisodiy jihatdan ajralib turganligi bilan asosladilar. Bu nuqtai nazarni Xorazm Kompartiyasi Markaziy Komiteti, jumladan, Qalandar Odinayev (1897—1938) ham qo’llab-quvvatladi. Qalandar Odinayev 1922-yil oktabriga qadar Amudaryo viloyatida, so’ngra Xorazmda RKP(b) Markaziy Komiteti O’rta Osiyo byurosi vakili bo’lib ishladi. 1924-yil iyulda Q. Odinayev Xorazm Kompartiyasi mas’ul kotibi vazifasidan olib tashlandi.
Munozaralar tobora qizib bordi. Stalin «Millatlar o’rtasidagi nizolarga xotima berish» uchun chegaralanishni amalga oshirishga kirishishni taklif etdi. 1924-yil 12-iyunda RKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi O’rta Osiyoda chegaralanish to’g’risidagi masalani yana bir ko’rib chiqdi va uni o’tkazish to’g’risida qaror qabul qildi. Xorazm respublikasi chegaralanishga kiritilmadi, lekin 1924-yil 26-iyulda Xorazm Kompartiyasi respublikaning chegaralanishga kiritilishiga o’zining roziligini bildirdi.
O’zbekiston SSRning tashkil topishi. Chegaralanish yakunlari. Turkistonda, Buxoro va Xorazm Respublikalarida amaliy ish boshlab yuborildi. Komissiyalar va kichik komissiyalar bo’lg’usi tuzilmalarning hududlari va chegaralari to’g’risidagi masalani ishlab chiqdilar. Boshqaruv apparatlari tuzib, rejalar, iqtisodiyot, budjet, yer-suv muammolarini, maorif, sog’liqni saqlashni tashkil qilish muammolarini va boshqalarni hal qildilar. Siyosiy tushuntirish ishlari olib borildi. Materiallar matbuotda e’lon qilinar, miting va yig’ilishlar o’tkazilar edi. Milliy-hududiy chegaralanish o’tkazilishini ma’qullab rezolyutsiyalar qabul qilindi. 1924-yil 31-oktabrda O’zbekiston SSR Inqilobiy Komiteti (revkom) tuzildi, u O’zbekiston respublikasi tuzishni boshqarib bordi.
Buxoroda maxsus qurilgan «Xalq uyi»da 1925-yil 13-fevralda Sovetlarning I umumo’zbek qurultoyi ochildi. Unda «O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi tuzilgani to’g’risidagi deklaratsiya» qabul qilindi. O’zbekiston hukumatining boshlig’i qilib Fayzulla Xo’jayev saylandi. Syezd respublika hokimiyatining oliy organlarini rasmiylashtirdi. Respublika sovetlari Markaziy Ijroiya Komiteti raisi etib Farg’ona vodiysidan chiqqan dehqon, «Qo’shchi» ittifoqning arbobi Yo’ldosh Oxunboboyev (1885—1943) saylandi. Jamoat tashkilotlari ham tuzildi. O’zbekiston SSR keyinchalik — 1925-yil mayda SSSR tarkibiga kirdi. 1929-yilgacha Tojikiston ASSR O’zbekiston SSR tarkibida bo’lgan.
Tuzilgan O’zbekiston SSRga TSRdan Sirdaryo, Farg’ona va Samarqand viloyatlarining katta qismi, sobiq Buxoro Xalq Sovet Respublikasidan uning markaziy va harbiy qismlari, ya’ni Zarafshon, Surxondaryo va Qashqadaryo vodiylari, shuningdek, Xorazm vohasi kirdi. O’zbekiston SSR hududi 312394 km. ni ishg’ol qildi. O’zbekiston SSR tarkibida Tojikiston ASSR tuzildi, bu muxtor respublika keyinchalik Tojikiston SSRga aylantirildi. O’zbekiston SSRning o’z aholisi, 1926-yildagi ro’yxatga olish ma’lumotlariga qaraganda, 4447555 kishini tashkil etdi, ularning 74,2 foizi o’zbeklar edi. Respublikaga 1195 ming desyatina sug’oriladigan yer, ishlab turgan 185 ta sanoat korxonalari kirdi. Bu korxonalar orasida 39 ta paxta tozalash zavodi bor edi. O’zbekiston SSR sanoatida 87 ming ishchi ishlardi.
25.18. Qoraqalpog’iston 1917–1924-yillarda
Amudaryo bo’limida ijtimoiy-siyosiy vaziyat va sovet hokimiyatining qaror topishi. 1917-yil fevralda chorizmning ag’darilishi qoraqalpoq xalqining hayotiga ham kuchli ta’sir ko’rsatdi. Qoraqalpoqlar bu paytda asosan Turkiston general-gubernatorligiga qarashli Amudaryo bo’limi — okrugi (markazi Petro-aleksandrovsk — hozirgi To’rtko’l shahri) va Xiva xonligining ayrim bekliklarida istiqomat qilishgan. Mart oyida To’rtko’lda soldat deputatlari soveti tashkil qilindi.
1917-yil oktabrdan to 1918-yil boshlariga Amudaryo bo’limi komissari vazifasini gidrotexnik V. Palishev egallab turdi. Bu davrda hokimiyat tizimida keskin o’zgarishlar sodir bo’ldi. Amudaryo bo’limi tasarrufidagi ovul va qishloqlar aholisi To’rtko’l ma’murlaridan hech qanday harbiy va moddiy ko’mak olmasdan o’z-o’zini mudofaa qilish otryadlarini tashkil etdi, ularga nufuzli urug’ boshliqlari hisoblangan Xon Maxsum — Ubaydulla Bohautdinov (1887–1956), Bola biy va boshqalar yetakchilik qilishdi. Qoraqalpoq xalqi urug’ yo’lboshchilari tevaragiga qiyinchilik bilan bo’lsa ham birlasha boshladi, chunki ocharchilik, qurg’oqchilik, tartibsizlik va qaroqchilik hujumlari xavf solayotgan edi.
1918-yil aprelda Amudaryo bo’limi Turkiston respublikasi tarkibiga kiritilganligi e’lon qilindi. 1918-yilning ikkinchi yarmidan boshlab Amudaryo bo’limida vaziyat keskin o’zgardi. Bu eng avvalo bolsheviklar faoliyati va qizil gvardiyachilar otryadlarining xatti-harakatlari bilan bog’liqdir. Bolsheviklar Amudaryo bo’limiga Chorjo’y va Toshkentdan qizil gvardiyachilar otryadlarini jo’natishdi. To’rtko’l shahri bolsheviklar hokimiyatining tayanchi, uning harbiy bazasiga aylantirildi. Ular Amudaryo bo’limi hududida turib, Xiva xonligiga qarshi harbiy harakatlarga puxta tayyorlandilar.
Bolsheviklar qizil gvardiyachi otryadlarga tayanib, 24 ta hunarmandchilik va baliq korxonalari paxta tozalash zavodlari, bog’lar, donxonalar, kasalxonalar va badavlat kishilarning uylari va yerlarini musodara qildi. Bolshevik komissarlar ulamolar, shuningdek, madrasalar, masjidlar va eski maktablarni xalqning tafakkuri uchun kurashda o’zining asosiy raqobatchilari deb hisoblab, Amudaryo bo’limidagi diniy arboblarga salib yurishini o’tkazdi. Qizil askarlar o’rtasida ichkilikbozlik, o’g’rilik, poraxo’rlik, talonchilik, ayollarni zo’rlash avj oldi. Aholining aksariyat qismi yangi hokimiyatning bunday siyosatidan norozi bo’lib, unga qarshi kurashga chog’landi. Mahalliy aholining bu kurashini Ural kazaklar (ular 1874-yili Amudaryo bo’limiga ko’chirilgan edi) ham qo’llab-quvvatlashdi.
Chimboyda sovet hokimiyatiga qarshi isyon. 1919-yil iyun oyining oxirida Chimboy uchastkasining Zair posyolkasiga maxsus komissiya jo’natildi. Ularga berilgan farmoyishda «3-Zair kazaklar harbiy bo’linmasidagi burjua unsurlarini qurolsizlantirish» kerakligi ko’rsatilgan edi. Biroq, 3-Zair kazaklar harbiy bo’linmasi maxsus komissiyaga bo’ysunmasdan, Chimboyga ketib qoldi.
Bolsheviklarning Amudaryo soveti 29-iyulda maxsus qaror qabul qilib, Chimboyga RSFSRning Xiva xonligidagi favqulodda vakili A. Xristoforov boshchiligidagi maxsus komissiyani yubordi. Komissiya raisiga favqulodda huquqlar berilgan edi. Biroq komissiyaning urallik kazaklar atamani M. Filchev bilan olib borgan muzokaralari muvaffaqiyat keltirmadi. Shunda komissiya Chimboy ijroiya qo’mitasini tarqatib yuborib, uning o’rniga Chimboy uchastkasi inqilobiy qo’mitasi (revkom)ni tuzdi. Bu holat Chimboyda sovet hokimiyatiga qarshi isyon ko’tarilishiga olib keldi. 10-avgust kuni favqulodda komissiya To’rtko’ldan harbiy yordam so’radi. Chimboyga bu yerdan qizil askar otryadlari jo’natilgan bo’lsa ham, ular qamalga tushib qoldi. 14-avgustda maxsus komissiya a’zolari qamoqqa olindi. Tez orada qo’zg’olonchilar Nukus qal’asini ishg’ol qildilar. 17-avgustga kelib Chimboy uchastkasi va Mo’ynoq tumani hududi butunlay bolsheviklardan ozod qilindi. Shu tariqa, Amudaryo bo’limining shimoliy qismida bolsheviklarsiz xalq hokimiyati o’rnatildi. Xalq hokimiyatining boshlig’i qilib urallik kazak Mixail Filchev saylandi. Uning tarkibiga qoraqalpoq biylaridan Xon Maxsum (U. Bohautdinov), Ibrohim Odilov, Bola biy, Seytnazar Pirnazarov, Inoyat Niyozov va boshqalar kiritildi. Ular faoliyati qoraqalpoqlar tomonidan qo’llab-quvvatlandi.
Bolsheviklarga qarshi harakat tobora keng ko’lam kasb etib bordi. Sovet rejimi Amudaryo bo’limiga o’zining yangi harbiy qismlarini jo’natdi. 11-noyabrda N. Shaydakov boshchiligidagi qizil askarlar Nukus qal’asini bosib olishdi. Oradan ko’p o’tmay Xiva xonligi tugatildi. 1920-yil 18-fevralda Turkkomissiya vakili G. Skalov bilan muxolifatdagi kuchlar yo’lboshchisi o’rtasida sulh bitimi imzolandi. Unga ko’ra, Chimboy uchastkasida muvaqqat inqilobiy qo’mita tuzildi. Kazaklarning urf-odatlari va turmush xususiyatlaridan kelib chiqib, ularning o’z-o’zini boshqaruviga ruxsat etildi. Qo’zg’olonchilarga amnistiya berildi. Mazkur bitimning asosiy qoidalari 20-mayda Zakaspiy fronti qo’shinlari Amudaryo gruppasi qo’mondonligi bilan qoraqalpoqlar va kazaklar o’rtasida tuzilgan sulh shartnomasi bilan tasdiqlandi.
Biroq oradan ko’p o’tmay bolshevik komissarlar o’z va’dalarini unutdilar. 1921-yil fevralda Chimboy uchastkasida isyonning sobiq ishtirokchilaridan 24 kishi hibsga olindi. Xon Maxsum va boshqalar Sibirga surgun qilindi. Yirik yer egalari va savdogarlar — 75 kishidan 10000 Rossiya chervon rubli miqdorida tovon puli undirib olindi.
Amudaryo bo’limida bolsheviklar amalga oshirgan to’ntarish va sovet rejimi mahalliy aholiga katta zarar va azob-uqubatlar keltirdi. Agar to’ntarishga qadar bu yerda 232700 kishi yashagan bo’lsa, 1920-yilga kelib ulardan atigi 113440 kishi qolgan edi, xolos. Chorvador aholining ko’pchilik qismi ocharchilik natijasida ham nobud bo’ldi.
Amudaryo bo’limida qoraqalpoqlardan tashqari o’zbeklar va qozoqlar ham yashashgan. Bo’limning janubiy-sharqiy hududida asosan o’zbeklar istiqomat qilgan.
Amudaryo viloyatida iqtisodiy o’zgarishlar. Ma’muriy jihatdan Amudaryo bo’limi ko’p pog’onali iqtisodiy o’zgarishlar boshqaruv tizimiga ega bo’lgan: u maorif va sud ishlari bo’yicha Samarqand viloyatiga, harbiy xo’jalik va sovet qurilishi bo’yicha Sirdaryo viloyatiga, ayrim favqulodda holatlarda bevosita Turkiston respublikasi MIK va XKSga bo’ysunar edi. Bolsheviklar hokimiyati tomonidan Amudaryo bo’limini boshqarish shu tariqa murakkablashtirilgan edi.
1920-yil oktabr oyida Turkiston MIK Amudaryo bo’limining 1917-yildagi hududi doirasida unga viloyat maqomini berdi. Sho’raxon va Chimboy uchastkalari shu nomli uyezdlarga aylantirildi. Viloyat markazi sifatida To’rtko’l shahri e’lon qilindi. Amudaryo viloyatining inqilobiy qo’mitasini Turkiston MIK tayinladi.
Bolsheviklar hukmronligi Amudaryo viloyatining iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Harbiy kommunizm davrida ekin ekiladigan umumiy maydon 1917-yildagi 57950 desyatinadan 1920-yilda 47000 desyatinaga, olinadigan yalpi paxta hosili 1917-yildagi 433000 puddan 1920-yilda zo’rg’a 88000 pudga yetdi. G’alla ekinlari deyarli 3 baravar kamayib, chorva mollar soni 500000 boshdan 201000 boshga tushib qoldi.
Amudaryo viloyatida yangi iqtisodiy siyosatning joriy etilishi dastlabki yillarda bir qadar ijobiy siljishlarga olib keldi. Viloyatdagi chorva mollar soni 1921-yildagi 201000 boshdan 1922-yilda 233000 boshga yetdi. Bu paytda 200 ta mayda xususiy savdo korxonalari faoliyat ko’rsatardi. Ariqlarning kengaytirilishi va uzaytirilishi, yangi dambalar qurilishi va eskilarining mustahkamlanishi qishloq xo’jalik ekinlari ekiladigan maydonlarni ancha ko’paytirish imkonini berdi. Biroq yetishtirilgan mahsulotlarning aksariyat qismi Rossiyaga tashib ketilardi. 1921—1924-yillarda viloyatdan jami 339521 pud baliq Markazga olib ketildi.
1917—1924-yillarda Qoraqalpog’iston hayotiga bolsheviklar tomonidan tiqishtirilgan mustabid-sovet rejimi va uning siyosati qoraqalpoq xalqining asriy orzu-umidlariga javob bermadi.
26-MAVZU: O’ZBEKISTON MUSTABID TUZUM ISKANJASIDA
(20-yillarning ikkinchi yarmi – 30-yillar)
26.1. O’zbekistondagi
ijtimoiy-siyosiy mustabid hokimiyat tizimining
mustahkamlanishi
Mustabidlik apparatining yanada takomillashishi va kuchayishi. Ma’lumki, 1925-yil fevralida milliy davlat chegaralanishi o’tkazilganidan keyin O’zbekiston Sovetlarining I qurultoyi «O’zbekiston SSR tuzilgani to’g’risidagi deklaratsiya»ni tasdiqladi. 1925-yil 13-may kuni SSSR Sovetlarining III qurultoyida O’zbekiston SSR Sovet Sotsialistik Respublikalar Ittifoqi tarkibiga qabul qilindi. Xalq komissarliklari va idoralari tuzildi. Ittifoqqa respublika boshqaruv muassasalari bir xilda edi; qarorlar va asosiy masalalar, odatda, Markazda qabul qilinar va hal etilardi. Respublikaning davlat va xo’jalik apparatiga yordam berish va uni nazorat qilish uchun Markazdan vakillar yuborildi. VKP(b) tutgan yo’l shu vakillar orqali amalga oshirilardi. Biroq ular o’zbek tilini, xalqning rasm-rusmlari va odatlarini bilmas, mahalliy tartibning o’ziga xosligini inkor qilardilar.
O’rta Osiyo respublikalarining xalq xo’jaligi va madaniyati ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida 1923-yilda tashkil etilgan, 1926-yili qaytadan tuzilgan O’rta Osiyo Iqtisodiy Kengashi — SredazEKOSO tuzildi. 20-yillarda boshqa respublikalararo boshqaruv organlari: O’rta Osiyo suv xo’jaligi boshqarmasi (Sredazvodxoz), O’rta Osiyo Davlat plan qo’mitasi (Sredazgosplan), O’rta Osiyo Xalq xo’jaligi Oliy Kengashi, VTSSPS (Vsesoyuzniy sentralniy sovet professionalnix soyuzov) O’rta Osiyo byurosi, turli Ittifoq xalq komissarliklarining filiallari ham tashkil etildi.
O’zbekiston Kompartiyasining birinchi Ta’sis qurultoyi 1925 yil 6—12-fevralda Buxoroda bo’lib o’tdi. Qurultoyda partiyani yot unsurlardan tozalash, guruhbozlikni tugatish borasida tortishuvlar bo’ldi. Unda Akmal Ikromov (1898—1938) O’zbekiston Kompartiyasining kotibi qilib saylandi. Shu partiyaning II qurultoyida (1925-yil 22–30-noyabr), jumladan, yer islohoti, kooperativ harakat, sovet qurilishi to’g’risidagi ma’ruzalar tinglandi. Shu bilan birga, «Yot unsurlar» (kommunistlarning muxoliflari, mulkdorlar va ularning tarafdorlari) yana bir karra qoralandi, saflarni yangidan tozalashga, guruhbozlar kurashini tugatishga da’vat etuvchi chaqiriqlar yangradi va hokazo.
Biroq, ayniqsa, milliy masala yuzasidan keskin muxoliflik kurashi davom etdi. O’zbekiston Kompartiyasining III (1927-yil) va VI (1929-yil) qurultoylarida bu masalalar muhim o’rin egallab keldi.
Qishloqda 1921-yildayoq yuzaga kelgan «Qo’shchi» ittifoqi ommaviy tashkilot bo’lib qoldi. 20-yillarning o’rtalarida uning saflarida qishloq ahlidan 160 ming nafarga yaqin kishi bor edi. «Qo’shchi» tashkiloti mahalliy aholi manfaatlarini himoya qilishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. Lekin uning faoliyatini paxtachilikni agrotexnika, irrigatsiya va melioratsiya asosida rivojlantirish, dehqonlarni traktorlar, kimyoviy o’g’itlardan foydalanishga, yerni erta haydashga, almashlab ekishni joriy qilishga o’rgatishga qaratdilar.
20-yillarda boshqa ijtimoiy-siyosiy va jamoat tashkilotlari: kasaba uyushmalari, komsomol, Osoaviaxim, «Yo’qolsin savodsizlik», turli ilmiy-texnik va ijodiy jamiyatlar ham faoliyat ko’rsatdi.
1927-yil martida O’zbekiston SSR Sovetlarning II qurultoyida Konstitutsiya qabul qilindi. Bu Konstitutsiya matnidagi O’zbekiston Sovet Respublikasi teng huquqli Ittifoq a’zosi sifatida SSSR tarkibidan chiqishi mumkinligi to’g’risidagi qoida shunchaki bir deklaratsiyadan boshqa narsa emas edi.
Davlat apparatini «mahalliylashtirish» niqobi ostida. Arab yozuviga asoslangan qadimgi o’zbek yozuvini 1929-yili Lotin alifbosi, 1940-yili esa Kirill alifbosiga almashtirish ham milliy o’ziga xoslikni bo’g’ish bo’ldi. Bu narsa xalqning boy tarixiy o’tmishidan ajralib qolishiga olib keldi, ma’naviy izchillikka ziyon yetkazdi.
1930-yilda hukumat qarori bilan respublika poytaxti Samarqanddan Toshkentga ko’chirildi.
Respublikaning ijtimoiy-siyosiy hayoti 30-yillarda sovet tartibotining mustahkamlanishi va shaxsga sig’inishning kuchayib borishi sharoitlarida o’tdi. Markaz va joylarda partiya byurokratlar apparati tobora kuchayib bordi. Respublikaning butun ijtimoiy-siyosiy hayoti kommunistik partiyaning qattiq nazorati ostida o’tardi. Bu juda murakkab va qiyin davr bo’ldi. 1929-yili o’tkazilgan tozalash natijasida partiya a’zolarining 15,6 foizi uning saflaridan chiqarildi; shu bilan birga, asosan aybsiz odamlar jabr tortdi.
1940-yili 600 ming nafardan ko’proq kishini o’z saflariga olgan kasaba uyushmalari qaytadan tuzilib, yiriklashtirildi. Respublika korxonalarida tuzilgan kasaba guruhlari o’zlarining tashkiliy ishlarini sexlar, brigadalar, smenalarga ko’chirib, ishlab chiqarishda ishchilar faolligini oshirishga har tomonlama harakat qildilar.
1937-yilgi O’zbekiston SSR Konstitutsiyasining qabul qilinishi. 1924-yilgi SSSR Konstitutsiyasi qabul qilinganidan so’ng 10 yildan ortiq vaqt o’tdi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va partiyaning yakkahokimligi ta’sirini qonuniy mustahkamlaydigan yangi Konstitutsiyani qabul qilish zarur deb topildi.
1936-yil noyabrida SSSR Sovetlarining favqulodda VIII qurultoyi chaqirildi, u yangi Konstitutsiyani qabul qildi. Mana shu Konstitutsiya asosida O’zSSRning yangi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi, 1937-yil fevral oyida respublika Sovetlarining favqulodda VI qurultoyi bu Konstitutsiyani tasdiqladi.
Yangi Konstitutsiyaga muvofiq 1938-yil 25-iyunda Oliy Sovetga saylovlar bo’lib o’tdi. Uning I sessiyasi O’zSSR Oliy Soveti Prezidiumini sayladi va respublika Xalq Komissarlari Sovetini tuzdi. 1939-yil 29-dekabrda mahalliy Sovetlarga saylovlar o’tkazildi. Shu bilan respublika davlat hokimiyati organlarini qayta qurish amalda tugallandi.
Oliy Sovet Prezidiumining 1941-yil 6-martdagi farmoniga muvofiq Andijon, Namangan viloyatlari tuzildi. Xo’jalik xalq komissarliklari ustidan rahbarlikni mustahkamlash maqsadida 1940-yilning sentabr oyida O’zSSR Xalq Komissarlari Soveti qoshida Iqtisodiy kengash tashkil etildi. O’sha oyning o’zida Davlat nazorati xalq komissarligi tashkil etildi, uning vazifalari davlat mablag’lari va moddiy boyliklarini hisobga olib borish va sarflash ustidan qattiq nazorat o’rnatish, shuningdek, hukumat qarorlarining ijrosini tekshirishdan iborat edi.
26.2. O’zbekiston qishloq xo’jaligini isloh qilish jarayonlari
1925–1929-yillardagi yer-suv islohotlari. O’zbek qishlog’ini rivojlantirishda 20-yillarning o’rtalariga kelib ba’zi yutuqlar qo’lga kiritildi. Yangi iqtisodiy siyosatga o’tilishi bilan o’zbek dehqoni erkinroq nafas ola boshladi. 1925-yilda o’zbek qishloqlarida 1917-yil oktabr to’ntarishidan oldingi rivojlanish tamoyillari saqlanib qolgan edi. Qishloqda ijtimoiy tabaqalanish mavjud bo’lib, yersiz dehqonlar barcha xo’jaliklarning taxminan 10%ini, 1—3 desyatinagacha yeri bor kam yerli dehqonlar 64%ini, 3 – 10 desyatinagacha yeri bor o’rtahol dehqonlar 20%ini, 10 desyatinadan ortiq yerli boy dehqonlar 6%ini tashkil qilgan. Bu boy xo’jaliklar barcha xo’jaliklar yerlarining 36%iga egalik qilganlar. Boy xo’jaliklar ikki toifaga bo’lingan. Bular — 40–50 desyatinadan ortiq sug’oriladigan yeri bor boy xo’jaliklar va 10 – 40 desyatinagacha yerli to’q («quloq») xo’jaliklar. Chorakor, yetim, qarol kabi dehqon tabaqalari asosan boy xo’jaliklarning yerini ijaraga olib, unda ishlab, oilasini boqar edi. Katta yer egalari odatda yerga ishlov berishga qatnashmay, chorikorlar yetishtirgan hosildan o’z ulushini olib, boshqalar hisobiga yashardilar. «Quloq» xo’jaliklar a’zolari yerda o’zlari ishlagan va ortiqcha yerlarini ijaraga bergan. Yerni ijaraga bergan, birovlarning kuchidan foydalanganlarni sovet hukumati ekspluatator deb yomonotliqqa chiqardi.
Boylarga nisbatan bunday munosabatda bo’lishning sababi shundaki, kommunistlar partiyasi dasturida ekspluatator sinflarni yo’q qilish, sinfsiz, xayoliy sotsialistik kommunistik jamiyat qurish vazifasi qo’yilgan. Shu maqsaddan kelib chiqib sovet hukumati O’zbekistonda mulk egalarini sekin-asta cheklash va tugatish siyosatini olib bordi. O’zbek qishloqlarida mana shu siyosatni amalga oshirishga qaratilgan chora-tadbirlardan biri 1925–1929-yillardagi yer-suv islohoti bo’ldi. Bu islohot joylarda shart-sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga qarab uch bosqichda o’tkazildi. Birinchi bosqichi Farg’ona, Toshkent, Samarqand viloyatlarida 1925—1926-yillarda bo’ldi. Zarafshon viloyatida 1927-yili yer-suv islohoti o’tkazildi. Islohot Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm okruglarida oxirgi navbatda 1928—1929-yillarda amalga oshirildi. O’zbekiston sovetlarining Markaziy Ijroiya Komiteti 1925-yil 1–2-dekabr kunlari o’zining favqulodda sessiyasiga to’planib, yer-suv islohoti o’tkazish to’g’risidagi masalani ko’rib chiqdi. 2-dekabrda sessiya «Yer va suvni musodara qilish to’g’risida», «Yer-suv islohoti o’tkazish to’g’risida»gi dekretlarni qabul qildi.
Islohotni o’tkazish uchun MIK huzurida Markaziy yer-suv islohotini o’tkazish komissiyasi, viloyat ijroiya qo’mitalari huzurida viloyat komissiyalari, har ikki volostga bittadan rayon yer-suv islohoti o’tkazish komissiyalari tashkil etildi.
Yer-suv islohotini o’tkazish to’g’risidagi dekretga asosan Farg’ona viloyatida 40 desyatina, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 50 desyatina va undan ortiq sug’oriladigan yerlari bor katta yer egalari xo’jaliklarining butunlay tugatilishi, ularning yerlari davlat yer fondiga o’tkazilishi, dehqonlarga bo’lib berilishi nazarda tutildi. Yer bilan barcha ishchi ot-ulovlari, dehqonchilik asbob-uskunalari ham musodara qilindi.
To’q («quloq») xo’jaliklar, yer egasining to’la yoki qisman kuchi yoki oila a’zolari kuchi bilan ishlanadigan xo’jaliklar uchun Farg’ona viloyatida 7 desyatina, Toshkent, Samarqand viloyatlarida 10 desyatina norma belgilandi. Bu xo’jaliklarning belgilangan normadan ortiqcha yerlari musodara qilindi. Ortiqcha dehqonchilik asbob-uskunalari, ot-ho’kizlari majburan olinib, davlat fondiga o’tkazildi.
To’q («quloq») xo’jaliklar va yirik yer egaligining cheklanishi, yirik xo’jaliklar o’rnida mayda xo’jaliklarning tashkil qilinishiga 18 kishidan iborat bir guruh respublika rahbarlari qarshi chiqdilar. Bu harakat tarixga «O’n sakkizlar guruhi» nomi bilan kirdi. Bu guruhda O’zbekiston yer ishlari xalq komissari Inomjon Xidiraliyev ham bor edi. Ular yer-suv islohotiga tayyorgarlik boshlanganidan keyin islohotni o’tkazishning noto’g’ri yo’liga norozilik bildirdilar va 1925-yil noyabr oyida lavozimlaridan bo’shatishni so’rab ariza yozdilar. O’zbekiston Kompartiyasi markazkomi ularning harakatini partiyaning agrar siyosatiga qarshi chiqish, boy quloqlar manfaatini himoya qilish, qishloqda ekspluatator sinflarni cheklashga qarshi chiqish deb baholadi.
1926-yil 13-dekabrda O’zbekiston MIK Zarafshon viloyatida yer-suv islohoti to’g’risida qaror qabul qildi. Qaror mazmuni 1925-yildagi dekret bilan asosan bir xil edi. Qisman farqi shunda ediki, bu qarorda 35 desyatina va undan ko’p yeri bo’lgan xo’jaliklar va amir amaldorlarining yerlarini, miqdoridan qat’i nazar, musodara qilish belgilandi. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida mehnat qilmay yerdan foydalanadigan xo’jaliklarni tugatish to’g’risida O’zbekiston hukumati 1928-yilda qaror qabul qildi. Qarorda mehnatsiz kun kechiradigan, 20 gektar va undan ortiq sug’oriladigan yoki 45 gektar lalmi yerga ega bo’lgan boy xo’jaliklar butunlay tugatilishi nazarda tutildi. Bu qarorda to’q («quloq») xo’jaliklarning ortiqcha yerlarini musodara qilish belgilandi.
Islohot dastlab Farg’ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarining barcha rayonlarida 1925-yil dekabrida boshlandi. Andijon uyezdining Norin tumanida katta yer egasi Sotvoldiqozi Abdurahmonxo’jayev xo’jaligi rayon komissiyasi qaroriga asosan tugatildi. Bu xo’jalikning 13 ta qishloqda 1726 tanob yeri, 83 bosh buqasi, 14 bosh oti va ko’p miqdordagi asbob-uskunalari musodara qilindi. Uning yerlarida 120 ga yaqin chorikor mehnat qilardi. Boy mulki chorikorlarga bo’lib berildi. Ulardan ortgan yerlar davlat fondiga o’tkazildi. Toshkent viloyatining Obliq volostida R. Ismatovning 57 desyatina yeri, Dalvarzin volostida bir boyning 90 desyatina yeri, Pskent volostida T. Durmatovning 79 desyatina yeri musodara qilindi.
1925—1929-yillarda o’tkazilgan islohotlar natijasida barcha viloyatlarda 5 mingga yaqin xo’jaliklar tugatildi. Ular yerga ishlov berishda qatnashmagan, chorikorlarning o’ziga tashlab qo’yilgan, ular esa nochor xo’jaliklar bo’lganligi uchun dehqonchilikka yangi texnika, agrotexnika yutuqlarini qo’llamas edi.
O’zbekistonda o’tkazilgan yer-suv islohoti jarayonida boy xo’jaliklar bilan birga to’q badavlat xo’jaliklarning har bir rayon uchun belgilangan norma — 7–10 desyatinadan ortiq yerlar musodara qilindi. Bu xo’jaliklar yerni to’da yoki qisman o’z kuchlari bilan ishlar edilar. Ular ishbilarmon xo’jaliklar bo’lib, yerdan samarali foydalanishga, ishlab chiqarishni kengaytirishga harakat qilardilar. Yer egasining o’z kuchi bilan ishlanadigan xo’jaliklarda «me’yordan ortiqcha» yerlar tortib olindi. Ularning «ortiqcha» ot-ho’kizlari, dehqonchilik asbob-uskunalari davlat tomonidan majburan sotib olindi. «Ortiqcha» yerlari tortib olingan to’q xo’jaliklar soni 23 mingdan ortiqni tashkil qildi. Bu dehqonchilikni rivojlantirish, qishloq xo’jalik mahsulotlarini ko’paytirish imkoniyatini chekladi. O’zbekistonda yer-suv islohotini o’tkazish jarayonida to’q xo’jaliklarning cheklanishi adolat va insonparvarlikka zid bo’lib, keyinchalik ularning batamom yo’q qilinishi mehnatkash xalqimiz uchun katta fojiaga aylandi.
Islohot davomida tortib olingan yer fondi 475 ming desyatinani tashkil etdi. Tortib olingan yerlarning bir qismi, ya’ni faqatgina 10%i kambag’al va kam yerli xo’jaliklarga taqsimlab berildi. Shuni aytish joizki, islohotdan keyin ham dehqonlarning kambag’al qatlami hamon katta foizni tashkil etardi. Tortib olingan yerlarning asosiy qismi davlat tasarrufida bo’lib, kolxoz va sovxozlarga berildi. Chunonchi, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm viloyatlarida tortib olingan yerlar asosida 120 kolxoz tashkil etildi, Samarqand, Toshkent, Farg’ona viloyatlarida 1925—1929-yillarda 354 ta yangi kolxoz tuzildi. Respublika bo’yicha ularning soni 522 tani tashkil etdi.
Shunday qilib, O’zbekistonda 1925—1929-yillarda amalga oshirilgan yer-suv islohotlari sovet hukumatining mulkdor sinflarni cheklash va tugatishga, sinfsiz jamiyat qurishga qaratilgan navbatdagi tadbirlaridan biri bo’ldi. Bu holat keyinchalik qishloq xo’jaligini zo’ravonlik yo’li bilan yalpi jamoalashtirish jarayonini tezlashtirish uchun qulay shart-sharoitlar hozirladi.
Dehqon xo’jaligi va kooperatsiya. Kommunistik partiyaning siyosiy doktrinasi xo’jalik yuritishning jamoa shakllarini rivojlantirishni ko’zlar edi. Butun Ittifoqda bo’lgani kabi, O’zbekistonda ham dehqon xo’jaliklarini kooperatsiyalash siyosati izchillik bilan amalga oshirib borildi. Ta’minot-tijorat ishlari, ishlab chiqarishga doir va boshqa oddiy ishlarni birgalikda bajaruvchi universal (integral) kooperatsiya keng rasm bo’ldi. 1925-yili respublikada barcha dehqon xo’jaliklarining 36%dan ko’prog’ini birlashtirgan 595 shirkat ishlab turdi.
1926-yilning ikkinchi yarmidan boshlab qishloq xo’jalik kooperatsiyasini ixtisoslashtirishga kirishildi. Universal qishloq xo’jalik kooperatsiyasidan iborat «o’zbekselsoyuz»dan paxtachilik, keyin esa chorvachilik kooperatsiyasi, mevasabzavot, ipakchilik kooperatsiyalari va boshqalar ajralib chiqdi. Ular markaziy boshqaruv raysoyuzshirkatdan iborat tugal tizimga ega bo’ldi.
Kooperatsiyaning qaysi shakllaridan aholi manfaatdor bo’lsa, uning shu shakllari ko’proq rivojlanib bordi. O’zbekiston uchun dehqon xo’jaliklarining 60%dan ortig’ini birlashtirgan «o’zbekpaxtasoyuz» paxtachilik kooperatsiyasining rivojlanishi alohida ahamiyatga ega bo’ldi.
Sug’oriladigan dehqonchilik shirkatlarida dehqon xo’jaliklarini rivojlantirishda avval tashkil etilgan melioratsiya kooperativlari katta rol o’ynadi. O’lkada sug’oriladigan dehqonchilik rasm bo’lganidan beri yerlarni sug’orish ishlari, ya’ni irrigatsiya ishlari birgalikda olib borilardi.
1929-yildayoq O’zbekistonda tayyorlanadigan paxta xomashyosining deyarli 100%i, qorako’l terining 82%i, junning 70%i, quruq mevaning 60%i shartnoma asosida topshiriladigan bo’ldi.
Qishloq xo’jalik kooperatsiyasi tizimi, butun Ittifoqda bo’lgani kabi, O’zbekistonda ham 20-yillarning oxiriga qadar saqlanib keldi. 1929-yili dehqon xo’jaliklarining 80 foizi kooperatsiyaning turli xillariga jalb etilgan edi. Kooperatsiyaning birorta shakli ham imkoniyatlarini tugal namoyon etmadi. 1929-yil kuzidan boshlab qishloq xo’jalik kooperatsiyasining kolxozlargacha bo’lgan shakllariga barham berildi. 1927-yildan boshlab kooperatsiyani «davlatlashtirish» tendensiyalari kuchayib, uning xo’jalik hisobi asosidagi negizlari tobora ko’proq qo’porila boshlandi. Dehqon xo’jaligini yuksaltirishga doir masalalarning barchasi davlatga borib taqaladigan bo’lib qoldi (soliq siyosati, kredit, narxlar va boshqalar).
Yangi iqtisodiy siyosat tamoyillaridan voz kechish kooperativ qurilishga o’z ta’sirini ko’rsatdi. Kooperatsiyaning sotsialistik shakllari degan xillari jadal sur’atlarda rasm bo’la boshladi. 20-yillarda bu yerni jamoa bo’lib ishlovchi shirkatlar, ya’ni TOZlar (tovarishestvo po obshestvennoy obrabotke zemli) tuzish, qishloq xo’jalik artellarini tashkil qilishda namoyon bo’ldi. O’zbekistonda o’sha kezlar 550 ta artel va 166 ta TOZ tuzilgan.
26.3. Sanoat qurilishi va xalq hunarmandchiligi muammolari
Industrial sakrashga tomon yo’l. Sanoatni tiklash va rivojlantirish ishlari 20-yillarning birinchi yarmida Ittifoq markazi manfaatlarini o’ylab, reja asosida olib borildi. Turkiston mintaqasini ixtisoslashtirish va rivojlantirish uchun xomashyo resurslaridan mumkin qadar ko’proq foydalanishni mo’ljallab amalga oshirildi.
Respublika xalq xo’jaligini tiklash jarayoni davom etayotgan davrda mamlakat markaziy organlari 1925-yili sanoatlashtirish masalasini kun tartibiga qo’ydi. Mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyoti rivojlangan zamonaviy sanoatni vujudga keltirishga to’la-to’kis bog’liq edi. Bu maqsadga tez muddatda erishishning aniq yo’llarini ishlab chiqish talab etilardi. Mamlakatning yakkalanib qolgani chet el kapitali kelishiga umid bog’lashga imkon bermasdi. Faqat bittagina imkoniyat bor edi — ichki jamg’armalarni to’plash va mamlakatning o’zidagi mablag’lardan birmuncha oqilona foydalanish.
Sanoat va kadrlar. Sanoatlashtirishning boshlanishi. O’zSSRda rivojlangan zamonaviy sanoat bo’lmay, sanoat korxonalarining texnik darajasi haddan tashqari past, muhandislar, texniklar va zamonaviy texnikani biladigan malakali ishchilar nihoyat darajada yetishmas edi. O’lka xalq xo’jaligini tiklash 7—8 yilga cho’zilib ketdi. Mana shu narsalarning hammasi qo’shimcha qiyinchiliklar tug’diraverdi. Mamlakat asosiy ishlab chiqarish fondlarining umumiy hajmida fabrika-zavod sanoatining salmog’i 1926/27-xo’jalik yilida RSFSRda 68%ni, Ukraina SSRda esa taxminan 22%ni tashkil etgan bo’lsa, O’zbekiston SSRda hammasi bo’lib, 0,6%ni tashkil etdi. Boshqacha aytganda, tiklash davrining oxirlariga kelib Ittifoq markaziy hududlari va respublikamiz rivojlanishining iqtisodiy darajasida keskin tafovut saqlanib qoldi.
Respublika sanoati rivojlanishining asosiy yo’nalishi. O’zbekistonni sanoatlashtirish eng boshdanoq Ittifoqni sanoatlashtirishning tarkibiy va ajralmas bir qismi deb belgilandi. Respublika sanoatini rivojlantirishning asosiy yo’lini ham ana shu narsa belgilab berdi: bu yo’l qishloq xo’jaligi va tabiiy boyliklarni qattiq ekspluatatsiya qilishga mo’ljallangan edi.
Xalqning mehnat tashabbusi va uning natijalari. Ana shunday keng ko’lamli dasturni amalga oshirish xalqning zimmasiga og’ir yuk bo’lib tushdi. Texnik iqtisodiy baza qoloq qurilish materiallari va mexanizatsiya vositalari nihoyatda tanqis, kadrlar yetishmay turgan mahalda ana shunday dastur haddan tashqari ko’p mablag’ sarflashni talab qilar edi. Partiya zaxira jamg’armalarni mamlakat ichidan qidirib topish va ularni industriya sohasiga yo’naltirish yo’lini tutdi, bu narsa kredit tizimi va ichki zayomlar orqali aholi qo’lidagi mablag’lardan keng foydalanish, shuningdek, mehnatkashlarning paychilik mablag’lari asosida kooperatsiyani rivojlantirishga olib bordi.
Sanoatlashtirish rejalarini amalga oshirish xalqdan zo’r berib mehnat qilish, ijodiy tashabbus ko’rsatish, iste’molni cheklash va o’z qo’lidagi mablag’larni sarflashni talab qildi. Chunonchi, ichki davlat zayomlarini tarqatishdan O’zbekistonda 1926–1929-yillarda 23 mln. so’m, davlat apparatini qisqartirish va arzonlashtirishdan esa 7 mln. so’m olindi.
O’zbekiston mehnatkashlarining fidokorona mehnati natijasida respublika yirik sanoatining yalpi mahsuloti 1927/28-xo’jalik yilida 270 mln. so’mga yetdi, ya’ni 1924/25-xo’jalik yiliga qaraganda 2,5 baravardan ziyodni tashkil qildi.
Korxonalar yangi texnika asosida tiklandi, yangi sanoat sohalari (ip-gazlama, trikotaj, shohi va hokazo) barpo etildi, avval mavjud bo’lgan sanoat korxonalari (neft, poligrafiya, ko’nchilik, mexanika sohalari) qayta qurilib kengaytirildi, sanoat yalpi mahsuloti ancha ko’paydi, tannarxi kamaytirilib, sifati esa oshirildi. Uch yil mobaynida yirik sanoat korxonalarining soni 48 taga ko’paydi, 1928-yilga kelib ular 166 taga yetdi. Jumladan, Farg’onada to’qimachilik fabrikasi, Toshkentda «O’rtoq» qandolatchilik fabrikasi, tikuvchilik fabrikasi, mexanika va ko’nchilik zavodlari, Samarqand, Buxoro va Marg’ilonda pillakashlik fabrikalari, Bo’zsuv GESi, Xilkovo sement zavodi, «Chimyon» va «Santo» neftni haydash zavodlari ishga tushirildi.
Sanoatlashtirish davomida respublikaning energetika bazasi kengaytirildi va mustahkamlandi. Umum foydalanadigan va sanoatni ta’minlaydigan elektr stansiyalari soni uch yil mobaynida 17 taga ortdi, elektr energiyasi ishlab chiqarish 3 baravar ko’paydi.
Kasb-hunar o’qib-o’rgatilishi natijasida sanoatda malakali ayol kadrlar ham paydo bo’ldi. Shu davrda (1926–1928-yillar) ishchilar soni 2 baravardan ziyod ko’paydi, mahalliy millat vakillari ularning yarmidan ortig’ini tashkil etdi.
Shunday qilib, 20-yillar respublika iqtisodiyotining tiklanishi bilan belgilandi, lekin bunda mayda ishlab chiqarish har qalay ustun bo’lib turdi. Xususiy sektorning mavjudligi iqtisodiyotda ustun bo’lib turdi va yangi iqtisodiy siyosat sharoitlarida mayda xo’jaliklarning yuksalib borishiga olib keldi, bu narsa tiklanish jarayonlariga yaxshi ta’sir o’tkazdi. Mayda sanoat va kustar ishlab chiqarishning jonlanishi ichki bozorni kengaytirdi va yirik davlat industriyasi uchun mablag’lar bera oladigan manbalarni yaratdi.
20-yillarning birinchi yarmidagi iqtisodiy islohotlar — oziq-ovqat razvyorstkasi, mehnat majburiyatining bekor qilinishi, iqtisodiyot va davlat sektorini idora etishni markazdan bir qadar xoli qilish, xo’jalik hisobini, o’z xarajatlarini o’zi qoplash va o’z-o’zini mablag’lar bilan ta’minlash usullarini joriy etish sanoatlashtirish siyosatining zarur shartlari bo’lib qoldi. Biroq 20-yillarning oxirlarida sur’atlarni keskin tezlashtirish, o’ziga xos «katta sakrash»ni amalga oshirish yo’lini tutish butun mamlakat va, xususan, O’zbekistonning keyingi iqtisodiy taraqqiyotiga muhim o’zgartirishlarni kiritdi.
26.4. Yangi iqtisodiy siyosatning tugatilishi. Mustabid tizimning kuchayishi
Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning o’zgarishi. 20-yillarning oxirlarida Ittifoqning, jumladan, O’zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy hayotining hamma jabhalarida ma’muriy-buyruqbozlik usuli borgan sari zo’rayishi natijasida yangi iqtisodiy siyosat o’zining bor mohiyatini, mavqeini yo’qota bordi.
Qishloq xo’jaligi ko’p tovar mahsuloti yetishtirgani bilan sanoatning rivojlanishi past darajada qolaverdi. O’zbekiston iqtisodiyoti sovet hokimiyatining birinchi yillaridan boshlab xomashyoni olib chiqib ketish va sanoat mollarini chetdan olib kelishga deyarli butunlay qaram bo’lib qoldi. O’zbek eksportining asosiy qismi paxta edi. 1926/27-xo’jalik yilida paxtachilik mahsuloti respublikadan olib chiqib ketiladigan tovarlar umumiy qiymatining 77,8 foizini tashkil etdi. Respublikadan olib chiqib ketiladigan va Ittifoqning boshqa rayonlaridan unga olib kelinadigan tovarlar narxlarining nisbati O’zbekiston uchun qulay emas edi. Chunonchi, ajnabiy paxta xomashyosining bahosi bir pud paxta uchun 22—23 so’mni tashkil etar, bu narx esa sovet baholaridan 2,5—3 so’m ortiq edi. O’zbekiston paxtasi jahon bozoridagi narxlar bo’yicha sotilganida O’zbekiston 1927/28-xo’jalik yilida qo’shimcha ravishda 20—25 mln. so’m daromad olgan bo’lardi.
Sovet davlati paxta ishlab chiqarishni ko’paytirish zarurligini hisobga olib, bozor narxlarini idora etib bordi va paxta xomashyosiga qishloq xo’jaligining boshqa mahsulotlariga qaraganda yuqoriroq narxlarni belgiladi. Bunda O’zbekistonda paxtachilikni rivojlantirish Markaz to’qimachilik sanoatini o’stirish, SSSRning paxta mustaqilligini qo’lga kiritish va industrial ishlab chiqarish vositalarini chetdan olib kelish uchun zarur valyutani bo’shatishning biri ekanligiga asoslanib ish ko’rildi. Lekin bu ishlar respublika manfaatiga emas, balki Markaz manfaatiga xizmat qildi.
1927-yili g’alla tayyorlashdagi qiyinchiliklar munosabati bilan baholarni tartibga solish muammosi yana ko’ndalang bo’lib qoldi. Bu narsa shahar bilan qishloqlar orasida katta ziddiyatlar paydo bo’lib qolganini ko’rsatar edi. Bozorning asosiy mavqeini o’z qo’liga olgan Sovet davlati qishloq aholisi tomonidan iste’mol qilinadigan sanoat mollariga nisbatan yuqori va qishloq xo’jalik mahsulotiga nisbatan past baholarni qo’yib, dehqonlarni sanoatlashtirish uchun mablag’ beradigan «o’lponga o’xshagan bir narsa», o’ziga xos ustama soliq to’lashga majbur etdi.
G’alla narxlarining pasaytirilganligi (20—25 foizga) ahvolni yanada mushkullashtirdi, bu narsa mamlakatdagi g’alla tayyorlash kampaniyasida qiyinchiliklar tug’dirdi. Bozordagi ahvol, ya’ni narxlarning tayinsizligi, dehqonlarni, avvalo, o’ziga to’q dehqonlarni g’allani ushlab turishga majbur qildi. 1927-yil kuzidan boshlab bozorlar va do’konlarda don va non uzilishlari boshlandi, narxlar ko’tarilib ketdi, chunki donni davlatga belgilab qo’yilgan past baholarda sotish dehqonlarga foyda bermagani uchun yalpi sotib olinadigan don kamayib ketdi. Shunda davlat favqulodda choralar ko’rishga — o’ziga to’q dehqonlardan g’allani tortib olishga o’tdi.
G’alla tayyorlashdagi qiyinchiliklar O’zbekistonga ham dahldor bo’ldi. Ittifoq bo’yicha g’alla tayyorlashning keskin kamayib ketishi O’zbekistonga g’alla keltirish rejasining barbod bo’lishiga olib keldiki, bu narsa bozorlarga chiqariladigan non va donning kamayib ketishiga, g’alla bahosining ko’tarilishiga sabab bo’ldi. 1928-yili respublikaning asosiy g’allakor tumanlarida don tayyorlash ishlari o’tkazildi. Bu o’rinda ham ma’muriy o’zboshimchalik hodisalari ro’y berdi. Narxlar to’g’risida mahalliy organlar bilan bo’lgan bahslar tufayli tayyorlov ishi, masalan, Surxondaryoda salkam bir oyga kechikib ketdi. Qashqadaryo viloyatining G’uzor tumanida g’alla tayyorlashni sal bo’lmasa oziq-ovqat razvyorstkasi deb tushunishlari mumkin edi:
Ortiqcha tovarlarni tortib olish mehnatga bo’lgan bozor raqobatlarini qo’porib tashladi, iqtisodiy munosabatlarning muhim tizimi — qishloq bilan shahar o’rtasidagi munosabatlarning yemirilishiga olib keldi. 1927/28-xo’jalik yilidagi g’alla tayyorlashga aloqador tanglik siyosatda keskin burilish yasab, yangi iqtisodiy siyosatning tezlik bilan barham topishiga yo’l ochdi.
Ma’muriy-buyruqbozlik tizimining qaror topishi. 20-yillarning oxirlariga kelib ijtimoiy-iqtisodiy siyosatda ro’y berayotgan keskin qiyinchiliklarni adolat yuzasidan, aql-idrok bilan emas, balki ma’muriy-buyruqbozlik yo’li bilan, zo’ravonlik usuli bilan bartaraf qilish uchun Markaz siyosiy hokimligining harakati kuchaydi. Yangi iqtisodiy siyosat uzil-kesil chetga chiqarib tashlandi. Qishloq xo’jaligini zudlik bilan jamoalashtirish hamda sanoatlashtirishni jadallashtirish yo’liga qat’iyan kirishildi.
Savdodagi kapital O’zbekistonda Rossiyadagidan ko’ra uzoqroq saqlanib qoldi. Uning chakana tovar ayirboshlashdagi salmog’i 1926—1927-yillarda respublikaga keltirilgan tovarlarni sotish bo’yicha 48,5 foizga, mahalliy ishlab chiqarish mahsuloti bo’yicha esa 95 foizga yetdi. Biroq xususiy savdogarlar mavqeining davlat qo’liga o’tishi 1927—1928-yillar davomida kuchaydi. 1929-yili savdoda umumiylashtirilgan sektor 76,5 foizni tashkil etdi. Tijorat vositachilik muomalasida xususiy sektorning keskin qisqarib ketishi tovar tanqisligining kuchayishiga, pulning tobora ko’proq qadrsizlanib, kartochkalarning joriy etilishiga olib keldi.
1930-yili o’tkazilgan kredit islohoti natijasida tijorat krediti to’g’ridan-to’g’ri bankdan kredit berish bilan almashtirildi. Bu ish butunlay mamlakatning birdan bir hisob-kitob markaziga aylanib qolgan Davlat banki ixtiyoriga o’tdi. O’zbekistonda Osiyobank, Tashqi iqtisodiy bank (Vneshekonombank) tugatildi. Qishloq xo’jalik banklari qaytadan tuzildi. Shu munosabat bilan respublika davlat bankining roli yanada kuchaydi. Davlat mexanizmida markazlashtiruvchi asoslarning kuchayib borishi ittifoqdosh respublikalar suverenitetini bo’g’ib qo’ydi.
26.5. O’zbekistonda sanoatlashtirish sur’atlarini jadallashtirish va uning asoratlari
Sanoatlashtirishning jadal sur’atlarda o’sishi. 20-yillarning oxiri va 30-yillarning boshlarida sanoatlashtirishning jadal sur’atlariga o’tishning tub mohiyati texnikaviy qoloq sovet mamlakatining bor imkoniyatlarini to’g’ri hisobga olmagan holda, zo’ravonlik yo’li bilan tez orada zamonaviy sanoatni barpo etishdan iborat bo’ldi.
O’zbekistan iqtisodiyoti agrar xarakterga ega edi, zero, 1927/28-xo’jalik yilida xalq xo’jaligida qishloq xo’jaligining hissasi 61,6%ni, sanoatniki esa 38,4%ni tashkil qilardi. Respublikadagi mavjud sanoat ishlab chiqarishining 90%i qishloq xo’jalik xomashyosini ishlashga ixtisoslashgan edi. Og’ir industriyaning metall ishlash va mashinasozlik singari sohalari 20-yillarda endigina rivojlanib kelardi.
O’zbekiston Markazning asosiy paxta bazasiga aylanib qoldi. Shu tariqa respublikada paxta yakka hokimligi joriy etildi. O’zbek paxtasini ishlab chiqarish ko’paygani tufayli sobiq Ittifoq 30-yillarning boshida paxta mustaqilligiga erishdi. 1932-yili O’zbekistonda mamlakat bo’yicha paxta tolasining 89,7%i, o’simlik moyining 56,4%i, xom ipakning 42%i ishlab chiqarildi. Bu Markaz siyosiy rahbariyatini qoniqtira olmadi.
O’zbekiston xalqi o’z kuch-quvvati, idroki va mahoratini ona diyor ravnaqi uchun safarbar qilib, qisqa muddatlarda hashamatli sanoat binolarini, irrigatsiya inshootlarini, yangi-yangi yerlarni o’zlashtirar, bog’-rog’lar va shu kabilarni bunyod etardi. Toshkent qishloq xo’jalik mashinasozligi zavodi (1931), Quvasoy sement va ohak zavodi (1932), Chirchiq elektr kimyo kombinati (1937), Toshkent to’qimachilik kombinati shular jumlasidan. Respublika neft sanoatida ochilgan konlar soni 11 taga (Uchqizil, Xautog’ va boshqalar) yetdi. Ohangaron vohasida Angren qo’ng’ir ko’mir, Sharg’un, Boysuntog’ (Surxondaryo) toshko’mir konlari ishga tushdi. Elektr stansiyalari quvvati 482 mln. kilovattga yetdi. 30-yillarda Chirchiq-Bo’zsuv GESlari kaskadi barpo etildi.
Respublikada rangli kamyob va qimmatbaho metallar (oltin, mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, molibden, oltingugurt, ozokerit, simob) konlari ochildi. 30-yillar boshida Ohangaron, Chirchiq daryolari vodiylarida, Qurama tog’larida oltin konlari topildi. Qo’ytosh volfram-molibden (Jizzax, 1937) konlari ishga tushirildi. Shular qatorida o’nlab paxta tozalash zavodlari, to’qimachilik va ipakchilik fabrikalari, oziq-ovqat sanoati korxonalari barpo etildi. Ikkinchi jahon urushi boshlanishi arafasida respublikada 1445 ta yirik va o’rta sanoat korxonalari mavjud edi. Ularda 142 ming ishchi mehnat qilardi.
