1-mavzu: «O’zbеk mаsiqа tаriхi»O’rtа Оsiyoning qаdimiy musiqа mаdаniyati.
Reja:
1. Ibtidoiy tizim davriga oid ilk ma’lumotlar.
2. Ilk musiqiy cholg’ular.
3. Qadimiy mehnat va marosim qo’shiqlari.
4. Avesto. Avestoda qayd etilgan qadimgi bayramlar.
5. O’zbekiston antik davri musiqa madaniyatini o’rganishda arxeologik topilmalarning o’rni.
Adabiyotlar
1. Karimov I.A. O’zbekiston XXI asr bo’sag’asida. - T.: O’zbekiston, 1997. - 326 b.
2. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T.: Ma’naviyat, 2008.
3. Karimov I.A. Barkamol avlod - O’zbekiston taraqqiyotining poydevori. - T.: O’zbekiston, 1998. - 64 b.
4. Istoriya muziki narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva. 1994.
5. O’zbek musiqasi tarixi. Toshkent. 1981.
6. O.Ibrohimov. O’zbek xalq musiqa ijodi. 1-qism. Toshkent. 1994.
7. G.Pugachenkova, L.Rempel. Istoriya iskusstv Uzbekistana. Moskva. 1965.
8. T.S.Vizgo. Muzikalnie instrumenti Sredney Azii. Moskva. 1980.
9. O’zbekiston xalqlari tarixi. 1-jild. Toshkent. 1992.
Tayanch so’zlar:
Tarix, musiqa, madaniyat, san’at, arxeologiya, davr, folklor, Avesto, bayram, Navro’z.
Dunyodagi barcha xalqlar umumbashariyat bosib o’tgan yo’l, ya’ni tarixiy shakllanish va rivojlanish bosqichlarini bosib o’tganlar. Zero, insoniyat yaratilib unta eng oliy mukofot tafakkur, ong in’om etilgan. Shu bois uning hayotiy jarayoni shubhasiz rivojlanish tamoyillari bilan chambarchas bog’liq bo’lishi muqarrardir. SHuni aytib o’tish lozimki, insoniyat yer yuzida paydo bo’lgandan so’ng rivojlanish jarayonida bir qator davrlarni bosib o’tgan. Ular fanda o’z davrining mohiyatidan kelib chiqqan holda nomlanadi. Bular inson tafakkurining ma’lum darajada rivojlanib tarixiy jarayonlarni o’ziga xos aks ettirish, bayon etish, amaliyotda kirib kelgan ijod namunalarini zikr etish va tarix xususida tadqiqotlar olib borilgandan so’ng muayyan davrlarga ajratish amallari bajarilgan.
Tadqiqotchilar tomonidan olib borilgan arxeologik qazilma ishlarining guvohlik berishicha, “... yer yuzida insoniyat paydo bo’lganiga million yildan ortiqroq vaqt o’tgan. Ana shu million yillik tarixning oxirgi bosqichida, atigi bundan 6 ming yil burungina yer kurrasining ayrim mintaqalarida yozuv paydo bo’ldi. Yozuv avval Nil daryosi bo’ylarida (qadimgi Misr), Tigr va Dajla daryolari havzalarida (Qadimgi Mesopotamiya) va nihoyat, Hind daryosi havzasida (shimoli-g’arbiy Hindiston) paydo bo’ldi. Jahon madaniyatining ana shu o’choqlari ta’sirida Oromiy xati asosida shakllangan qadimgi yozuv O’rta Osiyoga (aniqrog’i, Xorazm, Baqtriya, So’g’diyona va Parfiyaga) miloddan avvalgi III-II asrlarda kirib keldi”[1].
Arxeologik izlanishlarning guvohlik berishicha ajdodlarimiz O’rta Osiyoda yarim million yildan beri yashab keladi. Uzoq o’tmishdagi ana shu ajdodlarimizning ilk makoni Farg’ona vodiysida, So’x tumanida Sel Ungur g’oridan topildi.
Insoniyat hayotining ilk davrlari: — ibtidoiy kishilik jamiyati tarixida uchta asosiy davrga bo’linadi. Ular tosh asri, bronza va temir davrlari deb yuritiladi. Odatga ko’ra tosh arsi ya’ni paleolit va yangi tosh asri neolitdan iborat ikki bosqichni bosib o’tgan. Paleolit inson tarixida eng uzoq vaqt davom etgan davr bo’lib, eramizdan avvalgi 2 million yildan 100 minginchi yilgacha cho’zilgan. (Odatga ko’ra eramizdan oldingi davr ning yil sanash uslubi, borgan sari kamayish tartibiga asoslaniladi).
