Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni.
Оценка 4.8

Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni.

Оценка 4.8
docx
24.01.2021
Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni.
Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni..docx

Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni.

 

 

 

Annotatsiya: Ushbu maqolada inson hayotida kitob mutolaasi o’rni, bugungi yoshlarimizga yaratilgan sharoitlar, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, kitob o’qishning foydali tomonlari keng yoritib berilgan.

 

Kalit so’zlar: eng buyuk ixtiro, ma’naviy meros, kitobning foydasi, aql charxi, millat xazinasi, kitoxonlik madaniyati, “ommaviy madaniyat”, Prezidentimiz farmoyishi.

 

Аннотация: В статье рассматривается роль чтения в жизни человека, условия, создаваемые для современной молодежи, развитие культуры чтения, преимущества чтения.

 

Ключевые слова: величайшее изобретение, духовное наследие, блага книги, колесо разума, сокровищница нации, культура чтения, «массовая культура», указ Президента.

 

Annotation: This article covers the role of reading in human life, the conditions created for today's youth, the development of a culture of reading, the benefits of reading.

 

Keywords: the greatest invention, spiritual heritage, the benefits of the book, the wheel of the mind, the treasury of the nation, the culture of reading, "popular culture", the decree of the President.

 

Kitob mutolaasi kishini komillik sari yetaklaydigan, uning tafakkur xazinasini boyitadigan, zehnini o’tkir, mushohadasini teran qiladigan muhim vositadir. Insoniyat tomonidan kashf qilingan eng buyuk ixtiro, hech shubhasiz, kitobdir. Asrlar osha bashariyat qanday yutuq va marralarga erishgan bo’lsa, albatta, buning zamirida kitobga mehr, mutolaaga ishtiyoq mujassam.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har bir chiqishlarida yoshlarimizni kitobxonlikka o’rgatish, bu ishga ijodkorlarni jalb etish haqida ta’kidlaydi. Zero, navqiron avlodni boy ma’naviy merosimiz bilan tanishtirish, ular qalbida tariximizga muhabbatni uyg’otishda kitob beqiyos ahamiyatga ega.

Bugunning bolalari barcha davr farzandlari kabi beg’ubor, samimiy. Aslida ularning kitob bilan do’st tutinishi uchun biz kattalarning quruq da’vati kifoya emas.Avvalo, sharoit yaratish, rag’batlantirish va yosh avlodning qiziqishini inobatga olish zarur.

Kitob o’qish o’rniga nega telefonda o’yin o’ynab tong ottirayotgan yigit-qizlar soni ortib bormoqda? Nega ota-ona bolasini yaxshi kiyintirishdan qochmaydi-yu, kitob xarid qilishga vaqt topolmaydi? Bu kabi savollar ahvol ko’ngildagidek emasligini, endi zamonga bo’ylashish vaqti allaqachon kelganini bildiradi.

Kitobning foydasi haqida so’zlayotib, ko’pincha dunyoqarashni o’stiradi, tafakkurni kengaytiradi yoki aqlni charxlaydi kabi umumiy xulosalar aytamiz.Biroq mutolaa qiliboq tezda bilimdon bo’lib qolasan, degan mujmal qarash noto’g’ridir.

Tan olaylik, ko’p takrorlanganda ta’sirchan gap yoki iboraning ham bora-bora ohori to’kiladi. “Takror aytilganda rangsizdir kalom”, —degan edi atoqli shoirimiz Abdulla Oripov.Xuddi “kitob o’qi, odam bo’lasan”, “ko’proq o’qi, aqling charxlanadi”, “kitob—bilim manbayi” kabi gap va iboralar quloqqa chalinaverib qimmatini yo’qotgandek.Albatta, ularni yaxshilik uchun ishlatamiz, biroq targ’ibotda so’zning qadrini bilgan afzal emasmi?