O’zbekiston sobiq Ittifoqning iqtisodiy mustaqilligiga katta hissa qo’shdi. Shunday qilib, O’zbekiston Markazga muttasil xomashyo yetkazib beruvchi bazaga aylanib qolaverdi. U aholi jon boshiga sanoat ishlab chiqarishida sobiq SSSRning rivojlangan markaziy mintaqalaridan ancha orqada qolib ketdi. Qazib oluvchi sohalar va qishloq xo’jaligi xomashyosi hajmlari katta bo’lishiga qaramay, iqtisodiyot strukturasidagi ishlab beruvchi, mashinasozlik sanoati sohalari umumittifoq darajasidan bir necha baravar past bo’lib qoldi. O’zbekiston iqtisodiyotining industrial-agrar tabiati mamlakat markaziy mintaqalari sanoatining rivojlanishi ehtiyojlarini ta’minlashga qaratildi. Respublikaning ichki imkoniyatlari va manfaatlari hisobga olinmadi, aholining ijtimoiy ehtiyojlari nazar-pisand qilinmadi. Respublika ishchilarining o’rtacha oylik ish haqi 1932-yili taxminan 105 so’mni tashkil etdi. Biroq, shuni nazarda tutish kerakki, o’sha davrda yuqoridan belgilangan narxlar sanoat buyumlarining haqiqiy qiymati va mehnatning asl mazmunini aks ettirmas edi. Ijtimoiy iste’mol jamg’armalarining ishchi va xizmatchilar umumiy daromadlaridagi salmog’i 1931—1932-yillarda deyarli 40%ni tashkil etdi. Ham keksalik, ham nogironlik pensiyalarining o’rtacha miqdori 33 so’mdan kamroqni tashkil etgan. Jamiyatning ko’pgina tabaqalari, jumladan, dehqonlar, diniy muassasa va tashkilotlarning xizmatchilari, yakka tartibdagi mehnat faoliyati bilan shug’ullangan shaxslar pensiya va nafaqa olish huquqidan amalda foydalana olmasdilar.
Sanoatlashtirish asoratlari. Ijtimoiy ishlab chiqarish samaradorligining pasayib ketishi muqarrar sur’atda mehnatga to’lanadigan haq miqdorining kamayishiga, mehnat va turmush sharoitlarining yomonlashishiga olib keldi. 30-yillarning oxiri va 40-yillarning boshlarida oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish 1924–1928-yillardagiga qaraganda 10–15%ga kamaydi. Mehnat to’g’risidagi qonunlarning qattiqlashuvi, ishchilarning ishlab chiqarishga va qishloq aholisining kolxozlarga zo’rlab biriktirib qo’yilishi, ishga kechikkanlik uchun jinoiy jazo berishning joriy etilishi va boshqa qatag’on choralari totalitar tizimning samaralari bo’ldi.
Shu og’ir mustabid tuzum sharoitlarida O’zbekiston ishchi va muhandis-texniklari sanoat korxonalarida, ishlab chiqarishning barcha jabhalarida matonatli mehnat namunalarini ko’rsatar ekanlar, eng avvalo moddiy-maishiy turmushni yaxshilashni ko’zlagan bo’lsalar, qolaversa, o’z ona Vatani istiqboli, qudratini yuksaltirishga intildilar. Ishchilar orasida turli shakllarda musobaqalar (mahsulot sifati va hajmini oshirish, mehnat unumdorligini ko’tarish va hokazolar) tashkil etildi. 1935-yilda ishchilar orasida staxanovchilik harakati yuzaga keldi, lekin bu harakat rasmiyatchilikka aylandi: oshirib ko’rsatishlar, unga hal qiluvchi omil deb qarash avj oldi. Moddiy boylik yaratuvchilar zo’r berib qilgan mehnatlari samarasidan manfaatdor bo’lmadilar.
26.6. Qishloq xo’jaligini jamoalashtirish
siyosati. Uni amalga oshirish usullari va
fojiali oqibatlari
Yoppasiga jamoalashtirishga o’tish siyosati. Yangi iqtisodiy siyosat tufayli o’z xo’jaligini tiklab olgan oilalarning quloq qilinishi natijasida 20-yillarning oxirlarida bozor munosabatlari muhiti barham topdi. Sovet davlati tortib olingan yer-suvlar hisobiga kooperatsiyalar, so’ng kolxozlar tuzish siyosatini olib bordi. Jamoalashtirish «yuqori»ning tazyiqi asosida o’tkazildi. Matbuot O’rta Osiyo respublikalarining jamoalashtirishga «tayyor» ekanligini targ’ib qilib, mahalliy, ijtimoiy sharoit mutlaqo hisobga olinmadi. 1930-yil 17-fevralda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti «Kollektivlashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish to’g’risida» qaror qabul qildi. Respublika yalpi jamoalashtiriladigan o’n yetti tumanga bo’lindi. Mahalliy rahbarlar raqamlar orqasidan quvib, qonunni buzishgacha bordilar. Jamoalashtirish mutasaddilari dehqonlarning majlislarida kolxozga kirmaganlar suvdan mahrum etiladi, sanoat mollari bilan ta’minlanmaydi, katta soliq solinadi, surgun qilinadi, deb qo’rqitishgacha borganlar. Natijada ko’pchilik tumanlarda kolxozlashtirish bir necha hafta ichida tugallandi.
1930-yil 6-fevralda qishloq xo’jaligi artelining birinchi Namunaviy Nizomi qabul qilindi. Nizomda mulkni umumiylashtirish mezonlari, kolxozlarning bo’linmas fondlari to’g’risida tushuncha berilmagan edi. Natijada turar joy binolari, qo’y-echki, qoramollar ham umumlashtirildi. Ana shunday noqonuniy hollar Qo’qon, Toshkent, Samarqand okruglarida qayd qilindi. Quloq xo’jaliklarini tugatish kampaniyasi O’zbekistonda 1930-yil fevraldan boshlab avj oldi.
Yuqoridan kelib turgan har xil yo’l-yo’riqlar va ko’rsatmalar zo’rlikni avj oldirishga mo’ljallangan edi. Bu yo’l-yo’riqlar kimlarni quloqlar toifasiga kiritish kerakligini aniq belgilab bermasdi. Yakka tartibda qishloq xo’jalik solig’i solinadigan o’ziga to’q dehqon xo’jaliklarining ro’yxati quloq xo’jaliklarini belgilash uchun asos bo’lib xizmat qildi. Bu ro’yxatlar moliya organlari tomonidan tuzilar va o’rta hol dehqonlar hatto kambag’allar hisobiga kengaytirib borilardi. Chunonchi, Mirzacho’l tumani (Toshkent viloyati)da 137 ta quloq xo’jaligini tugatish ko’zda tutilgan edi, lekin ro’yxatlar tekshirib chiqilganidan keyin 75 ta xo’jalik tugatildi. Ko’pgina tumanlarda quloq xo’jaliklarinigina emas, balki o’rtahol va hatto kambag’al xo’jaliklar ham musodara qilindi. Natijada O’zbekistonda birgina 1930-yili 264 ta quloq va boylar xo’jaliklari deb atalgan xo’jaliklar tugatildi.
Bunday xo’jaliklarning tugatilishi dehqonlarda ishonchsizlik va xavotir uyg’otdi. Ko’pgina odamlar o’z xo’jaliklarini qarovsiz tashlab qochdilar, chorvalarini so’ydilar va sotib yubordilar. Mollarning ko’plab so’yilishi jiddiy muammo bo’lib qoldi. Qoramollar boshi respublika bo’yicha 1930-yili 60 mingdan ziyodga kamaydi.
Jadal jamoalashtirish va quloq xo’jaliklarini tugatish, o’rtahol dehqonlarga nisbatan zo’rlik qilish respublikadagi siyosiy vaziyatni keskinlashtirdi. Dehqonlarning noroziligi kuchayib, ayrim tumanlarda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi. 1930-yil 25-fevralda ular Farg’ona vodiysining bir qancha tumanlarida bo’lib o’tdi. So’ngra Andijon, Buxoro, Toshkent, Xorazm va Samarqand okruglarining ba’zi tumanlariga yoyildi.
Jamoalashtirishga qarshi chiqishlar bir qancha hollarda sovet hokimiyatiga qarshi siyosiy chiqishlarga aylanib ketdi. Jumladan, Farg’onada kolxozlarga qarshi namoyishlar ko’pchilik hollarda siyosiy tus oldi.
Partiya ma’muriy tazyiq o’tkazishni pasaytirgan bo’lsa ham, haddan oshish va buzg’unchilik hollari avj olib ketgan edi. Shuning uchun dehqonlar kolxozlardan chiqib keta boshladilar. Natijada 1930-yilning martida kollektivlashtirish foizi respublika bo’yicha 47%dan ko’proqni tashkil etgan bo’lsa, may oyiga kelib u 29%gacha kamaydi. 1930-yilning kuzidan boshlab dehqonlarga yangidan tazyiq o’tkazish to’lqini boshlandi. 1931-yilning yoziga kelib dehqon xo’jaliklarining 56,7%i birlashtirildi.
1931-yilning bahoridan boshlab O’zbekistonda yalpi jamoalashtiriladigan tumanlar qaytadan tuzildi. 1930–1933-yillari tugatilib, quloq qilingan xo’jaliklar soni 5,5 mingtaga yetdi.
Majburan quloq qilinganlar ahvoli. «Quloq» qilinganlarning bir qismi Ukraina, Sibir va Qozog’istonning odam yashamaydigan cho’llariga, o’rmonlariga surgun qilindi, yana bir qismi respublikaning boshqa joylariga zo’rlik bilan ko’chirildi. Kolxozlashtirishga qarshi chiqishi mumkin deb hisoblangan tadbirkor xo’jaliklarni, ruhoniylarni «uchlik», ya’ni partiya, sovet, ichki ishlar organlari rahbarlaridan iborat komissiya qarori bilan «quloq» qilganlar. Ko’chirilganlar uchun respublikaning o’zida — chekka joylarda 17 ta «quloq qishloqlari», aniqrog’i, lagerlari tashkil qilingan.
Shunday lagerlardan biri Samarqand viloyatidagi Kattaqo’rg’onning Miyonko’l orolida joylashgan edi. Miyonko’llik keksalarning eslashicha, 30-yillarning boshlarida bu yerga ichki ishlar organlari xodimlari bir necha ming «quloq» qilinganlarni keltirib joylashtirgan. Ular kelganida orolning to’qayzorlarida qayrag’och, saksovul va qamishlar o’sib yotardi. Orol o’rtasi botqoqlik va ko’llardan iborat edi. Bandilarga zovurlar qazdirilib, botqoqliklar suvi quritilgan, qayrag’ochlar, saksovullar kesilib pechlarda yoqilgan. Ular qamishlardan bo’yralar to’qib, lager qurganlar. Bu lagerda NKVD xodimlari bandilarni oddiy hayvonchalik qadr qilmay kamsitar, xo’rlar, ovoz chiqarishsa birovdan so’ramay otib tashlar, beayov ishlatardilar. «Quloq»lar Miyonko’l orolida yer chopar, paxta, sholi ekardilar. Ko’p bandilar mehnatning mashaqqatlaridan, ochlikdan, kasallikdan, soqchilarning zulm va azoblaridan begunoh o’lib ketdilar. Har kuni o’nlab murdalar o’ris arava-brichkasida bandilarning o’zlari qazigan xandaqlarga kafansiz eltib tashlanar edi. 1930–1933-yillarda Miyonko’lda Farg’ona vodiysi va boshqa viloyatlardan «quloq» qilib keltirilgan begunoh kishilarning yarmiga yaqini qatl etilgan.
Forishlik tibbiyot olimi A. Abdurahmonov otasi va qariyalardan eshitib hikoya qilishicha, Forish tumanidan 1929–1933-yillarda bir necha yuz xo’jalik «quloq» qilingan. Shu tumanning Nokurt qishlog’idan o’ndan ortiq xo’jalik jumladan, uning otasi va ikki amakisi Stavropol o’lkasining Terek o’rmonlariga surgun qilingan. Otasi 10 yil muddatni o’tab, ona yurtiga qaytgan. Ammo ikki amakisi o’sha yerda sovuq va ochlikdan o’lib ketgan. Barcha «quloq» qilinib surgun qilingan va ko’chirilganlarning taqdiri shunday kechgan. Ularning taxminan uchdan ikki qismi halok bo’lgan.
O’zbekiston qishloq xo’jaligini jamoalashtirish rasman 1932-yili poyoniga yetdi. Shu vaqtga kelib respublikadagi dehqon xo’jaliklarining 75 foizga yaqin qismi umumiylashtirilgan sektorga birlashtirildi. Yakka xo’jalik dehqonlarning bir qismi kolxozlardan tashqarida qoldi, lekin ularga iqtisodiy jihatdan tazyiq o’tkazish yanada kuchaydi. Yakka xo’jaliklarga solinadigan qishloq xo’jalik soliqlari oshirildi, davlatga majburan topshiriladigan mahsulot hajmi esa kolxozlar uchun belgilangan me’yorlarga qaraganda 50 foizga ko’paytirildi. 1939-yilga kelib esa respublikada yakka xo’jaliklarga butkul barham berildi. Jamoalashtirish qishloq xo’jaligini ma’muriy-buyruqbozlik tizimi bilan boshqarishni mustahkamladi, dehqonlarning mustabid davlat asoratiga tushishiga yo’l ochdi.
Kolxozlarning davlat tasarrufiga olinishi. Kolxoz tuzilishining eng boshidan qishloq xo’jalik artellari mulklarini davlat tasarrufiga o’tkazish boshlandi. Kolxozlar dehqonlarning ishlab chiqarish vositalarini birlashtirish asosida tuzildi, bu vositalar yagona bo’linmas fondga qo’shildi. Mabodo kolxozchilar kolxozlardan chiqib ketadigan bo’lsalar, vositalar ularga qaytarib berilmas edi. Bu dehqonlarning mulkdan ajralishini boshlab berdi. Kolxozlar iqtisodiy jihatdan butunlay davlatga qaram bo’lib qoldi. Ularning mustaqilligi va tashabbusi keskin cheklandi.
Yirik ishlab chiqarish vositalari MTSlar ko’rinishida davlat qo’lida to’planib bordi. MTSlar kolxoz dalalarini natural haq evaziga ishlab berar, bu haqning miqdorlari esa yuqoridan belgilab berilardi. 1933-yil boshlariga kelganda O’zbekistonda 73 ta MTS ishlab turdi. Ular qishloq xo’jaligini texnik jihatdan qayta ko’rishni tezlashtirdi, lekin texnikani ularda to’plash qishloq mehnati imkoniyatlarini ochib berishga yordam qilmadi. Amalda kolxozlar ham, MTSlar ham yer egalari emasdilar, yerning egasi aslida davlat bo’lib qoldi.
O’zbekistonda kolxozlar tuzish bilan bir qatorda sovxozlar — davlat xo’jaliklari tuzish yuzasidan ham ish olib borildi. 1932-yilda respublikada 60 dan ziyod sovxoz bor edi.
Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi o’z e’tiborini paxta yetishtirishni ko’paytirib, respublika iqtisodiyotini xomashyo tayyorlashga moslashtirishga qaratdi. Bunday siyosat mamlakatning paxta mustaqilligini qisqa muddatlarda qo’lga kiritishini ko’zlar edi. 1929–1932-yillarda g’o’za ekiladigan yer maydonlari 550 ming gektardan 928 ming gektarga kengaytirildi, yalpi paxta hosili esa 652 ming tonnadan 750 ming tonnaga yetkazildi. 1932-yili respublika sobiq Ittifoq bo’yicha paxta hosilining 60 foizini berdi. Mana shu paytdan boshlab xorijdan paxta olib kelish to’xtatildi. Biroq paxta yetishtirishni ko’paytirish ekin maydonlarini kengaytirish asosidagina amalga oshirildi.
Mana shu davrda kolxozlar ichki turmushi tartibga solinmaganligi tufayli katta qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Kolxozchilar mehnatini oqilona tashkil etish, hisobga olish va unga haq to’lash usullari hali yo’q edi. 1931–1932-yillardan boshlab mehnatga ishbay asosda haq to’lanadigan doimiy brigadalar tashkil etila boshlandi. Bu mehnat sarfini va mehnat kunlari shaklida to’lanadigan haq miqdorlarini belgilashni ko’zda tutardi.
Ko’rilgan choralarga qaramay, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida biror yirik o’zgarishlar bo’lgani yo’q. Dehqonlarning qattiq mehnati va shijoati tufayli O’zbekiston qishloq xo’jaligida 1935–1937-yillardan boshlab ba’zi yutuqlar yo’lga kiritildi. Don, sholi, arpa, makkajo’xori ishlab chiqarish ko’paydi. Chorvachilik qishloq xo’jaligining muhim sohasi bo’lib qoldi. 1940-yil boshiga kelib, qoramollar soni 1934-yildagiga qaraganda bir yarim baravardan ziyodga ko’paydi.
Qishloq ahlining fidokorona mehnati o’zining natijasini berdi. 1939-yilda yalpi paxta hosili deyarli 1 mln. 583 ming tonnaga yetdi, paxta hosildorligi esa gektariga 17,8 sentnerni tashkil etdi. O’zbekistonda kanop yetishtiriladigan bo’ldi, kanop ishlab chiqarish umumittifoq miqyosiga nisbatan 3 foizni tashkil etdi. Urushdan oldingi yillarda O’zbekiston mamlakatda yetishtiriladigan barcha pillaning yarmini berar edi. Qishloq xo’jaligini mustahkamlash, ayniqsa, paxtachilikni rivojlantirish uchun sug’orish inshootlari qurilishi katta ahamiyatga ega bo’ldi. Bunday qurilishlarni hashar usulida olib borish odat tusiga kirdi. O’zbek xalqining jasorati bilan, jumladan, 1939-yilda Katta Farg’ona kanali qazildi. Natijada 1937–1940-yillar mobaynida O’zbekistondagi sug’oriladigan yerlar maydoni 260 ming gektarga kengaydi. Lekin O’zbekistonda qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi asosan Markaz sanoatining ehtiyojini qoplashga qaratildi.
26.7. Madaniy qurilish: maorif va fan rivojining asosiy yo’nalishlari va muammolari
20–30-yillardagi juda murakkab ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar respublikaning milliy madaniyatiga har xil tarzda ta’sir o’tkazdi, barcha sohadagi o’zgartirishlarni qarama-qarshi tusga kiritdi va respublika taraqqiyotining asosiy tendensiyalari hamda yo’nalishlarini uzoq yillarga belgilab berdi.
Xalq ta’limi. Madaniyatni yangidan qurish jarayonlari tobora ustuvor tus oldi. Buning sabablari avvalo o’zbek xalqining azaldan bilimga intilishi, madaniy merosni qadrlashida ko’rinadi. Bundan tashqari oktabr to’ntarishidan avval katta madaniy ishlar olib borgan jadid deb atalmish ziyolilar xalqqa yordam berish uchun maorif sohasi, maktablarda ishlab, o’z faoliyatlarini davom ettirdilar. Bu jarayonlar avvalo darslar ona tilida olib boriladigan I (besh yillik ta’lim) va II (to’rt yillik ta’lim) bosqich maktablarni ochish va ularni darsliklar, o’quv qurollari bilan ta’minlash, maorif institutlari, o’qituvchilarni tayyorlash kurslari va boshqalarni tashkil etishdan iborat bo’ldi.
1924/25-o’quv yilida respublika budjetining 24 foizi xalq maorifi uchun ajratildi. Bu maktab qurilishini tezlashtirishga imkon berdi. I va II bosqichdagi umumta’lim maktablarining soni 1928/29-o’quv yiliga kelib deyarli 2,5 mingtaga yetdi.
Shu bilan bir vaqtda katta yoshli aholi o’rtasida savodsizlikni tugatish yuzasidan keng miqyosda kampaniya avj oldirildi. 1921/22-o’quv yilidayoq respublikaning ko’pgina shaharlari va qishloq joylarida mingdan ortiq savod maktablari, savodsizlikni tugatish kurslari va tarmoqlari faoliyat ko’rsatdi, ularda 50 ming kishi xat-savod chiqardi. Savodsizlikni tugatish ishi tiklash davrining dastlabki yillarida katta qiyinchiliklarga duch keldi: o’quvchilar, maktab binolari, asbob-jihozlar, o’quv qo’llanmalari, pul mablag’lari yetishmas edi. Hamza Hakimzoda Niyoziy, T. Shermuhammedov, T. N. Qori Niyoziy, Ergash Komilov, Abdulqodir Nabixo’jayev, G’ozi Nazarov, Muharrama Qodirova, Zebuniso Polvonova, P. Qayumov, K. Abdurashidov va boshqalar yangi maktab yaratish, uni rivojlantirish uchun faol kurashdilar hamda dastlabki o’qituvchilardan bo’lib qoldilar.
Maktablarning pedagogik kadrlarga bo’lgan ehtiyojlarini qondirish uchun pedagogika o’quv yurtlarining keng tarmog’i yaratildi: texnikumlar, maorif institutlari, o’quv yurtlari ochildi. Ularda jadal sur’atlar bilan ommaviy miqyosda yangi o’qituvchi kadrlar yetishtirib chiqarildi. 20-yillarning oxirlariga kelib ularning soni respublikada deyarli 5,5 mingtaga yetib qoldi. Xalq maorifi rivojlanib bordi.
Shunday bo’lsa-da, bu jarayonlar partiyaning madaniy sohada zo’rlik ko’rsatishi tufayli mushkulliklarga uchradi. Xalq maorifida bu narsa avvaliga milliy ta’lim shakllari yoyiladigan sohalarni cheklab qo’yish, keyinchalik esa ularni butunlay yo’q qilib yuborishda o’z aksini topdi. Chunonchi, 20-yillarning boshlarida sovet maktablari bilan birgalikda eski usul maktablari, diniy tashkilotlar tomonidan ta’minlab boriladigan vaqf maktablari va madrasalari ham ishlab turar edi. 1925-yilda O’zbekistonda 97 ta vaqf maktablari va 1,5 mingdan ortiq eski maktablar bo’lib, ulardan 250 tasi yashirin holda ish olib borgan. Lekin sovet hokimiyatining insonparvarlikka zid siyosati natijasida ular 1928-yilga kelib o’z faoliyatini amalda tugatdilar.
Xalq ma’rifatining yuksalishi yo’lida hamon katta g’ov bo’lib turgan muammo aholining savodliligini oshirish bo’lib, savodsizlikka barham berish davr talabi edi. Bu maqsadda ko’plab yangi savod maktablari va kurslar ochildi. Minglab aholi savodli bo’ldi. Shuni aytish joizki, 1930-yili umumiy boshlang’ich ta’limning joriy etilishi savodsizlik ko’lamlarini qisqartirishga yordam berdi. Ajratilgan katta mablag’lar maktablar maydonini ancha kengaytirishga, ularning moddiy bazasini mustahkamlashga imkon berdi. Umumiy ta’limni amalga oshirish uchun o’qituvchilar, talabalar, ilm-fan xodimlari, yoshlar jamoalarining katta armiyasi safarbar etildi. 30-yillarning oxirlarida umumiy yetti yillik ta’limni amalga oshirishga kirishildi.
1940-yili respublikada barcha turdagi 5,5 mingdan ortiq umumta’lim maktablari ishlab turdi, ularda 1,3 mln. ga yaqin bolalar o’qidi. Biroq bu davrda maktab yoshidagi hamma bolalarni ham, ayniqsa, qishloq joylarida o’qishga jalb qilishning imkoni bo’lmadi: maktab binolari, uskuna-jihozlar, o’qituvchilar yetishmas edi va hokazo. Maktab ta’limi turli sohadagi bilimlarni egallab olgan, jamoat hayotiga faol qo’shilib keta oladigan, oliy o’quv yurtlari va texnikumlarga kirib o’qiy oladigan savodxon yoshlarni yetishtirib chiqarishni ko’paytirishga imkon bera oladigan jiddiy islohotga muhtoj edi.
Kasbkor, oliy ta’lim. 20-yillarning ikkinchi yarmida o’rta maxsus va oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlaydigan turli o’quv yurtlari ochildi. Davlat sinfiy tamoyilga amal qilib, bu o’quv yurtlariga ishchi va dehqonlarning kirishi uchun sharoitlarni ta’minlab berdi. Boshqa toifadagi odamlar bu o’quv yurtlariga kira olmas edi. Oliy o’quv yutlarida o’qish uchun zarur bo’lgan umumiy ma’lumotni qisqa muddat ichida olish maqsadida ishchi fakultetlari tarmog’i yaratildi. Shu tufayli 20-yillarning oxiridayoq respublikadagi oliy o’quv yurtlarida asosan ishchi va dehqonlardan iborat 4 ming nafarga yaqin talabalar o’qir edi.
Mutaxassislar tayyorlashda RSFSR va boshqa respublikalar ham O’zbekistonga yordam berdilar. 1927-yili faqatgina Rossiya Federatsiyasidagi oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida O’zbekistondan kelgan 300 ga yaqin talabalar ta’lim oldi.
O’rta Osiyodagi birinchi oliy o’quv yurti — 1918-yili ochilgan Turkiston davlat universiteti — bu vaqtga kelib oliy ta’limning eng yirik markaziga aylandi. Universitet mutaxassislar yetishtirib chiqarish sur’atlarini yildan-yilga oshirib bordi: uni bitirib chiqqan kishilar soni 1928-yilga kelib 5 baravar ko’paydi. Ammo ular orasida mahalliy xalq namoyandalari hamon kam sonni tashkil etardi.
Pedagogik akademiya bazasida 1933-yili Samarqandda O’zbekiston davlat universiteta (hozirgi SamDU) barpo etildi. 30-yillarning oxirlarida respublikada 44 ming talaba o’qiydigan 30 ta oliy o’quv yurtlari va 98 ta texnikumlar ishlab turdi. Institut va texnikumlarni bitirib chiquvchilarning soni bir necha baravar ko’paydi. Bu yangi mutaxassislar xalq xo’jaligi safiga kelib qo’shildi. Mutaxassis kadrlar tayyorlashda asosan ularning soni ko’paytirildi, sifatiga esa e’tibor berilmadi. Institut va texnikumlarda mahalliy millat vakillari kam edi. Yuqori malakali o’zbek professor o’qituvchilari va o’zbek tilidagi darsliklarni tayyorlashga harakat qilinmasdi.
Ilm-fan. 20-yillarda respublikada dastlabki ilmiy-tadqiqot muassasalari ochildi. Ular respublika uchun amaliy jihatdan muhim bo’lgan muammolarni, ayniqsa, irrigatsiya, paxtachilik va tibbiyot sohasidagi muammolarni ilmiy jihatdan ishlab chiqishni avj oldirdilar. 20-yillarning oxirlariga kelib O’zbekistonda endi o’nlarcha ilmiy-tadqiqot muassasalari ishlar, ularda 1000 dan ortiq ilmiy xodimlar mehnat qilar edi.
30-yillar ilm-fanning qaror
topishida jiddiy yutuqlar qo’lga kiritilgani bilan nishonlandi. Xalq xo’jaligida
kattagina ahamiyatga ega bo’lgan muammolarni nazariy va amaliy yo’l bilan hal
etish ustida samarali mehnat qilgan dastlabki milliy oliy mutaxassis,
iste’dodli tadqiqotchilar yetishib chiqdi, keyinroq ulardan yirik olimlar
avlodi shakllandi. Masalan, geolog olimlardan X. M. Abdullayev, F. A.
Mavlonov, N. A. Kenesarin, matematiklardan T. N. Qori Niyoziy, T. A.
Sarimsoqov, fiziklardan U. O. Oripov, biologlardan
T. Z. Zohidov, D. K Saidov, A.M.Muzaffarov, A. T. To’laganov, kimyogarlardan
O. S. Sodiqov, A. S. Sattorov, S. Yu. Yunusov, X. U. Usmonov, K S. Ahmedov, energetiklardan
X. F. Fozilov, G. R. Rahimov, faylasuflardan I. M. Mo’minov, arxeolog
Ya.G’.G’ulomov, tarixchi P. Soliyev va boshqa ko’pgina olimlar yangi
ilmiy yo’nalishlar hamda ilmiy maktablarning asoschilari bo’lib qoldilar.
Ilmiy ishlarni uyg’unlashtirib tartibga solib borish uchun O’zSSR Markaziy Ijroiya Komiteti qoshida 1932-yili Fanlar komiteti tuzildi. Bu komitet 1940-yili SSSR Fanlar akademiyasining O’zbekiston filialiga aylantirishdi. 1941-yili respublikada 75 ta ilmiy muassasa bo’lib, ularda uch ming nafardan ortiq ilmiy xodimlar mehnat qilar edi. Ilm-fanning xalq xo’jaligi taraqqiyotiga qo’shayotgan ulushi tobora ko’proq sezilib bordi.
26.8. Milliy adabiyot va san’atning rivojlanishidagi yutuq va ziddiyatlar
O’zbek adabiyoti. Bir tomondan, bu davrda 20-yillarning boshlarida Abdurauf Fitrat boshchiligida Toshkentda tuzilgan «Chig’atoy gurungi» uyushmasi yangi o’zbek milliy adabiyoti, tili va madaniyatini yaratish, adabiy-madaniy merosini to’plash va o’rganish, talantlarga har tomonlama ko’mak berishga harakat qildi. Ular milliy istiqlol ruhidagi asarlarni nashr etish, tashviq va targ’ib qilishni yo’lga qo’ya boshladilar. Ikkinchi tomondan, bu davrda sovet hokimiyati va bolsheviklarning g’oyaviy-sinfiy qarashlari ta’sirida yuzaga kelgan turli-tuman ijodiy tashkilotlar, guruhlar va oqimlar orasida totalitar tuzumning mahsuloti bo’lgan yangi oqim sifatida maydonga kelib o’z oldiga yangi proletar madaniyatini shakllantirishni maqsad qilib qo’ygan proletkult tobora balandroq ovozi bilan o’zi haqida ma’lum qila boshladi. Poletkult1 adabiy-badiiy va madaniy-ma’rifiy tashkilotlarning mamlakat bo’ylab tarqalib ketgan butun bir tarmog’idan iborat edi. RKP(b) MKning 1925-yil 18-iyunda «Partiyaning badiiy adabiyot sohasidagi siyosati haqida» degan maxsus rezolyutsiyasi chiqdi. Shundan sal keyinroq, 1926-yil avgustida ushbu rezolyutsiyaning g’oyaviy ta’siri ostida Samarqandda «Qizil qalam» adabiy uyushmasi tuzildi. Bu uyushma 1930-yilga kelib respublikadagi proletariat ruhida ijod qiluvchilarni uyushtirish maqsadida tuzilgan yangi adabiy uyushma — O’zbekiston proletar yozuvchilari uyushmasi (O’zAPP)ga qo’shildi. O’zAPP garchi oldingi adabiyotga buyruqbozlik qo’mondonlik qilish kabi yo’llarni og’izda tanqid qilgan bo’lsa-da, amalda dunyoqarashlarida «sof» proletar madaniyatini yaratishni niyat qilgan avvalgi proletkult uyushmasidan ko’p farq qilmasdi.
O’zbek yozuvchi va shoirlari Cho’lpon, Abdulla Qodiriy, Fitrat, G’ulom Zafariy va boshqalar o’z asarlari bilan milliy qadriyatlarni yoqlash va himoya qilishga urindilar. Ularning muxoliflari, ayniqsa, yosh adabiyotchilar orasidan chiqqan ayrim yozuvchilar madaniy jarayonlarda faqat sinfiy yondashuvgina birinchi o’rinda turishi mumkin, deb da’vo qildilar. Bolsheviklar partiyasi mafkurasi ta’sirida yaratilgan bu «sof» sinfiy dunyoqarash tarafdorlari Sharq madaniy merosidan foydalanish uchun kurashishga jur’at etgan ijodkorlarning hammasini «Sharq oldida sajda qiluvchilar», deb tanqid qila boshladilar. Shunday bo’lsa-da, keksa va yosh avlodning badiiy iste’dodlari 20-yillarda o’zbek milliy adabiyotini g’oyaviy-badiiy jihatdan boyitgan talaygina asarlarni yaratdilar. Abdulla Qodiriy, Fitrat, G’ulom Zafariy, Hamza, Cho’lpon va boshqalar o’zbek xalqining tarixiy o’tmishi, ozodlik uchun kurashini, ayollar erkinligini, ijtimoiy o’zgarishlarni mahorat bilan yoritgan bir qancha nazariy, she’riy va dramatik asarlar yaratdilar.
O’zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriy Turkistonning so’nggi xonlaridan Qo’qon xoni Xudoyorxon davridagi turli tabaqa vakillarining hayoti, intilishlari va axloqini realistik tarzda tasvirlagan «O’tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» kabi ajoyib badiiy-nasriy asarlarni ijod qildi. Har ikki tarixiy romanda qalamga olingan bosh ijobiy qahramonlar — Otabek, Yusufbek hoji, Kumush, Mirzo Anvar, Ra’no va boshqalar yozuvchining haqiqiy ishq-muhabbat, adolat uchun kurash haqidagi ideallarining yorqin ifodasidir. Har ikki asarda ham ularning his-tuyg’ulari beg’ubor bo’lib, aqlliroq hamda adolatning tantana qilishiga umid bog’lagan oddiy insonlarning yuksak badiiy obrazlari xonlikdagi Xudoyorxon, Musulmonqul kabi oliy martabali a’yonlarning shafqatsizligi, ikkiyuzlamachiligi va zulmiga qarshi qo’yilgan. Hamzaning «Maysaraning ishi» nomli komediyasida esa eski davrdagi ayrim amaldorlar, qozilarning nopok axloqi, kulgili xatti-harakatlari xalq donishmandligining asosi bo’lgan folklor motivlari asosida keskin fosh qilinadi. Xalqning og’ir ahvoli va fojiasi Fitratning «Abulfayzxon» asarida zo’r badiiy mahorat va shekspirona ko’lamda tasvirlanadi. G’ulom Zafariyning «Halima», Cho’lponning «Yorqinoy» va boshqa dramalarida o’zbek xalqi tarixiy o’tmishining boshqa muhim ijtimoiy masalalari, jumladan, xotin-qizlarni qullik psixologiyasidan ozod qilish masalalari o’rtaga tashlanadi.
20-yillarning oxirlari va 30-yillarning boshlariga kelib mustabid tizimning qaror topib borishi, shaxsga sig’inishning kuchayishiga qaramay ijodiy hayot to’xtab qolmadi. Yozuvchi va adiblarning saflari tobora kengayib bordi. Bu davr adabiyot maydoniga G’afur G’ulom, Oybek, G’ayratiy, Hamid Olimjon, Abdulla Qahhor, Oydin Sobirova, Uyg’un, Komil Yashin, Usmon Nosir, Amin Umariy, Zulfiya kabi bir qancha yosh talantli shoir va nosirlar, dramaturglar qo’shildilar. 1934-yilning mart oyida Toshkentda O’zbekiston yozuvchilari qurultoyi bo’lib o’tdi, unda respublika Yozuvchilari uyushmasi tuzildi.
O’zbek adabiyotining mavzu doirasi birmuncha o’zgardi. Sotsialistik g’oyalar, sinfiy kurash haqidagi tushunchalarning targ’ib qilinishi va ularning ijtimoiy hayotda hukmron bo’lib borishi bu davrdagi o’zbek adabiyotining g’oyaviy-tematik yo’nalishiga ta’sir etmay qolmadi. Mehnat, sinfiy kurash, kollektivlashtirish mavzulari birinchi o’ringa chiqa boshladi. Shunga qaramay, Oybekning «Qulug’ qon» romani, «Baxtiyor va Sog’indiq», «Temirchi Jo’ra», «Dilbar — davr qizi» dostonlarida, G’. G’ulomning «Ko’kan» dostoni, A. Qodiriyning «Obid ketmon» povesti kabi davrning muhim muammolarini tasvirlovchi badiiy jihatdan baquvvat asarlar yaratildi.
30-yillarda sinfiy kurash va xotin-qizlar ozodligi mavzularida K. Yashinning «O’rtoqlar», «Nomus va muhabbat», «Tor-mor», Ziyo Said va N. Safarovlarning «Tarix tilga kirdi», N. Safarovning «Uyg’onish» pyesalari, K. Yashinning «Gulsara», «Bo’ron» opera librettolari va boshqa asarlar maydonga keldi.
Xalqning yuksak insonparvar va
axloqiy xususiyatlarini, mehmondo’stligi, mehnatsevarligi, vatanparvarligi,
shijoatini madh etuvchi xalq shoirlari Fozil shoir, Islom shoir, Ergash
Jumanbulbul o’g’li va boshqalarning dostonlari asosan shu davrda keng xalq
ommasiga yetkazildi. Bu yillarda ayniqsa, jahon klassikasining mashhur asarlari
bo’lgan U. Shekspirning «Hamlet», A. S. Pushkinning «Boris
Godunov» nomli tarixiy asarlari, «Evgeniy Onegin», «Bog’chasaroy
favvorasi» kabi dostonlari,
I. S. Turgenevning «Asya» va «Bahor suvlari»
povestlari, N. V. Gogol va A. P. Chexovning hikoya va povestlari, A. Blokning
she’rlari, F. Dostoyevskiy, L. N. Tolstoy romanlari mahorat bilan tarjima
qilindi. Ularni o’zbek tiliga Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Sanjar Siddiq, Oybek,
Abdulla Qahhor, Usmon Nosir, Hamid Olimjon va boshqalar mahorat bilan tarjima
qildilar. Klassik asarlarning tarjimalari o’zbek xalqining o’z-o’zini
anglashini rivojlantirishda va ma’naviy boyligini kengaytirishda muhim rol o’ynadi.
Milliy san’at. Musiqa, teatr va kino san’atining iste’dodli milliy kadrlari yetishib chiqdi. O’zbek milliy musiqasini rivojlantirishda o’zbek kompozitorlaridan To’xtasin Jalilov, Yunus Rajabiy, Muxtor Ashrafiy, Tolibjon Sodiqov, Mutavakkil Burhonovlar ko’p mehnat qildilar. Ajoyib rejissyorlar va aktyorlar Mannon Uyg’ur, Ma’suma Qoriyeva, Abror Hidoyatov, Sora Eshonto’rayeva, Shukur Burhonov, Olim Xo’jayev, Mariya Kuznetsova, Razzoq Hamroyev, Sh. Qayumov, T. Saidazimova va boshqalar tufayli o’zbek teatr san’ati gullab yashnadi. Vokal va raqs san’atida Halima Nosirova, Karim Zokirov, Muhiddin qori Yoqubov, Boborahim Mirzayev, Lutfixonim Sarimsoqova, Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboyeva va boshqalar yuksak mahoratga erishdilar. O’zbek musiqa va vokal madaniyatining rivojlanishida 1936-yili Toshkentda ochilgan davlat konservatoriyasi muhim rol o’ynadi. 1939-yili respublika poytaxtida opera va balet teatri ochildi.
1940-yilga kelib respublikada turli janrlarda 50 ta, jumladan, 47 ta milliy teatr ishlab turdi. O’zbekistonda yashab turgan barcha millatlar o’zlarining teatr madaniyatini rivojlantirish imkoniga ega bo’ldilar.
O’zbek kino san’ati ham faollik bilan shakllanib bordi. Uning iste’dodli boshlovchilari Nabi Rahimov, Yo’ldosh A’zamov, S. Iskandarov, A. Umarov, Komil Yormatov, Rahim Pirmuhamedov va boshqalar Moskva va Leningrad kinematografchilari bilan birgalikda o’zbek kinostudiyasida «Rovot qashqirlari», «Musulmon ayol», «Qasam», «Asal» degan dastlabki badiiy filmlarni yaratdilar.
Respublikaning madaniy hayotida tasviriy va amaliy san’at tobora ko’proq sezilarli rol o’ynay boshladi. 1932-yili O’zbekiston rassomlari uyushmasi tuzildi. Iste’dodli o’zbek rassomlari O’. Tansiqboyev («Ozod etilgan ayol»), T. Hamdamiy («To’qimachilik fabrikasi qurilishida»), D. Abdullayev («Paxta terimi») ajoyib polotno suratlarini yaratdilar. Xalq amaliy va bezatish san’ati yangi mazmun bilan boyidi. Naqqoshlik metall zarblash, yog’och va ganch o’ymakorligining ajoyib namunalari, badiiy zardo’zlik va ipakdo’zlik buyumlari yaratildi.
Biroq 30-yillarda tobora kuchliroq qaror topib borayotgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va shaxsga sig’inish mafkurasi respublikaning ijodiy xodimlarini, uning butun ma’naviy hayotini qattiq iskanjaga oldi. Ijodiyotni partiyaviylik tamoyillariga, mafkuraviy qonun-qoidalarga bo’ysundirish dunyoni badiiy tasvirlashni qo’pol ravishda siyosatlashtirish uchun keng yo’l ochib berdi, dunyoni bilish imkoniyatlarini toraytirib qo’ydi. Partiyaning yangi turmushni madh etishga qilgan da’vati xalq o’tmishiga salbiy munosabat paydo bo’lishiga, badiiy jarayondagi tarixiy izchillikning unutilishiga olib keldi. Madaniyatda murakkab ijtimoiy muammolarni bezab ko’rsatish, xato va kamchiliklar haqida sukut saqlash holatlari kuchaya boshladi. Hayotiy haqiqatlar buzib ko’rsatildi, san’atning haqiqiy tarbiyaviy kuchi zaiflashdi.
30-yillardagi qatag’onlar davri o’zbek milliy madaniyati uchun dahshatli fojiaga aylandi. Ayniqsa, bu davrda qonunchilik qo’pol ravishda buzildi va inson qadr-qimmati poymol etildi. Buning oqibatida 1937-yil ikkinchi yarmidan so’ng Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, G’ulom Zafariy, Elbek, A’zam Ayub, Usmon Nosir, Muhammad Hasan, Sanjar Siddiq, Otajon Hoshimov va boshqa bir qancha yozuvchi va shoirlar, matbuot va adabiyot xodimlari, tarjimonlar va olimlar nohaq ravishda xalq dushmani sifatida ayblanib, yo’q qilindilar, ular yaratgan asarlar va badiiy tarjimalarni o’qish uzoq vaqtga taqiqlab qo’yildi.
20—30-yillar ateistik harakatning kuchayishi bilan ta’riflanadi. Partiya organlari, ayniqsa, yoshlar orasida dinga qarshi keng miqyosda tashviqot-targ’ibot ishlari olib bordilar. Ateizmga doir maxsus gazeta va jurnallar (1928-yilda «Xudosizlar» nomli jurnal), har xil ommaviy adabiyotlar nashr qilindi, kinofilmlar olindi, dinga qarshi mavzudagi har xil spektakllar qo’yildi. «Xudosizlar uyushmasi» tuzildi, uning joylardagi ko’pdan-ko’p tashkilotlari zo’r berib ateistik ish olib bordi.
O’zbekiston ruhoniylarining asosiy qismi 30-yillarda qatag’on qilindi. Masjid va madrasalarning deyarli hammasi faqat diniy emas, madaniyat, ilm, tarbiya, san’at markazlari bo’lganiga qaramay bekitib qo’yildi.
26.9. O’zbek xotin-qizlarini ozodlikka chiqarish jarayoni va muammolari
«Hujum»ga zarurat bormidi? Ayollar mehnati oila budjetiga munosib hissa qo’shgani, fuqarolarga qo’l kelgani ma’lum. Taajjublanarlisi shundaki, totalitar rejim bu boradagi ishlar sekin-asta borayotganidan qoniqmadi. Uni sun’iy ravishda tezlashtirish maqsadida 1927-yil bahorida «Hujum» kampaniyasi boshlab yuborildi va unga zarbdor safarbarlik xususiyati berildi. Bu jarayonda bolsheviklar ruhiy omillarni, islom omilini mutlaqo hisobga olmadi. «Hujum» kampaniyasi jarayonida bolsheviklar zo’ravonlik, ma’muriy yo’l bilan yuz ming ayolning paranjisini tashlattirdi. Lekin partiyaning o’zbek xotin-qizlarini ozodlikka chiqarishni tezlashtirish siyosati yomon oqibatlarga olib keldi. «Hujum»ga qarshi bo’lganlar ayollarga nisbatan zulm o’tkaza boshladilar. 1927—1928-yillarda O’zbekistonda 2,5 mingdan ortiq faol xotin-qizlar, tuman, qishloq kengashlarining a’zolari, xotin-qizlar klublari, kutubxonalar mudirlari, o’qituvchilar hayotdan judo bo’lganlar.
Xotin-qizlar mehnatining ijtimoiy-iqtisodiy muammolari. Dastlab xotin-qizlar hunarmandchilik kooperatsiyasiga jalb qilindi. Xotin-qizlar klublarida ich kiyim, ko’rpa-to’shak do’ppi to’qiydigan xona — ishxonalar ochildi. Keyinchalik hunarmandchilik kooperatsiyasi tarkibida maxsus ayollar artellari tashkil qilindi. 1926-yilda respublikada 16 ta yirik ayollar artellari bo’lib, ularda 814 nafar mahalliy millat vakillari mehnat qilardi.
Qishloq joylarda ham ko’plab ayollar artellari ochildi. Marg’ilon tumanida ayollar pillakashlik arteli, Surxondaryo okrugining Koshman qishlog’ida gilam to’quvchi ayollar arteli mavjud edi. Shunga o’xshash hunarmandchilik artellari qishloqlarda ham faoliyat ko’rsatardi.
1930-yilda respublika hunarmandchilik kooperatsiyasining 50 dan ortiq artellarida 5 ming nafardan ko’proq ayollar ishlardi. Ularning ko’pchiligi tikuvchilik ishxonalarida mehnat qilardi. Bundan tashqari, 2 mingga yaqin ayollar artellar bilan shartnoma tuzib, uyda ishlardilar. Xotin-qizlar yirik sanoat korxonalariga ham jalb qilina boshlandi. Bu ish umuman olganda ijobiy jarayon edi. Lekin ko’p hollarda atroflicha, puxta uylab ko’rmay, kampaniyachilik yo’li bilan ayollarni og’ir ishlarga, ularning sog’lig’iga to’g’ri kelmaydigan vazifalarga qo’ydilar. Ayollarning fiziologik o’ziga xos tomonlari hisobga olinmadi. Bu albatta ishlab chiqarishga jalb qilishdagi noto’g’ri yo’l edi.
30-yillar boshidan boshlab ayollar mehnatiga munosabat o’zgardi. Sanoatlashtirishni jadallashtirish, sotsialistik muvaffaqiyatlar ortidan quvish ayollar masalasida ham o’z asoratini qoldirdi. Ayollar erkaklar bilan teng huquqli degan qoida noto’g’ri talqin qilinib, xotin-qizlar mehnatda ham erkaklar bilan teng huquqli bo’lishi kerak deb talab qilindi. Ayollar masalasi hal etildi deb tushunildi. Hattoki partiyaning qurultoylarida «hozirgi paytda xotin-qizlar shu qadar o’sib ketganki, ularning o’ziga xos jihatlari haqida gapirish o’rinsiz», deb ko’rsatildi. 1930-yilda xotin-qizlar masalalari, muammolari bilan shug’ullanadigan xotin-qizlar bo’limlari faoliyati to’xtatildi.
Ayollar jismoniy kuch talab qiladigan og’ir sanoat korxonalarida chilangar, slesar, shofyor bo’lib ishladilar, qurilishda mehnat qildilar. 1931-yilda «Tashselmash» zavodida 345 ayol, Toshkent temiryo’lining «Birinchi may» ustaxonasida 80 nafar ayol ishlagan. 1940-yilga kelib respublika sanoatidagi ishchilarning 41 foizini xotin-qizlar tashkil etardi.
Respublikada ipakchilik keng rivojlangan edi. 1928-yilda Toshkent okrugida pillachilik artellariga 560 dehqon xo’jaliklari birlashgandi. 1930-yilda respublikaning ipakchilik kooperatsiyasi shirkatlarida 13 mingga yaqin ayollar ishlardilar.
1925—1928-yillarda ayollar kolxozlari tashkil qilindi. Ularda 5,5 mingdan ko’proq xotin-qizlar mehnat qildi. Lekin bu artellar amalda o’zini oqlamadi. Xo’jalikdagi og’ir ishlarni bajarish uchun erkaklar yordami kerak bo’ldi. Shundan so’ng ayollar kolxozlarda erkaklar bilan birga ishlay boshladilar. 1931-yilda respublikada 50 foiz xotin-qizlar kolxozlarga a’zo bo’lib kirgan edilar.
30-yillarda o’zbek ayollarini ularga mos bo’lmagan kasb — traktorchilikka o’rgatish avjga chiqdi. Faqat 1939-yilda 2500 xotin-qizlar traktorchilar kursida o’qishga majburan jalb qilindi. Ularning ko’plari o’qishni bitirib bu kasb bo’yicha ishlamasdi. Farg’ona, Samarqand, Xorazm viloyatlarida kurslarni bitirgan 2 mingdan ortiq ayollardan faqat 714 nafari traktorchi bo’lib ishlagan.
Klublar o’zbek xotin-qizlarining madaniy saviyasini orttirishda muhim ahamiyat kasb etdi. 1927-yilda Andijondagi Eski shahar ayollar klubida 134 a’zo bo’lgan. 30-yillar oxirida respublikada 42 ta shunday klublar faoliyat ko’rsatgan.
20—30-yillarda xotin-qizlarning savodini chiqarishga katta e’tibor berildi, ayollarning savodsizligini tugatish bo’yicha maxsus kurslar tashkil qilindi. 1926-yilda respublikadagi 82 ta savodsizlikni bitirish maktablarida 2700 xotin-qiz o’qigan bo’lsa, 1936-yilda 186 ming ayol savodini chiqargan.
Kasb-hunar ta’limi tarmoqlariga xotin-qizlar keng jalb qilindi. Dastlab ayollar orasidan savodsizlikni bitirish kurslari o’qituvchilari, bog’cha, yasli tarbiyachilari, maktab o’qituvchilari tayyorlandi. Masalan, 1928-yilda Samarqand pedagogika kursida 73 nafar ayol o’qigan. 1929-yilda o’ndan ortiq xotin-qizlar pedagogika va meditsina texnikumlari mavjud edi. 1932-yilda respublika oliy o’quv yurtlaridagi talabalarning 20 foizini o’zbek xotin-qizlari tashkil qilgan. 30-yillarda xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida xotin-qizlardan yetishib chiqqan mutaxassislar ishlay boshladi.
Qishloq joylarda ayollarning «Qo’shchi» uyushmasiga, kooperativlarga a’zo bo’lishi keng tus oldi. 1927-yili Farg’ona okrugining faqat 7 tumanida 3 mingga yaqin ayol «Qo’shchi» uyushmasiga a’zo edi. «Qo’shchi» uyushmalari xotin-qizlarning savodsizligini bitirish kurslari ochib, ularning madaniy saviyasini ko’tarishga, faolligini orttirishga hissa qo’shdi.
O’zbek xotin-qizlari rahbarlik lavozimlarida ham ishlash layoqatini ko’rsatdilar. 1927-yilda respublikadagi tuman ijroiya qo’mitalari a’zolarining 20 foizi, okrug ijroiya qo’mitalari a’zolarining 17 foizi ayollar edi. Jahon Obidova O’zbekiston Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi raisining o’rinbosari, Tojixon Shodiyeva ko’p yillar O’zbekiston MIK Prezidiumi a’zosi bo’lgan. Ko’plab ayollar respublika Xalq Komissarliklari va boshqa davlat idoralarida bo’lim boshlig’i, inspektor lavozimlarida ishlagan.
Ayollar orasidan 30-yillarda mashhur olimlar, yozuvchilar, shoiralar, muhandislar, shifokorlar, o’qituvchilar, san’atkorlar yetishib chiqa boshladi. O’sha yillarda Sora Eshonto’rayeva, Halima Nosirova, Tamaraxonim, Mukarrama Turg’unboyevalarning iste’dodi yarqirab ko’zga tashlandi.
26.10. Qoraqalpog’iston 20–30-yillarda
Qoraqalpog’iston muxtor viloyatining tuzilishi. 1924-yili milliy davlat chegaralanishi natijasida O’rta Osiyo kartasida ittifoqdosh respublikalar bilan birga muxtor, ya’ni avtonom tuzilmalar ham paydo bo’ldi. Ular orasida Qoraqalpog’iston muxtor (avtonom) viloyati ham bor edi. Uning tarkibiga volostlarga bo’linadigan To’rtko’l, Chimboy, Xo’jayli va Qo’ng’irot okruglari kirdi.
1925-yil 12—19-fevral kunlari To’rtko’lda bo’lib o’tgan Sovetlarning I Ta’sis qurultoyi Qoraqalpog’iston muxtor viloyatining Qozog’iston ASSR tarkibida tuzilganini qonun yo’li bilan rasmiylashtirdi va davlat hokimiyatining rahbar organini — Qoraqalpog’iston muxtor viloyati Ijroiya Komitetini sayladi.
Muxtoriyatning vakolatli va ijroiya organlari viloyatning boshqaruv sohalarida, xo’jalik va madaniy hayotida hokimiyat vakolatiga ega edi. Qoraqalpog’iston muxtor viloyati Ijroiya Komiteti Qozog’iston ASSR Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumida o’z vakiliga ega bo’lib, viloyat uchun muhim masalalarning hammasi bevosita Butunrossiya Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumida hal qilinar edi.
Qoraqalpog’istonda yashaydigan asosiy elatlar qoraqalpoqlar (38,5), o’zbeklar (28,7%), qozoqlar (28,6%) bo’lib, ruslar 1%dan ham kamroqni tashkil etardi (shahar aholisini hisobga olmaganda).
Xo’jalik sohasidagi islohotlar. Qoraqalpog’istonning tabiiy sharoitlari dehqonchilik bilan chorvachilikni rivojlantirish uchun qulaylik tug’dirardi. Qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining asosiy ekini g’o’za edi. Chorvachilikni tiklash O’rta Osiyoning boshqa rayonlaridagidan ko’ra birmuncha tezroq sur’atlarda bordi (1925-yili chorva soni 500 ming boshdan oshib ketdi).
Kam yerli va yersiz dehqonlarga yer berish, irrigatsiya ishlarini o’tkazish, qarz berish, dehqon xo’jaliklarini kooperatsiyalash qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini tiklashga anchagina ko’maklashdi. 1925-yili muxtor viloyatda 24 ming dehqon xo’jaligini birlashtirgan 19 ta kredit shirkati ishlar edi.
Sanoat korxonalari nihoyatda kam bo’lgan holda (ular atigi 16 ta edi), hunarmandchilik rivojlanib bordi, Orol dengizidan baliq ovlash keskin ko’paydi.
Qoraqalpog’iston muxtor viloyatini sanoatlashtirishning dastlabki qadamlari. 20-yillarning oxirlariga kelib Qoraqalpog’istonning birmuncha patriarxal va qotibroq qolgan hayotiga boshlanib kelayotgan sanoatlashtirish ta’siri ostida yangiliklar yorib kira boshladi. Ammo sanoatlashtirishning sur’atlari Ittifoqning markaziy rayonlaridagidan ancha sust edi. O’lkaning tabiiy resurslarini Ittifoq manfaati yo’lida foydalanish uchun reja asosida va muntazam ravishda o’rgana boshladi.
Sanoatlashtirish dasturi faqat katta mablag’larni talab qildi. Bu mablag’larni jamg’arishning asosiy og’irligi, hamma yerda bo’lgani kabi, xalq zimmasiga yuklandi. Qoraqalpog’istonda zayomni tarqatishdan 1928—1930-yillarda 700 ming so’mga yaqin pul tushdi.
Xalqning g’oyatda ko’p kuch-quvvat sarflashi hisobiga erishilgan birinchi besh yillik yutuqlari umuman olganda samarali bo’lib chiqdi. Rejadagi topshiriqlar ba’zi ko’rsatkichlar bo’yicha 1932-yili bajarilmay qolgan bo’lsa-da, davlat sanoatining yalpi mahsuloti taxminan 13 mln. so’mni tashkil etdi.
Kadrlar muammosi Qoraqalpog’iston uchun jiddiy muammo bo’lib qolaverdi. Sanoatlashtirishdagi ishchilarning asosiy manbai sanoat korxonalariga jalb etilgan dehqonlar va hunarmandlar bo’ldi. 1928-yili muxtor viloyatdaga ishchilar soni 2,5 ming nafarga yetgan bo’lsa, 1932-yili ularning soni ortib, deyarli 16 ming nafarga bordi. O’sha yillarda malakali kadrlar muammosi ishchilarni Ivanovo-Voznesensk, Moskva, Leningrad va boshqa sanoat shaharlaridan olib kelish yoxud mahalliy ishchilarni markaziy rayonlarga o’qishga yuborish yo’li bilan hal qilib borildi.