Tarixda ushbu davrning uzoq davom etishining sababi shundan iboratki, insoniyat ma’lum darajada shakllanib, yashash uchun zarur mehnat anjomlari, himoya va kurash uchun qurollar yaratish bilan birga hayvonot va tabiatni insonlarga xizmat qilishi va qo’lga o’rgatilishlari kabi amallarni (jarayonni) rivojlanib borishi uchun uzoq vaqt kerak bo’lgan. Hayotda odamlar tomonidan yaratilgan sharoit, mezon, jism va boshqalarning barchasi insoniyat tafakkurining mahsulidir. SHunday ekan buning uchun inson har tomonlama shunga tayyor bo’lishi lozim. Tosh davri insoniyatni yashashga o’zgacha qarashga va tabiat jismlaridan foydalanish ham mumkinligiga o’rgatdi. O’z-o’zini himoya qilishni, mehnat qilish va «yaratish» kabi faoliyatga o’rgatadi.
О’rta tosh davri mezolit deb yuritiladi va eramizdan avvalgi 10-6 ming yillarni o’z ichiga oladi. «Mezos» o’rta ma’nosida, litos – tosh demakdir.
Neolit (neos - yangi) – yangi tosh davri (e. av. 6-4 ming yilliklar).
Eneolit – mis-tosh davri (e.a v. 4-3 ming yilliklar).
Bronza davri (e. av. 3-2 ming yilliklar).
Temir davri (e. av. 1 ming yillik).
O’rta Osiyoning tarixi qadim zamonlardan boshlanadi. Hozirgi Tojikiston, Qirg’iziston, Qozog’iston, O’zbekiston, Turkmaniston hududida yirik tarixiy voqeliklar bo’lib o’tgan va buning natijasida turli etnik guruhlarning o’zaro aralashib ketishi, madaniyatlarning bir-biriga ta’siri kuzatiladi.
Eramizdan avvalgi birinchi ming yillikdan bu hududda sinfiy jamiyat va davlatlarning shakllanish jarayonlari kechgan.
“O’rta Osiyo miloddan avvalgi VI-II ming yilliklarda ikki katta madaniy-tarixiy viloyatlarga ajraladi. Ular bir-birlaridan yashash tarzi va madaniy an’analari bilan farqlangan: ulardan birining aholisi o’troq dehqon va chorvador qabilalar bo’lsa, boshqasiniki, ko’chmanchi qabilalar edi. Qadim zamonlarda madaniyatning ham ikki xil yo’nalishda rivojlanganligi ma’lum bo’ladi: bu dehqonlar, shahar sharoiti hamda ko’chmanchi qabilalar yo’nalishlaridir. Bu yo’nalishlar o’zaro kesishib, bir-biriga ta’sir o’tkazib kelgan bo’lsa-da, ammo keyinchalik ham o’zaro qorishib ketmagan. Bu esa badiiy ijodiyot (xususan musiqa) sohasida merosning turli qatlamlari shakllanishiga olib kelgan. Moddiy madaniy yodgorliklarda shahar madaniyati ko’chmanchi qabilalar madaniyatiga nisbatan ko’proq xajmda saqlanib qolgan. Bu esa ularning arxeologik va tarixiy tadqiqotlarda birdek yoritilmaganligidan dalolatdir”[2].
Har bir davr tarixda o’ziga xos tarzda yoritilgan bo’lib, ijtimoiy hayot, turmush tarzi, madaniyat va ma’naviyati bilan izohlanadi. Xalklarning madaniyati san’ati bizgacha yetib kelgan namunalarini biz, asosan kadim zamonlarga taalluqlilarini arxeologik qazilmalarda topilgan namunalardan bilib olamiz. Bu qazilmalardan topilgan san’at namunalari, turli odam va hayvonlarning suyaklari, imoratlarning peshtoqlarida aks ettirilgan turli tasvirlar, mis, sopol va turli idishlarga tasvirlari tushirilgan san’at namunalari zamonaviy olimlarning tadkiqotlari uchun ash’yoviy dalillardir. Va ular shularga asoslanib qaysi davrga taalluqli ekanliklarini aniqlashadi.
