УДК 37.018.1.
«AVESTO» da OILA TARBIYASI
Аннотация: В данной статье анализируется вопросы семьи, системы семейных отношений в наследие наших предков, идет речь о воспитание девушек, о свободе женщин в «Авесте».
Ключевые слова: семья, общество, право, обязанность, здоровье, воспитание, бракосочетание, свобода.
Har qanday jamiyatning asosini oila tashkil etadi. Xalqimizning azaliy qadriyatlari, an‘analari hisoblanmish: halollik, or-nomus, mehr-oqibat, sadoqat, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi insoniy fazilatlar, eng avallo, oilada shakllanadi. Ayniqsa, o`zbek oilalarining mustahkamligi, muqimligi va manguligi ana shu ma‘naviy an‘analarga tayanganligi bilan bog`liq. Shularni hisobga olgan holda O`zbek oilalarining ma‘naviy asoslarini tadqiq qilish [2,4] muhim ahamiyatga ega.
Qadim zamonlardan boshlab Turonzaminda xalq og`zaki ijodi namunalari, Qur‘oni Karim va Hadislarda buyuk qomusiy olimlarning betakror, o`lmas asarlarida oila masalalari, oilaviy munosabatlar tizimi talqin va maxsus tavsif etilgan. Ana shunday ma‘naviyatimizning qo`hna sarchashmalaridan biri bo`lgan, qadimgi Turon va Eronzamin xalqlarining ma‘naviy qadriyati hisoblanmish-«Avesto»da ham insoniyat va uning taraqqiyoti bilan bog`liq tasavvurlar, ma‘naviy-ruhiy va axloqiy mezonlar, olamni, tabiatni bilishga bo`lgan ehtiyoj va intilish, insondagi eng oliyjanob, pok fazilatlar kuylanishi bilan bir qatorda, oila asoslari, tuzilishi, tarkibi, oila ma‘naviyati, ota-onalarning oiladagi mavqelari, oilada ayol erki, burchi va huquqlari yuksak ma‘naviy va axloqiy chizgilar asosida tavsiflanganligi diqqatga sazovor.
«Аvesto»da patriarxal oila jamiyatning eng quyi bo`g`inini tashkil etishi aytilib, u o`z ichiga 4 avlod va 9 guruhni olganligi ta‘kidlanadi. Oila markazida oila boshligi (kadxudo) turgan.
Xo`jalikni er va xotin boshqarib, oila davrasiga: otaona, er-xotin, farzandlar, nevaralar kirishgan. Shuningdek, oila tarkibiga: otaning aka-ukalari va opa-singillari, aka-ukalarining bolalari va nevaralari ham kirgan. Lekin ona tomon qarindoshlar va ota tomondan opa-singillarning bolalari oila tarkibiga kiritilmagan.
Chunki ular o`z xonadonlarining oila a‘zolari hisoblanishgan. Istisno tariqasida ota tomon aka-ukalarning qizi oilaning to`la huquqli a‘zosiga aylangan.
Zardushtiylarning oila ta‘limoti asosini hayotning davomiyligi, naslning aslligini ta‘minlash va, avvalo, oila qanday negizga qurilganligi masalasi tashkil etadi. Oilani tashkil etish esa dastavval nikoh bilan bog`liqdir.
«Avesto»ning Vendidod qismida oila butunligini saqlash, nikoh tuzish tartiblari, nikohning bekor qilinishi sabablari va shartlari ancha batafsil bayon qilingan: ―Ikki kishi, xoh dindosh, xoh birodar, xoh do`st bir-birovi bilan nima xususda paymon bog`lasalar ― biri ikkinchisining xonadonidan o`ziga xotin tanlasa, so`zsiz uning talabi qondirilishi lozim [1] yoki: «Men bu so`zlarim bilan kuyov tanlamoqchi bo`lgan bolig`a qizlarga va siz ikki tanga ham nasihat qilaman. Mening o`gitlarimga quloq solinglar va uni haqiqatda xotirangizga jo qiling va o`z dinlaringizni topinglarda, uni amalda joriy etinglar» [1].
Bunga ko`ra nikoh zurriyod qoldirish uchun irodasi mushtarak ikki tanni qovushtiradi. U yigit va qizning bir-birini chuqur hurmat qilishiga asoslangan birligidir. Qadimgi ajdodlarimizda balog`at yoshi 15 yosh hisoblanib, oila qurishga imkoniyati va qobiliyati bo`lgan har bir yigit oila qurish va o`zidan zurriyod qoldirishga majbur bo`lgan. Imkoniyati bo`la turib, uylanmay yurgan yigit badnom qilinib, temir kamar bog`lab yursa, balog`atga yetgan qiz bola umuman turmush ga chiqishni istamasa qopga solinib yigirma besh darra kaltaklanish bilan jazolangan va darmongoh huzuridagi dori tayyorlash korxonasiga ishga jalb etilgan.