Muxtor viloyatning qishloq xo’jaligida yer-suv munosabatlarini odatdagi holga keltirib, rostlash muammosi sovet hokimiyatining sinfiy siyosati bobida, ayniqsa, keskin bo’lib qoldi. Yerdan foydalanishda Qoraqalpog’istonda tarixan o’troq-dehqonchilik rayonlari bilan ko’chmanchilik, chorvachilik rayonlari vujudga kelgan edi. Biroq o’ziga xos xususiyatlari nazar-pisand qilinmay, bu yerda 1926-yildan boshlab yalpi yer tuzishga doir tadbirlar amalga oshirila boshlandi. Viloyat Yer tuzish kengashining 1927-yil 3-martdagi qarori bilan Qoraqalpog’iston muxtor viloyati barcha okruglari bo’yicha yer tuzish ishlarining rejasi tasdiqlandi.
Viloyat rahbariyatining siyosatida eng kambag’al va nochor dehqonlarning manfaatlari ustuvor deb e’tirof qilinib, ularga turli imtiyozlar va qarzlar berildi. 1927–1928-yillarda nochor dehqon xo’jaliklariga ish hayvonlari, qishloq xo’jalik asbob-uskunalari, urug’lik va boshqalarni sotib olish uchun 3 mln. so’mdan ortiqroq miqdorda mablag’ ajratildi. Yer tuzish ishlariga aloqador bo’lgan barcha sarf-xarajatlar 4 mln. so’mdan ziyodni tashkil qildi.
Biroq qishloq xo’jaligi va sanoatdagi qayta qurishlar, iqtisodiy rivojlanish rejalarini amalga oshirish viloyatning eski ma’muriy tuzilishiga duch keldi va uning paysallashtiruvchi ta’siriga uchradi. O’tkazilgan rayonlashtirishga muvofiq Qoraqalpog’istonda 112 ta ovul sovetlariga ega bo’lgan 11 ta tuman tashkil etildi. Tumanlarni ixtisoslashtirish yo’liga o’tildi. To’rtko’l, Qipchoq, Shabbos tumanlari paxtachilik; Kegayli, Chimboy, Qo’ng’irot va Taxtako’pir tumanlari — yarim paxtachilik; Tomdi tumani — chorvachilik; Qorao’zak tumani chorvachilik-sanoat tumani bo’lib bordi, chunki unda Ittifoq ahamiyatiga ega bo’lgan baliq-konserva sanoati rivojlana boshladi.
Qishloq xo’jaligini jamoalashtirish. III viloyat partiya konferensiyasining boylarga qarshi sinfiy kurashni kuchaytirish to’g’risidagi qarori munosabati bilan, shuningdek, Qozog’iston Markaziy Ijroiya Komitetining 1928-yil 17-avgustda qabul qilingan «Yerdan foydalanadigan boylar mulklarini musodara qilish to’g’risida»gi dekreti munosabati bilan jamiyatdagi muxoliflik juda keskinlashdi. Shu konferensiyaning yo’l-yo’riqlariga muvofiq boy xo’jaliklardagi 20 ming desyatina yer musodara qilinib, kambag’al xo’jaliklarga berildi, necha yuzlab boy xo’jaliklarga o’zaro ixtiyoriy soliq solindi. Butun mamlakatda bo’lgani kabi, muxtor viloyatga ham yaqinlashib kelayotgan jamoalashtirish soya tashladi. 1929-yilga kelib viloyatda 600 ta xo’jalikni birlashtirgan 33 ta kolxoz bor edi. «Ommaviy» jamoalashtirish boshlandi. Ma’muriy zo’ravonlik choralari bilan faqat kambag’allargina emas, balki o’rtahol dehqonlar ham kolxozlarga jalb etildi.
Qoraqalpog’istonda kolxoz harakatining asosiy shakli qishloq xo’jalik arteliga o’tishning oraliq shakli bo’lmish yer ishlash shirkatlari bo’lib qoldi. 1930-yili Qoraqalpog’istonning kolxoz qurilishida yer ishlash shirkatlari 75 foizni, artellar 25 foizni, 1932-yilda esa tegishli ravishda 70 va 30 foizni tashkil etdi. 1932-yilga kelib kambag’al o’rtahol dehqonchilik xo’jaliklarining 58 foizi jamoalashtirildi. Bunda ko’pgina tumanlarda ixtiyoriylik prinsipi buzildi: dehqonlar quloq qilish va saylash huquqlaridan mahrum etish do’qi bilan kolxozlarga haydab kelindi. Yer ishlash shirkatlari o’rniga ko’pincha kommunalar tuzildi.
30-yillardagi iqtisodiy hayot. Ikkinchi besh yillik (1933—1937-yillar) topshiriqlari erishilgan marralarni mustahkamlash zarurligi munosabati bilan yanada og’irlashdi. Muxtor viloyat xalq xo’jaligiga besh yillikda ajratiladigan pul mablag’lari 34 mln. so’mni tashkil etdi.
Lekin ommaviy jamoalashtirishning og’ir oqibatlariga qaramasdan, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi kuchayib borishda davom etdi. U asosan ekin maydonlarining ko’payishi hisobiga kengayib bordi. Irrigatsiya qurilishlarini keng avj oldirish natijasida faqatgina g’o’za ekiladigan yer maydoni 1924-yildagiga qaraganda deyarli 5 baravar ko’paydi va 1937-yilda 55 ming gektarni tashkil etdi. Biroq chorvachilik birinchi besh yillikning zarbalaridan hali anchagacha o’ziga kelolmadi: chorvaning tuyoq soni islohotdan oldingi davrdagiga qaraganda ancha kam edi.
Qishloq xo’jaligida jamoalashtirish bilan bir qatorda texnikani joriy etish jarayoni boshlandi. Mashina-traktor stansiyalari tuzilib, o’g’itlar ishlatish sur’ati oshdi. 1934-yili muxtor viloyat qishloq xo’jaligida 9 ta MTS xizmat ko’rsatdi, 16 ming gektardan ortiqroq yerga shu MTSning traktori bilan ishlov berildi. Qishloqni malakali kadrlar bilan ta’minlashda ham o’zgarishlar borligi ma’lum bo’lib qoladi. 1933-yili Qoraqalpog’iston kolxozlariga 600 nafardan ortiq traktorchi, 500 nafardan ortiq hosilot brigada boshliqlari, 70 nafar chorvador brigada boshliqlari, 50 nafarga yaqin hisobchilar va boshqa mutaxassislar yuborildi.
Qoraqalpoq xalqining mehnatsevarligi tufayli sanoatning ishlab chiqarish quvvatlari o’sib bordi. 1934-yilning oxirida Ittifoqda eng yirik hisoblangan beda tozalash zavodi ishga tushirildi. Paxta zavodlari qayta qurildi va yangilari bunyod etildi. Mo’ynoqda baliq-konserva kombinati qurildi, To’rtko’l elektr stansiyasi ishga tushdi, suv, avtomobil va havo transporti rivojlanib bordi. Bir nechta bosmaxona va Nukusda poligrafiya kombinati ishga tushirildi. Ular uchun mamlakatning markaziy rayonlaridan asbob-uskunalar olib kelindi. Lekin sanoat ishlab chiqarishining o’sishi mahalliy millat orasidan yetishib chiqqan kadrlar muammosini ayniqsa kuchaytirdi. 940 nafar muhandis-texnik xodimlarning atigi 37 nafari mahalliy millat vakillaridan edi. Markaz o’lkada yetishtiriladigan xomashyoni, asosan paxtani qayta ishlab, tashib ketish uchun zarur chora-tadbirlarni ko’rdi. Buning natijasida paxta tozalash zavodlarining quvvati ortdi, mahalliy sanoat, poligrafiya ishlab chiqarishi, transport, aloqa sohalari rivojlanib bordi. Mahalliy kadrlarni tayyorlashda ham jiddiy o’zgarishlar ko’zga tashlandi. 1926-yildan 1939-yilgacha bo’lgan davrda xalq xo’jaligidagi milliy kadrlarning salmog’i 37,5 foizdan 58 foizga ko’tarildi.
Qoraqalpog’iston muxtor viloyatining QQASSRga aylantirilishi. Qoraqalpog’istonning Qozog’iston tarkibidagi muxtor viloyatdan RSFSR tarkibidagi Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga (ASSR) aylantirilishi iqtisodiyotning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Qoraqalpog’iston viloyat Ijroiya Komitetining 1932-yil 5-martda bo’lib o’tgan navbatdan tashqari IV plenumi shunday qaror qildi: «Qoraqalpog’istonning Moskva va sanoat markazlaridan uzoqligini, madaniy va iqtisodiy jihatdan qoloqligini, yanada rivojlanishi istiqbollarini hisobga olib, Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumidan Qoraqalpog’iston muxtor viloyatini RSFSRga kiradigan Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasiga aylantirish so’ralsin». Butunittifoq Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumi 1932-yil 20-martda bu iltimosni ijobiy hal qildi. O’sha yili may oyida avtonom respublika Sovetlarining I Ta’sis qurultoyi hukumatni tuzdi.
30-yillarda Qoraqalpog’iston
avtonom respublikasining rahbar xodimlari K. Normuhamedov,
K Avezov, I. Aliyev, J. Qurbonov bo’lib, ularning hammasi keyinchalik qatag’on
qilindi.
30-yillarning o’rtalaridayoq Qoraqalpog’iston iqtisodiyotida sotsialistik to’g’rirog’i, davlatga qarashli mulkchilik shakllarining hukmronligi uzil-kesil qaror topdi. Markazning rejalariga muvofiq, avtonom respublikaga qishloq xo’jalik mahsuloti va boshqa turdagi xomashyolar hamda yarim fabrikatlar yetkazib beruvchi rol topshirildi. Sanoatning yetakchi sohasi paxta tozalash sanoati bo’lib qoldi. Uning asosiy fondlari deyarli uch baravar ko’paydi. Urge va Mo’ynoqdagi baliq zavodlari o’z quvvatlarini oshirib bordi. Mahalliy sanoat va hunarmandchilik kooperatsiyalarida yangi sohalar paydo bo’ldi (qo’y terisini ishlash, kigiz solish va gilam to’qish, idish-tovoq madaniy mollar ishlab chiqarish va h.k.). Qishloq xo’jaligida kolxoz-sovxoz tuzumi to’la-to’kis hukmron bo’ldi. 1938-yilning oxirlariga kelganda Qoraqalpog’istonda barcha dehqon xo’jaliklarining 82 foizini birlashtirgan 969 ta kolxoz bor edi.
QQASSRning O’zbekiston SSR takibiga kirishi. 1935-yilning boshlarida SSSRning yangi Konstitutsiya komissiyasi tuzildi. 1936-yil may oyining o’rtalariga kelib bu komissiya yangi Konstitutsiya loyihasini tayyorladi, ushbu loyihada Qoraqalpog’iston ASSRning O’zbekiston tarkibiga kirishi ko’zda tutilgan edi. Qoraqalpog’iston ASSRning RSFSR tarkibidan chiqishi bu respublikalarda Rossiya Federatsiyasi bilan umumiy chegaralar yo’qligi bilan izohlandi. Iqtisodiyotining o’ziga xos tomonlari va hududiy o’rnashuviga ko’ra Qoraqalpog’iston ASSRning O’rta Osiyo respublikalaridan biri tarkibiga kirishi maqsadga muvofiq deb topildi. Iqtisodiyot, hudud va madaniyat jihatidan olganda O’zbekiston hammadan yaqin va juda bop edi. 1936-yil 5-dekabrda SSSRning navbatdagi Konstitutsiyasi qabul qilindi. 1937-yil 12-fevralda esa O’zbekiston Konstitutsiyasi tasdiqlandi va unda QQASSRning O’zbekiston tarkibiga kirishi qonuniy yo’l bilan rasmiylashtirildi.
QQASSR yangi Konstitutsiyasining qabul qilinishi. QQASSR yangi konstitutsiyasining loyihasi 1937-yil 6-martda e’lon qilindi. Tabiiyki, asos soluvchi bu muhim hujjatning moddalarini eng oddiy erkinliklar ham bo’lmagan sharoitlarda chindan chuqur tahlil qilib, maroq bilan muhokama etish to’g’risida so’z ham bo’lishi mumkin emas edi. Avtonom respublika Konstitutsiyasi Ittifoq va O’zbekiston Konstitutsiyalari qoidalarining nusxasi bo’lib, ularni takrorlardi. 1937-yil 23-martda Qoraqalpog’iston ASSR Konstitutsiyasi qabul qilindi va unda QQASSRning O’zbekiston tarkibida ekanligi qayd etildi.
Madaniy qurilish. 20—30-yillarda Qoraqalpog’iston madaniyatining rivojlanishi ziddiyatli kechdi.
1924-yili qoraqalpoq xalqi arab yozuvi asosida ishlab chiqilgan alifboga o’z tarixida birinchi marta ega bo’ldi. 1925-yilda esa birinchi qoraqalpoq alifbe kitobi bosib chiqarildi. Bu savodsizlikni tugatish tarmoqlari va maktablarning ishini ancha yengillashtirdi. 1924/25-o’quv yilida endi 53 ta shunday tarmoq va maktablar bor edi. O’qituvchilarning yetishmasligi, aksarining ma’lumoti pastligi savodsizlikni tugatishga doir ishga ancha xalal berib keldi. 1928/29-o’quv yilida Qoraqalpog’iston viloyatida 3 ming nafarga yaqin kishi savodsizlikni tugatish tarmoqlarida o’qishni bitirib chiqdi va 4 ming nafar kishi o’qishni davom ettirib bordi. Viloyat rahbariyati bunday sur’atlar bilan qoniqmay, 1937/38-o’quv yilining oxiriga kelib savodsizlikni butunlay tugatish vazifasini qo’ydi. 30-yillarda savodsizlik uchun o’quv qo’llanmalarini chop etish ko’paydi.
Xotin-qizlar savodsizligini tugatishga alohida e’tibor berildi. Bu masalani hal qilish vaqtida bevosita ma’muriy choralar ham ko’rildi. Qoraqalpog’iston ASSR Markaziy Ijroiya Komitetining 1935-yil dekabrida qabul qilgan maxsus qaroriga muvofiq xotin-qizlar savodsizligini tugatishga to’sqinlik qilguvchi har qanday shaxs jinoiy javobgarlikka tortilishi kerak edi. Umuman olganda, bu harakat ijobiy natijalar bera boshladi. 1928-yili atigi 1815 nafar savodli xotin-qiz bo’lsa, 1935-yilda ularning soni 13644 nafarga yetdi. Juda ham to’la bo’lmagan ma’lumotlarga qaraganda, Qoraqalpog’iston aholisining umumiy savodxonligi 1937-yili 43 foizni, 1939-yilda esa 60 foizni tashkil etgan.
Savodsizlikni tugatishga oid
qisqa muddatli kurslar maorif muammosini hal qila olmas edi. Qoraqalpoq xalqi
shu qadar muhtoj bo’lib turgan mutaxassislarni keyinchalik tayyorlab berish
uchun muntazam maktab ta’limigina mustahkam poydevor yaratib berishi mumkin
edi. 1924/25-o’quv yilida viloyatda 49 ta maktab bor edi. 1927/28-o’quv yilida
ularning soni 75 taga yetdi, ularda maktab yoshidagi bolalarning taxminan 16
foizi o’qidi. Maorifni rivojlantirishga dastlabki o’qituvchilar A.
Yesemuratov,
P. Seytmuratov, A. Ayteshev, H. Umarov va boshqalar ko’p kuch-quvvat
sarfladilar.
30-yillarda umumiy boshlang’ich ta’lim joriy etildi. Yetti yillik maktablar soni ko’paydi. 1940-yil oxiriga kelib bunday maktablar soni 108 taga yetdi. 1936/37-o’quv yilida birinchi o’n yillik maktab ham paydo bo’ldi. Mutaxassislar tayyorlash uchun Qoraqalpog’istonda pedagogika, moliya-reja, qishloq xo’jaligi texnikumlari va tibbiyot o’quv yurti ochildi. Mahalliy millat vakillari Toshkent, Samarqand va boshqa shaharlarning oliy o’quv yurtlari va texnikumlariga o’qishga yuborildi.
1934-yili To’rtko’l pedagogika texnikumi bazasida Qoraqalpoq davlat o’qituvchilar instituti ochildi. Bu institut ikki bo’limdan: fizika-matematika va qoraqalpoq tili va adabiyoti bo’limlaridan tashkil topgan bo’lib, unda o’qish muddati ikki yil edi. Keyinchalik rus tili va adabiyoti hamda tarix fakultetlari ochildi.
1931-yili viloyatning dastlabki ilmiy markazi — ilmiy sohadagi muassasalarni birlashtirgan qoraqalpoq keng tarmoqli ilmiy-tadqiqot instituti ish boshladi. Qoraqalpoq olimlari — J. Uruboyev, K. Alimbetov, T. Bekimbetov, N. Davkarayev, B. Yergaliyev, Ya. Do’sumov va boshqalarning oyoqqa turish davri xuddi shu yillarga to’g’ri keladi.
Qoraqalpog’iston adabiyoti va san’atining yangi janr va shakllar bilan zo’r berib boyib borish jarayoni 20–30-yillarga taalluqlidir. Adabiyotda she’riyatning keng tarqalgan va chuqur ildiz otib ketgan an’anaviy turlari bilan bir qatorda, dramaturgiya, proza, tanqid mustahkam o’rin ola boshladi. Yangi qoraqalpoq adabiyotini boshlab berganlar orasida A. Musayev va S. Majitovlar bor edi. Iste’dodli shoir va yozuvchilar guruhi yetishib chiqdi.
1930-yili «Tong nuri»
degan dramatik truppa bazasida davlat musiqali drama teatri ish boshladi.
T. Seytmuratov, M. Matchonov, B. Seitov, J. Seitova uning birinchi aktyorlari
bo’ldilar. Keyinchalik boshqa teatrlar, shuningdek, musiqa o’quv yurtlari va
konservatoriya tashkil etildi.
Shu bilan bir vaqtda xalq oqinlari (jirau) va qo’shiqchi-mashshoqlar (baxshilar)ning an’anaviy musiqa san’ati rivojlanishda davom etdi. Og’izjirau, Japak-baxshi, Eshon-baxshi va boshqalarning zavq beradigan mahorati omma ichida juda mashhur bo’ldi.
20—30-yillar Qoraqalpog’iston uchun uning iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotini tubdan o’zgartirib yuborgan muhim hodisalarga boy davr bo’ldi.
27-MAVZU: O’ZBEKISTON FASHIZMGA QARSHI URUSH
YILLARIDA (1941—1945-YILLAR)
27.1. Urushning
boshlanishi.
O’zbek xalqining fashizmga qarshi kurashga qo’shgan hissasi
O’zbekiston moddiy va ma’naviy kuchlarining safarbar etilishi. 1941-yil 22-iyun kuni gitlerchilar Germaniyasi o’zaro hujum qilmaslik haqidagi shartnoma bo’lishiga qaramay, to’satdan SSSRga hujum qildi. Sovet Ittifoqi deb atalmish hududga birlashtirilgan xalqlar uchun og’ir sinovlardan iborat urush boshlandi.
23-iyun kuni Toshkentda ko’p ming kishilik miting bo’lib o’tdi. Turli korxona hamda muassasalarning ishchi va xizmatchilari, o’qituvchilar, talabalar o’z Vatanlarini himoya qilishga, frontda va front orqasida dushman ustidan g’alaba qozonishga tayyormiz, deb aytdilar.
Urush butun mamlakat xo’jaligi, uning hayotini tubdan o’zgartirib yubordi. 1941-yil 30-iyunda Davlat mudofaa komitetining tuzilishi bilan mamlakatdagi butun hokimiyat uning qo’liga o’tdi. Ushbu komitetning raisi I. V. Stalin 8 avgustda SSSR qurolli Kuchlari Oliy Bosh qo’mondoni lavozimini egalladi. Davlat mudofaa komitetining qarorlari urush davri qonunlari kuchiga ega edi.
O’zbekiston front uchun. Front yaqinidagi shahar va qishloqlardan yuz minglab aholi, sanoat korxonalari, o’quv yurtlari, ilmiy tashkilotlar va boshqa moddiy boyliklarni Sharqqa ko’chirish boshlandi. Chunonchi, O’rta Osiyo respublikalari va Qozog’istonga evakuatsiya qilingan 308 korxonaning 100 dan ortiq («Lentekstilmash», «Rostselmash», «Krasniy Aksay», Moskva «Elektrokabel», «Pod’yomnik», «Elektrostanok» zavodlari, V. P. Chkalov nomli aviatsiya zavodi, Kiyev «Transignal» zavodi va boshqalar) O’zbekistonga joylashtirildi. Ko’chirib keltirilgan korxonalarni o’rnatish va ishga tushirishda butun respublika aholisi g’oyat katta yordam ko’rsatdi. Keltirilgan korxonalar birgalikda qilingan qahramonona mehnat tufayli nihoyatda qisqa muddatlarda ishga tushirildi. 1941-yil oxirigacha shunday korxonalardan 50 tasi ishga tushirildi. 1942-yil birinchi yarmida esa barcha keltirilgan sanoat korxonalari to’liq quvvatda ishlab, mudofaa uchun mahsulot chiqara boshladi.
Respublika sanoat korxonalari ham urush boshlanishi bilanoq qayta qurilib, mudofaaga zarur mahsulotlarni ishlab chiqarishga o’tkazildi. «Tashselmash» zavodi, parovozlarni ta’mirlovchi zavod, Chirchiq elektr kimyo kombinati va boshqalar shular jumlasidandir. To’qimachilik va tikuvchilik sanoati front ehtiyojlarini qondirish uchun ishladi.
Xalq xo’jaligini qayta qurish bilan bir vaqtda harakatdagi armiya uchun jangovar zaxira (rezervlar) yaratish, ommaviy mudofaa ishlari bilan shug’ullanishga to’g’ri keldi. O’n minglab yoshlar Osoaviaxim ko’ngilli jamiyatida ta’lim oldilar. O’rta Osiyo respublikalari va Qozog’iston aholisi, moddiy resurslarini safarbar qilish va jangovar holga keltirish uchun jiddiy tadbirlar ko’rildi. O’rta Osiyo harbiy okrugida front uchun jangovar zaxiralar va komandirlar tayyorlandi. Urush boshlanishidan hisoblaganda bir yarim yil ichida bu okrug 109 ta harbiy qo’shilmalar tuzdi. Shulardan harakatdagi armiyaga va Bosh qo’mondonlik stavkasi rezerviga 86 diviziya va brigada jo’natildi.
Harbiy safarbarlik chora-tadbirlari majmuasida milliy qo’shilmalarni tuzish muhim o’rinni egalladi. O’zbekiston mehnatkashlari milliy harbiy qo’shilmalar tuzish tashabbusi bilan chiqdilar. Davlat mudofaa komiteti 1941-yil 13-noyabrda bu tashabbusni qo’llab-quvvatladi. 1941-yil noyabridan to 1942-yil martigacha O’zbekistonda 14 ta milliy brigada, jumladan, 9 ta alohida o’qchi brigada va 5 ta (otliq) diviziya tuzildi. Milliy qo’shilmalar tuzish O’zbekiston xalqlarining yovuz fashist kuchlardan o’z yurtini saqlab qolish his-tuyg’ularining ifodasi bo’ldi.
Urush yillarida bir yarim milliondan ortiq O’zbekistonlik fuqaro fashizmga qarshi o’tli janglarda qatnashdi (1940-yilda respublika aholisi 6,5 mln. kishidan iborat edi). Ularning ko’pchiligi mardlik namunalarini ko’rsatib, jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi.
O’zbekistonda mudofaa jamg’armalari uchun mablag’ to’plash tashkil etildi. Mudofaa jamg’armasiga mehnatkashlarning bir kunlik ish haqi, shaxsiy jamg’armalari, qimmatbaho yodgorlik buyumlari, davlat zayomlarining obligatsiyalarini keltirib topshirish pag’batlantirildi. Urushning dastlabki kunlarida umuman respublika bo’yicha mudofaa jamg’armasiga 30 mln. so’m tushdi.
27.2. O’zbekiston iqtisodiyotining g’alaba uchun safarbarligi
O’zbekiston sanoati — front uchun. Urushning dastlabki vaqtlarida iqtisodiy vaziyat keskin og’irlashdi. Ittifoq respublikalaridagi ko’pgina sanoat va qishloq xo’jalik rayonlarining fashist bosqinchilari tomonidan bosib olingani xalq xo’jaligini og’ir ahvolga solib qo’ydi.
Chunki bu hududlarda sobiq SSSR aholisining 40%i yashar, bu yerlarda ko’mirning 63%i, bug’doyning 35%i yetishtirilar, qudratli mashinasozlik bazasi va ko’plab mudofaa korxonalari mavjud edi. Ana shunday sharoitda Sharq mintaqasi rayonlari bo’yicha 1941-yilning oxiri va 1942-yilga Markaziy hukumatning harbiy xo’jalik rejasi qabul qilindi. Bu rejada umumittifoq miqyosida mamlakat Sharqining ahamiyati keskin ortganligi qayd qilindi va shu yerda nihoyatda qisqa muddatda sanoat qurilishini avj oldirish, harbiy mahsulotni ishlab chiqarishni ko’paytirish, frontga umumxalq yordamini uyushtirish ko’zda tutildi. Urushning natijasi mana shu vazifalarni muvaffaqiyatli bajarishga ko’p jihatdan bog’liq edi.
Iqtisodiyotni jadal harbiy izga solish eng muhim vazifa edi. Albatta, bu ish katta mashaqqat evaziga amalga oshirildi. Moddiy, moliyaviy va mehnat imkoniyatlarini urush manfaatlariga bo’ysundirish, harbiy mahsulot ishlab chiqarishni keskin oshirish kabi masalalar asosiy va kechiktirib bo’lmaydigan, juda qisqa muddatda bajariladigan vazifa hisoblanardi. Bunda front orqasining xizmati alohida edi. Shu sababli siyosiy rahbariyat, hukumat unga asosiy e’tiborni qaratdi. 1941-yil 26-iyundan boshlab ishchi va xizmatchilar uchun ish vaqtidan tashqari majburiy ortiqcha ishlar joriy qilindi, haftasiga mavjud besh kunlik o’rniga olti kunlik bir kunda 11 soatlik ish kuni joriy qilindi. Aslida ish kuni 12—14 soatga cho’zilardi. Mehnat ta’tili bekor qilindi. Bu ishchi va xodimlar sonini oshirmasdan, ishlab chiqarish quvvatini 1/3 ga ko’tarish imkonini berdi. Biroq ishchi kuchi baribir yetishmasdi. Idora xodimlari, uy bekalari va o’smirlar ham ishlab chiqarishga jalb qilindi. Yoshlardan ishchilar tayyorlashga alohida e’tibor berildi. Urushning dastlabki 17 oyi mobaynida 14—17 yoshlilardan turli kasbdagi 23,3 ming ishchi tayyorlandi. Fabrika va zavodlar qoshidagi maktablar (FZO) ko’plab ishchilar yetishtirdi. 1942-yil oxirida bu yerda qo’shimcha 31 ta kasb maktabi ochildi. Bu vaqtda respublikada 14 ta kasb-hunar bilim yurti va 45 ta fabrika-zavod maktabi bor edi. Ishchi kadrlar bundan tashqari qisqa texnik kurslarda, korxonalarda shogirdlik usullari bilan ham tayyorlandi. Yuqoridagi tadbirlar tufayli urushning dastlabki ikki yili mobaynida O’zbekistonda turli kasbdagi 105 mingdan ziyod sanoat ishchisi tayyorlandi, ularning 73 mingtasi sanoat korxonalarining o’zida kasb o’rgandi.
1941-yil 14-dekabrdan harbiy korxonalar xodimlari urushga safarbar qilinganlar qatoriga qo’shildi va shu korxonalarga biriktirildi. Mehnat intizomini buzganlar qattiq jazolanadigan bo’ldi. O’zboshimchalik bilan korxonadan ketib qolganlarga 5 yildan 8 yilgacha qamoq jazosi belgilandi. Shunday bo’lsa-da, «yuqoridan turtkini» kutib o’tirmasdan O’zbekistondagi mehnatkash xalq erk va mustaqillikni saqlab qolish uchun halol va mardonavor mehnat qildi.
1941-yil sentabr-dekabr oylarida respublika hukumati xalq xo’jaligini harbiy izga solish, qaysi korxona qachon ishga tushirilishi to’g’risida, ichki resurslarni to’la safarbar etish to’g’risida aniq vazifalarni belgilab berdi. Kadrlar, sanoat xomashyosi, yoqilg’i, stanoklar, uskunalar keskin yetishmasligiga qaramay, 1941-yil dekabriga kelib Toshkentdagi 63 ta, respublika hududidagi 230 ta sanoat korxonalari mudofaa mahsulotlari ishlab chiqara boshladilar. Ko’chirib kelingan zavodlar ham o’z quvvatini oshirib bordilar.
1941-yilning kuzida, dushman Moskvaga yopirilib kelayotgan dastlabki kunlarda mamlakatda front brigadalari tuzish avj oldi. Bu nom mahsulotni yuqori sifatli qilib chiqargani va namunali mehnat intizomiga rioya qilgani holda ishlab chiqarish rejalarini ketma-ket ikki oy davomida kamida 150 foizdan bajarib borgan komsomol yoshlar brigadalariga berilar eli. O’zbekistonda dastlabki ana shunday brigadalar 1941-yil oktabr oyida «Tashselmash» zavodida tashkil etildi. 1942-yil boshlariga kelib respublikada bunday brigadalar soni bir yarim mingtaga yetdi. Qattiq tejab tergash uchun, mahalliy resurslardan keng va maqsadga muvofiq ravishda foydalanish uchun boshlangan harakat front brigadalari faoliyati bilan bog’liq edi. Dushman ustidan g’alabaga bo’lgan ishonch mehnat mashaqqatlarini yengib o’tishga chorladi. Sanoat korxonalarining ishchilari jahd bilan mehnat qilib, o’z kunlik normalarini 300 – 400, hattoki 500 foizga yetkazib bajarardilar.
1942-yilning o’rtalariga kelib xalq xo’jaligini qayta ko’rib, harbiy izga o’tkazish O’zbekistonda asosan oxiriga yetkazildi. 1942-yili yalpi sanoat mahsulotini ishlab chiqarish ikki baravar ko’paydi, 1943-yilda esa sanoatning respublika xalq xo’jaligidagi salmog’i 75 foizgacha ortdi. Harbiy ishlab chiqarish quvvatlarini oshirib borish zaruratlari sanoat qurilishini tobora ko’paytirishni talab qilar edi.
Shu yillardagi O’zbekiston industriyasi rivojlanishining asosiy yo’nalishlari avvalo energetika tarmog’ini yuksaltirish, qora va rangli metallurgiya, ko’mir bazasini vujudga keltirish, kimyo sanoati tarmoqlarini yuksaltirishdan iborat bo’ldi. Natijada respublika sanoat inshootlari qurilish maydonchasiga aylandi. Bu qurilishlarda shahar va qishloqlarning necha minglab mehnatkashlari hasharga chiqib ishladilar. Natijada yetti yirik elektr stansiyasi, jumladan, Salor va Farhod GESi qurildi. Yangi ko’mir va neft konlari ochildi, eskilaridan ko’proq foydalaniladigan bo’lindi (Angren, Sharg’un, Qizilqiya konlari va boshqalar). Bekobodda metallurgiya zavodi barpo etildi.
Urush yillari respublikada qidirib topilgan volfram, molibden, mis va oltin zaxiralari asosida rangli metallar sanoatini yaratishga kirishildi. Olmaliq mis koni ishga tushirildi. Langarda molibden fabrikasi qurildi. Kimyo sanoati sezilarli darajada rivojlandi. Chirchiq elektr kimyo kombinatining ikkinchi navbati ishga tushirildi. Qo’qon aralash mineral o’g’itlar zavodi qayta uskunalanib, superfosfat zavodiga aylantirildi.
O’zbekistonda metallurgiya, energetika, yoqilg’i va mashinasozlik sanoatlarini qaytadan yaratish Ittifoq harbiy ishlab chiqarishi asoslarini mustahkamladi, respublikamizning umumittifoq iqtisodiyotiga qo’shgan hissasini oshirdi. Ittifoq harbiy salohiyatining boy berilgan quvvatlari 1943-yili qayta tiklanib qolmay, balki avvalgidan ham oshdiki, bu asosiy turdagi qurol-yarog’larni ishlab chiqarish va sifatini ta’minlashda fashistlar Germaniyasi ustunligini tugatish imkonini berdi.
Urush yillarida O’zbekistonda industriyaning barcha sohalariga taalluqli bo’lgan 280 ta yangi sanoat korxonasi qurildi. Respublikaning sanoat quvvati 1945-yili 1940-yildagiga nisbatan 2 marta, neft ishlab chiqarish 4 marta, metalni qayta ishlash 4,5 marta, mashinasozlik 13,4 marta, ko’mir ishlab chiqarish 30 marta, po’lat va prokat ishlab chiqarish 2,5 marta oshdi, kimyo sanoati ishlab chiqaradigan yalpi mahsulotlar 5 baravar ko’paydi. Shular qatorida yengil va oziq-ovqat kooperativ sanoatining ham ishlab chiqarish ko’lami ancha kengaydi.
Harakatdagi armiya zarur narsalarning hammasini: texnika, qurol-yarog’, o’q-dori, oziq-ovqatlarni uzluksiz olib turdi. O’zbekiston Ittifoqning asosiy jangovar aslahaxonalaridan biri sifatida 2 mingdan ortiq samolyot, 1,7 mingdan ziyod aviamotor, shuncha minomyot, 22 mln. dona mina, 560 ming snaryad, 2 mln. dan ziyod aviabomba, 500 mln. dona o’q, 60 mingga yaqin harbiy-kimyoviy apparat, 3 mln. dona radiolampa, 1 mln. dona granata, 330 ming parashyut, 5 bronepoyezd, 18 sanitar poyezdi, harbiy ehtiyojlar uchun 100 ming km. dan ortiq turli simlar, millionlab gimnastyorka, paxtali ustbosh, soddatlar etigi va boshqa ko’pgina mahsulotlarni frontga yetkazib berdi.
Transport va aloqa vositalari xizmatchilarining jonbozligi. Temiryo’l ham harbiy holatga o’tkazildi. Poyezdlar harakatining qo’shinlar va harbiy yuklarni birinchi navbatda o’tkazib yuborishni ko’zda tutadigan harbiy grafigi joriy etildi. Respublika transportchilari transportning uzluksiz ishlab turishini ta’minladilar. Toshkent temiryo’li ko’chirib kelinayotgan korxonalarning asbob-uskunalari G’arbdan Sharqqa yetkazib beriladigan asosiy yo’llardan biri bo’lib qoldi. Sharqdan G’arbga esa qurol-yarog’lar yuborilardi. O’zbekiston temiryo’lchilarining fidokorona mehnati tufayli faqat 1941—1942-yillar mobaynida ko’chirilgan sanoat korxonalarining asbob-uskunalari ortilgan 17,5 ming vagon tashib berildi. Temiryo’l transporti front orqasi bilan front o’rtasidagi asosiy aloqa vositasi bo’lib qoldi.
Urush yillari davomida xalqlarning hamkorligi va o’zaro yordami mustahkamlandi. Ittifoqning mudofaaga tegishli qurilishlari va sanoat korxonalarida 155 mingdan ortiq O’zbekistonlik mehnat qildi. Ular RSFSRning turli viloyatlari va avtonom respublikalarida, jumladan, Ural, Sibirdagi zavodlar va boshqa obyektlarda ishladilar. Safarbar qilingan kishilar mehnatidan harbiy iqtisodiyotning eng muhim joylarida, asosan toshko’mir, qora va rangli metallurgiya korxonalarida, shuningdek, qurilishda foydalanildi.
27.3. Qishloq, xo’jalik ahlining mehnat jasoratlari
Dehqonchilik mahsulotlari frontga. Malakali kadrlar va qishloq aholisining mehnatga yaroqli asosiy qismi frontga safarbar etildi. Mehnatga layoqatli necha-necha ming qishloq ahli sanoat va qurilishga jalb etildi. Shu sababli 1941—1942-yillarda mehnatkash dehqonlar soni 20 foizga, 1945-yilga kelib 40 foizga kamaydi. Ayniqsa, mexanizatorlar soni kamayib ketdi — 30 mingdan 3 mingga tushdi. Urushga ketganlarning o’rnini ayollar, qariyalar va o’smirlar egalladilar.
1941-yildayoq qishloq xo’jaligining barcha bo’g’inlaridagi ish tartibini qat’iylashtirish yuzasidan shoshilinch choralar ko’rildi. Kolxozlarda eng kam miqdordagi majburiy mehnat kunlari soni urushdan oldingiga qaraganda 1,5 baravar oshirildi. O’smirlar uchun ham, 12 yoshdan boshlab, eng kam miqdordagi mehnat kunlari belgilandi. Belgilangan miqdordagi mehnat kunlarini ishlab bermagan kolxozchilar va ularning oila a’zolari sudga berilar edi.
Barcha qiyinchiliklarga qaramay, qishloq ahli frontni zarur mahsulotlar bilan ta’minlash uchun fidokorona mehnat qildi. 1941-yili davlatga 1,6 mln. tonnadan ziyod paxta topshirildi, sabzavot, poliz ekinlari, meva, pilla, jun, go’sht topshirish majburiyatlari ortig’i bilan bajarildi.
Don va texnik ekinlarni ko’paytirish harakati natijasida 1942-yil bahorida qo’shimcha 220,5 ming gektar yer o’zlashtiriddi. Qishloq xo’jalik ekinlarining miqdori ham o’zgardi. Urushgacha ekin maydonlarining 90%ida paxta ekilgan bo’lsa, urush yillarida bu ko’rsatkich ancha kamaydi. Chunonchi, Farg’ona viloyatida paxta maydoni 51%ga kamaydi. Natijada oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlash imkoni oshdi.
Urushning suronli yillaridagi mashaqqatli mehnat natijasida don muammosi hal etila boshlandi. Bu yillarda davlatga 82 mln. pud don, 213 ming sentner sholi topshirildi. Don ekini maydonlarini kengaytirish va respublika uchun yangi ekinlar — qand lavlagi, kanop va boshqalar ishlab chiqarish ham kun tartibida bo’ldi.
Urush yillarida qishloq xo’jaligini tashkil etish. Qishloq xo’jaligi mahsulotlarini ko’proq ishlab chiqarish masalasi sug’oriladigan dehqonchilik sharoitlarida boshdan oyoq irrigatsiya quvvatlariga bog’liq edi. Bu quvvatlarni oshirish va shu asosda ekin maydonlarini kengaytirishni ta’minlash muhim xalq xo’jaligi vazifasiga aylandi. Respublikada irrigatsiya qurilishi yuksak sur’atlar bilan davom etib bordi. Shimoliy Toshkent kanalini barpo etish 15 ming gektar yerni sug’orish imkonini berdi. Buxoro viloyati Koson, Qarshi va Beshkent tumanlarining kolxozchilari Rudasoy suv omborini qurdilar. Kolxoz dehqonlari va butun O’zbekiston mehnatkashlarining kuchlari bilan yuqori Chirchiq, Shimoliy Farg’ona, So’x-Shohimardon, Uchqo’rg’on kanallari, Kosonsoy suv ombori bunyod etildi. Kattaqo’rg’on suv ombori suvga to’ldirila boshlandi. Natijada respublika sug’oriladigan yerlarining maydoni faqat 1942—1943-yillar mobaynida 546 ming gektarga kengaydi. Samarqand, Farg’ona, Toshkent viloyatlarida qand lavlagi uchun unumli yerlar ajratilib, 1943-yili 1,5 mln. sentnerdan ortiq lavlagi davlatga topshirildi. O’zbekistonga ko’chib kelgan Ukraina va Belorussiya olimlari, kolxozchilari, agronomlari bebaho yordam ko’rsatdilar. Qand lavlagini qayta ishlovchi Zirabuloq, Qo’qon va Yangiyo’l qand zavodlari qurildi. Urush yillarida respublika butun mamlakatda ishlab chiqiladigan qandning to’rtdan bir qismini berar edi. Bundan tashqari kungaboqar, zig’ir, kanop, makkajo’xori, kunjut kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish ham yo’lga qo’yildi va yildan-yilga oshib bordi.
Urush yillarida O’zbekiston meva, uzum, sabzavot va poliz mahsulotlari ishlab chiqarishda alohida o’rin tutdi. Sabzavot maydonlari 1942-yili 1939-yilgi 16,5 mingdan 29 ming gektarga oshdi. Uzumzorlar maydoni 1940-yili 26,6 ming gektar bo’lsa, 1943-yili 31,7 ming gektarga yetdi.
Urush yillarida paxta ishlab chiqarishni oshirish eng muhim vazifa bo’lib qoldi. Qishloq xo’jaligini qayta qurishning murakkab sharoitlarida harbiy talablarga muvofiq respublika 1941-yili paxta topshirish rejasini muvaffaqiyat bilan bajardi. Lekin keyingi ikki yil davomida paxta tayyorlash rejasi bajarilmay qoldi. Chunki g’o’za ekiladigan maydonlar salmog’i keskin kamayib, g’o’za hosildorligi pasayib ketgan edi. Mexanizatsiya darajasining pasaygani, mineral o’g’itlardan foydalanish qisqargani va paxta yetishtirish agrotexnikasi yomonlashgani ham ta’sir o’tkazdi.
Biroq urush davri sharoitidagi bu obyektiv omillarni Markaz hukumati rahbariyati inkor etdi. Shunday og’ir sharoitda o’zbek qishloq ahli 1942—1943-yillarda mardonavor mehnat qilganligi inobatga olinmadi. Aksincha, paxta tayyorlash rejasi bajarilmagani uchun javobgarlik mahalliy partiya va xo’jalik organlari bo’yniga qo’yilib, ular qishloq xo’jaligini boshqarishni operativ ravishda qayta qurishga layoqatsizlikda ayblandilar va jazolandilar. Hatto O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbari Usmon Yusupov qattiq ogohlantirish bilan jazolandi.
Paxtachilikni yuksaltirish vazifalari 1944-yil yanvarida o’tkazilgan birinchi respublika paxtakorlari qurultoyida jiddiy muhokama qilindi. Paxtakor xo’jaliklarni tashkiliy jihatdan yiriklashtirish zarurligi e’tirof etildi. Tajribali paxtakorlar xalq xo’jaligining boshqa uchastkalaridan paxta dalalariga qaytarib kelindi, suvdan foydalanish, dalalarni o’g’itlar bilan ta’minlash ishlari yaxshilandi. Natijada 1944-yili O’zbekiston paxta tayyorlash rejasini 101,4%ga bajardi. Davlatga 820 ming tonna, 1943-yilga nisbatan 325 ming tonna ko’p paxta topshirildi.
Shunday qilib, urush yillarida O’zbekiston qishloq xo’jalik ahli eng murakkab va og’ir sharoitlarda mehnat qilib, 4 mln. tonnadan ziyod paxta xomashyosi, 82 mln. pud don, 55 ming tonna pilla, 1,1 mln. tonna sholi, 57,5 ming tonna meva va uzum, 36 ming tonna meva, 159,3 ming tonna go’sht, 22,3 ming tonna jun va boshqa mahsulotlar yetkazib berdilar. Bu fashizm ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shilgan munosib hissa edi.
27.4. O’zbekiston fani va madaniyati g’alaba uchun
Ilm-fan front xizmatida. O’zbek fani ahlining urush sharoitidagi izlanishlari, ilmiy tadqiqotlarining yo’nalishlari front va xalq xo’jaligi talablari hamda manfaatlariga moslashtirildi. Bu boradagi ilmiy va tashkiliy ishlarni muvofiqlashtirish, ularga rahbarlik qilish sobiq SSSR FAning O’zbekiston filiali (O’zFA) va keyinroq 1943-yil 4-noyabrda uning asosida tashkil etilgan O’zbekiston Fanlar akademiyasi zimmasiga tushdi. Bu akademiyaning birinchi prezidenti etib T. N. Qori Niyoziy saylandi. Fanlar akademiyasining tashkil etilishi o’zbek xalqi hayotida muhim tarixiy hodisa bo’ldi. Bu akademiya O’zbekiston ilmiy tafakkurining markazi bo’lib qoldi. Shu bilan respublikada ilmiy tafakkurni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi. Bu davrda taniqli matematik olimlar T. N. Qori Niyoziy, T. A. Sarimsoqov, geolog olimlar H. M. Abdullayev, A. S. Uklonskiy, faylasuf I.Mo’minov, kimyogar olimlar O.S.Sodiqov, S.Yu.Yunusov, energetik A.N.Askochenskiy va boshqalar samarali izlanishlar olib bordilar. Fanlar akademiyasi tarkibida 22 ta ilmiy muassasa mavjud bo’lib, ularda 818 ilmiy va ilmiy-texnik xodimlar faoliyat ko’rsatardi. Urush tufayli Moskva, Leningrad, Kiyev, Minsk va boshqa shaharlardan ko’chirib kelingan olimlar O’zbekiston olimlari bilan mahkam aloqada ish olib bordilar. Ularning birgalikdagi sa’y-harakatlari ilm-fan yutuqlarini front ehtiyojlari uchun xizmat qildirishga qaratilgan edi.
Ijtimoiy fan olimlari — tarixchilar, sharqshunoslar, adabiyotchilar, tilshunoslar, iqtisodchilar o’z zimmalaridagi mas’uliyatni anglagan holda, gitlerchi bosqinchilarning vahshiylarcha siyosatini fosh qilish, unga qarshi kurashishga o’z kuch va iqtidorlarini safarbar etdilar. Tarixchilar jahon taraqqiyotiga salmoqli hissa qo’shgan xalqimizning tarixini yorituvchi ikki jildli «O’zbekiston xalqlari tarixi»ni yozishga kirishdilar. Adabiyotshunos, tilshunos, sharqshunos olimlar tomonidan «O’zbek adabiyoti tarixi» asari yaratildi, qadimgi o’zbek tili, dostonchiligi va boshqalar sohasida tadqiqotlar olib borildi. Ko’pgina tarixiy kitoblar («Mahmud Torobiy qo’zg’oloni», «Muqanna qo’zg’oloni»), dostonlar («Shirin va Shakar», «Qunduz va Yulduz», «Dalli», «Murodxon», «Malikai Ayyor») va boshqalar nashr etildi. Alisher Navoiy, Lutfiy, Bedil, Gulxaniy va boshqalarning asarlari ham nashrga tayyorlandi.
Xalq ta’limi va mutaxassis kadrlar tayyorlash muammolari. Katta qiyinchiliklarga qaramay, ular sanoat, qishloq xo’jaligi, maorif, tabobat va boshqa sohalar bo’yicha malakali mutaxassislar tayyorlab beradigan chinakam manba bo’lib qoldi. 1943-yilda respublikada 41 oliy o’quv yurti (ularning 12 tasi ko’chirib kelingan) va 52 o’rta maxsus bilim yurtlari faoliyat ko’rsatdi. Urush yillari davomida ularda 20 mingdan ziyod oliy va o’rta maxsus ma’lumotli mutaxassislar yetishtirildiki, bu xalq xo’jaligini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash imkonini berdi. Ular o’z navbatida samarali mehnat qilib, fashizmni tor-mor keltirish ishiga munosib hissa qo’shdilar. Pedagogik kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor berildi, chunki urush davri sharoitlarida ularga ehtiyoj ayniqsa sezilarli edi.
Urush asoratlari umumta’lim maktablarining holati va faoliyatiga ham qattiq ta’sir qildi: o’qituvchilarning harbiy xizmatga chaqarilib, frontga yuborilishi oqibatida ularning soni keskin kamayib ketdi, bu o’z navbatida maktablar sonining qisqarishiga olib keldi. Faqat 1942/43-o’quv yilida respublikada 200 ta boshlang’ich va o’nlab o’rta maktablar faoliyati to’xtatildi; turli sabablarga ko’ra o’quvchilarning maktabdan ketib qolishi, maktab yoshidagi bolalarning o’qishga jalb etilmasligi tufayli o’quvchilarning soni tobora kamayib bordi. 360 ta maktab binosi respublikaga ko’chirilgan harbiy qismlar, kasalxonalar va shu kabilarga berildi. Mavjud maktablarni yoqilg’i bilan ta’minlash qiyinlashdi, yozuv qurollari, darslik va ko’rgazmali qurollar yetishmas, o’quvchilarni kiyim-kechak va poyafzal bilan ta’minlash og’ir bo’lib qolgandi. Bular hammasi maktab ishida o’zining sezilarli izini qoldirdi. O’zlashtirish foizi pasayib ketdi.
Maorif organlari maktablar tarmog’ini saqlab qolish, ularning moddiy bazasini mustahkamlash, umumiy ta’lim to’g’risidagi qonunni bajarish yuzasidan amaliy choralarni ko’rdilar. 1945-yili respublika umumta’lim maktablarida o’quvchilar soni 895,7 mingtaga yetdi. Bu esa urush arafasidagi raqamdan 500 mingtaga kam edi. O’quvchilarni mehnat faoliyatiga tayyorlashga ham katta e’tibor berildi. Urush yillarida maktab o’quvchilari kundalik o’qishni hap turli mehnat bilan birga qo’shib olib borar edilar.
O’zbek adabiyoti va san’ati fashizmga qarshi kurashda. Gitlerchi fashistlarning g’ayriinsoniy amaliyoti million-million kishilar yostig’ini quritgan holda butun-butun xalqlarning madaniy merosini yo’q qilishga harakat qildi. Fashistlarning vahshiyona hurujiga qarshi O’zbekistonning barcha ahli qatori adabiyot va san’atimiz ijodkorlari ham kurashga otlandilar. Ko’pgina shoir va yozuvchilar, rassomlar, musiqachilar harakatdagi armiya saflarida mardlik ko’rsatdilar. Ular orasida Sh. Rashidov, Sulton Jo’ra, N. Safarov, M. Boboyev, P. Tursun, R. Sattorov, Fatxullin va boshqalar bor edi. Urush yillarida O’zbekiston shoirlari, yozuvchilari, kompozitorlari, rassomlari yaratgan asarlarda vatanparvarlik hislatlari asosiy o’rinda turdi. Publitsistik asarlar — ocherklar, pamfletlar xalqning o’z-o’zini anglashiga ta’sir o’tkazuvchi katta kuchga ega bo’ldi. Hamid Olimjon, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor, Oybek, Oydin va boshqa yozuvchi va shoirlarning dildan chiqarib yaratgan o’tkir publitsistik asarlari fashizm kirdikorlarini fosh etib, xalqning jangovar ruhini qo’llab-quvvatlar, dushman ustidan g’alaba qozonishga bo’lgan istak va ishonchini mustahkamlar edi.
Hamid Olimjon o’zining butun o’tkir iste’dodini nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashga baxsh etdi. Urush yillari u «Do’stligimiz to’g’risida», «O’rik gullaganda», «Ishonch» va boshqa ajoyib she’rlarini yaratdi. G’afur G’ulom she’rlari muhabbat va samimiyat ruhi bilan sug’orilgan edi. Uning «Sen yetim emassan» she’ri urush yillaridagi she’riyat dostoniga o’chmas satr bo’lib kirdi.
O’zbek yozuvchilari urush yillarida adabiyotimizni ajoyib asarlar bilan boyitdilar. Abdulla Qahhorning «Oltin yulduz» qissasi va «Dardoq qahramoni» ocherki jamiyatning yuksak bahosiga sazovor bo’ldi. U «Oltin yulduz» qissasida front manzarasini aniq ravshan gavdalantirib, qahramon jangchi Ahmadjon Shukurovning jasoratlari to’g’risida ishonarli qilib so’zlab berdi. Yozuvchilar O’zbekistonlik jangchilarning mardligi, matonati, g’alabaga bo’lgan mustahkam ishonchini o’z asarlarida tasvirlab berdilar. Ularning ijodi urushdan avvalgi yillarning bir taxlitdagi qoliplaridan xalos bo’la boshladi. K. Yashinning «Bosqinchilarga o’lim», «Oftobxon», A. Umariy va Uyg’unning «Qasos», I. Sultonning «Burgut parvozi» sahna asarlari va vatanparvarlik mardlikka da’vat etuvchi boshqa asarlar ko’pchilikka manzur bo’ldi.
Urush davri poeziyasiga Islom shoir, Qurbonota Ismoilov, Fozil shoir va boshqalar salmoqli hissa qo’shdilar. O’zbek xalqining boy ma’naviy xazinasi, erksevarlik an’analari xalq ijodida yorqin namoyon bo’ldi.
Urush yillarida turli xalqlar yozuvchilarining ijodiy hamkorligi yanada mustahkamlandi. O’sha kezlarda Toshkentda 200 ga yaqin yozuvchilar, jumladan, A. Tolstoy, B. Lavrenev, K Chukovskiy, Ya. Kolas, B. Gorbatov, R. Ivanov, V. Yan, N. Virta, V. Lugovskoy, M. Shaginyan, A. Axmatova va boshqalar yashar edilar. Rossiya, Ukraina, Belorussiya yozuvchilari bilan ijodiy hamkorlikda «Biz g’alaba qozonamiz» nomli almanax va «O’zbekiston shoirlari frontga» nomli antologiya yaratildi. O’zbek mumtoz adabiyotining mashhur asarlari — Alisher Navoiyning «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin» dostonlari, Boburning lirik asarlari, Muqimiy va Furqat she’rlari, «Alpomish», «Go’ro’g’li» xalq dostonlari rus tiliga tarjima qilindi, o’zbek tiliga rus klassiklarining asarlari o’girilib bosildi.
Suronli yillarning dastlabki kunlaridanoq teatr va musiqa arboblari fashizmga qarshi kurashchilar safida turib, matonatli faoliyat ko’rsatdilar. O’zbekistonda shu yillarda 35 ta mahalliy, 16 ta ko’chirib keltirilgan teatr ish olib bordi.
Teatrlarning repertuarlarida
harbiy va tarixiy asarlar ustun bo’lib qoldi. Teatrlar sahnasida
H. Olimjonning «Muqanna», Uyg’un va I. Sultonning «Alisher Navoiy»,
S. Abdulla va Chustiyning «Qurbon Umarov», H. Olimjon, Uyg’un va S.
Abdullaning «O’zbekiston qilichi» kabi va boshqa dramatik asarlar,
namoyish qilindi. 1941-yil iyunidan 1944-yilgacha O’zbekiston teatrlari 203 ta
yangi postanovka, 18568 marotaba spektakl va konsertlar ko’rsatdilar.
Urush yillarida reepublikamiz
san’ati ustalari 30 ta konsert brigadalariga bo’linib, frontdagi jangchilarga
35 ming, gospitallarda esa 26 ming konsert ko’rsatdilar. Front brigadalari
tarkibida Tamaraxonim,
H. Nosirova, S. Eshonto’rayeva, M. Turg’unboyeva, A. Hidoyatov, O. Xo’jayev, G.
Rahimova, K. Zokirov, M. Qoriyoqubov singari taniqli san’atkorlar bor edi.
O’zbek kompozitorlari T. Sodiqov, M. Ashrafiy, D. Zokirov, T. Jalilov, N. Hasanov, M. Burxonov, Yu. Rajabiy va boshqalarning asarlarida sadoqat, do’stlik va Vatanga muhabbat tuyg’ulari tarannum etildi.
Tasviriy san’at asarlarida ham
vatanparvarlik insonparvarlik g’oyalari bosh mavzu bo’ldi. Urush va mehnat
qahramonlarining jasorati va matonatini tasvirlovchi skulptura va
moybuyoq asarlari, dushmanni ayovsiz yanchishga chaqiruvchi
plakatlar urush davri tasviriy san’atining asosiy mavzusiga aylandi.
L. Abdullayev, Ch. Axmarov, M. Nabiyev, O’. Tansiqboyev va boshqa rassomlar
urush davri tasviriy solnomasiga salmoqli hissa qo’shdilar.