Fan musiqa bilan bog’liq bo’lganligi sababli, dastlab «musiqaning o’zi nima?» degan savol tug’iladi. Odatda, biz musiqani shu kasbga qadam qo’yganimizdan, ya’ni musiqa maktabi, musiqa bilim yurti va oliy ta’lim tizimlaridan bilamiz va o’rganib kelmoqdamiz. Lekin musiqaning ibtidoiy shakli, ilk jarayonlari haqida o’ylaganmizmi? SHu bois, ibtidoiy davr musiqasini qanday tushunishimiz, tasavvur qilishimiz hammamiz uchun ham qiziqarli. Demak, musiqa qanday shart-sharoitlarda paydo bo’lgan?
Manba’larda yozilishicha va shaxsiy tasavvurimizga tayangan holda shuni aytishimiz mumkinki, inson ov qilish jarayonida turli hayvonlar, qushlar bilan to’qnash kelgan. Inson ularni tutish, jalb etish uchun ovozlariga taqlid qilishga harakat qilgan. Ana shunday harakatlar musiqaning kelib chiqishi uchun zamin tayyorlagan deb taxmin qilish mumkin. Avval parrandalar ovozlariga, keyinchalik esa inson ovoziga taqlid qilish zaminida tarli musiqiy cholg’ular kashf etila boshlangan. Dastlabki cholg’ular qushlar va hayvonlar suyagidan, o’simliklar, daraxtlardan, kokos yong’oqlaridan tayyorlangan va hokazo.
Mazkur fanda xududning tarixiy rivojlanish jarayonlari, xalqning shakllanishi, musiqsining paydo bo’lishi va rivojlanish bosqichlari o’rganiladi. Milliy musiqamizni bilim va tarixiy jarayonini idroklash har bir san’atkor uchun muhimdir.
Ma’lumki, qadimgi davrlar tarixini o’rganishda uch asosiy manbaga tayaniladi:
1.Arxeologik yodgorliklar (topilmalar).
2. Yozma manbalar (qadimgi kitoblar, xronikalar).
3.Xalq og’zaki ijodi namunalari.
Xududiy jixatdan O’rta Osiyo hozirgi Turkmaniston, O’zbekiston, Tojikiston, Qirg’iziston respublikalari hamda Qozog’istonning janubiy viloyatlarini qamrab oladi. Buni yuqorida gapirib o’tgan edik. Arxeologik tadqiqotlarning guvoxlik berishicha, ana shu xudud chegarasida qadimgi juda ko’p xilma-xil madaniyat o’choqlari tarkib topgan va rivojlanganki, ular umumiy tarzda uchta yirik davr taraqqiyot darajasi bilan xarakterlanadi: tosh asri bilan bog’liq ajdodlarimizning tabiat in’omi – exsonlari xisobiga kun kechirish davri; odamzotning o’zini-o’zi oziq-ovqat bilan ta’minlashga kirishgan ilk dexqonchilik davri; avvalgi davrlarda to’plangan ishlab chiqarish va madaniy xo’jalik tajribalardan foydalanishga kirishilgan bronza davri. Bu davrda janubga yuqori darajada rivojlangan urbanistik jamoalar, shimolda esa ko’chmanchi chorvachilik xo’jaliklarning shakllanib borishi kuzatiladi.
Mezolit davri odamlarining diniy qarashlari va tasviriy san’at olamini tadqiq etishda O’rta Osiyoning ikkita xududida uchraydigan qoyatosh rasmlari nixoyatda boy manba bo’lib xizmat qiladi. Bulardan Qo’xitang va Zardutkamar qoya suratlari O’zbekistonning janubiy qismida joylashgan. Qoyatosh suratlarining boshqa bir guruxi esa Pomir tog’ida bo’lib, u ibtidoiy odamlarning ovchilik jodusi va san’atini aks ettiradi.