Bu borada, avvalo, kitob targ’ibotini maktabgacha ta’lim muassasalaridan boshlagan ma’qul. Negaki, bola ongida bog’chadan kitob mutolaasiga ishtiyoq uyg’otilsa, u shunga ko’nikib, umr bo’yi mutolaa qilib yashaydi. Umrining mazmunida mutolaaning ahamiyati qanchalik ekanligini anglab, his qilib yashaydi.

Kitob – xazina. Ma’naviy olamimizni bu xazina bilan bezash o’z qo’limizda. Mutolaaga hamroh insonni esa, qo’lida mash’ala ko’targan shaxsdek tasavvur qilish mumkin. U nafaqat o’zining, balki yaqinlarining ham yo’lini yoritadi.

Haqiqatan ham, kitob barchamizni ezgulikka undaydigan, oldimizda turgan barcha muammolarni hal etishga yordam beradigan kuchdir. Shuning uchun ham yurtimizda kitob bilan oshno bo’lgan, kitobni suygan, kitob yozgan, kitobni muqaddas bilib, ko’z qorachig’idek asragan kishilarni ziyoli deb atashgan. Ziyoli–nur tarqatuvchi, u o’zining xatti-harakatlari, faoliyati bilan jamiyatni nurlantiruvchi hisoblangan.

Xo’sh, kitobxonlik madaniyati deganda nimani tushunamiz? Kitobxonlik madaniyati– o’zining kasbiy-mutaxassislik hamda badiiy-ma’naviy barkamolligini oshirish uchun kitobni tanlay olish va o’zi uchun zarurini o’qish, kitob ustida ishlash malakasini obdan o’rganib olish va unga amal qilib, o’qigan kitobning asosiy mazmunini talqin qila bilish, o’qiganlaridan hayotiy xulosalar chiqarishdir.Shunday ekan, bugun o’quvchi yoshlar qalbi va ongiga bu ko’nikmalarni singdirish, ularda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, yangi adabiyot namunalari bilan doimiy tanishtirib borish va ularning savodxonligini oshirishning mavridi keldi, nazarimizda. Zero, kitob mutolaasi insonni insof, diyonat, bag’rikenglik, saxovat, mehr-oqibat kabi fazilatlar sohibi bo’lishga undaydi.

Ha, kitob tanlash qanchalik qiyin bo’lsa, uni o’qish ham shunchalik mehnat talab qiladi.Shundan kelib chiqib, barcha kitobxonda kitob o’qish madaniyati bir xilda tarkib topgan, deya olmaymiz.Chunki, Gyote aytganiday, kitob o’qish bir umr o’rganiladigan mashg’ulotdir. Kitobni tartibli, maqsadli o’qish lozim.Ko’ringan kitobni shunchaki o’qish kerak ekan-da, deb o’qib ketaverishdan tiyilish lozim.

Kitob o’qishda yana quyidagilar tavsiya qilinadi: ko’chada ketayotib, o’rinda yotgan holda, mashinada va boshqa ot-ulovda mutlaqo mutolaa qilmaslik kerak.Qiziq ekan deb, tuni bilan ham o’qib chiqmang, ertasi kuni lohas bo’lib yurasiz. Dasturxon ustida o’qish, vanna yoki hojatxonada mutolaa qilish qanchalik odobsizlik hisoblansa, kitobni diqqat va qunt bilan o’qimaslik, mag’zini chaqmasdan, uqmasdan o’qish ham kitobga shunchalik hurmatsizlikdir.Shu bois kitob o’qish madaniyatini chuqur bilib olish va unga amal qilish har bir o’quvchining burchidir.

Soatlab telefonda gaplashish va televizor oldidan jilmaslik, haftalab kompyuter o’yinlari bilan mashg’ul bo’lish intellektual salohiyatni yemirishini bugun vaqtning o’zi isbotlab turibdi.Chunki bular bir lahzalik quvonch, aniqrog’i, shunchaki ovunchoq.