O’zbek kino san’ati xodimlari urush davrida qisqa metrajli filmlar — kinohikoyalar, kinoocherklar, «Frontdagi do’stlarga», «Vatanga covg’a», «Frontga konsert» va shu kabi filmkonsertlar yaratdilar. Bu kinojurnallarda xalqning front orqasidagi mardonavor mehnati, frontdagi o’zbek jangchilarining qahramonligi haqida hikoya qilindi. K. Yormatov, Y. A’zamov, N. Faniyev, S. Muhamedov kabi o’zbek rejissyorlari o’z filmlarida fashizm mafkurasining insonlarga nisbatan vahshiylik tabiatini fosh qildilar, jangchilar va mehnat ahlining jasorati, bukilmas irodasini ko’tarinki ruhda ko’rsatdilar.
27.5. O’zbekiston aholisining moddiy turmushi.
Front bilan aloqaning
mustahkamlanishi. Baynalmilallik yordami
Aholining moddiy ahvoli. Urush har bir xonadon, har bir oilaga bostirib kirdi, odamlarni nihoyatda og’ir sinovlarga, muhtojlik va kulfatlarga duchor etdi.
Umumiy ahvolning keskin yomonlashgani oziq-ovqat borasida qiyinchiliklar tug’dirdi. Shaharlarda oziq-ovqatga kartochka tizimi joriy etildi. Ishchi va xizmatchilar kuniga 400—500 grammdan, oila a’zolari esa 300 grammdan non olar edilar. Go’sht, baliq, yog’, yormalar, makaronlarni me’yorlangan tarzda taqsimlash tartibi joriy etildi, biroq bu tartibga ko’pincha amal qilinmas, kartochkalarga tegishli masalliqlar berilmay qolardi.
Shaharliklarni ta’minlash uchun bog’dorchilik, polizchilikni rivojlantirishga kirishildi. Sanoat korxonalari qoshida yordamchi xo’jaliklar tashkil etilib, ularga vaqtincha foydalanish uchun 53 ming gektar yer ajratildi. Ishchi va xizmatchilarning yakka tartibda polizchilik bilan shug’ullanishi keng rasm bo’ldi.
Mamlakatning turli rayonlaridan ko’chirib keltirilganlar O’zbekistonda hurmat-e’tibor va g’amxo’rlik bilan kutib olindi. Urush yillarida respublikaga bir milliondan ortiq kishi, shu jumladan, 200 ming bola keldi. O’zbekistonda ular boshpana va manzil topishdi. Kelganlar turar joy bilan ta’minlandi, ularni ishga joylashtirish yuzasidan doimiy ish olib borildi. O’zbekiston aholisi o’z noni, kiyim-kechagi, turar joyini ko’chib kelganlar bilan birga baham ko’rdi.
O’zbekistonliklar ko’chirib keltirilgan bolalarga mehribonlik va g’amxo’rlik ko’rsatdilar. Yuzlab oilalar urush tufayli qadrdon uyi, otasi, onasidan judo bo’lgan bolalarni tarbiyaga olish istagini bildirdilar. 15 nafar yetim bolani farzandlikka olgan Shomahmudovlar oilasining olijanobligi butun jahonga ma’lum. Ukrain va rus, latish va moldavan, ko’pgina boshqa millat bolalari bu oilada birga tarbiyalanib, quvonch va tashvishni birga baham ko’rdilar. Urush nogironi Kattaqo’rg’onlik Hamid Samadov oilasi 13 bolani o’z panohiga oldi, Samarqandlik kolxozchi ayol Fotima Qosimova 10 bolani qabul qildi. Urush yillarida 4,5 ming nafardan ziyod bolalar O’zbekistonlik oilalar tomonidan qabul qilib olindi. O’z mohiyatiga ko’ra chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug’orilgan bu harakatda o’zbek xalqining milliy xususiyatlari: mehmondo’stlik hissi, ko’ngli ochiqligi, o’zgalarga hamdardligi to’la-to’kis namoyon bo’ldi. Ko’chirib keltirilgan bolalarning asosiy qismi bolalar uylariga joylashtirildi. Urush yillarida bunday uylarning soni ikki baravardan ziyod ko’paytirildi.
Urushning birinchi kunlaridan boshlab harbiy gospitallarda tekin ishlab beruvchi ayollar harakati kengayib bordi. Urushda og’ir jarohatlangan va majruh bo’lganlar front yoni mintaqasidan shu gospitallarga olib kelinar edi. Ularni parvarish qilishdek mashaqqatli mehnatni tibbiy xodimlar bilan birgalikda respublika fuqarolari, ayniqsa, yoshlar o’z zimmasiga oldi. O’zbekistonda 30 dan ortiq harbiy gospital joylashtirilgan bo’lib, ularni 750 ta korxona, muassasa, kolxoz-sovxozlar otaliqqa olgan edi. Jarohatlanganlarning talaygina qismi safga qaytarildi. 1942-yili barcha nogironlar hisobga olinib, ularga bir yo’la moddiy yordam ko’rsatildi, kiyim-kechak va poyafzal berildi. Nogironlarning ko’pchiligi ishga joylashtirildi.
Front bilan aloqaning mustahkamlanishi. O’zbekistonliklar muhtojliklarga qaramasdan, o’zlariga zarur narsalardan voz kechib, frontga yordam ko’rsatishga hissa qo’shib keldilar. Ular mudofaa va jangovar texnika qurish jamg’armasi tuzish uchun boshlangan umumxalq harakatida faol ishtirok etdilar. Urushning boshidan oxirigacha bo’lgan butun davrda mehnat jamoalari va ayrim fuqarolar o’zlarining bir kunlik yoki ikki kunlik ish haqlarini mudofaa jamg’armasiga ajratdilar, qimmatbaho buyumlari, zayom obligatsiyalari va naqd pullarini topshirdilar. Barcha joylarda shanbalik va yakshanbaliklar o’tkazilib, ularda ishlab topilgan pullar mudofaa jamg’armasiga o’tkazib borildi. 1941—1945-yillar davomida mudofaa jamg’armasiga respublika mehnatkashlari pul va davlat zayomi obligatsiyalari shaklida 650 mln. so’mdan ziyod mablag’ topshirdilar, 22 mln. so’mdan ortiq qimmat buyumlar, 55 kg.ga yaqin qimmatbaho metallar topshirdilar. Ana shu mablag’larga «O’zbekiston», «Krasnovostochnik», «O’zbekiston komsomoli» bronepoyezdlari, aviayeskadrilya, tank kolonnalari va boshqa texnika qurilib, frontga jo’natildi.
Respublika mehnatkashlarining frontga bergan yordami jangovar qismlarning texnika bilan qurollanishini mustahkamlab, jangchi qo’shinlarning ruhini ko’tardi, dushmanga qarshi kurashda ularning kuch va quvvatini oshirdi. General-leytenant I. Panfilov qo’mondonligi ostidagi qo’shilmadan O’zbekiston rahbariyatiga yuborilgan xat ana shundan dalolat berar edi: «Sovet O’zbekistonining 20-yilligi» nomidagi tanklar bilan janglarda ishtirok etgan jangchi va ofitserlar harakatdagi armiya haqida g’amxo’rlik qilgani uchun, tankchilarni ajoyib bronetexnika — qudratli tanklar bilan ta’minlagani uchun O’zbekiston mehnatkashlariga chuqur minnatdorchiligini bildiradi».
Urush yillarida O’zbekistonlik mehnatkashlar harakatdagi armiya jangchilariga qayta-qayta sovg’alar yuborib turdilar. Janubi-g’arbiy front jangchilari xatlarning birida mana bunday deb yozgan edi: «Delegatsiya tomonidan frontga olib kelingan sovg’alar va delegatsiyaning oramizda bo’lishi har bir jangchida va komandirda chuqur va samimiy minnatdorchilik hissini uyg’otdi. Serquyosh O’zbekistonning ishchilari, kolxozchilari va ziyolilari bizga g’amxo’rlik ko’rsatayotganidan behad xursandmiz».
O’zbekiston mehnatkashlari safarbar qilingan O’zbekistonlik jangchilarga doimiy g’amxo’rlik ko’rsatib, frontga ishchi va kolxozchilarning delegatsiyalari, konsert brigadalarini yuborib turdilar. O’zbek tilidagi 14 ta front va brigada gazetalari siyosiy-tarbiyaviy ishlarni olib bordi. Harakatdagi armiya jangchilari bilan front orqasidagi mehnatkashlar o’rtasidagi aloqalar doimiy ravishda ta’kidlab borildi.
Dahshatli 1942-yil kuzida, dushman Volga tomon yopirilib, Kavkaz uchun janglar avj olgan bir paytda o’zbek xalqi o’zbek jangchilariga deyarli 2,5 mln. kishi1 imzo chekib yozgan maktub bilan murojaat etdi. Bu o’zbek jangchilarini o’z hayotini ayamay, jang qilishga da’vat etuvchi iltijo edi. Markaziy va mahalliy front gazetalarida bosilgan bu maktub o’zbek jangchilarining jangovar ruhini ko’tardi, ular bu maktubni o’z xalqining muqaddas amri deb bildilar.
O’zbek xalqining baynalmilallik yordami. Mehnatkash xalqimiz fashist bosqinchilaridan ozod etilgan Rossiya, Ukraina, Belorussiya rayonlariga urush vayron qilgan xo’jaliklarni tiklashda yaqindan turib katta yordam berdi. Bu yordamning shakllari turlicha edi. Ko’pgina o’zbek ko’ngillilari, asosan yoshlar asliga keltirish, tiklash ishlarida qatnashish uchun Stalingradga, Ukrainaning vayron qilingan shaharlariga jo’nab ketdilar.
Respublikamizda ozod qilingan rayonlarga qardoshlik yordami fondi ochildi. Ularga moddiy texnika va mutaxassislar yuborildi. Chunonchi, Kuban va Ukrainaga 2 mingdan ortiq traktor va avtomobil, 1595 traktorchi jo’natildi. Xarob bo’lgan temiryo’llarni tiklash uchun Toshkent temiryo’li ko’plab parovozlarni yubordi, minglab yuk va yo’lovchilar tashuvchi vagonlarni ta’mirlab, tiklab berdi. O’zbek energetiklari elektr stansiyalariga, shaxtyorlarimiz esa Donbass shaxtalariga madad berdilar.
Urush yillarida milliy siyosatda kechirib bo’lmas zo’ravonlikka yo’l qo’yildi. Stalincha totalitar tartibot butun-butun xalqlarni bir-biridan ajratish va jazolash ishlarini uyushtirdi. Stalin va uning atrofidagilar o’zlarining xatti-harakatlarini fashistlar okkupatsiyasi davrida ayrim shaxs va guruhlarning xoinligi uchun berilgan jazo, sovet mamlakati xavfsizligini qo’riqlash deb bahona qildi. 1943—1944-yillarda qalmiqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, nemislar, qorachoylar, pontiya greklari, mesxeti turklari, bolqarlar o’z tarixiy vatani va doimiy yoki vaqtinchalik yashash joylaridan sharqiy rayonlarga ko’chirib yuborildi.
O’zbekistonga qrimdan 150 mingdan ortiq qrim tatarlari, 175 ming chechen, 157 ming ingush, 4,5 ming bolqar, armani va greklar ko’chirib keltirildi. Keyinchalik Gruziyadan mesxeti turklari ham ko’chirib kelindi. Kelganlarga xalqimiz va hokimiyat yordam berib turdi. Ularga sharoitlar yaratib, uy, yer sotib olish va qurish uchun qarz ajratildi, oziq-ovqat bilan yordam berildi. Ko’chirib kelinganlar yangi joylarga asta-sekin o’rganib, moslashib bordilar.
Qoraqalpog’iston ASSR urush yillarida. Fashizmga qarshi olib borilgan mislsiz kurashda O’zbekiston xalqlari bilan birga Qoraqalpog’iston avtonom respublikasi mehnatkashlari ham faol ishtirok etdilar. Urushning dastlabki kunlaridayoq avtonom respublikaning barcha ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati urush ehtiyojlari uchun jalb qilindi. Qoraqalpog’istondan frontga hammasi bo’lib 61618 kishi chaqirildi. Urush boshlangan vaqtda bu yerda 97-Qoraqalpog’iston milliy brigadasi tashkil qilinib, unga ko’ngilli ravishda yigitlar yozildi.
Shuningdek, Qoraqalpog’istonning 25 ming kishisi ishchi batalyonlarga olinib ular RSFSRning Sverdlovsk, Perm, Gorkiy,Orenburg viloyatlari korxonalari va shaxtalarida O’zbekistonning Angren shaxtasi qurilishida mehnat qildilar. Qoraqalpog’iston mehnatkashlari mamlakat mudofaa fondi uchun o’z shaxsiy jamg’armalarini ham ayamadilar. Masalan, tank kolonnalari va samoyotlar eskadrilyalari tashkil etish uchun ular 10 mln. so’mdan ortiq pul va obligatsiyalar to’pladilar. Aholi 30755000 so’m miqdoridagi harbiy zayomlarni sotib oldi. Dehqonlarning shaxsiy xonadonlaridan mudofaa fondiga katta miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari va issiq kiyim-kechaklar jo’natildi.
Qoraqalpog’istonga evakuatsiya qilingan 25000 polyak va mamlakat g’arbidan ko’chirilgan 15000 kishi iliq kutib olindi va ularga g’amxo’rlik ko’rsatildi.
Qoraqalpog’iston o’g’lonlarining
qahramonlik jasoratlari munosib taqdirlandi. 20 nafar jangchiga ko’rsatgan
mardliklari uchun qahramon unvoni berildi. Ularning ichida O’.
Abdullayev,
I. Navro’zboyev, O’. Jumaniyozov, J. Qoraqulov, M. Bolmag’ambetov kabi jasur
jangchilar bor edi.
Biroq urush yillarida Qoraqalpog’istonda butun respublikada bo’lgani kabi katta yo’qotishlar va fojialarga ham duch kelindi. Urushga ketgan jangchilardan 34000 kishi uylariga qaytmadi.
27.6. O’zbekiston jangchilarining jasorati va qahramonliklari
Urushning dastlabki
kunlaridagi janglar. Urushning
birinchi soatida boshlangan Brest qal’asining qahramonona mudofaasi butun
jahonga ma’lum. Chegaradagi bu qal’ani 50 dan ortiq millat jangchilari
tish-tirnog’igacha qurollangan dushmandan bir oy himoya qildilar. Deyarli butun
garnizon halok bo’lsada, hech kim taslim bo’lmadi. O’zbekistonlik mard o’g’lonlarning
Brest qal’asi mudofaasidagi jasoratlaridan guvohlik beruvchi xat-xabarlar
birin-ketin kela boshladi. Brest qal’asi himoyasida jasorat ko’rsatganlar
orasida O’zbekistonliklardan A. Aliyev, D. Abdullayev, N. Siddiqov, A.
Arslonbekov, F. Latenkov, U. O’tayev, M. Hojiyev,
S. Boytemirov va boshqalar bor edi. M. Karimov va I. Adhamxo’jayev g’arbiy
chegaralarda birinchilar qatorida dushman bilan jang qildilar. M. Karimov
keyinchalik uch marta Shuhrat ordeni nishondori bo’ldi.
O’zbekistonlik jangchilar
Kiyev, Smolensk, Odessa, Sevastopol, Leningrad va boshqa ko’pgina shaharlar mudofaasida
mardlik va matonat ko’rsatdilar. Moskvaning qahramon himoyachilari saflarida O’zbekistonda
tuzilgan harbiy qismlar ham bor edi. Moskva ostonalarida dushman hujumini
qaytarishda Qozog’istonda tuzilgan general-mayor I. Panfilov qo’mondonligidagi
diviziya ayniqsa matonat ko’rsatdi, bu diviziya saflarida Toshkent piyoda
askarlari o’quv yurtini bitirib chiqqan 180 komandir jang qildi. O’zbekistonlik
jangchilar Moskva mudofaasida beqiyos jasorat ko’rsatdilar. Ular orasida I.
Jalilov,
M. Madaminov, A. Tog’ayev va boshqalar bor edi. Moskva mudofaasida Samarqand,
Toshkent va Farg’ona viloyatlarida tashkil topgan otliq korpuslar ham dushman
bilan qahramonlarcha jang qildi. Jangchilarimizning qahramonligi ommaviy tus
oldi. J. Otaboyev, X. Ashurov, A. Tog’ayev,
S. Jumanazarov, S. Jo’rayev, K. Karimov va yuzlab boshqalar mardlik ko’rsatdilar.
Moskva ostonalaridagi janglarda qatnashgan boshqa qismlar va bo’linmalarda ham vatandoshlarimiz qahramonlik ko’rsatdilar. Minglab O’zbekistonliklar orden va jangovar medallar bilan taqdirlandilar. Saidjon Qosimxo’jayev qahramon unvoniga sazovor bo’ldi.
Fashist bosqinchilarining «yashin tezligidagi urush» rejasi Moskva ostonalarida barbod bo’lgach, 1942-yil o’rtalarida dushman Don daryosining quyi oqimiga yorib kirdi. Shiddatli janglar avjga chiqqan paytda bu yerga Samarqand va Farg’ona viloyatlarida tuzilgan 90- va 94-o’qchi brigadalar yetib keldilar. Frontning barcha janglarida o’zbek jangchilari mardlik namunalarini ko’rsatdilar. O’zbek o’g’lonlarining qahramonligi haqida misollar son-sanoqsiz. 1941-yil noyabrida komandir M. Jabborov o’z motoo’qchilar rotasi bilan fashist qo’shinlarining ikki polkiga to’satdan hujum qilib, zarba berdi. Dushmanning 400 nafar soldat va ofitserlarini qirib tashladi, 230 nafarini esa asirga oldi, talaygina qurol-aslaha va o’ljalarni qo’lga tushirdi. Stalingrad uchun janglarda minomyotchilar rotasi komandiri M. Rustamov 1942-yil avgust oyida ikki hafta ichida fashistlarning 850 ta soldat va ofitserini qirib tashladi, 20 ta yuk mashinasini yakson qildi. J. Turdiyev komandirlik qilgan artilleriya bo’linmasi 200 dan ortiq fashistni yer tishlatdi. Mayor U. Mirzoirovning batalyoni jangchilaridan S. G’ulomov, T. Xudoyberdiyevlar gitlerchilarning o’nlab askarlarini yo’q qildi, 100 dan ortiq fashistni asir oldi.
Og’ir janglarning birida, 50 taga yaqin nemis tanklari mudofaaning kichikroq bir marrasiga hujum qilayotgan mahalda jangchilar 36 ta nemis tankini ishdan chiqardilar. Lekin fashistlar hujumi to’xtamadi.
Mudofaachilarning saflari siyraklashib bordi. To’satdan bir nemis tanki oldingi marraga yorib o’tdi. Mudofaaning yorilishi tayin bo’lib qoldi. Shunda o’zbek jangchisi Kamol Po’latov beliga granatalarni bog’lab, o’zini tank ostiga tashladi. Fashistlar hujumi to’xtab qoldi va nemis tanklari guruhi yakson qilindi. Kamol Po’latovga o’limidan so’ng qahramon unvoni berildi.
Tub burilishdan keyingi
janglar. 1942–1943-yillardagi
qisqa g’olibona hujumlar natijasida 1500
km. uzunlikdagi frontda harakatdagi armiya 480 ming km. hududni ozod qildi va
G’arbga qarab 600—700 km. olg’a siljidi. Leningrad qamali yorib o’tildi. Qishki
hujumning uch oyi davomida sovet qo’shinlari dushmanning 112 diviziyasini mag’lub
qildi. Bu janglarda O’zbekistonlik jangchilar mardonavor jang qildilar.
Ayniqsa, Kavkaz uchun bo’lgan janglarda ularning ishtiroki beqiyos bo’ldi.
Toshkentda tuzilgan Sobir Rahimov qo’mondonligidagi diviziya frontning muhim
qismlaridan birida dushmanning oldinga siljishini to’xtatish to’g’risida bosh
qo’mondonlikdan buyruq oldi. Uch oy davom etgan janglarda
S. Rahimov diviziyasi jiddiy muvaffaqiyatlarni qo’lga kiritib, dushmanning 8
ming nafar askar va ofitserlarini qirib tashladi. Keyinchalik general Sobir
Rahimov Kavkazdan to Sharqiy Prussiyagacha bo’lgan shonli jangovar yo’lni bosib
o’tdi.
1943-yil iyulda Kursk va Oryol rayonida qattiq janglar olib borildi. Ularda O’zbekistonda tuzilgan harbiy qo’shilmalar — 5, 29, 69-o’qchi diviziyalar matonat ko’rsatdi. Oryol yaqinidagi Zolotarevka qishlog’i uchun bo’lgan jangda Farg’onalik Ahmadjon Shukurov jasorat ko’rsatdi. U 110 nafar fashistni yo’q qilib, 15 tasini asir oldi. Unga qahramon unvoni berildi. Zolotarevka qishlog’i o’sha paytdan boshlab uning nomi bilan ataladigan bo’ldi. Zilmat Hasanovning bir o’zi 80 fashistga qarshi jang qilib, kuchlar teng bo’lmagan bu jangda 60 dan ortiq gitlerchini qirib tashladi. O’q-dori tugagach, Zilmat Hasanov o’zini portlatib, yana bir nechta soldat va ofitserni yo’q qildi.
Dnepr uchun bo’lgan janglarda Toshkent viloyatida tuzilgan 461-o’qchi diviziya shuhrat qozondi. Janglarning birida 237-o’qchi polk leytenanti Ozerov komandirligidagi hujumchi otryad Dnepr va Soja daryolari burilish joyining g’arbiy sohilida shitob bilan kichik bir istehkomni egalladi. Fashistlar ularga elday o’q yog’dirib, jasur jangchilarni yo’q qilib tashlashga intildilar. Tirik qolgan 10 tacha kishi orasida jangchi Jo’raxon Usmonov ham bor edi. Madad yetib kelgunicha u ikki kecha-kunduz davomida qahramonlik bilan marrani saqlab turdi. 1943-yil 28-sentabrda jangchi Vali Nabiyev 60-gvardiyachi otliq askarlar polki tarkibida birinchilar qatori Dneprning g’arbiy qirg’og’iga o’tdi. Bu guruh eskadron avtomatchilari bilan dushmanning yetti soldatini yer tishlatdi, qolganlarni qochishga majbur qilib, eskadronning Dnepr osha o’tib olishini ta’minladi.
Dnepr uchun olib borilgan janglarda qahramonlik ko’rsatgani uchun 26 o’zbek yigitiga qahramon unvoni berildi. Ular safida buxorolik Halloq Aminov ham bor edi.
O’zbekistonlik jangchilar 1944–1945-yillarda Belorussiya, Ukraina, Moldaviya, Boltiqbo’yi respublikalari va Rossiya Federatsiyasining g’arbiy viloyatlaridagi partizan qo’shilmalarida ham ishtirok etdilar. Fashistlarga qarshi jang qilgan jasur razvedkachi, qahramon unvoni bilan taqdirlangan Mamadali Topiboldiyevning nomi Belorussiyada juda mashhur. U 67 ta dushman soldat va ofitserini yo’q qilib, 180 tasini asir oldi. «Qasoskor» partizanlar brigadasi tarkibidagi Jonibek Otaboyev boshchilik qilgan bo’linma Gomel atrofidagi “temiryo’l urushi”da faol qatnashdi. Uning bo’linmasi gitlerchilarning eshelonlari o’tadigan temiryo’llarni portlatib ishdan chiqardi, politsiya uchastkalariga qarshi hujumlarda ishtirok etdi. Bryansk atrofida jasur partizanlar I. Musayev, A. Hakimov, I.Qosimov va boshqalar nom chiqardilar.
Yevropa mamlakatlarida avj olgan qarshilik harakati fashist bosqinchilari ustidan qozonilgan g’alabaga qo’shilgan katta ulush bo’ldi. Polsha, Yugoslaviya, Chexoslovakiya, Bolgariya, Fransiya, Italiya, Gretsiya va boshqa mamlakatlar xalqlarining fashistlarga qarshi kurashida O’zbekistonlik jangchilar ham faol qatnashdilar. Ular harbiy asirlar lagerlari va eshelonlaridan qochib, partizanlar safiga qo’shildilar.
Ko’pgina O’zbekistonlik jangchilar mardligi va jasorati uchun Fransiya, Italiya, Yugoslaviya va boshqa davlatlarning jangovar orden va medallari bilan taqdirlandilar. Yevropani fashistlar zulmidan qutqarishda harakatdagi armiya saflarida ham o’zbek jangchilari katta jasorat ko’rsatishdi. 1945-yil aprelda Kenigsberg shahrini qo’lga kiritishdagi ishtiroki uchun O’zbekistonlik jangchilardan 5140 nafari jangovar orden va medallarga sazovor bo’ldilar. Gdansk shahri uchun bo’lgan janglarda Sobir Rahimov halok bo’ldi. O’zbek yigiti Botir Boboyev komandirligidagi batareya Berlin yo’lidagi Oder daryosini birinchilar qatorida jang bilan kechib o’tdi. Bu batareya daryoning g’arbiy sohilidagi istehkomni ishg’ol qilish uchun hujumga o’tib, dushmanni yakson qildi. Bu jasorati uchun B. Boboyev qahramon unvoniga sazovor bo’ldi.
Budapeshtni ozod qilishdagi jasorati uchun 2430 nafar O’zbekistonlik jangovar medallar bilan mukofotlandi, Rem Abzalovga esa qahramon unvoni berildi.
Juda ko’p O’zbekistonlik jangchilar Moskvadan to Berlingacha bo’lgan shonli yo’lni bosib o’tdilar. Ular orasida qahramonlar Tojiali Boboyev, Solih Umarov, uchala darajadagi Shuhrat ordeni nishondori Said Niyozov va boshqalar bor. Berlinni egallashda ko’rsatgan jasorati uchun toshkentlik A. Golubenkoga qahramon unvoni berildi. O’zbekistonlik jangchilarning 1706 nafari «Berlinni ishg’ol etganligi uchun» jangovar medali bilan taqdirlandi.
O’zbekistonlik 120 mingdan ortiq yigit-qiz urush frontlarida mardlik va matonat ko’rsatgani uchun jangovar orden va medallarga, 338 kishi esa qahramon unvoniga sazovor bo’ldi. 32 nafar O’zbekistonlik askar uchala darajadagi Shuhrat ordeni bilan mukofotlandi.
1945-yil 1 mayga o’tar kechasi fashistlar Germaniyasi poytaxti bo’lmish Berlindagi Rayxstag binosi peshtoqdagi g’alaba bayrog’i o’rnatildi. 2-may kuni esa Berlin garnizoni taslim bo’ldi. 9-mayda harakatdagi armiya qo’shinlari dushman qo’shinlarining Chexoslovakiyadagi so’nggi guruhini tor-mor etdi. Shu kuni Germaniyaning so’zsiz taslim bo’lishi to’g’risidagi bitim imzolandi. Uzoq kutilgan g’alaba kuni yetib keldi.
Gitlerchilar Germaniyasi va ittifoqchilariga qarshi olib borilgan urush nihoyasiga yetdi. Fashist bosqinchilari tomonidan bosib olingan hududlarni va Yevropa davlatlarini dushmandan ozod qilishda urush maydonlarida o’zbek o’g’lonlari misli ko’rilmagan mardlik va jasurlik namunalarini ko’rsatdilar, yuz minglab jangchilar urush maydonlarida halok bo’ldilar, ko’pchilik nogiron bo’lib qaytdi. Qurbonlar bejiz berilmadi. Ular jahonni fashizm vabosidan asrab qoldilar. Bu ishga O’zbekistonliklar ham munosib hissa qo’shdilar.
Prezidentimiz I. A. Karimov xalqimizning fashizmga qarshi ozodlik uchun kurash frontlarida ko’rsatgan jasorati, diyorimizda matonatli mehnat qilgani va berilgan yuz minglab qurbonlar abadul-abad yodda tutilishini ta’kidlab, 9-may kunini «Xotira va qadrlash kuni» deb e’lon qildi.
28-MAVZU: O’ZBEKISTONNING IJTIMOIY-IQTISODIY AHVOLI VA RIVOJLANISH MUAMMOLARI (1946 – 1970-yillar)
28.1. O’zbekiston xalq xo’jaligining urushdan keyingi ahvoli
Sanoatni qayta qurish. 1945-yil mayda fashizmga qarshi urush g’alaba bilan tugallandi. O’zbek xalqi urush yillari front ehtiyojlarini ta’minlashga moslashtirilgan xalq xo’jaligini qayta qurish imkoniyatiga ega bo’ldi.
O’zbek metallurgiya zavodida 1946-yilda yangi prokat sexi ishga tushdi. Zavod sanoat korxonalarining metall chiqindilarini, temir-tersaklarni qayta ishlab, oliy sifatli po’lat yetkazib bera boshladi.
Shu yillarda «Polvontosh» va «Janubiy Olamushuk» neft konlari ochildi va o’zlashtirildi. Farg’onada neftni qayta ishlash zavodi ishga tushdi. Lekin bu va respublikaning boshqa og’ir sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiyaga tashib ketilar edi. O’zbek xalqi bu mahsulotlar — paxta tolasi, po’lat, neft va boshqalardan juda kam miqdorda foydalanardi.
Paxta sanoati. Sanoatning paxta yetishtirish bilan bog’liq sohalariga e’tibor berildi. Paxtachilik hamda irrigatsiya qurilishi uchun mashinalar, jumladan, kultivatorlar, o’g’itlagichlar, chigit seyalkalari, g’o’zapoya yuluvchi, ko’rak teruvchi mashinalar, ekskavatorlar, buldozerlar va boshqalar ishlab chiqaruvchi yangi mashinasozlik zavodlarini qayta qurish yuzasidan yirik ishlarni boshlash ko’zda tutildi. Masalan, «Tashtekstilmash» zavodiga tikuvchi mashinalar, «Tashselmash» zavodiga paxtaga birinchi ishlov beruvchi va paxta teruvchi mashinalar ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish taklif etildi.
Paxtachilikni rivojlantirish maqsadida bir qancha mashinasozlik zavodlari («Tashselmash», «O’zbekselmash», «Krasniy dvigatel», «Podyemnik» va boshqalar) harbiy qurol-yarog’ o’rniga paxta terish, paxta tozalash mashinalari, traktorlar uchun ehtiyot qismlar, tirkama uskunalar ishlab chiqarishga moslashtirildi. 1947–1950-yillarda paxta terish mashinalarini ishlab chiqarish 10 tadan 4680 taga ortdi. Paxta tozalash mashinalarini ishlab chiqarish esa 1946–1950-yillarda 363 tadan 1250 taga ko’paydi. Shuningdek, qishloq xo’jalik xomashyosini (asosan, paxta xomashyosi bilan chorvachilik mahsulotini) qayta ishlovchi bir nechta korxona va moy olish korxonalari va boshqalar qurildi. Chirchiq elektr kimyo kombinati paxta dalalari uchun ancha qisqa muddat ichida harbiy buyurtmalarni bajarishdan mineral o’g’itlarni ishlab chiqarishga o’tkazildi. Yengil va mahalliy sanoat korxonalari keng assortimentdagi buyumlarni (tuproq tortadigan mashinalar, boronalar, kuch transformatorlari va boshqalarni) ishlab chiqarishga moslashtirildi. Respublikaning energetika, yoqilg’i va metallurgiya bazasini kengaytirish ham paxtachilik vazifalarini hal qilishga qaratildi.
Biroq xalqning kuch-g’ayrati, fidokorona mehnati evazigagina sanoatni tiklash va rivojlantirishda ayrim natijalarni qo’lga kiritish mumkin bo’ldi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda 150 ta sanoat korxonasi ishga tushirildi. Sanoat tarmoqlarida o’zgarishlar yuz berdi. Og’ir sanoat sezilarli darajada ustun bo’lib keldi. Respublika uchun an’anaviy bo’lmagan yangi tarmoqlar — gaz sanoati, oltin qazib chiqarish va boshqalar vujudga keldi. O’zbekistonda urushdan keyingi yillarda Farhod, 1-Oqqovoq, 1 va 2-Bo’zsuv gidroelektrostansiyalari qurildi. Respublikada qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik metall ishlash va kimyo sanoati rivojlandi.
Paxta monokulturasi. 1946-yil 5-fevralda Ittifoq hukumati «1946—1953-yillar davrida O’zbekistonda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish rejasi va tadbirlari to’g’risida» qaror qabul qildi. Bu qaror asosan O’zbekistonda paxta monokulturasini shakllantirishga qaratilgan edi. Sovet hukumatining ko’rsatmasi bilan oziq-ovqat ekinlarining sug’oriladigan maydonlari paxta ekish uchun ajratildi. Paxta ekin maydonlari kengaytirildi. Qarorda O’zbekistonda davlatga paxta sotishni 1946–1953-yillarda ikki baravardan ortiq ko’paytirish rejalashtirildi. Respublika hududidan ancha olisda — Moskvada ittifoq hukumati tomonidan O’zbekistonda 1946–1953-yillarda paxtachilikni tiklash va yanada rivojlantirish rejalari, choralari belgilab berilgani tasodifiy emas edi. Bu hukumat o’zbek xalqi manfaatini hisobga olmasdan respublikada paxta monokulturasini shakllantirishni, paxta yalpi hosilini tez sur’atlarda ko’paytirishni maqsad qilib qo’ygan edi.
Markazning ko’rsatmasiga muvofiq g’o’za ekin maydonlarini jadal sur’atlar bilan kengaytirib borish respublika qishloq xo’jaligini qayta qurishning asosiy vazifasi bo’lib qoldi. Paxta ekin maydonlari asosan oziq-ovqat ekinlari, birinchi galda g’alla ekinlari ekiladigan yerlarni, tomorqalarni qisqartirish hisobiga oshdi. 1946-yili 218 ming gektar sug’oriladigan maydon paxta ekish uchun bo’shatib berildi.
Viloyatlar, respublika bo’yicha paxta ekiladigan maydonlar rejasi ham yuqoridan, aniqrog’i majburiy tartibda belgilanardi. Markazdan paxta ekin maydoni 1946-yilda Toshkent viloyati uchun 86 ming gektar, butun respublika bo’yicha esa 779 ming gektar qilib belgilab berildi.
Umumiy ekin maydonlarida paxta ekin maydonlari salmog’ining keskin ortib borishi sug’oriladigan yerlarda poliz, bog’dorchilik va sabzavot ekinlarini tobora kamayib ketishiga sabab bo’ldi. Paxta yetishtirish yildan-yilga o’sib bordi. 1945-yili respublikada 850 ming tonna paxta yetishtirilgan bo’lsa, 1950-yili uning miqdori 2 mln. 222 ming tonnaga yetdi. Shu davrda g’allaning yalpi mahsuloti 742 ming tonnadan 666 ming tonnaga, sabzavotlar yalpi mahsuloti 433 ming tonnadan 328 ming tonnaga kamaydi. O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish sohasida bosh yo’l bo’lib qolgan paxtachilikni jadal kengaytirish respublika hayotida ko’pgina salbiy oqibatlarga olib keldi. Oziq-ovqat mahsuloti yetishtirish qisqardi, oziq-ovqat muammosi vujudga keldi. Ekologiya buzilib, aholi salomatligi yomonlashdi.
28.2. Aholining milliy tarkibi va sovet
hukumatining respublikada amalga
oshirgan milliy siyosati
Aholining milliy tarkibidagi o’zgarishlar. O’zbekiston urushdan keyingi yillarda ko’p millatli respublika edi. 1939 – 1970-yillarda respublika hududida yashayotgan millat va elatlar soni 94 tadan 121 taga ko’paydi. Bizning hududimiz ko’p millatli edi. Lekin chor hukumatining va sovet hokimiyatining shovinistik siyosati bu jarayonni yanada kuchaytirdi. Sovetlar davrida sanoatlashtirish bahonasi bilan O’zbekistonga ko’plab rus va boshqa yevropalik ishchi va xizmatchilar ko’chirib kelindi.
Urush yillari 20 dan ortiq xalq va elat — qalmiqlar, qrim tatarlari, chechenlar, ingushlar, nemislar, qorachoylar, pontiya greklari, bolqarlar, mesxeti turklari va boshqalar o’zlarining vatanidan, doimiy yashash joylaridan O’zbekistonga majburan ko’chirib keltirildi. Sovet tashkilotlari tomonidan nohaq ayblangan, majburan ko’chirilgan bu xalqlarni insonparvar, mehmondo’st o’zbeklar iliq kutib oldilar. Ko’chirib keltirilganlar uchun o’zbek xalqi sharoitlar yaratib berdi.
Shahar va qishloqlardagi o’zbek xonadonlari ko’chib kelganlarga ko’rpa-to’shak, kiyimbosh, oziq-ovqat bilan yordam qildilar. 1940–1970-yillarda aholi soni respublikada ikki baravarga yaqin o’sdi.
O’zbekiston aholisining milliy tarkibida 1970-yili o’zbeklar (65,5%) birinchi o’rinda bo’lsa, ruslar (12,5%) ikkinchi o’rinda edi. Aholining soni bo’yicha ulardan keyingi o’rinlarda tatarlar, qozoqlar, tojiklar, qoraqalpoqlar turardi. Koreyslar, qirg’izlar, ukrainlar, turkmanlar, ozarbayjonlar, armanlar va uyg’urlar ham respublika aholisining anchagina qismini tashkil etardilar. Bundan tashqari, respublikada boshqirdlar, beloruslar, osetinlar, chuvashlar vakillari ham yashardilar.
Aholi milliy tarkibidagi o’zgarishlarda bir tomonlama og’ishlar ham yuz berdi. 1939 – 1970-yillardagi aholi ro’yxati ma’lumotlari respublika aholisi tarkibida ruslar sonining o’sishi o’zbeklar sonining o’sishiga nisbatan yuqori bo’lganini ko’rsatadi. Toshkent shahrida ruslar o’zbeklardan ancha ko’p edi. O’zbekiston aholisi milliy tarkibidagi bunday o’zgarishlar, chetga og’ishlar ittifoq rahbar tashkilotlarining O’zbekistonda olib borgan ruslashtirish siyosatining natijasi edi.
Markazning milliy siyosati va uning salbiy oqibatlari. 50-yillarning oxirlariga kelib ma’muriy-iqtisodiy rayonlardagi sanoat va qurilish boshqaruvi Xalq xo’jaligi kengashlari ixtiyoriga o’tkazildi. Bu islohot umuman olganda ijobiy ahamiyatga ega bo’ldi. U ortiqcha markazlashtirishni cheklab, xo’jalikka rahbarlik qilishda mahalliy organlarning huquqlarini kengaytirdi. Bu islohot kutilgan natijaga olib kelmadi — respublika idoralarining huquqlarini orttirdi. Shuning uchun hududiy rahbarlik qiluvchi organlar tez orada yana sohani boshqaruvchi organlar bilan almashtirildi.
Respublika partiya va hukumatidagi birinchi yordamchilar, O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining ikkinchi kotibi va O’zbekiston Ministrlar Soveti raisining birinchi o’rinbosari lavozimlariga 30-yillardanoq Moskvadan yuborilgan vakillarni tayinlash tartibi o’rnatilgan edi. Bu shaxslar katta huquqqa ega bo’lib, kadrlar taqdirini o’z ixtiyorlaricha hal qila olardilar.
Bunday siyosat mahalliy aholining manfaatlariga ziyon yetkazdi. Yetakchi sanoat sohalari uchun mutaxassislar yo’q degan bahona ostida Markazdan taklif qilindi. Fan-texnika taraqqiyotini belgilovchi sohalar uchun mutaxassislar o’zbeklardan yetarlicha tayyorlanmas edi. 1959-yilda respublika aholisi tarkibida o’zbeklarning salmog’i 62%dan ortiq bo’lsa ham, undagi o’zbek ishchilarining salmog’i atigi 43%ni tashkil etdi. Ittifoqda bo’ysunadigan korxonalar asosan Rossiya va boshqa respublikalardan taklif etilgan mutaxassislar va ishchilar bilan ta’minlanardi. Bunday korxonalarda ish haqi mahalliy sanoat korxonalaridagiga qaraganda ko’proq edi. Masalan, Ittifoqqa bo’ysunadigan korxonalarda bir ishchining o’rtacha ish haqi 1950-yilda 133% ga ko’paygan bo’lsa, respublikaga bo’ysunuvchi korxonalarda 73%ga ko’paydi. Bunday kadrlar siyosati mahalliy aholining moddiy va ma’naviy manfaatlariga ziyon yetkazib, respublikada millatlararo munosabatlarning murakkablashuviga zamin yaratdi.
50 – 60-yillarda O’zbekistonda ko’pgina turar joy mavzelari qurildi. Toshkentdagi yirik massivlar — Chilonzor, Yunusobod, Qoraqamish va boshqalar, viloyatlardagi zamonaviy qulay uylardan bunyod topgan mikrorayonlar shular jumlasidandir. Biroq bu sohada ham chetga og’ishlar kuzatildi. Chunonchi, yangi mavzelarga asosan Rossiya va boshqa respublikalardan ko’chib kelganlar joylashtirildi. Mahalliy aholi esa kanalizatsiyasi, gazi, markazdan turib isitiladigan moslamalari va boshqa kommunal-maishiy qulayliklar bo’lmagan eski turar joylar va mahalliy uylarda yashayverdi.
60-yillarning boshlarida shaklan milliy, mazmunan sotsialistik madaniyat to’g’risidagi stalincha nazariya madaniyatlarning gullab-yashnashi va bir-biriga yaqinlashuvi to’g’risidagi yangi nom bilan almashtirildi. U amalda millatlar bir-biriga qorishib, chatishib ketishi kerak degan ma’noni anglatar edi. Partiyaning milliy masaladagi asosiy vazifasi «millat va elatlarning to’la-to’kis birligiga», baynalmilal madaniyat yaratishga erishishdan iborat bo’lib qoldi.
28.3. Ziyolilarning qatag’on qilinishi. Shaxsga sig’inishning fosh etilishi
Qatag’onlar. Ommaviy qatag’onlar va bedodlikning dastlabki kuchli to’lqini O’zbekiston bo’ylab 30-yillarda o’tgan edi. Buning natijasida o’n minglab sof vijdonli begunoh kishilar nobud bo’ldilar.
Urush tugagach, oradan ko’p o’tmay O’zbekiston bo’ylab yana bir yalpi qirg’in to’lqini yelib o’tdi. 30-yillardagi qatag’onlar asosan partiya, sovet, xo’jalik va harbiy kadrlarga qarshi qaratilgan bo’lsa, 40-yillar oxiri va 50-yillar boshidagi qatag’onlar asosan madaniyat va fan arboblariga taalluqli bo’ldi. Bu qatag’onlar uchun Markazning 1946– 1948-yillarda ayrim san’at va badiiy asarlarni sinfiylik prinsipi talabidan kelib chiqib tanqid qilgan qarorlari g’oyaviy asos bo’lib xizmat qildi. Shu vaqtdan e’tiboran adabiyot va san’atning ijodiy, demokratik taraqqiyoti uzoq yillargacha susayib qoldi, joylarda o’zgacha fikrlashga barham berila boshlandi.
Partiya organlari ba’zi yozuvchilar, shoirlarning ijodida jiddiy g’oyaviy xatolarni topishga, ularni milliy jihatdan cheklanganlikda, feodal o’tmishni zararli tarzda ideallashtirishda va feodal madaniyat oldida qullarcha tiz cho’kishda ayblashga odatlandilar. Chunonchi, Oybek, Abdulla Qahhor, M. Boboyev, Mirtemir, Shayxzoda va boshqa o’zbek yozuvchilari badnom qilindi. Milliy cheklanganlik uchun «Sharq yulduzi», «Zvezda Vostoka» jurnallari tahririyatlariga ham jiddiy ayblar qo’yildi.
Shu bilan birga, «Farhod va Shirin», «Layli va Majnun», «Tohir va Zuhra», «Alpomish», «Gulandom» va boshqa afsonaviy folklor syujetlariga asoslangan opera, balet va musiqali drama spektakllari ijodkorlari ham «zararli» g’oyalarni targ’ib qilishda ayblandilar. Ko’pgina konsert tashkilotlari va musiqiy teatrlar «Eski arxaik musiqani va juda g’amgin, mungli maqom namunalari»ni tarqatishda qoralandi. Partiya «O’zbekistonning musiqiy san’ati hayotdan orqada qolmoqda, o’zbek xalqini kommunistik ruhda tarbiyalash maqsad va vazifalariga to’la-to’kis xizmat qilmayotir», deb uzil-kesil ta’kidladi.
1951-yil avgustda respublika
matbuotida «Ba’zi shoirlarning ijodidagi mafkuraviy buzg’unchilik to’g’risida»
nomli maqola e’lon qilinib, unda Turob To’la, Kamtar Otaboyev, Mirtemir, A.
Bobojonov, Sobir Abdulla, Habibiy millatchilar sifatida nohaq tanqid
qilindi. Shundan so’ng «O’zbek sovet adabiyoti vazifalaridan chetda» nomli
maqola paydo bo’ldi, unda o’zbek adabiyotining Oybek, X. Zaripov,
H Yoqubov, I. Sultonov va boshqa arboblari «jiddiy mafkuraviy xatolar va
buzg’unchilik»da ayblandi.
Yozuvchilardan M. Shayxzoda, Shukrullo Yusupov, Shuhrat Jalilov, G’ulom Alimov, Hamid Sulaymon va boshqalar 1951-yili «sovetlarga qarshi millatchilik faoliyati»da ayblanib qamoqqa olindilar, so’ng esa 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildilar.
1952-yil 21–22-fevralda O’zbekiston Kompartiyasining X plenumida «Respublikada mafkuraviy ishlarning ahvoli va uni yaxshilash choralari» degan masala ko’rib chiqildi. O’zbekiston Kompartiyasi KPSSning tarkibiy qismi sifatida uning g’oyaviy-tarbiyaviy sohadagi siyosatini, milliy madaniyatni cheklash, ziyolilarni qatag’on qilish to’g’risidagi ko’rsatmalarini hayotga tatbiq qilish choralarini ko’rdi. Plenum o’z qarorida o’zbek adabiyoti va san’atining rivojlanishiga, milliy ziyolilarning ijodiy fikr yuritishiga katta ziyon yetkazdi. Plenum ijodiy va ilmiy muassasalardagi «millatchi»lar, «panturkchi»lar, «kosmopolit»larni fosh qilish kampaniyasining oliy nuqtasi bo’ldi, folklor asarlar, ayniqsa, «Alpomish» dostoni tabiatan zararli, xalqqa qarshi, chunki o’tmishni «ideallashtiradi» deb ko’rsatdi. Plenum madaniyat arboblarinigina emas, ijtimoiy fan olimlarini ham mafkuraviy xatolarga yo’l qo’yganlikda aybladi. Faylasuf V. Zohidov ilmiy ishlarida burjua-millatchilik tamoyillari bo’lganlikda, tarixchi A. Boboxo’jayev, iqtisodchi O. Aminov panturkizmni targ’ib qilishda ayblandilar. Ular «tom ma’noda siyosiy va ishchanlik sifatlari jihatidan o’z vazifalariga to’g’ri kelmaydigan shaxslar» deb baholandi. Turob To’la, Shayxzodaning she’r va qo’shiqlari «g’oyasiz va axloqsiz» asarlar toifasiga kiritildi.
Bu partiya anjumani ilmiy va ijodiy ziyolilar vakillarini ta’qib qilishni kuchaytirishga turtki berdi. Bu o’zbek xalqining madaniyati 20 – 30-yillardagi singari yakson qilinishini anglatardi. Qatag’onlar yetkazgan ma’naviy zararning ko’lamini tasavvur qilish ham mushkul. «Navoiy» romani muallifi Oybekning boshi ustida ham bulutlar quyuqlashdi, chunki kimgadir o’zbek adabiyoti asoschisi Alisher Navoiyning Husayn Boyqaro Hirotda hukmdorlik qilgan davrda vazir bo’lgani, asarlari so’fizm falsafasi bilan sug’orilgani yoqmagan edi. O’zbekiston madaniyatining asossiz qatag’on qilingan ko’pgina arboblari 1956-yilda shaxsga sig’inish fosh etilishi sharofati bilan batamom oqlandilar.
Shaxsga sig’inish oqibatlarini tugatish yo’lidagi urinishlar. Shaxsga sig’inish Stalin vafotidan so’ng KPSS Markaziy Komiteti birinchi kotibi N.S. Xrushchev tashabbusi bilan 1956-yilda fosh qilindi. Stalin shaxsi bilan bog’liq barcha qora ishlar ochib tashlandi. 30—50-yillarda O’zbekistonda minglab rahbar xodimlar, ziyolilar, oddiy mehnatkashlar qatag’on qilingan, aholiga zulm o’tkazilgan edi. Muhim davlat ahamiyatiga molik masalalar ham Oliy Sovetda jo’ngina, munozaralarsiz, qo’l ko’tarish yo’li bilan hal qilinardi.
Stalin shaxsiga sig’inish yillari rahbarlikning o’ta markazlashtirilishi, nazoratning haddan ortiq kuchaytirilishi, milliy respublika rahbarlariga ishonchsizlik bilan qarash natijasida O’zbekiston respublikasining suvereniteti butunlay cheklangan edi. Shaxsga sig’inish oqibatlarini tugatish maqsadida respublikaning davlat, xo’jalik va madaniy qurilishdagi huquqlari qisman kengaytirildi. 1957-yilda sud tuzilishi, fuqaro, jinoyat va protsessual kodekslarni qabul qilish haqida qonunlar chiqarish, viloyat, ma’muriy-hududiy tuzilish masalalarini hal qilish ittifoqdosh respublikalar ixtiyoriga berildi. O’zbekiston hukumati o’ziga berilgan huquqlardan foydalanib bir qancha viloyat va tumanlarni qisqartirdi, bo’shagan mablag’larni xalq xo’jaligini rivojlantirishga yo’naltirdi.
Bu ishlarni amalga oshirishda O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbari Nuritdin Muhitdinovning xizmati katta bo’ldi.
Stalin shaxsiga sig’inish tugatildi, lekin u vujudga keltirgan hokimiyat tizimi, totalitar tartibot saqlanib qoldi. 50-yillar oxiridan boshlab Xrushchev shaxsiga sig’inish avj oldirildi.
28.4. Sanoatning bir tomonlama rivojlanishi
Sanoat qurilishidagi qing’irliklar. Sanoatni rivojlantirishdagi ichki ziddiyatlarga qaramay, ishchilarning fidokorona mehnati tufayli urushdan keyingi yillarda sanoat ancha o’sdi. Har besh yillikda 100 taga yaqin sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 1970-yili 1940-yildagiga qaraganda 8,5 baravar ko’paydi.
Mashinasozlik va metall ishlash O’zbekiston sanoatining yirik sohasi bo’lib, xalq xo’jaligini texnik jihatdan qayta qurollantirishda muhim rol o’ynadi. 1970-yilga kelib 100 ga yaqin mashinasozlik va metall ishlovchi korxonalar faoliyat ko’rsatardi. Paxtazorlarda ishlatishga mo’ljallangan kuchli traktorlar ishlab chiqarishni o’zlashtirib olgan Toshkent traktor zavodi, paxta terish mashinalari ishlab chiqaradigan «Tashselmash» zavodi, «O’zbekselmash» va «Chirchiqselmash», Toshkent ekskavator zavodi va respublikada hamda undan tashqarida ishlatiladigan mahsulot beruvchi boshqa ko’pgina korxonalar shular jumlasidandir.
50-yillarda Buxoro viloyatining Gazli shahrida ulkan gaz-neft konining topilishi O’zbekistonda gaz sanoatining tez sur’atlarda rivojlanishiga asos bo’ldi. Gazlining umumiy gaz boyligi 446 mlrd. kubometrga teng edi. Gaz ishlab chiqarish yildan-yilga ortib bordi. 1960-yilda 0,4 mlrd. kubometr tabiiy gaz ishlab chiqarilgan bo’lsa, 1970-yilga kelib bu ko’rsatkich 32 mlrd. kubometrga yetdi. Ittifoq hukumatining O’zbekistonda gaz ishlab chiqarishni oshirishdan maqsadi uni Rossiya sanoat markazlariga ko’proq tashib ketish edi. 1963-yilda Buxoro – Ural, 1967-yilda eng uzun O’rta Osiyo – Markaz gaz quvuri ishga tushirildi. Bu ikkala quvurlar orqali Rossiyaga 1969-yilda 28 mlrd. kubometr tabiiy gaz olib ketildi.
50–60-yillarda respublikada oltin ishlab chiqarish sanoati ancha rivojlandi. Oltin ajratib oluvchi komplekslar, fabrikalar, oltin ruda kombinatlari, shuningdek, mis rudasini qayta ishlovchi kombinatlar ishga tushirildi.
Olmaliqda mis, qo’rg’oshin, rux va boshqa nodir metallar konlarining ochilishi O’zbekistonda rangli metallurgiyani rivojlantirishda katta rol o’ynadi. 50–60-yillarda Olmaliq konmetallurgiya kombinatining to’la ishga tushirilishi O’zbekistonni yirik mis sanoati markaziga aylantirdi. Kombinat ikki majmuadan — qo’rg’oshin-rux majmuasi hamda mis majmuasidan (Qalmoqqir koni, mis boyitish fabrikasi, mis zavodi) iborat bo’lib, mis va mis buyumlar, rux qo’rg’oshin, sulfat kislota, molibden, oltin va boshqa nodir metallar chiqarardi. Sovet davrida bu korxonaning ham asosiy mahsuloti Rossiyaga tashib ketilardi.
Respublika iqtisodiyotida yetakchi o’rinlardan birini kimyo sanoati egallaydi. O’zbekiston kimyo sanoatining to’ng’ich korxonasi 1940-yilda ishga tushirilgan Chirchiq elektr kimyo kombinati bo’ldi. Urushdan keyingi yillarda Qo’qon (1947) va Samarqand (1955) superfosfat zavodlari, keyinchalik esa Farg’ona azotli o’g’itlar zavodi, Navoiy kimyo kombinati, Olmaliq kimyo zavodi ishga tushirildi. 50 – 60-yillarda respublikada kimyo sanoatining yangi sohasi — gidroliz zavodi barpo etildi. Shu yillarda Andijon gidroliz zavodi, Farg’ona furon birikmalari zavodi va Yangiyo’l biokimyo zavodi qurildi.
Transport va undagi muammolar. Urushdan keyingi yillarda respublikada 600 km.dan ziyod bo’lgan Chorjo’y – Qo’ng’irot temiryo’li qurildi. Yangi qazilma konlarining topilishi va yangi shaharlarning qurilishi Navoiy – Uchquduq temiryo’lining qurilishiga sabab bo’ldi. Bu O’zbekistonda rangli metallurgiya, jumladan, oltin sanoatining vujudga kelishi bilan bog’liq edi. Mirzacho’l va Qarshi dashtlaridagi yerlarning o’zlashtirilishi Sirdaryo – Jizzax va Samarqand – Qarshi temiryo’llarini qurish zaruratini keltirib chiqardi.
60-yillarda Qo’ng’irot – Beynov
temiryo’li qurilishi keng miqyosda olib borildi va 70-yillar boshida ishga
tushirildi. Bu temiryo’l magistrali Qoraqalpog’istonni Qozog’iston bilan to’g’ri
bog’lab, O’rta Osiyodan Markazga olib boradigan ikkinchi yo’lni vujudga
keltirdi, Qoraqalpog’istondan Moskvagacha bo’lgan yo’lni 2 ming km.ga
qisqartirdi. Shuningdek, bu yo’l Qoraqalpog’iston va Xorazm viloyatining
iqtisodiy talon-toroj qilinishi, Markazga ko’proq xomashyo yetkazilishiga qulay
sharoit yaratdi. 1970-yili temiryo’l transportining yuk oboroti 1965-yilga
nisbatan 10 mlrd. t/km. ga yaqin o’sdi va 36 mlrd.
t/km.ni tashkil qildi.
Urushdan keyingi yillarda
avtomobil transporti ham rivojlandi. Eski yo’llar ta’mirlandi, yangi asfalt va
beton yotqizilgan yo’llar qurildi. Avtomobil saroylari yangi, takomillashgan
mashinalar hisobiga o’sdi. 1966—1970-yillarda avtotransportda yuk tashish ikki
baravar o’sdi va 1970-yil oxiriga kelib 9 mlrd.
t/ km.ga yaqinni tashkil etdi.