R.I.Gruber kitobida ta’kidlanganidek, “musiqashunoslarga boshqa san’atlar tadqiqotchilariga nisbatan ancha qiyin. Agar tasviriy san’at tadqiqotchisi badiiy ob’ekt, ya’ni moddiy yodgorlikni o’rganish imkoniga ega bo’lsa, musiqashunos bunday imkoniyatga ega emas: sababi o’tmish musiqasi saqlanib qolmagan, va qadim davrlarni o’rganish bilvosita manbalar orqaligina amalga oshiriladi: ya’ni moddiy musiqa madaniyati (arxeologik qazishmalar chog’ida topilgan cholg’ular va h.k.), aralash fanlar bergan ma’lumotlar, va ayniqsa, xalq musiqa ijodining saqlab qolingan ayrim namunalari bo’yicha...”[3].
Teatrshunos olim M.Rahmonovning yozishicha “Kishilik tarixining ilk bosqichlarida musiqa ham pantomima va raqs san’ati bilan uzviy bog’liq holda maydonga kelgan. U O’zbekiston hududida yashagan ibtidoiy jamiyat odamlari hayoti va mehnat faoliyatining ajralmas qismini tashkil etgan. Ibtidoiy davrdagi eng ilk qo’shiqlar juda sodda bo’lardi. “Ov o’yini” va turli marosimlarda pantomim raqs o’yinlarini olib boradigan “musiqa” va “qo’shiqlar” asosan so’z va tovushni takror-takror qaytaruvchi ohang va rechitativlardan tashkil topardi”[4].
Yunon tarixchisi Gerodot gulxan atrofida davra qurib o’tirib, so’ngra raqsga tushib, qo’shiq aytadigan massagetlar xaqida yozib qoldirgan[5].
Ibtidoiy jamiyatning rivoji bilan qadimiy O’zbekiston xalqlarining do’l (zarbli), puflab chaladigan va torli asboblari paydo boshlagan bo’lsa kerak. Saymali toshdan topilgan suratlardagi pantomim raqsiga tushayotgan kishilarning qo’lidagi do’l asbobi ham buni isbotlaydi[6]. Kishilik jamiyatining taraqqiy etib borishi bilan qadimiy juda sodda ohang va rechitativlardan o’yin xarakteriga ega musiqalar, mehnat qo’shiqlari, turli marosim ashulalari, zafar va qahramonlik qo’shiqlari vujudga kela boshlagan[7].
Mahmud Qoshg’ariy o’zining “Devonu lug’otit turk” asarida qadimiy davrdan qolgan mehnat va marosim qo’shiqlaridan bir qancha namunalar keltiradi. Bu qo’shiqlar ibtidoiy va undan keyingi davrlardagi odamlar hayoti, ularning tirikchilik manbai bo’lgan ovchilik, chorvachilik, dehqonchilik faoliyatlarini, mehnat jarayoni va insonning unga bo’lgan munosabatini, ibtidoiy jamoa an’analarini, tabiat injiqliklariga qarshi kurashda qabila a’zolarining hamjihatlikda mehnat qilishi va og’ir mehnatdan keyingi hordiq onlarini aks ettiradi[8].
Xorazm va So’g’diyona xududida, shuningdek, halok bo’lib, so’ngra qayta tiriladigan Siyovush siymosiga sajda qilish ayniqsa kuchli bo’lgan. Siyovush xaqidagi qissa Firdavsiyning “SHohnoma” asaridan ham joy olgan.
Yunon-Baqtriya davlati O’rta Osiyo xalqlari iqtisodiyoti, madaniyatida o’z izini qoldirdi hamda sharqiy ellinizmni yuzaga keltirdi.
Albatta tarixiy obidalar, arxeologik qazilmalarning ahamiyati katta, lekin aynan tarixni yozma manba’larda qoldirgan o’tmish olimu-allomalarining asarlari ham katta ahamiyat kasb etadi. Biz tarixdan biladigan Arastu, Fisog’urs (Ptolomey) va shunga o’xshash ko’pgina allomalar aynan tarixiy shaxslardir. Lekin O’rta Osiyoning xalqlari bilan bog’liq tarixiy jarayonlarni yoritgan tarixnavis olimlar ichida Gerodot, Ksenofont, Diodor kabi bir qator qadimiy olimlarning bizga qoldirgan kitoblari, tarixiy manba’lari katta ahamiyat kasb etadi.
O’rta Osiyo xalqlarining ma’naviy hayoti bilan bog’liq dastlabki din shakllari, afsonalarning ahamiyati katta.