«Kimning xotini bo`lsa, u xotinsiz va dunyodan farzandsiz o`tayotgan kimsadan yaxshiroqdir» [2]. Lekin oila masalasida yoshlar erki paymol qilinmagan. Qiz bolani turmushga berish ota-ona izmida bo`lsa ham, nikoh oldidan uning roziligi so`ralgan. Shuningdek, «Kadxudo (er), kadbonu (xotin) mashvaratisiz, roziligisiz, qizini erga berish huquqiga ega bo`lmagan» [2].
Bu o`rinda oila ahilligi, yaqinlar o`rtasidagi iliq munosabatlar, o`zaro hurmat, xususan, ayollarga ehtirom va ular erkini himoya qilish zarurligi yuksak axloqiy tamoyil sifatida e‘zozlangan: «Qo`y, nikohga intiq bo`lgan g`ayratli qizlar, So`rasinlar zor-intizor kutgan kunlarin Xonadonin bir bahodir sohibini ham» [3]. Nikohga va oila qurishga tayyorgarlik jarayonida qiz bola tarbiyasiga alohida e‘tibor berilgan. Qiz balog`atga yetguncha o`z davrining barcha hunarlarini bilishi, chorva mollariga qarash, parvarishlash, uy-ro`zg`or yumushlarini mukammal tarzda ado etishi, pokiza, ozoda yurishi shart bo`lgan.
Bu yo`nalishda qiz bolaning ham ma‘naviy, ham jismoniy sog`lom, barkamol bo`lishi, birinchidan oilaning mustahkam, xonadonning farovon bo`lishini ta‘minlasa, ikkinchi tomondan sog`lom farzandlarning dunyoga kelishiga zamin yaratgan bo`ladi. Zardushtning o`z qiziga qarata «..Ey Puruchista, .. Ey Zardushtning bolig`a qizi! Mazda Ezgu niyat va Ashah haqiqatga inongan zotni senga tiriklikning yo`ldoshi aylaydi. Shunday ekan, o`z aqling va idrokingdan savol ayla, .. Hushyorligingni ziyoda qil!» deya xitob qilishi barcha qizlarga o`rnak qilib ko`rsatiladi. Professor H. Homidov «Avesto‖da turmushga chiqish va uy bekasi bo`lishning 5 turi: podshoh xotin, ayuqxotin, chokar xotin, o`zboshimcha xotin, sita xotinlar ko`rsatilganligini aytib o`tib, ularning har biriga qisqacha izoh beradi.
Bu izohlarda nikoh tuzish va oila qurishdagi huquqiy holatlar, oila tuzilishi va shakllari tavsiflanganligi diqqatga sazovordir. Shuningdek, nikohni bekor qilish tartiblariga to`xtalib o`tib, arzimas bahonalar bilan nikohni buzish, bekor qilish jamiyat tartibining susayishiga olib kelinishini alohida qayd qiladi. «Avesto» da zurriyodning pokizaligi, naslning sog`lomligi xususida qayg`urilib, bunga erishish yo`li sifatida atrof-muhitni muhofaza qilish, jamoat, oila, shaxsiy ozodalik, gigiyenaga rioya qilish, shuningdek, oila qurish jarayonida har jihatdan benuqson, sog`lom kelinlar tanlash uqtiriladi.
Hozirgi kunda mamlakatimizda ta‘lim va sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarning asosini ―Har tomonlama yetuk, barkamol, sog`lom shaxsni tarbiyalash‖ masalasi tashkil etar ekan, ajdodlarimizning 3 ming yil ilgari, bu a‘molga yetishning yo`llari, qoidalarini ishlab chiqib, davlat va jamiyatning poydevori hisoblanmish oila negiziga qo`yganlari yuksak tahsinga sazovordir: «Menga barkamol va dinogoh vatansevar va anjumanoro, ahil, ezgu andishali, zulmatdan, tanglikdan qutqaruvchi farzandlar bag`ishla» [3]. Qadimda yaratilib, asrlar osha sayqal topgan bu o`gitlar keyingi zamonlarda yangicha ta‘limot ta‘sirida muayyan o`zgarishlarga uchrab, ularning mazmunan yaqin variantlari paydo bo`lganini ko`rish mumkin. Jumladan, Kaykovus ―Qobusnoma‖da: ―Xotin olsang ulug` salog`lig` xonadondin xotin talab qilg`il... Xotin kamolg`a yetg`on, oqila bo`lg`on...bo`lsin[5] desa, Buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur o`z «Tuzuklarida: ―O`g`illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e‘tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko`rdim. Kelin bo`lmishning nasl-nasabini, yetti pushtini surishtirdim» [2] deya ibratli mulohazalarini bayon etgan.