Ushbu davrda fuqarolar aviatsiyasi ham rivojlanib bordi. Uni rivojlantirish respublikada 1924-yilda boshlangan edi. 50-yillar o’rtalarida O’zbekiston havo yo’llarida yuksak tezliklar davrini ochib bergan TU104 rusumli yo’lovchi tashuvchi samolyot paydo bo’ldi. Havo transporti xodimlari keyingi yillarda yangi samolyotlarning talay xillarini o’zlashtirdilar. Ayrim shaharlarda zamonaviy aerovokzallar qurildi. Bu O’zbekiston shaharlarini bir-biri bilan, shuningdek, boshqa respublikalar va mamlakatlar bilan bog’ladi. O’sha yillari respublika poytaxti Toshkent jahonning 50 ga yaqin shaharlari bilan havo yo’llari orqali bog’langan edi.
Kadrlarni tayyorlash. Urushdan keyingi yillarda O’zbekiston sanoati uchun malakali ishchi kadrlar hunar texnika bilim yurtlarida va bevosita ishlab chiqarish jarayonida yakka tartibda hamda kurslarda tayyorlandi. Respublikadagi hunar maktablari, temiryo’l, binokorlik o’quv yurtlari, yirik korxonalar qoshidagi fabrika-zavod ta’limi (FZO) maktablari sanoatni rivojlantirishga katta hissa qo’shdi. 1940–1955-yillarda xalq xo’jaligi uchun jami 143 ming malakali ishchilar tayyorlab berildi. Ishchi kadrlarga ehtiyoj yildan yilga ortib bordi. Malakali kadrlar tayyorlash ham o’sib bordi. 1966 – 1970-yillarda hunar-texnika o’quv yurtlari xalq xo’jaligiga 172 ming nafar ishchilarni tayyorlab berdi.
1962-yilda oziq-ovqat, yengil, trikotaj, gaz va neft sanoatidagi o’zbek va boshqa yerli aholidan bo’lgan ishchi va xizmatchilar soni 30 foizdan sal ortiqni tashkil qilardi. Mashinasozlik metall ishlash sanoati va og’ir sanoatning boshqa sohalarida o’zbek va mahalliy millat vakillari soni juda oz edi. 1963-yili Toshkent asbobsozlik zavodidagi ishchi va xizmatchilar orasida o’zbeklar va boshqa tub millat vakillari ulushi 20 foizni tashkil etdi.
Sanoatni rivojlantirishning muhim omillaridan biri muhandis-texnik kadrlar edi. Oliy va o’rta maxsus bilim yurtlari tayyorlovchi malakali mutaxassislar soni ortib bordi. 1960–1970-yillarda sanoat, qurilish, transport va aloqa sohalari bo’yicha oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlaridagi talabalar soni 20 mingdan 63 mingta, ya’ni 3 baravardan ziyod ko’paydi.
Biroq respublikada o’zbeklardan
sanoat ishchilari va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash masalasi keskin tus
oldi. Uzoq davr mobaynida o’zbek mutaxassis kadrlari salmog’i juda past bo’lib
keldi.
1965/66-o’quv yili oliy o’quv yurtlari talabalari tarkibida o’zbeklar 52%ni,
ruslar 25%ni, o’rta maxsus ta’lim o’quv yurtlari o’quvchilari tarkibida o’zbeklar
47%ni, ruslar 28%ni tashkil qildi. Vaholanki, respublika aholisi tarkibida o’zbeklar
65%ni, ruslar 12%ni tashkil etardi.
28.5. O’zbekistonda hunarmandchilikning ahvoli
Hunarmandchilikning cheklanganligi. Urushdan keyingi yillarda hunarmandchilik kooperatsiyasi tarkibida bir necha yuz artellar faoliyat ko’rsatardi. 1955-yili Toshkent shahrida 51 ta, Samarqand viloyatida 33 ta, Namanganda 23 ta, Andijonda 22 ta yirik artellar mavjud edi. Ular xalq uchun zarur buyumlarni ishlab chiqarardi.
Pillakashlik korxonalari xomashyo yetishtiriladigan tumanlarda, asosan, Farg’ona vodiysida ko’p edi. Marg’ilon ipak yetishtiruvchi pillakashlik hunarmandchiligi bilan dong chiqargandi. Shoyi to’qish ham shu yerda keng rivojlangan edi. Shuningdek, Andijon, Namangan, Qo’qon shaharlarida ham pillakashlik shoyi to’qish korxonalari ko’p bo’lib, ularning har birida 7 – 8 kishi ishlardi. Hunarmandlarning ish sharoiti va turmushi og’ir kechardi.
Hunarmandlar kooperatsiyasi, kooperativ mulkining mavjudligi rahbar sovet tashkilotlarini qoniqtirmay qo’ydi. 1956-yil aprelda Ittifoq hukumati butun mamlakatda hunarmandlar kooperatsiyasini tugatish to’g’risida qaror qabul qildi. O’zbekiston respublikasidagi hunarmandlar artellari davlat mulkiga aylantirildi va mahalliy sanoat vazirligiga berildi. Sovetlarning hunarmandlarga salbiy munosabati tufayli gazlama, gilamdo’zlik, kigiz tayyorlash, ko’nchilik, misgarlik, bo’yoqchilik va boshqa ko’plab hunarmandchilik sohalari 60-yillardan boshlab yo’q bo’lib ketdi. Ular ishlab chiqargan mahsulot turlari va hajmi kamaydi. Kooperativ sanoat, asosan artellar mahsuloti 1940-yilda respublika sanoati hajmining 19%ini tashkil qilgan bo’lsa, 1958-yilda 8,5%ini, 1962-yilda esa atigi 3%ini tashkil etdi.
Xalq badiiy hunarmandchiligi. Sovet davrida ko’p yillar hunarmandchilikning bu muhim sohalari cheklandi. 60-yillardan boshlab badiiy hunarmandchilikka e’tibor berila boshlandi. Xalq badiiy hunarmandchiligi mahalliy sanoatning maxsus tarmog’i sifatida qayta tashkil qilindi. Bu tarmoq xalq dekorativ-amaliy san’ati buyumlarini tayyorlovchi badiiy hunarmandchilik korxonalari faoliyatini birlashtirdi. Xalq badiiy hunarmandchiligi buyumlariga ehtiyoj ortishi munosabati bilan ularni qo’lda tayyorlash bilan birga qisman mashinada ishlab chiqarishga o’tildi.
60-yillarda respublikada o’ndan ortiq fabrika va zavod badiiy buyumlar ishlab chiqardi. Buxoro zardo’zlik fabrikasi, Rishton badiiy kulolchilik zavodi, Toshkent «Suvenir» fabrikasi, Toshkent milliy musiqa asboblari tajriba fabrikasi, Andijon, Chust, Namangan, Toshkent badiiy buyumlar fabrikalari va boshqalar faoliyat ko’rsatdi. Ularga uyda ishlovchi hunarmandlar ham biriktirilgan edi.
Buxoro zardo’zlik fabrikasida zarli chopon, milliy nimchalar, do’ppilar, uy kavushlari, so’zana, dasturxon, chorsi, buxorocha do’ppi ishlab chiqarilgan. Chust badiiy buyumlar fabrikasi asosan qo’lda tikiladigan chust do’ppisi tayyorlashga mo’ljallangan edi. Andijon badiiy buyumlar fabrikasi shoyi va ip-gazlama bosh ro’mollari, choyshablar, iroqi, chust do’ppilari tayyorlagan. Shahrisabzdagi «Hujum» fabrikasida palos va «sanama», «chizma» do’ppilari tayyorlangan. Qashqadaryoning tog’li tumanlarida «Hujum» fabrikasining filiallari ochilib, unutilayozgan gilam, do’ppi tikish hunarmandchiligi tiklandi.
Gilamdo’zlik ham unutilayozgan hunarmandchilik turlaridan biri edi. 60-yillarga kelib bu yerda ham tiklana boshlandi. O’zbek xalqi gilamni an’anaviy uy jihozi va xalq san’ati asari sifatida qadrlaydi. Gilam to’qish barcha chorvachilik tumanlarida keng tarqalib, bu ish bilan ayollar shug’ullangan. Gilamdo’zlik o’zbek xalqining badiiy hunarmandchiligida muhim o’rin egallaydi. 60-yillarda gilam to’qish korxonalari Buxoro, Samarqand, Sirdaryo, Xorazm, Qashqadaryo viloyatlarida, Farg’ona vodiysida mavjud edi. Gilamni qo’lda to’qish bilan birga, sanoat asosida ishlab chiqarish ham yo’lga qo’yila boshlandi. 60-yillarda kulolchilik milliy pichoqlar, zarli buyumlar, milliy musiqa asboblari ishlab chiqarish ancha o’sdi.
Kulolchilik o’zbek xalqining qadimiy hunarmandchilik turlaridan hisoblanadi. Rishton sopol buyumlarini butun dunyo biladi. 50 – 60-yillarda kulolchilikning asosiy markazlari Buxoro, G’ijduvon, Sherobod, Rishton, Samarqand hisoblangan. Sopol buyumlar Andijon, Toshkent, Qarshi va boshqa shaharlarda ham ishlab chiqarilgan. Samarqand, Buxoro, Toshkent ustalariga sariq qizil, malla rangli, Farg’ona vodiysi va Xorazm ustalariga esa havo rang, oq ko’k buyumlar ishlab chiqarish xos edi. Urushdan keyingi yillarda respublikada mashhur kulollar – toshkentlik I.Rahimov, samarqandlik U.Jo’raqulov, K.Sharopov, A.Muxtorov, M.Nosirov, g’ijduvonlik I.Nazrullayev, denovlik B.Halilov, xivalik R.Hahimov va boshqa ustalar ijod qildilar.
1956-yili hunarmandchilik kooperatsiyasi tugatilib, hunarmandlar artellari davlat korxonasiga, mulkiga aylantirildi.
28.6. Paxta yakkahokimligining kengayishi va uning salbiy oqibatlari
Paxtachilikning moddiy-texnik bazasi. 30-yillarda shakllangan paxta yakkahokimligi (monokulturasi) urush yillarida ancha o’zgardi. Davr taqozosi bilan paxta dalalari qisqardi, g’alla, sabzavot, poliz ekinlari maydoni kengaydi. Paxta mustaqilligi uchun kurash boshlanishi bilan 1929-yilda tugatilgan qand lavlagi ekish yana tiklandi. Ko’p tarmoqli qishloq xo’jaligi shakllana boshladi. Lekin bu jarayon uzoq davom etmadi.
Urushdan keyingi dastlabki yillarda qishloq xo’jaligida har turdagi texnika yetishmas edi. Paxta qo’lda terilar, traktor bilan yer haydalib, o’g’it solinardi, hosil paxta punktlariga ot-aravalarda olib borilardi. Bu talay vaqt va qo’l kuchini talab qilardi. Shu sababli paxtachilikni rivojlantirishda uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash asosiy masala bo’lib keldi. Mashina-traktor stansiyalari (MTS) yangi traktorlar bilan to’ldirila boshlandi. 1948-yili «Tashselmash» zavodi paxta terish mashinalarining dastlabki namunalarini ishlab chiqardi. Oradan bir yil o’tib «Tashavtomash» zavodi ishga tushirildi, unda traktorlar, paxta tashishga moslashtirilgan mashina va tirkagichlarni ishlab chiqarish yo’lga qo’yildi (shu zavod bazasida 1969-yili Toshkent traktor zavodi barpo etildi). Qurilgan bu tadbirlar paxtachilikni kengaytirib, uning industrial bazasini mustahkamladi. Biroq bu texnikaning 1958-yil fevralida qaror qabul qilinishi tasodifiy bo’lmadi. Bu chora xo’jaliklarga biriktirilgan yer, texnika va boshqa ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni yaxshilashga qaratilgan edi. Biroq xo’jalikni yuritishning ma’muriy-buyruqbozlik tartiboti sharoitida qo’yilgan maqsadga erishilmadi. Texnikani yuqoridan belgilangan baland narxlarda sotish xo’jaliklarning iqtisodiyotiga jiddiy zarar yetkazdi. Natijada xo’jaliklarda mehnat kuniga to’lanadigan haq kamaydi, dehqonlarning moddiy ahvoli yomonlashdi. Biroq hayot bir joyda to’xtab qolmadi. O’zbekistonning qishloq xo’jaligi, uning asosiy tarmog’i bo’lgan paxtachilik dehqonlarning mehnati tufayli rivojlanib bordi. Traktor parki yangi texnika bilan to’ldirildi. Qishloq xo’jaligida traktorlar soni 1960 – 1970-yillarda 60 mingtadan 121 mingtaga oshdi. Shu davrda paxta terish mashinalari soni 8 mingtaga ko’paydi. Qishloq xo’jalik texnikasining bir qismi paxta yetishtirishni oshirish maqsadida paxtakor xo’jaliklarga berildi.
Paxtachilikda zaharli ximikatlarning keng ishlatlilishi va buning salbiy oqibatlari. Paxtachilikni rivojlantirish maqsadida respublikaga beriladigan mineral o’g’itlar salbiy oqibatlari va zaharli ximikatlar yildan-yilga ko’payib bordi. 1951-yili mineral o’g’itlar 0,9 mln.tonnani tashkil etgan bo’lsa, 1970-yili ularning miqdori 3,5 mln. tonnaga yetdi. 1964-yili respublika dalalarida 150 ming tonnaga yaqin 30 xildan ortiq zaharli ximikatlar qo’llandi. Bundan tashqari, ularni saqlash va ishlatishda qo’pol xatolarga yo’l qo’yildi.
Markaz ko’rsatmasi bilan paxta dalalariga aviatsiya yordamida zaharli ximikatlarni sepish yildan yilga kengayib bordi. 1964-yili paxta maydonlarining 66,5 foiziga aviatsiya yordamida zaharli moddalar bilan ishlov berildi. O’sha yili 659 kishi zaharlandi, ularning ko’pchiligi hayotdan ko’z yumdi. Odamlar zaharli ximikatlardan yoppasiga zaharlana boshladilar. Respublika rahbarlari Sharof Rashidov (1917—1983) va Rahmonqul Qurbonov Ittifoq hukumatiga kuchli ta’sir qiluvchi zaharli ximikatlar o’rniga boshqa ximikatlar jo’natishni so’rab, 1969 – 1970-yillarda bir necha bor murojaat qildilar.
Paxta yakkahokimligining kengayishi. 1947-yilda paxta topshirish rejalarining bajarilmaganligi Markazda muhokama qilindi. Respublika rahbariyati «mahalliy vazifalarni deb umumdavlat manfaatlarini unutib qo’yganlikda» ayblanib, O’zbekiston rahbari Usmon Yusupovga hayfsan e’lon qilindi.
Urushdan keyingi yillarda O’zbekistonda paxtachilikni har tomonlama rivojlantirish yo’liga o’tilishi yangi yerlarni o’zlashtirish, paxta ekin maydonlarini kengaytirishni talab qildi. 50-yillarning o’rtalaridan boshlab yangi paxtachilik rayonlarini barpo etish maqsadida qo’riq yerlarni o’zlashtirish boshlandi. Mirzacho’l va Qarshi dashtlarini, Surxon-Sherobod vodiysi va boshqa qo’riq yerlarni sug’orish va o’zlashtirish ishlari avj oldi. Yerlarni o’zlashtirish asosan paxta ekishga mo’ljallangan edi. 1965-yili suv chiqarilgan yangi mintaqada bitta bog’dorchilik, uzumchilik va 16 ta paxtakor xo’jaliklar faoliyat ko’rsatdi.
Respublika irrigator, meliorator va cho’lquvarlarining fidokorona mehnati bilan yangi yerlar o’zlashtirilib, g’o’za ekiladigan maydonlar kengayib bordi. Paxta maydoni 1960 – 1970-yillarda 1386 ming gektardan 1709 ming gektarga, ya’ni 323 ming gektarga ortdi. Shu davrda respublikada sug’oriladigan yerlar maydoni atigi 253 ming gektarga ortgan edi. Ko’rinib turibdiki, paxta maydoni yangi o’zlashtirilgan sug’oriladigan yerlardan tashqari, poliz va bog’dorchilik ekinlari yerlari hisobiga ham ko’paydi. Markazning zo’rlik siyosati bilan paxta uchun hamma narsa qurbon qilindi. Tomorqa yerlari yo’qqa chiqarildi. O’zbek dehqonlarining mehnatsevarligi, yerni, paxtani ardoqlashi natijasida respublikada paxta yetishtirish yildan- yilga ortib bordi. Yalpi hosil 1945 – 1970-yillarda 850 ming tonnadan 4 mln. 495 ming tonnaga, ya’ni 5,3 baravar ko’paydi.
Paxtachilikdagi bu yutuqlar o’z-o’zidan qo’lga kiritilmadi. Ular paxtakorlarning dalalarda Vatanim, O’zbegim deb yonib qilgan mehnati natijasi bo’ldi. «Sharq yulduzi» jamoa xo’jaligidan X. Tursunqulov, Andijon tumanidan I. Bakirov, Bog’ot tumanidan I. Do’stov va 50-yillarda har gektar yerdan 30 – 40 sentnerdan paxta yetishtirgan boshqa ko’pgina paxtakorlarning nomlari O’zbekistonda mashhur bo’ldi. Ko’pgina paxtachilik brigadalari boshliqlari (R. Odilboyev, Sh. Voisxonov, P. Yo’ldoshev va boshqalar), paxta terish mashinalarida mavsumda 70—80 tonna va undan oshirib paxta tergan mexanik haydovchilar (N. Bakirov, A. O’roqboyev, I. Tursunov va boshqalar) munosib ravishda shuhrat topdilar.
Lekin o’zbek xalqi mehnati bilan yaratilgan boylikning foydasini Markaz ko’rdi. O’zbek xalqi uning salbiy oqibatlari natijasida azob-uqubatlar tortdi. Ko’rilgan chora-tadbirlar natijasida urushdan keyingi yillarda respublikada paxta yakkahokimligi yana qaror topdi. 1970-yilga kelib paxta maydonlarining salmog’i respublika bo’yicha uchdan ikki qismdan ko’proqni, ayrim viloyatlarda esa bundan ham oshiqni tashkil qildi. Chunonchi, 1970-yili Andijon viloyatida 244 ming gektar sug’oriladigan yerlardan 192 ming gektariga, Farg’ona viloyatida 277 ming gektardan 209 ming gektariga paxta ekilardi. Bu rasmiy raqamlar, albatta, amalda g’o’za ekiladigan maydonlar bundan ham ko’proq bo’lgan. Vaholanki, madaniylashgan mamlakatlarning qishloq xo’jaligida g’o’za ekinlari maydoni 60 foizdan oshmasligi lozim, bu ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlangan. Ana shu nisbat saqlangandagina tuproq unumdorligini qayta tiklash, almashlab ekish mumkin bo’ladi.
Paxtakor xo’jaliklarning dehqonlari dam olish va bayram kunlari nimaligini bilmay, erta tongdan quyosh botguncha jaziramada mehnat qilib, haddan tashqari oz ish haqi olardi. Har bir qishloq oilasi a’zosiga to’g’ri keladigan oylik daromad, masalan, Rossiyada 98,1 so’mni tashkil etgan bo’lsa, O’zbekistonda u 58,8 so’mga teng bo’ldi. Quvayt, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlar xalqlari «qora oltin» — neft hisobiga badavlat yashaganlari holda, o’zbek xalqi «oq oltin» — paxta hisobiga kambag’allik darajasidan past sharoitda yashab keldi. Bunga xalq xo’jaligini boshqarishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi va respublika, uning tub xalqi manfaatlari bilan hisoblashmaydigan mustamlakachilik siyosati sababchi edi.
28.7. Qishloq xo’jaligining ahvoli
Sug’orish inshootlarining barpo etilishi. 50-yillarning o’rtalariga qadar Sirdaryoda Boyovut kanali, Farg’ona va Namangan viloyatlari orqali o’tuvchi Oxunboboyev nomli kanal, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida Eski Angor kanali qurildi. 1954-yili Namangan viloyatida Kosonsoy suv ombori ishga tushirildi.
Ittifoq hukumatining ko’rsatmasi bilan 1956-yili paxta yetishtirishni ko’paytirish maqsadida Mirzacho’ldagi 300 ming gektar unumdor qo’riq yerlarni sug’orish va o’zlashtirishga qaror qilindi. Shu munosabat bilan 1961-yili 127 km. uzunlikdagi eng yirik Janubiy Mirzacho’l kanali qurib bitkazildi. U 350 ming gektardan ortiq yerni sug’orishga mo’ljallandi. Shuningdek, 1968-yili 63 km. uzunlikdagi Markaziy Mirzacho’l kollektori qurildi. Bu sug’orish inshootlari Mirzacho’lni o’zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Respublikaning boshqa mintaqalarida ham muhim inshootlar barpo etildi. Jumladan, Amudaryodan Buxoro viloyatiga suv yetkazish maqsadida 1965-yili uzunligi 200 km. bo’lgan Amu-Buxoro kanali qurildi. Uning suvini 67 m. balandlikka tortib beruvchi yirik nasos stansiyalari bunyod etildi. Kanal ishga tushishi bilan Buxoro viloyatida 90 ming gektar yer, shu jumladan, 26 ming gektar yangi yerlar sug’oriladigan bo’ldi. Bundan tashqari, Qizilqum sahrosida maydoni 300 ming gektardan ortiq bo’lgan yaylovlar suv bilan ta’minlandi.
Qarshi dashti, Surxon-Sherobod vodiysini o’zlashtirish boshlanishi munosabati bilan u joylarda ham katta sug’orish inshootlari qurilishi boshlandi. Janubiy Surxon suv ombori, Zang, Sherobod va Amu-Zang kanallarining qurilishi Surxon-Sherobod vodiysini sug’orishga imkon berdi.
O’zbek xalqining qahramonona mehnati natijasida yangi yerlarni o’zlashtirish bilan birga, ularda yangi tumanlar, shaharlar, sovxoz va kolxozlar bunyod etildi. Mirzacho’lning yangi o’zlashtirilgan joylarida Guliston, Zarbdor, Zafarobod, Mehnatobod, Mirzacho’l, Mirzaobod, Oq oltin, Paxtakor, Sayxunobod, Sharof Rashidov tumanlari, Baxt, Guliston, Do’stlik, Paxtakor, Yangiyer shaharlari, yuzga yaqin sovxoz va kolxozlar, cho’lquvarlar uchun turar joylar qurildi. Shuningdek, Surxon-Sherobod, Qarshi dashtlarini o’zlashtirishda ham katta qurilish ishlari olib borildi, ko’plab tumanlar, shaharlar, sovxozlar tashkil qilindi.
Respublikada yirik suv omborlari ham bunyod etildi. Urushdan keyingi ikki yillikda 10 ta suv ombori qurildi. Jumladan, Buxoro viloyatida Quyimozor, Qashqadaryo viloyatida Chimqo’rg’on, Toshkent viloyatida Toshkent suv omborlari ishga tushirildi.
Qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirishning ahvoli. Markaz ko’rsatmasiga ko’ra respublika qishloq xo’jaligining asosiy vazifasi paxtachilikni har tomonlama rivojlantirishdan iborat edi. Undan kelib chiqib oziq-ovqat yetkazib beruvchi tarmoqlarga yetarli e’tibor berilmasdi. G’alla, chorvachilik, poliz-sabzavot mahsulotlari, kartoshka yetishtirish talab darajasida emas edi. 1970-yilga qadar qishloq xo’jaligining bu tarmoqlari past sur’atlar bilan rivojlanib keldi. 1970-yilda g’alla, kartoshka yetishtirish urushdan oldingi darajadan past edi.
Umuman olganda, 1970-yili oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish darajasi respublikada urushdan oldingi darajada edi. Holbuki, paxta yetishtirish uch baravardan ziyod (1,3 mln. t. dan 4,5 mln. t. ga) ko’paydi.
Shaxsiy tomorqa xo’jaliklarining cheklanishi qishloq xo’jalik ishlab chiqarishining pasayishiga, aholining oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanishi yomonlashishiga olib keldi. Tomorqa uchastkalari normalari 1950-yilgacha sug’oriladigan yerlarda 0,15 gektardan 0,25 gektargacha deb belgilangan bo’lsa, 1950-yilning yanvar oyidan boshlab tomorqa yerlari va chorva tuyoqlari qisqartirildi. Tomorqa uchastkalarining maydoni qisqartirilib, 0,12 – 0,15 gektarga tushirildi. «Normadan yuqori» degan bahona bilan sug’oriladigan yerlar olib qo’yildi, bog’lar, tokzorlar kesib tashlandi, chorva tortib olindi.
Dehqonlarning tomorqa maydonlarini kamaytirish keyingi yillarda ham davom etdi. Chunonchi, 1956-yildayoq dehqon tomorqasining o’rtacha maydoni 0,1 gektarni tashkil qildi. Shaxsiy xo’jalikda, odatda, bitta ona-bola sigir, ikki yashargacha bo’lgan bir bosh qoramol, 4 – 6 bosh qo’y, echki boqishga ruxsat berilar edi.
Qishloq xo’jalik kadrlari. Qishloqda asosiy xodimlar mexanizatorlar edi. Mexanizator kadrlarni tayyorlash MTSlar qoshidagi qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash maktablari va kurslari orqali olib borildi. 1944—1950-yillarda turli sohalar bo’yicha 50 ming nafar mexanizatorlar tayyorlashga muvaffaq bo’lindi.
60-yillarda mexanizatorlar tayyorlashning eng samarali shakli qishloq hunar-texnika bilim yurtlari bo’lib qoldi. Qishloq hunar-texnika bilim yurtlari qishloq xo’jaligining barcha sohalari uchun mexanizatorlar: tokarlar, elektrchilar, traktorchilar, kombaynchilar, mashinada sut sog’ish operatorlari, parrandaboqarlar va boshqalarni tayyorlab berardi. Ularda o’quvchilar kasb bilan birga o’rta ma’lumot ham olardilar.
Urushdan keyingi dastlabki yillarda respublikada qishloq xo’jalik oliy o’quv yurti va 12 ta texnikum ishlab turdi. Urushdan keyingi davr qiyinchiliklari ularning faoliyatiga ham ta’sir qildi. Ularning moddiy ta’minot bazasi juda qashshoq edi. O’quv xonalari, amaliy mashg’ulotlar uchun qishloq xo’jalik texnikasi, laboratoriyalar, darsliklar, ayniqsa, o’zbek tilidagi darsliklar yetishmasdi. Shunga qaramay, respublikadagi qishloq xo’jalik o’rta maxsus o’quv yurtlari urushdan keyingi yillarda 4 mingdan ortiq agronom, zooveterinar, texnik va boshqa mutaxassislarni tayyorlab berdi. 1944–1953-yillarda qishloq xo’jalik oliy o’quv yurtlari 4 ming nafarga yaqin turli kasbdagi mutaxassislarni tayyorlab chiqardi.
Shunday bo’lsa-da, 50-yillar o’rtalarida qishloq xo’jalik rahbar xodimlari orasida oliy, o’rta va yetti yillik ma’lumotga ega bo’lganlar 4 kishiga faqat bittadan to’g’ri kelardi. Xo’jaliklarning mutaxassislarga bo’lgan ehtiyoji ortib bordi. 1953—1958-yillarda respublika texnikumlarida mutaxassislar yetishtirish 3 baravar ortdi. 1965-yilda esa qishloq xo’jaligi mutaxassislari — agronomlar, zootexniklar va veterinarlar soni bir yarim baravar ko’paydi.
28.8. Aholi turmush darajasidagi o’zgarish va muammolar
Ijtimoiy soha. 1963-yili 1940-yilga nisbatan respublika sanoati 5 baravar, mashinasozlik 164 baravar o’sgan bo’lsa, oziq-ovqat sanoati ikki, sanoat ikki yarim baravar o’sdi, xolos. Hatto ayrim muhim iste’mol mollari ishlab chiqarish orqaga ketdi. 1960-yili 1940-yilga nisbatan davlatga g’alla topshirish ikki baravar, sholi topshirish 4,5 baravar kamaydi. 1960—1970-yillarda go’sht (97 ming tonnadan 94 ming tonnaga), mol yog’i ishlab chiqarish (8 mingdan 6 mingga) ozaydi.
1956-yilga qadar kolxozchilar davlat pensiyasi va nafaqalaridan foydalanish huquqidan mahrum bo’ldilar. Nafaqaxo’r va faxriylarga beriladigan pensiya va nafaqalar miqdori juda kam edi. Shu bilan birga, 50 – 60-yillarda inflyatsiya va narx-navoning oshishi tufayli pensiya va nafaqalar miqdori oylikka nisbatan kam ortdi. Faxriylar, nafaqaxo’rlar, nogironlar, bolali ayollarning moddiy ahvoli o’ta og’ir edi.
Ijtimoiy sohaga budjetdan qilinadigan sarf-xarajatlar salmog’i kamayishda davom etdi. Ijtimoiy-madaniy ehtiyojlarga respublika budjetidan qilingan sarf-xarajatlar miqdori 1970-yili 1940-yildagiga nisbatan ancha kam edi.
Turar joy muammosi. 1946-yildan 1955-yilgacha respublikada 17,5 mln. m2 turar joy qurildi. Shu jumladan, davlat barpo etgan uylar faqat 2,5 mln. m2 ni tashkil qildi xolos. Qolgan uylarni qishloq va shahar aholisi o’zining shaxsiy mablag’iga qurdi. 60-yillarda respublikada turar joy qurilishi urushdan keyingi o’n yillikka nisbatan ikki yarim baravar o’sdi. Biroq bu uylarning yarmidan ortig’i aholi tomonidan qurilgan bo’lib, davr talabiga javob bermasdi.
1966-yilda Toshkentda sodir bo’lgan zilzila oqibatida shahar uy-joy fondiga katta zarar yetdi. Ittifoq xalqlari yordami bilan Toshkentda uy-joy qurilishi gurkirab o’sdi. Chilonzor, Markaz, Qoraqamish va boshqa yirik mavzelar qurildi. Yangi Toshkent bunyod etila boshlandi.
Kommunal xo’jalik. Aholi turmush darajasining muhim ko’rsatkichi suv ta’minoti hisoblanadi. 50-yillarning boshlarida O’zbekistonning faqat 15 ta shahrida vodoprovod tizimi bor edi. Aholining ichimlik suviga bo’lgan ehtiyoji atigi 25 – 30 foiz atrofida ta’minlanardi. Tumanga bo’ysunadigan 11 ta shahar va 140 ta tuman markazida vodoprovod tizimi umuman yo’q edi. 1955–1960-yillarda respublikaning 7 shahar va 24 tuman markazlarida vodoprovod tizimlari bunyod etildi.
Maishiy xizmat ko’rsatish. Respublikada maishiy xizmat ko’rsatish 60-yillarda boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlandi. 1963-yili Toshkentda madaniy-maishiy buyumlar va ro’zg’or buyumlarini ijaraga berish, uy-xonadonlarni tozalab yig’ishtirish, bolalarga qarash va boshqa ko’pgina xizmatlarni uyushtirish bilan shug’ullanuvchi «Sharq» kombinati tashkil etildi. O’sha yilning o’zida sovutgichlarni ta’mirlaydigan «Sevar» fabrikasi, televizor va radioapparatlarni ta’mirlashga ixtisoslashgan 20 ta qabul punktiga ega «Zangori ekran» fabrikasi ishga tushdi. Andijon, Samarqand, Urganch, Nukus, Namangan shaharlarida ham shunday atelyelar qurildi.
Respublikada urushdan keyingi yillarda maishiy xizmat ko’rsatish sohasida erishilgan daraja aholi talabiga javob bermasdi. 1960-yili respublikadagi 5,4 ming maishiy xizmat ko’rsatish korxonalarining faqat 2 mingga yaqini qishloqlarda joylashgan bo’lib, ularning aksariyatini 1 – 2 nafar usta ishlaydigan, maxsus bino va zarur sharoitga ega bo’lmagan poyafzal ta’mirlash ustaxonalari, sartaroshxonalar tashkil qilardi.
Sog’liqni saqlash. Birgina 1948-yilda tez yordam xizmati kasalxonalarda joy yo’qligi tufayli 3 mingdan ortiq bemorni yotqizishdan bosh tortdi.
Respublikada 1948-yilda o’pka kasallari davolanishi uchun shifoxonalarda atigi 2 mingga yaqin o’rin mavjud edi. Holbuki, bunday shifoxonalarga ehtiyoj 4 mingdan ortiq joyni tashkil qilardi.
50-yillarda respublikada tibbiyot muassasalarini ko’paytirishga oz-moz e’tibor berildi. 1953–1958-yillarda 200 ga yaqin kasalxonalar ochildi, ulardagi o’rinlar soni 13 mingtaga ortdi. Shunga qaramay aholi sog’lig’ini saqlash xizmati boshqa respublikalarga qaraganda ancha orqada edi. Shuning uchun 1960-yili kasalxona shoxobchalarini kengaytirish maqsadida davolash o’rinlarini 20 mingtaga orttirish belgilandi. Buning uchun davolash muassasalariga 500 dan ortiq ma’muriy va boshqa binolar ajratildi. O’sha yili respublika bo’yicha 223 ta shifoxona muassasalari va 21 mingta davolanish o’rinlari ishga tushirildi. Son jihatdan ancha ishlar qilingan bo’lsa-da, respublikada sog’liqni saqlash saviyasi aholi talablarini qondirmay qolaverdi.
60-yillarda tibbiyot xizmatini yaxshilash borasida ko’pgina ishlar amalga oshirildi. Bir qancha yirik kasalxonalar ishga tushirildi. Shu bilan birga, sog’liqni saqlashni rivojlantirishga ajratilgan kapital mablag’lar o’zlashtirilmay, talay obyektlarni ishga tushirish muddatlari yildan yilga surilib keldi.
1970-yilga kelib O’zbekistonda 1260 dan ortiq kasalxona, 1760 dan ziyod ambulatoriya-poliklinika muassasalari, 1035 feldsherlik punktlari, 4200 ta feldsherlik-ambulatoriya yordami muassasalari bo’lishiga qaramay, aholini tibbiy yordam bilan ta’minlash darajasi juda past bo’lib qolaverdi.
Shunga qaramay, 1946–1970-yillarda o’zbek xalqining fidokorona mehnati tufayli aholining turar joy va maishiy sharoitlari, sog’lig’i muhofazasini yaxshilash borasida ayrim yutuqlarga erishildi. 60-yillarga kelib aholining turmush darajasi sezilarli ko’tarildi.
28.9. Ma’naviy madaniyatning rivojlanishidagi ziddiyatlar
Umumta’lim maktablari. O’zbekistonda urushdan keyingi yillarda o’zbek xalqining sa’y-harakatlari bilan ta’lim sohasida ma’lum yutuqlarga erishildi. 1940/41-o’quv yilidan 1970/71-o’quv yiligacha bo’lgan davrda umumta’lim maktablaridagi o’qituvchilar soni 2,5 baravar ortdi. Shunga yarasha umumta’lim maktablari tarmog’i ham kengayib bordi.
Qishloq maktablarining 75 foizga yaqini vodoprovod, kanalizatsiyaga, yarmidan ortig’i markazdan turib isitish moslamalariga ega emas edi. Fan, madaniyat va xalq ta’limiga sarf-xarajatlar budjet mablag’ining atigi 2,7 foizini tashkil etardi.
O’zbekistonda maktabning turmush bilan bog’lanishini mustahkamlash to’g’risidagi 1959-yilda respublika hukumati qabul qilgan qonunga asosan o’qishni ishlab chiqarish bilan qo’shib olib borish talab etildi. Bu davrda respublika maktablari o’qituvchi kadrlar bilan son jihatidan yetarlicha ta’minlandi. Biroq oliy ma’lumotli pedagog kadrlar 60-yillarda respublikadagi barcha o’qituvchilarning uchdan bir qismini tashkil qilardi, xolos.
Adabiyot va san’at. Urush yillari voyaga yetgan ko’plab ijodkorlar adabiyotga kirib keldilar. Said Ahmad, Asqad Muxtor, Hamid G’ulom, Mirmuhsin, Turob To’la, Shukrullo, Ramz Bobojon, Rahmat Fayziy, Mamarasul Boboyev, Ibrohim Rahim, Mirzakalon Ismoiliy, Pirimqul Qodirov, Odil Yoqubov, Saida Zunnunova kabi yozuvchi va shoirlar adabiy jarayonni jonlantirib yubordilar. Oldingi yillarda bolalar adabiyotida oqsash sezilardi, bu soha namoyandalari oz edi. Urushdan keyingi yillarda bolalar adabiyotiga qator o’ziga xos yozuvchi va shoirlar kirib keldi. Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Ilyos Muslim, Qudrat Hikmat, Po’lat Mo’min kabi shoirlar, Hakim Nazir, Adham Rahmat kabi yozuvchilar shular jumlasidandir.
50 – 60-yillarda o’zbek adabiyotida proza janrida ko’plab asarlar yaratildi. Romanchilikda 20 dan ortiq asar, jumladan, Oybekning «Oltin vodiydan shabadalar», Parda Tursunning «O’qituvchi», Abdulla Qahhorning «Qo’shchinor chiroqlari», A. Muxtorning «Opa-singillar» kabi romanlari nashr etildi. Oybek o’z asarida urushdan keyingi yillardagi dehqonlar hayotini tahlil qildi. A. Qahhor o’zbek qishlog’i kollektivlashtirish davridagi dehqonlar hayotini haqqoniy tasvirladi. Parda Tursun romanida o’zbek o’qituvchisining shakllanishi yozuvchining o’z boshidan kechirgan voqealar asosida yoritildi. «Opa-singillar» romanida o’zbek xotin-qizlarining katta ijtimoiy hayotga kirib borishi aks ettirildi.
Mirzacho’lni o’zlashtirish, o’zbek dehqonlarining faoliyatiga bag’ishlangan yirik prozaik asarlar yaratildi. Sh. Rashidovning «G’oliblar», «Bo’rondan kuchli» romanlari, S. Ahmadning «Ufq» trilogiyasi, R. Fayziyning «Cho’lga bahor keldi» qissasi shular jumlasidan.
Ayniqsa, she’riyat juda sermahsul bo’ldi. Bunda katta avlod vakillari — G’afur G’ulom, Uyg’un, M. Shayxzoda, Zulfiya, Habibiy, G’ayratiy va boshqalar yetakchilik qildilar. G’afur G’ulom ijodi markazida tinchlik uchun kurash masalalari, do’stlik motivi turdi. Uning «Vaqt», «Yashasin tinchlik» va boshqa she’rlari ma’no jihatdan chuqurligi, falsafiy teranligi bilan ajralib turadi.
Urushdan keyingi davrda shoirlar ijodiy izlanishda bo’ldilar. O’zbek she’riyatida turkum she’rlar, yangi poema va dostonlar yaratildi. M. Boboyevning «Eron osmoni ostida», Mirtemirning «Qoraqalpoq daftari» she’riy turkumlari e’lon qilindi va yuksak baholandi. Asqad Muxtorning «Po’lat quyuvchi», Oybekning «Qizlar», Mirmuhsinning «Usta G’iyos» dostonlarida yaratuvchi inson obrazi yaratildi.
Dramaturglar ham bir qancha mukammal pyesalar yozib, sahnaga chiqardilar. K. Yashinning «General Rahimov», N. Safarovning «Sharq tongi», S. Abdullaning «Muqimiy» dramalari o’zbek sahnasi repertuaridan munosib o’rin oldi. A. Qahhorning «Yangi yer», «Og’riq tishlar», «Tobutdan tovush» komediyalari katta shuhrat qozondi.
O’zbekiston yozuvchilari teatr
va musiqa arboblari bilan ijodiy hamkorlikda samarali ish olib bordilar. Bu
davrda A. Hidoyatov, S. Eshonto’rayeva, H. Nosirova, O. Xo’jayev, R.
Hamroyev,
L. Sarimsoqova, Sh. Burxonov, M. Turg’unboyeva, Tamaraxonim, G. Izmaylova
singari o’zbek sahnasi ustalari dong taratdilar.
Hamza nomidagi o’zbek drama teatri milliy tomoshabinni jahon dramaturgiyasining yuksak namunalari bilan tanishtiruvchi dargohga aylandi. Bu teatr Shekspirning «Otello», Shayxzodaning «Jaloliddin», «Mirzo Ulug’bek», H. Olimjonning «Muqanna», Uyg’un va I. Sultonning «Alisher Navoiy» singari yorqin asarlarini sahnalashtirdi. Teatr o’z sahnasini milliy dramaturglar ixtiyoriga berib, o’zbek dramaturgiyasi va teatr san’atining rivojlanishida katta rol o’ynadi.
Milliy opera va balet san’ati
jiddiy rivojlandi. A. Navoiy nomidagi o’zbek davlat opera va balet teatri M.
Ashrafiyning «Dilorom», S. Yudakovning «Maysaraning ishi»,
S. Boboyevning «Hamza»,
A. Kozlovskiyning «Ulug’bek» operalarini muvaffaqiyatli sahnalashtirdi.
Kino O’zbekiston madaniy hayotining muhim qismiga aylandi. Respublikada iste’dodli kinematografchi kadrlar, rejissorlar, operatorlar, ssenariyachilar yetishib chiqdi. K. Yormatov, M. Qayumov, Y. A’zamov, Sh. Abbosov, L. Fayziyev, Z. Sobitov kabi kino arboblarining nomi respublikadan tashqarida ham mashhur bo’ldi.
28.10. Fan va oliy ta’lim: siljishlar va qiyinchiliklar
Fan. O’zbekiston fani ming yillik tarixga ega. O’zbekiston zaminida yashab ijod qilgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg’oniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Ulug’bek, Imom Buxoriy, Bahovuddin Naqshband singari buyuk mutafakkir va olimlar jahon madaniyati tarixidan abadiy o’rin oldilar.
1940-yilda 90 ta maxsus ilmiy-tadqiqot muassasalari, ularning filiallari, bo’limlari, tajriba stansiyalari, oliy o’quv yurtlari va boshqalar faoliyat ko’rsatgan bo’lsa, ularning soni 1960-yilda 140 tadan, 1970-yilga kelib esa 180 tadan oshib ketdi. Ilmiy xodimlar soni 1960–1970-yillarda ikki yarim baravar o’sdi va 25 ming nafarga yetdi. Respublikada fan sohasida erishilgan yutuqlar shu ko’p sonli ilmiy xodimlar ijodiy mehnatining natijasi bo’ldi.
50 – 60-yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasi tarkibida yadro fizikasi, o’simlik moddalari kimyosi, kibernetika, seysmologiya, elektronika, biokimyo, fiziologiya va biofizika institutlari tashkil qilindi.
O’zbek olimlari: geologlar Habib Abdullayev, Ibrohim Hamroboyev, biokimyogar Yolqin To’raqulov, kimyogarlar Obid Sodiqov, N. Nabiyev, Sobir Yunusov, fizik va matematiklar T. N. Qori Niyoziy, Toshmuhammad Sarimsoqov, Ubay Oripov, texnika fanlari sohasidagi olimlar Muhammad O’rozboyev, Vosit Qobulov, faylasuf Ibrohim Mo’minov, tarixchi Yahyo G’ulomov va boshqa ko’plab olimlarning nomlari O’zbekistondan tashqarida ham shuhrat qozondi.
Xususan, akademik Habib Abdullayevning respublika fanini rivojlantirishdagi xizmati katta bo’ldi. Uning geologiya, jumladan, bu fanning petrologiya-metallogenik tarmog’i sohasidagi tadqiqotlari O’zbekistondagina emas, chet mamlakatlarda ham e’tirof etildi. H. Abdullayev 1956 – 1962-yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti lavozimida xizmat qilish bilan birga, yirik ilmiy tadqiqotlar olib bordi, yuqori malakali ilmiy xodimlar tayyorlashga alohida e’tibor berdi.
Urushdan keyingi yillarda mamlakatda keng ildiz otgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimi faoliyati O’zbekiston faniga, uning milliy ilmiy kadrlar tayyorlash ishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Respublikada o’zbeklar soni ruslarga nisbatan olti baravar ko’p bo’lishiga qaramay, 1963-yilgi ma’mulotlarga ko’ra, ilmiy xodimlar tarkibida o’zbeklar (5,5 mingdan sal ortiq) va ruslar (5,5 mingdan sal kam) nisbati deyarli teng edi. O’zbeklardan 97, ruslardan 96 nafar fan doktorlari ish olib borardi.
Oliy o’quv yurtlari. Talabalar doirasi ancha kengaydi. 1960/61-o’quv yilida O’zbekiston oliy maktablarida 100 ming nafar talaba ta’lim olgan bo’lsa, 1970/71-o’quv yilida ularning soni 230 mingga yetdi. Bu davr ichida oliy maktab respublika xalq xo’jaligi uchun yetkazib bergan diplomli mutaxassislar soni 2,5 baravar ortgan.
Oliy o’quv yurtlari soni 1940-yildagi 30 tadan 1970-yilda 38 taga ko’paydi. Xalq xo’jaligining rivojlanishi yangi oliy o’quv yurtlarini ochishni talab qildi. Urushdan keyingi yillarda Toshkent elektrotexnik aloqa instituti, Toshkent avtomobil yo’llari instituti, Andijon paxtachilik instituti, Andijon tibbiyot instituti, Andijon tillar pedagogika instituti, Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiya instituti, Farg’ona politexnika instituti va boshqa oliy o’quv yurtlari malakali kadrlarga bo’lgan talabni qondirdi. Maorif, sanoat, qurilish, transport, iqtisodiyot, qishloq xo’jaligi, sog’liqni saqlash, san’at va boshqa sohalarda mutaxassis kadrlar tayyorlandi.
Oliy o’quv yurtlaridagi professor va o’qituvchilar soni ham yildan-yilga oshib bordi. Oliy maktablarda 1958-yili 5 ming ilmiy-pedagog xodim ishlagan bo’lsa, 1965-yilda ushby son 8 mingtaga yetdi. Oliy o’quv yurtlari olimlari O’zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ijodiy hamkorlikda fan, iqtisodiyot va madaniyat taraqqiyoti uchun katta ahamiyatga ega bo’lgan talay ilmiy ishlar, salmoqli asarlar yaratdilar.
Respublika oliy o’quv yurtlarida sirtqi va kechki ta’lim keng rivojlandi. Ayniqsa, 1959-yilgi maktabning hayot bilan bog’liqligini mustahkamlash to’g’risidagi qonun asosida ta’limning bu shakllari yanada kengaydi. Respublikaning barcha institutlarida sirtqi va kechki bo’limlar ochildi.
1940-yilda sirtqi va kechki ta’lim tizimida o’qiyotgan talabalar respublika oliy o’quv yurtlaridagi jami talabalarning 20 foizini tashkil qilgan bo’lsa, 1966-yilda ularning salmog’i 62 foizga yetdi. O’sha vaqtda sirtqi va kechki bo’limlardagi talabalarning soni jihatidan mamlakatimiz birinchi o’rinda deb maqtanish rasm bo’ldi. Lekin bu aslida achinarli hol edi. Sirtqi va kechki bo’limlarda ta’lim olgan talabalar ixtisosliklari bo’yicha yetarli nazariy bilimga ega bo’lmasdilar. Ular ko’proq bilim olish uchun emas, diplom uchun o’qirdilar. Bu yillarda oliy o’quv yurtlari va ular tayyorlagan mutaxassislar soni ko’paydi, biroq sifati pasaydi.
28.11. O’zbekistonning xalqaro aloqalarda qatnashuvi
Iqtisodiy aloqalar. O’zbekiston eksportining 90 foizini paxta va paxta mahsulotlari tashkil qildi. Shunisi xarakterliki, xalqaro aloqalar asosan o’sha yillarda sotsialistik lagerga kirgan mamlakatlar (Chexoslovakiya, Vengriya, Bolgariya, Ruminiya, Polsha va boshqalar) bilan olib borildi.
O’zbekiston mahsulotlarini chetga chiqarish yildan-yilga ortib bordi. 1958 – 1967-yillar davomida eksport hajmi uch baravar ko’paydi. Respublika eksporti umumiy hajmining 70 foizdan ortig’i yuqorida ko’rsatilgan davlatlarga yuborilardi. O’zbekistondan olib chiqib ketilgan mahsulot turlari 100 xildan ortiq edi. Paxta tolasidan tashqari to’qimachilik mashinalari, kimyoviy uskunalar, ekskavatorlar, ko’prikli elektr kranlari, qishloq xo’jalik mashinalari, jumladan, paxta terish mashinalari, nasoslar, kabel mahsulotlari va boshqa ko’plab mahsulotlar chetga chiqariladigan bo’ldi. 1958-yili respublika o’z mahsulotlarini jahonning 32 mamlakatiga, 1970-yilga kelib esa 100 ga yaqin davlatlarga chiqarib turdi.
O’zbekiston chetdan keltiriladigan mollarning yirik iste’molchisi bo’lib qolaverdi. Shuni aytish kerakki, o’sha davrda kapitalistik davlatlar bilan aloqalar cheklangan edi. Shu sababli 1966 – 1970-yillarda O’zbekiston chetdan import qiladigan mahsulotlarning 75 foizga yaqinini sotsialistik mamlakatlardan keladigan mollar tashkil qilardi. Germaniya Demokratik Respublikasi, Chexoslovakiya, Vengriya, Ruminiyada ishlangan turli sanoat mahsulotlari, asbob-uskunalar, turli jihozlar Chirchiq elektr kimyo kombinati, Farg’ona azot o’g’itlari zavodi, Oltintopgan metall kombinati va boshqa ko’plab korxonalarda keng qo’llanardi. Bundan tashqari respublikaga ko’plab iste’mol mollari, mebel, gazlama, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqalar keltirilardi.
Shunisi ajablanarliki, Polsha, Bolgariya, Chexoslovakiya bizdan eksport qilingan paxta tolasidan to’qilgan gazlama, kiyim-kechaklarni O’zbekistonga jo’natardi. Bunday kulgili ahvol O’zbekiston metropoliyaning xomashyo bazasi ekani, bu yerda tayyor mahsulot chiqarish g’arazli niyatda yo’lga qo’yilmagani natijasi edi.
Milliy kadrlar tayyorlashdagi hamkorlik. O’zbekistonning chet mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorligining muhim yo’nalishi mutaxassis kadrlar almashish bo’ldi. O’zbekiston zavod, fabrikalar, xo’jalik obyektlari qurish, asbob-uskunalarni montaj qilish, ishga tushirishni yo’lga qo’yish uchun shu mamlakatlarga mutaxassislar yubordi. Chunonchi, «Tashtekstilmash» zavodi 1958 – 1967-yillar mobaynida o’zining 44 nafar vakilini to’qimachilik uskunalarini montaj qilish uchun turli mamlakatlarga jo’natdi.
60-yillarda Kuba va Bolgariyada paxta terish mashinasidan keng foydalana boshlandi. Bu mashinani o’zlashtirishda O’zbekiston mutaxassislari ularga katta yordam berdi.
60-yillarning boshlarida Andijon viloyati bilan Bolgariyaning Yambol okrugi, Toshkent viloyati bilan Haskovo okrugi mehnatkashlari o’rtasidagi o’zaro yordam va hamkorlikka asoslangan aloqalar mustahkamlandi. Paxtachilikni rivojlantirish, irrigatsiya-melioratsiya ko’rinishida sug’oriladigan yerlarni o’zlashtirishda O’zbekiston bilan Bolgariya dehqonlari o’zaro tajriba almashdilar.
1968-yilda 40 dan ortiq arab agronom, tuproqshunos, irrigator va mexanigi Toshkent, Mirzacho’l sovxozlarida, bir guruh Eron metallurglari Bekobod metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish tajribasini o’tadilar.
Respublikamizning oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlarida ta’lim olgan xorijlik talabalarning soni yildan yilga oshib bordi. Agar 1963/64-o’quv yilida Toshkentdagi oliy o’quv yurtlari va texnikumlarida 14 mamlakatdan kelgan 250 kishi ta’lim olgan bo’lsa, 1967/68-o’quv yilida 27 mamlakatdan kelgan 340 kishi ta’lim oldi. 1946-yildan 1970-yilgacha respublikamiz o’quv yurtlari, ilmiy-tadqiqot institutlarida Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 45 mamlakatidan kelgan 1500 ga yaqin talaba, stajyor va aspirantlar ta’lim oldilar.
1961-yildan boshlab Toshkent davlat tibbiyot instituti xorijiy mamlakatlar uchun turli ixtisosdagi vrachlarni tayyorlashga kirishdi. 60-yillarda bir necha mamlakatlarga yuzlab vrach va tibbiyot fanlari nomzodlari tayyorlab berildi.
Ilmiy va madaniy aloqalar. O’zbekistonning xalqaro ilmiy aloqalarini rivojlantirishda, dunyo olimlari bilan ilmiy aloqa o’rnatishda O’zbekiston Fanlar akademiyasi alohida rol o’ynadi. 1969-yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlariga tajriba almashish maqsadida xorijiy mamlakatlardan 174 olim va mutaxassis tashrif buyurdi. 1970-yilda akademiyaning turli institutlariga 135 nafar chet ellik olim keldi. Ular O’zbekiston Fanlar akademiyasida olib borilayotgan ilmiy ishlar bilan, o’zbek olimlarining jahon fani taraqqiyotiga qo’shayotgan hissalari bilan tanishdilar.
O’zbekistonga tashrif buyurgan chet el olimlari respublika olimlari erishgan yutuqlarga yuksak baho berdilar. «Men, — deb aytgan edi Xalqaro atom energiyasi agentligining direktori Zigvard Eklund, — bu yerda olimlar naqadar aniq metodlar bilan tadqiqotlar o’tkazish imkoniyatiga ega ekanliklarini ko’rib hayratda qoldim. Atomchii olimlarning xalqaro hamkorligini rivojlantirishda O’zbekiston o’zining ilmiy muassasalari bilan muhim rol o’ynashi mumkin».
Chet mamlakatlarda o’tkazilgan turli xalqaro kongress va simpoziumlar ishida o’zbek olimlari faol qatnashdilar. 60-yillarning birinchi yarmida O’zbekiston olimlaridan 200 dan ziyodi jahonning qirqqa yaqin mamlakatlariga borib keldi. Ular 50 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlarda ishtirok etdilar va ma’ruzalar qildilar. Ilmiy konferensiyalarda qatnashish maqsadida 1969-yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasining 42 olimi xorijiy mamlakatlarda bo’ldilar. Ilmiy aloqalar bu mamlakatlarning fanini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
O’zbekiston xalqaro madaniy hamkorlikda faol ishtirok etdi. O’zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan adabiy aloqalarining rivojlanishida 1958-yilda chaqirilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari yozuvchilarining Toshkent konferensiyasi g’oyat muhim rol o’ynadi.
Adabiy aloqalarni rivojlantirish borasida respublika Yozuvchilari uyushmasi katta tadbirlarni amalga oshirdi. Uning tashabbusi bilan o’zbek yozuvchi va shoirlarining chet elga chiqishlari, xorijiy adiblarning O’zbekistonga kelishi keng yo’lga qo’yildi. 1969–1970-yillarda Komil Yashin, Zulfiya, Hakim Nazir, O’lmas Umarbekov, Hamid G’ulom va boshqa yozuvchi, shoirlar Fransiya, Bolgariya, Kuba, Hindiston kabi mamlakatlarga do’stlik safarlari bilan chiqdilar. O’zbek yozuvchilari o’zlari borib ko’rgan mamlakatlar haqida ocherk, qissa va she’riy asarlar yozib, kitobxonlarga taqdim etdilar. Birgina 1970-yilda O’zbekistonga Yevropa, Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasining 32 mamlakatidan 50 dan ziyod adiblar mehmon bo’lib keldilar. Xorijiy yozuvchilarning O’zbekistonga kelishlari, o’zbek adiblarining chet ellarga safarga chiqishlari adabiy aloqalarning kengayishiga xizmat qildi.