Qadimiy afsonalarda juda ko’p shaxslarning nomlari va ular bilan bog’liq voqealar tasvirlanadi. Ayniqsa marosimlar, bayramlar haqida ma’lumotlar biz uchun qiymatlidir. Qadimgi bayramlardan Navro’z, Mexrjon, Dionisiy (A.Makedonskiy nomi bilan bog’liq)lar haqida gapirish mumkin.
Navro’z — yilning yangi kuni, ya’ni tabiatning qaytadan o’yg’onishi. Bu albatta har tomonlama poklanish va yangitdan «paydo bo’lish» — yaratilish bilan bog’liq. SHu bois bo’lsa kerak bu jarayon eng ezgu niyatlarni hamroh qilgan, Yaxshi niyatlar bilan yangi kunga qadam qo’yilgan. Insonlarning bir-birlariga bo’lgan adovatlari unutilgan. Xalqning keksalari ulug’lanib ularni duolari olingan va yerga urug’ sanchilgan. Bunday bayramlarda insonning ruhiyatini ko’taradigan, shod qiladigan musiqalarni ijro etish va yangi kunni eng chiroyli go’zan ohanglar bilan kutib olish odatiy tus olgan. O’z o’rnida bunday bayramlarni xususiyatiga mos bo’lgan asarlar yaratilgan, shunga xos an’analar shakllangan. SHunday sayllarni fayziga fayz qo’shadigan cholg’ular va ular ijrochiligi va musiqalari yuzaga kelgan.
Mexrjon bayrami kuzdagi yig’im-terimdan so’ng o’tkaziladigan bayram bo’lib, bu bayramda ham musiqaning ahamiyati katta bo’lgan.
Dionisiy bayramining kelib chiqishi asli qadimgi Yunoniston bilan bog’liq bo’lib, uzum ilohi Dionisiy nomi bilan bog’liq. Bunda odamlar uzum hosili mo’l bo’lishi uchun uzum shoxlari, mevalari bilan o’zlarini bezab raqs tushib, qo’shiqlar ijro qilishgan.
Ma’lumki O’rta Osiyoda milodgacha hukmronlik qilgan va juda katta obro’ga ega bo’lgan davlatlardan biri Axomoniylar davlatidir. Axomoniylar davlatining asosiy e’tiqodi va dini zardo’shtiylik edi. Bu ta’limotning asoschisi Zardusht bo’lib, muqaddas kitobi «Avesto»dir.
«Avesto» kitobi 4 ta katta qismdan iborat bo’lib, har biri alohida nomlanadi.: birinchisi - «Yasna»; ikkinchisi - «Yasht»; uchinchisi - «Videvat»; va to’rtinchisi - «Visprat». Ma’lumki, davlatlarning bunday kitoblarida albatta hayotning barcha sohalariga xos bo’lgan va kerakli bo’lgan muammolar yechimi ko’rsatiladi, qonunlar va munosibatlar ifoda etiladi. Manba’ sifatida insoniyat tarixida ilk bor paydo bo’lgan muqaddas kitobda ham musiqaga o’rin ajratilgan. SHu davrdagi musiqa o’z ifodasini topgan.
Bu kamtarona ma’lumotlarga qarab har holda shunday xulosaga kelish mumkinki, milodning 1 asriga kelib, O’rta Osiyo xalqlari quldorlik jamiyatiga qadam qo’ygan edi. Ular qo’shni xalqlar bilan ancha yaqin munosabatda bo’lishgan, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishgan va o’z mustaqil davlatlariga ega bo’lishgan.
Скачано с www.znanio.ru
[1] Qarang: O‘zbekiston xalqlari tarixi I, “Fan”, T., 1992, 3- b.
[2] История музыки народов Средней Азии и Казахстана. М., «Музыка», 1995, с.8
[3] Р.И.Грубер. Всеобщая история музыки I. «Музгиз», М., 1965, с.4
[4] Раҳмонов М. Ўзбек театри. Қадимий замонлардан XVIII асрга қадар. “Фан”, Т., 1975, 49-б.
[5] Геродот. История. I., М., с.201-202
[6] Берштам А.Н. Наскальные изображения Саймали таш // «Советская экономика», М., 1952, №2
[7] Раҳмонов М. Ўзбек театри. Қадимий замонлардан XVIII асрга қадар. “Фан”, Т., 1975, 50-б.
[8] Бу хусусда қаранг: Маҳмуд Қошғарий. Девону луғотит турк. Т., 1963
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.