Ammo bir oyda bittagina kitob o’qisangiz, olgan taassurotlaringiz yillarga tatiydi.Eng muhimi, mehr-oqibat, olijanoblik, insoniylik kabi tuyg’ularni qalb ko’zi bilan ko’ra olasiz.Adolatsizlik, munofiqlik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlardan nafratlanishni o’rganasiz.

Ma’naviy xurujlardan, “ommaviy madaniyat” niqobi ostida kirib kelayotgan turli illatlar ta’siridan qanday himoyalanish mumkin?Bunday balolardan bizni kitoblar, yaxshi asarlar himoya qila oladi.Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov “Yuksak ma’naviyat—yengilmas kuch”asarida ta’kidlaganidek, bugun fikrga qarshi—fikr, g’oyaga qarshi-g’oya, jaholatga qarshi–ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko’ra muhim ahamiyat kasb etyapti.

Bugun yoshlar yuragiga Alisher Navoiy asarlaridagi olijanob tuyg’ular, insonparvarlik g’oyalari kirib bormaydigan bo’lsa, ularning o’rnini xorijdan kirib kelayotgan turli xil axloqsiz g’oyalarni targ’ib qiluvchi “asarlar” egallab olishi tabiiy.

Bugungi kunda kitobga mehr qo’yishga nima xalaqit beradi? Yaxshi asarlar yo’qmi? Unday deydigan bo’lsak, kitob do’konlari peshtaxtalaridan xohlagan yozuvchingizning asarlarini topishingiz mumkin.Ayniqsa, talab va ehtiyojlardan kelib chiqib, nashriyotlar ba’zi asarlarni qayta-qayta chop etmoqda.

Qanday qilib yoshlarni kitobga oshno qilib tarbiyalash mumkin?Bunda, avvalo, muhit muhim rol o’ynaydi. Ya’ni atrofimizdagi do’stlarimiz, bizga saboq bergan ustozlarning kitobga bo’lgan qiziqishi unga mehr uyg’otishga turtki bo’ladi. Masalan, maktab misolida oladigan bo’lsak, o’quvchilarning sakson foizi badiiy adabiyot o’qimaydi. Chunki ularga qiziqarli, o’qishli asarlar haqida ma’lumot berilmagan. Bunga, tom ma’noda, biz, ona tili va adabiyot fani ustozlari, aybdormiz. Bola tinglashni yoqtiradi, yoshligidan ertaklar tinglab katta bo’lgan. Adabiyot darslarida o’quvchilarga biror asar haqida qiziqarli ma’lumotlar asosida parcha hikoya qilib berilsa, bola uni jon qulog’i bilan tinglaydi va shu asarni topishga harakat qiladi. Bu holatga maktab davrida ko’p guvoh bo’ldim. O’quvchilardan biri mendan:”Dunyo necha kunda yaralgan, ustoz?” –deb so’radi. Men unga dunyo olti kunda yaralganini aytdim. O’sha kuni va ertasiga sinfda bu gap muhokama bo’libdi. Darsga kirsam, salomlashgandan so’ng bir o’quvchi turib, dunyo yetti kunda yaralganligini, buni televizorda ko’rganligini aytib qoldi. O’quvchilar birdan hammasi menga qaradi. Ularga men bu savolga qanday javob berishim qiziq edi. Shunda men o’quvchilarga Nosiruddin Burhoniddin Rabg’uziyning “Qissasi Rabg’uziy” asari haqida ma’lumot berishga kirishdim. Dunyo va Odamning yaratilishi, payg’ambarlar hayoti haqida so’zlab, ba’zi rivoyatlarni hikoya qilib berdim. O’quvchilar shu darajada diqqat bilan tinglashdiki, tanaffus bo’lsa, o’zini ko’chaga uradigan o’yinqaroq bolalar ham o’rnidan qimirlamay o’tirishardi. Ular o’zlarining, ya’ni insonning qanday paydo bo’lganligini xayolan tasavvur qilishardi. Ushbu saboqdan so’ng o’quvchilarda aynan shu kitobga qiziqish kuchaydi va kutubxonada bu kitobning bor-yo’qligini so’rashdi. Mendan ijobiy javob olishgach, xursand bo’lib kutubxona tomon chopib ketishdi. Bir payt kutubxonachi chiqib, kutubxona o’quvchilarga to’lib ketganini va ular aynan bitta kitobni so’rashayotganliklarini aytib qoldi. Demak, o’quvchilar bu asarga qiziqqanlar va topib o’qishga harakat qilganlar. Xulosa o’rnida aytmoqchimanki, yoshlarni kitobxonlikka qiziqtirish ko’proq bizga, ustozlarga, bog’liq.