Xalqaro adabiy aloqalarni rivojlantirishda chet el mualliflari asarlarini o’zbek tilida nashr etish muhim ahamiyat kasb etdi. 1964–1970-yillarda respublikamizda xorijiy yozuvchi va shoirlarning 100 dan ortiq asarlari o’zbek tilida bosildi. Ko’zga ko’ringan o’zbek adiblari — Oybek, Zulfiya, Shayxzoda, Sh. Rashidov va boshqalarning asarlari Yevropa, Osiyo, Afrika xalqlari tillarida nashr etildi. O’zbekiston xalq shoiri G’afur G’ulomning asarlari jahonning 25 tilida chop etildi.
Toshkentda o’tkazilgan Osiyo va Afrika mamlakatlari kinofestivallari muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1962-yilning o’zida respublika kinoteatrlarida chet eldagi 25 kinostudiyada ishlab chiqarilgan 89 badiiy film namoyish etildi. 40 dan ortiq chet mamlakatlarning kinoteatrlarida o’zbek badiiy va hujjatli filmlari ko’rsatildi. «O’zbekfilm» tomonidan yaratilgan qator badiiy filmlar, jumladan, «Osiyo ustida bo’ron», «Toshkent — non shahri», «Mahallada duv-duv gap», «O’tgan kunlar» filmlari namoyish qilindi.
50 – 60-yillarda o’zbek san’atining xalqaro aloqalariga Muhiddin qori Yoqubov nomli O’zbekiston davlat filarmoniyasi, A. Navoiy nomli o’zbek davlat akademik katta teatri artistlari, jumladan, Tamaraxonim, Halima Nosirova, Mukarrama Turg’unboyeva, Galiya Izmaylova, Saodat Qobulova, Bernora Qoriyeva singari mashhur san’atkorlar ulkan hissa qo’shdilar. «Bahor» ashula va raqs ansambli 60-yillarda 20 ga yaqin xorijiy mamlakatga safar qildi. Mohir o’zbek raqqosalari nafis va go’zal san’atlari bilan minglab chet ellik tomoshabinlarni maftun etdilar.
29-MAVZU: O’ZBEKISTONDA IJTIMOIY-SIYOSIY INQIROZNING
KUCHAYISHI
(1971–1985-yillar)
29.1. O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayoti. Sovetlarning partiya organlariga qaramligi
Ittifoq tarkibida bo’lgan O’zbekiston respublikasi, uning rahbar tashkilotlari huquqlari cheklangan edi. Ular Markazning ko’rsatmalariga binoan ish olib borardi. 70–80-yillarda boshqaruvning o’ta markazlashtiriluvchi ma’muriy-buyruqbozlik tizimining hukmronligi avj oldi. Bu hol respublika ma’muriyatini mustaqil ish tutish va tashabbus ko’rsatish imkonidan mahrum etdi.
Qonun chiqaruvchi va ijrochi hokimiyat Ittifoqdagi singari, respublikada ham rasman sovetlar ixtiyorida edi. 1950–1959-yillarda O’zbekiston Oliy Soveti Prezidiumiga Sh. R. Rashidov boshchilik qildi.
Sharof Rashidovich Rashidov (1917–1983) — respublikaning atoqli davlat, jamoat va siyosiy arbobi, o’zbek yozuvchisi. 30–40-yillarning ikkinchi yarmida u Samarqand viloyati gazetasi, so’ngra «Qizil O’zbekiston» gazetasi muharriri bo’lib ishladi. O’zbekiston Yozuvchilari uyushmasi boshqaruvi raisi bo’ldi. 1959-yildan to umrining oxirigacha O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo’lib keldi. U iste’dodli tashkilotchi va rahbar edi. Uning ishtirokida O’zbekiston iqtisodiyoti va madaniyatini rivojlantirishda muayyan muvaffaqiyatlar qo’lga kiritildi. Paxtachilikni rivojlantirish, yangi yerlarni o’zlashtirish, 1966-yildagi zilziladan so’ng Toshkentni qayta tiklash ishiga u ko’p kuch-quvvat va g’ayratini sarfladi. Toshkent metropoliteni qurilishi uning tashabbusi bilan boshlangan. Metropolitenning birinchi navbati 1977-yilda ishga tushirildi.
Hokimiyatning joylardagi siyosiy organlari. Oliy Sovetdan boshlab to qishloq sovetigacha bo’lgan organlar boshqa ishlar bilan bir qatorda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish masalalari bilan ham shug’ullanar edi. Biroq ularning faoliyatini boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi bo’g’ib qo’yardi. Sovetlarning mo’ljallangan tadbirlarni amalga oshirishga mablag’lari ham bo’lmagan.
SSSR Konstitutsiyasining 6-moddasida KPSSning sovet davlatidagi yetakchi roli qonuniy mustahkamlab qo’yilgan edi. Ushbu moddada Kommunistik partiya jamiyatning rahbarlik qiluvchi va yo’naltiruvchi kuchi deb yozib qo’yilgandi. Konstitutsiyaning bu moddasi jamiyatda kompartiyaning yetakchilik rolini ta’minlab berdi, uning sovet, jamoat tashkilotlari ustidan hukmronlik qilishi uchun asos bo’ldi.
Jamoat tashkilotlari huquqlarining cheklanishi. Kasaba Uyushmalari eng ommaviy mehnatkashlar tashkiloti bo’lgan. O’zbekiston kasaba uyushmalarining eng muhim vazifalari mehnat sharoitlarini, mehnatkashlarning turmush va dam olish sharoitlarini yaxshilash, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qilishdan iborat edi. Biroq 1970 – 1985-yillarda ular ham boshqarishning ma’muriy-buyruqbozlik tizimi ta’siridan chetda qolmadi. Korxona rahbari kasaba komitetiga buyruq bera olar, kasaba komiteti esa ma’muriyatning xohish-istagiga itoatkorona bo’ysunardi.
O’zbekiston Kompartiyasining siyosati. O’zbekiston Kompartiyasi uning quyi tuzilmalari, butun KPSSda bo’lganidek, jamiyatdagi to’rachilik ko’rinishlariga qarshilik ko’rsatmadi, ma’muriy-buyruqbozlik tizimiga payvasta bo’lib qo’shilib ketdi. Partiya rahbarlik qilishning ma’muriy, zo’ravonlik usul amallarini o’ziga qurol qilib oldi, siyosiy tashkilotga xos xususiyatlarini tobora yo’qotib bordi.
O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetidagi soha bo’limlarining aksari davlat boshqaruvi soha tizimlarini takrorlar edi. Mavjud ma’lumotlarga ko’ra, partiya plenumlarida ko’rilgan masalalarning 80 foizga yaqini xo’jalik sohasiga tegishli bo’lgan. Paxtachilik, chorvachilik umuman, qishloq xo’jaligi, sanoat qurilishi va boshqa sohalarning vazifalari va rivojlanish istiqbollarini plenum qarorlari belgilab berardi. Bu qarorlar xo’jalik organlarining shu masalalar yuzasidan bergan buyruq va ko’rsatmalaridan kam farq qilardi. Partiya organlari xo’jalik muammolariga sho’ng’ib ketib, odamlar bilan ishlashga, siyosiy masalalarga, ijtimoiy va ma’naviy hayot sohalariga e’tiborni susaytirib qo’ydilar.
29.2. Aholining o’sishi va milliy tarkibidagi o’zgarishlar
Aholi sonining o’sishi. Respublikamizda aholi va mehnat resurslari 1971–1985-yillarda yuksak sur’atlar bilan o’sib borgan. Aholining asosiy qismi qishloq joylarda yashagan. Ajdodlari qadimdan yashab kelgan yerlarga bog’langanlik, ko’chib yurishga moyillikning yo’qligi respublika aholisiga xos xususiyat edi.
O’zbekiston aholisining umumiy soni o’sha yillari 11,7 mln. kishidan 18,4 mln. kishiga yetdi. Aholi sonining tez o’sishi natijasida O’zbekiston aholisining Ittifoq umumiy aholisi miqdoridagi salmog’i ham muntazam o’sib bordi. Aholining asosiy qismi o’zbeklardan iborat bo’lib, respublika aholisi tarkibida ularning salmog’i 1970-yilgi 65,4 foizdan 1989 yilda 71,4 foizga yetdi.
Respublikada demografik vaziyat ancha murakkablashdi. Aholining tabiiy o’sishi tez sur’atlarda davom etdi. Respublikamiz bu ko’rsatkich bo’yicha Tojikistondan keyin Ittifoqda ikkinchi o’rinda turgan. Respublikamiz aholisining tabiiy o’sishi Ittifoqdagiga nisbatan 3 baravardan ziyod bo’lgan. Mazkur yillarda respublikada ko’plab sanoatlashgan shaharlarning vujudga kelishi natijasida ham aholi soni ortdi.
Sovet hukumati amalga oshirgan milliy siyosat oqibatida shahar aholisining ko’payishi O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Farg’ona, Andijon, Toshkent viloyati shaharlarida aholini uy-joy, bog’cha va ish bilan ta’minlash masalasi qiyinlashdi.
Respublika shahar aholisining umumiy soni ko’payishda davom etdi. Masalan, 1970-yili respublika shahar aholisi 36,6 foizni tashkil etgan bo’lsa, 1986-yilga kelib 40,5 foizga yetdi.
O’zbekistonda aholining nisbatan tez sur’atlarda o’sishi birinchi navbatda tug’ilish darajasiga bog’liq. Respublikaning 60 foizga yaqin aholisi istiqomat qiluvchi qishloq joylarda tug’ilish nisbatan yuqori bo’ldi. Qishloqda tug’ilishning ko’payishiga ijobiy ta’sir qilgan omillardan biri ko’p bolalilik an’anasining saqlanib qolgani edi.
Aholi milliy tarkibidagi o’zgarishlar. O’rta Osiyoning boshqa respublikalaridagi singari, O’zbekistonda ham asrlar mobaynida shakllangan va mintaqaning tub yerli millatlari vakillaridan iborat bo’lgan aholining ko’p millatli tarkibi keyingi salkam 150 yilda, jumladan, 70-yillar va 80-yillar o’rtalarigacha bo’lgan davrda mahalliy bo’lmagan ko’pgina millat va elatlarning vakillari hisobiga yanada kengayib bordi.
O’zbekistonda 127 millat, elat va etnik guruhlap vakillari istiqomat qiladi. Aholining asosiy qismi o’zbeklardan iborat bo’lib, ularning aholi umumiy sonidagi salmog’i muttasil ortib bordi. Ruslar aholi soni bo’yicha ikkinchi o’rinni egallab, 1970-yilgi 12,5 foizdan 1979-yilda 10,8 foizga tushdi. Tojiklar soni muttasil ko’payib bordi. Qozoqlar soni umumiy aholining 4 foizini tashkil qildi.
O’zbekistonda 80-yillarning o’rtalariga kelib shaharlar soni 123 taga yetdi. Ularning uchdan ikki qismi respublika yer osti boyliklarini ishga solish va yangi yerlarni o’zlashtirish tufayli vujudga keldi. Ularning aksariyatiga mahalliy bo’lmagan millatlar vakillari kelib joylashdilar. Buxoro viloyatining Zarafshon (1972-yilda tashkil topgan), Uchquduq (1978-yil), Sirdaryo viloyatining Shirin (1972-yil) Jizzax viloyatining Paxtakor (1977-yil) shaharlari shular jumlasidandir. Birmuncha ilgari vujudga kelgan va sanoati rivojlangan Navoiy, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Yangiyo’l va boshqa shaharlar aholisi tarkibida ham rus, ukrain, tatar va boshqa millat vakillarining salmog’i yuqori bo’ldi. Ularning asosiy qismi kimyo sanoati, mashinasozlik va qurilish, neftni qayta ishlash, oltin va boshqa qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish korxonalarida ishga joylashdilar. Yirik sanoat korxonalarida o’zbeklar soni nihoyatda kamayib ketdi. Jumladan, mashinasozlik korxonalarida ularning salmog’i 30 foizga ham yetmas edi.
Aholining hududiy joylashishi xususiyatlari. 70—80-yillar o’rtalarigacha bo’lgan davrda O’zbekiston aholisi tabiiy o’sish hamda Ittifoqning boshqa mintaqalaridan turli sabablarga ko’ra ko’chib kelganlar hisobiga ko’payib bordi. Shu bilan birga uning joylashishida ham qator o’zgarishlar sodir bo’ldi va muammolar kelib chiqdi. Aholining zich yashashi bilan bog’liq muammo ayniqsa murakkab bo’ldi. Aholining o’rtacha zichligi jihatidan O’zbekiston Ittifoqda boshqa respublikalardan ancha oldinda turardi. 80-yillar o’rtalarida O’zbekistonda aholining zichligi Ittifoqdagi o’rtacha darajadan 3,3 baravardan ham ortiq edi. O’zbekistonda aholi zichligi O’rta Osiyoning boshqa respublikalariga nisbatan ham ancha yuqori bo’ldi.
O’ziga xos tabiiy shart-sharoitlarga ega bo’lgan O’zbekistonda aholining asosan vohalarda yashashi ko’zga tashlanadi. Aholi zichligi Farg’ona viloyati, Andijon va Toshkent viloyatlarida ayniqsa, yuqori bo’lgan. Masalan, 1985-yil 1-yanvarigacha bo’lgan ma’lumotga ko’ra, 1 km2 maydonga Andijon viloyatida 370 kishi to’g’ri kelsa, Qoraqalpog’istonda va Navoiy viloyatida har bir km2 maydonga o’rtacha 5 – 6 kishi to’g’ri kelgan.
O’zbeklar salmog’i Xorazm, Farg’ona, Andijon, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida 80 foizdan ortiqni tashkil etgan bo’lsa, Qoraqalpog’istonda, Toshkent shahri va viloyatida ularning hissasi ancha past darajada edi.
29.3. Sanoat sohasidagi ziddiyatlar
Yangi sanoat korxonalarining barpo etilishi. 70-yillarga kelganda respublikada ijtimoiy rivojlanish muammolari ularning hal qilinishidan ko’ra tezroq ko’payib, keskinlashib bordi. Boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullari va iqtisodiyotni qattiq rejalashtirish prinsipi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bu hol sanoatni rivojlantirishni ham qiyin ahvolga solib qo’ydi.
70 – 80-yillar respublikamizda ishlab turgan sanoat korxonalari, ularning filiallari va sexlarida o’rnatilgan dastgoh va asbob-uskunalarning 60 foizdan ko’prog’i eskirib, ishga yaroqsiz holga kelib qolgan edi. Shu bilan birga, yangi texnologik asbob-uskunalar yetarli bo’lmaganidan, ishning 50 foizi qo’lda bajarilardi. Ko’pgina korxonalarda, jumladan, Toshkent to’qimachilik kombinati, kimyo sanoati korxonalarining bir nechtasida 40-yillarda, ipakchilik korxonalarida esa 50-yillarda o’rnatilgan dastgohlardan foydalanilardi. Ana shunday sharoitda ish unumi va samaradorligini oshirish maqsadida yangi-yangi sanoat korxonalari qurilishiga ko’proq ahamiyat berildi.
Sanoat mahsulotining (1970 – 1985-yillar) umumiy hajmi O’zbekistonda 241 foizga o’sgan bo’lsa, uning yetakchi tarmoqlari — mashinasozlik va kimyo sanoati asosan paxtachilik uchun mashinalar, kimyoviy o’g’it va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bilangina cheklandi. 1985-yilga kelganda respublikada 1500 dan ortiq ishlab chiqarish, ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari, kombinatlari va korxonalari bor edi.
Shu yillar O’rta Osiyoda mashinasozlik mahsulotlarining uchdan ikki qismini beradigan O’zbekiston mashinasozlik sanoatida biroz siljishlar bo’lgan. Namangan, Sirdaryo, Buxoro viloyatlarida ham mashinasozlik korxonalari qad ko’tardi. Toshkent va Samarqanddagi mashinasozlik korxonalari mahsulot ishlab chiqarishni 1970–1985-yillarda 370 foizga oshirdi. Ayni vaqtda sanoat ishlab chiqarishida mashinasozlikning salmog’i bir oz ortdi. Uning tarkibida yirik zavodlar ishlab turishiga qaramasdan, murakkab ro’zg’or texnikasi, yo’l qurilishi mashinalari, plastmassa buyumlar, savdo-sotiq va maishiy xizmat sohasi uchun zarur asbob-uskunalar deyarli ishlab chiqarilmasdi.
Kimyo sanoati umumittifoq mehnat taqsimotida O’rta Osiyo respublikalarida, jumladan, O’zbekistonda yetakchi tarmoq hisoblanar edi. Bu tarmoq mineral o’g’itlar, o’simliklarni himoya qilish kimyoviy moddalari, sun’iy ammiak, kir yuvish vositalari va boshqa turli mahsulotlar ishlab chiqarardi. 70 – 80-yillarda uni rivojlantirishga juda katta e’tibor berildi. Yangi korxonalar, jumladan, Yangi Qo’qon kimyo zavodi, Chirchiq, Farg’ona, Samarqand, Olmaliq, Navoiy kimyo korxonalari qurilib ishga tushirilishi natijasida mahsulot hajmi 1985-yilda 1970-yildagiga nisbatan 367 foizga oshdi. Ular ishlab chiqargan nitron, atsetat, kaprolaktam mahsulotlari boshqa respublikalarga chiqarishga mo’ljallangan edi. 1985-yilga kelib respublikada kimyo mahsulotlari ishlab chiqaruvchi 20 ta sanoat korxonasi faoliyat ko’rsata boshladi. Ular ishlab chiqarish jarayonida atrof-muhit va inson salomatligi uchun o’ta zaharli chiqindilar chiqarib, ekologik vaziyatni yanada murakkablashtirdilar.
O’zbekiston yuqori sifatli oltindan tashqari mis, qo’rg’oshin, rux, volfram, uran tabiiy gaz, toshko’mir va boshqa xomashyo mahsulotlari yetkazib berib, ittifoq xazinasini boyitib keldi. Respublikaning Chotqol, Qurama, Nurota tog’lari, Qizilqum sahrosi bag’rida joylashgan Marjonbuloq, Qalmoqqir, Uchquduq, Zarafshon, Muruntov oltin konlarining dovrug’i butun dunyoga mashhur.
80-yillarining o’rtalariga kelib O’zbekistonda ittifoq tasarrufidagi korxonalar jami korxonalarning 31 foizini tashkil etgan bo’lsa, 61 foizi ittifoq-respublika vazirlik va idoralariga, faqat 8 foizi bevosita respublika va mahalliy sanoat boshqarmalariga tegishli edi. Jumladan, rangli metall korxonalari Markaz qaramog’ida bo’lib ko’proq xomashyo qazib olish, dastlabki ishlov berish, yarim tayyor buyumlar ishlab chiqarish bilan shug’ullanardi. Bu korxonalarning mahsuloti respublikadan tashqariga olib ketilardi.
Sanoatning bir tomonlama rivojlantirilishi. Ma’muriy-buyruqbozlik, yakka hokimlik tizimi hukmronlik qilgan 70-yillarda Ittifoq markazida belgilangan reja va qarorlarda O’zbekistonning chinakam manfaatlari o’ziga xos sharoiti va imkoniyatlari hisobga olinmadi. Iqtisodiyotning asosiy rivojlanish yo’llari yuqoridan belgilab berildi. O’zbekiston respublikasining huquqlari iqtisodiy siyosatini belgilab berilgan edi. Sanoatning rivojlanish sur’atlari pasayib ketdi. Ishlab chiqarishning umumiy hajmida yengil sanoat ulushi 1970-yilgi 40,7%dan 1986-yilda 38,4%ga, oziq-ovqat sanoati ulushi 41,6%dan 13,5%ga tushib ketdi. Bu davrda iqtisodiyotni rivojlantirishda xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar ishlab chiqaradigan va chetga yuboradigan, nisbatan oz mehnat talab qiladigan xomashyo tarmoqlarini birinchi navbatda rivojlantirish ko’zda tutildi. Respublikadagi sanoat korxonalarining asosiy qismi tashib ketishga yo’naltirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarishga moslashtirildi.
O’sha yillarda O’zbekistonda bir qancha ip gazlama va shoyi gazlama, turli trikotaj buyumlar ishlab chiqaradigan yirik korxonalar qurildi. Buxoro ip gazlama kombinati, Toshkent «Qizil tong» tikuvchilik ishlab chiqarish birlashmasi, Marg’ilon «Atlas» firmasi shular jumlasidan. Urganch, Namangan, Shahrisabz, Uychi, Guliston, Qo’rg’ontepa va boshqa shaharlarda shoyi to’qish fabrikalari, Quvasoyda chinni zavodi, Xivada gilam kombinati ishga tushirildi.
1976 – 1980-yillarda respublikada jami 23 ta yengil sanoat korxonasi qurildi. Biroq ularni joylashtirish puxta rejalashtirilmasdan amalga oshirildi. Masalan, 80-yillar boshida bu tarmoq mahsuloti hajmining 60%ini ishlab chiqarish Toshkent va Samarqand shaharlariga, 27%i Andijon, Buxoro, Namangan, Qo’qon shaharlariga to’g’ri kelgan bo’lsa, Jizzax va Termiz shaharlarida birorta ham tikuvchilik korxonasi yo’q edi.
Qoraqalpog’iston, Xorazm, Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida ish bilan ta’minlanmagan anchagina aholi mavjud edi. Shu bilan birga, keng xalq iste’mol mollarini ishlab chiqarish aholi jon boshiga o’rtacha respublika darajasidan 2 baravar kam edi. Shunga qaramay bu joylarda filial va sexlar juda kam qurildi.
70-yillarning boshlarida O’zbekistonda tayyorlangan mahsulotlar bilan aholining eng zarur mollar (kiyim-kechak, trikotaj, poyafzal)ga bo’lgan ehtiyoji yarmiga qondirilgan bo’lsa, 80-yillar o’rtalarigacha bo’lgan davrda bu sohada sezilarli o’zgarish bo’lmadi. Bu davrga kelib kiyim-kechaklarga bo’lgan aholi ehtiyojining chorak qismi, trikotaj va ip gazlamalarga ehtiyojning uchdan biri, poyafzalga bo’lgan ehtiyojning deyarli yarmi chetdan keltirish hisobiga qondirilardi.
Sanoatda tayyor mahsulotning ulushi atigi 50%ni tashkil etardi. Qishloq xo’jalik mahsulotining 80%dan oshig’i, jumladan, paxtaning 91%i mutlaqo ishlanmasdan respublikadan tashib ketilardi. Korxonalarning ko’pchiligi mahsulotni respublika ichki bozori uchun emas, balki tashib ketish uchun takror ishlab chiqarardi. Respublikadan olib ketilgan mahsulotning uchdan ikki qismi xomashyo, materiallar va chala tayyor mahsulotlar ekanining o’zi ham ijtimoiy ishlab chiqarish tuzilishidagi chuqur nomutanosiblikdan darak beradi.
Sanoat korxonalari, ularning mahsuloti son jihatdan o’sganiga qaramay, 70-yillarning boshidan e’tiboran respublika industriyasining rivojlanishida tanglik holati zo’rayib bordi. Bu sanoat ishlab chiqarish hajmi, mehnat unumdorligi o’sish sur’atlarining pasaygani, mahsulot sifatining yomonlashgani va boshqa muhim iqtisodiy ko’rsatkichlar bilan ifodalandi. Urushdan keyingi dastlabki yillarda yalpi sanoat mahsulotining o’rtacha yillik o’sish sur’atlari 10–15%ni tashkil qilgan bo’lsa, keyingi besh yilliklarda 5–7% darajasida turib qoldi.
Mehnat unumdorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar kutilgan natijani bermadi. Mehnat unumdorligining o’sishi 1976–1980-yillarda 2,2%dan oshmadi, 1981–1985-yillarda esa 1,3%ga tushib ketdi.
29.4. Qishloq xo’jaligidagi noxush holatlar
Qishloq xo’jaligining paxta yetishtirishga ixtisoslashtirilishi. Markaz talabi bilan respublikadagi ko’pgina hayotiy muhim manfaatlarga ziyon yetkazib bo’lsada, urushdan keyingi yillarda tag’in paxta yakkahokimligi tarkib topdi. 70–80-yillarning o’rtalarigacha respublikada sug’orish tarmoqlari qurilishi keng miqyosda amalga oshirildi, paxta ekish uchun eng unumdor yerlar o’zlashtirildi. Natijada shu davrda paxtaga ajratilgan maydon 1709 ming gektardan 1989 ming gektarga yetdi. 1980-yilga kelib paxta maydonlarining salmog’i respublika bo’yicha o’rtacha 75%ga yetdi, Jizzax viloyatida u deyarli 80%ni, Andijon viloyatida 80%dan ko’proqni tashkil qildi. Holbuki, paxta 60%dan ortiq maydonni band etsa, chirindi yo’qolishi, tuproqning sillasi qurishi, hosildan qolishi, oxir-oqibat yerning tamoman ishdan chiqishini fan allaqachon isbotlab bergan. Keyingi yillarda jahonda g’o’za ekinlari maydoni qisqardi, ammo paxta yetishtirish ikki baravar oshdi. O’zbekistonda paxta maydoni ortdi, hosildorlik va sifat esa yomonlashdi.
Qishloq xo’jaligi samaradorligini oshirish borasidagi ko’p urinishlar ham kutilgan natijani bermadi. Masalan, 1975–1980-yillarda paxtachilikni rivojlantirish sohasida olimlar olib borgan tadqiqotlar natijasida paxtaning 20 ta yangi istiqbolli navlari yaratildi. Jumladan, paxta ekiladigan maydonlarning 65%ini ishg’ol etuvchi «Toshkent» navi ular ichida ancha serhosil chiqdi. Biroq bu kabi yangiliklar ham umumiy hosildorlikni oshirish imkonini bermadi. Bunga mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanmaslik sabab bo’ldi.
Paxta maydonlarini zo’r berib kengaytirib, hosildorlikni oshirishga yetarli e’tibor bermaslik natijasida, jumladan, 1971–1975-yillarda respublika bo’yicha paxtaning o’rtacha hosildorligi gektariga 28,5 sentnerni, 1981–1985-yillarda o’rtacha 26,7 sentnerni tashkil etdi. Buning natijasida 1976–1980-yillarda har yili o’rtacha 5,3 mln. t. 1981–1985-yillarda esa 5,1 mln. t. paxta yetishtirildi.
Paxtachilikning moddiy texnik bazasi. Qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalashtirishga katta e’tibor berildi. Ainiqsa, paxtachilikni rivojlantirish uchun ko’plab texnika jalb etildi. Bunda 1969-yili Toshkent traktor zavodining barpo etilishi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Paxtachilik uchun zarur mashina va uskunalar ishlab chiqarish ko’paytirildi. Faqatgina 1976–1978-yillar ichida shu soha uchun 9 turdagi yangi zamonaviy mashina yaratildi. 1979-yildan 1986-yilga qadar respublikada 12 mingta yangi, kabinalari maxsus jihozlangan paxta terish mashinasi ishlab chiqarildi. Paxtaga moslashtirilgan maxsus mashinalarni ishlab chiqarish paxtachilikni yanada kengaytirish imkonini berdi. Respublika paxta maydonlarida 1985-yili 40 mingta paxta terish mashinasi ishladi. Shu bilan birga, texnikaga ehtiyotsizlik bilan, xo’jasizlarcha munosabatda bo’lish, undan maqsadga nomuvofiq ravishda foydalanish, qishloq mehnatkashlarida xo’jayinlik hissining yo’qligi kutilgan natijalarni qo’lga kiritish imkonini bermadi. 1970-yilda yetishtirilgan umumiy hosilning atigi 28%i, 1985-yilda esa faqat 37%i mashinalarda terildi. Paxta terimiga har yili yuz minglab shaharliklar jalb etilardiki, bu hol respublika iqtisodiyotiga ancha salbiy ta’sir ko’rsatdi. Bu davr mobaynida paxta terishni mexanizatsiyalashtirish darajasi ikki hissa pasaydi.
Qishloq xo’jaligi texnikasini yuqoridan belgilangan narxlarda sotib olish xo’jaliklar iqtisodiyotiga sezilarli zarar yetkazdi. Chiqarilayotgan texnikaning ko’pchiligi sifatsiz yoki mahalliy sharoitga to’g’ri kelmas edi. Agar 1976–1980-yillarda respublika qishloq xo’jaligi 85 ming dona traktor olgan bo’lsa, shu yillar ichida ularning 12 mingtasigina ishlatildi.
Yoppasiga kimyolashtirish, paxta dalalariga zaharli ximikatlar yordamida ishlov berish tuproq suv va havoning jiddiy zaharlanishiga olib keldi. G’o’za, g’alla, sabzavot ekinlari ekilgan yerlar va bog’lar tuprog’i olib tekshirilganida (1984-yil) unda, masalan, DDT moddasining miqdori yo’l qo’ysa bo’ladigan sanitariya normalaridan 2–3 baravar oshiqligi aniqlangan. Farg’ona va Xorazm viloyatlarida paxta maydonlari tuprog’ining ifloslanishi sanitariya normalaridan 8–10 baravar yuqori bo’lib chiqqan. Zaharli ximikatlardan qishloq xo’jaligida keng foydalanish biologik va ekologik oqibatlardan tashqari jiddiy ijtimoiy oqibatlarga ham olib keldi. Kasalliklar soni ortib, ayniqsa, bolalar o’rtasida o’lim hollari ko’paydi, ayollar salomatligi yomonlashdi.
Qishloq mehnatkashlarining ahvoli. Paxtachilikni rivojlantirishdan o’zbek xalqi manfaatdor bo’lmadi. Chunki u mehnatga haq to’lashning past me’yorlariga asoslangan edi. Paxtakor, g’allakor, kartoshka va karam yetishtiruvchiga nisbatan bir necha baravar ko’p va og’ir mehnat qilsa-da, ulardan kam haq olardi, 80-yillarning o’rtalarida ham, 70-yillardagi singari, dehqonga mavsum boshida terilgan paxtaning har kilosi uchun bor yo’g’i 4 tiyindan haq to’lanardi. Demak terimning kunlik texnologik normasi 48 kg. bo’lganda 1 so’m 92 tiyin ishlay olardi, xolos. Bir tonna paxta yetishtirishga 30 baravar ko’p sarf-xarajat ketsa-da, xarid narxlari atigi 4–5 baravar farq qilardi.
Ko’rinib turibdiki, qishloq xo’jaligi xomashyosiga narxlarda katta nomuvofiqlik bo’lgan. Bu birinchi navbatda mehnat haqi darajasiga ta’sir ko’rsattan. Respublikamizda bu ko’rsatkich Ittifoqning boshqa hududlariga nisbatan ancha past bo’lgan. Chunonchi, qishloq xo’jaligi xodimining 80-yillar o’rtalaridagi yillik mehnat haqi Ittifoq bo’yicha 2200 so’mni, O’zbekistonda esa 1753 so’mni tashkil etardi, ya’ni 21% kam edi.
Tomorqa uchastkalarining maydoni 0,07–0,13 gektardan oshmasdi. Bundan tashqari, bir necha yuz ming qishloq aholisida umuman tomorqa yeri yo’q edi. Oqibatda O’zbekiston oziq-ovqat iste’moli, umuman, turmush darajasi bo’yicha Ittifoqda oxirgi o’rinlardan biriga tushib qoldi.
29.5. Yangi yerlarni o’zlashtirish va paxta ekiladigan maydonlarni kengaytirish
Irrigatsiya-melioratsiya qurilishi. 50-yillarda boshlangan respublikadagi cho’llarni o’zlashtirish ishlari keyin ham keng miqyosda davom etdi. 70-yillarda Mirzacho’l va uning tarkibiy qismi bo’lgan Jizzax cho’lida yirik paxtachilik vohasi tashkil etish maqsadida unumdor qo’riq yerlarni sug’orish va o’zlashtirish ishlari davom ettirildi. Shu munosabat bilan uzunligi 127 km.ga boradigan eng yirik Janubiy Mirzacho’l bosh kanali, Markaziy Mirzacho’l kollektori qurildi, Shimoliy Mirzacho’l kanali kengaytirildi. Mirzacho’lning Jizzax mintaqasini suv bilan yaxshiroq ta’minlash uchun Jizzax suv ombori qurildi.
Markaziy Farg’ona qo’riq yerlarini o’zlashtirish maqsadida katta hajmda irrigatsiya inshootlari qurildi. 70-yillarda Farg’ona vodiysini suv bilan ta’minlashni yaxshilash, cho’llarni o’zlashtirish uchun sersuv Norin daryosidan suv oladigan Katta Andijon, Katta Namangan kanallari va sig’imi 2 mlrd. m3 keladigan eng yirik Andijon suv ombori qurildi.
Surxon-Sherobod vodiysida ham cho’llarni o’zlashtirish ishlari davom etdi. Sherobod cho’lini sug’orish va o’zlashtirishda Janubiy Surxon suv ombori, shuningdek, Uchqizil, Degeres suv omborlarining qurilishi muhim ahamiyatga ega bo’ldi. Janubiy Surxon suv ombori vujudga kelishi 100 km. li Sherobod mashina kanalini ishga tushirish va Sherobod cho’lida 90 ming gektar yangi yerlarni sug’orish imkonini berdi. 90 km. li qadimgi Zang kanali qayta ta’mirlandi va suv o’tkazish imkoniyati kengaytirildi. Sherobod cho’lidagi muhim cyg’orish inshooti hisoblangan 56 km. li Amu-Zang kanali 1973-yili qurilib bitkazildi. O’sha yili Oqqarchig’ay kanalining qurilishi boshlandi. Bu kanalning ishga tushirilishi tufayli Qiziriq cho’lida 30 ming gektar unumdor yerlar suv bilan ta’minlandi.
Qarshi dashtini Amudaryo suvi bilan sug’orishni xalqimiz asrlar davomida orzu qilib kelgan. Dashtda bir million gektar yerni sug’orish va o’zlashtirish mumkin edi. Bu ulkan ishlarni amalga oshirish uchun zarur moddiy-texnik imkoniyatlar vujudga kelganidan so’ng 60-yillarda Qarshi cho’lini o’zlashtirish boshlandi. Qarshi dashtida uzunligi 165 km.ga boradigan Qarshi magistral kanali va Talimarjon suv ombori asosiy irrigatsiya inshootlari edi. Qarshi kanalini qurish 1974-yili tugallandi. Ketma-ket joylashtirib qurilgan 6 ta nasos stansiyasi Amudaryo suvini 132 m. balandlikka ko’tarib beradigan bo’ldi. Ana shu eng yirik irrigatsiya inshootlarining ishga tushirilishi Qarshi dashtidagi qo’riq yerlarni sug’orishga imkon berdi.
O’zbekistonda 1985-yilga kelib 20 dan ortiq suv omborlari ishlaydigan bo’ldi. Shu bilan birga kanallar soni ham ortdi. Bu kabi irrigatsiya inshootlarining kengayib borishi xalq xo’jaligi uchun birmuncha iqtisodiy samara berdi, biroq buning salbiy oqibatlari yanada og’irroq bo’ldi.
Yangi paxtachilik tumanlarini barpo etish. Respublikaning cho’l tumanlarida qurilgan yirik suv inshootlari, suv xo’jaligi ishlari Mirzacho’l, Qarshi dashtlarini, Surxon-Sherobod vodiysi va boshqa qo’riq yerlarni sug’orish va o’zlashtirishga yo’l ochib berdi. Yerlarni o’zlashtirish (asosan paxta ekish uchun o’zlashtirish) kompleks tarzda olib borildi, boshqacha aytganda, yerlarga suv chiqarish bilan birga yangi xo’jaliklar barpo etilib, qishloqlar, shaharlar, turar joylar, sanoat korxonalari va madaniy-maishiy obyektlar qurildi.
1985-yilning boshiga kelib Mirzacho’l hududida 300 ming gektardan ortiq qo’riq yerlar o’zlashtirildi va Mirzacho’l yirik paxtachilik vohasi bo’lib qoldi.
Mirzacho’l dashtining tanib bo’lmas darajada o’zgarib ketishi cho’lquvarlarning fidokorona mehnati natijasi bo’ldi. O’zbekistonning yangi paxtakor mintaqasi paxta xomashyosi yetishtirishni muntazam ravishda oshirib borib, 1980-yilda 492 ming tonnaga yetkazdi.
Shu bilan birga, Mirzacho’l yerlari va boshqa qo’riq tumanlarga suv chiqarib, ularni o’zlashtirishda katta kamchiliklar ham bo’ldi. Suv xo’jaligi tashkilotlari yangi o’zlashtirilgan yerlarni xo’jaliklarga hali ko’p chala ishlari qolgan holatda topshirar edilar. Buning natijasida yerlarning kattagina qismi qishloq xo’jaligida foydalanilmay qoldi. Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida 1984-yili har gektar yerdan bor-yo’g’i 7 sentner paxta olindi. Bunga, qisman, Jizzax viloyatidagi kollektorlarning 25 foizi umuman ishdan chiqqanligi, yopiq va vertikal drenajning uchdan biri qisman ishlamaganligi, ba’zi joylarda yopiq zovurlarning umuman qurilmaganligi sabab bo’ldi. Ko’p hollarda qo’riq tumanlarda xo’jaliklar mukammal bo’lmagan holda qurilar, jumladan, turar joy va kommunal maishiy obyektlar qurilishiga doir masalalar yaxshi hal qilinmas edi. Holbuki, bunday obyektlar yetishmas, mavjudlari esa sifati pastligi bilan ajralib turardi.
Qarshi dashtida yangi yirik paxtachilik tumanini barpo etish uzoq yillar davomida Ittifoq hukumatining diqqat markazida bo’lib keldi. Bu maqsad uchun 1970-yilda 1 mlrd. so’mdan ortiq mablag’ ajratildi.
1963–1979-yillar davomida Qarshi dashtida 30 ga yaqin sovxozlar tashkil etildi. 70-yillarning ikkinchi yarmida 60 ming gektar yangi yer qishloq xo’jalik oborotiga qo’shildi.
Surxon-Sherobod vodiysida qurilgan sug’orish inshootlari 114 ming gektar maydondagi qo’riq yerlarni sug’orishga imkon berdi. Sherobod cho’lining yangi o’zlashtirilgan yerlarida ikkita shahar, 17 ta yangi sovxoz tashkil qilindi. Irrigatsiya-melioratsiya qurilishining kengayishi, ekin maydonlarini suv bilan ta’minlashning yaxshilanishi paxta hosildorligini oshirdi. 1970-yili Qashqadaryo viloyati paxtakorlari har gektar yerdan 32,3 sentner paxta olishgan bo’lsa, 1983-yili hosildorlik 36,4 sentnerga yetdi.
O’sha yillarda yangi yerlarni sug’orish geografiyasi va hajmlari ancha kengaydi, g’o’za ekiladigan maydonlar ortdi. Irrigatsiya, melioratsiya ishlari dasturining amalga oshirilishi natijasida yangi yerlarni o’zlashtirish sur’atlari jadallashdi. 1946-yildan 1965-yilgacha bo’lgan davrda 600 ming gektarga yaqin yangi yerlar ishga tushirilgan bo’lsa, 1966–1985-yillar mobaynida 1800 ming gektarga yaqin, ya’ni uch baravar ko’p yer foydalanishga topshirildi.
29.6. Aholini ish bilan ta’minlash va milliy ishchi kadrlar tayyorlash muammolari
Aholining ish bilan bandligi. 70-yillarga kelganda aholining ish bilan bandligi muammosi juda keskinlashdi. Respublikada aholi tez sur’atlar bilan o’sib bormoqda edi. Har yili tayyorlanadigan mutaxassislarning 25 foizi o’ziga munosib ish o’rni topa olmasdi. Yangi ish joylari O’zbekistonda jiddiy muammoga aylandi.
Mehnatga layoqatli yoshdagi aholining o’sish sur’atlari aholi umumiy sonining o’sish sur’atlariga nisbatan jadalroq bo’ldi. O’sha yillarda respublika aholisining 70 foizini 30 yoshgacha bo’lgan yoshlar tashkil qilgan.
O’zbekiston aholisining umumiy sonida o’zbeklar 1979-yilda 68,7%ni tashkil etdi. Aholi umumiy sonining o’sishida boshqa mintaqalardan doimiy yashash uchun ko’chib kelayotgan kishilarning hissasi ortib bordi. Ularning aksariyati shaharlarga kelib o’rnashdilar.
Aholining yuqoridagiga o’xshash omillar natijasida o’sib borishi shaharlarda ko’pgina muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Bunday ahvol, ayniqsa, Farg’ona vodiysidagi yirik shaharlarga – Andijon, Farg’ona, Namanganga ko’proq taalluqli edi.
Respublikada iqtisodiy va ijtimoiy siyosat uzoq vaqt mehnatga layoqatli kishilar ortiqchaligi, oilalarda bolalar ko’pligi, aholining mehnat ko’nikmalari o’ziga xosligi yetarlicha e’tiborga olinmagan holda amalga oshirildi. Buning oqibatida sermehnat tarmoqlar, ishlab chiqarishning kichik shakllari yetarli darajada rivojlanmadi. Sanoat korxonalarining filiallari va sexlarida sanoat xodimlarining 10 foizdan ozrog’i band edi. Mahalliy aholi o’rtasida kichik korxonalar g’oyatda manzur bo’lganligini hisobga olsak bu ko’rsatkich juda past ekanligini anglash mumkin.
Toshkentda shahar aholisiga biron-bir narsa berish u yoqda tursin, unga katta ziyon yetkazadigan 70 dan ortiq korxona, ombor, bazalar joylashtirilgan edi. Ayni paytda Jizzax va Termiz kabi shaharlarda sanoat korxonalari juda kam qurilgan bo’lib, 80-yillar o’rtalarida ham o’z xomashyo bazasida ishlaydigan bironta to’qimachilik va tikuvchilik korxonasi yo’q edi.
Umuman olganda, 70–80-yillarda respublikada ko’plab sanoat korxonalari qurilganligiga qaramasdan, 4,5 million kishi, ya’ni butun aholining 45%i turmush tarzi eng past darajada bo’ldi, ishsizlar soni salkam 1 mln.ga yetdi. Ish bilan ta’minlanmaganlar orasida 16 – 29 yoshli yigit va qizlar 1970–1985-yillarda 33%dan 50%ga yetdi. Qishloq joylarda, ayniqsa, Buxoro viloyati va Qoraqalpog’istondagi qishloqlarda yoshlar orasida ishsizlar salmog’i bundan ham ortiq edi.
Biroq ayni paytda, Toshkent, Farg’ona viloyati shaharlari, Samarqand kabi yirik shaharlardagi sanoat korxonalarida band bo’lmagan ish joylari ham ko’p edi. Buning sababi mahalliy aholida zarur mehnat ko’nikmalari va tegishli malakaning yo’qligi, mehnat va turmush sharoitining yomonligi, mehnatga haq to’lashning nisbatan pastligi, kadrlar tayyorlash, korxonalarni joylashtirish masalalari puxta o’ylanmaganligida edi. Ammo bu muammolarni hal qilishga urinilmadi, holbuki, boshqa mintaqalardan ortiqcha ishchi kuchlarini safarbar qilish bilan ular osonlikcha o’z yechimini topardi.
Aslini olganda, respublikamizda Ittifoq markazining manfaatlarini ko’zlab ko’plab korxonalar qurildi va shunga mo’ljallab boshqa mintaqalardan minglab kishilar keltirildi. Ularga ma’lum imtiyozlar berildi, ular turli qaror va farmoyishlar bilan himoya qilindi. Uy-joy Rossiyadan kelganlarga navbatsiz berilardi.
Mehnat bilan bandlik 1970-yilda 77%ni tashkil etgan bo’lsa, 1985-yilda 73%ga tushib qoldi. Mazkur muammo qishloq joylarida ayniqsa keskin tus olib bordi. Ish bilan band bo’lmagan aholining uchdan ikki qismi qishloqqa to’g’ri kelardi.
Kadrlarni yetishtirish. Shunday bo’lsada, qayd etish kerakki, bu davrda ham xalq xo’jaliganing barcha tarmoqlarida kadrlarni tayyorlashda sezilarli ishlar qilindi. 1971—1985-yillar mobaynida O’zbekiston xalq xo’jaligida ishchi va xizmatchilar soni 2,6 mln. dan 4,8 mln. nafarga ko’paydi. Biroq bu o’sish sun’iy ravishda, ya’ni respublikamizda ishsiz yurganlar soni ko’p bo’lishiga qaramasdan, tashqaridan ko’plab kishilarni ko’chirib keltirish hisobiga ro’y berdi. Bunday ishlar Markazning ma’lum maqsadlarni amalga oshirish uchun olib borgan siyosati bilan qilindi. Mana shunday siyosat natijasida sanoatda asosan mehnatga layoqatli umumiy aholining 12 foizidan kamrog’ini tashkil etuvchi ruslar ishlar edilar. Shu boisdan mahalliy aholi orasidan ishchilar tayyorlashning sifatini yaxshilash, miqyosini kengaytirish zarurati yetilgan masalalardan biri bo’lib qoldi.
70-yillarda sanoatda mahalliy aholi miqdori birmuncha ko’paygan bo’lsa-da, keyingi yillarda bu yo’nalish rivojlanmadi. Ayniqsa, stanokda ishlovchilar, masterlar, muhandislar guruhlari orasida milliy kadrlar kamayib ketdi.
Milliy ishchilar. Aholi tarkibida ishchilar soni anchagina o’sganligiga qaramay, respublikamiz bu ko’rsatkich bo’yicha sovet respublikalari ichida 13 o’rinda turardi. O’zbekiston ayniqsa ishchilar safining milliy kadrlari salmog’i jihatidan orqada qolmoqda edi. 70-yillarda ushbu muammoni oqilona hal qilish borasida anchagina qarorlar qabul qilindi, aslini olganda bu qarorlar Markaz tomonidan tubdan ijobiy o’zgarishlar qilish uchun emas, balki nomigagina qabul qilinganligi uchun qog’ozda qolib ketdi.
Viloyat sanoat korxonalaridagi mahalliy millat ishchilari salmog’i ham turlicha edi. Masalan, Farg’ona vodiysiga o’zbek ishchilari 40 – 60 foizni tashkil qilsa, Toshkent viloyatida bu ko’rsatkich 20 – 23 foiz edi. Respublika sanoatini rivojlantirish sohasida yo’l qo’yilgan kamchiliklar ham milliy ishchi kadrlar tayyorlash ishiga salbiy ta’sir ko’rsatdi. Azaliy sanoat hunarmandchiligi va mehnatni tashkil qilish shakllaridan voz kechilib, xatoga yo’l qo’yildi. Yirik shaharlarda ko’proq ulkan, aholi uchun mutlaqo yangi, respublika ehtiyoji uchun yaroqsiz bo’lgan korxonalar jadal sur’atlarda barpo qilindi. Jumladan, birgina Toshkent shahrining o’zida 70-yillarning oxirlarida 400 dan ortiq sanoat korxona va birlashmalari mavjud edi. Bu korxonalar O’zbekistonda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlarining to’rtdan birini yetkazib berardi. Umuman olganda, respublikadagi sanoat korxonalarining 50 foizi Toshkent shahri va viloyati hududida joylashgan bo’lib, ulardagi ishchilarning atigi uchdan bir qismi tub millat vakillari edi. Shu yillarda Farg’ona, Andijon, Qo’qon, Buxoro shaharlarida ham mashinasozlik, ximiya, yengil sanoat korxonalari ko’plab qurildi. Bu korxonalarda kimlar ishlashi, qanday mutaxassislar kerakligi, ishchilarni qayerdan olib kelish bilan bog’liq masalalar eng oxirida hal etilar edi. Bunday amaliyot «tayyor» ishchilar va muhandis-texnik xodimlarni chetdan qidirishga majbur etdi. Bu narsa Markaz uchun juda ma’qul ish edi, chunki bu respublikaning Markazga qaramligini bir necha karra oshirar, hukmronlik siyosatini yanada kuchliroq amalga oshirishga imkon yaratardi. Masalan, birgina Toshkent shahrida 1985—1986-yillarda ishsizlar soni 200 ming kishiga yetishiga qaramay, yangi ishlab chiqarish korxonalarining mehnat kollektivlarini shakllantirish uchun respublika tashqarisidan 125 mingga yaqin ishchi va mutaxassislar jalb etildi. Bu demografik vaziyat shundoq ham og’ir bo’lgan respublikamizda ishsizlar sonining yanada ortishiga, uy-joy masalasi va boshqa ijtimoiy muammolarning keskinlashishiga sabab bo’ldi.
Ishchilar saflarini tub yerli millat kishilari hisobiga o’stirish yosh ishchi kadrlar tayyorlaydigan xunar-texnika bilim yurtlarida ham sust bordi. Bilim yurtlariga qabul qilinganlarning 45 foizi (Toshkent shahrida) boshqa respublikalardan kelgan kishilar edi. Shu bilan birga o’quvchilar umumiy sonida sanoat va qurilish ishchilari mutaxassisliklari bo’yicha tub millat vakillari 17 foizni tashkil etgan.
Qizil imperiya ayni kuchga to’lgan, jahonga dag’dag’a qilayotgan, o’zining eng yovuz maqsadlarini amalga oshirish uchun tinimsiz kurash olib borayotgan 70 – 80-yillarda milliy mutaxassislar tayyorlashdek muhim va dolzarb vazifaga munosabat mana shunday tarzda bo’lib, ularning sanoat tarmog’ida jamlanishiga, sonining ortishiga yo’l qo’yilmadi.
29.7. Ekologik vaziyatning og’irlashishi. Orol fojiasi
Ekologik muvozanatning buzilishi. Islom Karimov «O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari» asarida shunday deydi: «Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik falokatning g’oyat xavfli zonalaridan biri vujudga kelganligini alam bilan ochiq aytish mumkin. Vaziyatning murakkabligi shundaki, u bir necha o’n yilliklar mobaynida ushbu muammoni inkor etish natijasidagina emas, balki mintaqada inson hayot faoliyatining deyarli barcha sohalari ekologik xatar ostida qolganligi natijasida kelib chiqqandir. Tabiatga qo’pol va takabburlarcha munosabatda bo’lishga yo’l qo’yib bo’lmaydi. Biz bu borada achchiq tajribaga egamiz. Bunday munosabatni tabiat kechirmaydi. Inson — tabiatning xo’jayini, degan soxta sotsialistik mafkuraviy da’vo, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasida ko’plab odamlar, bir qancha xalqlar va millatlarning hayoti uchun fojiaga aylandi. Ularni qirilib ketish, genofondning yo’q bo’lib ketishi yoqasiga keltirib qo’ydi».
O’zbekistondaga irrigatsiya tarmoqlarining ko’p qismi zamonaviy texnik talablarga javob bermas edi. Aholining suv shimilishiga qarshi qoplamalari yo’qligi natijasida suvning ko’pi yerga singib ketardi. 1978 – 1982-yillarda respublikamizda har gektar yerga sarflangan suvning o’rtacha miqdori normadagidan ikki baravar ko’p bo’ldi.
Ana shunday bir sharoitda qurilgan suv omborlarining ta’siri ahvolni og’irlashtirdi. Uzoq yillar qishloq xo’jalik muammolari bilan shug’ullangan akademik M. Muhammadjonovning ma’lumotlariga qaraganda, jamiyatimizda ekologik fojianing yuzaga kelishida, ya’ni atrof-muhitning yomonlashuvida suv omborlarining ham ulushi bor. O’rta Osiyodagi eng yirik Tuyamo’yin suv ombori kuybishevlik loyihachilar taklifiga asosan Sulton Sanjar tuz koni va ko’m-ko’k o’rmonzorlar ustiga qurildi. Oqibatda asrlar davomida Xorazm vohasini tuz bilan ta’minlab kelgan kon suv ombori tagida qolib ketdi. Ombordagi sho’r suv esa vohaning paxta dalalari tomon oqizildi. Bu esa Xorazm viloyatida ekologik vaziyatni juda og’irlashtirib yubordi.
1985-yilga kelib suv omborlari soni yana ham ko’paydi. Ularning ta’siri ostida daryolarning suvi tarkibida tuz va zaharli moddalar ko’payib ketdi. Natijada yerlarning sho’rlanishi milliy fojia sifatida har tomonlama xavf sola boshladi. Namangan yerlarining 48 foizi, Andijon yerlarining 23 foizi, Sirdaryo yerlarining 22 foizi kuchli sho’rlandi. Respublikamizda jami 1,5 mln.gektardan ortiq yerlar sho’rlangan edi.
Orolbo’yi mintaqasida og’ir vaziyatning vujudga kelishi. Orol dengizi fojiasi sovet hukumati va KPSSning atrof-muhit, tabiiy resurslardan foydalanishda o’ylamasdan yuritgan siyosati natijasi bo’ldi. Buning bosh sababi Amudaryo va Sirdaryodan sug’orish uchun haddan tashqari ko’p suv olish edi. Bu holat Orol dengizining qurib borishiga olib keldi va Markaziy Osiyo mintaqasi hamda qo’shni davlatlar ekologiyasiga misli ko’rilmagan tarzda salbiy ta’sir ko’rsatdi.
Islom Karimov Orol fojiasi haqida shunday degan: «Markaziy Osiyoning hududi bo’ylab sug’orish tizimlarini jadal sur’atda qurish ko’plab aholi punktlariga va sanoat korxonalariga suv berish barobarida keng ko’lamdagi fojia — Orol halok bo’lishining sababiga ham aylandi. Yaqin-yaqinlargacha cho’lu sahrolardan tortib olingan va sug’orilgan yangi yerlar haqida dabdaba bilan so’zlanardi. Ayni chog’da ana shu suv Oroldan tortib olinganligi, uning «jonsizlantirib qo’yilganligi» xayolga kelmasdi. Endilikda Orolbo’yi ekologik kulfat hududiga aylandi».
Ekologik vaziyatning yomonlashuvi Orol dengizi havzasidagi 35 millionga yaqin aholining turmush sharoitiga, ularning salomatligiga bevosita va bilvosita salbiy ta’sir ko’rsatdi, xo’jalik faoliyatini buzib yubordi.
Orol dengizi suv rejimining buzilganligi, sathining halokatli darajada pasayganligi va 2,2 mln. gektardan ortiq shurxok maydonning qurishi Qoraqalpog’iston uchun, butun O’zbekiston va qo’shni respublikalar uchun ekologik kulfat bo’ldi.
Orol dengizining chekinishi natijasida bu mintaqada tuz qumli bo’ronlar soni bir necha baravar oshdiki, natijada har yili osmonga 70 mln. t.dan ziyod zaharli aralashmalar ko’tarildi. O’zbekistonning Qoraqalpog’iston, Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshovuz viloyatining har gektar yeriga yiliga 600 – 700 kg.dan tuzqumli changlar yog’ilardi. Ko’zdan kechirilayotgan yillarda Orol dengizining qurib borishi Orolbo’yi respublikalari, shu jumladan, O’zbekiston uchun ham katta iqtisodiy zarar keltirdi. Amudaryo quyi oqimi mintaqasida baliqchilik, ondatrachilik, ovchilik xo’jaliklari deyarli yo’q bo’lib ketdi. Paxtachilik va chorvachilik 1980 – 1985-yillarda har yili 30 mln. so’mdan ortiqroq zarar ko’rdi.
Biroq pul bilan o’lchab bo’lmaydigan ijtimoiy ziyonlar ham borki, ularni raqamlarda ifodalab bo’lmaydi. Bu inson salomatligidir. Orolbo’yi mintaqasida vujudga kelgan og’ir vaziyat yerli xalq ahvolini nihoyatda tang qilib qo’ydi. Bu yerda turli xil kasalliklar ko’paydi. Yosh bolalar o’limi ortib bordi. Nogiron tug’ilgan bolalar soni ham ortdi, bir yoshgacha bo’lgan bolalar orasida o’lim har ming bolaga nisbatan 1980-yildagi 46,5 nafardan 1986-yilda 72 nafarga yetdi. Ayollarning 60 foizi kamqonlik kasalligiga chalingan edi. Butun Orolbo’yida qorin tifi kasalligi o’ttiz baravar, yuqumli sariq kasalligi yetti baravar ortdi, ayniqsa, rak kasalligi ko’payib ketdi.
1981—1986-yillarda buyrakka tosh yig’ilish kasaliga chalinganlar o’n marta, surunkali oshqozon kasalligi uch baravar ko’paydi. Yuqumli kasalliklar bilan, ayniqsa, sil bilan og’riganlar soni oshdi.
