Boshlang’ich sinflarda kuni uzaytirilgan guruhlarni tashkil etishning ahamiyati.
Annotatsiya: Maqolada boshlang’ich sinflarda kuni uzaytirilgan guruhlarning ahamiyati va kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachilarining vazifalari, ularning yosh avlod tarbiyasidagi o’rni yoritib berilgan.
Kalit so’zlar: kuni uzaytirilgan guruh, guruh tarbiyachisi, ta’lim-tarbiya.
O’qituvchi va tarbiyachi sharafi hurmati o’rniga qo’yiladigan kasblardan hisoblanadi. Zero, inson o’z mehnati bilan ona tabiatga sayqal bersa, o’qituvchi-murabbiy insonning qalb ko’zini ochadi, tilini burro, fikrini ravon qiladi. Kuni uzaytirilgan guruhlardagi tarbiyachilarning ham mehnati sharafli va ma’suliyatlidir. Tarbiyachi-o’qituvchilar o’zlarining kamtarona mehnatini, butun ma’naviy kuchini, mehr-muhabbatini bolalarni tarbiyalashga sarflaydi. U insonning shakllanishi va mukammal bo’lib yetishishida dastlabki poydevorni qo’yadi.
Kuni uzaytirilgan guruhlarda o’quvchilar bilan ta’lim-tarbiya ishlarini tashkil etish, ularning qiziqishlari, qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirishda qulay shart-sharoitlar yaratish ishiga mohirona pedagogik rahbarlik qilingandagina ko’zlangan natijalarga erishish mumkin bo’ladi.
Boshlang’ich sinf kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachilarining asosiy vazifalarini quyidagicha belgilash mumkin:
1. Kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachisi o’zining guruh bilan olib boradigan ishini hujjatlar bilan tanishishdan boshlaydi. Shundan so’ng davomatni aniqlaydi, bolalarning ruhiy ahvoli, kayfiyati, salomatligi, o’zlashtirishi haqidagi ma’lumotlarni o’qituvchidan so’rab biladi. Keyin uyga berilgan vazifalarning xususiyatlarini o’rganadi va zarur bo’lganda o’qituvchilar darslarida bo’ladi.
2. Bolalarning ovqatlanishini tog’ri tashkil etish uchun oshxonaga navbatchi tayinlashi, sochiqlarning tozaligidan tortib bolalarning ozodaligini tekshirish, ovqatlanish qoidalari hususida ikki daqiqalik suhbat o’tkazish va ularning oshxonada o’zini tutishiga e’tibor berish lozim.
3. Xonada tarbiyaviy mashg’ulotlarni o’tkazayotganda tarbiyachi zimmasiga bir necha vazifalar yuklatiladi. Chunonchi, dastlab u mashg’ulot rejasini e’lon qiladi, mashg’ulotlarda bolalarning ishtirokini kuzatadi, faol qatnashayotgfan bolalarni rag’batlantirib boradi, o’tkazilgan mashg’ulotlarni tahlil qiladi.
4. Uy vazifasini bajarishga tayyorlash chog’ida tarbiyachi sinf xonani shamollatishni nazorat qiladi. Zarur ko’rgazmali o’quv qurollari bilan ta’minlash, ish o’rinlarining tayyor bo’lishi va bo’sh o’zlashtiruvchi o’quvchilarni kuzatib borish, vaqti-vaqti bilan o’quvchilarning kundaligini nazorat qilish va vazifani qunt bilan bajargan ba’zi o’quvchilarni rag’batlantirib borish zarur.
5. Guruh ishini tugallash chog’ida tarbiyachi ertaga bo’ladigan navbatchilarni tayinlashi, o’quv qurollarini o’z joyiga qo’yishi, bolalare uyga ketayotganda ularning kiyinishini kuzatishi va kun bo’yi qilingan ishlarning hisob-kitobini olishi, shuningdek, sinf rahbariga o’z mulohaza va tavsiyalarini yozib qoldirishi maqsadga muvofiqdir.
O’qituvchilar, sinf rahbarilari bilan ishlash, ularning faoliyatini muvofiqlashtirib borish, eng muhimi-o’qituvchi, tarbiyachi, sinf rahbarining o’quvini tashkil qilish, ularga malakali metodik yordam berish zarur.
Kuni uzaytirilgan guruhlarda hafta kunlari quyidagicha nomlanadi:
Dushanba. Siyosiy tarbiya.
Seshanba. Sinfdan tashqari o’qish.
Chorshanba. Mehnat tarbiyasi.
Payshanba. Nafosat tarbiyasi.
Juma. Sport sog’lomlashtirish.
Kuni uzaytirilgan maktab, sinf va guruhlar ularning ish shakllari ta’lim-tarbiya ishlarining sifatini ko’tarishga g’oyat katta ahamiyat kasb etadi. Bu tizim bolalarning darsdan keying vaqtlarini tog’ri va samarali uyushtirish imkoniyatlarini tug’diradi. O’quvchilar tizimli ravishda uyga berilgan vazifani puxta tayyorlash, jismoniy chiniqish, estetik qarashlarni shakllantirish, shuningdek, o’zlaridagi qobiliyatlarini o’stirish imkoniyatiga ega bo’ladilar.
Kuni uzaytirilgan sinf va guruhlarda o’quvchilarning ta’lim-tarbiyasi bilan shug’ullanadigan tarbiyachi pedagogik ma’lumotga ega bo’lgan, tajribali, izlanuvchan, havaskor, tashkilotchi, tashabbuskor o’qituvchilardan tayinlanishi zarur.
Xulosa qilib aytish mumkinki, maktablarda kuni uzaytirilgan guruhlarni tashkillash samarali natijalarga olib kelar ekan. Barcha maktablarda kuni uzaytirilgan guruh tashkillansa, o’quvchilar kun tartibiga rioya qilishadi, uy vazifalarini bajarishib, turli fanlardan tarbiyachilardan qo’shimcha ma’lumotlar olishadi va turli mashg’ulotlar ta’sirida har tomonlama rivojlanib borishadi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro`yxati:
1. Munavvarov A. “Pedagogika” 2006-yil
2. Mavlonova R, Rahmonqulova N, Normurodova B. “Tarbiyaviy ishlar metodikasi” Toshkent-2012
3. Shoyoqubov Sh, Ayupov R. “Interfaol ta’lim usullari” Toshkent-2012
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.