Quyida kitob o’qishning 7 foydali tomonini sizlar bilan baham ko’rmoqchiman:

·      Kitob o’qish – atrof-muhitni, dunyoni va o’zingizni anglashga yordam beradi.

·      Kitob o’qish – yodda saqlash va o’ylash qobiliyatini rivojlantiradi, ya’ni ko’p kitob o’qigan odamning yodda tutish darajasi yaxshi, tez o’ylab, tez xulosa chiqaradigan bo’ladi.

·      Kitob o’qish – talqin qilish, analiz yasashga va shaxsiy fikrning shakllanishiga yo’naltiradi.

·      Kitob o’qish – ko’pgina yutuq va muvaffaqiyatlarga asos bo’ladi.

·      Kitob o’qish – odamlar bilan to’g’ri muomala qilishga o’rgatib, to’g’ri gapirishni shakllantiradi.

·      Kitob o’qish – so’z boyligini va savodxonlik darajasini oshiradi.

·      Kitob o’qish – odamdagi yashirinib yotgan ijodiy qobiliyatni yuzaga chiqaradi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ’ib qilish bo’yicha komissiya tuzish to’g’risida”gi farmoyishi yurtdoshlarimizni, xususan, yoshlarimizni kitob mutolaasiga jalb etishda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolag’a bo’lmaydi.

Farmoyishdan ko’zlangan maqsad xalqimizning, xususan, yoshlarimizning intellektual salohiyatini oshirish, ularning fikrlash doirasini kengaytirish, badiiy did, tahliliy-tanqidiy nazarlarini o’stirish, etik va estetik qarashlarini yanada takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma’naviy hayotidagi o’rni va rolini yangi bosqichga ko’tarishdan iboratdir.Yurtboshimizning mazkur farmoyishi bu borada barchamiz uchun muhim dasturulamal bo’lib qoladi.

Xulosa qilib aytganda, bola qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, mehr-oqibat, ajdodlarimizga hurmat tuyg’ularini shakllantirishning eng yaxshi vositasi kitobdir. Zero, donishmandlar aytganidek, qanchalik ko’p o’qisangiz, kitoblar sizni hayotga shunchalik yaqinlashtiradi, turmush yanada munavvar, ma’noli tuyula boradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati:

1. Malik Murodov. Oltin sandiq ochildi. Toshkent.”O’qituvchi” 1994.

2. Xalq ta’limi jurnali. Toshkent-2017.

 

Foydalanilgan internet resurslari:

1.https://kitoblardunyosi.uz


 

Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni

Mutolaa – tafakkur charxi, kamolot mezoni

Umrining mazmunida mutolaaning ahamiyati qanchalik ekanligini anglab, his qilib yashaydi

Umrining mazmunida mutolaaning ahamiyati qanchalik ekanligini anglab, his qilib yashaydi

Chunki ularga qiziqarli, o’qishli asarlar haqida ma’lumot berilmagan

Chunki ularga qiziqarli, o’qishli asarlar haqida ma’lumot berilmagan

Foydalanilgan internet resurslari: 1

Foydalanilgan internet resurslari: 1
Материалы на данной страницы взяты из открытых истончиков либо размещены пользователем в соответствии с договором-офертой сайта. Вы можете сообщить о нарушении.
24.01.2021