Orolbo’yi mintaqasida vujudga kelgan og’ir ekologik vaziyatda, ayniqsa, bu dengizga yaqin bo’lgan Mo’ynoq, Qo’ng’irot, Chimboy kabi shaharlar va ular atrofidagi qishloqlar ko’p aziyat chekdi. 70-yillar boshlarida ham baliqchilik bilan nom chiqargan mo’ynoqliklarning ko’pchiligi oradan o’tgan o’n yil ichida ishsiz, nochor ahvolga tushib qoldi. Shahar rivoj topib turgan paytlarda boshqa joylardan kelib qolgan aholining 80 – 90 mingdan ortiqrog’i so’nggi vaqtdagi ekologik talafot tufayli yana o’z yurtlariga qaytib ketdi. Qiyinchiliklarga qaramasdan o’z yerida qolgan bardoshli mahalliy xalq, murakkab muammolar iskanjasida qoldi.
Orol fojiasi oqibatlariga to’xtalib, prezident Islom Karimov shunday degan edi: «Orol dengizining qurib borishi va shu jarayon tufayli Orolbo’yi mintaqasidagi tabiiy muhitning buzilishi ekologik fojia sifatida baholanmoqda. Chang va tuz bo’ronlarining paydo bo’lishi, faqat Orolbo’yida emas, balki dengizdan ancha naridagi bepoyon hududlarda yerlarning cho’lga aylanishi, iqlim va landshaftning o’zgarishi — bular ana shu fojia oqibatlarining to’liq bo’lmagan ro’yxatidir».
29.8. Mehnatkashlarning turmush darajasi. Aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish
Aholining ijtimoiy-maishiy ahvoli. 1971—1985-yillarda O’zbekiston aholi jon boshiga milliy daromad ishlab chiqarish bo’yicha o’rtacha Ittifoq darajasidan 2 baravar orqada qoldi. Milliy daromadning o’sish sur’atlari esa respublikada 3 baravar kam edi. Bu esa, o’z navbatida, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan real daromadlar darajasiga salbiy ta’sir qildi.
O’zbekistonda aholi jon boshiga 1980-yilda 873 so’m, 1985-yilda 917 so’m real daromadlar to’g’ri keldi. Bu ko’rsatkich Ittifoqdagi boshqa respublikalar orasida eng oxirgi o’rin edi. Aholining real daromadlari kabi oila daromadlari, mehnat haqlarining o’sishi ham pasayib ketdi.
80-yillar o’rtalarida ana shunday kam daromadlilik oqibatida O’zbekiston aholisining o’rta hisobda go’sht, sut mahsulotlari, tuxum iste’mol qilishi umumittifoqdagi o’rtacha ko’rsatkichlardan ikki baravar past edi. Oyiga o’rta hisobda 75 so’mdan kamroq yalpi daromad oladigan aholining ulushi Ittifoqda 12 foizdan sal ko’proq bo’lsa, respublikamizda bu ko’rsatkich 45 foizga bordi.
O’zbekistonda 70-yillarga kelib ijtimoiy sohada kamchilik va muammolar, adolatsizlik kuchayib ketdi. Buning asosiy sababi bu sohadagi muammolar bevosita hayot talablari bilan emas, balki ma’muriy-buyruqbozlik usulida hal etilganida edi. Kapital mablag’larning asosiy qismi gigant qurilishlarga, og’ir sanoatni rivojlantirishga va juda oz qismi aholi turmush darajasini belgilab beradigan, uning kundalik mehnat qilish va yashash ehtiyojlarini qondiradigan ijtimoiy sohaga ajratildi. Ijtimoiy sohani moddiy-texnik rusurslar va mablag’ bilan ta’minlashga ikkinchi darajali vazifa deb qaraldi.
O’zbekistonda 1970 yilda xalq xo’jaligi uchun ajratilgan 23,3 mlrd. so’m umumiy mablag’ning 8,2 milliardi, 1985-yilda esa 77,8 mlrd. so’mning 23,3 milliardi noishlab chiqarish sohalari rivojiga yo’naltirildi. Mablag’larning xalq xo’jaligi tarmoqlari o’rtasida bunday taqsimlanishi natijasida ijtimoiy sohaning rivojlanishi qiyin ahvolda qoldi.
1985-yilgi oilaviy jamg’armalar haqidagi ma’lumotlarga qaraganda, qishloq aholisining jon boshiga to’g’ri keladigan o’rtacha daromadi kam ta’minlanganlik darajasiga ham yetmas edi. Jamoa xo’jaliklari a’zolarining beshdan bir qismi jon boshiga 50 so’mdan kamroq daromadga ega bo’lgan.
Sog’liqni saqlash. Orolbo’yi mintaqasida joylashgan Qoraqalpog’iston va unga qo’shni Xorazm viloyati aholisi keskin ekologik vaziyatning vujudga kelganligidan aziyat chekardi. Bu yerda 10 ming aholiga to’g’ri keladigan vrachlar soni Ittifoqdagi va O’zbekistondagi ko’rsatkichlardan ancha kam edi. Tibbiyot muassasalarining faqat 20 foizigina moslashgan binolarda joylashgan bo’lib, 80 foizi kanalizatsiyaga ham, issiq suvga ham ega emasdi.
Go’daklarning sut-qatiq mahsulotiga bo’lgan ehtiyoji faqat 60 foizgacha qondirilar edi. Respublikamizda sog’liqni saqlashga ajratilgan mablag’ning kamligi kasalxona va poliklinikalarni zamonaviy texnika va asbob-uskunalar bilan ta’minlash darajasiga ham salbiy ta’sir ko’rsatdi. 70-yillarda shifoxonalardagi o’rinlar sonini oshirishga zo’r berilib, bu o’rinlarni texnika bilan ta’minlash oqsadi. Chunonchi, Ittifoq bo’yicha har bir o’rinni uskunalar bilan ta’minlashga o’rta hisobda 80-yillar o’rtalarida 4 ming so’m sarflangan bo’lsa, bu ko’rsatkich O’zbekistonda 3, Buxoro, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida esa 2 ming so’mni tashkil etdi. Germaniya va Chexoslovakiya kabi mamlakatlarda esa bu sarf-xarajatlar 10 –15 ming so’mgacha borar edi.
Bu davrda Sog’liqni saqlash vazirligi faoliyatida va umuman tarmoqda kasalxonadagi o’rinlar soni, yotqizilgan bemorlar miqdori asosiy ko’rsatkich bo’lib keldi. Ya’ni shifoxonalarda o’rinlar soni qancha ko’p bo’lsa, davlatdan ajratiladigan mablag’, mehnat, moliya, moddiy va boshqa resurslar ta’minoti shunga qarab ham etilardi. Ana shunday tarzda miqdor orqasidan quvish natijasida tibbiyot xizmati ko’rsatish, uni kadrlar bilan ta’minlash muammosi kelib chiqdi. Respublikamizda bitta vrachga uchta o’rta meditsina xodimi to’g’ri kelgan bo’lsa, Ittifoqda bu ko’rsatkich 3,4, AQShda 8, Germaniyada 9, Shvetsiyada 12, Yaponiyada 19 tani tashkil etgan.
O’zbekistonda tabobatning ko’p sohalarida katta ishlar qilindi. Ko’plab sog’liqni saqlash tashkilotlari — Toshkent davlat tibbiyot institutining bosh o’quv korpusi va bolalar kasalxonasi, Semashko nomidagi shifoxona, ko’p sohali bolalar kasalxonasi, mikroxirurgiya, buyrak, yurak, o’pka xirurgiyasi markazlari qurildi. Yuqori malakali shifokorlar va tabobat hamshiralari tayyorlandi. Ammo O’zbekistonning barcha aholi manzillari tabobat tashkilotlari bilan qoniqarli ta’minlanmagan, aholiga kerakli darajada tibbiy xizmat ko’rsatish yaxshi yo’lga qo’yilmagan edi. Respublikamizda aholi manzillari tibbiyot tashkilotlari bilan faqat 66 foizga ta’minlangan edi, xolos.
Respublikamizda 80-yillar o’rtalarida paxta dalalariga sepilgan kimyoviy moddalardan zaharlanish natijasida turli xil yuqumli kasalliklar ko’payib ketdi, ayrim joylarda aholining 80 foizigacha kasallandi.
Yildan yilga sariq kasalga chalinganlar soni ortib bordi. Maktab o’quvchilarining 30 foizdan ko’prog’i surunkali kasalliklar bilan og’ridi, yana shuncha bolalarning qaddi-qomatida, asab tuzilishida nuqsonlar bor edi. Tabiat muvozanatining buzilish, kimyoviy dorilarning ta’siri natijasida tug’ilgan va voyaga yetgan balog’at yoshidagi armiya safiga chaqiriladigan bolalarning vazni ba’zan 46 kilogrammga tushib ketdi. Armiya safiga chaqirilgan yigitlar orasida sog’lig’i nochor bo’lganlar ko’pligi tufayli ularning 20 foizdan ziyodi jangovar qismlarda emas, balki qurilish bo’linmalarida xizmat qilishdi.
29.9. Ma’naviy-madaniy hayot
O’zbek tili muammolari. Milliy til ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan siqib chiqarila boshlandi. Respublika, viloyat, tuman idoralarida ish yuritish rus tilida olib borildi, majlislar ham shu tilda o’tkazildi. O’zbek tilida so’zlashuvchi aholi (aholining 71,4 foizi) respublikamizdagi vazirlik va idoralarga ona tilida xatlar, arizalar, shikoyatlar bilan murojaat qila olmas edi. Ish yuritishda ham o’zbek tilidan foydalanish anchagina cheklanib qoldi. Mehmonxona, kassa, bank tibbiyot, aloqa tashkilotlarida o’zbek tilida ish yuritilmay qo’ydi. Yil sayin milliy tillarda chiqayotgan adabiyot salmog’i, sifati, soni markazlashgan davlatning bir yoqlama talqini bilan rus tilida chop etilayotgan adabiyotga qaraganda kamayib boraverdi. Respublikadagi ilmiy adabiyotlarning 80 foizdan ko’prog’i rus tilida chop etildi. Bunday hol ijodiy, ilmiy-texnik ziyolilarni ilmiy jihatdan yetuk asarlarini ona tilida emas, rus tilida yozishga majbur qildi.
Bu yillarda o’zbek tilida chop etiladigan ilmiy kitoblarning soni kamayib ketdi. Jumladan, 1960-yilda o’zbek tilida 1060 nomda kitoblar chop etilgan bo’lsa, 1987-yilda esa 936 nomda kitob bosilib chiqdi. Respublikada 1980-yilda chop etilgan 83 nomdagi jurnallarning 48 tasi rus tilida edi. 1985-yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida tayyorlangan ilmiy asarlarning 80 foizi rus tilida, 16 foizi xorijiy tillarda, faqat 4 foizigina o’zbek tilida nashr etildi.
Respublika, shahar, viloyat va tuman kutubxonalari va kitob do’konlarida o’zbek tilidagi ilmiy va badiiy adabiyotlarning soni juda kam edi. Masalan, 1987-yilda 1980-yildagiga qaraganda o’zbek tilida badiiy asarlar chop etilishi 0,9 mln. nusxaga kamayib ketdi. O’zbekistonda yashayotgan har bir o’zbek kitobxoniga o’rtacha olganda 0,7 tadan badiiy asar to’g’ri kelardi. Bu o’zbek xalqining ma’naviy qashshoqlanishi omillaridan biri bo’ldi.
«Qoldiq» prinsipi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi yillarida ijtimoiy-madaniy sohada, uni mablag’ bilan ta’minlashda «qoldiq» prinsipi ustuvorlik qildi. Xususan, agar O’zbekistonda oldingi yillarda ijtimoiy-madaniy sohani rivojlantirish uchun umumiy davlat budjetidan 67 foiz mablag’ sarflangan bo’lsa, keyinchalik bu raqam doimiy ravishda kamayib borganini kuzatish mumkin. Chunonchi, mazkur ko’rsatkich 1976-yilda 49,6 foizni, 1986-yilda esa 26,1 foizni tashkil etdi, xolos.
Umumta’lim maktablari. Jamiyatning taraqqiy etishi madaniyatning o’sishida ta’lim va tarbiya nihoyatda katta o’rin tutadi. Ta’lim insonning ma’naviy barkamol o’sishiga, qobiliyatining yuzaga chiqishiga yordam beradi. Ilmiy-texnik, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotning eng muhim masalalarini hal etish aholining bilim darajasi bilan belgilanadi.
70-yillarga kelib respublikamizda ijtimoiy sohada ro’y bergan kamchilik va muammolar ta’limga ham o’z ta’sirini o’tkazdi. Shunday bo’lsa-da, bu borada katta qadam tashlandi. O’zbekiston yalpi savodxonlar respublikasiga aylandi. Umumta’lim maktablarida o’quvchilar soni va shunga yarasha maktablar soni ham yildan yilga ortib bordi, ularning soni 1985-yilga kelib 7000 dan ortiqni tashkil etdi.
Yoshlarning zamonaviy texnologiyani yetarli o’zlashtirib olmaganliklari sanoat, qishloq xo’jaligi, fan va madaniyatni yanada taraqqiy ettirishga xalaqit berardi. Bunga asosiy sabab maorifning keng tarmoqli tizimi vujudga keltirilmaganligi, o’qish o’qitishda sifat o’zgarishining ro’y bermaganligida edi. Masalan, 1980/81-o’quv yilida respublikamizda mavjud 7000 dan ortiq umumta’lim maktablarining 60 foizi nobop binolarda joylashgan, 700 tasi avariya holatida edi. Ayniqsa, qishloq maktablarida ahvol og’ir bo’ldi. Ularning 75 foizga yaqini vodoprovod va kanalizatsiyaga, yarmidan ko’prog’i markaziy isitish moslamalariga, oshxona va sport zallariga ega emas edi. Joy tanqisligi sababli 5800 ta maktabda o’qish ikki smenada olib borilardi. Madaniy-ma’rifiy soha uchun resurslarni taqsimlash «qoldiq» prinsipida amalga oshirilganligidan maktablar uchun bino yetishmasdi, ular jihozlar, yangi asbob-uskunalar bilan sust ta’minlangan edi. Bu soha uzoq yillar davomida diqqat-e’tibordan chetda qolib keldi, hayotimizning eng ortda qolgan sohalarida biriga aylandi. Fan, madaniyat va xalq ta’limiga qilinadigan sarf-xarajatlarni qo’shib hisoblaganda ular budjet mablag’larining 2,7 foizidan ortmas edi.
Respublikamiz xalq ta’limi oldida turgan asosiy ta’lim-tarbiya ishlari ko’p tomondan o’qituvchi kadrlar sifatiga bog’liq edi. 80-yillarning o’rtalariga kelganda shaharlardagi kunduzgi umumta’lim maktablaridagi o’qituvchilarning 80 foizga yaqini oliy ma’lumotli edi. Qishloqlarda ahvol birmuncha yomonroq bo’ldi, ularda ma’lumotli pedagoglar yetishmas edi. Pedagoglar yetishmasligidan bir soha o’qituvchisi boshqa fandan ham dars berishga majbur edi. Bunday hol o’quvchilar bilimlari sifatiga salbiy ta’sir o’tkazdi. O’quvchilarning 3 – 4 oylab qishloq xo’jalik ishlariga jalb etilishi ta’lim saviyasining pasayib ketishiga, bilimlarning sifati qoniqarsiz ahvolga tushib qolishiga olib keldi.
Adabiyot va san’at. Mustabid tuzumning oxirgi o’n yilligi davrida o’zbek adabiyoti har qanday siyosiy-ijtimoiy «qoliplar» ichida turib bo’lsada, rivoj topdi, qator sermazmun asarlar vujudga keldi. Ayni paytda iste’dodli ustoz adiblar qatoriga o’nlab yangi, isyonkor ijodkorlarni olib kirdi. Ular adabiyot taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shdilar.
O’sha yillarda O’zbekistonda adabiyotning tarixiy mavzusi ancha boyidi. Jumladan, Nazir Safarovning «Navro’z», Hamid G’ulomning «Mangulik», «Mashrab», Mirmuhsinning «Me’mor», «Temur Malik», Odil Yoqubovning «Ulug’bek xazinasi», «Ko’hna dunyo», Pirimqul Qodirovning «Yulduzli tunlar», «Avlodlar dovoni» kabi romanlari o’zbek adabiyotida tarixiy mavzuni yoritdi. Bular orasida ayniqsa, Pirimqul Qodirov tarixiy romanchilikni ustoz Oybekdan keyin yangi pog’onaga ko’tardi. O’zbek adabiyoti 80-yillarda ham ancha qalamkash iste’dodlarni yetishtirib berdi. O’lmas Umarbekov, Xudoyberdi To’xtaboyev, O’ktam Usmonov, O’tkir Hoshimov, Uchqun Nazarov, Shukur Xolmirzayev, Farhod Musajonov singari ijodkorlar o’z asarlarida insondagi ma’naviy-axloqiy fazilatlarni ardoqlashga, ular o’rtasidagi mehr-oqibat va sadoqatni ehtiyot qilishga, o’zaro bir-biriga muruvvatli bo’lishga, shafqatli bo’lishga chorlab keldilar.
70 – 80-yillar she’riyatida ham inson va jamiyat muammosi bosh mavzu bo’lib qoldi. She’riyatda tabiat haqida, paxta va paxtakor haqida falsafiy mushohadalar o’rtaga qo’yildi. Katta avlod shoirlari — Uyg’un, Mirtemir, Sobir Abdulla, Habibiy, G’ayratiy, Charxiy, Zulfiya, o’rta avlod shoirlari — Mamarasul Boboyev, Asqad Muxtor, Hamid G’ulom, Shuhrat, Turob To’la, Shukrullo, Ramz Bobojon, O’tkir Rashid va birmuncha yosh iste’dodli shoirlar — Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Jumaniyoz Jabborov, Omon Matjon, Rauf Parfi, Azim Suyun, Usmon Azimov, Halima Xudoyberdiyeva va boshqalar she’riyatining mazmuni va ma’nisi nihoyatda keng va chuqurdir. Ular yaratgan asarlar o’zbek she’riyati xazinasidan munosib o’rin egalladi.
Adiblar teatr va musiqa
arboblari bilan hamkorlikda samarali ish olib bordilar. O’zbek sahnasida ko’p
yillar davomida S. Eshonto’rayeva, H. Nosirova, L. Sarimsoqova, Olim Xo’jayev,
Sh. Burhonov, M. Turg’unboyeva, G. Izmaylova, B. Qoriyeva, N. Rahimov, F.
A’zamov, S. Xo’jayev, Z. Muhammadjonov, H. Umarov va boshqa iste’dodli
san’atkorlar samarali xizmat qildilar. Bu davrda opera va balet san’ati rivoj
topdi. A. Navoiy nomidagi Katta Akademik opera va balet teatri, Muqimiy
nomidagi o’zbek musiqali drama va komediya teatri, M. Gorkiy nomidagi rus
dramatik teatri,
I. Oxunboboyev nomidagi respublika yosh tomoshabinlar teatri, qo’g’irchoq
teatri yangi tomoshalarni namoyish qildilar. Hamza nomidagi o’zbek davlat
Akademik drama teatri jahon xalqlari asarlarini tomoshabinga mohirlik bilan
yetkazdi. Sahnada Sofoklning «Shoh Edip», Shekspirning «Qirol
Lir», «Yuliy Sezar», Shillerning «Mariya
Styuart» kabi sahna asarlari yuksak mahorat bilan ijro etildi. Shu
bilan birga, o’zbek adiblarining bir qancha asarlari, jumladan, Uyg’un va Izzat
Sultonning «Navoiy», Shayxzodaning «Mirzo Ulug’bek», Uyg’unning
«Abu Rayhon Beruniy», O’lmas Umarbekovning «Qiyomat qarz»,
Said Ahmadning «Kelinlar qo’zg’oloni» kabi spektakllari ham sahna
san’atini boyitdi. Respublikada boshqa teatrlar ham bu davrda yangi-yangi sahna
asarlarini yaratdilar.
O’zbekistonda musiqa san’ati bu
davrda rivoj topdi. Yangi musiqiy jamoalar — «Lazgi», «Shodlik», «Go’zal»,
«Bahor» xalq raqs, «Yalla» vokal cholg’u ansambllari M. Ashrafiy, M.
Burhonov,
M. Leviyev, T. Sodiqov, I. Akbarov, S. Boboyev, D. Zokirov, U. Musayev kabi
kompozitorlar bilan hamkorlikda yaratilgan yangi konsertlari bilan tanildilar.
70—80-yillar o’rtalarida o’zbek
kinochilari ham ko’plab yangi kino asarlarini yaratdilar. Iste’dodli kinochilar
ijodiy guruhi K. Yormatov, M. Qayumov, Sh. Abbosov, I. A’zamov, A. Hamroyev,
E. Eshmuhamedov kabi san’atkorlar barakali ijod qildilar. San’atning boshqa
sohalarida ham birmuncha yutuqlarga erishildi.
29.10. Fan, mutaxassis kadrlar yetishtirish
Fan. Bu davrda respublikada fanni rivojlantirishga, malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga ko’plab mablag’lar ajratildi. Fanga sarflangan mablag’ 30 mln. so’mdan 54 mln. so’mga ko’paydi. Xalq xo’jaligini rivojlantirishga tarmoq fani muayyan hissa qo’shib keldi. Respublikamizda fanning bu sohasida yirik tajriba eksperimental va loyihalash konstruktorlik bazasiga ega bo’lgan ilmiy tadqiqot institutlari va ilmiy ishlab chiqarish birlashmalari, konstruktorlik texnologiya byurolari, tarmoq laboratoriyalari va boshqa muassasalar ish olib bordi. Jumladan, «Signal», «Texnolog» kabi ilmiy-texnika birlashmalarida ko’plab foydali tajriba va ilmiy ishlar amalga oshirildi.
O’zbekiston Fanlar akademiyasi doirasida fan bilan ishlab chiqarish, tarmoqlararo aloqalarning g’oyat samarali majmualari, ilmiy texnik markazlari ish olib bordi. Respublika Fanlar akademiyasining mexanika va zilzilaga bardoshli inshootlar instituti olimlari tayyorlagan yechimlarni xalq xo’jaligiga tatbiq etishdan 1980 – 1985-yillarda ko’rilgan umumiy iqtisodiy samara 50 mln. so’mni tashkil etdi.
1971 – 1982-yillar oralig’ida O’zbekiston sanoatida 380 turda yangi tipdagi mashinalar, dastgohlar va asbob-uskunalar yaratilgan ekan, bunda Fanlar akademiyasi institutlarining xizmatlari katta bo’ldi. 1984-yili faqat O’zbekiston Fanlar akademiyasi institutlari 127 ta ana shunday tadqiqot olib bordi. Respublika olimlari har yili iqtisodiy samaradorligi 600 mln. so’mlik 400 dan ziyod ilmiy yechimlarni ishlab chiqdilar. Ammo ular ishlab chiqarishga juda sust joriy etildi. Ilmiy-tadqiqot muassasalarining faoliyati respublikani iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga ta’sir ko’rsatmadi.
80-yillarning birinchi yarmida fan orqali xalq xo’jaligida muayyan ijobiy siljishlarga erishilgan bo’lsa-da, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish, zamonaviy serunum mashina va asbob-uskunalarni, xalq iste’moli mollari va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasidagi qoloqlik chuqurlashdi. Respublika iqtisodiyoti bir yoqlama tarzda xomashyo yetishtirishga yo’naltirildi, fan va texnika yutuqlari, yangi texnologiyalar deyarli joriy qilinmadi.
Mutaxassis kadrlar tayyorlash muammolari. Respublikaning oliy va o’rta maxsus o’quv yurtlari xalq xo’jaligi va madaniyat talablariga javob beradigan mutaxassislar tayyorlashda muayyan natijalarni qo’lga kiritdilar. Yildan yilga talabalar soni ortib bordi. 1971–1975-yillarda oliy o’quv yurtlarini tugallagan diplomli 182 ming nafar mutaxassis kadrlar respublika xalq xo’jaligiga yetkazib berildi. Oliy o’quv yurtlarining soni 1985-yilda 42 taga yetdi.
80-yillarning o’rtalarida respublika o’rta maxsus yurtlarida 282 ming nafar o’quvchi ta’lim oldi. Bu har yili necha o’n minglab malakali mutaxassislar bilan respublika xalq xo’jaligini ta’minlashga imkon berdi.
Ma’muriy-buyruqbozlik tizimi siyosati ishlab chiqaruvchi kuchlarni joylashtirishda, mutaxassis kadrlarni tayyorlashda respublikaning o’ziga xos ijtimoiy, milliy va demografik xususiyatlarini hisobga olmadi. Yangi shaharlar bunyod etish, sanoatlashtirish bahonasida ko’plab rus aholisi o’lkamizga ko’chirib keltirildi. Toshkent, Farg’ona, Olmaliq, Navoiy, Chirchiq va boshqa shaharlarda ko’chib kelganlar soni mahalliy aholi sonidan ancha yuqori edi. Ular uchun uy, joy, ish muammo emasdi.
Kadrlar taqdiri ham ular qo’lida bo’ldi. Respublika, viloyat, shahar partiya va davlat organlari rahbarlarining birinchi yordamchilari — «ikkinchi kotib» va «birinchi o’rinbosar»lar ruslardan bo’lib, kadrlar masalasi bilan ular shug’ullanar edilar.
Mustabid tuzum siyosati tufayli oliy o’quv yurtlarida sanoatning yetakchi tarmoqlariga milliy kadrlar tayyorlanmadi. Natijada milliy kadrlar salmog’i ba’zi korxonalarda juda kam bo’ldi. Mashinasozlik, metall ishlash va og’ir sanoatning boshqa tarmoqlarida 80-yillar o’rtalarida umumiy ishchi va xizmatchilarning 25 – 30 foizigina milliy kadrlar edi.
Ziyolilar — ilmiy xodimlar, agronomlar, muhandislar, o’qituvchilar, shifokorlar soni muttasil oshib bordi. Respublika xalq xo’jaligida ularning soni 1970-yildagi 531 mingdan 1985-yilda 1385 mingtaga yetdi.
1985-yilda respublikaning xalq xo’jaligi ishlab chiqarishi sohasida 26 foiz aqliy mehnat xodimlari band bo’lib, ulardan sog’liqni saqlash, xalq ta’limi, madaniyat va san’at, fan va ilmiy xizmatdagilar 20 foizni tashkil etdi. Oliy ma’lumotlilar soni ziyolilar orasida ortib bordi. Ularning soni 1970-yildagi 252 ming kishidan 1985-yilda 669 ming kishiga ko’paydi. Ilmiy va muhandis kadrlar mahoratining jamoatchilik tomonidan e’tirof etilishini oshirish, ularda ijobiy tashabbusni kuchaytirish va shu asosda ularga haq to’lash darajasini oshirish zarurligini anglab yetgan korxonalarning rahbarlari yaxshi natijalarni qo’lga kiritdilar. Biroq hamma joyda ham bunday qilinmadi. Jumladan, 80-yillarning boshida respublika yengil sanoat korxonalarining 66 ta filiali qurilgani bilan yetarli darajada samaradorlikka erishilmadi. Ishga tushirilgan Beruniy, To’rtko’l, Xo’jayli yigiruv-tikuv fabrikalari o’z quvvatining 30—40 foiz darajasida ishladi. Kombinatda iqtisodchilar uchun belgilangan o’rinlarning yarmi bo’sh edi, ayni paytda 12 mingga yaqin iqtisodchi boshqa sohalarda ishlardi. Sanoat korxonalarida muhandis-texnik xodimlar yetishmagani holda, 37 ming muhandis va texniklar ishchilar qatorida mehnat qildilar.
Fan va texnikani rivojlantirish, yangi texnikani yaratish, uni ishlab chiqarishga joriy etish, mavjud ishlovlarni yanada takomillashtirish ko’p jihatdan muhandis-texnik xodimlarning ijodiy faoliyatlari hamda o’zaro aloqalari bilan uzviy bog’liq edi. Biroq bu davrda muhandis-texnik xodimlarni tayyorlash saviyasi pasayib ketdi. O’zbekiston sanoatidagi muhandislarning asosiy qismi 7—10 yillik mehnat stajiga ega bo’lib, ularning ko’pchiligi zamonaviy texnika va texnologiya jarayonlarini puxta egallamagan edilar. Ular hisoblash mashinalari, sanoat robotlari bilan muomala qilishni bilmasdilar. O’z mutaxassisliklarini puxta egallamaganliklari va ishlab chiqarishda moddiy manfaatdorlikning yo’qligi tufayli oliy o’quv yurtlarini tugatgan muhandislarning 40 foizi, texnikumlarni tugatganlarning to’rtdan uch qismi o’z sohasida ishlashni xohlamasdilar.
29.11. Qoraqalpog’iston ASSR 1946–1990-yillarda
Qoraqalpog’iston xalq xo’jaligining ahvoli. Urushdan keyingi tiklanish davrida Qoraqalpog’istondagi muammolarni hal qilishda qarovsiz qolgan, tashlandiq va foydalanmay kelingan sug’oriladigan yerlarni irrigatsiya va melioratsiya holatini yaxshilash muhim ahamiyatga ega bo’ldi. 1947-yilning bahorida Tuyamo’yin kanalining birinchi navbati (uzunligi – 11,5 km) ishga tushirildi. Oradan ko’p o’tmay Shumanay kanali qurildi. 1250-yildan e’tiboran ilk marta qishloq xo’jaligini mexanizatsiyalash, irrigatsiya tarmog’ini tozalash ishlari boshlandi.
Yangi kanallarning qazilishi paxta ekiladigan maydonlarning kengayishiga olib keldi. 1946—1950-yillarda 42000 ga yangi yer o’zlashtirildi. 1960-yilga kelganda chigit ekiladigan maydon 131500 ga ni tashkil qildi.
1949-yilda sug’orish tizimlarining quyidagi 4 ta boshqarmasi tuzildi: Paxta-arna (To’rtko’l va Beruniy tumanlari uchun), Lenin nomli kanal (Xo’jayli va Qo’ng’irot tumanlari uchun), Kegayli (Chimboy va Kegayli tumanlari uchun), Quvonish-jarma (Taxtako’pir va Qorao’zak tumanlari uchun) boshqarmalari. Sug’orish tarmoqlarini tozalash maqsadida birinchi marta mashina-traktor stansiyasi (MTS) tashkil qilindi. 1950-yili jamoa xo’jaliklarini yiriklashtirish kompaniyasi boshlanib, mavjud 410 jamoa xo’jaligi asosida 200 kolxoz tashkil qilindi. Qoraqalpog’istonda xalq xo’jaligini rivojlantirish uchun Chorjo’y shahridan Xorazm va Qoraqalpog’iston orqali Qozog’istonga temiryo’l qurish zarur edi. O’zbekiston Kompartiyasi MKning birinchi kotibi Usmon Yusupov temiryo’lning juda katta iqtisodiy ahamiyatga ega ekanligini hisobga olib, Moskva bilan kelishib o’tirmasdan va uning roziligisiz Chorjo’y – Qo’ng’irot temiryo’li liniyasini qurish to’g’risida farmoyish berdi. Qurilish 1947-yilda boshlandi va qisqa muddat ichida tugallandi. Qurilishda Xorazm, Shimoliy Turkmaniston va Qoraqalpog’istondan 100000 kishi mehnat qildi. Biroq O’zbekiston rahbariyatining bu tashabbusi Markaz tomonidan qattiq qoralandi. 1947-yilning oxirida VKP(b) MK Siyosiy byurosi majlisida U. Yusupovga O’zbekiston paxta tayyorlash rejasini bajarmadi degan bahona bilan hayfsan berildi.
Urushdan keyingi xalq xo’jaligini tiklash yillarida mahsuldor chorvachilikni rivojlantirishda muayyan natijalarga erishildi. Chimboy tumanida Butunittifoq chorvachilik ilmiy-tadqiqot institutining tayanch punkti tashkil qilindi. Rossiyadan 104 bosh nasldor qizil-cho’l zotli buzoqlar keltirildi. Qoraqalpog’istonda 219 ta yilqichilik va 48 tuyachilik fermalari tashkil etildi.
Afsuski, 50-yillarning o’rtalariga kelib, Qoraqalpog’iston chorvachiligidagi mutanosiblik buzildi. Paxta yakka hokimligi kuchayishi bilan chorvachilik siqib chiqarila boshlandi. Shu davrdan boshlab xo’jaliklarda chorva mollari soni muttasil kamayib bordi. Chorvachilikdagi bu holat 60–80-yillarda ham davom etdi. Hatto shaxsiy xo’jaliklarda ham chorva mollari qisqarib borganligi kuzatiladi. Bu holat dehqonlar va chorvadorlarning moddiy ahvoliga, ularning turmush darajasiga salbiy ta’sir qilmay qo’ymas edi.
50-yillarning oxiri – 60-yillarning boshlarida Qoraqalpog’iston qishloq xo’jaligi yana turli tajriba eksperimentlar girdobiga tortildi. Bu gal N. Xrushchevning talabiga ko’ra makkajo’xori yetishtirishga, hatto avtonom respublikaning shimoliy tumanlarida uni o’stirishga katta e’tibor berildi. Makkajo’xori ekilgan maydon 1957-yil 2067 ga bo’lgan bo’lsa, 1958-yilda 5772 ga ni tashkil etdi. Lekin «makkajo’xori eksperimenti» kutilgan natijani bermadi.
60-yillarning o’rtalarida Qoraqalpog’istonda qishloq xo’jaligining muhim tarmog’i bo’lgan sholikorlikning rivojlanishiga e’tibor kuchaydi. Maxsus sholikorlik xo’jaliklari tashkil qilindi. Natijada 1965-yilda 25700 tonna sholi yetishtirilgan bo’lsa, 1983-yilda bu ko’rsatkich 332,300 tonnani tashkil qildi. Avtonom respublikada pillachilik sohasida ham sezilarli yutuqlar qo’lga kiritildi.
Qoraqalpog’istonda paxta yetishtirish muttasil oshirib borildi. 1964 – 1984-yillar mobaynida avtonom respublikada 7.144.000 tonna paxta yetishtirilib, Rossiyaning to’qimachilik fabrikalariga 2.219.000 tonna paxta tolasi jo’natildi. Bu paytda Qoraqalpog’iston avtonom respublikasi rahbari — Qallibek Kamolov edi.
60 – 80-yillarda Qoraqalpog’iston iqtisodiyotining bir tomonlama rivojlanishi. Qoraqalpog’istonda sanoatni rivojlantirish uchun energetika bazasining quvvati yetarli darajada emas edi. Shuning uchun maxsus «Taxiatashgidroyenergostroy» qurilish tresti tashkil qilindi, o’lkada energetika sanoatini barpo etishga asos soldi. 1956-yilda Taxiatosh GRESni qurish boshlandi, qisqa muddat ichida energetiklar shahri — Taxiatosh bunyod bo’ldi. 1961-yilda Taxiatosh GRESining birinchi navbati foydalanishga topshirildi.
Taxiatosh GRESi O’zbekistonning energetika tizimi orqali O’rta Osiyo energotizimiga ulandi. 1970-yilda respublikaning barcha qishloq tumanlari asosan elektrlashtirildi. Buxoro — Ural va O’rta Osiyo — Markaz gaz quvurlari qurilishida quyi Amudaryo iqtisodiy rayonining ehtiyojlari hisobga olindi; gaz quvurlari qurilishi tajribasida birinchi marta Qizilqum va Qoraqum sahrolarining barxanlari, Ustyurt platosi, Orolbo’yining suvsiz cho’llari yengib o’tildi. Qoraqalpog’istonning sanoat korxonalari va shaharlari sekin-asta tabiiy gaz bilan ishlashga o’tkazila boshlandi.
60—80-yillarda Qoraqalpog’iston sanoatining taraqqiyoti asosan yengilsanoat, ya’ni paxta tozalash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaradigan korxonalarning ustuvor rivojlantirilishi evaziga bo’ldi. Sanoat faqat bir tomonlama rivojlantirildi. Avtonom respublikada industriyaning mashinasozlik, elektrotexnika, kon-ruda, kimyo sanoati kabi tarmoqlari tashkil qilinmadi. Bu bir tomonlama rivojlanish Qoraqalpog’iston iqtisodiyotiga putur yetkazdi. Chunki avtonom respublika faqat xomashyo mahsulotlarini chetga chiqarish hisobigagina aholi farovonligini yaxshilay olmas edi.
60-yillardan boshlab Orol dengizining quriy boshlashi butun mintaqada, eng avvalo, Qoraqalpog’istonda ekologik vaziyatni og’irlashtirdi. Orolbo’yi mintaqasining markazida joylashgan Qoraqalpog’istondagi aholi o’rtasida ko’plab yuqumli kasalliklar keng tarqaldi, toza ichimlik suvi muammosi keskinlashdi. Ekologik fojialar Qoraqalpog’iston respublikasi iqtisodiyotiga o’zining salbiy ta’sirini hamon o’tkazib kelmoqda.
XX asrda Qoraqalpog’iston madaniyati. XX asrgacha qoraqalpoq adabiyoti asosan xalq og’zaki ijodi shaklida rivojlangan. XX asr boshlarida Umar Sug’irimbet o’g’li va Sidiq shoir demokratik ruhdagi asarlar yaratishdi. 1917-yildan keyingi yangi qoraqalpoq adabiyotiga A.Musayev, S. Majitov, S. Nurimbetov asos solishdi. Majitov «Alifbe» va «Katta yoshdagilar uchun o’qish kitobi» (1926) darsliklarini yaratdi. Shuningdek, u qoraqalpoq xalqining qahramoni Ernazarga bag’ishlangan «Ernazar olako’z» (1928) dostonini ham yozdi.
20-yillarning oxirida qoraqalpoq adabiyotida dramaturgiya va badiiy proza kabi yangi janrlar paydo bo’ldi. A. Utepov, N. Dovqorayev, A. Begimovning hikoya va pyesalari, J. Oymirzayevning qissalari maydonga keldi. J. Oymirzayev keyinchalik «Amudaryo sohillarida» (1958) romanini yozdi.
60-yillarda qoraqalpoq prozasi T. Qayipbergenov, X. Seitov, U. Xo’janiyozov asarlari bilan boyidi. XX asr qoraqalpoq adabiyotida To’lepbergen Qayipbergenovning o’ziga xos o’rni bor. U «Qoraqalpoq qizi», (1963—1965) dilogiyasi va «Qoraqalpoq dostoni» (1968—1975) trilogiyasida, shuningdek, «Qoraqalpoqnoma» (1985) roman-essesida qoraqalpoq xalqining XVIII—XIX asrlardagi hayotini tasvirlaydi. Biroq uning asarlarida sovet mafkurasining ta’siri sezilib turadi. Qoraqalpoq shoirlari o’rtasida I. Yusupov alohida ajralib turgan.
20-yillardan boshlab Qoraqalpog’istonda milliy tilda gazeta va jurnallar, kitoblar nashr qilinishi yo’lga qo’yildi. «Amudaryo» nomli adabiy-badiiy va ijtimoiy-siyosiy jurnal (1932-yildan) chop qilina boshlandi. 1959-yilda O’zbekiston Fanlar akademiyasining Qoraqalpog’iston filiali tashkil qilindi. Qoraqalpog’istonda tarix fanining rivojlanishida akademik Sobir Kamolovning xizmati katta.
30-MAVZU: O’ZBEKISTONDA SOVET MUSTABID TUZUMINING
INQIROZGA
YUZ TUTISHI VA MUSTAQILLIK UCHUN HARAKATLAR (1985–1991-yillar)
30.1. Kommunistik mafkuraning nomilliyligi va xalq manfaatiga zidligi
Kommunistik mafkuraning mohiyati va uning g’ayrimilliy xususiyatlari. 80-yillarda sovet tuzumi tanglik holatini boshdan kechirayotganligi yaqqol namoyon bo’ldi, bu hol uning ichki manbalari nimadan iborat, degan masalani keskin qilib qo’ydi. Sobiq Ittifoqning kommunistik rahbariyati tang holatdan chiqish yo’llarini qidirishga, jon holatda tipirchilayotgan tuzumni barqarorlashtirishga intilib, ijtimoiy taraqqiyotning bunday barbod bo’layotganligiga sabab Stalin tipidagi ayrim shaxslardir, ular go’yo «kommunistik g’oyaning yorqin qiyofasini buzdilar», degan mafkuraviy afsonani zo’r berib singdirishga urindilar. Bunday yondashuvga muvofiq faqat boshqaruv tizimini yangilash, ilgari yo’l qo’yilgan nuqsonlarni bartaraf etish, «sotsializmga insoniy qiyofa» bag’ishlash lozim, degan fikr bayon qilindi. Kommunistik ta’limot o’z-o’zicha «ilmiy jihatdan to’g’ri» ta’limot bo’lib qolmay, shu bilan birga «insoniyat fikrining oliy yutug’i» hamdir, deb targ’ib etildi.
Xuddi shu xildagi tushunchalar hozirgi kunda ham bir qator MDH mamlakatlarining avvalgi kommunistik rejimning tiklanishiga umid qilayotgan kommunistparast guruhlari tomonidan targ’ib qilinmoqda. Mustaqil O’zbekistonda davlat suvereniteti qo’lga kiritilgandan keyin sovet tuzumi davrining mafkuraviy kishanlari qat’iyan uloqtirib tashlandi. Lekin jamiyatni jadal sog’lomlashtirish jarayoni borayotgan bo’lishiga qaramasdan, o’tmishning mafkuraviy sarqitlari, eskicha fikrlash illatlari hamon ma’naviy sohaga ba’zan yashirin tarzda ta’sir qilib kelmoqda. Respublika Prezidenti I. A. Karimov jamiyat o’tish davrining ana shu obyektiv realligini ko’rsatib o’tar ekan, o’tmish sarqitlari, avvalgi tuzumning voqelikdan uzoq barcha soxta qadriyatlari qanchalik katta zarar yetkazganligini, olg’a tomon harakat qilishga jiddiy to’siq bo’lganligini ko’p marta ta’kidladi. Bu qadriyatlar birinchi qarashda qanchalik jozibali bo’lmasin, amalda real hayotdan uzoq edi.
Sovet mafkurasining o’zbek xalqining iqtisodiy va ijtimoiy turmushiga salbiy ta’siri. Markazga qattiq bog’liq qilib qo’yildi va moskvalik siyosiy rahbariyat belgilab qo’ygan doiradan chetga chiqmasligi belgilab berildi. Ayni vaqtda aholining markscha qoidalarga mos kelmaydigan qatlamlariga, muxolifatdagi kuchlarga qarshi beqiyos quvlashlar avj oldirildi. Leninning farmoyishi bilan 1918-yil yoz faslidan e’tiboran «qizil terror» siyosati o’tkazila boshlandi. U ommaviy qatag’onlar murvatini qattiqroq burash bilan olib borildi, ayniqsa bu tadbir qo’lda qurol bilan o’z milliy taqdirini o’zi belgilash qonuniy huquqini himoya qilayotganlarga qarshi qaratildi. Bularning hammasi son-sanoqsiz qurbonlar berilishiga sabab bo’ldi. Shuni ta’kidlash kifoyaki, Turkiston aholisi kamayib 1915-yildagi 7 mln. 149 ming kishidan 1922 yilga kelib 4 mln. 835 ming kishiga tushib qoldi. Haqiqatda o’lkaning tub aholisi qirilib bitish yoqasiga kelib qolgan edi.
Keyinroq markaziy rahbariyat milliy siyosatdagi taktik yo’nalishlarini birmuncha yangiladi. Mahalliy aholi vakillarini davlat va jamoat boshqaruvi ishlariga jalb qilish zarurligi rasmiy darajada qayd etildi. 1925-yilda O’zbekiston SSR tashkil etildi. Bu hol Markaz tomonidan o’zbek xalqiga o’z milliy davlatchiligiga ega bo’lish imkoni berildi, deb targ’ib qilindi. Biroq bu navbatdagi mafkuraviy afsona, soxta davlatchilikdan boshqa narsa emasdi. Ayrim taktik usullarga, yangilanishlarga qaramasdan sovet imperiyasi tartibining mohiyati o’zgarmadi. Marksizm mafkurasiga tayanuvchi kommunistik tuzum xalqni mustamlakachilik asoratida saqlash, keng xalq ommasining tub manfaatlarini inkor etuvchi mustabid jamiyatni qaror toptirishni mo’ljallagan edi.
Davlatning xalq ustidan zo’ravonlik qilish amaliyoti saqlab qolindi, uning cho’qqisi 30-yillarning boshi — 50 yillardagi stalincha, beriyacha qonli harakatlarga aylanib ketdi. Stalin aslida Lenin boshlab bergan ishni davom ettirdi. U amalga oshirgan «yuqoridan boshlangan inqilob» ommaviy hokimiyat institutlarining yanada barham toptirilishiga, partiya diktaturasining, mafkuralashgan ma’muriy-buyruqbozlik tizimining mustahkamlanishiga olib keldi. Uni boshqarishning o’zagi Moskvada to’plangan edi.
50-yillarning o’rtalari — 60-yillarning boshidaga «siyosiy iliqlik» davrida stalincha istibdod tizimining ayrim haddan oshish jihatlari bartaraf etildi. Biroq ular mustabid tuzumning negizlariga dahl qilmadi. Hokimiyat tepasiga Brejnev ma’muriyatining kelishi bilan stalinizmning g’oyaviy oqlanish yo’li ko’zga tashlandi, puturdan ketayotgan tuzumni mustahkamlashga qaratilgan mafkuraviy hujum yanada kuchaytirildi.
O’lkamizning Markazga tobora ko’proq paxta yetkazib beradigan ota meros mulkka aylantirilganligi uning mustamlaka ahvolida ekanligidan dalolat berardi. Ko’p yillar mobaynida hukm surib kelgan paxta yakkahokimligi, milliy iqtisodiyotning asosan paxtaga yo’naltirilganligi shunga olib keldiki, o’zbek xalqining boyligi hisoblangan paxta uning boshiga bitgan balo bo’ldi. Sun’iy ravishda singdirilgan paxta yakkahokimligi O’zbekistonning kambag’al respublika bo’lib qolishiga olib keldi, unga jiddiy ekologik xavf tug’dirdi, oziq-ovqat sohasida uni markazga bog’liqlikdan iborat tahqirlovchi ahvolga solib qo’ydi. Masalan, 70 – 80-yillarda respublika aholisi jon boshiga to’g’ri keladigan milliy daromad ittifoq bo’yicha o’rtacha darajadan 3 baravar kam bo’ldi. Bir tomonlama ixtisoslashuv natijasida O’zbekiston g’alla va go’shtning 70%ini, kartoshkaning 60%ini, qand-shakar, quruq sut va boshqa mahsulotlarning 100%ini chetdan keltirishga majbur bo’ldi. Paxta yetishtirishning yildan-yilga ko’paytirib borilishi, xususan, yangi yerlarning ko’p miqdorda o’zlashtirilishi natijasida Orol dengizi suvining haddan tashqari kamayishi sodir bo’ldi. Bu esa O’zbekistonni ekologik falokatlar zonasiga aylantirdi.
Kommunistik ta’limotning ma’naviy sohaga halokatli ta’siri. Yana bir strategik yo’nalish zo’rlik bilan «ruslashtirish» siyosati bo’lib, u siyosiy yuqori tabaqaning milliy masaladagi imperiyacha yo’lini aks ettirdi. Uni davlat miqyosida amalga oshirish uchun milliy hayotning barcha sohalarida, xususan, til to’g’risidagi siyosatda jiddiy nuqsonlar sodir bo’lishiga olib keldi. Ko’p millatli davlatda millatlararo aloqa tili bo’lgan rus tili avval boshdanoq buyruq yo’li bilan joriy etila boshlandi, boshqa tillarni rivojlantirish ehtiyojlari inkor etildi. Natijada o’zbek tili O’zbekistonda ikkinchi darajali til darajasiga tushirib qo’yildi. Buning ustiga o’zbek tili tarkibidagi arab so’zlari ulushi 25 yil (1923—1948) mobaynida ancha qisqartirilib, 32,1% dan 18,9% ga tushib qoldi, holbuki, 33 yil (1924—1957) mobaynida rus so’zlari 0,9% dan 21,4% gacha ko’paytirildi. Yoki boshqa bir faktni olaylik: 80-yillar o’rtalariga kelib rus tili va adabiyotini o’qitishga (birinchi sinfdan boshlab oliy o’quv yurtigacha) o’zbek tilini o’qitishga qaraganda 2000 soat ko’p vaqt ajratilgan. O’zbekiston oliy o’quv yurtlarida ana shu davrda barcha talabalarning 39,5% barcha fanlardan o’zbek tilida shug’ullangan bo’lsa, 42,7% rus tilida shug’ullangan, holbuki, oliy o’quv yurtlarida ta’lim oluvchi o’zbeklar ulushi bu davrda 64% dan ko’proq edi.
Shu bilan birga ommaviy axborot vositalarida, adabiyot, fan va san’atda o’zbek tilining faol amal qilish sohalari sun’iy ravishda toraytirilishi ko’zga tashlandi. Masalan, o’sha yillarda ilmiy dissertatsiyalarning 95% dan, ilmiy adabiyotlarning 80% dan ko’prog’i rus tilida yoqlanar va nashr etilardi. 1960-yildan 1982-yilgacha bo’lgan davrda o’zbek tilida kitoblar nashr etilishi 60% qisqargan, holbuki, bu davrda o’zbeklar soni 2 baravar ko’paygan edi.
Buyuk mutafakkir Forobiy
aytganidek «ozodlikni zo’rlik bilan bo’g’ib tashlash mumkin emas».
O’zbek xalqi asrlar mobaynida mustaqil yashash va fikrlash uchun o’zga yurt
bosqinchilariga qarshi kurashib keldi. Bu vatanparvarlik an’anasi samarasiz
ketmadi va endilikda o’zbek xalqi o’z Prezidenti
I. Karimov rahnamoligida milliy istiqlol mevalaridan bahramand bo’lmoqda.
30.2. «Qayta qurish» siyosati va ijtimoiy-siyosiy inqiroz
Sovet jamiyatining 80-yillar o’rtasidagi holati, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy sohalardagi ahvoli mamlakatning bundan oldingi bosqichlarida hukm surgan siyosatning bevosita, mantiqiy davomi edi. Shu o’rinda ta’kidlash joizki, 80-yillarning boshlariga kelib sovet mustabid siyosiy tizimi, xo’jalik yuritish usuli o’zining rivojlanish imkoniyatlarini batamom tugatdi.
Ana shunday sharoitda 80-yillarning o’rtalarida sovet jamiyatida «qayta qurish» boshlandi. Qayta qurish KPSS MK Bosh kotibi Mixail Sergeyevich Gorbachyov va KPSS Markaziy Komitetining aprel (1985-yil) plenumi bilan bevosita bog’liqdir. Ushbu jarayon avvalo jamiyatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarida to’planib qolgan inqirozli holatlarni tahlil etishdan boshlandi. Natijada mahsulot ishlab chiqarish uchun ikki baravar ko’p tabiiy resurslar, energiya, inson mehnati sarf etilishi, temir, po’lat, stanoklar ishlab chiqarish bo’yicha dunyoda birinchi o’rinni egallashiga qaramasdan mamlakatda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning yo’lga qo’yilmaganligi qayd etildi.
Qayta qurishning birinchi bosqichi (1985–1987-yillar) ma’muriy tashkiliy tadbirlarning an’anaviy usullarda olib borilishi bilan izohlandi. Mazkur bosqichda kun tartibiga qo’yilgan vazifalardan biri ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlarini ishlab chiqarishga jalb etish asosida jamiyatda tub iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish va uning asnosida inson omilini faollashtirishdan iborat bo’ldi.
Natijada jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida ma’lum o’zgarishlar ro’y bera boshladi, kishilarning ijtimoiy faolligi oshdi, demokratiya sari qadam tashlandi, milliy o’zlikni anglash jarayoni yuz berdi. Ammo tub o’zgarishlarni, barcha sohalarda haqiqiy islohotlarni amalga oshirish yo’lidagi urinishlar muvaffaqiyat qozonmadi. 1986-yildan boshlab mamlakat iqtisodiy ahvoli battar yomonlasha boshladi, 1987-yil yanvaridan ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaya bordi, iqtisodiyotda inqirozli holat yuzaga keldi. Qayta qurishning birinchi bosqichi shu tarzda mag’lub bo’ldi.
Qayta qurishning ikkinchi bosqichi (1987—1990-yillar) endi jamiyatning barcha jabhalarini kompleks tarzda isloh qilishni kun tartibiga qo’ydi. Xususan, bunday vazifa sobiq siyosiy mafkura tomonidan 1987-yil yanvarida yanada konkretlashtirildi va uning asosiy maqsadi sovet jamiyatini to’liq demokratlashtirishdan iborat ekanligi ta’kidlandi.
Sovet jamiyatini demokratlashtirish va uning amalda asossizligi. Jamiyatda sodir bo’layotgan voqealar, hodisalarga o’sha davrda kun tartibiga qo’yilgan «ko’proq demokratiya» shiori ostida baho berish rasm bo’ldi. To’g’ri, demokratlashtirish jarayoni jamiyatni ma’lum darajada uyg’otdi, ijtimoiy faollik ortdi. Saylovlarning muqobil nomzodlar ishtirokida, alternativ asosda olib borilishi ijobiy holat edi. Bundan tashqari SSSRda saylov tizimini o’zgartirish to’g’risidagi Qonun (1988-yil dekabr)ning qabul qilinishi ham jamiyat a’zolari ijtimoiy faolligini oshirishda ma’lum ahamiyat kasb etdi.
O’zbekistonda ijtimoiy-siyosiy inqirozning yanada keskinlashuvi. O’zbek ishining mohiyati. O’zbekistonning Inomjon Usmonxo’jayev, Rafiq Nishonov kabi rahbarlarida qat’iy jur’at, sobiq Ittifoq doirasida respublikaning real tutgan o’rnini ochiq-oydin aytish uchun mardlik yetishmadi. Aksincha, uning o’rniga bunday rahbarlar Markaz vazifalarini tezroq «uddalash», respublikaning Ittifoqqa boqimanda ekanligi to’g’risidagi soxta fikrlarni tasdiqlashdan nariga o’tmadilar. Ijtimoiy-ma’naviy sohada esa milliylikning har bir ko’rinishi «internatsionalizm» mohiyatiga yot ekanligini isbotlashga harakat qilindi. Bu narsa o’zbek tili, din, milliy urf-odat, an’ana, marosimlar, ayniqsa, Navro’z bayramiga munosabatda yaqqol ko’rindi.
O’zbekistonning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayotida O’zkompartiyaning XVI Plenumi (1984-yil 23-iyun) juda mash’um rol o’ynadi. Respublikaning o’sha paytdagi rahbarlari orasidagi no’noqlik Markaz oldida tiz cho’kib sajda qilishlari oqibatida «O’zbek ishi», «Paxta ishi» deb nomlangan ishlar o’ylab topildi. 1985–1990-yillar ichida O’zbekistonda 30–50-yillarda sodir bo’lgan qatag’onlardan ko’lam jihatidan kam bo’lmagan bedodliklar yuz berdi. Eng avvalo qatag’on qilichi marhum Sharof Rashidov xotirasiga qarshi ko’tarildi. 80-yillar qatag’onida sobiq Ittifoqdagi biror-bir xalq o’zbek millati kabi talafot ko’rmadi.
O’zbekistonning sobiq Kompartiya rahbarlari laganbardorligi tufayli 1984-yildan respublikamizga mamlakatning turli mintaqalaridan «desantchilar» yog’ilib kela boshladi. Gdlyan va Ivanov rahbarligidagi jazo otryadlari 1984 – 1989-yillarda turli bahonalar bilan o’n minglab rahbarlarni ishdan oldilar, kadrlarni almashtirish siyosati ommaviy tus oldi. Birgina 1984–1987-yillarda Moskva, Leningrad va Rossiyaning boshqa shaharlaridan 400 dan ortiq kishi O’zbekistonning partiya, sovet, ma’muriy xo’jalik organlariga ishga yuborilgan.