Ko`rinib turibdiki, barcha zamonlarda ham ajdodlarimiz xalq va millatning sog`lom, jismonan va ma‘nan barkamolligi xususida qayg`urishgan. Qadimgi ajdodlarimiz nasl sog`lomligining irsiy jihatlarini ham yaxshi bilgan ko`rinadilar. Shu maqsadda ular yaqin qarindosh-urug`lar, ya‘ni aka-uka, opa-singillar farzandlarining o`zaro nikohga kirishiga aslo yo`l qo`ymaganlar. Bunday nikoh naslning, qonning buzilishiga, nuqsonli bolalarning tug`ilishiga olib keladi degan aqidaga qat‘iy amal qilganlar. «Vendidod»da bu holatlarga maxsus fargardlar bag`ishlangan. «Avesto»da qattiq qish kelib, barcha tirik jonzotlarning qirilib ketish xavfi tug`ilganda shoh Jamshid tangri buyrug`iga ko`ra, yer ostiga shahar- varlar qurganligi va bu manzilgohlarga «Ahriman nafasi tekkan‖, ― deb har xil kasalliklarga chalingan, nuqsonli kishilar va jonzotlarni kiritmaganligi tasvirlanadi: «… zinhor u yerga bukrilar, pushtsizlar, g`o`llar, duyasana (haromzoda bolalarning ota-onasi), dayvak, kasvish, vizborish (tanasi va badanida illati bor kishilar), so`yloq tishli, umuman Ahriman o`z dog`ini qoldirgan biror bir kimsani kirita ko`rma!» [3]. Shuningdek, «Avesto‖da oilaning mustahkamligini ta‘minlaydigan asosiy qoidalardan biri bu sadoqat va o`zaro ishonch ekanligi ta‘kidlanib, er-xotinning bir-biriga xiyonati qattiq la‘natlangan, begona erkak bilan juftlashgan ayol badnom qilinib, jazolangan va nikohdagi eri uchun ―harom» hisoblangan: «Ey jodugar xotin, yo`qol ! Ey badkor xotin-kaxovariza, yo`qol»!
Ko`rinib turibdiki, zardushtiylar hayotida ma‘lum qoida va ahkomlarga aylangan oilaviy munosabatlar tizimi hozirgi kunda ham o`z ahamiyatini yo`qotgan emas. Xususan, oila mustahkamligiga e‘tibor berish barcha zamonlar uchun muhimdir. «Avesto» ajdodlarimizning boy ma‘naviy-madaniy merosi oila va turmushning turli qirralarida, yosh avlodni oila va nikohga tayyorlashda, ularni ma‘naviy, axloqiy xislatlarini shakllanti-rish va takomillashtirishda qimmatli manba bo`lib xizmat qilaveradi.
Adabiyotlar
1. «Avesto». A. Mahkam tarjimasi. ― T.: Sharq, 2001.
2. Safarov O., Mahmudov M. Oila ma‘naviyati. ― T.: ―Ma‘naviyat», 1998.
3. Homidov H. Avesto fayzlari. ― T., 2001. ― 59 b.
5. Kaykovus. Qobusnoma. ― Т.: «O`qituvchi», 1988. ― 82 b
6. Абдуллаев К. Ф. Истоки начального образование у зороастрийцев //Актуальные проблемы гуманитарных и естественных наук. – 2011. – №. 7.
7. Абдуллаев К. Ф. Истоки образование у зороастрийцев //European Social Science Journal. – 2012. – №. 10-1. – С. 337-342.
8. Кобилжонов К. К., Фазлиддинов Ф. С., Фозилова З. Ж. Идея совершенной личности в трудах мыслителей востока //Педагогическое образование и наука. – 2020. – №. 1. – С. 100-103.
9. Mamurov B. et al. Acmeological Approach to the Formation of Healthy Lifestyle Among University Students //III International Scientific Congress Society of Ambient. – 2020.
© ООО «Знанио»
С вами с 2009 года.