«Paxta ishi» keyinroq atay «o’zbek ishi»ga aylantirilib, xalqimizning nafsoniyatini toptash yo’liga o’tildi. Oqibatda butun respublikamizda parokandalik, loqaydlik, umidsizlik va ishonchsizlik kayfiyati chuqurlashdi. Odamlarning ko’ngli jamiyatdan ham, siyosatdan ham sovidi, sarosimada, tahlikada yashaydigan bo’ldi. «Paxta ishi», «o’zbek ishi» Moskvada to’qib chiqarilgan bo’lib, pirovard natijada millat sha’niga, uning asrlar mobaynida to’plangan obro’-e’tiboriga, milliy qadriyatlariga dog’ tushirdi. Bu esa o’zbek xalqining sovetlar tuzumi, kommunistik mafkuraga nisbatan nafratini yanada oshirdi.
Qayta qurishning mag’lub bo’lishi. Qayta qurish jamiyat ijtimoiy-siyosiy tuzilishida ham o’zgarishlarni yuzaga keltirdi. KPSSning jamiyat hayotida tutgan o’rni bo’shashdi, uning rahbarlik va rahnamolik roliga putur yetdi. Bunday hol boshqa jamoat tashkilotlari, ayniqsa, yoshlar tashkilotlari, kasaba uyushmalariga ham taalluqli edi.
Birinchidan, qayta qurishning aniq izchil, ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan dasturi yo’q edi. Og’izda demokratiya, oshkoralik kabi shiorlardan foydalanilganiga qaramasdan, amalda partiya, siyosiy rahbariyat eski tasavvurlar girdobida edi, rahbarlikning demokratiyaga qarama-qarshi turuvchi buyruqbozlik ma’muriyatchilik usullaridan foydalanishi davom etardi.
Ikkinchidan, mamlakatdagi partokratik rahbariyat «nomenklatura»ni saqlab qolishdan manfaatdor edi, chunki mamlakatni boshqarish ma’muriy-buyruqbozlik usuli orqali oson kechardi. Har qanday demokratiya, oshkoralik totalitar tuzumning kushandasi ekanligini ular anglar edilar.
Uchinchidan, M. Gorbachyov g’oyasi asosida qayta qurishni amalga oshirish mumkin emasdi. Sotsializmga xos mulkiy munosabatlar, ijtimoiy sohadagi siyosat, yakkapartiyaviy rahbarlik mustabid boshqaruv usuli hech qachon demokratiya bilan kelisha olmas edi.
30.3. Xalq milliy ongining o’sishi. Demokratiya va ijtimoiy faollik
Milliy o’zlikni anglashning mohiyati. 1985—1990-yillar o’zbek xalqining milliy o’zligini anglashi, milliy ongining o’sishida juda muhim ahamiyatga ega. Qayta qurish siyosati jamiyat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hayotida jiddiy sifat o’zgarishlarini amalga oshirmagan, jamiyatning yangi mazmun jihatdan yangilanishini ta’minlamagan bo’lsa-da, biroq uning natijasida o’ziga xos milliy uyg’onish yuz berdi.
Biroq qayta qurish O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy voqea-hodisalarga jon kiritdi, jamiyat uyg’ondi, milliy o’zlik ustiga tashlangan pardalar olib tashlandi. 1985-yildan boshlangan jarayonlar eng avvalo mustaqillik to’g’risidagi g’oyalarning yana tiklanishi, shakllanishi uchun zamin yaratdi.
80-yillarning ikkinchi yarmida O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy voqelik xalq milliy ongining keskin ravishda o’sishi jamiyat a’zolarining ijtimoiy faolligini oshirib yubordi.
Avvalo, milliy-tarixiy merosimizni o’rganishga bo’lgan qiziqish o’sdi, u ijtimoiy ehtiyojga aylandi. Buning sabablari mavjud edi. Birinchidan, sovetlar hukmronligi davrida o’zbek milliy madaniyatini o’rganish turli yo’llar, siyosiy nayranglar bilan mumkin bo’lmadi, bunday harakat esa millatchilik sifatida baholandi.
Ikkinchidan, xalq mafkuraviy yakkahokimlik va siyosiy qo’rqitishlar tufayli milliy o’zligini anglash, milliy ongini o’stirishdan hadiksirardi. Shu tufayli ham 80-yillarning o’rtalarigacha xalqning milliy-an’anaviy asoslariga qaytishi amalda mumkin bo’lmadi.
80-yillar o’rtalaridan esa vaziyat o’zgardi. Diniy, millatchilik yorliqlari yopishtirilgan va o’rganilishi taqiqlangan milliy xarakterdagi ijtimoiy-siyosiy, falsafiy voqea, hodisalar, allomalar faoliyatini tadqiq etishga biroz erkinlik berildi. Natijada islom dini, uning ahamiyati, so’fiylik tasavvuf masalalariga oydinlik kiritila boshlandi. O’rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi, jadidchilik harakati, oktabr to’ntarishi, «bosmachilik» (istiqlolchilik), «hujum» harakati, sovet davrining boshqa masalalari yangicha tafakkur asosida talqin etila boshlandi.
Mazkur davrda Abdulla Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmon Nosir, Shayxzoda va boshqalarning millatchilikda, panislomizm va panturkizmda ayblanib, qatag’on qilinganliklarining tub sabablari ochib tashlandi. 30–40-yillar va 50-yillar boshlarida siyosiy qatag’on qilinib qatl etilgan va qamoqlarga tashlangan xalqimizning asl farzandlari oqlandi. «Chig’atoy gurungi», «Milliy ittihod», «Milliy istiqlol», «Botir gapchilar» singari «aksilinqilobiy guruh»lar vakillari aslida madaniyatimiz va tariximizning yetuk ziyolilari, millat gullari ekanliklari, istiqlol uchun jon fido qilganliklari ma’lum bo’ldi. Birgina 1937—1939-yillar orasida ichki ishlar xodimlari tomonidan qamoqqa olinib otib tashlangan 6920 ta ziyolining qatag’on qismati o’rganildi, keyinchalik mamlakatimiz siyosiy rahbariyatining sa’y-harakatlari bilan ular oqlandilar.
O’zbekistonda 80-yillar o’rtalaridan boshlangan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-mafkuraviy uyg’onish sovetlar ma’muriy-buyruqbozlik tizimining salbiy, aksilinsoniy tomonlarini ochib tashladi.
Saylovlar o’tkazish tartibidagi o’zgarishlar. O’zbekiston hali sobiq Ittifoq tarkibida turgan davrdayoq saylov o’tkazish tartibini takomillashtirishga kirishdi. 1987-yilda mahalliy sovetlarga saylovda har bir viloyatning bittadan tumanida eksperiment sifatida saylov o’tkazildi. Qo’llangan yangiliklar bu saylovlarning ko’p mandatli okruglar bo’yicha o’tkazilganligi, deputatlar bilan birga ularning o’rinbosarlarini saylash belgilangani va nomzodlar soni saylanadigan deputatlar sonidan ko’p bo’lganida edi. Bu muqobillik asosida o’tkazilgan birinchi saylov bo’ldi.
1989-yil 20-oktabrda O’zbekiston SSR xalq deputatlari saylovi haqida va O’zbekiston SSR xalq deputatlari mahalliy sovetlari deputatlari saylovi haqida qonunlar qabul qilindi. 1990-yil 18-fevralda o’tkazilgan saylovlar keng demokratik asosda o’tdi. Xususan, viloyat sovetlariga saylovda 138 okrugda, shahar sovetlariga saylovda 268 okrugda birinchi bosqichda hech kim yetarli ovoz to’playolmay, ikki haftalik muddatda takror ovoz berish o’tkazilgani saylovlar ma’lum ma’noda tanlash asosida o’tganini ko’rsatdi.
Aytish lozimki, xalq saylovlarning ahamiyatini hali yaxshi tushunib yetmagan edi. Masalan, 1990-yil fevral-aprel oylarida O’zbekiston Oliy Sovetiga o’tkazilgan saylovlarda 500 okrugdan 174 tasida muqobil nomzodlar ko’rsatilmadi. Nomzodlarning hammasi ham o’z platformalarini tushuntirib berish imkoniyatiga ega bo’lmadilar. Kommunistlarning ta’siri esa kuchli edi. Deputatlarning deyarli 95 foizini ular tashkil etardilar.
Hali SSSR mustabid tizimi parchalanmasdan oldin O’zbekistonda jamiyatni demokratlashtirish uchun harakatning boshlanishi juda muhim ahamiyat kasb etdi. Jumladan, shaxsan Islom Karimovning tashabbusi bilan demokratiyani qaror toptirish uchun O’zbekistonda yangi Konstitutsiyani qabul qilish maqsadida boshlangan harakatni shu ma’noda tushunish mumkin.
1990-yilning iyunida bo’lib o’tgan Oliy Kengashning ikkinchi sessiyasi respublika Prezidenti I. Karimov raisligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya komissiyasini tuzdi. Islom Karimov konstitutsiyani tayyorlash jarayonida milliy o’zbek davlatchiligi asoslari, o’zbek xalqining ruhiyati, qadimiy qonunchilik tajribasini har tomonlama chuqur o’rganishni alohida uqtirdi.
Qayta qurish va millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi. 1989-yil iyun va oktabr oylarida Farg’ona, Toshkent va O’sh viloyatlarida bo’lgan voqealar, ayniqsa katta shov-shuvga sabab bo’ldi. Ularning ro’y berishiga o’zbek xalqining hech qanday aloqasi yo’q edi. Aslida O’zbekistondagi millatlararo nizolar Markaz uchun, uning yanada qattiqroq siyosat olib borishi, o’zlarining jinoyatlashgan, millatchilikka asoslangan siyosatini yashirishi uchun zarur bo’ldi.
80-yillarning oxirlariga kelib O’zbekistonda 100 dan ortiq millat va elatlar istiqomat qilib, ularning 71,4 foizini o’zbeklar tashkil etardi. Biroq 8,2 foizni tashkil qilgan ruslar til, madaniy, ijtimoiy-siyosiy masalalarda o’zbeklarga qaraganda ko’proq imkoniyat va imtiyozlarga ega edilar. Tabiiyki, bu 80-yillarning o’rtalaridan millatlararo munosabatlarning keskinlashuviga, mahalliy millat aholisida norozilikning kuchayishiga, milliy o’zlikni anglash jarayonining oshishiga, pirovard natijada SSSRning parchalanishiga olib keldi.
«Birlik» harakati va «Erk» demokratik partiyasining ijtimoiy-siyosiy cheklanganligi va xatolari.1 80-yillarning ikkinchi yarmida O’zbekiston ijtimoiy siyosiy hayotida jiddiy o’zgarishlar, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining faollashuvi, siyosiy madaniyatining keskin ko’tarilishi yuz berdi. Jumladan, 1989-yilning 28-mayida «Birlik» xalq harakati (rahbari Abdurahim Po’latov) jamoat tashkiloti sifatida tashkil topdi. Shuningdek, xuddi shu paytda O’zbekiston Erkin yoshlar uyushmasi tuzildi. Ular 90-yillarning boshlarida respublika ijtimoiy-siyosiy hayotida katta rol o’ynadi.
Biroq «Birlik» harakati ilk jamoat tashkilotlaridan biri bo’lganligi sababli ham ko’plab xato va kamchiliklarga yo’l qo’ydi. Harakat ko’p hollarda jamoat tashkiloti sifatida tashkil etilgan va davlat ro’yxatidan o’tgan bo’lsa-da, siyosiy partiyaga xos faoliyat olib bordi.
Shu bilan birga, «Birlik» harakati faollarining bir guruhi Muhammad Solih boshchiligida siyosiy partiya tuzish uchun harakat boshladilar. 1990-yil 30 aprelda «Erk» demokratik partiyasining ta’sis qurultoyida uning dastur va nizomi qabul qilindi. «Erk» partiyasining yangi jamiyat qurish yoki bir tuzumdan ikkinchi tuzumga o’tish jarayonidagi aniq bir dasturi yo’q edi. Uning ko’p hujjatlarida fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish to’g’risida gap ketsada, aslida uni qurish uchun shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, uning huquqiy poydevorini shakllantirish to’g’risida o’ylanmasdi.
«Erk»chilar juda tezlikda biron-bir jamiyatga o’tishga intilar edilaru, lekin uning qanday bo’lishi to’g’risida aniq tasavvurga ega emasdilar. Partiya rahbarlari yangi bir jamiyatga o’tish uchun ulkan islohotlarni amalga oshirish ehtiyojini, fuqarolar ongi, tafakkuri va ruhiyatida o’zgarishlar, yangicha qarashlar bo’lishi uchun o’tish davri lozimligini, bozor munosabatlarini rivojlantirish uchun tadrijiy yo’l bilan islohotlar o’tkazish zaruratini anglamagan edilar.
Natijada ham «Birlik», ham «Erk» tashkilotlarining faoliyati aholining katta qismida norozilik uyg’otdi, jamiyatdagi fuqarolar totuvligi hamjihatligiga putur yetkazdi. Shuning uchun ham O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1991-yil 27-avgustdagi farmonida siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy harakatlar va birlashmalar faoliyatini tartibga solish belgilab berildi. Shu bilan birga, bunday harakat, partiya, birlashmalarni adliya organlari tomonidan ro’yxatga olish qoidalari belgilandi.
Ko’ppartiyaviylik tizimi va uning mohiyati, SSSR Konstitutsiyasi 6-moddasining bekor qilinishi. Umuman, 80-yillarning ikkinchi yarmi O’zbekistonda ko’p partiyaviylik tizimining shakllanish davri bo’ldi. Mavjud partiyalar, harakatlar faoliyatidagi cheklanganlik siyosiy ekstremizm, tajribaning yetishmasligi holatlariga qaramasdan O’zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy hayot bu davrda ancha boyidi.
Ko’p partiyaviylikka o’tish KPSSning uzoq yillar davom etgan yakkahokimligiga chek qo’ya boshladi. O’zbekiston fuqarolari ham SSSR Konstitutsiyasining KPSSning jamiyatdagi rahbarlik roli to’g’risidagi 6-moddasini bekor qilish aksiyasida faol ishtirok etdilar. 1990-yil mart oyidagi SSSR xalq deputatlarining navbatdan tashqari III qurultoyi ushbu moddani bekor qildi. Natijada kompartiyaning uzoq yillar davom etgan gegemonlik roliga barham berildi. Bularning barchasi O’zbekistonda xalq milliy ongi, siyosiy madaniyatining oshganidan dalolat berardi.
Shunday qilib, 1985–1991-yillar o’zbek xalqining ruhiy holatida jiddiy siljishlar, milliy ong, demokratiya va ijtimoiy-siyosiy faollik ko’tarilgan, ko’p partiyaviylik tizimi shakllanishi davri bo’lib tarixga kirdi.
30.4. Iqtisodiyotda turg’unlik jarayonlarining chuqurlashuvi
Qayta qurish davrida O’zbekistondagi iqtisodiy holat va cheklangan islohotlar mohiyati. O’zbekistonning 1985 – 1991-yillardagi iqtisodiy holati sovetlar hukmronligi davrining bevosita va mantiqiy davomini o’zida ifodaladi. Qayta qurish sovet jamiyatining uzoq yillar mobaynida to’planib qolgan iqtisodiy muammolarini hal etishni ko’zda tutgan edi. Biroq u iqtisodiyotdagi ma’muriy-buyruqbozlik tizimi, turg’unlik holati nihoyatda keskinlashgan vaziyatda davom etdi.
80-yillarning o’rtalariga kelib jamiyat iqtisodiy hayotida sustlashtirish mexanizmi to’la shakllanib bo’ldi.
1971–1985-yillarda xalq xo’jaligi reja topshiriqlarini muntazam bajarmasligi, mahalliy daromadning yillar davomida o’sish o’rniga to’xtovsiz pasayib borgani, oziq-ovqat dasturining bajarilmasligi, xalq iste’moli mahsulotlarining yetishmasligi, xalqning turmush darajasi pasayib borgani, ijtimoiy sohada juda katta uzilishlar va taqchilliklar bo’lib kelgani — bularning barchasi ko’p darajada O’zbekistonning xo’jalik hayotini izdan chiqarishga, ijtimoiy-siyosiy tizimining beqarorlashuviga olib kelgani hech kimga sir emas.
Ittifoq mehnat taqsimoti va O’zbekistonning tutgan o’rni. O’zbekiston iqtisodiyotida turg’unlik holati yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri Ittifoq mehnat taqsimotida respublika o’rni va hissasi uzoq yillar davomida Markaz zo’ravonligi bilan belgilanib kelinganidir. Chunonchi, SSSRda yetishtiriladigan paxtaning 65%i, pillaning 60%dan ortig’i, kanopning 80-90%i, qazib olinadigan oltin, simob, volfram va boshqa nodir metallarning salmoqli miqdori O’zbekistonda ishlab chiqarilar edi.
Biroq 80-yillarning o’rtalariga kelib O’zbekistondagi real vaziyat salbiy tomonga jiddiy o’zgarib bordi. O’zbekiston aholisini tabiiy gaz bilan ta’minlash miqyosi 20%ga yaqinni tashkil etdi, xolos. Yetishtiriladigan paxtaning atigi 10%igina O’zbekistonda qayta ishlanar, qolgan qismi esa Ittifoqning sanoat markazlariga jo’natilardi.
Natijada O’zbekistonda iqtisodiy ahvol og’irlasha boshladi, moddiy tanglik yuzaga keldi, xo’jalik yuritish tizimi haddan tashqari siyosiylashdi, ma’muriyatchilik usullari takomillashdi. Bularning barchasi, tabiiyki, og’ir iqtisodiy vaziyatni yuzaga keltirdi. Agar 1981–1985-yillarda yalpi ijtimoiy mahsulot 3,4% ortgan bo’lsa, 1986–1990-yillarda bu ko’rsatkich 2,2%ni tashkil etdi. 1986–1990-yillarda O’zbekistonda po’lat quyish darajasi jiddiy kamaydi. Shu davr mobaynida paxta terish mashinalari ishlab chiqarish 9,4 ming donadan 5,8 ming donaga, traktorlar 26,4 mingdan 21,1 ming donaga, ekskavatorlar 1576 donadan 964 donaga kamaydi.
1985–1990-yillarda O’zbekiston iqtisodiyotida paxta va u bilan bog’liq xo’jalik tizimi saqlanib qolaverdi. Bu hol paxtachilik komplekslari, yengil sanoatni rivojlantirishga ustuvor yo’nalish sifatida qaralganida ravshan ko’rindi. Pirovard natijada O’zbekistonda ishlab chiqarish vositalaridan ko’ra iste’mol mollari ishlab chiqarishga ko’proq e’tibor berildi. Respublika yengil sanoati esa, tabiiyki, uning ijtimoiy taraqqiyotini ta’minlay olmadi. O’zbekistonni yengil sanoat respublikasiga aylantirishga urinish qayta qurish sharoitida yanada kuchaydi. Paxta, qorako’l, shoyi, pilla yetishtirib, Markaz qudratini oshirib kelgan O’zbekiston Moskva boqimandasi degan soxta yorliqqa ega bo’ldi.
80-yillarning o’rtalaridan milliy daromad ishlab chiqarish, mehnat unumdorligini oshirish kabi asosiy iqtisodiy ko’rsatkichlar bo’yicha O’zbekiston boshqa respublikalardan ortda qoldi. Ayniqsa, milliy daromadning o’sishi borasida ahvol og’ir edi. Masalan, 1986–1987-yillarda uning o’sishi 10,7 foizgacha deb belgilangani holda, uning amaldagi holati 1,4 foizga arang yetdi.
Ushbu davrda O’zbekiston aholisi 6 foizga ortdi. Bu respublika aholisi jon boshiga daromad hajmi bo’yicha yana ortga ketganidan dalolat berardi. 1988-yilgi bunday ko’rsatkich umumittifoq ko’rsatkichidan 3 marta kam bo’ldi. Qayta qurish yillarida O’zbekistonning Markaz bilan iqtisodiy munosabatlaridagi ko’plab mavjud nomuvofiqliklar yanada avj oldi. Masalan, 1986 – 1990-yillarda respublikaning asosiy ishlab chiqarish fondlari 21 foizga yetdi, davlat budjetidagi daromadlar esa 7 mlrd. so’mga ko’paydi. Lekin iste’mol uchun sarflanadigan milliy daromad hajmi 4,3 mlrd. so’mni tashkil etdi, xolos. Aholi sonining ortib borishi, unda yosh bolalar hamda faxriylar hissasining jiddiy ortishi ham aholi jon boshiga milliy daromad hajmining taqsimlanishida jiddiy salbiy nisbatni yuzaga keltirdi.
O’zbekiston hududida katta hajmdagi va ko’p sonli ittifoq vazirliklari tasarrufidagi korxonalar ham joylashgan edi. Odatda, bunday korxonalar daromadlari shu respublika milliy daromadiga qo’shilishi lozim edi. Ammo Markazning ko’rsatmalariga asosan asosiy daromad markaziy vazirliklar ixtiyoriga jo’natildi. 1988-yilda O’zbekistondagi shunday korxonalar bor-yo’g’i 10 mln. so’mgina mahalliy budjetga mablag’ ajratdilar, xolos.
80-yillarning ikkinchi yarmida O’zbekiston qishloq xo’jaligidagi ahvol ham juda achinarli edi. Ayniqsa, qishloq xo’jaligining iqtisodiy samaradorligi yildan yilga pasaya bordi. Masalan, 1985–1990-yillarda qishloq xo’jaligidagi mehnat unumdorligining o’rtacha yillik hajmi har bir kishi soat hisobida o’tgan besh yildagiga nisbatan jamoa xo’jaliklari va qishloq xo’jalik korxonalarida 1,5 foizga, davlat xo’jaliklarida esa 16,1 foizga kamaydi.
Qayta qurish davrida O’zbekiston iqtisodiyoti va jahon. 1985–1991-yillarda O’zbekiston iqtisodiyotida uning davlatlar bilan tashqi iqtisodiy aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etdi. Ayni paytda shu narsani qayd etish lozimki, sobiq SSSR o’zining insonparvar davlat ekanligini namoyish etish maqsadida ko’plab mahsulotlarni beg’araz yordam shaklida boshqa davlatlarga in’om etardi. Masalan, 1985-yilda O’zbekistonda amalga oshirilgan mahsulot ekspertining 65 foizi shunday in’om shaklida Hindiston, Afg’oniston, Mongoliya kabi davlatlarga jo’natildi.
80-yillar o’rtalaridan O’zbekiston importa va eksportida ayrim ijobiy o’zgarishlar ham yuz bera boshladi. Ayni paytda, O’zbekiston endi asosiy e’tiborni ilg’or davlatlar bilan tashqi aloqalarga qarata bordi. Xususan, 1987-yilda O’zbekiston eksportining hajmi 32522 ming so’mni tashkil etgan bo’lsa, shundan 515,1 ming so’mi Yaponiya va Turkiyaga to’g’ri kelardi. O’zbekiston eksportida paxta tozalash korxonalari uchun asbob-uskunalar, to’qimachilik stanoklari, ekskavatorlar, kompressorlar, elektr kranlari, paxta, qorako’l kabilar ustuvor xarakterga ega edi.
Umuman, 1991-yilda O’zbekiston eksportining 79 foizini xomashyo mahsulotlari, 11 foizini mashinalar, texnika vositalari, asbob-uskunalar, 6 foizini xalq iste’mol mollari, 4 foizini oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etdi. Bu ko’rsatkichlar 80-yillar boshlaridagi raqamlardan biroz ko’p edi. Eng muhimi eksportning geografiyasi kengaya bordi. O’zbekiston eksportida xomashyo mahsulotlari ko’proq o’rin egallardi. Ayni paytda, undan keladigan foyda ham asosan Markazning umumiy budjetiga tushar edi.
Umuman, 1985—1990-yillarda O’zbekiston iqtisodiyotida 70-yillar boshlarida avj olgan iqtisodiy turg’unlik yana kuchaydi. Bunga O’zbekiston hududida joylashgan industriyaning haddan tashqari markazlashuvi ham ta’sir qildi. Xususan, respublika hududining 5 foizida 65 foiz sanoat korxonalari joylashgan edi. Ishlab chiqarishni mexanizatsiyalashtirish va avtomatlashtirish darajasi ham sust bo’lgan. Masalan, sanoatda qo’l kuchi mehnati 48,7 foizni, qurilish kompleksida 51 foizni, yengil sanoatda 50 foizni, oziq-ovqat sanoatida 45,5 foizni tashkil etgan.
Bu hol oxir-oqibatida qayta qurishning iqtisodiy sohada barbod bo’lishiga olib keldi. Iqtisodiy islohotlar, ma’lumki, 1985-yilda e’lon qilindi. Biroq 1986 – 1987-yillar mobaynida iqtisodiyotni barqarorlashtirish, sog’lomlashtirish bo’yicha birorta ham samarali yo’l izlanmadi. Bozor munosabatlariga o’tish esa quruq gap bo’lib qolaverdi. Mulkchilik shakllarini o’zgartirmasdan, iqtisodiy raqobatni kuchaytirmasdan, iqtisodiy qonunlarga keng erk bermasdan bozor munosabatdariga o’tib bo’lmas edi. Shuning uchun ham 1990-yilgacha qayta qurishning maqsadi sun’iy «rejali bozor» tizimini tashkil qilishdan iborat bo’lib qolaverdi. Shu bilan birga, budjet xarajatlarining daromadlar hajmidan ortib ketishi pulning qadrsizlanishiga olib keldi. O’zbekiston iqtisodiyotining inqirozga uchrashiga hali kuchli tarzda davom etayotgan xo’jalik yuritishning ma’muriy usullari, iqtisodiyotning siyosiy mulohaza va eskicha yo’llar bilan boshqarilishi, yangi qiyinchiliklar (xomashyo yetishmasligi, ommaning iqtisodiy «islohotlar»ga ishonmasligi) ham ta’sir qildi.
80-yillarning ikkinchi yarmida O’zbekiston iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir etgan holatlardan yana biri 1985 – 1989-yillardagi qatag’onlar, «desant»lar, «Paxta ishi» oqibatlari bo’ldi. Bu davrda xo’jalik yuritish san’atini yuksak darajada o’rgangan minglab rahbarlar, mutaxassislar qamaldi, ishdan olindi, ular keyinchalik amaliy faoliyat ko’rsatishga qodir bo’lmay qoldilar. O’zbekiston iqtisodiyotida kadrlar, mutaxassislarga muhtojlik sezildi.
Moskva ittifoqdosh respublikalarni iqtisodiy inqirozdan chiqarish imkonini qidirmadi. 1990-yilgacha mamlakatda ilmiy jihatdan puxta ishlab chiqilgan, mamlakatni inqirozdan saqlab qoluvchi davlat dasturi yo’q edi. 1990-yil o’rtalaridan boshlabgina O’zbekistonning yangi siyosiy rahbariyati respublikani chuqur iqtisodiy inqirozdan olib chiqish, bozor munosabatlariga o’tish uchun jiddiy harakat boshladi, buning umumdavlat dasturini tayyorlashga kirishildi. Uning asosiy tamoyillari esa respublika iqtisodiyotidagi bir tomonlama rivojlanishni bekor qilish, xo’jalik yuritishda o’z milliy xususiyatlarini e’tiborga olgan holda andozalarni o’rganish, bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich o’tish, mulkchilikning turli shakllarini joriy etishdan iborat edi.
30.5. O’zbekistonning mustaqilligi yo’lidagi
dastlabki qadamlar.
Prezidentlik boshqaruvining joriy etilishi
Qayta qurish va mustaqillik g’oyasi. I. Karimovning mamlakat rahbari etib saylanishi. Markaz jilovni qo’ldan bermaslik uchun butun imkoniyatlarni ishga solayotgan bir sharoitda O’zbekiston xalqi, hukumati mustaqillik uchun dastlabki qadamlarni tashladi. Bu o’rinda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 1989-yil 23-iyundagi plenumi va unda Islom Karimovning birinchi kotib etib saylanishi juda katta ahamiyat kasb etdi. Ushbu anjumanda I. Karimov O’zbekistonning sobiq Ittifoqda tutgan o’rni va rolini aniq, ravshan belgilab berdi, madaniy merosni va tarix haqiqatini tiklash, milliy urf-odatlar va an’analarni rivojlantirish obyektiv zarurat ekanligini isbotladi.
O’zbekiston bilan Markaz munosabatlarining keskinlashuvi. Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi. O’zbekistonning Markaz bilan ko’z ilg’amas ziddiyatli munosabatlari keskinlasha bordi. O’zbekistonning amalda mustaqillik sari tashlangan eng salmoqli qadamlaridan biri O’zKP Markaziy Komitetining 1989-yil 25-noyabrdagi XVIII plenumida bo’ldi. Unda milliy masalaning tarixiy jihatlari, hozirgi ahvoli, milliy siyosatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, madaniy axloqiy masalalari chuqur ilmiy xolislik bilan tahlil etildi va ittifoq rahbariyati oldiga bu masalalarni hal etish asosiy vazifa qilib qo’yildi.
O’zbekiston hukumati avvalo respublika va o’zbeklar boshiga yog’ilayotgan malomat toshlariga chek qo’yish, «Paxta ishi», «O’zbeklar ishi» degan uydirmalarni bas qilish, Moskva matbuotida o’zbeklarning milliy nafsoniyatiga tegadigan chiqishlarni to’xtatish zarurligini uqtirdi. Shu bilan birga, o’zbeklarning qadimiy madaniyatini, tarixi boy xalq ekanligini, uning millat sifatida nihoyatda yorqin va betakror qiyofasini tan olishni va shu asnoda yuqori darajadagi rahbariyatning nomaqbul siyosati tufayli butun SSSRda ildiz otgan nuqsonlarni o’zbeklarga to’nkash g’ayriqonuniy ish ekanligini ta’kidladi.
80-yillarning o’rtalariga kelib SSSRning parchalanishi real obyektiv haqiqatga aylanib qoldi. Bu jarayonni o’zbek tiliga davlat maqomi berilishi ayniqsa tezlatib yubordi. 1989-yil 21-oktabrda O’zbekiston Oliy Sovetining XI sessiyasi «O’zbekiston SSRning davlat tili haqida»gi qonunni qabul qildi. Ushbu qonunning qabul qilinishi o’zbek xalqining, respublikamizda yashovchi boshqa xalqlarning madaniy-ma’naviy va siyosiy hayotida ro’y bergan g’oyat muhim voqea bo’ldi.
Qonun o’zbek tili va madaniyatining rivojlanishiga imkon yaratdi. Shu bilan birga, unda boshqa tillarning rivojlanish imkoniyatlari ham belgilab berildi. Chunonchi, qonunning 26-moddasida «O’zbekistonda yashovchi barcha millatlar milliy-madaniy jamiyatlar va markazlar tuzish huquqiga egadirlar», deb yozilgan.
O’zbekistonda prezidentlik lavozimining joriy etilishi. O’zbekiston Respublikasi, o’zbek xalqining mustaqillik sari tashlagan muhim qadamlaridan biri mamlakatimizda Prezidentlik lavozimining joriy etilishi bo’ldi. 1990-yil 23-martda O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining plenumida respublika siyosiy tizimi to’g’risidagi masala ko’rib chiqildi. Unda O’zbekistonda boshqaruvning Prezidentlik shakliga o’tilishi respublika suvereniteti va davlatchiligida mohiyatan yangi bosqich ekanligi ta’kidlandi. Respublikamizda Prezidentlik lavozimining paydo bo’lishi, ayniqsa, uning huquqiy maqomi belgilanishi ushbu bosqichlarda sodir bo’ldi.
Birinchi bosqich —
1990-yilning mart-oktabri.
1990-yil martda O’zbekiston SSR Prezidenti lavozimini ta’sis etish hamda O’zbekiston
SSR Konstitutsiyasiga o’zgartirishlar, qo’shimchalar kiritish to’g’risida qonun
qabul qilindi. Unga ko’ra respublika Prezidenti lavozimi ta’sis etildi. Bunda
demokratiya jarayonlarini yanada rivojlantirish, konstitutsiyaviy tuzumni,
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va xavfsizligini mustahkamlash,
respublika davlat hokimiyati va boshqaruvi oliy idoralarining o’zaro aloqasini
takomillashtirish maqsad qilib qo’yildi. 1990-yil 24-martda XII chaqiriq O’zbekiston
SSR Oliy Sovetining birinchi sessiyasi o’sha paytda respublika Kompartiyasi
Markaziy Komitetining birinchi kotibi bo’lgan
I. Karimovni O’zbekiston SSRning birinchi Prezidenti etib sayladi.
Ikkinchi bosqich 1990-yil 1-noyabrdan yangi Konstitutsiya qabul qilingan davrgacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Shu kuni O’zbekiston SSRda ijroiya va boshqaruv hokimiyatining tuzilishini takomillashtirish hamda O’zbekiston SSR Konstitutsiyasiga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritish to’g’risida qonun qabul qilindi. Natijada mavjud Prezidentlik hokimiyati bilan Vazirlar Kengashining ijroiya boshqaruv hokimiyati qo’shib yuborilib, keyingisi Prezident xuzuridagi Vazirlar Mahkamasiga aylantirildi. Prezident ayni paytda Vazirlar Mahkamasining Raisi bo’lib qoldi.
Shunday qilib, Prezident Oliy ijroiya va boshqaruv hokimiyatini amalga oshiruvchi shaxsga aylandi va ayni paytda u davlat boshlig’i sifatida ham o’z o’rnida qoldi. Endilikda u faqat farmonlar emas, balki qarorlar va farmoyishlar ham qabul etadigan bo’ldi. Bulardan tashqari o’sha paytda Vitse-prezident lavozimi ham ta’sis etilib, u Vazirlar Mahkamasiga rahbarlik qiluvchi va uning ishini uyushtiruvchi vazifani bajarar edi. Biroq ushbu lavozim o’zini oqlamadi va shu bois keyinchalik (1992-yil 4-yanvar) u tugatildi.
«Mustaqillik deklaratsiyasi» va uning ahamiyati. O’zbekistonda Prezidentlik lavozimining joriy etilishi Markazga qarshi kuchli zarba bo’ldi. Lekin shunga qaramasdan Moskva butun imkoniyatlarini ishga solib Itgifoqni saqlab qolish yo’lidan bordi. Biroq endigi vaziyat bo’lakcha edi. Tarix haqiqatini, asrlar mobaynida shakllangan an’analar va urf-odatlarimiz, qadriyatlarimizni tiklash davom etardi. Markaz tish-tirnog’i bilan ittifoqdosh respublikalar va kichik xalqlarga zug’um qilayotgan bir paytda millat manfaatlari to’g’risida gapirish mumkin emasdi. Shuning uchun ham Islom Karimov O’zbekistonni tom ma’noda mustaqil mamlakat sifatida tan oldirish yo’lini tutdi. Shu tufayli O’zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi sessiyasi (1990-yil 20-iyun) «Mustaqillik Deklaratsiyasi»ni qabul qildi. Uning kirish qismida shunday so’zlar yozilgan edi: «O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasi Oliy Kengashi o’zbek xalqining davlat qurilishidagi tarixiy tajribasi va tarkib topgan boy an’analari, har bir millatining o’z taqdirini o’zi belgilash huquqini ta’minlashdan iborat oliy maqsad haqqi, O’zbekistonning kelajagi uchun tarixiy mas’uliyatni chuqur hic etgan holda, xalqaro huquq qoidalariga, umumbashariy qadriyatlarga va demokratiya prinsiplariga asoslanib, O’zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining davlat mustaqilligini e’lon qiladi».
Ta’kidlash lozimki, mazkur hujjat O’zbekiston qonunlarining Ittifoq qonunlaridan ustuvorligini ta’minladi. Shu bilan birga, «Mustaqillik Deklaratsiyasi» O’zbekistonning 1991-yil 31-avgustga qadar mavjud bo’lgan boshqaruv, huquqiy faoliyatini ta’minladi, barcha sohada mustaqil siyosat olib borish imkonini berdi. «Mustaqillik Deklaratsiyasi» O’zbekistonning mustaqilligi sari tashlangan juda muhim va zalvorli qadam bo’ldi.
O’zbekistondagi bunday voqealar, 1990-yil oxirlariga kelib SSSR tarkibidan Litva, Latviya, Estoniya, Gruziya, Ozarbayjonning chiqib ketishi SSSRning davlat butunligiga jiddiy ta’sir ko’rsatdi. Moskva 1990-yil kuzida Markaz bilan respublikalar o’rtasidagi munosabatlarni yangilash yuzasidan muzokaralar jarayonini boshlab yubordi. Ittifoq markazi bunga majbur bo’ldi, zero, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzilib qolayotgan o’zaro aloqalar, Moskva va respublikalar o’rtasidagi jarlikning ham bo’yiga, ham eniga kengayib, chuqurlashib borishi yangicha yo’lda ishlashni talab qilardi. Biroq, endi bunday imkoniyat qolmagan edi.
Yangi ittifoq shartnomasi va GKChP. Mamlakatimiz rahbariyati, Prezidenti Yangi Ittifoq shartnomasi masalasi bo’yicha ham o’zining dadil fikrlarini bayon etdi. 1991-yil martida Kiyevda, aprelda esa Moskva yaqinidagi Novoogaravoda shartli 9+1 raqami ostida M. Gorbachyov va 9 ta ittifoqdosh respublika rahbarlari «Mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va inqirozni yengishga doir kechiktirib bo’lmaydigan chora-tadbirlar to’g’risida qo’shma bayonot»ni imzoladilar. Qayd etish lozimki, ushbu bayonot avvalboshdan quruq qog’oz, amalga oshmasligi aniq hujjat ekani bilinib qoldi, zero, unda Markazning imperiyacha siyosati, boshqa xalqlar va respublikalar evaziga kun ko’rish kayfiyati ustuvor edi.
1991-yilning mart-avgust oylarida Yangi ittifoq shartnomasi bo’yicha ko’plab muzokaralar olib borildi. Ularning barchasida Markaz o’z o’rnini saqlab qolishga harakat qildi, respublikaning mustaqilligini tan olgisi kelmadi. Ana shu davr mobaynida O’zbekiston hukumati eng avvalo Rossiya, so’ngra Ukraina, Belorussiya bilan ko’p masalalarda qattiq tortishishga majbur bo’ldi, respublikaning «boqimanda» emas, aksincha, o’z haqini talab etuvchi davlat ekanligini isbotlashga harakat qildi. Uzoq tortishuvlardan so’ng faqat 1991-yil iyun oyidagina ayrim masalalar yuzasidan 9+1 raqamli bitimga erishildi. Lekin bu hali «Suveren Davlatlar Ittifoqi to’g’risida»gi shartnomaning imzolanishini bildirmas edi.
Moskvada 1991-yil 19–21-avgustda yuz bergan voqealar, KPSS MK Bosh kotibi va SSSR Prezidenti M. S. Gorbachyovning hokimiyatdan chetlashtirilib, vitse-prezident G. Yanayev boshchiligidagi oliy eshelon rahbarlari tomonidan Favqulodda holat davlat qo’mitasi (GKChP) tuzilgani, biroq tez orada uning B. N. Yelsin rahbarligidagi Rossiya Federatsiyasi demokratik kuchlari tomonidan tor-mor etilishi endi SSSRning kelajagi yo’qligidan dalolat berardi. O’zbekiston hukumati va uning Prezidenti I. A. Karimov esa bu imkoniyatni qo’ldan chiqarmadilar.
O’zbekiston respublikasi mustaqilligining e’lon qilinishi. O’zbekiston hali Ittifoq tarkibida bo’lib, SSSRning konfederativ davlatga aylanishiga ko’z tutib turilgan mahalda — 1991-yil 31-avgust kuni respublika Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari 6-sessiyasi bo’lib o’tdi. Unda O’zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligi to’g’risida Prezident I. A. Karimov ma’ruzasi tinglandi. Sessiyada «O’zbekiston Respublikasining Davlat Mustaqilligini e’lon qilish to’g’risida» qonun qabul qilindi. Qonunda 1-sentabr O’zbekiston Respublikasining Mustaqillik kuni deb belgilandi. 17-moddadan iborat mazkur qonunda suveren O’zbekiston Respublikasining asosiy belgilari aniqlab berildi.
30.6. Mustaqillikka harakat davrida madaniy
hayot va ma’naviyat.
Qayta qurish va milliy madaniyat masalasi ta’limdagi holatlar
1985–1990-yillar xalq ta’limi tizimida ayrim siljishlar ro’y berdi. Ammo bu davrda ta’lim va tarbiya sohasidagi ziddiyatli holatlar yanada keskinlashdi. Maktab, o’rta maxsus va oliy ta’limda rivojlanishning ekstensiv yo’li o’z imkoniyatlaridan to’liq foydalanib bo’ldi. O’qituvchi va talabalarning ijtimoiy faolligi ortgani sari sovet ta’lim tizimining chirishi kuchaya bordi.
80-yillarning o’rtalaridan boshlangan xalq maorifidagi islohotlar mavjud muammolarni xalq ko’zidan yashirishga urinishdan bo’lak narsa emasdi. Islohotdan ko’zlangan maqsad «sovet tizimi»ni yuqori darajaga ko’tarish, mutaxassis va o’quvchilar bilim saviyasini oshirish, ta’limni demokratlashtirishdan iborat edi. Biroq mazkur maqsadga sovet mafkurasi va u olib borayotgan kommunistik yondashuv asosida erishish mumkin emasdi. 80-yillarning o’rtalaridan boshlangan islohotlar moddiy jihatdan ta’minlanmaganligi uchun ham oxiriga yetmadi.
Chunonchi, 1985—1990-yillarda O’zbekistonda 3693 ming o’quvchiga mo’ljallangan yangi o’quv yurtlari talab qilingan holda Markazning topshirig’i bilan bu raqam 920 ming o’ringa tushirildi. Respublika qishloqlaridagi maktablarning 80 foizi esa moslashtirilmagan binolarda joylashgan edi.
1985-yilda respublika maktablarida o’quvchilar soni 2684 mingga yetdi. Bu raqam 1990-yilga kelib 245 mingga kamaydi. Buning boisi o’qituvchilarni ijtimoiy himoyalash, ularning obro’sini orttirishda davlat rasmiy siyosatidagi xato va kamchiliklarda edi. 1985—1990-yillarda respublikadagi 14 pedagogika instituti va 38 o’rta maxsus bilim yurtlarida yiliga o’rtacha 17 mingdan yosh o’qituvchilar tayyorlangani holda, maktabda faoliyat ko’rsatuvchilar sonining muttasil kamayishi ta’lim tizimi va hukmron mafkuradagi jiddiy cheklanganlik oqibatida yuz berdi.
Xalq xo’jaligining boshqa sohalari uchun ham ko’plab mutaxassislar tayyorlandi. Masalan, 1970-yilda oliy maktabni bitirganlar soni 334 mingni tashkil etgan bo’lsa, bu raqam 1990-yilga kelib 508 mingga yetdi. Biroq bular faqat son ko’rsatkichlari edi, xolos. Mutaxassislar saviyasi nuqtai nazaridan mamlakat boshqa davlatlardan ortda qolib kelardi.
Teatr san’ati va
madaniy-ma’rifiy ishlarning davlat siyosatiga bo’ysundirilishi. O’zbekiston ma’naviy madaniyatida teatr
san’atining o’rni va roli juda katta. 80-yillar o’rtalaridan qayta qurish
tufayli teatrda real hayotga murojaat qilish hollari ko’rina boshladi. S.
Boboyev, Shukrullo, S. Ahmad,
R. Abdullayevlarning asarlarida ma’muriy-buyruqbozlik davrida respublikada
paydo bo’lgan va shakllangan muammolar tanqid qilindi. O’tmish madaniy
merosimizga, xalq tarixi, paxta yakkahokimligi, ekologik muammolar kabi
ijtimoiy masalalarga qiziqish kuchaydi. Ayniqsa, I. Sultonning «Abdulla
Qodiriyning o’tgan kunlari», Sh. Boshbekovning «Temir
xotin» asarlari shuhrat qozondi. Shuningdek, Surxondaryo, Qo’qon,
Namangan teatrlarida ham mukammal asarlar sahnaga qo’yildi.
Qashqadaryo viloyati musiqali va drama teatrida vujudga kelgan axloqiy, ruhiy holat natijasida mazkur teatrdan yosh, iqtidorli rejissyor A. Abdunazarov boshchiligida bir guruh ajralib chiqib, «Muloqot» teatr studiyasini tashkil etishi, iqtidorli rejissyor B. Yuldoshev bilan birga bir guruh yosh, iste’dodli aktyorlarning Hamza teatridan «Yosh gvardiya» teatriga o’tib ketishi teatr san’atida demokratik jarayonlarning boshlanganidan dalolat berdi.
Biroq teatr san’ati chuqur bo’ronli holatda edi. Buning sabablari esa teatr va tomoshabin hamda repertuar muammolarida ko’rinardi. Mazkur san’at turining rivoj topishiga kommunistik mafkuraning tazyiqlari, hukmron siyosiy kuchning ijtimoiy buyurtmasi katta to’siq bo’lib keldi. Natijada respublika teatrlari o’z tomoshabinlarini yo’qota boshladi. Masalan, 1985-yilda O’zbekistondagi 30 ta teatrga 4802 ming tomoshabin tashrif buyurgan bo’lsa, bu raqam 1989-yilda 4387 mingni tashkil etdi.
Buning natijasida madaniy-ma’rifiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi masalasi juda keskinlashdi. Ma’muriy-buyruqbozlik tizimining yanada mustahkamlanishi, madaniy sohaga mablag’ sarflashning «qoldiq» prinsipi tufayli 1985 – 1990-yillarda madaniyat maskanlari soni kamaya boshladi. Masalan, ko’rsatilgan davrda klublar soni 55 taga, kutubxonalar soni esa 93 taga kamayib ketdi. O’zbekistonda madaniy-ma’rifiy maqsadlar uchun aholi jon boshiga 1989-yilda 36 so’m pul ajratildi, xolos. Bu raqam Ittifoq respublikalari ichida eng past ko’rsatkich bo’ldi.
Ammo 1985 – 1990-yillarda davlat rasmiy siyosatining o’zgarmay qolishi, mavjud muammolarni hal etish imkoniyatlarining mavjud emasligi klublar, kutubxonalar ishini yanada jiddiyroq ravishda malum tizimga soldi. Eng muhim madaniy-ma’rifiy muassasalar kompartiyaning ijtimoiy buyurtmasini bajarishda davom etdilar. Bu esa aholining klublar ishidan bezishiga olib keldi. Yuqori tashkilotlar turli sun’iy yo’llar bilan ularning rolini oshirishga urindilar, suhbatlar, ma’ruzalar, zerikarli tadbirlar madaniyat muassasalarining ishi, faoliyati sifatida talqin etildi.
Qayd etish lozimki, 1986 – 1990-yillarda O’zbekiston milliy madaniyatining rivojlanishida ma’lum siljishlarga erishildi. Xususan, madaniyatda milliy va baynalmilallik masalasi tomon o’girilish, o’tmish madaniy merosimizni o’rganishga bo’lgan qiziqishning kuchayishi, 1989-yilda o’zbek tiliga davlat tili maqomining qonun yo’li bilan berilishi, O’zbekistonda yashovchi barcha millat va elatlarning madaniy jihatdan erkinlikka erishishi, kommunistik mafkuraviy biqiqlikdan ijodiy hurfikrlilikka o’ta boshlashi, madaniyatlarning rivojlanishiga yo’l ochib berilishi — bularning barchasi ijobiy holatlar bo’ldi.
Madaniyatda milliylik va baynalmilallik masalasi. Bu davrda milliy marosimlar, an’analarga munosabat o’zgardi. Xususan, dinning jamiyat hayotida tutgan o’rni va roliga e’tibor kuchaydi. Diniy tashkilotlar, muassasalar faoliyatiga keng yo’l ochildi, diniy erkinliklar himoya qilina boshlandi, milliy madaniy markazlar tashkil etildi. Ammo bu o’zgarishlar milliy ma’naviyatning rivoj topayotganini bildirmas edi. Zero, madaniy jarayonga kompartiyaning aralashuvi ham davom etdi. Bu 80-yillar o’rtalarida Navro’z milliy bayrami va islom diniga qarshi rasmiy harakatlar misolida yaqqol ko’rindi.
Sovet davri siyosatchilari tomonidan o’ylab topilgan millatni o’limga mahkum etuvchi soxta nazariyalar qayta qurish yillarida ham o’ziga yo’l ochishga harakat qildi. Masalan, 1987-yilda o’zbek tilida asarlar chop etish 1980-yildagiga nisbatan 0,9 mln. nusxaga kamaydi va 1988-yilda jami 10,6 mln. nusxaga yetdi, yoki O’zbekistonda yashayotgan har bir o’zbek o’quvchisiga atigi 0,7 tadan kitob to’g’ri keldi.
O’zbek tilini bilish, unda asarlar chop etish masalasi katta muammo bo’lib qolaverdi. Maktablarda ona tilini o’rganishga ajratilgan soatlar, teatr, kino va boshqa muassasalarning milliy repertuari qisqardi. 1984-yilda O’zbekistondagi oliy o’quv yurtlarida 47,2% talabalar barcha fanlarni rus tilida o’rganganlari holda, o’zbek tilida bu raqam arang 39,5% ga yetdi.
Milliy madaniyatning rivoji ko’p jihatdan kutubxonalar, ulardagi kitob jamg’armalariga bog’liq. Uzoq yillar davomida kutubxona fondlarini jamlashda rus tilidagi kitoblarga ustuvor ahamiyat berish amaliyoti qayta qurish davrida ham o’zgarmay qolaverdi. O’zbek qishloqlarida yashovchi millionlab dehqonlar rus tilini bilmaganlari holda, bu yerdagi kutubxonalar jamg’armasining 60–90%ini rus tilidagi kitoblar tashkil etardi. Masalan, 1989-yili Andijon viloyatidagi barcha kutubxonalarda bo’lgan 8698000 kitobdan 4167,3 mingini rus tilidagi kitoblar tashkil qilgan.
O’zbekiston bo’yicha o’zbek tilidagi adabiyotlar soni yildan-yilga kamayib bordi. 1989-yilda o’zbek tilidagi kitoblar barcha kutubxonalar jamg’armasining 42,5%ini tashkil etdi, xolos. Kutubxonalarning o’zi ham sovet turmush tarzini madh etuvchi, uning «afzalliklari»ni targ’ib qiluvchi muassasa sifatida kommunistik mafkura tomonidan iskanjaga olindi.
Qayta qurish davrida milliy qo’shiqchilik san’ati. Qayta qurish yillari qo’shiqchilik san’ati uchun ham og’ir sinovlar davri bo’ldi. Agar 1985-yilda O’zbekiston bo’yicha 13 ta konsert muassasalari ijodiy faoliyat ko’rsatgan bo’lsalar, 1988-yilda bu raqam 7 tani tashkil etdi. Bu hol respublikada konsertlar (1985-yilda 8000, 1988-yilda 5,2 ming) va ulardagi tomoshabinlar (1985-yilda 2267000, 1988-yilda 2133000) sonining keskin kamayishiga sabab bo’ldi.
Konsert tashkilotlarining ijtimoiy obro’sizlanishi boisi repertuar masalasiga mafkuraviy tazyiqning kuchliligida edi. Milliy qo’shiqdar «sinfiylik»ka yot deb, madaniy merosga ijobiy munosabat esa millatchilik ko’rinishi sifatida talqin qilinishi 80-yillarning ikkinchi yarmida O’zbekistondagi mafkuraviy rahbariyatning katta xatosi bo’ldi.
Madaniyat sohasini xodimlar bilan ta’minlash masalasi ham juda og’ir kechdi. Xususan, 1989-yilda O’zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga qarashli klub muassasalarida xizmat qilayotgan 7261 xodimning faqat 1179 tasi, ya’ni 16,2%igina oliy, 35,2%i o’rta maxsus ma’lumotga ega edi. Respublika viloyatlari bo’yicha tahlil qilganda bu ko’rsatkich yanada beqaror bo’lganini ko’rish mumkin. Masalan, Xorazm viloyatida oliy ma’lumotli madaniyat xodimlari 20,8%ni tashkil etgani holda, Sirdaryo viloyatida bu raqam 8,5%ni, Buxoroda 10,1%ni tashkil qildi.
1989-yilda O’zbekiston bo’yicha 9310 ta harakatsiz madaniy va tarixiy yodgorliklar hisobga olingan. Ulardan faqat 6466 tasi, ya’ni 70%i davlat muxofazasiga olingan. Davlat muhofazasiga olingan yodgorliklarni saqlash, ta’mirlash ishlari ham o’lda-jo’lda bo’lgan.
Tarixiy-madaniy yodgorliklar, obidalardan boshqa maqsadlarda foydalanish ayniqsa avj oldi. Toshkent shahrining o’zida yigirmaga yaqin yodgorliklar ijarachilar, turli tashkilotlar, korxonalar tomonidan band etildi. Ko’plab joylarda o’ta mas’uliyatsizlik oqibatida tarixiy obidalar, xalq madaniy merosi yo’q qilindi. Navoiy viloyatining Xatirchi tumani hududidagi Soqitepa, 1-Uchtepa, Kattatepa, Zartepa, Shag’altepa, Baxchikalontepa kabi qo’rg’onlar vayron etildi.
Toshkentdagi Mingo’rik va Shoshtepa qadimiy shaharchalarining qoldiqlari o’rnida garajlar qurilishi oqibatida Muhammad Aminxon, Matniyoz Devonbegi, Olloqulixon madrasalariga jiddiy zarar yetkazildi.
Shunday qilib, 80-yillarning ikkinchi yarmida o’zbek milliy madaniyatida ma’lum siljishlar ro’y berdi. Biroq ma’naviy sohaga kommunistik mafkura ta’siri hali juda kuchli edi va uni to’liq bartaraf etmasdan milliy va baynalmilal madaniyatni umumxalq ijtimoiy ongiga singdirib bo’lmasdi.
O’zbekistonning 1917–1991-yillar tarixiga doir XULOSAlar
1917–1991-yillar O’zbekiston, uning xalqlari bosib o’tgan yo’l, unda yuz bergan o’zgarishlar tarixga aylanib borayotir. Bu — yaqin o’tmish tarixi. U davrda, ayniqsa, 20–30-yillarda tug’ilib hayot kechirib kelayotganlar XX asrning ikkinchi yarmida, hatto undan ancha avval bo’lib o’tgan voqealarning guvohlarigina bo’lmay, ularning bevosita ishtirokchilari hamdirlar. Ular bu davrdagi jarayonlar, mustabidlik siyosati, mustamlakachilikning achchiq zug’umlarini boshdan kechirganlar.
Sovet hokimiyati yillarida O’zbekistonda ishlab chiqarilgan paxta tolasining atigi 8%i shu yerda tayyor mahsulotga aylantirilib, qolgani respublikadan olib ketilar edi.
O’zbekistonda sanoat qurilishi sohasida o’tkazilgan siyosatning mustamlakachilik mohiyati shundan iborat bo’ldiki:
a) bunda qurilgan korxonalar mahsulot ishlab chiqarishni mustaqil olib borolmagan, ko’p jihatdan Rossiya sanoatiga bog’liq bo’lgan;
b) respublikadagi korxonalarning aksariyati Markaz tasarrufida bo’lib, ishlab chiqarilgan mahsulotlar olib ketilgan;
d) bir qator kimyo zavodlari aholi yashaydigan tumanlarda qurilib, atrof-muhitni zaharlagan (mustaqillik yillarida ba’zilari yopildi, qolganlarining faoliyati xavfsizlantirildi);
e) mahalliy aholi zich yashagan, bo’sh ishchi kuchi yetarli bo’lgan shaharlar va tumanlarda o’nlab yirik zamonaviy yengil sanoat korxonalari, mashinasozlik zavodlari qurish uchun barcha sharoitlar mavjudligiga qaramay, bunday tadbirlar amalga oshirilmagan. Tabiatdan jinoyatkorona foydalanish oqibatida ekologiya buzildi, Orol fojiasi umumbashariy muammoga aylandi.
Материалы на данной страницы взяты из открытых источников либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.